Xurshid Do‘stmuhammad. Razolat saltanatiga sayohat

Yo‘lning sog‘ joyi qolmagan, keta-ketguncha, hammasi bir go‘r – vayronasi chiqib yotibdi, past-baland, o‘ydim-chuqur, yuk tashuvchi mashinani boshqarib borayotgan qiz harchand urinmasin, ulov qirchang‘i eshakdan battar irg‘ishlashini bas qilmas, bunga sari, aftidan, qizning og‘zi yo‘ldan battar shaloq – tinimsiz so‘kinar, so‘kinish ham gapmi, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqar, eng yumshoq-muloyim “lutf”i, “He, onangni!..”dan boshlanib, “Hu, o‘sha, onasini!..” bilan tugardi. Yonida esa viloyat prokuraturasining maxsus tergovchisi o‘tiribdi, mashina har safar irg‘ib tushganida haydovchi qiz bilan tergovchi yigit bir-birlariga yelka-to‘shi aralash turtinib-surtinib ketishar, yigit birmuncha o‘zini bosib olgan yoshda ekaniga, qolaversa, jiddiy idora vakili va g‘oyatda maxfiy topshiriq bilan borayotgan mas’ul shaxs ekaniga qaramay, beixtiyor ko‘ngli sust ketib, ko‘hlikkina qizning qaddi-bastiga, dirkillab sapchiyotgan yarimyalang‘och ko‘kraklariga suqlanib qarashdan o‘zini tiya olmas, shu o‘y-shu xayolda mashina nihoyat manzilga yetib kelib to‘xtagach, qizga tap tortmay, surbetlarcha, ke, labingdan bir o‘pay, dedi. Shunda qiz nima javob qildi?

– Onangni… yaxshiyam, qornimda bolam yo‘q! – dedi yo‘lning nosozligidan yig‘ilgan butun zahar-zaqqumini sochib.

– Bola bo‘lgandayam allaqachon tushib qolardi.

– Tushsa tushib o‘lsin edi, – beparvo-bepisand ohangda e’tiroz bildirdi haydovchi. – Bir o‘lik bolaga ikki ming yuan berishadi…

Yigit musallas idishini olib, undan picha totinadi, qiz esa uni boshi uzra ko‘tarib qulqullatib bir tomchi qolmagunicha sipqoradi.

Orada muhabbat paydo bo‘ladi.

Xayrlasha turib, yigit qizga tashrif qog‘ozini tutqazadi.

Roman syujetining asosiy yo‘nalishlaridan biri ana shu tariqa boshlanadi. Biroq bir zumga oshiqmaymiz-da, kitobxon sifatida ko‘nglimizdan kechgan ayrim ishtibohlarga aniqlik kiritib olishga harakat qilamiz: nahotki, o‘ta qaltis topshiriq bilan yo‘lga otlangan prokuratura tergovchisi uchun ko‘mir tashiydigan yuk mashinadan boshqa ulov topilmasa?.. Topilmasa topilmabdi-da, ehtimol, Jyuguo viloyati voqeligi uchun buning hech qanday ajablanarli joyi yo‘qdir. U holda haydovchi qiz kim? Nahotki, qiz yo ayol zoti shunday bo‘lsa?! O‘zini tutishi, og‘zining shaloqligi, begona erkakka munosabati, mashina haydab turib musallasni tag-tugigacha sipqorishi qaysi aqlga sig‘adi? Va nihoyat, nahotki, bir lahzalik tasodifiy va bemazadan-bemaza suhbat asnosida Ding Gouerdek jiddiy erkak butun vujudi bilan bir shaltoq qizga shu qadar osongina bog‘lanib qolsa?!

Bu kabi savollarga javob topishni ortga suramiz, chunki voqealarning kattasi hali oldinda. Voqeaki, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan – soxta imzo bilan kelib tushgan shikoyat xatida bayon etilishicha, Jyuguo viloyatidagi Loshan ko‘mir konida go‘daklarning go‘shtini yeydiganlar bor ekan!

