Nazar Eshonqul. Xuan Karlos Onetti

«Uning asarlarisiz yangi avlodning boshqa adiblari paydo bo‘lmasdi: u birinchi edi, birinchi bo‘lib to‘siqni oshib o‘tdi: Kortasar, Garsia Markesning o‘zi ham uning asarlaridan o‘sib chiqdi».
Xuan Rulfo

«Onettini hali adabiyot tan olgani yo‘q. Ammo bizga berilayotgan mukofotlarga, eng avvalo, u munosib edi. Yangi davr adabiyoti uning nomi bilan boshlanadi».
Vargas Losa

«Onetti faqat buyuk yozuvchigina emas, u buyuk islohotchi va buyuk samimiyat sohibidir».
Augusto Rao Bastos

«Uning asarlari biz ijod qilayotgan binoning poydevoridir!»
Karlos Fuentes

Xuan Karlos Onetti – Lotin Amerikasi adabiyotining yirik vakili, yangi davr nasrini boshlab bergan, bu qit’a adabiyotiga nas­riy-psixologik uslub olib kirgan va aynan shu uslubi bilan dunyo adabiyotida o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lgan buyuk yozuvchi.

Bu adibning hikoyalarini birinchi marta talabalik yillarimda o‘qib chiqqanman. To‘g‘risi, menda hech qanday taassurot qoldirmagan. Hikoyalaridagi voqealar ham o‘sha paytdagi adabiyot haqidagi tushunchamga ko‘p mos tushavermagan. Lekin o‘shandayoq tili, jumla qurilishi, o‘xshatishlarida o‘ziga xos bir joziba borday tuyulgandi. Keyinchalik uning qissa va romanlarini mashaqqat bilan o‘qidim. O‘qish jarayonida asta-sekin adibning mustahkam, metinday uslubini anglab oldim. Onetti menga sevimli yozuvchi bo‘lib qoldi. Uni har yili baribir o‘qiyman. Umuman, yozuvchilar bu adibni o‘qib tahlil qilib turishlari kerak deb o‘ylayman. Uning ijodiy laboratoriyasi, adabiy tajribalari va yutuqlari ko‘p narsa beradi, xususan, uslubni shakllantirayotgan yozuvchi adibni chetlab o‘tishi mumkin emas. Biz ulug‘ deb bilgan adiblarning ko‘plarida uslubiy darzlar, uslubiy kemtikliklarni, chalg‘ishlarni, uslubini topolmaganini har xil shakliy jimjimalar bilan yashirib ketgani, xullas, eng ulug‘ deb bilgan adibning ham oxirigacha sayqallanmagan jumla, holat, sahifa va boblariga duch kelamiz. Nomini keltirib o‘tirmay, hatto nomi juda jarangdor eshitiladigan, ma’lum va mashhur adiblarning ham uslublarida zaif joylar ko‘zga tashlanib qoladi, oxiriga yetmagan sahnalar, jumlalar, holatlar bisyor. Ba’zan ular o‘zining zaif joylarini yo aql, yo «adabiy manavyor» bilan aldab xaspo‘shlab ketadi. Ammo Onetti bundan mustasno. Adibning uslubi, sintaksisi hayratlanarli darajada mustahkam, jumlalar bo‘yoq va ohangga to‘yingan, obrazlar, voqelik tasviri, holat qamrovi asosli hamda ishonchli… Onettining jumlalari ham, tuyg‘u va kechinmalari ham quymadek taassurot uyg‘otadi. Bu esa adibning badiiy mushohadasi, dunyoni poetik qamrovi juda keng va balandligidan darak beradi…

***

Adib o‘tgan asrning 70-yillarigacha oddiy kitobxonlar, hatto adabiyotshunoslar uchun ham notanish siymo edi. Adabiyotga «Lotin Amerikasining badiiy vulqonlari» atamasini olib kirgan, adabiy dunyoni shov-shuvlarga to‘ldirib o‘ziga mahliyo qilgan, ba’zilari Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan 60-yillar avlodi uning xizmatlarini Borxes nomi bilan bir qatorda qo‘yib, yangi qit’aning yangi romanchiligi aynan shu adibning «O‘pqon» asari bilan boshlanganini e’tirof etishganda ham, Xuan Karlos Onetti dunyo uchun e’tibordan chetdagi adib bo‘lib qolaverdi.

