Yaqinda qardosh Ozarbayjonda buyuk davlat arbobi va adib Boburning ikki kitobi nashr etildi. Biri mashhur “Boburnoma”, ikkinchisi “Tanlangan asarlar”i. Bu o‘rinda biz uning ozarbayjoncha “Tanlangan asarlar”i haqida fikr yuritmoqchimiz.
Boburning ozarbayjoncha “Tanlangan asarlar”i (Z. M. Babur. Seçilmiş əsərləri. Baki, 2011) R. Askarning “G‘oziy Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, shaxsiyati, asarlari” nomli so‘zboshisi (3-22 betlar) bilan ochiladi. Unda Bobur hayoti va ijodiga oid atroflicha ma’lumotlar berilgan. Jumladan, Bobur asarlarining Turkiyadagi va Erondagi qo‘lyozmalari haqidagi fikrlar diqqatga molikdir. Muallifning ta’kidlashicha, Boburning 1519 yilda tuzilgan “Kobul devoni” va 1528-29 yillarda tartiblangan “Hind devoni”ning bir qator nusxalari turli muzeylarda saqlanmoqda. Bir-biridan hajman farqli bu devonlarning eng mukammal nusxasi Istanbul universiteti kutubxonasidagi 3743 raqamli “Devoni Boburshohi Chig‘atoyi”dir; 105 varaqli to‘plamda shoirning 119 g‘azali va turli janrlardagi boshqa she’rlari, “Risolai volidiya” tarjimasi mavjud (Parij milliy kutubxonasidagi 1230 raqamli ikkinchi mashhur nusxa esa 50 varaqdir, unda 87 g‘azal va boshqa she’rlar bor). Istanbuldagi To‘pqopi saroyidagi 741 raqamli qo‘lyozma esa 55 varaqdir; “Devoni sultonul a’zam Bobur mirza val-g‘ufron” yozuvli bu devonda 111 g‘azal va boshqa she’rlar mavjud. Demak, bu yodgorlik hajman kattaligi bilan Parij nusxasidan ko‘ra qimmatliroqdir. Istanbuldagi Otaturk shahar kutubxonasidagi boshqa bir nusxa 74 varaq bo‘lib, unga 82 g‘azal va turli she’rlar jamlangan. Tehrondagi Saltanat kutubxonasida saqlanayotgan Bobur kulliyoti 5 bo‘limdan iboratdir, unda shoirning deyarli barcha nazmiy va nasriy asarlari to‘plangan. Turkiyalik Boburshunos, doktor Bilol Yujal yuqoridagi nusxalardan foydalanib, 1995 yilda “Bobur devoni”ini nashr ettirdi (turkman olimi Rahimmamat Quronov Ashxobodda 2005 yilda chiqargan “Bobur devoni” ham B. Yujal nashriga asoslangan). Qisqasi, muallif buyuk shoirimiz asarlarini ozarbayjon tilida nashrga tayyorlashda uning saylangan she’rlaridan (Z. M. Bobur. “G‘aribing andijoniydur”, nashrga tayyorlovchi Vahob Rahmonov, “Sharq”, Toshkent 2008) va B. Yujalning turkcha bosmasidan foydalanganini, ularga suyanganini minnatdorlik bilan tilga olgan.
Mazkur nashrning yutuqlari, bizningcha, quyidagi jihatlarida ko‘rinadi. R. Askar Bobur she’rlarining ozarbayjoncha nashrini tayyorlarkan, faqat bir-ikki manbaga emas, balki shoir she’rlarining turli qo‘lyozmalarga asoslangan va bir-birini to‘ldiruvchi Toshkent, Kobul, Istanbul, Anqara nashrlarga tayangani sababli ilmiy mushohadalarining xolis va asosliligi ko‘rinadi. So‘zboshida muallif Boburning hayoti va ijodi haqida keng to‘xtalgan, uning she’riy va nasriy, ilmiy ijodiga juda katta baho bergan, uning nafaqat o‘zbek yoki turkiy adabiyotlardagi, balki dunyo adabiyoti va tarixidagi o‘rni nihoyatda ulug‘ligini ko‘rsatib bergan. R. Askarning yozishicha, “Bobur o‘zbek she’riyatida A. Navoiydan keyingi eng yuksak cho‘qqidir”.
Har bir nashrda katta yutuqlar bilan birga ayrim kichik kamchiliklar uchrashi ham tabiiydir. Ayniqsa, ayni qo‘lyozmalar turli davrlarga oid va dunyoning turli o‘lkalarida saqlanayotgan nodir asarlar yangidan bosilganda, ularni qiyosan o‘rganib, xulosalarimiz bilan o‘rtoqlashish lozim. Avvalo mazkur devon so‘zboshisidagi ba’zi fikrlarga to‘htalib o‘tsak. R. Askar so‘zboshida hayajon bilan “Bilol Yujalning kitobi boburshunoslikda eng mo‘tabar manbadir” (15 b.) deya urg‘u beradiki, bu gap tadqiqotchilarni Bobur she’rlarining O‘zbekiston, Afg‘oniston, Turkiya, Ozarbayjon va Turkmanistonda 1950-2011 yillar orasida bosilgan barcha nusxalarini qiyosiy o‘rganishga, xulosalarini bildirishga undaydi.
Shunday qilib, R. Askar ta’kidlaganidek, “B. Yujal Boburning 122 g‘azali borligini aniqlaganki, ulardan biri charpaz (qorishiq, kesishgan – T.Q.) g‘azaldir”; shoirning bugungacha ilm olamiga 18 masnaviysi, 216 ruboiysi, 1 muammosi, 19 qit’asi, 15 tuyug‘i, 79 matla’si, 7 masnu’ she’ri, 16 notamom g‘azali, 3 nazmi va 16 musarra bayti, 11 mufradoti, 4 kichik mansur parchasi ma’lumdir. Bundan tashqari, uning forschada yozgan 2 g‘azali, 12 ruboiysi, 8 qit’asi, 7 matla’si va 1 mansur parchasi bor. Xullas, Bobur devonida 600 dan ortiq asari bor.” (14-15 b.)
Keling, bu fikrlarning ayrimlarini tahlil qilib ko‘raylik. Birinchidan “Bilol Yujal Boburning 122 g‘azali borligini aniqlaganki, ulardan biri charpaz g‘azaldir” deydi muallif. Holbuki, B. Yujal turkchada shoir she’rlarini nashr ettirgungacha ham uning 120 taga yaqin g‘azali o‘zbekcha nashrlar orqali kitobxonlarga ma’lum edi. Ya’ni, 1962 yilda 116 ta, 1982 yilda 118 ta, 1996 yilda 119 ta (2008 y.da esa 128 ta) g‘azali bosilgandi. Demak, B. Yujal 122 emas, nari borsa 3-4 g‘azalni aniqlagan ekan. Faqat bu yerda shuni mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardikki, 1996 yilgi (Shafiqa Yorqin tayyorlagan Kobul nashriga suyanilgan) H. Muhammadxo‘ja o‘g‘li nashrida berilgan “Masnu’ she’rlar” B. Yujalga tayangan ozarcha nashrda 121-g‘azal shaklida taqdim etilgani maqsadga muvofiq bo‘lgan. 3-4 yangi aniqlangan g‘azaldan biri shu. Ya’ni, uning masnu’ she’r, to‘rtliklar emas, balki 5 bayt- 5 baytdan iborat ikki kesishgan, qorishgan g‘azaldan yaratilgan bitta g‘azal ekanligi biz uchun yangilikdir. Ikkinchidan, Muallif Boburning “15 tuyug‘i, 79 matla’si, 7 masnu’ she’ri” bor deydi. Shoirning O‘zbekistondagi nashrlarida tuyuqlar soni 9 ta, goh 18 ta, goh 14 ta deya berilgan, muallifning bu fikriga qo‘shilish mumkin. Ammo “79 matla’si” borligi haqidagi fikri odamni o‘ylantirib qo‘yadi. Zotan, matla’ g‘azalning birinchi – chiqish, boshlanish bayti ekanligi, alohida janr emasligi barchaga ma’lum. Shoirimizning 7 ta masnu’ she’ri borligi to‘g‘risidagi fikr yoqimli, albatta, ammo o‘sha masnu’ she’rlar e’lon etilsa, yanada yaxshi bo‘lardi.