Yana: “Yana shuni ham aytgandiki, chala tushgan chaqaloqlarni kasalxona xodimlari olib ketib yeyishar emish. Eshitishimcha, bunday olti yoki yetti oylik homilalarning ozuqalik qimmati juda yuqori bo‘larmish…”

Prokuratura boshlig‘i bu g‘ayriinsoniy va vahshiy jinoyat bilan shug‘ullanishni aynan Ding Gouerga ishonadi. Tergovchi kon hududiga kiraverishdagi darvoza yoniga yetib keladi, biroq kun allaqachon yoyilib ketganiga qaramay, darvoza hali ochilmagan. Ko‘cha to‘la moshin, ot-eshak arava, toqati toq bo‘lgan haydovchilardan tortib aravakashlargacha musallasxo‘rlik qilishyapti. Go‘yo bu yerda ruldagi odamning ichishi taqiqlanmagandek.

Tergovchi harchand dag‘dag‘a qilmasin, darvoza og‘asi pinagini buzmaydi. Shunda Ding he yo‘q-be yo‘q biqinidan to‘pponcha chiqarib qarsillatib ota­di. Qorovul chalqanchasiga ag‘dariladi. Taloto‘p qo‘padi.

Syujetning bu yo‘nalishi boshdan-oyoq detektiv unsurlar asosiga qurilgan. Ammo-lekin ko‘nglimizda tug‘ilgan yana bir qator “Nahotki?..” lar picha mulohaza yuritishga undaydi. Nahotki, go‘dak go‘shtini pishirib, odamxo‘rlik qiladiganlar qolgan bo‘lsa, yer yuzida?! Nahotki, shunday vahshiyonalik yuz berib turgan bir joyda qanchadan-qancha odamlar sharobxo‘rlik, kayf-safodan bo‘shamasa?! Nahotki… tergovchi qorovulni otib tashladi-ku, uni o‘ldiga chiqargan olomon orasidagi gap-so‘zlarga e’tibor qarataylik:

– O‘ldirdilar! Navbatchi Lao Lyuyni o‘ldirdilar!

– Bu qari ko‘ppak qilgan yomonliklarning sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi.

– Oshpazlik akademiyasiga, maxsus oshpazlik bo‘limiga sotish kerak!

– Uni pishirishning o‘zi bo‘ladimi, qari ko‘ppak-ku!

– Maxsus oshxonalarga oppoqqina, barragina o‘g‘il bolalarni olishadi, bu chandir kimga kerak?!

– Hayvonot bog‘iga berish kerak, bo‘rilarga ozuqa!

– Bunaqa ozuqa bilan bo‘rilarning ko‘nglini olib bo‘libsan.

– Unda maxsus turdagi giyohlar uchun tajriba yerlari bor-ku, qayta ishlab, o‘g‘it qilishsin!..

“Nahotki” deya yoqa changallaydi bizning kitobxon. Axir gap he yo‘q-be yo‘q begona-notanish odam tomonidan otib tashlangan inson haqida bormoqda!..

Havaskor yozuvchi yigit Li Idou bilan taniqli adib Mo Yanning (asarda Mo Yan ismli adib, kinodramaturg obrazi bor. – X.D.) yozishmalari roman syujetining navbatdagi o‘zak tomiri-yo‘nalishini tashkil etadi. Gap bu o‘rinda Li Idouning hikoyalari haqida ham emas, balki o‘sha hikoyalarda tasvirlangan voqealar, yaratilgan obrazlar mohiyati xususidadir. Chunki yosh qalamkash aslida Jyuguo Musallaspazlik akademiyasida tadqiqotchi. Voqealar avvalida odamxo‘r vahshiylarni fosh qilish maqsadida yo‘lga otlangan izquvar Ding Gouer hali ishga kirishmay turib musallasxo‘rlik balosiga giriftor bo‘lsa, musallaspazlik san’atidan tadqiqot olib borgan Li Idou odamxo‘rlik va ochofatlikning estetik lazzatga aylanishi jarayonlariga aralashib ketadi. Shu tariqa Jyuguo diyori odamlaridagi taomxo‘rlik bilan sharobxo‘rlikka mukkadan ketish, ochiqroq aytadigan bo‘lsak – inson tabiatidagi ochofatlik, sullohlik mayli asarning markaziy o‘zani-mavzusiga aylanadi.

