O‘tgan asr boshlarida shakllanib, bugunga qadar jahon ilmiy-adabiy tafakkuri, xususan, nazariy adabiyotshunosligida avangard bo‘lib kelayotgan Mixail Baxtin (1895–1975) fenomenini tasodif deb bo‘lmaydi. Jahon ilmiy-adabiy tafakkurining uzviy bir qismi bo‘lgan bu hodisa mohiyatini bir yoki bir nechta omil bilan tushuntirish ham mumkin emas. M.Baxtin degan hodisa nainki tayanch omillarining ko‘pligi bilan, balki muayyan qonuniyat, aniq tizimga asoslanishi bilan ham Aristotel, Shekspir, Gegel, Dostoyevskiy singari hodisalardan kam ahamiyat kasb etmaydi. Shunga ko‘ra, M.Baxtin shaxsiyati va ijodiy merosiga madaniy-tarixiy, badiiy-estetik, ilmiy-nazariy jihatdan maxsus yondashish orqaligina muayyan natijalarni qo‘lga kiritish mumkin.
M.Baxtin mansub rus poetika ilmining ibtidosi XVI asr oxirlariga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislarning qayd etishicha, ilk bor Lavrentiy Zizaniy-Tustanovskiyning “Slavyan grammatikasi…” (1596) kitobida tilshunoslikka oid ma’lumotlar qatori she’riy vazn xususida ham axborot berilgan[1]. Bu rus adabiyotshunosligi tarixida ilmiy-nazariy fikrning dastlabki yozma ifodasi edi. Ammo ayni kitobda qayd etilgan nazariy ma’lumot qadim yunon poetika ilmidan boshlanib, Yevropa adabiyotshunoslari tomonidan qayta-qayta ishlangan umumlashma-ta’riflarning takrori edi, xolos. Bu an’ana rus adabiyotshunosligida Zizaniydan keyin ham qariyb uch yuz yil davom etdi. Xususan, M.Smotritskiy, F.Prokopovich, V.Trediakovskiy, M.Lomonosovlarga qadar, toki XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarigacha rus adabiyotshunosligining yetakchi tamoyili bo‘lib keldi. Bunday tamoyillar yetakchilik qilgan uch yuz yillik jarayonni, shartli ravishda, rus adabiyotshunosligining taqlidiy-klassitsizm davri deb nomlash mumkin. Chunki V.Belinskiy maydonga chiqqungacha bo‘lgan davr rus adabiyotshunosligi, asosan, qadim Yunoniston, Yevropa, ayniqsa, nemis nazariy adabiyotshunosligining ta’sirida ediki, bu jarayonning ko‘p o‘rinlarda plagiatgacha borib yetgani mutaxassislarga yaxshi ma’lum. Faqat Belinskiy davriga kelib, rus adabiyotshunosligida taqlidiy-klassitsizm an’analariga, sxematizm va plagiatga qarshi kurash boshlandi. Nazariy qarashlarni bayon etishda bevosita adabiy-tarixiy jarayon, badiiy voqelikdan kelib chiqish tamoyili o‘rtaga tushdi.
Ammo shunga qaramasdan, Belinskiy davri rus adabiyotshunosligini ham klassitsizm tamoyillari va hatto taqliddan yuz foiz xoli, mustaqil nazariy adabiyotshunoslik sifatida baholay olmaymiz. Mavjud dalillar bunga imkon bermaydi. Masalan, ilmiy-adabiy faoliyatining asosiy qismini adabiy-tarixiy jarayondagi taqlidchilik va plagiatga qarshi kurashga sarflagan Belinskiyning mashhur “Poeziyaning tur va xillarga bo‘linishi” asari nemis mutafakkiri Gegel “Estetika”sidagi fikrlarning ma’lum tartib, manba o‘zgarishlari asosidagi sharhi, deyish mumkin. Qolaversa, Belinskiyning boshqa ko‘plab asarlarida nazariy adabiyotshunoslik tamoyilidan ko‘ra sotsiologik tahlil va adabiy tanqid tamoyillari yetakchilik qiladi. Tanqidchining adabiyotdagi “xalqchillik”, “uslub”, “adabiy qahramon”, “ijodkor”, “adabiy oqimlar va metodlar” haqidagi fikrlari nazariy emas, ko‘proq tanqidiy tafakkur umumlashmalari tasavvurini beradi. Demak, bundan kelib chiqadiki, rus adabiyotshunosligi hatto XIX asrning birinchi yarmida ham nazariy adabiyotshunoslikning boshlang‘ich bosqichini yashayotgan edi.
Adabiyotshunoslikdagi Belinskiy boshlab bergan sotsiologik tahlil an’analari XIX asr so‘nggiga qadar A.Gertsen, N.Chernishevskiy, N.Dobrolyubovlar tomonidan izchil davom ettirildi. Bevosita rus adabiyoti manbalari asosida qator adabiy-estetik muammolar talqin etildi. Garchi, bu davr rus adabiyotshunosligi taqlidchilik va plagiatdan uzilib, bir necha qadam olg‘a bosishga erishgan bo‘lsa-da, undagi yetakchi tamoyil sotsiologik tahlilligicha qolaverdi. Shularga qaramasdan, ayni jarayon rus nazariy adabiyotshunosligining shakllanishida ikki jihatdan ta’sir ko‘rsatdi. Birinchidan, Yevropa adabiyotshunosligi ming yillar davomida shakllantirgan ilmiy-nazariy bazaning tizimli ravishda o‘zlashtiruv jarayoni yuz berdi. Ikkinchidan, mana shu nazariy baza negizida rus folklori, A.Pushkin, N.V.Gogol, M.Lermontov, L.Tolstoy va boshqa ijodkorlar asarlari o‘rganildi. Adabiy-tarixiy jarayonga bir butun hodisa sifatida yondashish tamoyili vujudga keldi.
Shu davrlarda Yevropa adabiy-estetik tafakkuri negizida shakllangan “akademik maktablar” ham rus adabiyotshunosligi taraqqiyotiga, nazariy fikrning mukammallashuviga xizmat qildi. Mifologik, madaniy-tarixiy, qiyosiy-tarixiy, formal, psixologik maktablar faoliyati bu fikrga to‘la asos beradi. Keyinchalik ushbu maktablar bilan yonma-yon, Rossiyadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning o‘zgarishi natijasida vujudga kelgan marksistik metodologiya sovet adabiyotshunosligi davr taqozosiga ko‘ra yetakchi nuqtai nazarga aylandi. XX asrning 80-yillariga qadar izchil faoliyat ko‘rsatdi. Biroq XIX asr oxirlari – XX asr boshlarida shakllangan akademik ilm sho‘rocha shart-sharoit, sho‘ro adabiyotshunosligi tarkibida ham muayyan shakl-mazmunda yashab keldi.
Ayni davr ilmiy-nazariy tafakkuri xususida so‘z yuritishar ekan, rus adabiyotshunoslari, asosan, ikki nomga urg‘u beradilar: “XIX asr vatanimiz adabiyotshunoslik ilmini F.Buslayev, A.Pыpin, N.Tixonravov singari yorqin nom sohiblari namoyon etishgan. Ammo bu ko‘zni qamashtiradigan fonda ikki nom o‘zining tafakkur teranligi va originalligi bilan ajralib turadi: Aleksandr Afanasevich Potebnya (1835–1891) va Aleksandr Nikolayevich Veselovskiy (1838 –1906)”[2].
A.Potebnya mashhur psixologik maktabning asoschisi. Olimning davr, ijodkor, badiiy asar, badiiy obraz, badiiy uslub singari mustaqil, ayni paytda, o‘zaro bog‘liq fenomenlarga psixologik yondashuv metodologiyasi adabiyotshunoslik ilmiga o‘ziga xos rezonans bag‘ishladiki, bu jarayon hamon davom etyapti. A.Veselovskiy esa rus, shu bilan birga, dunyo adabiyotshunosligiga “tarixiy poetika” deb nomlangan yangi bir tamoyilni olib kirdi. O.Freydenbergning qat’iy e’tirofiga ko‘ra, A.Veselovskiyga qadar poetika ilmi mahdud bir sharoitda yashab kelgan. Ungacha bo‘lgan olimlar poetik kategoriyalar asosida tarixiy kategoriya yotishini tasavvur qilmay, adabiyot tarixini yalang‘och nazariy bazalarga qurishgan. Adabiy-tarixiy jarayondagi izchillik, poetik sistemani e’tiborga olishmagan. Shu bois ham A.Veselovskiy kashfiyotini bevosita adabiyotshunoslikning yangi bosqichi deyish mumkin[3].
Agar rus ilmiy-adabiy tafakkuridagi ayni jarayonlarni qiyoslab, bir tizimga soladigan bo‘lsak, zamonaviy rus adabiyotshunosligining uchinchi yirik bosqichi sifatida nazariy adabiyotshunoslikni, ya’ni M.Baxtin adabiy-estetik tafakkurini e’tirof etmay ilojimiz yo‘q.
Ta’kidlash joizki, M.Baxtin shakllangungacha bo‘lgan rus adabiyotshunosligi jahon xalqlari estetik tafakkuriga oid ko‘plab adabiy va nazariy asarlar tarjimasiga ega edi. Uning tarkibida bir emas, bir nechta xorij tillarini biladigan, shu tillarda fikrlay, yoza oladigan mutaxassislar, olimlar, bu bilimlarni mahorat bilan yetkazishga qodir mohir pedagoglar bor edi. M.Baxtin mana shunday muhitda shakllandi. Keyinroq uning o‘zi ham bir nechta xorij tillarini mukammal o‘zlashtirdi, adabiy va nazariy manbalarni bevosita originalda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. M.Baxtin tadqiqotlarida ishlatilgan ilmiy terminologiya, havolalarga e’tibor qaratgan kishi u istifoda etgan asarlarning aksariyati lotin, italyan, ispan, ingliz, frantsuz, nemis tillarida ekaniga amin bo‘ladi. U talabalik yillari va Frantsua Rable ijodiga doir nomzodlik tadqiqotini tayyorlash jarayonida jahon adabiyoti, adabiyotshunosligi, falsafasi, estetikasi va tarixiga doir asarlarni o‘rgandi. Bunday tizimli o‘qish-o‘rganish, adabiy-tarixiy jarayondagi katta-kichik hodisalarni umumlashtirish, tasniflash va tahlillash imkoniyatini berdi. M.Baxtin kashfiyotlari mana shunday tizimli tadqiqotlar natijasi o‘laroq maydonga keldiki, bu bizga olimning ijodiy individualligi, yuksak iste’dodi, fenomenal tadqiqotchilik imkoniyatlarini e’tirof etgan holda, “Baxtin tasodif emas edi, uning shakllanishida tarixiy davr, ilmiy-adabiy muhit, o‘zigacha mavjud nazariy bazaning ulkan ahamiyati bor”, degan xulosani ilgari surish huquqini beradi.
Badiiy adabiyot naqadar qamrovdor va erkin ijod turi hisoblanmasin, bu hodisaga xos yangi qonuniyatlarni kashf etish oson emas. Shuning uchun jahon adabiyotshunosligi Aristoteldan bugungacha qo‘lga kiritgan har bir yangilik qiymati Eynshteyn, Nyuton, Mendeleev kashfiyotlaridan kam ahamiyat kasb etmaydi. Adabiyotshunoslik xazinasiga M.Baxtin tuhfa etgan kashfiyotlar soni esa ko‘p ham, kam ham emas. Balki aynan bir favqulodda iste’dod egasi tuhfa etishi mumkin bo‘lgan darajada zarur va ulkan ahamiyatga ega kashfiyotlardir. Eng muhimi, bu kashfiyotlarning barchasi insoniyat badiiy tafakkuri, badiiy adabiyot manbalari, konkret adabiy matnlar tadqiqi va tahlili jarayonida vujudga kelgan.
