Haqli ravishda «barcha zamonlarning buyuk adibi» degan e’tirofga sazovor bo‘lgan angliyalik dramaturg. 1564 yil 23 aprelda Stratford shahrida oddiy novvoy oilasida dunyoga kelgan. 1590 yili Londonga kelgan va teatr uchun sahna asarlari yoza boshlagan. Uning bizgacha 36 ta pesasi, poema va sonetlar to‘plami yetib kelgan.
U: «Butun dunyo – teatr, odamlar esa unda faqat rol o‘ynashadi», – deyishni yaxshi ko‘rardi. Bu uning faqat sevimli iborasi emas, balki butun a’moli va inson hamda olam haqidagi qarashlarini ifoda etadigan hikmati edi. Asarlarini hayotdan, taqdir va muhit bilan qarama-qarshi turgan inson kechmishidan olib yozardi. Shu sababli Shekspir asarlari haligacha butun dunyo teatrlarida eng ko‘p o‘ynaladigan va sahnalashtiriladigan asarlar sirasiga kiradi. U hayot «sahnasi»da taqdir rolini «o‘ynagan» odamlar va ularning ko‘ngli, qalbi, muhabbati haqida yozdi. Shu bois, Sofokl va Esxildan farqli o‘laroq, faqat fojianavis emasdi. U romantik janrlar ustasi, komediyani yangi bosqichga olib chiqqan, unga tabiiy hayotiy zavqu shavq olib kirgan komediyanavis, muhabbatni yorqin va go‘zal tuyg‘ularda kuylagan shoir, insoniyatning muhit bilan konfliktini yechish yo‘llarini izlagan faylasuf edi. Dastlabki pesalari «Qaysar qizning quyilishi», «Yoz oqshomidagi tush», «Yo‘q narsaga ming g‘alva» nomli komediyalarini ichaklari uzilgudek kulib, «Gamlet», «Otello», «Romeo va Juletta», «Makbet», «Qirol Lir» kabi fojialarini yig‘lab, «Qish ertagi», «Bo‘ron» kabi ertak asarlarini entikib tomosha qilishardi. U qaysi mavzuda, qanday janrda asar yozmasin, o‘z qismati rolini chinakam, yurakdan berilib o‘ynayotgan odamlar va ularning taqdirlari, fojialari, orzu-o‘ylari haqida yozardi. Uning o‘zi ham taqdir, hayot degan rolni bor ko‘rinishi, og‘riqlari, musibatlari, sinovlari bilan o‘ynashga mahkum qilingandi.
Shekspirning ajdodlari bir necha asrdan buyon shaharda bitta kasb-korning boshini tutib kelishar, stratfordliklar ularni novvoylar shajarasi sifatida bilishardi. Shekspirning qadami qutlug‘ kelib, 1568 – 1572 yillarda oilaning ishi yurishdi, anchagina daromadli bo‘lib qolishdi. Ammo tezda omad ulardan yuz o‘girdi va 70-yillar oxiriga kelib oila yana qashshoqlik botqog‘iga bota boshladi. 1580 yili Uilyam oilasiga yordam berish uchun maktabni tashlashga va ishlashga majbur bo‘ldi. U 16 yoshida qismatning og‘ir sinovlarini boshdan kechira boshladi. Ota kasbini qildi, boshqa turli ishlarga qo‘l urdi. Hayotini o‘zgartirish uchun 18 yoshida uylandi. Endi yelkasiga ro‘zg‘or yuki ham tushdi. Uchta farzandli bo‘lganda hayot butun zalvorini uning gardaniga tashladi. Oxir-oqibat bunday hayot va turmush bilan kelisholmadi. U o‘zining boshqa bir vazifa bilan kelganini his etar, tirikchilikka o‘ralashib qolgani uchun o‘zidan ko‘ngli to‘lmasdi. Shu bois bo‘lsa kerak, 1580 yillar o‘rtalaridan keyin shahardan bosh olib ketadi. Shundan keyingi besh-olti yil Shekspir biografiyasida noma’lum davr hisoblanadi. Uning bu paytda nima ish bilan shug‘ullangani, qayerda bo‘lgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Bu davr dramaturg tarjimai holida «qorong‘u davr» deb ataladi. 1590 yillardan so‘ng Shekspirning nomi London teatrlari ixlosmandlari va tanqidchilari sharhida ko‘rina boshladi. Bu paytda Shekspir teatrga dadil kirib kelgan va birdan shuhrat qozona boshlagandi. Unga o‘sha davrning eng mashhur teatrshunosi va dramaturgi Robert Grin tomonidan berilgan «sahnani titroqqa soldi» degan ta’rif mashhur bo‘lib ketgan. Bu so‘z o‘yini bo‘lib, Shekspir, ya’ni inglizchadagi Shake-speare so‘zining o‘zi «janggohni titratuvchi» degan ma’noni beradi.