Hali Kamyu asarlari va falsafasi bilan tanish bo‘lmasdan turib Amerika adabiyotiga ekzistentsialis­tik qarash va kontseptsiyalarni olib kirgan, XX asr adabiyotida «inson qalbi va og‘riqlarining mukammal kuychisi» nomini olgan Xuan Karlos Onetti 1909 yili Urugvayda ziyoli xonadonda dunyoga keladi.

Adibning bolaligi haqida kam ma’lumot saqlanib qolgan. Onettining o‘zi ham bolaligi va oilasi to‘g‘risida ko‘p gapirishni istamasdi. Oilani: «Har bir kishining o‘ziga tegishli sirli, daxlsiz qo‘rg‘oni», – deb ta’riflagan. Xotiralarida o‘zining yozuvchi bo‘lishiga Knut Gamsunning ijodi bilan birga «Fantomasning sarguzashtlari» nomli asar kuchli ta’sir qilganini, aynan shular ta’sirida Servantesning barcha asarlarini o‘qib chiqqanini, bu orqali Servantes uni dunyo adabiyotiga boshlab kelganini ta’kidlaydi. Adib o‘n uch – o‘n to‘rt yoshida Gamsunga taqlid qilib hikoyalar yozgan. Ammo bular shunchaki mashqlar edi. Uning ota-­onasi ham o‘qimishli va ma’rifatli kishilar bo‘lgan. Biroq bu avlod zimmasiga mashaqqatli hayot yo‘lini bosib o‘tish qismati tushgandi. U yoshligidan o‘z kunini o‘zi ko‘rishga majbur bo‘ladi. O‘smirligidayoq ofitsiant, chipta sotuvchi, qorovul va tibbiy uskunalar ishlab chiqaradigan korxonada ishchi bo‘lib ishlaydi. Bolalik yillari og‘ir mehnat ichida kechgan bo‘lsa-da, adib hayo­tining eng beg‘ubor damlari aynan shu davr ekanini qayta-qayta eslaydi. Uning asarlari qahramonlari ham hayot uqubatlaridan charchagan paytlari bolaligini eslab go‘yo ana shu davrdan kuch-quvvat olgandek bo‘lishadi. Bolalik davri adib uchun mo‘jiza va sehrga to‘la beg‘ubor yillar bo‘lib qoldi. Bu uning asarlarida ham aks etadi. Deyarli barcha asarlarida kattalar dunyo­si bolalik, o‘smirlik dunyosiga, ya’ni beg‘uborlikka qarama-qarshi qo‘yiladi. Kattalar dunyo­sini hayotning aynigan, o‘zanidan adashgan davr sifatida talqin etadi.

«Xush kelibsan, Bob!» hikoyasining yakuniy jumlalari shunday: «…Ilgari Bob bo‘lib yashagan Vatanining bir hovuch tuprog‘i yoki goh-gohida u o‘lkadan abadiy surgun qilingan kishilar olib keladigan qadr­don, bolalik ko‘chalarining suratlari, har xil yodgorliklari, jo‘shqin va ehtirosli qo‘shiqlari o‘rniga men unga sabru qanoat, qalbiga taskin, ertangi kuniga ishonch va u yaqinda tashlab kelgan yoshlik mamlakatining orombaxsh nurlarini va musaffo havosini bir paytlar opasiga bergan va’dalarim kabi sovg‘a qilaman. Va u ham hammasini qabul qiladi: avvaliga qarshilik ko‘rsatadi, men o‘zimning sadoqatimni qayta-qayta ta’kidlayvergach, navqiron Bobning dunyosiga qaytadigan kun yaqinligiga ishongan holda, nihoyat, u «ha, roziman» deydi va jilmayadi; o‘zi esa o‘tmishdagi orzu-umidlarining erta zavol topgan badbo‘y jasadlari va jirkanch tuyg‘ular orasida ming­lab oyoqlar ostida shafqatsiz toptalaverib mayib va taqdirga tan bergan qiyofada majolsiz tipirchilagancha o‘ttiz yoshning sassiq balchig‘iga tobora ko‘proq botib boraveradi…»

