Mavlono Ya’qub Charxiy hazrat Bahouddin Naqshbandning ilg‘or muridlaridan va Xoja Ahror Valiyning ustozi bo‘lgan hamda bir muddat Buxoroda, Chag‘oniyonda yashab ilm va amal bilan shug‘ullagan. Uning hayoti va ilmiy asarlari haqida keyingi yillarda ayrim tadqiqot va maqolalar bosildi.
Jumladan M.Razzoqovaning monografiyasida (Mavlono Ya’qub Charxiy. Mas’ul muharrir M.Hasaniy. “Muharrir”, 2013), Q.Jumayev, I.Usmonov va boshqalarning maqolalarida Charxiy hayoti va irfoniy dunyoqarashining qirralari yoritilgan. Ammo haligacha uning asarlari mukammal tarzda tadqiq etilmagan.
Mavlono Jaloliddin Rumiyning ilmiy-tasavvufiy qarashlaridan yetarlicha xabardor bo‘lgan Ya’qub Charxiy har bir asarida zarur o‘rinlarda allomaning baytlaridan foydalanib, ular vositasida o‘z fikrlarini tasdiqlaydi. Darhaqiqat, Charxiy Rumiy hazratlarining she’riyatiga alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lganini uning har bir asaridan payqash mumkin. Masalan, «Nay risolasi»dan tashqari «Tafsiri Charxiy» va «Risolai abdoliya»da ham o‘z fikrlarini oyat, hadis qatorida «Masnaviy»ning shohbaytlari orqali tasdiqlaydi.
Charxiyning “Nay risolasi” masnaviyshunoslikda juda katta ahamiyatga ega, barcha masnaviyshunos olimlar hozirgacha bu asarga murojaat etib kelmoqda. Zero, «Nay risolasi» Shayx Hasan Xorazmiyning «Javohir ul-asror» asaridan keyin «Masnaviy»ning ikkinchi sharhi hisoblanadi. Risolada «Masnaviy» debochasi, «Podshoh va joriya» dostoni (birinchi daftar), «Daquqiy qissasi» (uchinchi daftar) va «Shayx Muhammad Sarraziy» (beshinchi daftar) hikoyati sharhlab berilgan. Risola 70 betdan iborat bo‘lib, muallif qachon uni ta’lif qilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Sharhlovchi asarida kerakli o‘rinlarda Hakim Sanoiy va Rumiyning boshqa she’rlari bilan ham o‘z fikrlarini tasdiqlaydi. Ayrim tadqiqotchilar risola ichidagi “To dar talabi javhari koni, koni” misrasi bilan boshlagan ruboiyni Ya’qub Charxiy hazratlariniki, deb ta’kidlashgan. Darhaqiqat, Charxiyda shoirlik iste’dodi bo‘lgan, ammo kuzatishlarimizga ko‘ra ayrim olimlar Charxiyning risolalaridagi muallifi zikr qilinmagan she’r va baytlarni uning o‘ziga tegishli deb bilishadiki, biz bu fikrga qo‘shololmaymiz. Chunki risolada keltirilgan ayrim baytlar muallif qalamiga mansub bo‘lishi mumkin, ammo uning she’riy devoni qo‘limizda bo‘lmagani hamda qadimgi manbalarda shohbaytlar muallifi nomini zikr qilmay keltirish ham rasm bo‘lib qolgani bois aynan falon baytlar Charxiyniki deb hukm chiqarish qiyin masala.
Qolaversa, muallifi zikr qilinmagan she’r va baytlar risolada talaygina. Masalan, “Dar ishqi tu man bori malomat bikasham” (Sening ishqingda men malomat yukini tortaman) satri bilan boshlagan ruboiyni risola muallifi o‘z tafsirida Sa’id Kobuliy nomli shoirga nisbat bergan.
O‘sha davrdagi an’anaga ko‘ra, risolada Qur’on oyatlari, hadis va mashoyixlarning ayrim hikmatli so‘zlari arab tilida keltirilgan.