Bizningcha, M.Baxtin chuqur asoslagan, mohiyatan yangi nazariy adabiyotshunoslik metodologiyasi uchta mustahkam tayanch manba ustiga qurilgan. Bularning birinchisi, Yevropa ilmiy-adabiy tafakkurida markaziy o‘rin tutuvchi Aristotel “Poetika”sidan M.Baxtingacha bo‘lgan nazariy adabiyotshunoslik, ularda qayd etilgan kanonlar, kategoriyalar va kriteriylar tizimidir. Istaymizmi-yo‘qmi, Odessa universitetining tarix-filologiya fakultetiga o‘qishga kirib, keyinroq o‘qishini Sankt-Peterburg universitetida davom ettirgan M.Baxtin dastlab an’anaviy adabiyotshunoslik ta’sirida bo‘lgan, uni mukammal darajada egallashga uringan. Bu jarayonda nazariy adabiyotshunoslik ilmining alifbosidan tortib, eng chigal, murakkab muammolariga qadar o‘rgangan. Badiiy adabiyotga oid dastlabki qarashlari shu asosda shakllangan. Ikkinchidan, M.Baxtin ilmga kirib kelayotgan davrlarda rus adabiyotshunosligida ro‘y bergan kontseptual o‘zgarishlar, “akademik maktablar”, xususan, A.N.Veselovskiy asos solgan “tarixiy poetika” – estetik tafakkurni adabiy-tarixiy aspektda o‘rganish, nazariy va tarixiy aspekt sintezi natijasida maydonga kelgan metodologiya – baxtinona nazariy tafakkurni harakatga keltirgan. Negaki, M.Baxtin tadqiqotlarining birortasi tarixiy va nazariy poetika sintezisiz amalga oshirilmagan. Mana shu ikki omil bilan yonma-yon, ularning sintezi asosida vujudga kelgan uchinchi tayanch manba bo‘lib, sof baxtincha falsafiy tafakkur, intuitiv mushohada, badiiy tahlil, erkin tafakkur xizmat qilgan.
Ushbu uch omil natijasida maydonga kelgan M.Baxtin kashfiyotlarining eng muhimlari, bizningcha, quyidagilar:
Dialog nazariyasi. M.Baxtinga qadar ham falsafa, estetika, adabiyotshunoslikka doir ishlarda dialog tushunchasi va u haqdagi fikr-qarashlar mavjud edi. Yevropa falsafiy-badiiy tafakkurining ilk davrlarida – Suqrot, Platon, Aristotel asarlarida – dialogning muayyan adabiy janr doirasida qo‘llanishidan tashqari, falsafiy fikrning yetakchi ifoda shakli ekani ochiq-oydin ko‘rinadi. Faylasuf o‘z qarashlarini o‘rtaga tashlar ekan, albatta, uni fikrlashga undovchi, bahslashuvchi, ba’zi fikrlarini tasdiqlovchi suhbatdoshga ehtiyoj sezgan. U xoh Platon dialoglaridagi “yalang‘och daho” singari adresati aniq shaxs (Suqrot), xoh xayoliy-abstrakt suhbatdosh sifatida namoyon bo‘lsin, har qachon o‘zining dialog tashkillovchilik funktsiyasini saqlab qolgan. Mohiyatan har qanday harakat, faoliyatning asosida turuvchi fenomen hisoblangani bois keyinchalik barcha gumanitar sohalarda, hatto tabiiy fanlarda ham asosiy kategoriyalardan biriga aylangan. Yevropa falsafasida har jihatdan ishlangan, rivojlantirilgan dialogiklik ijtimoiy hayotning ham muhim sharti o‘laroq talqin etilgan.
Dialogik nutq shakli tarixan har uchala adabiy tur doirasida yashab kelgan bo‘lsa-da, uning spetsifik jihatdan dramatik turga yaqinligi deyarli barcha nazariy adabiyotshunoslik asarlarida qayd etib kelinar edi. Ammo XVIII asrning ikkinchi yarmi – XIX asr ibtidosidan boshlab, turli madaniy, ma’naviy, ijtimoiy o‘zgarishlar sabab adabiy turlar spetsifikasida yangilanishlar ko‘zga tashlandi, tur va janrlar aro sintezlashuv jarayonlari ro‘y berdi. Xususan, sentimentalizm adabiyoti ta’sirida nasriy janrlarga chuqur psixologizm, naturalizm ta’sirida voqelikni detallashtirib ifodalash usuli kirib kelgan bo‘lsa, romantizm ayni janrni lirizm bilan to‘yintirdi. Endilikda ochiq dialogga asoslangan, bir qadar ommaviy dramaturgiya o‘z o‘rnini anchayin mahdud, shu bilan birga, elitar o‘quvchi ehtiyojlarini ifodalay oladigan psixologik nasrga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi. Natijada epik tur, ayniqsa, roman janrining shakl va mazmun nuqtai nazaridan yangi namunalariga nisbatan talab kuchaydi. Rus yozuvchisi Fyoodor Dostoyevskiy nasri mana shunday madaniy-ma’naviy, ijtimoiy-psixologik jarayonlarning hosilasi ediki, M.Baxtin kashf etgan dialog nazariyasi ko‘proq ayni manbaga tayanadi.
M.Baxtin mana shunday badiiy tafakkur namunalari tahlili asosida ilgari surgan dialog nazariyasi falsafa, estetika va adabiyotshunoslik tarixidagi an’anaviy dialog nazariyalaridan tubdan farq qiladi. M.Baxtinning dialog nazariyasi bu ijtimoiy-psixologik, falsafiy-badiiy fenomenga nisbatan tamomila yangicha yondashuv mahsuli ediki, uning ilmiy va amaliy ahamiyati ham shunda.
M.Baxtinga qadar dialog hodisasi, asosan, ikki qarama-qarshi qutblar orasidagi o‘zaro munosabatning dialektik birligi deb tushunilgan. Bunda dialogik vaziyatdagi qarama-qarshi ta’sir va buning natijasida paydo bo‘ladigan harakatga urg‘u berilgan. Osmon Yer bilan, ezgulik yovuzlik bilan, kun tun bilan, suv olov bilan doimiy ziddiyatda yashaydi, borliqdagi barcha katta-kichik harakatlar, faoliyatlar ayni qonuniyat asosida maydonga keladi, degan yagona kontseptsiya ilgari surilgan. M.Baxtin dialog nazariyasining yangiligi shundaki, u ayni hodisaning yagona qutb doirasida voqe bo‘lish qonuniyatini badiiy asar va undagi inson obrazi tahlili asosida ochib berdi. Ya’ni, juftlik hodisalar o‘zaro zid holatda dialogiklik kasb etgani holda, yakka holatida ham (Er, ezgulik, kun, suv kabi) ichki dialogik struktura va mazmunga ega. Jamiyatda (yoki badiiy asar dunyosida) o‘zining muqarrar antipodiga ega odam neytral holatda ham o‘zining botiniy antipodi bilan yashaydi. Bu hodisa badiiy asarda ichki dialog (mikrodialog) tarzida kuzatiladi. Xuddi shu xarakterdagi inson obrazi, M.Baxtin dialog nazariyasiga ko‘ra, badiiy asar chegaralarini buzib, ijtimoiy odam hududiga ko‘chishi, unda muayyan maqom egallashi mumkin. Ayni bois dialog chek-chegara bilmaydi va har qanday holatda intihosizdir.
Olim F.Dostoyevskiy nasridagi dialog strukturasini talqin etar ekan: “Dostoyevskiy badiiyat dunyosi markazida dialog turishi lozimligi o‘z-o‘zidan tushunarli. Unda dialog vositadan ko‘ra maqsad bo‘lib xizmat qiladi. Bu o‘rinda dialog harakat maydoniga olib chiquvchi eshik emas, balki aynan harakatning o‘zidir… Mavjudlik – muloqotga kirishmoq. Muloqot to‘xtagan joyda hamma narsa tugaydi”[4], degan fikrni ilgari suradi. Demak, M.Baxtin talqinidagi dialog fenomeni nafaqat badiiy asar syujeti, kompozitsion qurilishi, obrazlari harakatini, balki bir butun poetik voqelik mohiyatini tashkil etadi. Uning bevosita tirik jarayon, jonli so‘z va ayniqsa, faoliyatdagi inson bilan spiralsimon munosabatini yuzaga keltiradi. Badiiy asar dunyosida harakatlanuvchi odam obrazi doimiy muloqot vaziyatida yashaydi. Unga oid har qanday nutq mohiyatida dialog turadi. U har qanday holatda, qay shaklda (dialogik, mikrodialogik, monologik, polifonik) muloqotga kirishmasin, albatta, qarshisidagi “o‘zga” obrazini his qilib turadi. “Dostoyevskiy dialogining qolipi juda oddiy: odamning odam bilan – “men” va “o‘zga” sifatidagi qarama-qarshiligidir”[5], deb yozadi bu haqda M.Baxtin. Ammo mazkur qarama-qarshilik absolyut ma’nodagi ikki nuqtai nazarni anglatmaydi. “Men” “o‘zga” bilan muloqotga kirishar ekan, botinidagi g‘ayri qutbni tasdiqlashi, inkor qilishi, aldashi, avrashi, unga munojot qilishi, tazarru etishi mumkin. “O‘zga” funktsiyasini esa “men”dan boshqa barcha – Yaratgandan tortib, ota-ona, aka-uka, opa-singil, yor, do‘st, dushman, qo‘shni, ustoz, shogird bajarishi mumkin. M.Baxtin dialog nazariyasining o‘ta nozikligi va murakkabligi ham shunda.
Syujet tizimida o‘zining haddi a’losiga yetgan dialog badiiy asar dunyosiga sig‘may qoladi. Endilikda u sun’iy muloqot (badiiy, yozuvchi tomonidan uyushtirilgan) maqomidan jonli muloqot maqomiga o‘tadi. “Garchi, ochiq-oshkor shaklda bo‘lmasa ham, xuddi shu “o‘zga”ning qo‘yilishi, shubhasiz, Dostoyevskiy dialogining mazmun-mohiyatini belgilaydi: ular syujet vositasida tayyorlangan, ammo ularning kulminatsion nuqtalari – dialoglar cho‘qqisi – syujetdan oshib o‘tib, abstrakt doiraga yuksaladi, odam bilan odamning chinakam munosabatiga aylanadi”[6]. Olimning ushbu fikridan kelib chiqib shunday xulosa qilish mumkinki, u kashf etgan dialog hodisasi faqat adabiyot, falsafa, estetika yoki fan va san’at sohasiga daxldor emas. Uning dialog nazariyasi keng ma’noda ijtimoiy, umumbashariy mohiyatga ega.
Polifoniya nazariyasi. Olimning bu nazariyasiga ham F.Dostoyevskiy ijodi asos bo‘lgan. “Biz Dostoyevskiyni badiiy shakl sohasidagi ulkan kashfiyotchilardan biri, deb hisoblaymiz. Komil ishonch bilan aytamizki, u badiiy tafakkurning, biz shartli ravishda p o l i f o n i k deb atagan, tamomila yangi tipini kashf etdi”[7]. Polifoniya istilohini M.Baxtin musiqa nazariyasidan o‘zlashtirgan. Polifoniya bir nechta teng huquqli ovozlarning bir paytda uyg‘un ravishda yangrashini bildiradi[8]. Musiqa nazariyasidan adabiyot nazariyasiga o‘tgan ushbu termin endilikda ma’no jihatidan kengayadi. Agar musiqadagi ovoz, asosan, melodiya – musiqiy tovush ma’nosini anglatsa, M.Baxtin har qanday badiiy ovoz (golos) tushunchasi ostida mustaqil odamni ko‘radi. “Aynan yozuvchi ijodiy niyatiga ko‘ra, Dostoyevskiy bosh qahramonlari nainki muallif so‘zining ob’ektlari, balki mutlaq ma’noda o‘z so‘zlarining sub’ektlari hamdirlar… U asar strukturasida tom ma’noda mustaqil, eng muhimi, bu ovoz muallif va boshqa qahramonlar ovozi bilan bir qatorda qo‘shilib oqadi”[9].