30-yillarda Onetti jurnalistika bilan shug‘ullanishga kirishdi. 24 yoshida birinchi hikoyasini e’lon qilgandan so‘ng adabiy faoliyati boshlanadi. Shu tariqa uning o‘ziga xos uslubi shakllanib bordi. Dastlabki asari hayot haqida orzu qilayotgan insonning ichki monologiga qurilgandi. Adib insonning ichki monologi orqali fabula va harakat yaratishni ijodining asosiy uslubi qilib oldi. Uning deyarli barcha asalarida hayotdan alamzada bo‘lgan, bezgan, ko‘ngli to‘lmagan odamning hayot haqidagi orzulari, kechinmalari, xulosalari va dardlarini bayon qiluvchi qahramonlar galereyasi yaratiladi.

1939 yili uning hajman qissaga to‘g‘ri keladigan, ammo adabiyotshunoslar gohida roman sifatida talqin etadigan ilk yirik asari – «O‘pqon» bor-yo‘g‘i 500 nusxada bosilib chiqdi. «O‘pqon» Onetti ijodida, qolaversa, butun Lotin Amerikasi adabiyotida yangi nasr namunasi edi. Bu asarda oldingi hikoyalarda miltillab ko‘ringan, hali o‘z qiyofasi va mazmunini topmagan «orzumand odam» obrazi to‘liq bo‘y ko‘rsatgan. Mavjud voqelik bilan xayollar hamda amalga oshmagan orzular to‘qnashuvi «O‘pqon»ga kelib endi tipik tus oladi. Qahramon bitta kishining emas, butun boshli avlodning, jamiyat yakkalab tashlagan, chetga surgan yoki yolg‘on, aldov, xiyonat va ikkiyuzlamachilikka qarshi isyon sifatida o‘zini chetga olgan, o‘zini xayol o‘pqoniga tashlagan 30-yillarning ziyoli qatlamini timsollashtiradi. Bu qahramon o‘zini o‘rab turgan, byurokratlashgan, soxtalashgan, tabiiy va asl qiyofasini boy bergan muhitga qarshi harakatsizligi, hayot haqidagi orzulari bilan isyon qiladi. Xayol va hayot to‘qnashuvi inson botini hamda voqelik o‘rtasidagi ziddiyatga aylanadi. Ana shu ziddiyat natijasida adibning badiiy kontseptsiyasi shakllanadi. Adabiyotshunoslar «O‘pqon»ni Onetti ijodining markazi deya e’tirof etishadi. Uning qolgan barcha asarlari ana shu qissa, uning ichidagi mavzulardir. Hatto «rad qilingan sevgi» va «ideal mahbuba», «orzumand odam», «o‘z hayotidan qoniqmaslik», «muhitga yotlashuv», shuningdek, hayot sinovlari oldidagi mag‘lubiyat, azaliy an’analardan uzoqlashish va begonalashish, shaxsning yolg‘izligi kabi majozlar ana shu asarda o‘zining dastlabki chizgilarini namoyon qiladi va asar qahramoni – xayollaru orzular chohiga tushib qolgan Eladio Linasero adibning keyingi qahramonlariga xos bo‘lgan barcha xislat, fazilat, holat, ruhiy kechinmalarni o‘zida mujassam etadi. Eladio Linasero Dostoyevskiyning «Xilvatdagi odam» qissasi qahramonining lotin amerikacha talqinidir. Eladio ham xilvatda, xayol va orzular o‘pqonida turib o‘zini va hayotini tahlil qiladi. U qit’a adabiyo­tida birinchi bo‘lib o‘zining yolg‘izli­gini, muhitdan begonalashishi hamda yolg‘izlikka mahkumligining sabablarini chuqur va «men» tili bilan tahlil qilgan obrazdir. O‘zining asl qiyofasidan tobora uzoqlashib, soxtalik, yolg‘on, mexanik turmush tarziga o‘rganib borayotgan, o‘zligidan yiroqlashayotgan muhitdan qochgan, tashqaridan izlaganini o‘z xayollaridan topgan Linasero o‘zidan qochib o‘ziga berkinadi. Boshqacha aytganda, o‘zining mavjudligini real voqelikda isbotlab berolmaydi. Oqibatda o‘z izlaganini xayol va orzulardan qidirishga tushadi, xayoliy rejalar, orzular olami reallikka muqobil voqelik sifatida bo‘y ko‘rsatadi. Kamyudan ancha yillar oldin Onetti ushbu asari orqali o‘zining mavjudligini ijod va xayol bilan isbotlashga uringan, voqelik mustabidligini orzular va ijod bilan yengishga kirishgan yangi obrazni yaratgandi. Onetti qissa qahramoni tilida o‘zining adabiy uslubini shunday izohlaydi: «…boshingdan kechgan yoki guvohi bo‘lgan voqealar haqida emas, bir ko‘ngil tarixi haqida yozsang». Onettining qahramonlari voqelik qahramonlari emas, balki ko‘ngil tarixining qahramonlari, orzu, xayol olamining odamlaridir. Shu sababli ularning deyarli hammasi o‘z ko‘ngillariga yashiringan qandaydir sir va dardning mahkumlaridir. Inson – baxt va saodat orzumandi. U hayotdan ko‘ngliga munosib maslak va zavq izlaydi, oldida turgan barcha qiyinchiliklarni, mashaqqatlarni, dardu alamlarni, hasratni yo‘qotish, baxtsizliklarni yengib, o‘zi orzu qilgan saodatga erishishni istaydi. Ya’ni, Onetti ta’biri bilan aytganda, inson o‘z qismatiga qarshi kurashga chog‘lanadi, qismatni o‘ziniki qilishni, bo‘ysundirishni, butun insoniyat bilan do‘st bo‘lishni, uyg‘un yashashni xohlaydi. Ammo oxir-oqibat baribir yengiladi, mag‘lubiyatga uchraydi. U muhit bilan ko‘ngil uyg‘unligini topolmaydi. Umidlari so‘nadi. Shunda o‘zini yolg‘izlikka mahkum etgan muhit – voqelikdan qochib o‘z botiniga yashirinadi. U bu botinda voqelikka qarama-qarshi voqelik yaratadi. Bu voqelik xuddi qissa qahramoni Eladio Linaseroning «O‘pqon»dagi olamiga o‘xshaydi. U baribir o‘zi istagan olamni yaratadi. Shu bilan o‘zining mavjudligini isbotlaydi.