Tirik jon borki, ovqatsiz, ozuqasiz yashay olmaydi. Jirkanch qumursqadan tortib haybatli yirtqichgacha nafsini qondirishga majbur. Tabiiy ehtiyoj bu. Biroq o‘sha irkit qumursqa ham, o‘ta ketgan vahshiy hayvon ham tanlab yeydi, yemaydigan narsaga qayrilib qaramaydi. Jyuguo odamlari esa tanlash nima ekanini bilmaydi – ular qo‘liga ilinganini og‘ziga tiqadi. Chunki ular – odam, ongi-idroki bor maxluq, bu maxluq, bu jondor tabiatda nima bo‘lsa, hammasini qoyilmaqom qilib pishirish, jiz-biz qilish hadisini olgan, binobarin ulardan hech narsa qochib qutulolmaydi. Tamshanib, chapillatib, xo‘rillatib, “oh-oh”lab, “voh-voh”lab, barmoqlari, kafti, bilagi… lab-lunjini yalab-yulqab yeydi, ichadi.

Mehmonnavozlikni aytmaysizmi! Ha, sullohlik, ochofatlik g‘oyatda go‘zal va bejirim so‘z – mehmondo‘stlik, pazandalik niqobi ostiga yashiringan.

Tergovchini qarshi olgan kon direktori bilan partiya kotibi mehmonga og‘iz-burnidan favvora bo‘lib otilib chiqquniga qadar musallas ichirishadi. Bo‘kib qolgunicha ichadi musallasni Ding Gouer. U bu diyorga musallasxo‘rlik niyatida emas, mudhish jinoyatni ochish maqsadida kelganini aytadi, mezbonlarning nazarida esa, “Musallas no‘sh etmoq – Jyuguoga qadam ranjida qilgan har qanday mehmonning eng birinchi majburiyati”. Shunday ekan, yetti-sakkiz qadah nima degan gap, bu hali sharobxo‘rlik boshlandi degani emas, hali shahar partiya yetakchisi keladi, ana o‘shanda boshlanadi chinakam musallasxo‘rlik! Mezbonlarga izzat ko‘rsatish ni­yating bo‘lsa, o‘ttiztalab qator suzilgan qadahni oldinma-ketin ko‘tarasan, tomchi qoldirmay sipqorasan. Hozircha kamtarin dasturxonga marhamat qilgaysiz, muhtaram tergovchi janoblari!.. “Kamtarin” dasturxon… “uch hadli bahaybat dumaloq restoran stoli: birinchi hadda baqaloq pivo stakanlari, musallas uchun uzun oyoqli shisha qadahlar, oyoqlari sal uzunroq spirtli ichimlik qadahlari, choy ichiladigan qopqoqli sopol piyolalar, g‘ilofchalardagi fil suyagidan yasalgan ovqat yeyish cho‘plari, turli kattalikdagi likobchalar, katta va kichik kosalar, zanglamaydigan pichoq va sanchqilar… sara sigaralar, rangdor gugurtlar… Ikkinchi hadda sakkizta taom muhayyo edi: tuxumli va “xaymi” qoplangan krevetkali ugra, achchiq qalampirli mol go‘shti bo‘laklari, karri qaylasi solingan gulkaram, bod­ring parraklari, sovitilgan o‘rdak panjalari, shakar sepilgan nilufar ildizlari, oshko‘k ildizlari, obdon qovurilgan chayonlar”.

