Ismoil Bekjon. Toshkentlik shoirlar

XVI asr boshida Bobur mirzoning buvasi Yunusxon, keyinchalik esa shayboniylarning ona(Robiya sulton begim binta Ulug‘bek mirzo) tomondan Ulug‘bek mirzo avlodlari bo‘lgan Navro‘z Ahmadxon(Baroqxon) bin Sevinchxojaxon va uning o‘g‘illari hamda Do‘stum sulton bin Iskandarxon hukumat yurgizgan Toshkent shahri ilm-fan sohalaridagi olimlar, me’morlar, musiqa va tasviriy san’at namoyandalari, shoirlar faoliyat ko‘rsatayotgan madaniy, adabiy markaz ham edi. Ana shunday olimlardan biri Hindistonga 1528 va 1570 yillari safar qilib, Bobur va Akbar bin Humoyun podshoh bilan uchrashgan hamda hajdan qaytishda Turkiya sultoni taklifiga ko‘nmay, o‘sha mamlakatda qolishdan ko‘ra, Toshkentda yashab, ijod etishni afzal bilgan Hofiz Ko‘hakiy Toshkandiy (vafoti 1585 yil) bo‘lsa, uning boshqa bir necha hamshaharlari ham Toshkent ilmiy, adabiy muhiti rivojiga munosib hissa qo‘shganlar. Ulardan bir nechasining nomi bizgacha Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob”(1566), Mutribiyning “Tazkirat ush-shuaro” (1605) va “Nusxayi zeboyi Jahongir” (1628), Muhammad Orif Baqoiy Buxoriy-Andijoniyning “Majma’ ul-fuzalo”(1588-1593) tazkiralari orqali yetib kelgan. Ular orasida Hofiz Ko‘hakiyning o‘g‘li Sobir Toshkandiy ham bor.

“Muzakkiri ahbob” Muqaddimasida Do‘st Muhammad bin Navro‘z Ahmadxon nomi tilga olinib, ijodidan namuna beriladi. Boshqa toshkent­lik shoirlar haqidagi ma’lumotlar esa tazkiraning turli bob va fasllaridan o‘rin olgan. Muallif so‘ziga qaraganda, ulardan Mavlonozoda Abdul­g‘affor Toshkandiy, mavlono Hamididdin Shoshiy tazkira yozilgan 1566 yildan burun vafot etib, Toshkentda dafn qilinganlar. Toshkentning Turbat qishlog‘idan chiqqan mavlono Abdussamad esa, ilmlar bo‘yicha nom qozonib, Qashqar, Buxoro kabi o‘lkalar madrasalarida ham dars o‘qitish bilan shug‘ullangan. «Muzakkiri ahbob» muallifi mazkur mavlono Abdussamad bilan qalin do‘st bo‘lib, u tazkira yozilgan 1566-yillari keksalik yoshiga yetgan ekan. O‘sha paytda yana bir keksalik yoshiga yetgan, ammo Nisoriy ko‘rmasa-da, u bilan xat yozishib turgan tosh­kent­lik ijodkor qozi Mir Toshkandiydir. Tazkirada bu she’riyat ixlosmandi asarlaridan namuna keltiriladi. Mirzo Najotiy Toshkandiy esa, 1566 yili yosh yigit bo‘lib, Buxoroga kelib tahsil olayotgan va Nisoriy bilan yaxshi tanish ekan.

Mutribiy ikkala tazkirasida ham bir necha toshkentlik shoir haqida noyob ma’lumotlar havola etadi. U 1626 yilning dekabrida Lohurda Jahongir podshoh bilan uchrashadi va yana 4 oy davomida bu boburiy hukmdor uyushtiradigan oqshomgi she’riyat yig‘inlarida qatnashadi. Shu kechalardan birida Jahongir bin Akbar Hindistonga Movarounnahrdan fozil kishilarni taklif qilish maqsadi borligini bildiradi va Mutribiydan, ana shunday kishilarni tanisa, tavsiya etishini so‘raydi. Mutribiy bilan Hindistonga borgan o‘g‘li Muhammad Ali podshoh iltifotiga loyiq kishi sifatida Sobir bin Hofiz Ko‘hakiy Toshkandiy nomzodini ko‘rsatadi. Shunda Jahongir o‘zining 9 yasharlik payti otasi Akbar huzurida Hofiz Ko‘hakiy Toshkandiyni bir necha bor ko‘rganini aytadi. O‘sha chog‘da Samar­qanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasasida muallimlik qilgan Sobir Toshkandiy Imom­qulixon davlatining qozi askarlik lavozimiga ko‘tarilgan ekan. Mutribiy yozishicha, Sobir Toshkandiy barcha ilmlarni otasi qoshida Toshkent shahrida o‘zlashtirgan.

“Muzakkiri ahbob” muallifi toshkentlik olim, fozil va shoir kishilar vasfu ta’rifini quyidagicha keltiradi:

“Saltanatdo‘st Do‘st Muhammad sulton bin Navro‘z Ahmadxon bin Sevinchxojaxon bin Abulxayr Bahodirxonning muqaddas zikri. Yaxshi xislatlari ko‘p podshohzodadir. Latif tab’i shijoatga moyil va olimu fozillar suhbatiga jonu dil bilan hozir. Oliy majlisini bu toifadan xoli o‘tkazmaydi, shoiru nadim kishilar ham uning oliy yig‘inida hoziru nozir. Ko‘ngil quvonchi uchun gohida she’r va nafosat maishatiga ham mayl bildiradi. Va bu baytni uning latif she’ridan sanaydilar.

Bayt:
Nofayi on xoli mishkin ohuyi Chin chun bidid,
Az xijolat po‘st po‘shidu rahi sahro girift.

(Mazmuni:
Chin ohusi ko‘rib ul mishkinxol tarovatini,
Uyatdan teri yopindi-yu, ixtiyor etdi sahroni.)»

“Mavlonozoda Abdulg‘afforning muqaddas yodikim, ul zot Toshkand vi-loyatining ashraflaridan bo‘lib, bir necha vaqt o‘sha shaharda qozilikning oliy mansabiga munosib ravishda ish olib borgan. U ilmu fazilatlar kasb etgan kishilardan sanaladi. “Faroiz”-ni yaxshi nazm qilgan. Puxta she’rlari va shirin so‘zlari bor. Va ushbu matla’si ham ko‘p mashhurdir.

Matla’:
Az ramad gar didayi mo dardi behad gard kard,
In ki mahrum az jamolash kard moro dardi gard.

(Mazmuni:
Chang ko‘zimizni og‘ritib, dardini behad ham etdi,
Bu gard dardi bizni yor jamoliga nomahram etdi.)

Va bu matla’ni ham Mirzo Jovam haqida ko‘p e’tiborga sazovor darajada aytgan.

Matla’:
Bahri dil burdan ba masjid omad on ra’novu mast,
Na’ra az arbobi din omad barun: k-in jo u mast?

(Mazmuni:
Dil o‘g‘irlay deb masjidga ra’novu mast kelibdir,
Din ahlidan chiqdi sado: buyona u mast kelibdir?)

(Ikkinchi misra’dagi “in jo u mast” so‘zlari arab alifbosida “in jo(v)am ast” ko‘rinishiga ham ega bo‘lib, birinchisida “bu yerda u mast?”, ikkinchisida “bu Jovamdir” ma’nolarini beradi. – I.B.)

Mavlonozoda Abdulg‘affor Toshkandiy shunchalik fazilatlar egasi bo‘lishiga qaramasdan, keyinchalik uni qozilik mansabidan tushirganlar…”

«Mavlono Hamididdin Shoshiyning muqaddas yodi. Odamlar uning muborak majlisi va shirin suhbatini orzu qilisharkan. She’rlari kishi hissiyotida tug‘yon qo‘zg‘atuvchi va gaplari shakar sochuvchidir. Bu ikki bayt uning malohatli kalomidan.

Bayt:
Agarche bongi nay az had barun asar dorad,
Lek nishonai may holati digar dorad.
Ba har gule ki nazar mekunam dar in gulshan,
Chu lola dog‘i g‘ami ishq bar jigar dorad.

(Mazmuni:
Nay tovushi gar haddan ziyod etsa ta’sir,
May o‘zgacha alomat ila etar bizni asir.
Qay gulga solsam nazar bu gulshanda bir-bir,
Loladek yuragida ishq g‘ami otashidir.)

Mavlono Hamididdin Shoshiy Toshkandda vafot etgan, qabri ham o‘sha yerda…».

Olimlar sarasi mavlono Abdussamadning muqaddas yodi. Mavlono Abdussamad Toshkentning Turbatidandir. Uzoq yillar Toshkent shahrida ilm o‘rgatish ishlari bilan mashg‘ul bo‘ldi. Va “Olloh uchun haj va umrani ado eting” karim oyati mazmuniga ko‘ra sharif haramlar tavofiga yuzlanib, tavof sharafiga musharraf bo‘lib qaytgandan so‘ng ham yana Toshkandda ancha fursat turg‘un qolib, dars o‘qitish bilan shug‘ullanib yurdi. Garchi ilmlarda juda oldingilar qatorida bo‘lmasa ham, ammo hech bir ilmdan bebahra ham emas. So‘ng yana bir marta benavo ushshoq kabi Hijoz ohangini qilib, yo‘li Qashqar taraflarga tushdi…U yerdan qaytib kelgach, Buxoroda sokin bo‘ldi. Sharif zoti shuncha ilmu-fazilatlar egasi bo‘lishiga qaramay, anduhu mehnat azobi va yana allaqanday balolardan ham quruq qolmagandi… Mavlono nujum ilmidan ham sohibi vuquf olimdir. Ammo, zikr etilgani kabi, tole’ yulduzi rioyatu shafqat avji sari yuqori ko‘tarilmagan… Mavlono Abdussamad hozir oliy hukmdor Iskandarxon-ilohim mulki abadiy bo‘lsin-buyrug‘i bilan Hofiz Devon madrasasida dars o‘qitish bilan mashg‘ul. Yaxshi she’rlari va yoqimli so‘zlari bor. Bu matla’ esa mazkur mavlononing rangin kalomidan.

Matla’:
Turo bar rui gul hargah zi sunbul soyabon o‘ftad,
Baroyad az dilam ohe ki otash dar jahon o‘ftad.

(Mazmuni:
Sen gulyuzlik boshi uzra sunbul bo‘lsa soyabon,
Dilimdan chiqqan oh otashi ichra qolar jahon.)

Mirzo Najotiy Toshkandning taniqli kishilaridan. Tahsil uchun bu xayrosor diyor Buxoroga keldi. Yaxshi tab’i bor. Bu bayt uning rangin so‘zlaridan.

Bayt:
Meguzorad vaqf bar oyot rui mushafash,
Dar dovoti g‘uncha dorad surxii bisyor gul.

(Mazmuni:
Mushaf yuzi oyatlarin ajratar gullik belgi,
G‘uncha dovotdan, chun, chiqar qizil gul rangi.)

Qozi Mir Toshkandiyning chiroyli zikri. Qadimdan Toshkent viloyati qoziligi alar jamoatiga mansub va hamisha saxovat, karam ko‘rsatish xislati bu xonadon ahliga yor bo‘lib kelmoqda. Qozi Mir janoblarining jamoati o‘zlarining maqtovli sinovdan o‘tgan axloq-atvori bilan mashhurdir. Sultonlar ul zotga e’zoz-ikrom ko‘rsatadilar. Janobi Mir fazilatlarning ko‘pi bilan bezangan va bir necha muddat Samarqandda arjumand olim mavlono Ahmad Jand darslarida ilm oldilar. Tariqatda kubraviya yo‘lini tutganlar. Ushbu g‘azal ul kishi qalamiga mansubdir.

G‘azal:
Zi hijron be saru somonam imro‘z,
Be jon az mehnati hijronam imro‘z.

Chu guyi afganda dar ko‘yi tuam charx,
Az on sargashtayi davronam imro‘z.

Zi suzi ishqi on mohi jahongard,
Ba gardun merasad afg‘onam imro‘z.

Zi man gar xo‘rdaii biniy, makun ayb,
Ki man masti mayi jononam imro‘z.

(Mazmuni:
Beqaror etmish meni hijron bugun,
Hijron etmish meni bejon bugun.

Chovgon to‘pidek ko‘yingda urib charx,
Shundan men sargashtayi davron bugun.

Olam kezguvchi ul oy ishqi o‘tidan,
Etar falakka cheksam afg‘on bugun.

Ayb etma, maydagap ko‘rsang gar meni,
Mast etmish meni mayi jonon bugun.)

Faqirning bu kitobi(“Muzakkiri ahbob” – I.B.) sharif nazarlariga yetishgach, ushbu ruboiyni yozib yuborgan edilar. Duo libosidagi kishi bo‘lgan-lari uchun uni tabarruk o‘rnida tazkiramizga qo‘shimcha qilindi. Ruboiy ushbudir:
In nusxayi dilgusho ki omad ba nazar,
Kard az dili man mehnati ayyom badar.
Dorem tama’ on ki ba ro‘zi mahshar,
Yobad nazari qabul az xayri bashar*.

(Mazmuni:
Etishib biza bul ko‘ngil ochar kitob,
Quvdi dildan turmush g‘amin shu tob.
Qiyomatda topsin u qabul nazarin
Bashar a’losidan, yetishib ko‘p savob…)».

(*Xayri bashar (bashariyat a’losi) – islom payg‘ambari Muhammad s.a.v. ko‘zda tutilmoqda.)

Tayyorlovchi va tarjimon Ismoil Bekjon
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.