Ulug‘bek Hamdam. Tarjima – millatlararo ko‘ngil muloqoti

Badiiy tarjima bugungi kunning dolzarb masalasiga aylanib boryapti, desak mubolag‘a bo‘lmas. Chunki tarjima – muloqotning eng ta’sirchan va uzoq yashovchan shakllaridan biri, u nafaqat bir insonning o‘zga bir inson bilan, balki butun boshli bir millatning boshqa bir millat bilan ma’naviy muloqotidir. Bugungi axborot asrida, har tomonlama integratsiyalashuv tig‘izlashgan, tezlashgan zamonda madaniyatlararo muloqotsiz oldinga xotirjam bir odim ham qo‘yib bo‘lmasligini tobora chuqurroq tushunib borayotganimiz – haqiqat. Faqat bu o‘rinda biz nazarda tutayotgan tarjima har qanday tarjima emas, balki millat ko‘nglining, millat botiniy qiyofasining tarjimasidir!

Xo‘sh, avvalo, nima degani o‘zi millatning botiniy qiyofasi?

“Har bir odamning yuragida o‘z xalqining jajji qiyofasi yashaydi”, degan ekan A. Freytag. Millat guli hisoblanmish ijodkor ziyolilar faoliyatida esa (ya’ni ijodlarida) bu qiyofa o‘zining butun qirralari bilan, ayniqsa, to‘liqroq namoyon bo‘ladi. Bu qiyofa, avvalambor, millatning o‘zgarmas, barqaror tabiatini, har bir xalqning o‘zigagina xos o‘zak xususiyatlarini o‘zida mujassam etadi. Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, nima uchun kerak o‘zi bu qiyofani o‘zgalarga tanitish?

“Shunday hikoya aytib berishgandi: Bir odam “Men falonchini yaxshi bilaman, uning butun sifatlarini sizga aytib beraman”, – dedi. Unga “Eshitaylik-chi!” dedilar. Shunda ul kishi: “U mening cho‘ponim edi, ikkita qora ho‘kizi ham bo‘lardi” – deb javob berdi. Xuddi shunday, xalq ham “Falon do‘stni ko‘rdik, uni taniymiz” – deydi. Darhaqiqat, ularning odamlar to‘g‘risida bergan ta’riflari haligi zotning birov haqida: “Uni taniyman, ikki qora ho‘kizi bor” – deyishiga o‘xshaydi. Holbuki, bu tavsif kishining alomati bo‘lolmaydi va bu alomat hech bir ishga yaramaydi. Odamning yaxshi va yomonligini bir chetga qo‘yib, uning shaxsiyatining asliga e’tibor bermoq kerakki, ko‘ramiz ul zotning qanday o‘zligi va javhari bordir. Ko‘rmoq va bilmoq mana shunaqa bo‘ladi”[1], deb aytadi Rumiy hazratlari. Xuddi shunday, millatning o‘zgarmas asos-javhari ham uning ko‘nglida, ko‘nglidagi bebaho boyligi – o‘zligidadir. Olamga ana shu o‘zgarmas mohiyat bilan, o‘zimizgagina xos bo‘lgan javhar bilan peshvoz chiqmog‘imiz lozimki, “bu kim?” deganda hamma bir ovozdan “O‘zbek, o‘zbekistonlik!” desin. Bunday tanishuv esa o‘zga tillarga tarjimasiz, xorijiy tillarni mukammal bilishsiz mumkin emas. Zero, “Til robitai vositai olamiyondir” (Avaz O‘tar). Mana, nima uchun tarjima bugungi kunimizning dolzarb masalasiga aylanib boryapti ekan. Aksi taqdirda, o‘z javharidan, turlanmaydigan asos-mohiyatidan mahrum bo‘lgan millat qiyofasiz bir holga tushib, globalizmning ayovsiz girdobiga tortiladi va o‘z ildizidan, bora-bora esa o‘zligidan ham ayrilib o‘zi bor-u, nomi va shoni yo‘q odamlar to‘dasiga aylanadi. Biz esa bunday qismatni aslo va aslo o‘zimizga munosib ham, ravo ham ko‘rolmaymiz! Bas, jahonga o‘z so‘zimiz bilan o‘zligimizni namoyon qilishning birdan-bir yo‘li – badiiy barkamol, asliyatga muqobil badiiy tarjima yo‘lidir!