Buni qarangki, “Ko‘pni ko‘rgan Ding Gouerning ko‘ziga bu gazaklarda aytarli favqulodda narsa tashlanmadi – barchasi taomildagidek edi”.

Mezbonu mehmon go‘yo tubsiz quduqni to‘ldirmoqqa shaylangan kabi to‘qqiz qadahni ketma-ket qursoqqa quyishi – taomil, o‘sha ichilgan qadahlar ta’sirida kapalakka aylangan es-hush qanotlarini yozganicha bosh chanog‘ining markaziy nuqtasidan uchib chiqib ketishi – taomil, das­turxonga go‘zallik mezonlariga mutanosib tarzda terilgan taomlarni paqqos tushirish ham – taomil! Aslida esa, hozircha allada aziz-to‘rvada mayiz bo‘lib turgan Ding Gouerdek arzanda mehmonning oxurdan bosh ko‘tarmay kavshanayotgan ho‘kizdan yo to‘ng‘izdan ko‘pda farqi yo‘q. “U naq shapaloqday keladigan krabni paqqos tushirganini, achchiq qizil qayladagi yo‘g‘on krevetkani tatib ko‘rganini, kosasi yashiltob, niqobdagi yangi rusum tankaga o‘xshab ketadigan va oshko‘kli yashil sho‘rvada suzib turgan katta toshbaqaning changini chiqarganini, ko‘zlari yumuq va zarrin po‘stloqli “tillarang tovuq”ni bir yoqlik qilganini, yog‘lari so‘lqillagan, hali ham og‘zini kappa-kappa ochib turgan karpni jig‘ildonga urganini arang esladi. Juft-juft qilib pishirilgan, ehrom shaklida taxlab qo‘yilgan mollyuskalar, hozir tomorqadan kavlab kelingan, chaynaganda qars-qurs qiladigan qizil rediskalarni tanglayida aylantirib, shirin va yog‘liqni, sirpanchiq va yopishqoqni, nordon va taxirni, achchiqni, chuchukni, sho‘rni, chuchmalni tuydi”.

E’tibor beryapsizmi, bu holatda hech qanday g‘ayritabiiylik yo‘q, juda oddiy manzara, ajablanishga o‘rin ham yo‘q, chunki arzanda (ayniqsa, tekshiruvchi maqomida kelgan) mehmonni shunday izzatlash – taomil. Taomilga aylangan tuyg‘uga qarshi chiqishni, o‘sha taomilning tub mohiyatiga shubhali nazar bilan qarashni esa hech bir banda xayoliga keltirmaydi. Zero, hayotning yo‘rig‘i shu, ya’ni hatto eng tuban xatti-harakat, har qanday razolat odat va taomil maqomini oldimi, bas, unga qarshi kurashish, uni taomillikdan chiqarish haqida o‘ylab ham ko‘rilmaydi.

Shu tariqa inson zoti taomillar olamida yashaydi, umrning har lahzasi son-sanoqsiz taomillar bilan “bezatilgan”, ularning sanog‘iga yetolmaysiz, goho ayrim taomillar dastidan dod deb qochgani joy topolmaysiz, biroq biridan qochib ikkinchisiga, ikkinchisidan qochib esa – uchinchisi… o‘ninchisiga tutilishingiz muqarrar. Kezi kelganda, ular naqadar donolik, zakiylik mahsuli sifatida olqishlanadi, ko‘klarga ko‘tarib maqtaladi, bordi-yu unga bo‘ysunmaslik, uni qabul qilmaslik kayfiyati nish ursa bormi, jamoa tomonidan naq favqulodda holat e’lon qilinadi, aksiltaomilchilikda ayblangan bandaning, kamida, kosasi oqarmaydi.