Polifoniyadagi har bir ovoz mustaqil odamni bildiradi. U muallif ovozining takrori yoki aks-sadosi emas. Bu ovoz polifoniya deb atalgan maydon ichida muallif va boshqa qahramonlar ovozi bilan bir qatorda harakatlanishi, o‘zga ovozlar bilan qo‘shilishi, ulardan ajralib chiqishi, ularni tasdiq yoki inkor etishi, hatto o‘zga ovozlarga qarshi isyon ko‘tarishi mumkin. Har bir ovozning o‘z dunyosi, nuqtai nazari, g‘oyasi bor. U bularning barchasini himoya qilish, polifoniya doirasida namoyon etish va bu maydonda g‘olib yoki mag‘lub bo‘lish huquqiga ega. Qizig‘i shundaki, hatto muallif ovozining to‘la ma’nodagi mag‘lubiyati ham boshqa ovozlar faoliyatining o‘zgarishi va so‘nishiga olib kelmaydi. Shunga ko‘ra polifoniya, ba’zi o‘zbek adabiyotshunoslari qayd etganlaridek, ma’no serqatlamliligi, ko‘pma’nolilik emas. Undagi har bir ovoz bir mustaqil olam, ulkan dunyo ichidagi dunyochadir.
Mana shu ovozlardan har biri polifoniya olami ichra mustaqil yashashi, bunda teng huquqli dunyo maqomini olishi uchun quyidagi uch falsafiy-badiiy, ruhiy-ma’naviy komponentga ega bo‘lishi lozim. Birinchidan, har bir ovoz ham tashqi, ham ichki tomondan dialogik mohiyat kasb etadi. Bunda u, yuqorida to‘xtalganimizdek, o‘zi uchun “o‘zga” maqomidagi barcha ovozlarga nisbatan oppozitsiyada turadi. Shu tariqa qahramonning mustaqil dialogiklashuvi jarayoni asar boshidan oxiriga qadar davom etadi. Ikkinchidan, har bir ovoz o‘z-o‘zicha ideolog sifatida namoyon bo‘ladi. Badiiy asar dunyosida o‘z yo‘li, dunyoqarashi, pozitsiyasini o‘rtaga tashlash, himoyalash, o‘tkazish huquqi uchun kurashadi. Bunda u o‘zi bilan teng maqomda turuvchi g‘oyalar bilan dialogga kirishuvi barobarida, muallif g‘oyasiga nisbatan ham mutlaq qarshiligini oshkor qila oladi. Hatto ba’zi o‘rinlarda muallif mafkurasini inkor etishi, unga tenglashuvi, undan o‘zib ketishi ham mumkin. Shu bilan birga, har qaysi mustaqil ovoz – ideolog o‘zining ichki polifoniyasi bilan tug‘iladi va hayot kechiradi. Uchinchidan, ayni polifonik dunyoda bir butun dialogik voqelik sifatida yashayotgan, mustaqil g‘oyasini namoyon etib turgan ovoz (qahramon) syujet davomida ro‘y berayotgan harakat hamda voqeliklar tizimida fenomenal qiyofa kasb etadi, o‘zini kashf etadi, anglaydi. Qizig‘i shundaki, bu murakkab jarayon maromiga yetgan nuqtada qahramonning tom ma’nodagi mustaqil hayoti boshlanadi. Natijada u asar badiiyat dunyosi bilan parallel ravishda real hayot, jonli nutq hududida ham yashay boshlaydi.
Shunday qilib, M.Baxtin F.Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar”, “Telba”, “Jinoyat va jazo” kabi asarlari asosida polifoniya nazariyasini ishlab chiqdi. Polifonik romanning tarixiy, maishiy, biografik romanlardan tamomila farq qiladigan, yangi roman shakli ekanini isbotladi. Unga xos kriteriylarni belgilab berdi.
Epos va roman masalasi. M.Baxtinning qat’iy xulosasiga ko‘ra, adabiy janrlar ichida romanchalik beqaror, shakl va mazmunini doimiy o‘zgartirib turadigan, muayyan qolipga bo‘ysunmaydigan ikkinchi bir janrni topish qiyin. “Roman nazariyasining favqulodda qiyinligi mana shundan kelib chiqadi. Zero, bu nazariyaning ob’ekti mohiyatan boshqa janrlar nazariyasi ob’ektlaridan tamomila farq qiladi. Roman – shunchaki janrlar ichidagi janr emas. Bu – allaqachon suyagi qotib ulgurgan va qisman, halokatga yuz tutgan janrlar ichidagi yakkayu yagona shakllanayotgan janrdir. Bu – jahon tarixining yangi davri maxsuli va shuning uchun ham uning o‘ziga bag‘oyat hamohang birdan-bir janrdir; boshqa janrlar esa, yangi davrga tayyor holda o‘tmishdan meros bo‘lib o‘tganlar, ular yangi hayot sharoitlariga – biri yaxshiroq, biri yomonroq tarzda – moslashadilar xolos”[10].
Roman adabiy janrlar taraqqiy etgan davrlarda ro‘y beradigan umumiy sintezlashuv, kanonlashuv, uzviylashuv jarayonlarida ishtirok etmaydi. Adabiy janrlarning ulkan tserkulyativ harakatlaridan chetda turadi. Ayni paytda boshqa janrlar taraqqiyotiga ham, shakl va mazmuniga ham o‘z-o‘zicha ta’sir ko‘rsatadi. Bu poetik ta’sirlanuv hodisasidan nafaqat nasriy janrlar, balki lirik va dramatik janrlar ham bebahra qolmaydi. Ayni holat romanning boshqa janriy shakllanuv jarayonlarida tobe sifatida emas, yagona hokim kuch sifatida ishtirok etishini, o‘z-o‘zicha harakat va o‘zgarishdagi, zamon harakati, tabiati bilan hamqadam janr ekanini ko‘rsatadi. Ya’ni, “Roman yangi dunyoning shakllanish tendentsiyalarini barcha janrlardan ko‘ra yaxshiroq ifoda eta olgani uchun ham yangi zamon adabiy taraqqiyoti dramasining yetakchi qahramoniga aylanadi…”[11]. M.Baxtinga ko‘ra, roman janriga xos bunday murakkabliklar adabiyot nazariyasini boshi berk ko‘chaga olib kelib qo‘yadi. Ayni paytda roman, Aristoteldan bugunga qadar jiddiy kanonik o‘zgarishlarga uchramagan boshqa janrlardan farq qilaroq, nazariy qonuniyatlarni o‘zgarishga majbur qiladi.
M.Baxtin o‘zigacha mavjud roman nazariyasiga oid ishlardan haqli ravishda qoniqmaydi. Ma’lum darajadagi yangi fikrlarning esa ko‘proq adabiyotshunoslar tomonidan emas, balki amaliyotchilar – turli adabiy oqimlarga asos solgan yozuvchilar tomonidan ilgari surilganini alohida ta’kidlaydi. Haqiqatan ham, M.Baxtingacha o‘rtaga tashlangan aksariyat nazariy ta’riflar roman janri xususiyatlarini aynan ifodalay olmagan, bu ta’rif-belgilarni yo boshqa janrlarlarda ham uchratish yoki romanning boshqa shakllarida mutlaq topmaslik mumkin edi. Masalan, roman ko‘pplanli janr deyilgani holda bir planli romanlarning, roman muammoli janr deyilgani holda ommaviy romanlarning urchib ketgani, roman ishq-muhabbat tarixi deyilgani holda bu mavzuga yaqin ham kelmaydigan ko‘plab Yevropa romanlarining mavjudligi, roman nasriy janr deyilgani holda she’riy romanlarning to‘lib-toshib yotgani va h. k. Shuning uchun ham “…tadqiqotchilarga romanning shunday bir aniq va mustahkam belgisini ko‘rsatish nasib etgani yo‘qki, unda “ammo-lekin”lar bo‘lmasa va ular ko‘rsatilgan belgini janriy xususiyat sifatida yo‘qqa chiqarmasa”[12].
Xo‘sh, unda M.Baxtinning o‘zi roman nazariyasiga nima qo‘sha oldi?
Ta’kidlash joizki, olimning roman janri xususida kelgan to‘xtamlari adabiy-tarixiy jarayonni tizimli o‘rganish, adabiy manbalarga tarixiy poetika printsiplari asosida yondashish natijasidir. U roman janrining o‘zigacha hech bir adabiyotshunos qayd etmagan, yangi va asoslangan uchta xususiyatini belgilab berdiki, bu roman nazariyasi taraqqiyotiga salmoqli ta’sir ko‘rsatdi. “Bular: 1) romanning o‘z tarkibida amalga oshadigan ko‘ptilli tafakkur bilan bog‘liq uslubiy uch o‘lchovliligi; 2) roman badiiy obraziga xos zamon koordinatlarining tubdan o‘zgarishi; 3) badiiy obrazning romandagi yangi qurilish zonasi va uning hozirgi notugal zamon bilan maksimal bog‘liqligi”[13].
Roman janri tillar va madaniyatlararo qorishuv, ko‘ptilli tafakkurning natijasi hisoblanadi. Xuddi shu jihatdan boshqa adabiy janrlardan farq qiladi. Agar boshqa qadimiy janrlar fabulaviy qurilishi bir o‘lchovli uslub qoidalariga bo‘ysundirilgan, shakl va mazmun tomonlama shu tarzda kanonlashtirilgan, badiiy tafakkur nisbatan sof tillarda o‘zini namoyon etgan bo‘lsa, milliy tillar mahdud holatda yashaydigan, madaniyatlar qorisha boshlagan, turli tillar ochiq maydonda bir-biri bilan jonli muloqotga kirishgan davrlardan boshlab, ko‘ptilli badiiy tafakkur maydonga keldi. Bunday jarayonlarning natijasi bo‘lib esa roman tafakkuri, romanga xos ko‘ptilli badiiy tafakkur ishga tushdi. Bu ko‘proq milliy tillar strukturasida emas, ijodkor badiiy tafakkurida ro‘y berdi. Ya’ni ijodkor badiiy tafakkurida sintezlashdi, qayta ishlandi va roman tili, romanga xos uch o‘lchovli uslub sifatida namoyon bo‘ldi.
Olim romanning jahon xalqlari badiiy tafakkurida vujudga kelgan tamomila yangi poetik voqelik ekanini biror boshqa janr bilan qiyosan emas, aynan eng qadimiy va universal janr bo‘lmish – epos[14] bilan qiyosan isbotlab berdi. Buning bir sababi epos va romanning shakl jihatidan nisbiy yaqinligi bo‘lsa, boshqa sababi M.Baxtingacha ba’zi tadqiqotchilarning bu ikki janr o‘rtasidagi qarindoshlik masalasiga urg‘u berganlari edi. Bundan tashqari, olim romanga qiyoslash bahonasida epos janri spetsifikasini ham yoritishni ko‘zlaydi va bunga ma’lum darajada erishadi ham.
M.Baxtin to‘xtamiga ko‘ra, eposning predmeti, avvalo, milliy epik o‘tmish yoki “mutlaq o‘tmish”dir. Ikkinchidan, epos muayyan shaxs (ijodkor)ning hayotiy tajribasi va shu tajriba asosida tug‘ilgan badiiy to‘qimadan emas, azaldan mavjud, shakllanib bo‘lgan milliy rivoyatlar va afsonalardan tarkib topadi. Uchinchidan, epos zamoni, undagi obrazlar baxshi va tinglovchi (o‘quvchi)lar zamonidan qat’iy chegara bilan ajratilgan bo‘ladi.
M.Baxtinning mazkur xulosalari, shubhasiz, chuqur asosga ega. Har qanday epos namunasining asosi bashariyat yoki millatning ijtimoiy, madaniy, ruhiy-ma’naviy tarixidir. Jahon xalqlari obrazli tafakkuriga mansub barcha eposlarni to‘plab o‘rganilsa, ularning syujet, motivlar, obraz va detallari tipologiya qoidasiga bo‘ysunishiga, ya’ni yagona qolipga tushishiga amin bo‘lamiz. Buni diqqat markazida tutgan M.Baxtin epos haqida fikr bildirayotib, muayyan millat ijodiyoti namunasini ajratib ko‘rsatmaydi. Umuman, epos va uning spetsifik jihatlari haqida so‘z yuritadi.