Charxiyning “Masnaviy” muqaddimasiga yozgan sharhlarining hajmi 29 betdan iborat bo‘lib, har bir bayt tafsirida hikoyat, oyat, hadis va she’rlarni keltirganki, bu Rumiy baytlarining tushunilishini osonlashtiradi. Odatda, risola muallifi bir necha so‘z bilan bayt ichidagi asosiy mazmunni ifodalaydi, ya’ni fikrlarini qisqa va lo‘nda bayon etadi hamda bayt mazmunidan nimaiki olgan bo‘lsa, o‘shani qog‘ozga tushiradi. Risola tariqat soliklari tafakkur darajasi va dunyoqarashini nazarda tutib yozilgan. Zero, asarda ayrim tasavvufiy atamalar borki, ularning mohiyatini faqat tariqat nazariyasidan to‘la xabardorlargina tushunadi.
Nazarimizda, Charxiy “Masnaviy” sharhiga bejiz qo‘l urmagan. Aynan “Naynoma”ning sharhlanishi eng dolzarb masala edi, chunki o‘sha zamonlarda Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” asari yangiligi bilan kitobxonlarning uni tushunib olishida qiyinchilik tug‘dirardi. Ikkinchidan, Rumiy asarni yozib tugatganidan keyin oradan yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Shayx Kamoliddin Hasan Xorzamiydan boshqa hali hech kim bu asar mohiyati, mazmun-mundarijasi, muallif nazarda tutgan muddaolarni yozma ravishda sharhlab bermagan edi. Bu borada Ya’qub Charxiy birinchilaridan bo‘lib bu ishga kirishgani tarixiy hodisadir. Undan so‘ng Abdurahmon Jomiy, Shoh Doiy Sheroziy, Husayn Voiz Koshifiy bir davrda “Masnaviy” baytlarini sharhlashga bel bog‘lashgan. Ayniqsa, bu borada Jomiyning “Naynoma” risolasi ilmiyligi bilan alohida ahamiyatga ega. Eng muhimi, Ya’qub Charxiy va Abdurahmon Jomiy “nay” tushunchasini naqshbandiya tariqatining talablari asosida talqin va tahlil qilishgan.
Risola qachon va qayerda yozilgani ma’lum emas. Charxiydek tasavvufning nazariya va amallaridan yetarlicha xabardor bo‘lgan kishi “Masnaviy”ning boshqa dostonlarini ham sharhlashga iqtidori yetardi. Ammo o‘sha paytda “Masnaviy”ni to‘la yoki qisman sharhlashga ehtiyoj sezilmagani, qolaversa, muridlarga ta’lim berish, shariat va tariqat masalalariga bog‘liq ishlar hamda boshqa risolalarning ta’lifi bilan band bo‘lishi ham bunga monelik qilgan, deb o‘ylaymiz.
Jahon miqyosida Charxiy hayoti va asarlarining o‘rganilishi hali-hamon davom etib kelmoqda. Bir qator Sharq mamlakatlarida uning asarlari turli yillarda tarjima va nashr qilingan. Jumladan, “Nay risolasi” Afg‘onistonda Xalilulloh Xaliliy muqaddimasi bilan ikki marta chop qilingan. Pokistonda esa, olim va tarjimon Muhammadnazir Ronjho uni urdu tiliga o‘girib 2004 yili Lohurda nashrdan chiqargan.
Mavlono Ya’qub Charxiy “Masnaviy” muqaddimasidagi har bir baytni chuqur tahlil qilib, bayt ichidagi mazmunlarni yoritib bergan.
Risola muallifi o‘z nom-nasabini asar boshida keltirishidan ma’lum bo‘ladiki, o‘sha davrda asarni bitgandan keyin emas, balki muallif asarining muqaddimasidayoq o‘z nomini keltirishi rasm bo‘lgan. Bu holatni “Tafsiri Charxiy” asarida ham kuzatdik.
“Nay risolasi”da keltirilgan har bir bayt yoki hikoyat mazmunini Charxiy hazratlari ko‘proq Xoja Bahouddin Naqshband aytgan so‘zlari va boshidan kechgan holatlar bilan tasdiqlaydi. Irfoniy nazariyalar esa amaliyotda sodir bo‘lgan voqealar bilan sobit qilinadi. Shuning uchun, bu asar masnaviyshunoslik yo‘nalishida katta ahamiyatga ega.
Xusrav Hamidov, Sharqshunoslik instituti tadqiqotchisi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 17-son