Mo Yan – inson zotining eng ardoqli, eng boqiy va eng faxrli taomili zamiridagi noqislikka – nafs qulligi mayliga qarshi chiqmoqda. Nafsga qullik insondek mukarram zotni naqadar tubanlashuvga, yirtqichlashuv va hatto naqadar haromlashuvga olib borishi mumkinligini tasvirlashga harakat qiladi. “Musallas mamlakati”, bu – aksiltaomilchi adibning nidosi, faryodi va zahar-zaqqum haqorati… bashorati timsoli sifatida maydonga keldi. Mo Yan achitib yozishga, masxara qilib yozishga, tortinmay aytish mumkin, badiiy so‘zning jamiki imkoniyatlarini safarbar etib bo‘lsa-da, nafratlarini bo‘yamay-bejamay izhor etish yo‘lini tanladi.

Bu favqulodda fenomenal voqea edi. Nimasi favqulodda, nimasi fenomenal degan savol tug‘iladi.

Tarixdan ma’lumki, xitoy millati besh ming yillik uzluksiz taraqqiyot yo‘liga ega. Bu davrda millat va xalqning nihoyatda o‘ziga xos mentaliteti shakllangan, metinga aylanib ketgan. Keyingi o‘ttiz yillik ijtimoiy portlash, yuksalish jarayonlari esa mamlakatni oqilona boshqaruv tizimining sharofati o‘laroq ana o‘sha azaliy mentalitet zaminidan unib, o‘sib chiqdi deb bemalol aytish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, xitoyliklar ma’lumu mashhur Xitoy devorlari osha dunyoga yuz tutdi va allaqachon globallashuv jarayonining oldingi saflarini egallab ulgurdi. “Made in China” yorlig‘i yetib bormagan davlat, mamlakat qolmadi hisob. Globallashgan Xitoy endilikda global dunyoni jadallik bilan xitoylashtirishga kirishib ketdi. Mo Yan ana shu to‘lqinda paydo bo‘ldi, Xitoy va xitoyliklar nafaqat buyum, tovar ishlab chiqarish va tarqatish, balki badiiy asarini ham “Made in China” yorlig‘i bilan butun dunyoga yetkazishga qodirligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Zamonaviy xitoy faylasuflarining e’tirof etishlaricha, xitoy milliy xarakterining bosh xususiyati ularning sovuq aql-idrok bilan ish yuritishlarida ko‘rinadi, har qanday davrda ham xitoylik uchun “foyda”, “samara”dan ko‘ra muhimroq so‘z bo‘lmagan.

Taniqli xitoy faylasufi Li Szexouning yozishicha esa, “Xitoyliklar dunyoga, odamlarga konkret-aniq, real yondashadilar. Ular xudoga, narigi dunyoga ishonmaydilar. Ular his-tuyg‘ularini aql-idrok bilan boshqaradilar”.

Faylasuf olimning mulohazalarini hurmat qilgan holda, bir yarim milliarddan oshib borayotgan xalqning e’tiqodi ustidan shu tariqa bir og‘iz jumlada hukm-xulosa chiqarish nechog‘li asosli ekanini o‘ylab ko‘rish kerak, albatta, biroq keltirilgan ta’rif musallas saltanati bo‘lmish Jyuguo odamlarining tabiati, xarakteri, dunyoqarashi va …e’tiqoddan yiroqligini tasavvur qilishda asqotadi.

