(Ulug‘ rus shoiri Pushkinning qizi Mariya Gartung hayoti va o‘limi haqida)
“Onasining nodir go‘zalligiyu otasining ulkan iste’dodi unda birlashgandi, bunday hislatlar bir ayol uchun faqatgina xayol yohud orzu bo‘lishi mumkin xolos”, — deya yozadi Mariya Gartungning zamondoshlari.
Lev Tolstoy “Anna Karenina” romanining qahramoni Annaning tashqi ko‘rinishini yaratar ekan Gartungning o‘ziga xos yuz tasviridan foydalangan. Mariya Aleksandrovna va Tolstoy Tulada, bir mehmondorchilik vaqtida tanishib qolishadi. Ma’lumotlarga ko‘ra Pushkinning qizi yozuvchining e’tiborini ilk qarashdayoq o‘ziga tortib olgan. “Bu ayol kim bo‘ldi ekan?”, degan savoliga javob berilganida esa Lev Nikolayevich baland ovozda: “Ha, tushunarli. Uning sochlari nega bunchalik o‘ziga xos ekani endi ma’lum bo‘ldi”, deya hayratiga yakun yasaydi.
“U Anna Karenina obrazida nafaqat harakteri va hayoti, balki butun ko‘rinishi bilan tasvirlangan. Hatto yozuvchining o‘zi ham buni e’tirof qilgan”, — deydi Tolstoyning qaynisingli Tatyana Kuzminskaya.
Keling, Annaning asardagi tasvirini bir esga solaylik: “Boshida, uning qora sochlari ustida moviy binafshalardan yasalgan gulchambar bo‘lib, soch turmagi unchalik e’tibor tortmasdi, ammo yelkalaridan oshib tushgan ikki o‘rim sochi o‘ziga xos go‘zal bo‘lib, uni ko‘rgan odam bu chiroydan hangu mang bo‘lardi. Bo‘ynida esa o‘ziga yarashgan bo‘yinbog‘i bor edi…”
Mariya Aleksandrovna Aleksandr Sergeevichning katta qizi bo‘lib, 1832 yilning 19 mayida Peterburgda tavallud topgan. Qizining cho‘qintirilmasidan bir necha kun oldin Pushkin anglovsiz jahl bilan o‘z rafiqasi Vera Vyazemskayaga xat yozadi: “Endilikda o‘zim ishonishimga ham qaramay chorasiz vaziyatdaman…”
U shoirning “otasi haqida elas-elas bo‘lsa ham xotiralari bo‘lgan” yagona avlodi bo‘lib, Pushkin halok bo‘lganida Mariya 5 yoshida, o‘g‘il ukalari va singlisi Natasha esa juda kichkina edilar. Mariya o‘z uyida savod chiqargan va tahsil olgan. U 9 yoshidayoq olmoncha va frantsuzchani yaxshi tushungan hamda bemalol gapira olgan. Keyinchalik esa nufuzli Yekatirinski institutida ta’lim oldi, u va ukalarining bilim olishi uchun otasining pedagog do‘stlari hamisha jiddiy shug‘ullanishgan. Onasi Mashaning bolalikdagi shaddod bo‘lishidan havotir olishiga qaramay, bu “chirkin o‘rdak bolasi” ulg‘aygani sari oqqushga aylana boshladi.
1852 yilning dekabrida, institutni tugatgan onlarida Mariya Pushkin qizi xushsuvrat va juda oqila xonim bo‘lib yetishgandi. Unga qanchadan-qancha zodagonlar oshiq bo‘lishiga qaramay, Mariya Aleksandrovna juda kech — 28 yoshida turmush quradi. Uning umr yo‘ldoshi general-mayor Leonid Gartung — Moskvada Imperatorning ot fermalarini boshqarardi.
Ularning nikohi 17 yildan keyin fojeali tarzda yakun topgan. 1877 yilda bosh general maslahatchisi, uni shu vazifaga ko‘targan amaldor Zanftelebe Gartungni maxsus veksel va qimmatli qog‘ozlar o‘g‘irligida ayblaydi.