Bu asar o‘z davrida o‘quvchisini topolmadi. Uzoq yillar boshqa nashr ham etilmadi. Ammo o‘sha 500 nusxani o‘qigan kam sonli o‘quvchilar orasidan keyinchalik Lotin Amerikasining ulug‘ yozuvchilari yetishib chiqdi.

Xuan Karlos Onetti asarlari oddiy va aksariyat baxtsiz odamlar haqida. Ammo ana shu oddiy odamlar qalbi shunday ustalik bilan ochiladiki, siz bu qahramonlar kechinmalaridagi go‘zal tuyg‘ularning betak­ror jilosi va nolasiga guvoh, ularning dardu g‘amiga sherik bo‘lasiz, eng muhimi, nasrning haqiqiy san’at ekanini his qilib turasiz. Bu adibning deyarli barcha qahramonlari samarasiz va ma’nosiz o‘tgan hayotidan norozi kishilar. Ular yashashdan ma’ni topish uchun charchoqqa to‘la horg‘in tanlarini tashlab orzu-xayollar dunyosiga, to‘g‘rirog‘i, real voqelikka zid tarzda yaratilgan inson xayolining havoyi olamiga g‘arq bo‘lishadi. Onetti qahramonlari o‘z hayotlarini tahlil qilarkan, bu dunyodan qochib ana shu orzular, xayollar dunyosiga o‘tib olishadi. Aynan shuning uchun Lotin Amerikasi adabiyotida Onettini «orzular yozuvchisi, inson qalbi va anduhi kuychisi» deb atashadi.