Paradoks – Mo Yan necha ming yillik milliy taomil mohiyatidagi jami ma’naviy boyliklarni qadrlagan holda, o‘zbekona ta’bir ishlatilsa, sopini o‘zidan chiqardi, ya’ni muttasil yemoq va muttasil ichmoqqa, yanayam dahshatlisi – tanlamay yeyish-ichishga mahkumlik taomili zamiridagi razolatni, ofatni bo‘rttirib namoyon etishga qasd qildi. Romanda kinoya, piching grotesk darajasiga ko‘tarilgani, real va noreal tavsirlar, halolu harom-xarish ayqashib-uyqashib ketgani sababi shunda. Go‘ng qo‘shilgan asal, peshob aralashtirilgan musallas, bolalar go‘shtining xushxo‘rligi, tillaqo‘ng‘iz sho‘rva, tirik eshakni xomtalash qilish, go‘shti va a’zolaridan tansiq taomlar tayyorlash, tirik chayon solingan musallas, maymun musallasi, qaldirg‘och uyasidan tayyorlangan sho‘rva… bularning birortasiga hech bir yerda izoh bermaydi muallif. Izoh berishni, xulosa chiqarishni, timsollar, ramzlar mohiyatidagi achchiq haqiqatni (adib kontseptsiyasidagi haqiqatni!) anglab yetishni kitobxon ixtiyoriga qoldiradi u. Faqat bir o‘rinda Mo Yan obrazi tilidan, “ovqatga kelganda, biz xitoyliklar o‘zimizdan o‘zimiz o‘tib ketdik” deya romanni talqin etishga urinuvchi kitobxonlar mushkulini osonlashtirish uchun o‘ziga xos kalit taqdim etadi. Bir o‘rinda “jiddiy me’yorlar davri” degan jumla keladi, vaholanki, asar tasvirlarida hech qanday me’yorga rioya qilinmaydi, balki adib quyushqondan chiqadi, chiqibgina qolmay, quyushqon qo‘rg‘oni devorlarini ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaydi. Quyushqondan bu tarzda chiqish adabiyotchilar tilida modernizm, postmodernizm, syurrealizm deb atalmoqda. Nobel mukofoti hay’ati esa romanni “Xalq ertaklari, tarix va zamonaviylikni omuxta etgan realizm uyg‘unlashgani” uchun nufuzli mukofotga loyiq ko‘rdi. Asardagi asosiy personajlardan biri Li Idou esa hikoyasini “iblischa realizm” uslubida yozganini ta’kidlaydi. (Ustoz Mo Yan qanchalar xayrixohlik ko‘rsatmasin, shogirdi Li Idouning birorta asari “Fuqaro adabiyoti” jurnalida bosilmagani o‘ziga xos timsol vazifasini o‘tagan. Chunki syurrealizm adabiyoti ham, gallyutsinatsiyalashgan adabiyot ham va “iblischa realizm” adabiyoti ham fuqaro, ya’ni olomon adabiyoti uchun yot, begona!)

Badiiy adabiyot estetik voqelik, u go‘zallik kategoriyalari, unsurlari vositasi-la so‘zlaydi. Mo Yan esa “Musallas saltanati”da xunuklik, manfurlik, razolat va tubanlik muhitini o‘sha muhitning dag‘aldan-dag‘al tili bilan tasvirlaydi. Tortinmaydi, xaspo‘shlamaydi, “ta’bir joiz bo‘lsa” qabilidagi istiholaga bormaydi. Roman tevaragida murosasiz mulohazalar qalashib ketgani bejiz emas. “Musallas saltanati”ni favqulodda asar sifatida o‘qiganlar bor, Nobel mukofotini taqdim qiluvchi hay’at qayoqqa qaramoqda, qaysi mezonlar asosida shu asar bu qadar nufuzli mukofotga loyiq ko‘rildi, degan mazmunda ayyuhannos ko‘tarayotganlar ham yo‘q emas. Shu qabilda roman yozish ham mumkin ekan-da, deya og‘ir o‘ylarga botayotganlar ham uchramoqda.

Badiiy ijod olamida ko‘p sinalgan holat – favqulodda asarlar quyushqondan chiqqandagina – an’analar, taomillar, tamoyillar bahridan o‘tilgandagina yaratiladi. “Musallas mamlakati” ana shu haqiqatning jonli timsoli sifatida e’tibor topdi, tahsinlarga sazovor bo‘ldi.