Olimning fikricha, epos dunyosi “ota-bobolar va bobokalonlar”, “birinchilar” va “eng yaxshilar” dunyosidir. Shuning uchun ham bu dunyo, unda harakatlanadigan qahramonlar, tasvir etilgan voqelik mutlaq daxlsiz hisoblanadi. Bu o‘rinda janr ham, undagi qahramonlar ham yuz foiz kanonlashtiriladi. O‘zgarmaydigan, daxl etib bo‘lmaydigan xotira aytuvchi yoki tinglovchi dunyosidan qat’iy chegara bilan ajratiladi. Uni faqat xotirada saqlash, aytib berish va unga havas qilish, undan ibrat olish mumkin. Epik o‘tmishni o‘zgartirish, qayta idrok etish, qayta baholash mumkin emas. Bir so‘z bilan aytganda, eposning aytuvchisi va tinglovchisi mutlaq o‘tmish kishilari, ular boshdan kechirgan voqelik bilan muloqotga kirishar ekan, unga ideal sifatida qaraydi, uni o‘z zamonasi va shu zamondoshlari bilan solishtiradi. Bu jarayonda esa epos voqeligi va qahramonlarini emas, o‘z-o‘zini qayta idrok etadi, baholaydi. Mana shunday retseptsiya jarayonlarida murakkab psixologik holatlar sodir bo‘ladi. Zamonaviy odam go‘yo o‘z-o‘ziga, o‘z vijdoni oldida hisobot beradi. Chunki zamonaviy odam o‘z davrini ham, zamondoshi bo‘lgan muayyan shaxsni ham ideal sifatida qabul qila olmaydi. U ideal qahramonni uning o‘zi uchun bir qadar mavhum genetik xotiradan, bobolar shaxsiyati, kechmishidan qidiradi. Qadim yunon didaktik adabiyotining otasi Gesiod o‘zining “Mehnat va kunlar” nomli kitobida o‘tmishni bashariy ideallar, yuksak etika nuqtai nazaridan “oltin davr”, “kumush davri”, “mis davri”, “mardu maydonlar davri (Troya davri)” va “hozirgi davr (ya’ni Gesiodning o‘z davri)” tarzida tasniflagan edi. M.Baxtin epos nazariyasida ko‘zda tutilgan o‘tmishning daxlsizligi, mutlaqligi haqidagi psixologik jarayon mana shu tasnifda ham yaqqol ko‘rinadi. Zotan, zamonaviy odam nazdida – o‘z zamonasi mukammal emas, kelajak esa mavhum. Faqat o‘tmishgina mukammal, ideal qidirishga loyiq dunyodir.
Garchi, M.Baxtin yashagan sho‘rolar tuzumi, qolaversa, olim mansub materialistik nuqtai nazar bunday xulosani ilgari surish imkonini bermagan bo‘lsa-da, epos borasida qayd etilgan jarayonlar faqat psixologik holatlar, mavhum tuyg‘ular yoki mutlaqlashtirilgan an’analar bilangina bog‘liq emas. Ularda real voqelik unsurlari ham borki, buni hech ikkilanmasdan, bashariyat uzoq o‘tmish davomida unuta boshlagan oliy realliya unsurlari deyish mumkin. Bunday unsurlar M.Baxtin ta’kidlagan barcha turg‘un (romandan boshqa) janrlarda u yoki bu darajada mavjud. Ammo nisbatan qadimiy, absolyut ma’noda turg‘un janr bo‘lgan epos ayni fikrni rivojlantirish uchun yetarlicha asos beradi.
Eposni syujet, motiv va obrazlar tipologiyasi nuqtai nazaridan tizimli kuzatish, bulardagi voqelik va obrazlar insoniyatning ilk o‘tmishiga borib taqalishini ko‘rsatadi. O‘z eposidagi syujet, obraz va motivlar tizimini nisbatan butunroq saqlab qolgan qaysi millat eposini kuzatmaylik, ularning biror jihati bilan ilk odam (Odam alayhissalom) va undan keyin kelgan payg‘ambarlar hayotiga o‘xshab ketishi ayon bo‘ladi. So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun misol keltiramiz. Tarixdan bilamizki, har qanday rasul, payg‘ambar yoki nabi muayyan qavmda keskin ziddiyatlar, tartibsizliklar (xaos) ro‘y berayotgan, odamlar mutlaq boshi berk ko‘chaga kirib qolgan vaziyatlarda aynan shu jamiyat ichidan chiqadilar. Yangi yo‘l, yangi qoidalar, ya’ni ilohiy vahiy olib keladilar. Ma’naviy-ruhiy tanazzulga uchragan millatni yorug‘likka, to‘g‘ri yo‘l va yorqin kelajakka da’vat etadilar. Ularning tug‘ilishi va amalga oshirajak ishlari haqidagi bashoratlardan uzuq-yuluq xabardor qavm esa ilk daqiqalardanoq o‘z xaloskorlarini qabul qilishdan bosh tortadi. Ularni ta’qib etadi, badarg‘a qiladi, hatto o‘ldirishgacha borib yetadi. Ammo alal-oqibat payg‘ambarlar olib kelgan nizom jamiyatning yetakchi yo‘liga, ularning shaxslari esa idealga aylantiriladi. Payg‘ambarlar hayotiga doir real voqealar, og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan sahih rivoyatlar ideallashtiriladi. Natijada daxlsiz, mutloq ideallashtirilgan tarixiy syujet va obrazlarga ega badiiy asar paydo bo‘ladiki, ular xalq tomonidan qissa, saga, doston yoki epos deb atala boshlaydi. Zamonlar o‘tishi bilan real voqealar haqidagi xotiralar xiralashib, uning ustini afsona va asotirlardan iborat qobiq egallaydi. Natijada ularni afsona tarkibida saqlanib qolgan ba’zi unsurlar orqaligina tanib olish, muayyan tarixiy haqiqatga solishtirish mumkin bo‘ladi. Masalan, zolim hukmdor, uni mahv etuvchi bahodirning tug‘ilishi haqidagi bashorat, buning oldini olish uchun zolim tomonidan o‘sha kunlarda tug‘ilgan barcha chaqaloqlarning qilichdan o‘tkazilishi, tanlangan chaqaloqning savat yoki sandiqqa solib suvga oqizilishi, uning taqdir taqozosi bilan o‘sha zolim xonadonida katta bo‘lishi va oxirida haqiqatning qaror topishi, zolimning mag‘lub bo‘lishi motivini olaylik. Payg‘ambarlar tarixida bu motiv Muso alayhissalom hayotlariga oid real voqea deb beriladi. Muhimi shundaki, ayni real voqeadagi bashorat, chaqaloqning ta’qib etilishi, suvda oqizilish, zolim xonadonida tarbiya topishi singari motivlar qator millatlar eposlarida saqlanib qolgan.
Agar payg‘ambarlar hayotiga doir bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarni jahon xalqlari eposlari bilan jiddiy muqoyasa qiladigan bo‘lsak, bunday misollarni o‘nlab, hatto yuzlab topishimiz mumkin. Ammo bu o‘rinda bizning vazifamiz epos genezisini o‘rganish emas. Shu bois yuqoridagi misolning o‘zi yetarli bo‘lsa kerak. Muhimi, biz ilgari surgan ushbu fikrlar epos dunyosining mutlaqligi, daxlsizligi, unga tegib bo‘lmasligi haqidagi M.Baxtin qarashlarini yanada mustahkamlaydiki, bashariyat uchun eng daxlsiz, eng muqaddas va eng ideal tarix payg‘ambarlar o‘tmishi bo‘lib kelgan va bizningcha, shunday bo‘lib qoladi.
Garchi, zohiran epos bilan bir jinsga mansubga o‘xshab tuyulsa-da, roman janri harakatdagi, muallif va o‘quvchi yashab turgan hozirgi zamon haqida hikoya qiladi. Roman, M.Baxtin ta’biriga ko‘ra, hatto tarixiy mavzuni yoritganda ham bugun haqida so‘zlaydi. Ya’ni tarix va hozirgi zamon o‘rtasidagi chegaralar buzilib, distantsiyalar yo‘qolgan nuqtalardagina roman maydonga keladi. Eposdan farqli o‘laroq roman rasmiylashtirilgan, muayyan shaklga kiritilgan, turg‘un voqelik yoki unda harakatlanayotgan odam haqida emas, balki beqaror, o‘zgaruvchan, turg‘un qiyofaga kirmagan, tugallanmagan voqelik – hozirgi zamon haqida hikoya qiladi. Ayni sababdan uning tili va uslubi ham qurama, ko‘pqatlamli, ko‘pqirrali bo‘ladi.
Aristoteldan toki Yevropa klassitsizm nazariyotchilariga qadar adabiy janrlar “yuqori”, “o‘rta” va “tuban” tarzida – uch qatlamga ajratilgan. Deylik, dramatik janrlardan tragediya olijanoblik va yuksak ideallarni, drama kundalik ijtimoiy muammolarni, komediya esa bashariyatning rasmiy turmushidan-da tuban bo‘lgan arzimas voqealarni aks ettiradi, degan qarash yetakchilik qilgan. M.Baxtin romandagi beqaror shakl, o‘zgaruvchan mazmun, ko‘ptilli qurama tafakkur haqida so‘z yuritar ekan, romanga xos bunday xususiyatlar undagi voqealarning aynan komediya qatlamida sodir bo‘lishidan kelib chiqishiga urg‘u beradi. “Zamonaviy voqelik, daryodek oqib o‘tuvchi, foniy, “tuban” hozirgi zamon – bu “ibtidosiz va intihosiz hayot” faqat past janrlarninggina tasvir predmeti edi. Lekin u birinchi navbatda “xalq kulgi madaniyati” deb nom olgan g‘oyat sarhadsiz va boy jabhaning asosiy tasvir predmeti bo‘lgan… Romanning folklordagi asl ildizlarini aynan shu yerdan – xalq kulgisidan izlash kerak”[15]. Haqiqatan ham, Dante Aligerining ijtimoiy turmush muammolari tasvirlangan keng epik qamrovdagi “Ilohiy komediya”si, Fransua Rablening frantsuz xalq maydon teatri, xalq maydon kulgi madaniyati an’analari bilan yo‘g‘rilgan grotesk-satirasi – “Gargantyua va Pantagryuel” romani, Balzakning yuz romandan iborat “Inson komediyasi” M.Baxtin xulosalarining haqligiga guvohlik beradi.
Xalq maydon kulgi madaniyati. M.Baxtin frantsuz Uyg‘onish adabiyotining asoschisi F.Rable ijodini tadqiq etish jarayonida asoslab bergan muhim nazariy kashfiyot “xalq maydon kulgi madaniyati” deb nomlanadi. Ushbu masala talqini ilk bor olimning “Rable realizm tarixida” nomli nomzodlik dissertatsiyasida, keyinroq “Fransua Rable ijodi hamda o‘rta asrlar va Uyg‘onish davri xalq madaniyati” degan monografik tadqiqotida o‘z aksini topgan.
Baxtin talqiniga ko‘ra, Yevropa “xalq kulgi madaniyati”ning ildizlari qadim yunon nazariy adabiyotlarida qayd etilgan “jiddiy-kulgili” janrlarga borib bog‘lanadi. Ular bu janr tarkibiga mimlar, masallar, bukolik she’riyat namunalari, pamfletlar, memuarlardan tortib suqrotona, lukiancha dialoglargacha kiritganlar. Asosida xalq kulgi madaniyati yotuvchi ushbu janrlar, M.Baxtin fikricha, roman janri uchun poydevor bo‘lib xizmat qilgan.
Xalq maydon kulgi madaniyati shunchaki quvnoqlik va hazil-mutoyibadan iborat emas. Buning ostida borliqda ro‘y berib turgan barcha voqea-hodisalar, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy muammolar, qolaversa, inson fenomeniga xalqona nuqtai nazar bilan yondashish, ularni shu asosda baholash va talqin qilish yotadi. Baxtinning ta’kidlashicha, xalq kulgisi har qanday jiddiy tasvir predmeti (voqea, inson, detal va h.k.) bilan tasvirlovchi o‘rtasida mavjud distantsiyani yo‘qotadi. Boshqacha aytganda, tasvirlovchi (ijodkor)ni o‘ziga yaqinlashtirish, o‘zini o‘rganish imkonini yuzaga keltiradi: “Kulgi – dunyoga qo‘rqmay munosabatda bo‘lishning asosini tayyorlashda muhim omil”[16] vazifasini bajaradi.