Biroq tarjimada ham tarjima bor. Tarjima bor – asliyatning “panjasiga panja uradi”, tarjima bor – boridan yo‘g‘i yaxshi! Dunyoda har bir katta ijodkorning o‘z tarjimoni bo‘ladi. Ana o‘sha tarjimon hayot yo‘lida paydo bo‘lmaguncha u o‘zga millat uchun noma’lumligicha qolaveradi. Hatto uning yuzlab tarjimonlari bo‘lib, har yili bittadan kitobi o‘nlab tillarga tarjima qilinsa ham, bari bekor va behuda deyavering. Aksincha, nomarg‘ub tarjima ijodkor haqidagi tasavvurni buzib, o‘quvchining nazaridan tushiradi. Ana o‘sha yagona, o‘zigagina munosib tarjimon paydo bo‘lmaguncha u – “Hech kim!”. Uning faqat nomigina davralardayu kitoblardagi sanoqlarda aylanishi mumkin. Lekin hech qachon tarjima qilingan millat vakillarining yuraklariga kirib, onglarida e’zoz topmaydi. Shu ma’noda men rassom yoki bastakorga havas qilaman. Chunki ularning biri rang, boshqasi esa ohang tilida ijod qilishadi. Rang va ohang tili esa universal tillar hisoblanib, hamma davrlarda va barcha ellar uchun tushunarli bo‘lib qolaveradi. Ya’ni bu tillar tarjimaga ehtiyoj sezmaydi. Bu tillar tarjima hodisasidan ustun hodisalardir. (Harakat san’ati – ayrim dramatik asarlar ham shunday. Ya’ni, masalan, so‘zsiz, mimika asosiga qurilgan spektakllarni oling). So‘z san’ati esa ayni shu yerda yuqoridagi san’atlar bilan bellasha olmay qoladi. Ayni shu yerda adabiyotning hududiga chegara quriladi. U tarjima bo‘lgandan so‘nggina “bojxona”dan chet mamlakat hududiga o‘tishi mumkin. Biroq u yana bir, endi kattaroq dovonga duch keladiki, uning ismi o‘zga tilli, boshqa tafakkurli o‘quvchidir! So‘z san’ati namunasi muvaffaqiyat bilan tarjima etilgan bo‘lsagina o‘zga mamlakat vatandoshining yuraklariga kirishi mumkin, yo‘qsa, yo‘q! Shu ma’noda, asliyatda hatto har tomonlama durdona hisoblangan asar ham tarjimadagi o‘z muvaffaqiyatini yuzlab yillar kutishi mumkin. Ungacha esa u “yopiqliq qozon”dek sirini ichida yashirib turaveradi.

Biz, o‘zbeklar, Navoiyning badiiy dahosi bilan haqli ravishda g‘urur tuyamiz. Ammo uni o‘zimizdan o‘zga millatlarning (turk, ozarbayjon kabi sanoqli qardosh millatlarni va Navoiyning “Foniy” taxallusi bilan yozilgan g‘azallarini o‘z ona tilida o‘qishga muyassar bo‘lgan forsigo‘ylarni istisno qilganda) yaxshi bilmasliklari, hatto uni fors mumtoz adabiyoti yirik namoyandalarining turkiy tarjimoni sifatida ta’rifu tavsif qilishlariga duch kelganimizda og‘rinamiz. Lekin buning asl sababi – tarjima, bo‘lgandayam Navoiy dahosiga yaqin ham kelolmaydigan tarjima ekanligi ustida esa jiddiy bosh qotirmaymiz. Qotirganimizda edi, hech qursa, Navoiy shoh asarlarini dunyoning loaqal ing­liz, xitoy, rus, arab va ispan kabi yirik tillariga qoyilmaqom tarzda o‘girib qo‘ygan bo‘lardik. Natijada Navoiy dahosi bilan birga dunyoning ilg‘or millatlari qalbiga o‘zbek millatining doimiy kuchli qiyofasi kirib borgan bo‘lardi. Millatni tanish va bilish yo‘li uning adabiyotu san’at daholari, darg‘alari qalbidan o‘tishiga aslo shubha yo‘q.

Ma’lumki, “Zvezda Vostoka” jurnali tegrasida har doim muayyan bir tarjimonlar guruhi shakllanib kelgan. Tahririyatdagi faoliyat davomida rus tarjimonlaridan Navoiy asarlarining rus tiliga qilingan tarjimalari va shu tarjimalar asosida Navoiy she’rlari haqida so‘rab yuraman. Lekin to‘g‘riso‘z kishilarning ayrim javoblari yuragimga xanjardek kiradi, desam, men bor-yo‘g‘i ko‘nglimdagi og‘riqlarga ishora qilgan bo‘laman, xolos. Chunki ularning qisqacha mazmuni quyidagicha bo‘ladi-da: “Navoiyga bo‘lgan katta mehru muhabbatimiz borligini ta’kidlagan holda, uning ruschaga qilingan tarjima asarlari borasida iliq gap aytolmaymiz…”