1592 – 1594 yillarda vabo tufayli London teatri yopildi. Bu davrda Shekspir bir nechta tarixiy asarlarga qo‘l urdi. «Richard III», «Venera va Adonis», «Lukretsiya» kabi asarlar shu davrda dunyoga keldi. Shekspir o‘z davrining fojialari hamda konfliktlari ildizini o‘tmishdan izlab tarix orqali xulosa chiqarmoqchi bo‘ldi. Shu sababli uning bir qancha tarixiy shaxslarga bag‘ishlangan dramalari dunyoga keldi. Bu asarlarda Shekspir barcha zamonlar uchun xos mavzularni qamrab olgandi. Garchi voqea o‘tmishda kechayotgan esa-da, tomoshabinlar asarda zamonaviy Angliyaning ijtimoiy qiyofasi va jamiyat manzaralarini ko‘rib turishardi. Ayni shu asarlari sahna yuzini ko‘rishi bilan Angliya teatrlarida Shekspir davri boshlandi va bu davr qariyb 20 yil davom etdi. Keyinchalik Shekspir o‘z maslakdoshlari bilan birga mashhur «Globus» teatrini tashkil qildi va bu teatrning xo‘jayinlaridan biriga aylandi. Adibning eng ulug‘ asarlari ana shu teatr sahnasida dunyoga keldi, o‘zi orzu qilganday «Globus» sahnasini hayot-mamot sahnasiga, inson va jamiyat, inson va taqdir, inson va muhit, inson va axloq, inson va yovuzlik, inson va tubanlik to‘qnashuvi sahnasiga aylantirdi. Shekspir asarlari o‘sha davr dramalariga xos sentimentalizm va mistikani butunlay rad qildi. London teatrlarida sahna asarlari asosan tomosha va didaktika uchun yaratilardi. Shu sababli qirollik saroyi bu teatrlarga homiylik qilar, ushbu teatr orqali saroy o‘z mafkurasini targ‘ib etardi. Garchi Shekspir ham qirol Yakov I ning homiyligida turgan bo‘lsa-da, jamiyatni isloh qilayotgan qirol kabi Shekspir teatrni ham mavzu, ham ma’no nuqtai nazaridan isloh qildi. Endi teatrda qadimgi ma’budlar kurashi, elflar, ilohiy rivoyatlar, maishiy cho‘pchaklar emas, aniq odam va uning dardi, ko‘ngli, iztiroblari muhokama qilinar, sharhlanardi. Endi teatrda zamondosh inson fojiasi namoyish etila boshladi. To‘g‘ri, Shekspirning jami 36 ta pesasining o‘ndan ortig‘i tarixiy davrlarni qamrab oladi. Ularda antik davr, shuningdek, Angliyaning X – XIV asrlardagi tarixiy shaxslari qahramon qilib olingan. Ammo dramaturg ayni shu shaxslar taqdiri va fojialari orqali XVII asr boshidagi Angliyaning dardi va muammolarini tasvirlashga kirishdi, o‘tmishni tasvirlab bugun haqida hikoya qilishga tushdi. Boshqacha aytganda, adabiyotda makon va zamon tushunchasi mohiyatini yo‘qota boshladi. Bu dunyo teatr sahnasida yangi davr boshlanganini bildirardi. Asarlari uni ulug‘lar safiga olib chiqdi. «Romeo va Juletta», «Richard III», «Genrix IV», «Otello», «Qirol Lir», «Antoniy va Kleopatra», «Koriolan», «Makbet», «Yuliy Sezar», «Gamlet», «Genrix VI», «Afinalik Timon», «Troil va Kressida» kabi sahna asarlari Shekspirni ham, London teatrini ham olamga mashhur qildi. Bu asarlarning aksariyatida Shekspir shaxs bilan muhit to‘qnash kelgan taqdirlarni asos qilib olib inson va olam haqida o‘z qarashlarini bayon etdi. Go‘yo adib ana shu taqdirlar va qahramonlar orqali bani basharga ezgulik va yovuzlik haqidagi o‘z xulosalarini bayon etayotganday, ana shu taqdirlar qiyofasida insonga ulug‘ iztirobini izhor qilayotganday bo‘ldi. Ana shunday qahramonlardan biri Hamletning tilidan Shekspir shunday deydi:
Tirik qolmoq yo o‘lmoq, shudir masala!
Qaysi biri bulardan bizga munosib?