Roman va unga yaqin boshqa janrlar mualliflari xalq kulgi madaniyatidan mana shunday nozik vaziyatlarni shakllantirishda foydalanadilar. Obrazlar tizimini shu asosda quradilar. Asar tili serqatlamligi va uslub quramaligiga shu tarzda erishadilar. Shu tarzda turg‘un syujet, rasmiy qahramon, rasmiy uslub talabidan yiroqlasharoq, mualliflik asarlarini ijod qilishga erishadilar.
Dante Aligeri o‘zining “Ilohiy komediya”sida, garchi vertikal (samoviy) dunyo dekoratsiyasidan foydalangan bo‘lsa-da, o‘z zamonasiga xos ijtimoiy, siyosiy, maishiy muammolarni tasvir etishni maqsad qildi, bu niyatiga faqat tarixiy va zamonaviy qahramonlarni yaqinlashtirish, xalq kulgisi vositasida mavjud distantsiyalarni yo‘qotish orqaligina erishdi. Xristiancha va siyosiy iyerarxiya olamiga komediya orqali yo‘l topdi. Shuning uchun ham uning asari, keyinchalik muxlislari “ilohiy” sifatini taqishganiga qaramasdan, muallif zamonasi haqidagi ijtimoiy-maishiy komediyaligicha qoldi. Hech bir jihati bilan ilohiy rutbaga erisha olmadiki, ehtimol, Dantening asl niyati ham bu qadar ulkan bo‘lmagandir. Fransua Rable “Gargantyua va Pantagryuel” asari syujetini mutlaq ma’noda gorizontal olam (moddiy dunyo, hozirgi zamon, mavjud ijtimoiy turmush) tasviriga qurdi. Xalq kulgisi asosida bahaybat qahramonlar xonadoniga, hatto ularning ichki dunyosiga kirib bordi. Ularni el ko‘zida qilib bo‘lmaydigan ishlarni bajarishga, aytib bo‘lmaydigan so‘zlarni gapirishga undadi. Bunga erishdi ham. Frantsuzlarning haybatli, vajohatli Gargantyua, Pantagryuel haqidagi mustahkam chegaraga ega, ulkan distantsiya bilan ajratilgan qarashlarini kulgi madaniyati vositasida o‘quvchiga yaqinlashtirdi. Bu kabi jarayonlarni biz Shekspir, Servantes, Gyote, Shiller, Pushkin, Balzak, Dostoyevskiy singari jahonshumul ijodkorlar asarlarida ham kuzatishimiz mumkin. Bundan kelib chiqadiki, M.Baxtinning “xalq maydon kulgi madaniyati” haqidagi nazariy xulosalari dialog, polifoniya va roman nazariyalari singari universal ahamiyatga ega.
Xronotop nazariyasi. Adabiyotshunoslikning badiiy adabiyot va unda harakatlanuvchi inson fenomeniga tomon maksimal darajada yaqinlashuvi M.Baxtinning xronotop nazariyasi bois amalga oshdi desak, sira ham mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Yunoncha chronos (zamon) va topos (makon) so‘zlarini biriktirish orqali hosil qilingan ushbu ilmiy atama oldindan matematika, fizika, ximiya, biologiya kabi sohalarda ayni shaklda istifoda etilgan. M.Baxtin XX asrning 30-yillarida xronotop tushunchasini bevosita adabiyotshunoslikka olib kirar ekan, uning badiiy asar negizidagi janr, kompozitsiya, syujet, badiiy matn strukturasi, obrazlar poetikasiga doir muhim qismlarni qamrab olishi, badiiy makon va zamonni uyg‘un aks ettirishini hisobga oladi. Chunki badiiy asar, undagi har bir poetik qism xronotop tizimida o‘rganilmas ekan, muayyan asarni mustaqil badiiy hodisa sifatida talqin etish murakkablashadi. “Adabiyotda badiiy idrok etilgan zamon va makon aro uyg‘unlikni x r o n o t o p (so‘zma-so‘z tarjimada zamon-makon degan ma’noni bildiradi), deb ataymiz. Ushbu istiloh matematika ilmida Eynshteynning nisbiylik nazariyasi negizida qo‘llab kelinadi. Istilohning biz uchun, matematikada qo‘llanadigan maxsus tushuncha sifatida ahamiyati yo‘q. Uni biz adabiyotshunoslikka (tom ma’noda bo‘lmasa ham) istiora o‘laroq qabul qilamiz. Muhimi, bu o‘rinda, istilohning zamon va makonni uyg‘un holatda (zamonni makonning to‘rtinchi o‘lchami sifatida) ifodalashidir”[17], deb yozadi bu haqda olim.
“Estetika va adabiyot masalalari” kitobiga “Romanda zamon va xronotop shakllari” sarlavhasi bilan kiritilgan ushbu tadqiqot 1937–1938 yillarda yozilgan. Tadqiqotning “Xulosaviy fikrlar” deb nomlangan o‘ta muhim so‘nggi bo‘limini esa olim 1973 yilda yozib tugatgan. “Xulosa” 1974 yili “Adabiyot masalalari” jurnalining 3-sonida chop etilgan. Mutaxassislarning qayd etishlaricha, mazkur ish M.Baxtinning Yevropa “tarbiyaviy romani” shakllari ustida olib borgan keng qamrovli tadqiqoti bilan bog‘liq ravishda maydonga kelgan bo‘lib, afsuski, o‘sha kitob qo‘lyozmasi saqlanib qolmagan[18].
Tadqiqot sarlavhasi ostidan “Tarixiy poetikadan ocherklar” degan izoh keladi. Shu o‘rinda zukko o‘quvchi ko‘ngliga nima sababdan olim shunday jiddiy tadqiqotni ocherk janriga nisbat berdi, degan savol tug‘iladi. Haqiqatan ham, adabiyotshunoslik lug‘atlarida ocherk, asosan, badiiy va publitsistik janr sifatida ko‘rsatiladi. Unda ham hikoya va novelladagi singari konflikt, xarakter, obraz va badiiy tasvir singari poetik komponentlar vositasida ish ko‘rilishi ta’kidlanadi. Publitsistikada esa yuksak ijtimoiy-badiiy pafos hamda hujjatlilik ocherkning muhim belgisi ekani qayd etiladi.
U holda M.Baxtin ushbu tadqiqoti janrini nega ocherk deb belgiladi?
Bizningcha, ushbu nazariy tadqiqotda ocherkka xos yagona xususiyat borki, aynan u olimning tadqiqot janrini yuksak nazokat va zukkolik bilan belgilaganini ko‘rsatadi. Bu xususiyat Yevropa romanining turli adabiy yo‘nalishlar va davrlar zanjiri bilan tutashgan uzun yo‘li bir tadqiqotchi nuqtai nazari orqali talqin etilishi bilan bog‘liq. Tadqiqotchi roman xronotopining muayyan davrga xos xususiyatlarini tadqiq etar ekan, ularning har birini mustaqil hodisa, mustaqil epizod tarzida tahlilga tortadi. Asar markazida turgan mutafakkir-olim nazariy umumlashmalari tufayli o‘zaro asrlar, dunyoqarashlar, shakl va mazmunlar devori bilan ajratilgan badiiy matn namunalari yagona tizimga birlashadi. Ularni bir safga tizib turuvchi mustahkam rishta vazifasini, bu o‘rinda, xronotop poetikasi deb nomlangan nazariy muammo bajaradi.
Boshqa tomondan, muammoning tarixiy poetika metodologiyasi asosida o‘rganilgani ham olim oldiga ilmiy ocherk uslubidan foydalanish talabini ko‘ndalang qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Gap umuman roman janri xususida ketar ekan, roman xronotopi muammosini faqat tarixiy aspektdagina o‘rganish majburiyati o‘rtaga tushadi. Chunki bunday yirik va jiddiy muammoni bir asar yoki bir millat romani misolida tadqiq etish mumkin emas edi. Romanga oid bor materiallarni bir joyga to‘plash va tahlil qilishning esa imkoni ham, zarurati ham yo‘q edi. Shu va shunga yaqin holatlarni hisobga olgan olim jahon romani tarixidagi eng e’tiborli vaziyatlarni, matni saqlanib qolgan, poetik jihatdan nisbatan mukammal manbalarni ilmiy tasnif etadi, tadqiq qiladi.
O‘rganilgan adabiy tarixiy-manbalar xronologik jihatdan qariyb bir yarim ming yilni qamrab oladi. Mana shunday ulkan qamrovli roman materiallarini kuzatish asnosida olim romanning olti tipini va shu olti tipga xos xronotop shakllarini belgilaydi. Tadqiqotning “Xulosa” qismini istisno etganda yunon romanidan Rablegacha, Rabledan XIX asrgacha yozilgan romanlar tadqiqi olimga ular o‘rtasidagi poetik uzviylikni belgilash, shu asosda olti mustaqil epizodni umumlashtirish, ayni paytda, roman tiplari bilan bog‘liq xronotop shakllarini belgilash imkonini beradi. Har bir tipga oid materiallar, kashf etilgan poetik xususiyatlar, tahlilga tortish mumkin bo‘lgan masalalar shu qadar ko‘p ediki, asosiy maqsadi xronotop shakllarini belgilashga qaratilgan M.Baxtin bularning aksariyatini kengaytirishdan atayin o‘zini tiyadi yoki bu haqda muxtasar tezislarini bayon etish bilan cheklanadi. Shu ma’noda bu tadqiqot nafaqat xronotop poetikasi masalalarini yoritishda, balki roman nazariyasi va nazariy adabiyotshunoslikning o‘zak masalalarini talqin etishda ham muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Buning uchun tadqiqot mohiyatiga chuqurroq kirish, yo‘l-yo‘lakay tashlab ketilgan ilmiy yo‘riqlar, chuqur asosga ega nazariy tezislarni rivojlantirish lozim. Albatta, bu baxtinshunoslik oldida turgan alohida masala.
M.Baxtin aniqlagan olti roman tipi va ulardagi xronotop shakllariga qaytamiz. Dastlab olim yunon romani tarkibidagi uch roman tipini aniqlaydi. So‘ngra shu asosda Yevropa romanining shakllanish va taraqqiyot omillarini belgilaydi, tarixiy jarayondagi adabiy ta’sir, poetik sintez muammolari xususida fikr yuritadi. Birinchi tipni “sinovga qurilgan avantyur romanlar” deb nomlaydi. Bunday romanlar sirasiga Geliodorning “Efioplar qissasi” yoki “Efiopika”, Axill Titiyning “Levkippa va Klitofont”, Xaritonning “Xerey va Kalliroy”, Ksenofont Efesskiyning “Efesslar qissasi”, Longning “Dafnis va Xloya” asarlarini kiritadi.
Birinchi tip yunon romani boshdan-oxir avantyura (xavf-xatarga to‘la sarguzasht)ga qurilgan. Undagi kompozitsiya, syujet, qahramon, obraz, xarakter, detal, fabula, uslub, ya’niki barcha badiiy komponentlar oldidan avantyura istilohi qo‘llanilishi shart (avantyur syujet, avantyur qahramon, avantyur uslub singari). M.Baxtinning ta’kidlashicha, avantyur qahramon tasodiflar ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan odamdir. Uning avantyur syujet so‘qmoqlari bo‘ylab bosgan har bir qadami tasodif sinovlaridan iborat. Kutilmagan tasodiflar olovida toblanib, og‘ir sinovlarga dosh bergan va oqibat visolga erishadigan oshiq-ma’shuqa avantyur roman markazida turadi. Avantyur roman sinov tarozisiga oshiq-ma’shuqa muhabbati qo‘yiladi. Ayriliqdan visolga qadar bosib o‘tilgan sinovlar yo‘li roman syujetini tashkil etadi. Ularning hammasida muhabbat g‘olib chiqadi. Roman so‘ngida sevishganlar visolga erishadilar. Sinovlar tugab, oshiq-ma’shuqa topishgan nuqtada roman ham nihoyasiga yetadi. Ularning keyingi hayoti bu roman mavzusiga, aniqroq aytganda, sinovga qurilgan avantyur roman xronotopi doirasiga kirmaydi.
