O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning bir misrasi izidan
O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tirikligida qanday bo‘lsa, vafotidan keyin ham xalqimizning qalb qo‘rida yashayapti. Shoirning quyma satrlari she’rxonlar qalbiga chuqur naqsh bo‘lgan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Chunonchi, “O‘zbekiston” she’ri, uning birgina “Rimni alishmasman bedapoyangga” degan misrasini olaylik. Hurmatli o‘quvchi, misra qatiga yashiringan ma’no salmog‘ini his qilishimiz, undan zavq va iftixor tuyushimiz uchun, avvalo, misra konstruktsiyasidagi “aybg‘ina”ni qabul qilib olishimiz, undan yotsiramasligimiz kerakligini aytmoqchiman. “Rimni alishmasman bedapoyangga” misrasida shoirga “tegishli bo‘lgan mulk” Rim emas, balki bedapoya. Shuning uchun ham to‘g‘risi – “Bedapoyani Rimga alishmayman” bo‘ladi. Shoir misrada shu ma’noni ko‘zda tutgan. Lekin she’r shunday bir alohida olamki, bu olamning o‘z qonun-qoidalari bor bo‘lib, gohida hayotiy mantiq bilan ziddiyatga ham kirishib turadi. Xuddi shu misradagi kabi. Shoir she’rdagi inversiya hodisasining intizomiga bo‘ysinadi. Bo‘ysinishga majbur bo‘ladi. Inversiya (so‘zlarning o‘rin almashishi) she’rda alohida o‘rin tutadi. U she’rning ritmika, mantiq va urg‘usini belgilab beradi. Ustiga ustak, qofiya degan o‘jar badiiy vosita borki, natijada shoir ayrim g‘alizliklarga yo‘l qo‘yishdan she’rni qutqarolmay qoladi: “Rimni alishmasman bedapoyangga”. Bu misraning to‘g‘ri ma’nosi bag‘ri keng o‘quvchi uchun umumiy matndan anglashilib turaveradi. Shunday emasmi?.. Agar buni qabul qilgan bo‘lsak, asosiy gapimizga o‘tsak ham bo‘laveradi…
Xullas, bir necha yil muqaddam kamina yozuvchi Asad Dilmurod va shoir Ikrom Otamurod bilan birga vodiyga safar qilgan edim. Shunda mezbonlik maqomidan foydalanib, Mingtepani o‘zbekning bir shoiriyu bir nosiriga ko‘rsatgan, ko‘hna tepaliklar ustiga ularni taklif qilgandim. So‘ng uchovlon bir-birimizga yordam bergan ko‘yi tepaliklardan birining ustiga ko‘tarilgan edik. Qatorlashib turgan o‘nlab tepaliklar o‘rtasida bedapoya yastanib yotardi. Muhammad Yusuf juda baland pardalarda kuylagan o‘sha bedapoya! Xayolimga birdan shoirning o‘sha mashhur misrasi keldi: «Rimni alishmasman bedapoyangga!» She’rni o‘qigan, eshitgan ayrim odamlarning xayolidan: “Ola-a, Vatanni sevish ham evi bilan-da! O‘zingnikini ulug‘layman deb o‘zganikini yerga urish yaxshimas. Rim qayda-yu, sening bedapoyang qayda!” degan o‘y kechishi mumkin va bu tabiiy, albatta. (“Barcha yo‘llar Rimga olib boradi” degan qadimiy gapning zimnida ham bu shaharning dunyo tamadduni tarixida nechog‘lik yuksak o‘rin tutganligi ko‘rinadi, axir!) Hatto hozir sizga ilinib turganlarimni ustozimiz, professor Umarali aka Normatovga aytib berganimda, u kishi ham “Shunga yaqin o‘ylarni men ham o‘ylagandim, baxtni qarangki, shoir oshirib yubormagan ekan”, deya she’rni ilk bor o‘qiganida ko‘nglidan kechganlarini suhbat asnosida samimiy e’tirof etdi. Xo‘sh, gap nima haqida? Gap shoir tarannum etgan o‘sha bedapoyaning oddiy bedapoya emasligida! (Oddiy bo‘lganda ham shoir uni Rimga baribir alishmasdi!) Balki butun boshli xazina ekanligida! Xazina bo‘lganda ham yoshi Rimning yoshidan bir necha asr katta xazina! Demak, hammasini bir boshdan so‘zlab berishim kerak ekanmi? Unda eshiting.