Aziz millatdoshim, bu achchiq gaplarga siz nima deysiz? Axir, kechagina biz Navoiy asarlarining asosiy qismi rus tiliga o‘girilgan, deya mamnuniyat ila ko‘ksimizga urib yurgan xalq edik-ku! Butun boshli millatning badiiyat bobidagi eng katta dahosi Navoiy esa-yu, uning shu millat o‘z ona tilidan keyin eng ko‘p biladigan, qariyb bir yarim asrdan beri gaplashib keladigan ikkinchi til – rus tiliga qilingan tarjimalarining saviyasi hamin qadar bo‘lsa, dardimizni kimga aytamiz?! Shunday keyin ham Navoiyni “tarjimon” deya dunyoga e’lon qilgan, qilayotgan o‘zga millatlar olimlariga e’tiroz bildirishga ma’naviy haqqimiz bormi? Axir, ushbu holida Navoiy (ya’ni shoh asarlarining muqobil tarjimalarisiz) tashqaridan chindan ham tarjimonga o‘xshab qolmayaptimi?! Ichkaridan esa tengi nafaqat turkiy adabiyotda, balki jahon adabiyotida kam topiladigan badiiyat dahosi! Biroq qani o‘sha ichkariga kiradigan, o‘zgalarning ham kirishiga imkon yarata biladigan azamatlar, tarjimonlar qani?!..

O‘ylashimcha, Navoiy asarlarini shunchaki, so‘zma so‘z (taglama) tarjima qilishga urinish hech qanday foydali natijaga olib bormaydi. Uning, masalan, bitta g‘azali tarjimasini, kerak bo‘lsa, 2-3 betli emas, kamida 15-20 betli sharhu izohlar bilan amalga oshirish zarur. Navoiy dahosi bilan yaratilgan asar tarjimada ham o‘z tarovatini yo‘qotmasin! O‘ylab ko‘ring, Navoiyning ma’naviy izdoshlari bo‘lmish sizu biz bugunga kelib betakror san’atkor asarlarini izohlar bilan o‘qib-uqishga chog‘lanib yuribmiz-u, o‘zga millat o‘quvchisidan netib mo‘jiza kutaylik! Xususan, prof. N. Komilovning yaqindagina nashrdan chiqqan “Ma’nolar olamiga safar” tadqiqotini oling. Xuddi shunday, xorijiy tilga amalga oshirilgan tarjimalar bilan birga, Sharq mumtoz adabiyotining falsafiy-diniy sarchashmalaridan tortib, bu adabiyotga xos bo‘lgan obrazlar tizimiyu badiiy san’atlari xususida ham batafsil ma’lumotlar berib borilishi joiz.

Bir vaqtlarda hukmron mafkuraga xizmat qilgan ijodkorlarning asarlari ko‘proq tarjima qilingan bo‘lsa, hozirda kimning bu ishga imkoni bo‘lsa, shu ijodkor asarlari tez-tez o‘girilayotir. Hatto o‘zimizda hech kim uni nainki yuksak san’atkorlar, balki oddiy ijodkorlar sanog‘iga ham qo‘shmaydigan qalamkashlar o‘zlarini Amerika yo Sharq mamlakatlarining birida o‘zbek yozuvchisi yoki shoiri nomi ostida tanitishga urinishyapti. Ayanchli manzarani yorqinroq tasavvur qilishingiz uchun quyidagicha bir ro‘yxatni havola etsam. E’tibor bering, ro‘yxat – to‘qima, lekin xuddi shu sxema tariqasida dunyo bo‘ylab o‘nlab ro‘yxatlar tuzilayotgani – haqiqat. “Qo‘lingizdagi ushbu to‘plamdan uzoq O‘zbekistonning Cho‘lpon, Usmon Nosir, Hamid Olimjon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Halima Ahmedova, Abduvali Qutbiddin va Kimsanboy Kimsanov kabi zabardast shoirlari ijodidan namunalar o‘qiysiz” degan yozuvni o‘qib qolsangiz, hushyor tortasizmi? Agar siz o‘zbek she’riyatidan boxabar kishi bo‘lsangiz, begona nomni darhol ko‘rasiz va ayni damda xuddi shunday tezlik bilan ajablanasiz: kim bo‘ldi ekan bu Kimsanboy Kimsanov degani? Nega u XX asr o‘zbek she’riyati darg‘alari qatorida turibdi?!.. Hamma gap shundaki, uning qo‘li “uzun”, go‘yoki dunyoning to‘rtta tomoniga yetadi…

Yana boshqa bir holat: yosh tarjimon nimadir tarjima qilish uchun adabiy nashrlarga e’tibor bersa, albattaki, uning nazari dastlab taniqliroq ijodkorning asarlariga tushadi. Lekin mashhurlik va taniqlilik baholashning birdan- bir, ustiga ustak, yuqori mezoni emas. Mashhurlik va adadning har doim ham yuqori saviyaga aloqasi bo‘lmasligini teran anglamog‘imiz kerak, nihoyat. “Qanday davrada, kimlar uchun mashhur?” degan savolning javobiyoq aslida ko‘pgina achchiq haqiqatlarni oshkor qiladi-yu, ammo jo‘yali savol beruvchining o‘zi tobora anqoning urug‘iga aylanib borayotganligi ham bor gap-da. Ayni damda shoir yo yozuvchi deganda xalqning muayyan qismi yuqoridagi nazmboz va nasrbozlarni tasavvur qilishi, ularni el ijodkori sifatida tanishi, o‘rnak olishi judayam og‘riqli hol…

Yana butunlay boshqa bir jihat ham borki, unda yozuvchi yo shoir chindan-da zo‘r, millat adabiyotiga qo‘shgan hissasi har jihatdan tahsinga loyiq bo‘ladi. Nomi ham, shoni ham tarjimonda (xuddi millatning har bir uyg‘oq vijdonli vakilida bo‘lgani kabi) hurmat uyg‘otadi. Faqat ularning ham bitta “aybg‘ina”lari bor – 50 yo 100 yil oldin yashab o‘tishgan. Asarlari ham o‘sha vaqtdagi yoki undan ham oldinroqdagi voqelik bilan bog‘liq. Masalan, Qodiriyning “Mehrobdan chayon”i, Cho‘lponning “Kecha va kunduz”i. Shunday asarlarni tarjima qilish kerakmi? Bu savolga ko‘pchilik ziyolilar birdaniga “kerak, ha, kerak!” deyishadi. Chunki mening ham vijdonim: “Magar Qodiriyu Cho‘lponni tarjima qilmasak, kimni o‘giramiz o‘zi?!” – deya saslanmoqda. Biroq meni tarjimaning yana boshqa bir tomoni o‘ylatadi: o‘quvchi masalasi, uning o‘zgarib, turlanib ketgan kayfiyati. Biz uchun aziz bo‘lgan yuqoridagi romanlarda aks etgan voqelik qanday ediyu, bugungi zamondosh inson nafas olayotgan havoning “tarkibi” qanday? Albatta, orada taqqoslab bo‘lmaydigan darajada katta farq bor. Ko‘pincha tarjima qilingan asarlar taqdirini (ya’ni o‘qilish yo o‘qilmasligini) ana shu farq hal qilib yuborayapti. Ushbu masalaga diqqat bilan e’tibor berishingizni so‘rayman. Misol uchun Odil Yoqubovning “Ko‘hna dunyo” romanining Turkiya turkchasiga qilingan tarjimasi qismatiga bir qur nigoh tashlasak, yuqoridagi fikr ahamiyatini teranroq tushunamiz. Bu haqda men ilk bor Sharqshunoslik institutida ishlaydigan o‘qituvchilar og‘zidan eshitdim va masala mohiyati bilan qiziqib ko‘rdim. Ayon bo‘lgan hol quyidagicha: ayrim olimlar “Ko‘hna dunyo” romanining Turkiyada yaxshi kutib olinmaganini tarjima nuqsonlari bilan tushuntirishadi. Bu – o‘rinli, albatta. Xususan, o‘zbekchadagi “to‘n” so‘zi turkchaga chopon ma’nosidagi so‘zga emas, “don”, ya’ni kalta ishton ma’nosida qo‘pol ma’noda tarjima qilingan “Odatdagi kimxob to‘n o‘rniga odmigina qora chakmon kiyib…” (“Ko‘hna dunyo”, 7-bet) degan gap bo‘lagining turkchadagi tarjimasi quyidagicha: “Her zaman giydigi cuha don yerine adi bir siyah cakman giymis…” (“Kohne dunya”. Istanbul. 1993. 13-14 sayfalar. Tercuman: Ahsen Batur.) Ya’ni “Odatdagi kimxob kalta ishton o‘rniga odmigina qora chakmon kiyib…” degan ma’no chiqadi bu yerdan. Ham kulgili, ham achinarli o‘girma. Ammo bu o‘rinda gap faqat tarjimadagi ana shunday juz’iy nuqsonlarda emas. Tarjima saviyasi bilan bir qatorda turadigan boshqa gap shundan iboratki, “Ko‘hna dunyo” romanida aks etgan voqelik bilan bugungi, zamonaviy Turkiya voqeligi o‘rtasidagi yeru osmoncha tafovut bor. Gapni har qancha tortqilab ko‘rmaylik, o‘quvchi hamma davrlarda ham asosan o‘ziga qaysi bir jihati bilan yaqin kayfiyat, o‘z dardiga hamohang dard, o‘z muammolariga esh muammo aks etgan asarlarni o‘qigan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. To‘g‘ri, hamma zamonlarda ham har qanday asarning ozmi-ko‘pmi o‘z o‘quvchisi topiladi. Lekin biz “Ko‘hna dunyo”dek jiddiy romanlar haqida so‘z yurityapmiz. Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i tarjimasi ham kutilgan natijani bermaganini Turkiyadagi aks sadolardan yaxshi bilamiz. Axir, “O‘tkan kunlar” butun o‘zbek xalqi berilib, bosh ko‘tarmay, qayta-qayta o‘qigan, ayrimlar hatto boshdan-oxir she’r yanglig‘ yod olgan, o‘g‘il-qizlariga qahramonlari ismini qo‘ygan shoh asarlardan-ku! Bas, shunday ekan, xo‘sh, nega uning yana bir til – ruschaga qilingan tarjimasiyu bu asarning rus va rus tilli o‘quvchilarga ta’siri haqida ham deyarli lom-mim deyilmayapti?.. Nazarimda, muayyan millatning bunday zalvorli romanlari tarjimasiga qo‘l urilar ekan, yetti o‘lchab so‘ng kesmoq joiz. Avvalo, tarjima oliy maqom darajasida amalga oshirilmog‘i shart. Qolaversa, roman bilan birga, katta kirish maqolasi ham taqdim etilmog‘i lozim. Ya’ni maqola o‘zga millat o‘quvchisini roman voqeligiga tayyorlashi zarur. Yo‘qsa, kutilgan natija chekilgan zahmat muqobilida bo‘lmaydi.

Bu o‘rinda nafaqat o‘zbek tilidan chet tillarga amalga oshirilgan tarjimalarni qaytadan jiddiy ko‘rib chiqmoq kerak, ayni damda, boshqa tillardan o‘zbek tiliga qilingan chevirmalarning sifati haqida ham qayg‘urmog‘imiz kerak. O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol keyingi qator o‘n yilliklar mobaynida juda katta tarjima ishlariga qo‘l urdi. Uning bu yo‘lda chekkan zahmatlarini his qilish, zabardast tarjimon mehnatlarini qadriga yetish bizning vazifamiz. J. Kamol qilgan tarjimalarning ayrimlari quyma misralar kabi xotira va qalblarimizdan joy olgan. Chunonchi,

Ayo, siz, jon chekib har lahza izlarsiz ilohiyni,
Ani izlashga hojat yo‘q, ilohiy – siz, ilohiy – siz,

Yoki

Uchmoqqa qanot yo‘q, vale uchgaymen,

kabi muvaffaqiyatli chiqqan tarjimalar nafaqat mohir tarjimonning, balki, umuman, o‘zbek tarjimachiligining ulkan yutug‘idir. Lekin ming afsuski, hatto shunday katta tarjimonning qalamidan chiqqan hamma o‘girmalarni ham bekamu ko‘st deya olmaymiz. Ayniqsa, Rumiy Hazratlarining “Masnaviyi ma’naviy”si tarjimasini o‘qiganimda, men, rosti, ko‘p hollarda lug‘atga ehtiyoj sezdim. Tan olish joiz, tarjimaning silliq o‘qiladigan o‘rinlari talay, ammo birdan shunday forscha va arabcha so‘zlar, so‘z birikmalariyu tasavvufiy istilohlarga duch kelasizki, ma’no kalavasi uchini yo‘qotasiz – kitob titasiz, so‘zlik varaqlaysiz va hokazo. Til va adabiyot mutaxassisi, filologiya fanlari nomzodiki shunday ahvolga tushdimi, aholining qolgan qatlamining holi haqida gapirmasa-da bo‘ladi. “Bu asar – xoslar uchun” deya viqor bilan e’tiroz bildirish mumkindir, balki. Gap shundaki, bu borada men badiiy tafakkur bobida bugunning eng ilg‘or, eng bilimdon olimlariyu ijodkorlari bilan ko‘p bor fikrlashdim. Demak, ma’lum ma’noda ana o‘sha xos o‘quvchilarning munosabati haqida gapirayotgan ekanmiz. Lekin tan olish kerak, hamma xos o‘quvchi ham men tomonda emas. Professor D. Quronov “Masnaviy tarjimasidagi forschayu arabcha so‘zlar Navoiy asarlaridagidan ko‘pmi?” deb qoldi. Men “yo‘q” deb javob berdim. “Demak, normal tarjima” dedi u. Men olimning bu fikriga qo‘shilmadim. “Tarjima deyildimi, demak, u tarjima bo‘lmog‘i shart, tarjimadan keyin yana lug‘at titib o‘tirsang, uning nimasi tarjima? Bunday tarjimani yana tarjima qilmoq kerak. Navoiy asarlari tili – butunlay boshqa mavzu. Bu yerda ulug‘ shoir yashagan davr kayfiyatini hamda shoir o‘z oldiga qo‘ygan azim maqsad-muddaoni hisobga olmoq zarur…” dedim. Keyin asar ruhi haqida gaplashdik. Usmon Nosirning Lermontovdan qilgan tarjimasi xususida to‘xtalib, asar tarjimasida o‘zini ancha erkin tutganiga qaramay, dostonda aks etgan ruhni asosan to‘g‘ri ilg‘ay olgani, tarjimon ruhi bilan shoir ruhi uyg‘un tushgani xususida bir fikrda ekanmiz. Demak, tarjimada gap nafaqat chet so‘zlarning ko‘pligida, balki tarjima ruhida ham bo‘lib chiqyapti.

Tarjima tarixiga nazar tashlasak, asosan, ikki xili ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Biri – taglamali (podstrochnыy) tarjima, ikkinchisi – mazmun tarjimasi. Nazarimda badiiy tarjimaning necha xili bo‘lishiga qaramay, eng muhimi, asar ruhi to‘g‘ri tarjima etilmog‘i shart! Shu ruh berildimi, qolgani katta-kichik tahrirlar bilan tuzatilishi mumkin. Ruh berilmasa, barchasi bekor: chiroyli so‘zlar, silliq gap konstruktsiyalari, hikmatli so‘zlarning o‘rinli ekvivalentlari, qo‘yingki, butun “toat-ibodat” suvga oqadi-ketadi.

Tarjima haqida so‘z borganda, “xo‘sh, qanday asarlarni tanlab olish kerak?” degan savol tug‘iladi. Va o‘zingcha javob izlay boshlaysan: “Dunyoning barcha irq, millat va din vakillari uchun umumiylik kasb etuvchi, ayni damda, millat botiniy qiyofasi, xarakteri, o‘ziga xosliklari bo‘rtib turgan, universal ramzlar yordamida katta va mushtarak haqiqatlarga ishora qiluvchi, obrazli qilib aytganda, asar qahramonlarining tanasi balchiqqa botib qolgan bo‘lsa-da, nigohlari yuksak­liklarga qadalgan, millatlar tarixi yorqin qahramonlar qismati misolida, eng muhimi, umuminsoniy va umumzamoniy muammolar jo‘rligida hamda bularning hammasi yuksak san’at bilan aks ettirilgan badiiy asarlarni birinchi navbatda tarjima qilish kerak”. Biroq, ayni zamonda, ko‘nglingning qaysi bir burchida yuqoridagi tavsiya va mezonlarning birontasiga ham muvofiq tushmaydigan, tamomila o‘zga ruhdagi asarlar borliginiyu ularni ham zudlik bilan chevirish zarurligini fahmlab turasan. Demak, bir qarasang, qanday asarni tarjima qilish kerakligini bilasan, bir qarasang esa, kutilmagan “takliflar”lar paydo bo‘lib, bilganlaringni chippakka chiqaradi.

“Xo‘sh, munosib asar topildi ham deylik, kimlar uni tarjima qilishga haqliroq?” degan yana boshqa bir savol tug‘iladi.

Biron yirik asar tarjimasiga qo‘l urilar ekan, bir tomondan, asar yozilgan, ikkinchi tomondan, asar tarjima etilayotgan tilni butun badiiy tovlanishlari bilan mukammal biladigan tarjimonlar guruhi bo‘lishi maqsadga muvofiqdir (She’rlar, kichik asarlarni yakka tarjimon ham uddalashi mumkin). Ya’ni mutarjimdan birining ona tili asar yozilgan til bo‘lishi, boshqasining tili esa tarjima etilayotgan til bo‘lishi hamda hamkorlar shu tilda gaplashadigan el ichida har kuni o‘z tillarida gaplashishlari judayam muhim. Chunki shunday tarjimonlargina tilning “yurak ritmi”ni doimo o‘z tomirlarida nozik his qilib turadilar. Ayni damda, ular badiiy adabiyotning xos kishilari bo‘lishi, ya’ni adabiyot bilan tanglaylari ko‘tarilgan bo‘lishi shart. Demak, bir tomondan, til, ikkinchi yoqdan esa, adabiyot kesishgan, ularning kuchlari bir yerda to‘plangan chorrahalarda (bu fanda lingvopoetika deyiladi) amalga oshirilgan tarjimalargina xuddi original tilda yaratilgan badiiy puxta asarlar kabi juda uzoq umr ko‘radi. Qolaversa, asar ruhi har ikki tarjimon ruhiyatiga yaqin, kerak bo‘lsa, uyqash bo‘lishi ko‘p foyda beradi. Ya’ni tarjimon dunyoqarash bobida, qismat bobida o‘ziga yaqin muallif asarlarini o‘girishga bel bog‘lamog‘i kerakki, “o‘rtada begona qolmasin”. Albatta, hamma shartlar bajo keltirilgan taqdirda ham tarjimonlarning imkonlaridan tashqarida qolib ketadigan boshqa bir narsa borkim, ismi omaddir. “Omad degan narsa dunyoda bor gap” deydi shoir (A. Oripov). Shu ma’noda Umar Xayyom, Dante, Gyote, Pushkin, Lermontov, Yesenin, Ekzyuperi kabi shoiru yozuvchilarning omadlari bor. Chunki ular Cho‘lpon, Usmon Nosir, Shoislom Shomuhamedov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Xayriddin Sultonov kabi tarjimonlarga ro‘baro‘ kelishgan. Albatta, tarjima saviyasi haqida gapirganda olimning har ikki tilni yaxshi bilishi maqsadga muvofiqdir. Masalan, men fors tilini bilmaganim uchun Umar Xayyomdan amalga oshirilgan o‘girmalar xususida batafsil ilmiy fikr aytolmayman. Shunga qaramay, bu narsa mening Xayyom o‘zbekcha ruboiylarini yod olib va aytib zavqlanishimga xalaqit qilmaydi. Binobarin, ichki bir savqitabiiyga ko‘ra tarjimon shoir ruboiyoti ruhiyatiga tusha olganini his qilib yuraman. Ammo Cho‘lponning Pushkindan qilgan quyidagi erkin tarjimasi xususida bemalol fikr aytishim mumkin va kerak:

Bahor chog‘ida xoli bog‘da bir zulmatli tun erdi,
 G‘arib bulbul fig‘on aylab, “Gulim, rahm aylagil”, derdi.