Shu dilozor falakning tahqirlariga
Shikoyatsiz-shikvasiz chidab turmoqmi?…
… Yo‘qsa, shu kiborlarning jaholatiga,
Hokimlarning jabriga, soxta kibriga,
Shu munofiq muhitning ayyorligiga,
Birovga hasrat ham qilolmaslikka,
Muhabbatning xoru zor ezilishiga,
Mardaklarning ko‘zida har qanday himmat
Anoyilik sanalib toptalishiga,
Butun bu razolatga kim chidardi, kim?!
…Bas, fikrimiz shu taxlit qo‘rqoqlashadi
Va aqlning boshi berk ko‘chalarida
So‘lib ketar bizdagi jasorat guli…
(Maqsud Shayxzoda tarjimasi)
Parchadan ham ko‘rinib turibdiki, Hamletning monologi bu dramaturgning monologi kabi jaranglayapti. Aslida, Shekspir o‘z dardi va hikmatlarini asarlari hamda qahramonlari taqdiriga yashirdi, ular orqali o‘z ichki dunyosini, o‘z qarashlarini bayon qildi. Asarlari ichki dunyosining manzaralari edi. Shekspir o‘z ichkarisida, o‘z ichki dunyosida shahzoda Hamlet, qotil va rashkchi Otello, zavol bo‘lgan qirol Lir, hasadgo‘y va xiyonatkor Makbet qiyofasiga kirib o‘z davrini va bani odamzodni ogohlantirayotganday edi. Kichikdan to katta-katta obrazlargacha, aslida, Shekspirning o‘zi edi: bu obrazlar Shekspir nomli ruhoniy va uqubatli ulkan dunyoda birlashardi. U o‘z og‘riqlari, dardlari, kechinmalari, orzu-armonlari va ishqini teatr qilardi, o‘zi uni tomosha qilardi, boshqalarga tomosha qildirardi. U shu tomoshalari orqali asarlarda boshqalar ham o‘zlarini ko‘rishini, o‘zi kabi dunyoni, olamni, insonni anglashini istardi. Ammo boshqalar bu asarlarni faqat tomosha sifatida ko‘rdi. Hali-hanuz shunday tomosha qilishadi.
Bu tomoshalarda u sahnaga qalbini ochib qo‘yganday, mana, ko‘ringlar, men shundayman, meni tushuninglar deyayotganday bo‘ldi, lekin o‘z davrida uni kam odam tushundi. Hozir ham kam odam tushunadi. To‘g‘ri, hamma uni tushunishga urinar, hamma uning obrazlarini talqin qilar, olqishlashar, yig‘lashar, kulishar va nomini sharaflarga burkashardi.
U Romeo va Juletta nomi bilan dunyo vahshiy, dunyo shafqatsiz, bu dunyo, bu axloq muhabbatni o‘ldiryapti deb hayqirgandi. U asarda muhabbat va o‘limni muhokama qildi. Zamondoshlari esa asarga bir tomoshaday qaradi, tomosha qildi, xolos.
Hamon shunday tomosha qilishmoqda. Shekspir insoniyatga muhabbat izhor etdi. Insoniyat esa muhabbatni qabul ayladi emas, uni tomosha qildi. Odamlar o‘layotgan muhabbatni qarsaklar bilan olqishladilar, so‘ng sershubha, rashkchi Otello paydo bo‘ldi.
Otello Dezdemonani rashk qilib o‘ldirmadi: dunyodan qizg‘anib o‘ldirdi. U olchoq, qari, ko‘hna, aldoqchi dunyodan, inson taqdirini tomosha deb biladigan dunyodan go‘zal va pok muhabbatni qizg‘andi. Muhabbat va dunyo birga yasholmasligini angladi. Uning rashki uning dunyoga isyoni edi.
Shunday qilib, Shekspir hayotni teatr deb ishondi va o‘zining tuyg‘ularini, kechinmalarini, odam va olam haqidagi dardu iztiroblarini sahnaga olib chiqdi, namoyish qilib berdi, o‘ziga biriktirilgan rolni bekamu ko‘st, qoyilmaqom ijro etdi. Oxir-oqibat hamma ham o‘z «roli»ni chin yurakdan o‘ynamasligini, ko‘z oldidagi hayot ezgu g‘oyalarni tashuvchi va namoyish qiluvchi sahna emas, turli manfaatlar va maqsadlarning niqoblari orqasiga yashiringan katta o‘yin ekanini angladi, chog‘i. 1612 yili Shekspir so‘nggi dramasi – «Bo‘ron»ni yozgach poytaxtdan ketadi va o‘limiga qadar ona diyori Stratfordda yashaydi. Nafaqat London, balki yozuvchilikni ham tark etib, yer maydoni oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadi.