Yaqinda Marhamatdan Ortiqali aka Husanov Toshkentga keldi. U kishi tumandagi “Turon” o‘quv markazining direktori, yurtimizning ulkan qalbli ziyolisi, chinakam jonkuyarlaridan. U kishi sharafli bir vazifani – qadim Mingtepa (hozirgi Marhamat)ni o‘lkamizning ziyoratgohlaridan biriga aylantirishdek ulkan rejani amalga oshirayotgan fidoyi insonlardan vakil sifatida poytaxtga tashrif buyurgan edi. Ortiqali aka “Diyor” telekanali orqali Mingtepada O‘zbekiston va Xitoy olimlari hamkorligida olib borilayotgan arxeologik qazishmalarning dastlabki natijalari haqida so‘zlab, jumladan, shunday dedi: “Marhamat tumanidagi Mingtepa arxeologik yodgorligi haqida butun dunyo qadimshunoslari yaxshi biladilar. Chunki ushbu yodgorlik qariyb ikki yarim ming yillik tarixga ega olis moziydan guvohlik beruvchi, YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan bebaho osori atiqadir”.
Gap shundaki, qazishmalar aynan Mingtepa (Marhamat)da joylashgan va Muhammad Yusuf kuylagan bedapoya hududida amalga oshirilayotgan bo‘lib, u yerdan kovlab olinayotgan topilmalar miloddan oldingi V va IV asrlarga oidlikdan boshlanar ekan (xitoyliklar uni VI va V asrlarga tegishli deyishmoqda, deydi Ortiqali aka). Tarixdan ma’lumki, Rim madaniyati Yunon madaniyatidan keyin, Miloddan avvalgi III va II asrlarda kamol topa boshlagan. Bedapoya ostida noyob xazina yanglig‘ ko‘milib yotgan shahar – Marhamat – Mingtepa – Ershining yoshi Rimnikidan kamida 100-200 yil, hatto yanada ulug‘roqdir. (Chunki topilmalarning yoshi 2500 yil bo‘lgandan keyin, ularning barpo bo‘lishiga qadar qancha vaqt o‘tgan ekan? Axir, yonimizdagi O‘shning yoshini qirg‘iz birodarlarimiz 3000 yil deya nishonlaganiga necha yil bo‘ldi. Qadim Mingtepa – Ershi katta shahar bo‘lib dong taratgan vaqtlarda O‘sh uning yonida kichikroq shahar bo‘lgan degan taxminlar rost bo‘lsa, Mingtepaning yoshini necha yil deb belgilash jasur olimlarimizning himmatlariga bog‘liq bo‘lib qoladi. Albatta, bu yerda asosiy masala himmat emas, balki tarixiy faktlar, dalillar va isbotlardir). Mingtepa haqida “O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma kompleks xalqaro ekspeditsiyasi rahbari, O‘zR FA Arxeologiya instituti bo‘lim mudiri, tarix fanlari doktori, professor Boqijon Matboboyev, Xitoy tomonidan ekspeditsiya rahbari, professor Dju Yangshi, Andijon DU katta o‘qituvchisi A.Mirzayev, O‘zR FA Arxeologiya instituti ilmiy xodimi X.Hoshimovlar qazishma natijalarida shunday yozadi: “Mingtepa shahar xarobasi 200 gektar maydonni (ichki va tashqi shaharlar) egallagan bo‘lib, Markaziy Osiyo antik davrining (miloddan avvalgi V – milodning IV-V asrlari) yirik va muhim arxeologiya yodgorligidir». Xo‘sh, Mingtepaning o‘tmishi haqida nimalarni bilamiz? Olimlar aytadiki, qadim xitoy manbalari Mingtepaning Dovon yoki Davan davlatining poytaxti bo‘lganidan guvohlik beradi. Dovon “kosa” degan ma’noni bildirar ekan. Qadimgi turkiychadagi ma’nosi esa “juda chiroyli, xushmanzara joy”dir. Bosh shahrining nomi Ershi bo‘lib, ayrim olimlarning uqtirishicha, qadimgi turkiyda “er” katta, “shi” tosh, ya’ni “katta tosh” degan ma’noni anglatadi. (Boshqa olimlar esa Ershi “Urasht” degan shaharning xitoycha talaffuzidan (transkriptsiyasidan) kelib chiqqan degan versiyani ilgari surishadi. Masalan: A. N. Bernshtam 1948 yildagi “Aravon tog‘i chizma tasvirlari va Dovon (Fag‘ona) poytaxti Ershi” nomli ilmiy maqolasida yozadi: “Kitayskaya transkriptsiya Ershi, nesomnenno, variant odnogo i togo je nazvaniya – Urasht. …on mojet bыt lokalizovan tolko v opredelennom meste, t. ye. otojdestvlen s Marxamatskimi razvalinami”…). Hatto Marhamatdagi arxeologik qazishmalarga qadar Ershining qayerda joylashganiga doir qarashlar turlicha bo‘lgan. Qazishmalar ko‘p narsaga oydinlik kiritib borayapti). Ershi Dovon davlatining poytaxti hisoblangan. Mamlakat shu yerdan turib boshqarilgan. Ershi (Mingtepa) qadimda mingga yaqin tepaliklardan iborat bo‘lib, ichki shahar qal’asi devoridagi tepaliklarga aylangan 64 ta minoradan hozirgi kunda 52 tasi saqlanib qolgan. Bu joy o‘z vaqtida Markaziy Osiyoni Xitoy bilan bog‘lagan, 70 ta shaharu viloyatning o‘zaro aloqasini ta’minlagan Buyuk ipak yo‘li ustida joylashgan bo‘lib, hunarmandchilik va tijorat gullab-yashnagan. Uchqur otlar boqilgan. Xitoyliklar aynan shu samoviy otlarga ishqiboz bo‘lib, yurtga bostirib kelishadi (miloddan avvalgi II asrda, aniqrog‘i, eramizdan oldingi 104 va 101 yillarda). Bu haqda Mannop Egamberdiyevning “Sariq ajdar hamlasi” degan romani ham bor bo‘lib, asar o‘tgan asrda chop etilgan, tarixiy asarlar ixlosmandlari tomonidan qiziqish bilan o‘qilgan edi. Romanda ajdodlarimizning tashqi dushmanlarga qarshi mardonavor kurashi aks ettirilgan. Kitob yaqinda ikki jildda (1- jild 2013 yili “Tahdid” va 2-jild 2016 yili “Quvilish” nomlari bilan) to‘liq qayta nashr etildi. Bularning hammasidan shu narsa ayon bo‘layaptiki, Mingtepa (hozirda Marhamat, qadimda Ershi) go‘zal O‘zbekistonimizning yana bitta qadim madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lib, shu yerda tug‘ilgan shoir Muhammad Yusuf unga tegishli oddiy bir bedapoyani ham bejiz bunchalar ulug‘lamagan, bu mavzuga bot-bot qaytib, boshqa bir she’rida “Mingtepani ataylik o‘z nomi bilan”, demagan ekan. Chunki shu nom bilan uning qadim shuhrati yanada o‘ziga yarashib tushadi, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi. Axir, shoir qalbi sezuvchan keladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, aytay: Gyote savqitabiiy orqali Uran sayyorasini (“Daho iste’dodlarni qo‘lidan ushlab yuradigan narsa ko‘pincha – intuitsiya. Gyote intuitsiya orqali Uran sayyorasini aytib bergan. Faqat yigirma yildan so‘nggina boshqa matematik olim buni isbot qilib beradi”, degan edi ma’ruzalaridan birida jahon adabiyoti fani o‘qituvchisi, ustozimiz Tal’at Solihov), ulug‘ bobomiz Alisher Navoiydek Sharq mumtoz shoirlari uchar gilam yoki oynai jahon timsolida hozirgi samolyot va televizorni oldindan taxmin qilgan degan qarashlar bor. Albatta, bularni aynan qabul qilmaslik lozim. Ayni paytda, ijodkor qalbi hassos qalb, unga beparvo qarab ham bo‘lmaydi. Adabiyotshunos Rahimjon Rahmat shoirlarni jamiyatda tutgan o‘rniga ko‘ra organizmdagi asab tolalariga o‘xshatadi. Bularning hammasida jon bor. Lekin ijodkorlarni bashoratchiga tenglashtirish ularga tuhmat qilish bilan barobardir, deb bilaman men. Shoirlar (umuman, ijodkorlar!) o‘z savqitabiiylari – intuitsiyalariga (albatta, bilganlaridan kelib chiqib!) tayangan holda u yoki bu masala haqida fikrlar bayon qiladi. Shu xolos. Lekin shuginaning o‘zi juda ulkan hodisa. Zero, o‘ta kuchli intuitsiya haqiqatni tarixlar, yolg‘onlar va hatto bedapoyalar aro bexato ko‘radi, ko‘ra oladi.
Hozirda Mingtepaning o‘sha bedapoyasida O‘zbekiston va Xitoy olimlari tomonidan olib borilayotgan arxeologik qazishmalar natijasida butun boshli bir ko‘hna shaharning izlari topilmoqda, deydi Ortiqali aka. Yana aytadiki, Vatanimiz tarixi uchun, kelajak avlod uchun, xalqimizning moddiy va ma’naviy daromad olishi uchun bu ko‘hna shahar yodgorligining ahamiyati beqiyosdir. Xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni o‘tmishimizga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, O‘zbekistonimizning milliy davlatchilik tarixini o‘rganishga va yoritishga munosib hissa qo‘shish, o‘lkamizga sayyohlarni jalb etish, viloyatda turizmni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun insoniyat tamaddunining beshiklaridan biri, qadimiy Dovon davlati poytaxti Ershi shahrining qoldig‘i – Mingtepa tarixiy-me’moriy yodgorligining ahamiyati, uni bus-butun saqlash lozimligi, iqtisodiy va ijtimoiy samarasi, ma’naviy va ma’rifiy roli to‘g‘risida alohida yetkazish kerakligi haqida o‘ylasam, hali juda katta ishlar oldida turganimizni anglayman…
Darhaqiqat, qo‘lga kiritilayotgan topilmalar orasida islomdan avvalgi, masalan, totemizm (chunonchi, turkiylarning bo‘ri kulti bilan bog‘liq qator topilmalar), zardushtiylik davrlariga oid qimmatli tarixiy anjomlar ham borligi kishini hayratlantiradi. Yer ostida 2400-2500 yildan beri yashirin yotgan ushbu shahar, umid qilamizki, ochiq muzey sifatida va jahonga ko‘z-ko‘z etiladi hamda o‘zimiz faxr tuyadigan Buxoro, Samarqand, Xiva kabi ko‘zmunchoq shaharlardek e’zoz topadigan tarixiy maskanlardan biriga aylantiriladi. “Rimni alishmasman bedapoyangga…”. Axir, bu bedapoya chindanam oddiy bedapoya emas ekan, uning ostida shuncha tarix, shuncha xazina bor ekan…
Aytilganlar bir misra ostida yashiringan moddiy xazina, tarixiy obidalar haqidagi hikoyamiz edi. Endi she’rning, o‘sha birgina misraning xalqimiz ma’naviy xazinasiga qo‘shayotgan hissasi haqida eshiting: Muhammad Yusufning 60 yilligi yurtimizda keng nishonlanayotgan kunlarda men ko‘plar qatori Navoiy viloyatiga safarga otlandim. Qor qattiq yog‘ib, shahar sohir bir sukunatga cho‘mgan, havo muzdek, yo‘llar ham oynadek yaltirab yotardi. Aeroportga yetib borish uchun taksi chaqirtirdim. Tonggi 6.00 da mashina yetib keldi. “Yo‘l bo‘lsin!” dedi yoshi 60 larni qoralagan taksi haydovchisi. “Navoiyga ketyapman”. “Ish bilanmi?” so‘radi u yana. Men: “Muhammad Yusufga bag‘ishlangan tadbirga boryapman. Taniysizmi shunday shoirni?” deb, ko‘zimni oynadan tashqaridagi manzaraga oldim. Qarang, shu gapni aytib nodonlik qilib qo‘yibman-da! “Fikri-yodi faqat uch-to‘rt so‘m pul topishdan iborat bu haydovchi amaki shoirni qaydan bilsin?” degandek beparvo qaragandirman-da unga. Haydovchi esa bu o‘ylarim uchun menga yaxshigina tanbeh berdi: kutilmaganda baland, bas ovoz bilan: “Rimni alishmasman bedapoyangga!” deya xitob qilib qolsa bo‘ladimi! So‘ng: “Shoir shu birgina she’ri bilan, shu bittagina misrasi bilan o‘zbek xalqi qaddini qanchalik ko‘tarib qo‘ydi-a! Bo‘lmasa, Rim qayda-yu, bedapoya qayda! Hatto o‘sha mashhur Rimga bitta bedapoyangni bermayman, deyapti, qarang! Boshqa joyda esa “Parijning eng mashhur restoranlarin Bitta tandiringga alishmasman men”, deydi. Yurtni sevdirish mana shunaqa bo‘pti. Ba’zan katta-katta mablag‘lar sarflab ham odamlarga Vatanni bunchalar sevdira olmaysiz. Shoir esa oddiy so‘zlar bilan Vatanni nimaligi ko‘nglingizga osongina joylab qo‘yadi-ya!” deya she’r haqida shunday jo‘yali mulohazalar aytdiki, ba’zida unvonli, martabali adabiyotshunos olimlardan ham bunday asosli, halol tahlillarni eshitmaysan, kishi. Bu endi o‘sha birgina – “Rimni alishmasman bedapoyangga” degan misraning xalqimiz qalbida chinakam ma’naviy xazinaga aylanganligi edi, ha!
Aziz o‘quvchim, maqolani o‘qib bo‘lib, menga qarata: “Hoy, munaqqid, andek oshirib yubordingiz, chamasi! Shoir o‘z Vatanini ulug‘lash maqsadida mubolag‘a san’atidan foydalanyapti, xolos. Uning xayoliga siz hozir doston qilgan ma’nolar aslo kelmagan”, deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, bo‘lishi mumkin, tushunaman. Lekin siz ham menga tushunish ko‘zi bilan boqing-da endi! Axir, men ham o‘sha Mingtepaning bir farzandiman. Bolaligimdan Mingtepaning tarixi haqida ko‘plab afsonalarni eshitib katta bo‘lganman. Otam bolalik chog‘larida Marhamatning markazidan to qishlog‘imizga qadar poyi piyoda qaytar ekan, yo‘l bo‘yi baland-baland tepaliklar orasidan kelar edik, deya hali-haligacha eslab turadi. Muhammad Yusuf esa yosh jihatidan mendan katta bo‘lgani bois, ajab emaski, ko‘proq va xo‘proq eshitgan chiqar (chunki uning yoshligida Mingtepa haqidagi hikoyalarni biladigan keksalar ko‘proq hayot bo‘lgan-da). Eshitganlari yillar mobaynida uning tafakkur va hislariga, tafakkur va hislari esa “Rimni alishmasman bedapoyangga” degan misralarga aylangan bo‘lsa, ajab emas. Natijada bu misra oddiy misraga emas, xuddi bag‘rida butun boshli xazinani yashirgan o‘sha bebaho bedapoya yanglig‘ oltin misraga aylangandir. Endi, tarix va adabiyotga shuncha sayohatdan keyin siz ham mazkur birgina misra zimnida ham moddiy, ham ma’naviy boylik yotganini inkor qilmang-da!.. Zero, haqiqiy san’at asari, uning bir parchasi, haqiqiy she’r, uning hatto bittagina misrasi ham milliy va umuminsoniy meros ekaniga shubha yo‘q. Sevimli va, albatta, omadli shoirimiz Muhammad Yusufning birgina misrasi ostidan mana shuncha moddiy va ma’naviy xazinalar chiqib qoldi. Bu tasodifmi yo boshqa narsa – ajrimi har kimning o‘ziga havola…
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 4-son