Biroq ul gul quloq solmas edi faryodu afg‘ona,
Faqat orom olardi noladin to‘lg‘ona-to‘lg‘ona.

Seni hech sevmagan bir gul uchun, ey shoirim, sen ham,
Yonarsan, o‘rtanarsan, dod etarsan tinmayin bir dam.

Qo‘y endi, behuda dod etma, ohing unga yetmaydi,
Qaraysan, yashnagan bir gul, faqat dodingga yetmaydi.

Ushbu she’r maydonida Pushkin va Cho‘lpon kabi ikki ulug‘ shoir uchrashgan, Cho‘lpon Pushkinning shoirlik “panjasiga panja ura” olgan, natijada ularning daholari birlashgan ko‘yi ana shunday yuksak she’r va tarjima namunasi dunyoga kelgandir. She’r – erkin tarjima qilingan. Shunchalar erkinki, she’rning ma’nosi yodlab olinganu qobig‘i “unutilgan”. Ya’ni Cho‘lpon Pushkin she’rining ruhini aruz vazniga solib tarjima qilgan. Shuning uchun ham tildagi bir-ikki “nuqson”lar “ko‘zga botmaydi”. Chunonchi, “Seni hech sevmagan bir gul uchun, ey shoirim, sen ham” misrasida “sen”, “Qo‘y endi, behuda dod etma, ohing unga yetmaydi, Qaraysan, yashnagan bir gul, faqat dodingga yetmaydi” baytida “dod” so‘zi ikki karra qaytarilgan. Yana “ohing unga yetmaydi” rukni uchun tanlangan “faqat dodingga yetmaydi” ruknidagi qofiya to‘liq emas. Lekin she’r ruhi originaldagiga mos, juda baland pafosda tarjima qilingani uchun yuqoridagilar kamchilik bo‘lib ko‘rinmaydi, maxsus tekshirmasangiz, bilinmaydi ham. Qolaversa, she’r aruzga solingani uchun so‘z takrori, ya’ni takrir va mutlaq qofiya nuqson sanalmaydi ham. Ular mumtoz she’r san’atlari doirasida tushuniladi. Natijada ikki buyuk shoir tandemida o‘zbek o‘quvchisi uchun ham ulug‘ bir she’r dunyoga kelgan.

E. Vohidov, A. Oripov, X. Sultonov kabi tarjimonlar “Faust”, “Ilohiy komediya”, “Kichkina Shahzoda” singari asarlarni asliyatdan emas, balki ikkinchi – vositachi til bo‘lmish ruschadan amalga oshirganlar. Shunga qaramasdan, ular o‘z o‘quvchisini topgan, topmoqda. Xo‘sh, nega? Chunki bu yerda ham tarjimonlar asar ruhiga kira olishgan va uni yuksak san’at bilan, ayni damda, o‘zbekona tushunchayu ifoda bilan o‘girishga musharraf bo‘lishgan.

Oy o‘rtanar, ko‘zlarida yosh,
 Ko‘ksi dog‘u yuragi qiyma.
 Ey falak, men edim-ku quyosh,
 Nega meni qilding tarjima?