«Sohil bo‘ylab chopayotgan Esberg» hikoyasidan:

«Mana endi, har shanba oqshomi kechasimi yoki tush paytimi, havo ochiqmi yoki Kirstenning gezarib ketgan yuziday serbulutmi, yomg‘irlimi, baribir, ular portga qarab yo‘l olishardi va kema jo‘nagunga qadar turli shakldagi jomadonlar ko‘targan, issiq paltolar kiygan, qo‘llarida gul va ko‘z yoshlaridan nam bo‘lgan ro‘molchalar tutgan odamlar orasida bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay xiyobon ichida sayr qilib yurishardi; yurakni orziqtiradigan sirena qiyqirig‘idan so‘ng kema sekin jo‘nab keta boshlardi; toki tinkalari qurib, holdan toyib qolgunlaricha ular qimirlashga ham qo‘rqib toshdek qotib turishar va har biri o‘z-­o‘zicha chuqur va sirli xayollarga g‘arq bo‘lgan ko‘yi ayni daqiqada o‘zlari ham bilmagan holda, ikkalasi ham bir paytda, qalblarini allaqachon o‘ziniki qilib ulgurgan va endi bir umr ularni o‘z changalida olib yuradigan vatan sog‘inchi va yolg‘izlikning beshafqat panjalari haqida o‘ylashib, bir-birining yelkalaridan mahkam quchgancha ketayotgan kema izidan jimgina qarab turishardi».

1950 yili yozilgan «Qisqa hayot» romanidan boshlab uning asarlarida to‘qima Santa-Mariya shahri paydo bo‘ldi. Shu davrdan so‘nggi barcha asarlaridagi voqea­lar asosan ana shu shaharda ro‘y beradi. Adib asarlarida bu shahar paydo bo‘lishining ilk bosqichlaridan bosh­lab Lotin Amerikasi timsoliga aylangan taraqqiy etgan shahar darajasiga qadar bo‘lgan davri tarixini qahramonlari hayoti orqali ochib beradi. Santa-Mariya Onetti ijodida hayot uqubatlari horitgan qahramonlarini olib borib yashiradigan makon vazifasini o‘taydi. Qahramonlarining deyarli barchasi hayotdan u yoki bu jihatdan jabr-sitam ko‘rgan, ezilgan, ko‘ngli toptalgan, izlaganini topolmagan, yolg‘izlikka mahkum etilgan, tushkunlikka tushgan, umidi so‘ngan. Ular xayoliy shaharda kezinisharkan, go‘yo o‘z orzulari olamida yurganday bo‘lishadi. Ularning hayotda ushalmagan orzu-niyatlarini adib shaharda ro‘yobga chiqaradi, ularni bu real makon va real voqelikka qarama-qarshi qurilgan shaharda bir nafas bo‘lsa-da baxt va xayol bilan, o‘zlari va botini bilan qoldiradi. Ana shu lahzalar ularning eng baxtli va shirin damlariga aylanadi. «Qisqa hayot» romanidan so‘nggi barcha asarlari qahramonlari hayoti o‘z qit’asining va Lotin Amerikasi ziyolilari orzu qilgan ideal hayot hamda jamiyatning adabiy timsoli bo‘lgan shahar bilan bevosita bog‘liq. Bu shaharda taqdirlar to‘qnashadi, ajraladi, bu yerda muhabbat va nafrat yuzma-yuz keladi, odamlar bir-birini inkor qiladi, bir-birini sevadi, bir-biridan ajraladi. Adib o‘zi sevgan va hamdard bo‘lgan barcha qahramonlarining ko‘nglini, dardini, orzularini, ko‘ngil sirlari va mayllarini shu shaharga yashiradi, shu shaharda ularni baxtiyor yoki bebaxt aylaydi. Adib yaratgan makonida o‘zi orzu qilgan tuyg‘ular, hislar, munosabatlar, iqrorlar va izhorlar, kechinmalar, samimiyat va beg‘uborlik ichida yashaydi. Shahar orqali u umid degan tuyg‘uni qahramonlari va o‘zining ko‘ng­lida asrab qoladi.

1966 yilgacha Onetti La-Plata hududidan nariga chiqmadi, tabiiyki, uning asarlari ham undan nariga tarqalmadi. Bu tor hududda ham uni keng o‘quvchilar ommasi bilmasdi. Birinchi nashridan so‘ng uning asarlari unut bo‘ldi. «O‘pqon» 26, «Egasiz yer» 24, «Faqat shu kecha» 23, «Qisqa hayot» 18 yildan so‘nggina chop etilgan.

Onettining tili juda murakkab, biroq poetik sintaksisga qurilgan. Adib boshqalardan ana shu sintaksisi bilan farqlanib turadi. Jumlalar hammasi o‘ylangan, poetik mushohadadan o‘tgan, har bir so‘zning o‘z vazifasi, ohangi bor. Onetti so‘zlarni isrof qilmaydi. Uning iboralari, tuzgan birikmalari nazmdagi o‘xshatishlarga yaqin turadi. Dunyo adabiyotida juda ko‘plab yozuvchilar matnida til shunchaki vosita, uni bemalol sarflash mumkinligini bildiruvchi ma’no yotadi. Onettida esa til barcha narsadan ustun, so‘z ishlatish – bu uslub, insonni kashf etish uskunasi, mazkur uskunaning kemtik joyi bo‘lishi mumkin emas. Istioralar, o‘xshatishlar, hayajon va obrazli ifodalar orqali qahramonning holatiyu dunyosi chuqur hamda izohsiz ochib beriladi, ya’ni hech qanday shubhaga o‘rin qolmaydi. Aslida ham adabiyotda faqat badiiy tilgina, badiiy mushohada va badiiy tasvirlay olishgina holat, manzara, kechinmalarni ishonchli ifodalay biladi. Onetti aynan tili va badiiy sintaksisi tufayli o‘z iste’dodiga hech qanday shubha qoldirmaydi. Ana shu nuqtai nazardan juda ko‘p adiblar, hatto dunyoning yirik adiblari deb tanilganlari ham bu yozuvchining uslubi oldida ancha jo‘n va mo‘rt ko‘rinadi. Onetti voqeaga, syujetga emas, uslub va sintaksis orqali ko‘ngil dunyosini ochib berishga e’tibor qaratadi. Kundalik voqelik deyarli ahamiyatini yo‘qotadi, qahramonlar xotira va xayol chegaralariga, kechinmalar olamiga o‘tib oladi, shu olamda turib ko‘z oldida oqib o‘tayotgan hayot degan izdihomga boqadi, o‘ziga va umrga baho beradi. Uning qahramonlari asarda hamisha hayotning keskin burilish pallasida – tushkunlik va umidsizlikka g‘arq holatda paydo bo‘ladi. Bu vaziyat G‘arb adabiyotida «absurd vaziyat», «absurd holat» deb ataladi. Shu holat yozuvchi uchun qahramonning dunyosini ochishga keng imkoniyat beradi, aynan shu holatda hissiyotlar va aql junbishga keladi, uxlab, mudrab yotgan ongosti kechinmalari o‘zini namoyon qiladi, oqibatda faqat voqelik emas, inson psixikasidagi barcha jarayonlarni kuzatish, tahlil qilish imkoniyati tug‘iladi. Onettining xoh hikoya, xoh qissa, xoh roman qahramonlari bo‘lsin, aynan shu vaziyatda asarga olib kirilgan. Adib o‘z qahramonlari dunyosiga kirib, ularning tushkun qalblariga malham izlab, ular o‘zligini topmagan olamga qarama-qarshi qahramonlar orzu-xayollaridan boshqa bir olam yaratishga, ana shu xayol, orzu, kechinmalar bilan ularning ko‘nglini saqlab qolishga urinadi. Ba’zi asar qahramonlari jismonan hayotni tark etishsa ham, ularning hayot haqidagi xulosalari asarning asosiy g‘oyasini belgilab turadi. Santa-Mariya bilan bog‘liq barcha asarlarini deyarli bir asar deb atash mumkin. Bularda qahramonlar biridan ikkinchisiga o‘tib, yo‘qolib, paydo bo‘lib yuraveradi. Qaysidir asarida ikkinchi darajali bo‘lgan Larsen boshqa asarining, ayniqsa, «Verf» romanining asosiy qahramoniga aylanadi. Onetti hatto hikoyalarida ham epizodik obrazni tashlab yubormaydi, boshqa bir hikoyasiga uning taqdiri va qismatini olib kiradi. Shu tariqa uning asarlari yaxlit romanning turli nomdagi bob va parchalariday taassurot uyg‘otadi. Bu esa adibning butun ijodi bir asardan, inson ko‘ngli, og‘riqlari, yolg‘izligi, musibat va iztiroblari aks etgan yagona polotnodan iborat degan tasavvurni beradi. Adib inson iztirobiga uni tozalovchi, forig‘lantiruvchi holat sifatida qaraydi. Aynan shuning uchun qahramonlarining hammasi dardkash, anduhli, og‘riqli, dilgir va muztar odamlar…

Adib oxir-oqibat odamlar ko‘nglini tahlil qilishdan, ularning g‘ussaga to‘la qismatini Santa-Mariya shahriga olib kelishdan, bu shaharda ularning botinini tadqiq qilishdan charchaydi. 1979 yili yaratilgan so‘nggi romani – «Shamolning hikmatiga quloq tutamiz»da tasavvuridagi Santa-Mariya shahrini vayron qiladi. Shu bilan o‘zining adabiy xizmatini yakunlaydi va bu shaharda yashashga boshqa hech kimga izn bermaydi. Shahar adib tasavvurida jannatning bir timsoli sifatida yaratilgandi. Oxir-oqibat adib jannatni yer yuzida yaratishning imkoni yo‘q ekanini anglaydi va shaharga yashirgan barcha taqdirlari bilan qo‘shib shaharni ham yo‘q qiladi. Santa-Mariya xuddi g‘oyib bo‘lgan Atlantida kabi adabiy dunyodan yo‘qoladi.

1974 yili davlat to‘ntarishi yuz berdi va Urugvay hukumatini xunta egalladi. Mamlakatda keng miqyosda sudsiz-tergovsiz qamashlar boshlandi. Yangi hukumat siyosatini qo‘llamagani va erkin fikr bildirgani uchun 65 yoshli Onettini ruhiy kasallik­lar shifoxonasiga olib ketishadi. Jamoatchilikning noroziligidan so‘ng uni Urugvay hududidan surgun qilishadi. Onetti 1974 yili Ispaniyaga kelib joylashadi va umrining oxirigacha shu yerda yashab qoladi.

Uzoq yillar adabiy tanqidchilik Onettini Folk­ner asarlarining taqlidchisi sifatida ayblab keldi. Ammo 60-yillarda dunyo adabiyotiga o‘ziga xos ovoz bilan kirib kelgan Kortasar, Gabriel Markes, Vargas Losa, Karlos Fuentes, Ernesto Sabato bu adib asarlaridan ilhomlanib, ulardan kuch olib o‘z ijod yo‘lini tanlashganini e’tirof etishgach, unga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. U qaytadan o‘qila boshlandi va qayta kashf qilindi. Shundan so‘nggina Onettini munosib tarzda e’tirof etishga kirishishdi. 1980 yili unga xorij adiblaridan birinchilardan bo‘lib Servantes mukofoti berildi, ayni shu yili uning nomzodi Nobel mukofotiga qo‘yildi.

Adib 1994 yili Madridda vafot etdi.

Onettining «O‘pqon», «Egasiz yer», «Verf», «Murda yig‘uvchi», «Qisqa hayot» kabi romanlari hamda novellalari jahon adabiyotining o‘ziga xos uslubda yozilgan durdonalari bo‘lib qoldi.

Nazar Eshonqul