“Musallas mamlakati” jahon adabiyotining sara namunalari ta’sirida yaratilganiga shubha yo‘q. Asar muallifining, kimda-kim Mixail Bulgakov qalamiga mansub “Usta va Margarita” asarini ma’qul ko‘rib o‘qigan bo‘lsa, mening ushbu romanimni ham ma’qul ko‘radi, degan mazmunda aytgan gapi ayrim kitobxon va mutaxassislarni bir oz chalg‘itgan ko‘rinadi, vaholanki, Mo Yanning ta’sirlanish doirasi anchagina keng. Fransua Rablening “Gargantyua va Pantagryuel” romanida Gargantyuaga homilador Garmamellaning sullohligi, “Don Kixot”dagi sarhadsiz yumor, Kafka asarlaridan yaxshi tanish qahramonlarning boshi berk labirintlardagi sarsongarchiliklari, markiz de Sadga xos bo‘lgan shahvoniy ro‘yi-rostlik… maqolamiz avvalida tilga olingan haydovchi ayol bilan ishqiy munosabatlarning pirovardida qotillik bilan barham topishi, havaskor qalamkash Li Idouning o‘z qaynonasi bilan shakarguftorliklari, taom pishirish va musallas tayyorlash jarayonidagi ko‘z ko‘rib-quloq eshitmagan toshbag‘irliklar, va ayniqsa prokuratura tergovchisi Ding Gouerning tungi odamxo‘rlik bazmi chog‘ida usti yopilmagan katta o‘raga – jamoat hojatxonasiga tushib, najosatga g‘arq bo‘lishi, takror ta’kidlash mumkin bo‘lsa, o‘z tili, o‘z hukmi ila hikoya qilingan, tasvirlangan.

…Nihoyat, ustoz adib Mo Yan Pekindan Jyuguoga keladi. Uni boshlovchi yozuvchi Li Idou peshvoz chiqib kutib oladi. Li Idouning ta’riflashicha, Jyuguo buyuk vatan xaritasidagi dur bo‘lsa, Musallaspazlik akademiyasi – Jyuguoning duri. Taomilga ko‘ra, atoqli adibga alohida e’zoz va e’tibor ko‘rsatiladi – uning tongdan shomgacha, shomdan tonggacha musallasxo‘rlik qilmaganiga qo‘yishmaydi, uni musallas to‘ldirilgan vannada cho‘miltirishadi, unga shaharni tanishtirish maqsadida… eshak ko‘chaga sayohat uyushtiriladi, kushxonada eshak so‘yish jarayonini o‘z ko‘zi bilan tomosha qilishiga imkon yaratiladi. Chunki oliy martabali mehmonning hurmatini joyiga qo‘yish taomili shunday bu diyorda. Ajablanish tuyg‘usi qolmagan, hayrat so‘ngan razolat saltanatida esa romanda tasvirlangan va ayrimlari yuqorida misol tariqasida keltirilgan manzaralar juda-juda oddiy holatlar hisoblanadi. Sababi ham g‘oyatda oddiy: “Ha-da, buning ajablanarli yeri yo‘q. Bu yerni Jyuguo – Musallas mamlakati deb qo‘yibdilar!..”

P.S. “Musallas mamlakati” yengil o‘qiladi, syujetida aytarli murakkablik, ziddiyatlari va to‘qnashuvlarida kalavaning uchi topilmaydigan darajadagi chigalliklar yo‘q, lekin timsollar mohiyatidagi asl ma’noni ilg‘ab, uqiy olish oson kechmaydi, ayniqsa, real va noreal tasvir oqimlarini, xush-noxush kechinmalarni, rivoyatu ertaklar, olis xitoy xalqi tarixiga taalluqli unsurlarning aralashib-chatishib ketgani o‘quvchini alohida diqqat bilan mutolaaga undaydi. Bamisoli Jyuguo diyori dunyo timsoliga aylanadi. Ta’kidlash joizki, romanni o‘qish jarayonida (hatto uni o‘qib bitirgach ham) xulosa chiqarishga shoshilmaslikni tavsiya qilgan bo‘lur edik, zero, uni yana bir karra o‘qish yangidan-yangi va kutilmagan xulosalar chiqarishingizga yordam beradi.

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 12-son