deb yozadi shoir Erkin Vohidov. Darhaqiqat, tarjima qilingan asarlar mohiyatini juda teran bir tarzda ochib beradigan to‘rtlik. Chunki oy bir paytlar quyosh edi, tarjima qilingandan so‘ng oy darajasiga tushib qoldi, ya’ni kichrayib, nuri ozaydi. Demak, yuqoridagi to‘rt qator she’rda har qanday asar tarjimadan so‘ng bir daraja quyiga qarab ketadi, degan xulosa yashiringan. Chindan ham shundaymikan? Albatta, yo‘q, degimiz keladi. Chunki har qanday vaziyatda ham asarning “kambag‘allashib” qolishini istamaymiz. Ayniqsa, u durdona asar bo‘lsa! Istamaymiz, ammo to‘rtlikni yozgan shoir shunchaki, “navbatchi” qalamkashlardan biri emasligini, u mazkur to‘rtlikni osmondan olib yozmaganini, o‘zining salmoqli tarjima tajribalaridan kelib chiqib achchiq haqiqatni bitganini yodga olamizu tilni tishlaymiz. Tilni tishlaymiz, ammo ko‘z o‘ngimizda yuz berayotgan tarjimaga aloqador turfa xil voqealar shoir-mutarjim bilan har doim ham bir safda turishimizga imkon bermaydi. Chunki yuqoridagi misollar bejiz keltirilmadi. Erkin Vohidovning o‘zi ham, masalan, Yeseninning “ruhiga kira olgan” shoir-tarjimondir. Endi bu gapga quloq tuting siz: bir necha yil burun shoir Tursun Alining qator she’rlarini rus shoiri va adabiyotshunosi Nikolay Ilin tarjima qilib, “Zvezda Vostoka” jurnali tahririyatiga olib keldi. Men diqqat bilan o‘qib chiqdim va ruschaga tarjima etilgan she’rlar nihoyatda puxta-pishiq ekanligi e’tiborimni tortdi. Keyin original variantini so‘rab oldim-da, qiyoslab, ikki hissa qunt bilan o‘qidim. Bilasizmi, men hayratda edim. Chunki tarjima she’rlar original variantdan bir muncha ustun jaranglardi. Albatta, rus tili mening ona tilim emas. Shu bois Nikolay Ilinning o‘zi bilan Tursun Ali she’rlari borasida gaplashsam, “Ha, – dedi u, – rus o‘quvchisi uchun Tursun Alining she’rlari ayni muddao. Boshqalar xafa bo‘lmasin-u, Tursun Ali rus o‘quvchilari uchun birinchi raqamli o‘zbek shoiridir!” deb qolsa bo‘ladimi!.. Mening hayratimga hayrat qo‘shilgan edi. Chunki T.Ali she’rlarining tarjimasi bilan bog‘liq bu hol umuman tarjima to‘g‘risidagi shaklllangan qarashlarimni chil-parchin qilib yuborgan edi! Axir, men Erkin Vohidovning tarjima borasidagi to‘rtligida aks etgan mazmunni yigirma yillar mobaynida mutlaq haqiqat deya bag‘rimda avaylab ko‘tarib yurgan edim-da!.. Tarjima, nari borsa, Cho‘lponu Usmon Nosir, Erkin Vohidovu Abdulla Oripovlar amalga oshirgan chevirmalar darajasida, ya’ni asl matnga yaqinlashadigan darajada bo‘ladi, deb bilar, shu bilimimga suyanib yashar edim. Endi, mana, ko‘rmaysizmi, Tursun Ali degan bir shoir paydo bo‘lib, necha o‘n yillar mobaynida qo‘lga kiritgan bilim – xazinamni o‘zining to‘rtta uch qatorlik she’ri bilan yo‘qqa chiqarib o‘tiribdi.

Prof. D. Quronov “tarjima qilingan asarning tarjima ekanligi bilinib turishi kerak” deydi. Juda original bir kuzatish. Ya’ni bir asar o‘zbekchadan ing­lizchaga o‘girilgan bo‘lsa, tarjimadan keyin shu asarni ingliz adibi emas, balki o‘zbek yozuvchisi yozganligi bilinib turmog‘i lozim ekan. Chunki muayyan millatga mansub yozuvchi qiyofasining saqlanib qolmog‘ini istash tuyg‘usi bor bu yerda. Bu esa mushohada qilib ko‘rishga chorlaydigan fikrdir.

O‘zbek adabiyoti har tomonlama boy, sermazmun, sershakl adabiyotdir. Navoiy, Bobur va Mashrab kabi daho san’atkorlarimizni dunyoning ko‘pchilik gaplashadigan barcha tillariga yuqori sifatda tarjima qilib, xorijlik­larning mutolaa qilishlarini ta’minlay olsak, shuning o‘zida yurtimiz, xalqimiz va ko‘nglimiz to‘g‘risida eng katta badiiy informatsiyani dunyoga yetgazgan bo‘lardik. Bu yoqda esa zamonaviy o‘zbek adabiyotining sara namunalari navbat kutib turibdi. Demak, tarjima bilan bog‘liq asosiy ishlar hali oldinda. Bu sohada katta-kichik tajribalar qilib ulgurgan jamiki tarjimonlarimizning xizmatlari esa ana shu azim faoliyatga poydevor bo‘ladi, deb ishonamiz. To‘g‘ri-da, yurtimiz sportchilari bilaklari kuchini olamga namoyish etib, O‘zbekiston bayrog‘ini dunyo bo‘ylab hilpiratib yurishibdi, omadlarini bersin! Endi navbat aql va yuraklarga yetdi! Endi yurtimiz vakillari badiiy tafakkur va his mahsuli bo‘lmish adabiyotu san’at namunalarini jahonga namoyish etishadi va sira shubham yo‘qki, bu yo‘lda ham olamshumul natijalar qo‘lga kiritiladi! Va, biz, o‘zbeklar, yurtimiz bayrog‘ini badiiy salohiyatimizning ramzi sifatida kurrai zaminning hamma mamlakatlari peshtoqiga tikmog‘imiz kerak bo‘ladi! Buning uchun esa biz o‘zbek adabiyotini eng baland saviyada tarjima, tarjima va yana tarjima qilmog‘imiz shart!

Ulug‘bek Hamdam, filologiya fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son

_____________________

[1] J.Rumiy. Ichindagi ichindadur. Toshkent. Yangi asr avlodi. 2003.42-b.