Daho hayotidagi bunday keskin o‘zgarishning asl sababi hali-hanuz qorong‘u. Lekin kinorejissyor G.Kozintsev fikricha, Shekspir yashab turgan jamiyatdan, siqiq poytaxt muhitidan, saroy amaldorlarining noqis didiga moslashishdan charchagan. Balki, ulug‘ adib o‘zini tushunmagan olomonga tomosha ko‘rsatishdan charchagandir. Yetar degan o‘ziga o‘zi. Xullas, buyuk tragik san’atkor hayotining xotimasi ham fojeiy ma’no kasb etadi. Davri uni tushunmadi. Unga qarsak va olqishdan boshqa, o‘zi kutgan, Hamlet qiyofasida orzu qilgan go‘zallik, muhabbat va adolat uyg‘unlashgan jamiyatni bermadi. Umrining oxirida Shekspir davr uni tushunmasligini angladi va teatrni, adabiyotni tashlab qishloqqa ketdi, to o‘limigacha boshqa hech narsa yozmadi.
Uning hayotligi paytida sahna asarlari deyarli chop etilmagan. Poema va sonetlaridan tashqari barcha sahna asarlari muallif ruxsatisiz o‘g‘rincha va buzilgan matn bilan nashr etilgandi.
1616 yili Shekspir o‘limi yaqinlashayotganini his etdi va vasiyatnoma yozdirdi. Vasiyatnomada uy-joy, mol-mulk, hatto do‘stlariga qoldiradigan uzugi haqida ham gap boradi. Ammo asarlari haqida biron og‘iz so‘z aytilmagan, ishora ham qilinmagan. Ana shu holat uning o‘limidan so‘ng yuz ellik yil o‘tgach ba’zi bir tadqiqotchilarga «Shekspir» nomi bilan yetib kelgan asarlar muallifi stratfordlik Shekspir emas» degan taxminni o‘rtaga tashlashga asos bo‘ldi. Bu xil qarash tarafdorlari hali ham bor. Ularning birdan-bir asosi o‘sha vasiyatnoma. Boshqa ko‘rsatilayotgan barcha dalillar asossiz va shunchaki shov-shuv uchun to‘qib-bichilgan. Ehtimol, buyuk adib o‘zini tushunmagan olomondan asarlarini qizg‘ongandir va ularni xuddi Kafka kabi yo‘q deb hisoblashlarini istagandir?! Nima bo‘lgan taqdirda ham, Shekspir o‘z davrining og‘riqlarini sahnaga olib chiqib o‘z davriga va bani basharga namoyish qilib berdi. Gyote ulug‘ dramaturg asarlari haqida shunday degandi: «Shekspir asarlarining birinchi sahifasini o‘qiganimda go‘yo ko‘r ko‘zim birdan ochilib ketganday, ko‘ra boshlaganday taassurot paydo bo‘ldi va bir umr ana shu taassurot meni tark etmadi».
Ulug‘ dramaturg 1616 yil, dunyoga kelgan kuni – 23 aprelda o‘z ona shahrida vafot etdi.
Shekspirni tadqiqotchilar bir ovozdan «buyuk qalbshunos» deb atashgan. Darhaqiqat, inson qalbini tushunishda, qalbning inja tuynuklarida yashiringan sir-sanoatni oshkor etishda Shekspirga teng keladigan adib kam topiladi. Daho asarlarini o‘qib tushunish, hazm qilish oson emas. Lekin o‘qilgach ular bir umrlik hamroh, sirdosh do‘stga, botiniy kuch-quvvatga, ma’naviy zavqqa aylanadi.
Shekspir asarlarining o‘zbek sahnasida o‘ynalishi bir qarashda oddiy voqeaga o‘xshaydi: dunyodagi barcha mamlakatlar, barcha millatlar Shekspir asarini o‘ynagan va bu yerda g‘ayritabiiylik yo‘q. Biroq Shekspir o‘zbek teatr tafakkurini yangi pog‘onaga ko‘tarib berdi, uni jahoniy mezonlar bilan bo‘ylashtirdi. Dunyo adabiyotini, tafakkurini o‘rganish ulug‘lik va jahon bilan bo‘ylashish degani. Faxrli tomoni shundaki, Shekspir asarlari o‘zbek teatrida qo‘yilishi bilan o‘zbeklar buyuklik borasida hech qaysi ulug‘ xalqdan qolishmasligi ayon bo‘ladi. Bu esa olamshumul ahamiyatga molik haqiqatdir.
Nazar Eshonqul