Shunday qilib Leonid Nikolayevich razil amaldorlar qurboniga aylandi. Sudya qaror qilgunicha bu sharmandagarchilikdan qochish uchun general o‘zini xibsxona binosida otib o‘ldiradi. Gartungning cho‘ntagidan “Yaratganga ont ichamanki hech narsa o‘g‘irlaganim yo‘q va dushmanlarimni kechirdim”, degan yozuvli qog‘oz-xat topiladi. Sud tomonidan Gartung aybdor degan xulosaga kelinadi, ammo bu qaror endi umuman ma’nosiz edi.
Erining vafoti Mariya Aleksandrovna uchun katta zarba bo‘ldi. U qo‘shnilariga maktubida shunday yozadi: “Men bu vaziyatning boshidayoq erimning beayb ekaniga amin edim. Biz 17 yil davomida birga yashadik, men uni yaxshi bilardim, u hamisha go‘zal xulqli va haqiqatgo‘y bo‘lishga urunardi. O‘lishidan avval butun dushmanlarini afv qildi, biroq men ularni kechirganim yo‘q, kechirmayman ham”.
Mariya umrining so‘nggi daqiqlariga qadar umr yo‘ldoshiga sodiq qoldi. Oilasining avlodi yo‘qligi sabab Mariya qarindoshlari bilan yashashga majbur bo‘ldi. U bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanar va otasini xotirlab o‘tkazilgan har bir yig‘ilishda faol ishtirok etardi. 1880 yilda Moskvada Pushkin haykalining ochilishda ham ukalari va singlisi bilan qatnashgan.
Ochlik hukm surgan inqilob yillarida Mariya Moskvaga ko‘chib o‘tdi. U bu yerda faqat poldan iborat, hatto xona jihozlari ham yo‘q bir uyda ijarada turadi. Keyinchalik esa Yangi Arbatin urushi davrida xaritadan o‘chirilgan Sobache ko‘chasidagi bir uyda kun kechiradi.
Afsonaviy “qora baron” deya nomlangan Pyotr Vrangelin va san’atshunos Nikolay Vrangelin onasi baronessa Mariya Dmitriyevna Vrangel chorasiz vaziyatda bo‘lishiga qaramay, yangi hokimyat rahbarligi ostida bo‘lgan davlatda yashayotganlarning orasida dahshatli vaziyatga tushganlarga ko‘mak qilishga urunardi. Shuning uchun ham Natalya Nikolayevnaning ikkinchi nikohidan tug‘ilgan qizi Aleksandra Petrovna Arapova (qizlik familiyasi Lanskaya) Mariya Aleksandrovnaga yordam qilish va yashash joyi topish kerak qabilidagi maktubi Mariya Dmitriyevnaga yo‘llagandi. Oz bo‘lsada Mariya Dmitriyevna yordam berishga muvaffaq bo‘ldi. 1918 yilning oxirida Xalq maorif komissarligining rahbari Anatoli Luncharskiy “shoir Pushkinning Rossiya adabiyoti oldidagi xizmatlariga ko‘ra” qizi Mariya Aleksandrovna uchun mukofot berilishi haqida qaror qabul qiladi.
Xalq maorif komissarligida “A.S.Pushkinning qizi Mariya Aleksandrovna Gartungning moddiy ta’minoti haqida” masalasi muhokamaga qo‘yiladi va ijobiy natijaga erishiladi. Ya’ni: 1.Mariya Gartungga 2400 rubl miqdorida bir martalik yordam puli ajratilsin; 2.Unga nima yordam zarur bo‘lsa Xalq maorif komissarligiga murojaat qilsin.
1919 yilning 24 yanvarida o‘tkazilgan Xalq maorif komissarligining yig‘ilishida Mariya Gartungga “adabiy nashr bo‘limining hisobidan har oyda 1000 rubl miqdoridagi subsidya tayinlanishi” qarori ham qabul qilinadi.
Ba’zi ma’ulmotlar Mariya Aleksandrovna bu pul mukofotini bir necha martga olgani, qolgan manbalar esa uning bu pulning qorasini ham ko‘rmagani haqida xabar beradi. Mariya Gurtang 1919 yilning 7 mart sanasida ochlikda olamdan o‘tgan degan ma’lumotlar ham saqlanib qolgan.
Yolg‘iz qolgan Mariya Aleksandrovna umrining oxirigacha o‘zi ham elas-elas xotirlaydigan, ammo u uchun afsonaga aylangan Pushkinning Tverskoy Bulvaridagi haykalini ziyorat qilishga kelib turgan.
Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi