Atoqli tarixnavis adib, mohir tarjimon Mirkarim Osimni xalqimizning bir necha avlodi yaxshi taniydi. Uning asarlaridan eng yaxshilari o‘rta maktab darsliklaridan o‘rin olib, yangi-yangi avlodlar bilan ona tariximiz, boy o‘tmish madaniyatimiz, nurga, ziyoga intilgan vatanparvar ajdodlarimiz o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘lib, tarix bilan hozirgi kunlarimizni bog‘lab turibdi.
Yoshlarimizda Vatanga muhabbat, ilm-fan, madaniyat tarixiga hurmat, adolatsizlik, bosqinchilik, shovinistik qarashlarga nafrat, dunyoda mustahkam tinchlik uchun kurash, gumanizm hissini tarbiyalab, kamol toptirishga xizmat qilmoqda.
XX asr o‘zbek adabiyotining to‘ng‘ich avlodiga mansub Mirkarim Osim 1907 yili Toshkent shahrida ziyoli oilasida dunyoga kelgan. U o‘z tengdoshlari Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor singari eski maktab ta’limini olgan, arab, fors, turkiy tillarni mukammal bilgan, oliy o‘quv yurtlarida tahsil ko‘rgan ijodkorlardan biri.
Bo‘lajak adib 1918 yildan boshlab Toshkentning Langar mahallasidagi “Shamsul-urfon” boshlang‘ich maktabida o‘qidi. Uni 1921 yili tugatib, Alisher Navoiy nomidagi respublika pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirdi. Bu bilim yurti o‘z paytida eng ilg‘or ilm o‘choqlaridan hisoblanardi. Keyinchalik Hamid Sulaymon, Tesha Zohidov, G‘ulom Karimov, Subutoy Dolimov singari respublikamizda nom qozongan taniqli olimlar shu bilim yurtida ta’lim olganlar.
Mirkarim Osim ushbu o‘quv yurtida do‘stlari – hamsaboqlari Oybek, Homil Yoqubov bilan birgalikda adabiyot-san’at sirlarini o‘rgandi. U texnikumni tugatgach, 1926 yili Moskva davlat pedagogika institutining tarix-iqtisod fakultetida o‘qib, uni 1930 yili muvaffaqiyat bilan tugalladi.
Moskvada besh yil ta’lim olib qaytgan yosh mutaxassis Samarqand shahridagi O‘qituvchilar tayyorlov kursida dars bera boshladi. 1932 yildan O‘zbekiston Maorif Xalq Komissarligida, so‘ng Pedagogika ilmiy-tadqiqot institutida ishladi.
Ko‘pgina yosh ijodkorlar singari Mirkarim Osim ham adabiy faoliyatini she’r yozishdan boshladi. Bo‘lajak adib avval tarix fanidan metodik qo‘llanmalar, so‘ng tarixiy-biografik ocherklar yozib, qalamini charxladi. 1940 yildan adibning tarixiy hikoya va qissalari birin-ketin dunyo yuzini ko‘ra boshladi. Aksariyati ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan “Astrobod”, “Alisher Navoiy va Darveshali”, “Badarg‘a”, “Navoiyning xislatlari”, “Shoirning yoshligi”, “Ulug‘bek va Navoiy” singari hikoyalar va kichik qissalardir.
Adibning bu asarlarida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning badiiy obrazi o‘zbek adabiyotida birinchi marta epik miqyosda aks ettirilgan edi.
Mirkarim Osim shu tariqa adabiyotda o‘zining qat’iy ijodiy yo‘lini topib oldi. Adib o‘z ilmiy-badiiy iste’dodini, yillar osha orttirib borgan boy tajribasini ona tariximizni badiiy qayta jonlantirishga bag‘ishladi. Bu yo‘lda uning do‘sti, ustoz Oybek adibga madadkor bo‘ldi. Tarixiy mavzuning zamonaviy talqini Mirkarim Osimning bir umrlik hamrohi, hayotining mazmuniga aylandi.
Barcha asarlari orasida adibning “O‘tror” qissasi alohida o‘rin tutadi. Nemis-fashist bosqinchilari bilan hayot-mamot jangi borayotgan II jahon urushi yillarida yaratilgan ushbu asar gazetada peshma-pesh bosilib borgan edi.
Yozuvchining aksariyat tarixiy qissalari ilmiy va adabiiy jihatdan nisbatan kam tadqiq qilingan davrlar – XVII, XVIII, XIX asrlarga, o‘sha davr xalqlarimiz hayotining tarixiy taraqqiyotiga bag‘ishlangan.
Mirkarim Osim ijodida tarixiy-biografik mavzu katta oqimni tashkil etadi. Uning “Zulmat ichra nur”, “Jayhun ustida bulutlar”, “Ibn Sino qissasi”, “Aljabrning tug‘ilishi”, “Singan setor” qissalari shu oqimning sara asarlari toifasiga kiradi. 1973 yilda ulug‘ olim Abu Rayhon Beruniyning 1000 yillik yubileyi nishonlandi. Mirkarim Osim ulug‘ allomaga bag‘ishlab “Jayhun ustida bulutlar” qissasini yaratdi. Adib avval Abu Ali ibn Sino haqida alohida-alohida hikoyalar yozgan edi. So‘ng buyuk olim va tabibning 1000 yilligi (1980) kunlarida Mirkarim Osimning uch-to‘rt mustaqil biografik hikoyalardan tashkil topgan “Ibn Sino qissasi” asari chop etildi.
Yozuvchilarimizdan hech kim tarixiy materialni Mirkarim Osimchalik sinchkovlik bilan o‘rganib, “o‘ziniki qilib olib” ishlatmagan desak mubolag‘a bo‘lmas. Adib o‘tmish hayotni g‘alvirda qum elab, oltin yiqqan zargardek qalb qudug‘ida qayta ishlardi. Shuning uchun ham arabiy, forsiy yozuvlarga tobora “tishi o‘tmay” qolayotgan yangi avlod ijodkorlari uchun Mirkarim Osim badiiy asarlarining o‘zi mo‘tabar, ishonchli tarixiy manba rolini o‘tashi shubhasiz.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tashabbusi bilan 1977 yili Mirkarim Osimning 70 yoshligi nishonlandi. Unga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berildi.
Adib adabiy asarni puxta va nozik tahrir qiluvchi, uni “sayratib” yuboruvchi muharrirlar toifasidan edi. Domla tom ma’nodagi mohir tarjimon, ya’ni asarni chuqur his qilib, qayta yozib tarjima qiladigan ijodkorlardan edi. Mirkarim Osim F.Dostoyevskiy, M.Sholoxov, A.Tolstoy, S.Borodin, Genrix Mann asarlarini o‘zbek tilida jaranglatgan adib. Hozirgi kunda o‘zbek adib va tarjimonlarining ko‘pchiligi Mirkarim Osimni o‘zlarining ustozi deb biladilar.
M.Osim ona tilimizni “etmish ikki tomirigacha” yaxshi biladigan katta til mutaxassisi edi. U qo‘llagan ibora, matal yo maqollar xoh original, xoh tarjima asari bo‘lsin, matn ma’nosini tugal ochib berishga “sidqidildan” xizmat qiladi, tarjimalarining o‘zbek tilida yaratilgandek qabul qilinishiga yordam beradi. So‘zimiz tasdig‘i uchun tarjimon M.Osimning Genrix Mann qalamiga mansub “Sodiq fuqaro” romanining dastlabki sahifalarida uchratganimiz o‘zbekcha iboralardan ayrimlarini sanab ko‘rsatish mumkin: nash’asi past, tili tutildi, quralay ko‘zlari g‘iltilladi, hars-hars qilib, issiq nafas chiqardi, ko‘ngil qo‘yganimga, bunga yolg‘on gapirish ham cho‘t emas, ko‘ngil yorib roz aytmoq, odamzod jilovini bu qadar berib qo‘ymasligi kerak, husni tavajjuh bildirish, mahovat (lof urish), dimog‘idan eshak qurti yog‘ilardi, adashib-uloqib yursang, shomi g‘aribonlar… va h.k.
Bunday hikmatnamo, kosa tagida nimkosa iboralar tarjima asarni o‘zbek kitobxoniga yanada yaqinlashtiradi, qolaversa, ijodkorning layoqati mezoni bo‘lib ham xizmat qiladi. Zero, o‘z ona tilining xazinasidan qancha ko‘p bahramand bo‘lsa, unday ijodkor yaratgan asar ham shunchalik teran qiymatga ega bo‘ladi.
Tarjimon mahoratining qirralaridan biri – bu asliyat (muallif) matnidagi ma’noni umumlashtirish. Asliyat matnidagi ma’no umumlashtirilmasa, uning o‘zbek tilidagi ekvivalentini topish qiyin bo‘ladi yoki umuman tarjima yaxshi chiqmaydi. Bundan tashqari, umumlashtirish jarayonida tarjimonning bilimi va tili (“pocherki”) darajasi yaqqol namoyon bo‘ladi. Aksincha, asliyat matniga yopishib olish tarjima jarayonini qiyinlashtirishi barobarida uning sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Asli yozuvchi bo‘lgan Mirkarim Osim buni juda yaxshi tushunar va tarjimachilik faoliyatida aynan shu narsalarga katta e’tibor qaratar edi. Quyidagi parcha tarjimonning matn ma’nosi, yana ham to‘g‘rirog‘i – mantig‘ini o‘z ona tilida aks ettirish iste’dodi naqadar balandligidan nishona.
Asliyatda: “Diderix, lixoradochno, razmashisto jestikuliruya, chego s nim obыchno ne bыvalo, osvobojdalsya ot vsego, chto yego dushilo. Nash nesravnennыy molodoy kayzer, sovershenno odin sredi besnuyuщixsya myatejnikov! Oni raznesli kakoye-to kafe, on, Diderix, sam bыl tam! Na Unter-den-Linden on vstupil v krovavыy boy za svoyego kayzera. Iz pushek bы po nim palit!”
Tarjimada: “Diderix o‘zini bo‘g‘ib turgan narsadan qutulmoqchi bo‘lib, isitmalagan kishidek qo‘llarini paxsa qilib gapira ketdi. Ilgari uning bunaqa qilig‘i yo‘q edi. Olamda tengi yo‘q kayzerimiz quturayotgan fitnachilar orasida bir o‘zi yuribdi! Ular allaqanday bir qahvaxonani ostin-ustin qilib yuborishdi, Diderix ham o‘sha yerda edi! Unter-den-Lindenda o‘z kayzeri uchun qonli jang qildi. Ularni to‘pga tutish kerak edi!”
Agar ushbu parchani yana ham mayda bo‘laklarga “parchalab” qarab chiqadigan bo‘lsak, tarjimonning mahoratiga yana bir karra qoyil qolmay iloj yo‘q. Ruschada “lixoradochno, razmashisto jestikuliriya” so‘zlarini “qo‘llarini paxsa qilib” deb juda topib aytgan. Bunda gapirayotgan odamning tashqi qiyofasi bilan birga uning ichki ahvoli, ruhiyasi ham ko‘z o‘ngimizda bo‘rtib ko‘rinadi. “Chego s nim obыchnone bыvalo” esa uzun jumladan uzib olinib, alohida: “Ilgari uning bunaqa qilig‘i yo‘q edi” tarzida to‘g‘ri tarjima qilingan. Aks holda ruschaga ergashib, jumla g‘alizlashgan, mantiqqa zarar yetgan bo‘lar edi. Madomiki, ana shunday “yozilmagan qonun”larga rioya qilinmas ekan, M.Osimning o‘zi ta’kidlaganidek, “tarjima ravon o‘qilmaydi” ham.
Mirkarim Osimning yoshligida eskicha madrasa ko‘rgan tolib bo‘lganidan boxabarmiz. Umuman, o‘sha davrdagi ijodkorlarning ko‘pchiligi (Oybek, Mirtemir, A.Qahhor va h.k.) mumtoz til va adabiyot daryolaridan suv ichib unib-o‘sganlar va ona (o‘zbek) tilining sir-asrorlaridan to‘la voqif bo‘lganlar. Shu narsa ularning ijodi to‘laqonli va sermazmun bo‘lishiga yordam bergan. Jahon adabiyotining durdonalarini o‘zbek tilida sayratib tarjima qilgan tarjimonlarning avvalo mashaqqatli mehnatlari, qolaversa, shu mehnatining samaralari tengsizligi siri ham shunda.
Shu o‘rinda ijodkor tarjimai holiga doir bir hodisani ham qayd etmoq joiz. Mirkarim Osim ham ayni ijodi gullab-yashnagan paytda qatag‘on qurboni bo‘ldi. O‘n yildan ortiq Sibir o‘rmonlarida yog‘och kesdi. Maqolamizda mutarjimning buyuk yozuvchilar ijodidan qilgan ayrim tarjimalari tilga olingan. Binobarin, bunday mahoratga ega bo‘lish uchun ijodkor juda ko‘p kitoblarni tarjima qilishi talab etilardi. M.Osim ham uch-to‘rt yozuvchi asari bilan chegaralanib qolmagani shubhasiz. Demak, Cho‘lpon kabi M.Osimning tarjimalari ham “nafs qurbonlari” qurboniga aylanmaganmikan, degan ishtiboh tug‘iladi beixtiyor. Bizgacha yetib kelgan tarjimalarning o‘zi ham Mirkarim Osimdek yetuk tarjimon mahoratiga baho berish va qadrlashimiz uchun yetib-ortadi, albatta.
Mahmud Sattorov, filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 2-son