Avantyur roman dunyosi avantyur zamon bilan boshqariladi. Bu zamon yil, oy, soat, daqiqalar bilan emas, “bir kuni”, “o‘shanda”, “o‘sha kuni”, “birdan”, “shu payt”, “kutilmaganda” kabi avantyur zamon birliklari bilan o‘lchanadi. Shunday zamon birliklari tasodifan ikkiga bo‘linib ketadi, oshiq-ma’shuqa zamonini bir-biridan ajratadi. Shunda har ikki zamon o‘z tasodiflari, sinovlari doirasida mustaqil yashay boshlaydi. Bunday zamon ayriliqlarini M.Baxtin tasodifiy aynizamonlilik va tasodifiy ayrizamonlilik degan xronotop terminlari bilan belgilagan. Avantyur romanda, asosan, zamon yetakchiligi kuzatiladi. Tasodifan dengiz halokatiga (raqib fitnasi, qaroqchilar hujumi, oilalar o‘rtasidagi dushmanlik, urushlar, bir manzildan boshqasiga ko‘chish va h.k.) yo‘liqib, boshlariga ayriliq savdosi tushgan oshiq-ma’shuqa shunday bir tasodif tufayli qayta topishadi, saodatli visolga erishadi.
Shu o‘rinda M.Baxtin bu roman tipiga xos yana bir muhim jihatga – qahramonlar tasodifiy sinovlar girdobiga tashlangan vaqtning na astronomik, na biografik, na biologik zamon qonuniyatlariga bo‘ysunishiga e’tibor qaratadi. Asrlarga tatigulik sinovlardan keyin ham qahramonlarning biologik yoshlari o‘zgarmasligini, ular avvalgidek yosh va navqiron, qalblarida muhabbat o‘ti olovlangan holatda qolishlarini ayni tipning xos xususiyati sifatida qayd etadi. Bu tipga xos syujet, qahramon va xronotop shakllarining bugunga qadar yangi shakl va mazmun kasb etaroq yashab kelayotganini, roman taraqqiyotiga ulkan ta’sir o‘tkazganini tadqiqot davomida bosqichma-bosqich asoslab beradi.
Ikkinchi tipini olim “maishiy-avantyur roman” tarzida belgilaydi. Bu tip roman xronotopini tadqiq etishda, asosan, qadim yunon yozuvchisi Apuleyning “Oltin eshak” asariga tayanadi. Qisman Petroniyning “Satirikon” asariga murojaat etadi.
Bu tip romanlarda ham sinovga qurilgan avantyur romanlardagidek zamon hukmronligi yetakchilik qiladi. O‘sha tasodiflar, o‘sha sinovlar avantyur zamonning “birdan”, “shu payt” singari real zamon qonuniyatlariga bo‘ysunmaydigan mustaqil shakllarida ro‘y beradi. Sarguzashtlar po‘rtanasiga tushib qolgan qahramon qayerda sayozlik yoki qirg‘oqqa duch kelishini tasavvur ham qila olmaydi. Ammo bu tipning birinchi tipdan farqi syujet voqealarining maishiy xronotop bilan qorishib ketganida ko‘rinadi. Bunday asar markazida ishq-muhabbat mavzusi emas, kutilmagan sarguzashtlar, qahramonning o‘ta murakkab sinovlar g‘ujg‘on o‘ynagan makonlar aro sarson-sargardonligi turadi. Bunda o‘quvchi oshiq-ma’shuqaning sinovning olis yo‘llarini oyoqlatib, visol saodatiga erishuvini emas, tasodiflar girdobiga tushib qolgan qahramonning asl hayotiga qaytishini kutadilar.
Garchi, bu tip romanlarda voqealar maishiy makon sathlarida kechsa-da, uning asl xususiyati maishiylikda namoyon bo‘lmaydi. Balki maishiy sath va unga xos bo‘lgan ko‘p vositalar asar markazida turuvchi bir narsaga – metamorfozaning tug‘ilishi va syujet oxiriga qadar yashashiga xizmat qiladi. Bu tipning birinchi tipdan yana bir muhim farqi qahramonning syujet markazi bo‘ylab yolg‘iz harakatlanishidir. Metamorfoza jarayonini boshdan kechirayotgan qahramon avantyur zamon va maishiy makon sathi bo‘ylab asliga tomon intilishi va shu asnoda ma’nan o‘zgarishi, o‘zini anglashi avantyur-maishiy romanning yetakchi xususiyati hisoblanadi. Ayni tip romanlar bu jihati bilan romandan ko‘ra ko‘proq qissaga o‘xshab ketadi.
“Oltin eshak” asari qahramoni Lyutsiy o‘zining o‘yinqaroqligi va noo‘rin qiziqishlari tufayli eshakka aylanib qoladi. Uning eshakdan odamgacha yoki evrilgan qiyofadan asl qiyofasiga yetib kelguncha bosib o‘tgan yo‘li sinov va o‘z-o‘zini topish yo‘li sifatida metamorfozaviy mohiyat kasb etadi. Lyutsiy tushgan vaziyat (ya’ni eshak qiyofasida yashash, odamlar tomonidan eshak kabi xo‘rlanish) zohiran qaraganda uning fojiasi bo‘lib ko‘rinsa ham, mohiyatan qahramon shu qiyofa va shunday g‘ayriinsoniy vaziyat tufayli tozaradi. Tamomila boshqa odamga aylanadi. Shu bilan birga, eshak qiyofasida darbadar kezar ekan, odamlarning jamiyat ko‘zidan nihon norasmiy turmushlarini bevosita kuzatish, ularning eng nodir sirlaridan voqif bo‘lish imkoniga ham ega bo‘ladi. Lyutsiydagi qiziquvchanlik unga mana shunday imkoniyat berishi bilan birga, mislsiz xo‘rliklar, azob-uqubatlar ham keltiradi. Shubhasiz, asar muallifi Apuleyning asl niyati romandagi mana shunday tarbiyaviy jihatga urg‘u berish, tuban axloqli odamning komillikka tomon bosib o‘tgan yo‘lini ko‘rsatish, bu orqali o‘z o‘quvchisini ibrat olishga chaqirgan. Ammo M.Baxtinning bu tip romanlarga xos motivlarni keyingi romanchilik an’analari bilan qiyosan o‘rganib kelgan xulosalari, natija Apuley niyat qilgandan tamomila o‘zgacha bo‘lganini ko‘rsatadi.
Qizig‘i shundaki, “Oltin eshak”dagi Lyutsiy funktsiyasi Apuley davridan to XIX asrgacha bo‘lgan Yevropa romanchiligida izchil davom etgan. Faqat axloqiy yuksalish, o‘zni anglash tarzida emas, odamlarning sirini bilish, nojoiz joylarga, taqiqlangan parda osha mo‘ralash vositasi sifatida xizmat qilgan. Endilikda eshak qiyofasida oilalar siriga “mahram” bo‘lib qolgan Lyutsiy o‘rnini boshqa qiyofadagi josuslar – “uchinchi odam”lar egallay boshlagan. “Xuddi shu – g‘ayrirasmiy hayot pardasi ortiga mo‘ralash va undagi sir-asrorlarni eshitib olish uchun Lyutsiy-eshakning vaziyati mutlaq qulaylik tug‘diradi. Shuning uchun ham bu vaziyat an’anaga aylangan. Romanning keyingi tarixida ham uning turli-tuman variatsiyalariga duch kelamiz. Ularda eshak metamorfozasidan qahramonning xususiy turmushga mo‘ralash, tinglash imkoniyatiga ega bo‘lgan, aynan “uchinchi odam” sifatidagi spetsifik mohiyati saqlanib qoladi”[19], deb yozadi bu xususda M.Baxtin. Eshak metamorfozasi ta’sirida shakllanib, ulkan “fosh etuvchilik” vazifasini bajargan “uchinchi”lar obrazi, ayniqsa, D.Didro, Bomarshe, D.Defo, Lesaj, E.Zolya, Smollet, Stendal va Balzak singari Yevropa romani qiyofasini belgilaydigan yozuvchilar asarlarida yaqqol kuzatiladi. Yevropa zamonaviy romanida metamorfoza jarayoni va undagi asl mohiyat chetga surib qo‘yiladi. Ammo obrazning ko‘z ilg‘amas ostki qatlamlarida metamorfoza izlari sezilib turadi. Yozuvchi botinida metamorfoza jarayonini boshdan kechirgan bunday obrazlar endilikda ayyor, avantyurist (tavakkalchi, chapani), xizmatkor, kurtizanka, fohisha, qo‘shmachi, yurist, vrach, sudxo‘r qiyofasida odamzod botiniy turmushi – bashariyat haramlariga mo‘ralay boshladilarki, bu maishiy-avantyur roman tipining tarixiy-poetik sintezlashuv nuqtai nazaridan ham boshqa tiplardan farqlanishini ko‘rsatadi.
Uchinchi tip sirasiga biografik romanlar kiradi. Bu tip bugun biz tushunadigan ma’nodagi biografik roman shakliga kirishi antik davrda ro‘y bergan emas. Shuning uchun M.Baxtin antik zaminda mavjud bo‘lgan biografik va avtobiografik asarlarning hali roman darajasiga yetmagan turli epizodik shakllarini keyingi biografik romanchilikka asos bo‘lgan tiplar sifatida ko‘rsatadi. Ularning har biri Yevropa biografik romaniga nima bergani va ayni tiplarning qaysi tomonlari zamon taqozosiga ko‘ra tushib qolgani haqida so‘z yuritadi. Ayni tiplarning yetakchi pafosi, shu pafosni belgilovchi xronotop shakllarini belgilaydi.
Olim biografik asarlarning birinchi tipini, shartli ravishda, platoncha tip deb ataydi. “Inson o‘z-o‘zini avtobiografik anglashiga doir bu tip mifologik metamorfozaning qat’iy shakllari bilan bog‘liq. Uning mohiyatida “asl ilmni izlayotgan odamning hayot yo‘li” – xronotopi yotadi”[20]. Bu tipga Platonning “Suqrot raddiyasi”, “Fedon” asarlari kiradi. Ma’rifat va tafakkur vositasida haqiqatni topish va bu yo‘l davomida o‘z-o‘zini anglash, asl mohiyatga yetishuv ayni tipning muhim belgisidir. Ikkinchi biografik tip esa antik yunon muhitida turli marosimlar negizida vujudga kelgan ritorik asarlar bilan bog‘liq ravishda shakllangan. Jamiyat kishilaridan har tomonlama ustun mashhur shaxslarni xotirlash, ularning hayot yo‘llarini tarbiyaviy aspektda hikoya qilish, faoliyatlaridagi e’tiborli jihatlarga urg‘u berish, voizdan biografik nutq irod etish mahoratini talab etgan. Nutqdagi ko‘tarinkilik va oshkoralik bu tip asarlarning xalq bilan to‘lib-toshgan maydonlarda so‘zlangani, eng muhimi, qadim yunon muhitidagi odamning har jihatdan ochiq-oshkor bo‘lgani bilan izohlanadi. Keyinchalik ijtimoiy-siyosiy marosimlar (tantanalar, ta’ziya marosimlari) doirasida shakllangan biografik tiplar negizida avtobiografik asarlar ham maydonga kela boshlagan. Qachonki faylasuflar odam o‘z-o‘zini sharaflashi, o‘zi haqida so‘zlashi mumkinmi, degan savolga javob topgach, avtobiografik tip shakllanishi, taraqqiy etishi, binobarin, Yevropa zamonaviy avtobiografik romaniga ta’sir ko‘rsatadigan maqomga ko‘tarilishiga imkon tug‘ildi. “Keyinchalik, insonning rasmiy butunligiga putur yetgan ellin-Rim davrida, Tatsit, Plutarx hamda ba’zi boshqa voizlar inson o‘z-o‘zini sharaflashi mumkinmi, degan ijtimoiy masala qo‘yganlar. Bu masala ijobiy hal qilingan”[21]. Ammo bunda antik zaminda tug‘ilgan avtobiografik asarlar tom ma’noda oshkora, tarbiyaviy xarakter kasb etgan. Xuddi shu jihati bilan bunday asarda etik ideal, pedagogik nuqtai nazar yetakchilik qilgan. Faqat Rable va Gyote davrlariga kelib, antik biografiya va avtobiografiya ichki struktural o‘zgarishga uchragan.
Romanning uch antik yunoncha tipini tadqiq etgan olim “sinovga qurilgan avantyur roman”, “avantyur-maishiy roman”, “biografik roman” deb nomlangan bu uch tipni harakatga keltiruvchi zamon shakllarining manbasi qayerda, degan savol qo‘yadi va o‘zi folklorda deya javob beradi. So‘ng mifologiya va folklor asarlarida shakllangan zamonning tarixiy inversiya (o‘rin almashinuv) yo‘li bilan mazkur uch roman tipiga o‘zlashganini asoslaydi. “Jannat, Oltin asr, qahramonlik asri, ilk haqiqat to‘g‘risidagi miflar – tabiiy holatlar, asl huquqlar va boshqalar xususidagi bir qadar qadim tasavvurlar – aynan tarixiy inversiya ifodasi hisoblanadi. Uning biroz yuzakiroq ta’rifini keltirib aytish mumkinki, bu o‘rinda nimaiki o‘tmishda bo‘lib o‘tgan deya tasvirlansa, aslida kelajakda ro‘y berishi mumkin yoki kelajakda ro‘y beradi. Mohiyatan, u o‘tmish voqeligi emas, kelajakning maqsadi, burchi o‘laroq namoyon bo‘ladi”[22]. Olimning bu kuzatishlari o‘ta muhim xulosalarni ilgari surishga imkon tug‘diradi. Ya’ni “bugun” aynan tarixiy, harakatdagi zamon. Har qanday roman, qaysi mavzu, qaysi davr haqida hikoya qilmasin, bugunga tegishli. O‘zini bir qadar quyushqondan chiqqan deya hisoblaydigan bugun zamon mezonlarini doimo kelajak oldidagi burchlariga sodiq o‘tmishdan oladi. Shu tariqa tarixiy inversiya jarayoni ishga tushadi. Ideal, abadiy zamon shakllari antik romanning belgilovchi zamoniga aylanadi. Bundan ko‘rinadiki, chuqur xalqona asosga ega har qanday badiiy asar o‘z tarkibida insoniyat o‘tmishining saodati, mana shunday saodatga intilishning afzalligi, aksincha bo‘lsa, kelajakdagi jazoning muqarrarligi haqidagi samoviy haqiqatni saqlaydi. Bu o‘rinda M.Baxtinning kelajak, “esxatologiya”, “qiyomat”, “jannat”, “jahannam” singari tushunchalarga nisbatan xiyla istehzoli munosabatini esa u yashagan sovetlar tuzumi qo‘yadigan qat’iy talablar, qisman undagi materialistik nuqtai nazarga moyillik bilan izohlash mumkin.
Antik yunon zaminida shakllangan yuqoridagi uch roman tipidan keyin M.Baxtin aniqlagan to‘rtinchi tip o‘rta asr Yevropa ritsar romanidir. Ritsar romanida ham, M.Baxtin xulosasiga ko‘ra, yunon romanlaridagidek avantyur zamon shakli yetakchilik qiladi. Bir qarashda ushbu romanlarning syujet qolipi ham, xronotop dunyosi ham o‘xshash. Ammo ritsar romani mana shunday o‘xshashliklar negizida qator yangi xususiyatlarini namoyon etganki, xuddi shu jihatlari bilan Yevropa romani taraqqiyotida muayyan rol o‘ynagan.
Avvalo, ritsar romani qahramonlari yunon romanidagi qahramonlar kabi avantyura quroliga aylantirilmagan. Ular tasodiflar ichra tug‘iladilar, kurashadilar va o‘z baxtlarini shunda topadilar (ya’ni ular tom ma’nodagi avantyur – tasodiflar ichida yashaydigan qahramonlardir). Ikkinchidan, yunon romani qahramonlari o‘zaro o‘xshash va shu bois ular haqida faqat bir ijodkor, faqat bitta asar yozishi mumkin edi. Ritsar romani qahramonlari esa sof individual qahramonlar bo‘lib, ular haqida turkum romanlar yozilgan. Uchinchidan, ritsar romani qahramonlari harakatlanadigan xronotop maydoni chegaralanmagan. Ular dunyoning istalgan joyida turli sarguzashtlar ichra yashaydilar, g‘olib bo‘ladilar va sharaflanadilar. Butun dunyo ularning vatani. Ular muayyan millatga emas, butun bashariyatga oid qahramonlar hisoblanadiki, bunday xususiyatlar ritsar romani qahramonlarini epos qahramoni bilan tutashtiradi. Ritsar romanlaridagi bunday umumbashariy qamrov, bizningcha, ularning Yevropada “Injil” ta’limoti yoyilib, politeistik qarashlarga barham berilayotgan davrlarda maydonga kelgani bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.
Bu tip roman yunon romanidan zamon o‘lchovlari jihatidan ham farq qiladi. Agar yunon romanidagi avantyur vaqt birliklari real kun, tun, soat, daqiqa bilan teng zamonni bildirsa, “Ritsar romanida zamonning o‘zi ham ma’lum darajada mo‘jizaviylik kasb etadi. Zamonning ertaknamo mubolag‘alashuvi ro‘y beradi. Soatlar kun qadar uzaysa, kunlar lahza qadar qisqaradi… Umuman, ritsar romanida zamon bilan sub’ektiv o‘yin maydonga keladi”[23]. Xuddi shu zamon shakli keyinchalik romantizm, simvolizm, ekspressionizm, syurrealizm vakillari asarlariga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.
M.Baxtin rableyona xronotop tadqiqiga o‘tishdan oldin yana bir masala ustida to‘xtalishga zarurat sezadi. Bu o‘rta asrdan keyingi davr romani xronotopida faol “fosh etuvchi” rolini o‘ynagan telba, ayyor va masxara obrazlaridir. Ushbu moslashuvchan va yashovchan obrazlar genezisi, olimning kuzatishicha, eng qadimgi davr xalq ijodiyoti namunalarida ham bor edi. Ammo ularning bevosita romanga ko‘chishi o‘rta asr Yevropa xalqlari maydon teatrlarida ijro etilib kelgan fablio, shvank va farslar bilan bog‘lanadi. Bu janrlar tarkibida maydonga kelgan obrazlar jamiyatdagi ochiq-oshkora tanqid etish qiyin bo‘lgan illatlarga qarshi kurashuvchi o‘ziga xos vosita vazifasini bajaradi: “Ularni fosh etuvchi kuch sifatida (qishloqi, shaharlik etikdo‘z shogirdi, yosh butxona rohibi, umuman, turli toifadagi daydilar obrazidagi) ayyorning hushyorligi, quvnoqligi, fahm-farosati, masxaraning muqallidona mazaxlari, telbaning sodda anqovliklari qarshi qo‘yiladi. Og‘ir va zim-ziyo yolg‘onga firibgarona quvnoq yolg‘onlar, g‘arazu riyokorliklarga telbaning beg‘araz soddaligi, anqovligi va barcha majburiyatlar, yolg‘onlarga masxaraning fosh etuvchi harakatlari ters turadi”[24]. Ayni obrazlarning romanga ko‘chishi maishiy turmush, ijtimoiy hayot yoki alohida odamlarga xos illatlarni parodiyaviy kulgi vositasida fosh etish modusining yozuvchilar tomonidan ishlab chiqilishi natijasida amalga oshdi. Servantes, Rable, Lorens Stern, Grimmelshauzen, Volter, Smollet, Filding va boshqa ko‘plab keyingi davr ijodkorlari nasrida bu uch obrazning biri yoki har uchalasi uchrashini kuzatish mumkin.
M.Baxtin o‘rgangan beshinchi tip roman xronotopi rableyona xronotop deb ataladi. Rableyona romanni o‘zigacha bo‘lgan to‘rt roman tipidan farqlab turuvchi asosiy jihat uning real olam gorizontal xronotopi tomon intilishdir. Ma’lumki, Rablening “Gargantyua va Pantagryuel” asariga frantsuzlarning “Bahaybat va buyuk Gargantyua haqida buyuk solnoma” nomli xalq kitobi asos bo‘lgan. Asardagi frantsuz xalq maydon kulgi madaniyati poetik usulining yetakchilik qilishi ham ushbu asos-manbaning xalqona tabiati bilan bog‘liq. Rable mana shu omillar vositasida o‘zi yashab turgan va ipidan ignasigacha o‘rgangan frantsuz ijtimoiy, siyosiy, diniy-ma’naviy hayotini parodiyaviy grotesk-satira usulida tasvirlaydi. Rable asaridagi barcha xronotop shakllari astronomik, geografik, matematik, geometrik, tibbiy va falsafiy nuqtai nazardan o‘zining ilmiy asosiga ega edi. Rable asaridagi inson tanasi a’zolari, urush manzaralari, jarohat, o‘lim kabi holatlar sof tibbiy bilim vositasida tasvirlanadi. M.Baxtin ushbu asardagi yetti guruhni ko‘rsatib o‘tadi. Bular: “1) inson tanasining anatomik, fiziologik bo‘laklari; 2) kiyim-kechaklar guruhi; 3) oziq-ovqatlar guruhi; 4) ichkilik va mast qiluvchi ichimliklar guruhi; 5) jinsiy a’zolar guruhi (jinsiy aloqa); 6) o‘limlar guruhi; 7) hojat chiqarish guruhi”[25]. Bularning barchasi Rablega ilgari surmoqchi bo‘lgan badiiy kontseptsiyasini ifodalash uchun xizmat qiladi. Roman xronotopi mana shu yetti guruhning kesishuvi, yonma-yon kelishi va sintezlashuvi natijasida hosil qilinadi.
Roman kontseptsiyasini ifoda etishda yuqoridagi yetti guruhning oddiy xalq va qahramonlar grotesk dunyosi bilan sintezlashgan shaklda namoyon bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Xalq maydon kulgi madaniyatiga xos oshkora fosh qiluvchilik ruhi Rable maqsadining amalga oshuvini ta’minlaydi. Xususan, o‘rta asr Yevropa cherkov ta’limotida inson va uning hayoti, ma’naviy qadriyatlar, dunyo va oxirat, ezgulik va yovuzlik masalalari diniy-ma’rifiy, umuminsoniy jihatdan buzib talqin qilinar edi. Yoshligidan monastirda o‘qib, mavjud cherkov ta’limotini chuqur egallagan Rable xalqning biroz qo‘pol, oshkora kulgisiga tayangan holda buzilgan cherkov ta’limotining asos-asoslarigacha zarba beradi. Eng muhimi, Rable o‘rta asr frantsuz cherkov muhiti sharoitida ilk bor insonni Xudoning eng oliy yaratig‘i, fikrlovchi iroda sohibi sifatida qaraydi. Inson va uning hayotiga nisbatan gumanistik munosabatni ilgari suradi. Uning qahramonlari roman xronotopi (tekisliklar, tog‘lar, dengiz va orollar) bo‘ylab asl ma’rifatni – Rable tushunchasidagi har xil bid’atlardan xoli, isloh qilingan xristiancha ta’limotni qidiradilar. M.Baxtin rableyona xronotop doirasida yozuvchining mana shunday qarashlarini ko‘radi. Ularning o‘tmish va zamonaviy adabiyot bilan munosabatini belgilaydi.
M.Baxtin Rable romani xronotopi asoslari bevosita folklorda ekanini quyidagi dalillar negizida asoslaydi. Ya’ni birinchidan, Rable asarida istifoda etilgan zamon oddiy xalq mehnat jarayonida belgilagan tsiklik (mavsumiy) zamondir. Rable talqinicha, bu zamonga ekish, unish, ulg‘ayish, ko‘payish jarayonlari xos. Bu zamonda o‘lim ham fojia emas, yangi hayotning boshlanishi deb qabul qilinadi. Asarning makon ko‘lami esa yer, osmon va undagi barcha mavjudotlarni qamrab olgan butun borliqdir. Rable qahramoni bularning barchasiga Uyg‘onish davri odami nuqtai nazariga ko‘ra – aql, tajriba va muqoyasa usuli bilan yondashadi. Borliqdagi tsiklik zamondagi doimiylik va takroriylik Rable badiiy zamoniga singdirib yuborilgan. Kun, hafta, oy, yil, asrlar aylanib turganidek, inson hayoti ham uning avlodlari timsolida aylanib turadi. Yana bir muhim jihati shuki, rableyona xronotop dehqoncha tsiklik zamon uyg‘unlashgan xalq marosimlari bilan ham sintezlashib ketadi. Unda grotesk-satiraga xos badiiy talqinning yetakchiligi ham shu bilan belgilanadi. Rable romaniga xos bu jihatlar so‘nggi davrlar romanlarida ham u yoki bu darajada davom etib kelyapti.
Nihoyat, bevosita qadim folklor an’analaridan Rable romaniga o‘zlashgan dehqoncha mehnat va maishiy turmushga xos ishlab chiqarish jarayonlari bevosita aks etadigan roman tipi asosida oltinchi – idillik xronotop maydonga kelgan. M.Baxtin eng muhim idillik shakllar sifatida, muhabbat, dehqonchilik, kosiblik mehnatiga doir idilliyalarni sanaydi. Shu va shularning oralig‘ida paydo bo‘ladigan idilliyalarga xos xronotopning asosiy xususiyati: “avvalo, idilliyadagi zamonning makonga munosabatida aks etadi. Hayot hodisalari ona diyorning barcha puchmoqlariga, qadrdon tog‘lar, vodiylar, keng maydonlar, daryo va o‘rmonlaru tug‘ilgan xonadonga naqadar uzviy bog‘langanida ko‘rinadi. Idillik hayot va unga doir voqelik ushbu – bobolar, otalar yashagan, bolalar va nabiralar ham yashaydigan – konkret makon burchaklaridan ayri holatda mavjud bo‘la olmaydi”[26]. Idillik xronotop zamon tsiklikligi, makon yagonaligi va avlodlar davomiyligida aks etadi. Undagi keyingi xususiyat ham shundan kelib chiqadi. Ya’ni tug‘ilish, turmush kechirish va o‘lim faqat mana shu xronotop doirasida kechadi. Bundagi syujet voqeligi kundalik turmush jarayonining badiiy modelidir. Idillik hayot tabiat maromi bilan qorishib ketgan insoniy umr manzaralaridir. Idillik nasr namunalari Gyote, Russo, T.Grey, Ch.Dikkens, N.Gogol, L.Tolstoy, Stendal, Balzak, Flober, T.Mann singari turfa oqim va turli uslubga ega yozuvchilar ijodida yaqqol kuzatiladi.
M.Baxtin faqat oradan o‘ttiz besh yil o‘tib, roman xronotopiga doir jiddiy tadqiqotiga xulosa yozishni lozim topgan. Tadqiqot mohiyatini anglashda ulkan ahamiyatga ega ushbu xulosani yozish uchun olimga o‘ttiz besh yil kerak bo‘ldi, deyish to‘g‘ri bo‘lmas-u, ammo mana shu yillar ichida u shunday jiddiy kuzatuvlarni umumlashtiruvchi kichik bo‘lim bag‘ishlash zaruratini his qildi. O‘limidan ikki yil oldin ushbu muhim bo‘limchani qoyilmaqom qilib yakunladi.
Xulosada olim yetkazmoqchi bo‘lgan asosiy fikr xronotopning nazariy masalalari, xronotop shakllari, xronotop qiymatlari masalasidir. Xronotopning uchrashuv, yo‘l, qal’a, mehmonxona, ko‘cha, qishloq, shaharcha, ostona singari ko‘rinishidan texnik vazifa bajaradigan, aslida badiiy metaforiklashuv natijasida umuminsoniy muammolarni aks ettiradigan shakllari, ulardagi zamonning spetsifik funktsiyasini mazkur xulosa yordamisiz anglash mumkin emas.
Bevosita badiiy asar, xususan, romanga xos poetik komponentlar nuqtai nazaridan qaralganda ro‘yxatning birinchi qatoriga syujet chiqadi. Zotan, syujetning biror bo‘lagi (ekspozitsiya, tugun, kulminatsiya, yechim va h.k.) yo‘qki, u xronotopsiz biror ma’no kasb etsin. Chunki syujet (va bir butun asar) tarkibida faqat xronotopgina: “zamon va makonning yagona moddiylashtiruvchisi sifatida bir butun roman timsolidagi aniqlashtiruvchi markaz hisoblanadi”[27]. Shuningdek, xronotop janr, kompozitsiya, obraz, badiiy asar tili va uslubi, muallif, o‘quvchi singari eng muhim birliklar potentsiyasi va tabiatini belgilaydi. Bu xronotop shakllari asar tarkibida yagona tizim bo‘lib, uzviy munosabatda yashaydi va harakatdagi badiiyat fenomenini hosil qiladi.
M.Baxtinning roman va undagi xronotop shakllariga oid tadqiqoti ikki jihatdan muhimdir. Birinchidan, tadqiqotda roman janri tarixiy poetika nuqtai nazaridan umumlashtirilgan. Bunda olim, garchi bashariyat madaniyati tarixi ijtimoiy formatsiyalar mezonida o‘lchangan sho‘rolar tuzumi davrida ijod etgan bo‘lsa-da, Yevropa xalqlari tarixidagi uch ulkan davrning o‘zaro va, asosan, to‘rtinchi davrga ta’sirini ko‘rsatgan. Ya’ni yunon romanidan boshlanib, ellin-Rim davriga qadar davom etgan, yuqorida ko‘rib o‘tganimiz uch antik tipni maydonga keltirgan poleteistik (ko‘pxudolilik) davr romanchiligi; o‘rta asr Yevropasidagi “Injil” va cherkov ta’limotiga tayanuvchi monoteistik davr ritsar romani; cherkov qutqularidan ozod bo‘lib, materialistik borliqni anglashga intilgan aql-tafakkur (Uyg‘onish, Rable) davri romanining ilm-fan, sanoat, ijtimoiy-iqtisodiy siyosat taraqqiyoti jadallashgan yangi davr (XVII–XX asrlar)dagi aks sadosini roman janri misolida yoritib bergan. Olimning bunday keng qamrovli kuzatishlaridan ma’lum bo‘ladiki, bashariyat estetik tafakkuri, xususan, badiiy ijoddagi yetakchi kontseptsiyalar har doim jamiyatda hukmronlik qilgan ishonch-e’tiqod bilan belgilangan. Bashariyat o‘z tarixi davomida xoh u mif tarzida buzilgan, xoh muayyan bid’atlar bilan qorishib ketgan bo‘lsin, ilohiy ko‘rsatma va axborotlarga, Yaratganning bildirganlariga tayangan. Hatto insoniyat Xudoni unutib, bir qadar dahriylashgan zamonlarda ham bunday ta’limotlar badiiy an’analar tarzida yashab qolgan, adabiyotning harakatlantiruvchi kuchi vazifasini bajarishda davom etavergan. Ikkinchidan, insoniyat yaratilgandan beri bir lahza bo‘lsin to‘xtamagan zamon va makon harakati hayotning badiiylashtirilgan modelini ishlab chiqishga da’vo qiladigan badiiy adabiyotning ham eng muhim sharti ekanini nazariy jihatdan isbot etgan. Badiiy niyatning tug‘ilishidan boshlab, asarning yozilishi, tugallanishi va bundan keyin o‘quvchi badiiy aurasida yashashigacha bo‘lgan jarayonlar haqida fikr yuritgan. Ayniqsa, tadqiqotdagi xronotopning yozuvchi, o‘quvchi, real muallif, muallif obrazida namoyon bo‘lish jarayonlari, xossalari, ularning badiiy asar komponentlari bilan tizimli munosabati haqidagi tezislar rivojlantirilsa, jahon adabiyotshunosligi ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishiga shubha yo‘q.
Uzoq Jo‘raqulov,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 11-12-sonlar
[1] Qarang: Ibrohimov M. “Adabiyot – mening borlig‘im”. – Toshkent. Yangi nashr, 2009, 15-bet.
[2] Ot sostavitelya /Veselovskiy A.N. Istoricheskaya poetika. Sostavitel, avtor kommentariya kand. filol. nauk V.V.Mochalov. – Moskva: Vыsshaya shkola, 1989, str. 5.
[3] Qarang: Veselovskiy A.N. Istoricheskaya poetika.-Moskva: Vыsshaya shkola, 1989, str. 5.
[4] Baxtin M. Problemы poetiki Dostoyevskogo.– M.: Sovetskiy pisatel, 1963, str. 338.
[5] O‘sha manba. Str. 339.
[6] O‘sha manba. Str. 357.
[7] Baxtin M. Problemы poetiki Dostoyevskogo. – M.: Sovetskiy pisatel, 1963, str. 3.
[8] Qarang: Polifoniya [polyphonia] – musiqashunoslikdagi kontrapunkt nazariyasiga ko‘ra ko‘povozlilik turi. Bir yoki undan ortiq musiqiy liniya (ovoz)ning bir vaqtning o‘zida uyg‘un yangrashi.
[9] Baxtin M. Problemы poetiki Dostoyevskogo. – M.: Sovetskiy pisatel, 1963, str. 7-8.
[10] Baxtin M. Epos va roman (Romanni talqin etish metodologiyasi haqida). Rus tilidan M.Olimov tarjimasi //Filologiya masalalari, 2005, 3-son, 222-bet.
[11] Shu manba. 227-bet.
[12] Baxtin M. Epos va roman (Romanni talqin etish metodologiyasi haqida). Rus tilidan M.Olimov tarjimasi //Filologiya masalalari, 2005, 3-son, 228-bet.
[13] Baxtin M. Epos i roman (O metodologii issledovaniya romana) (iqtibos-tarjima bizniki – U.J.) / V kn. Voprosы literaturы i estetiki. – M.: Xudojestvennaya literatura, 1975, str. 454-455.
[14] M.Baxtin garchi mazkur tadqiqotini “Epos va roman” deb nomlagan bo‘lsa-da, bu qadimiy janrga nisbatan “epopeya” istilohini qo‘llaydi. Bizningcha, buning ikkita sababi bo‘lishi mumkin: birinchidan, olimning “epopeya” istilohini qo‘llashdan maqsadi adabiy tur ma’nosidagi epos istilohiga daxl qilmaslik bo‘lsa; ikkinchidan, tadqiqot yozilgan XX asrning 30-yillarida adabiy janrlarga oid muntazam atama shakllanmagan bo‘lishi ehtimol (–U.J.).
[15] Baxtin M. Epos va roman (Romanni talqin etish metodologiyasi haqida). Rus tilidan M.Olimov tarj. //Filologiya masalalari, 2005, 3-son, 239-bet.
[16] Baxtin M. Epos va roman (Romanni talqin etish metodologiyasi haqida). Rus tilidan M.Olimov tarj. //Filologiya masalalari, 2005, 3-son, 241-bet.
[17] Baxtin M. Voprosы literaturы i estetiki. – M.: Xudojestvennaya literatura, 1975, str. 234-235.
[18] Qarang: Ot izdatelstva / V kn.: Baxtin M. Voprosы literaturы i estetiki. – M.:Xudojestvennaya literatura, 1975, str. 4.
[19] Baxtin M. Voprosы literaturы i estetiki. – M.: Xudojestvennaya literatura, 1975, str. 275.
[20] O‘sha manba. Str. 281.
[21] Baxtin M. Voprosы literaturы i estetiki. – M.: Xudojestvennaya literatura, 1975, str. 283.
[22] O‘sha manba. Str. 297.
[23] Baxtin M. Voprosы literaturы i estetiki. – M.: Xudojestvennaya literatura, 1975, str. 305.
[24] Baxtin M. Voprosы literaturы i estetiki. – M.: Xudojestvennaya literatura, 1975, str. 312.
[25] O‘sha manba. Str. 319.
[26] Baxtin M. Voprosы literaturы i estetiki. – M.: Xudojestvennaya literatura, 1975, str. 374.
[27] Baxtin M. Voprosы literaturы i estetiki. – M.: Xudojestvennaya literatura, 1975, str. 399.