Ozarbayjoncha nashrga Boburning 500 dan ortiq she’riy asari jamlangan, forsiyda yozganlari, shuningdek, boshqa shoirlarga oid deya taxmin qilingan 56 muammosi kiritilmagan (O‘zbekistonda 1982 yilda bosilgan “Bobur she’riyatidan” to‘plamida uning 52 muammosi o‘rin olgan; 1996 yilgi nashrda 2 muammo bor, xolos). Demak, R. Askar so‘zboshida hayajon bilan “Bilol Yujalning kitobi boburshunoslikda eng mo‘tabar manbadir” deya ta’kidlaganini bir kasbdoshiga hurmatan aytilgan nisbiy fikr sifatida qabul qilish mumkin.
Ozarbayjoncha nashrda shoirning 15 tuyug‘i berilgan (223-226 b.). O‘zbekcha nashrlarda tuyuqlar soni turlichadir (1965 yil nashrida 9 ta, 1982 yilda 18 ta, 1996 yilda 14 ta).
Ma’lumki, tuyuq mumtoz adabiyotimizda eng murakkab, har qanday ijodkor qo‘l urolmaydigan qiyin she’r turidir. Zotan, turkiy tillardagi she’rbop omonim so‘zlarga ustozlar tomonidan, bizningcha, tuyuqlar deyarli yozib bo‘lingan. Yangi tuyuq bitish nihoyatda og‘ir. Bu jihatdan qaraganda, bitta yangi tuyuq ham kitobda o‘z o‘rniga egadir.
Qardosh tillardan bir-biriga tarjima va tabdil nashrlarining bir fazilati borki, bu tufayli ularni asl matn va boshqa nashrlar bilan qiyoslash, kamchiliklarini to‘ldirish, ayrim xatolarni aniqlash mumkin. Tuyuqlar nashrida ham bu holga duch keldik. Oldindan tuyuqlarni nashrga tayyorlash og‘irligini, qardosh tillarga uyg‘unlashtirish undan ham qiyinligini, boshqa tilga o‘girish deyarli mumkin emasligini eslatib o‘taylikki, quyida ayrim yanglishliklarni tilga olsak, bu sohada zahmat chekkan ustozlar va do‘stlarimizning ko‘ngli og‘rimasin. Boburning uch jildlik “Asarlar”ida bir tuyuq shunday berilgan (1965 y. 1-j, 176 b):
To ko‘ngul berdim o‘shal qoysoriyg‘a,
Borg‘onini bilmadim qoy sorig‘a,
Do‘stlar, yorga meni sog‘indurung,
Solsangiz nogah quloq qoysorig‘a.
1982 yildagi S. Hasanov nashrida (119 b.) bunday:
To ko‘ngil berdim o‘shal qaysareg‘a,
Borg‘anini bilmadim qay sarig‘a,
Do‘stlar yorg‘a meni sog‘indurung,
Solsangiz nogah quloq qaysarig‘a.
1996 yilgi H. Muhammadxo‘ja o‘g‘li nashrida esa birinchi nashrga o‘xshash, faqat ilk satr “qoysorig‘a” yozilgan (118 b.).
Ozarbayjonchada bu tuyuq shunday (224 b.) berilgan:
Ta könül verdim oşol kaysariya,
Varalım bilmədim kay sariya,
Dostlar, yara mani sagındırın,
Salsanız nagah ayaq Kaysariya.
R. Askarning bu tuyuqqa bergan izohlariga ko‘ra: 1-satrdagi “qaysariya” – go‘zal, qaysarga, podshohga loyiq; 2-satrdagi “qay sariya” – qayerga; 4-satrdagi “Qaysariya” – shahar nomi sifatida talqin etilgan.
Demak, Boburning Ozarbayjondagi tarjimoni tuyuqning 4-satrini “Qaysari shahriga borsangiz” deya anglagan va shunday talqin etgan. Turkiyadagi tarjimon esa tuyuqning birinchi satrini “o‘sha qaysarilikka ko‘ngil berdim” deya tushungan. Faqat u Turkiyadagi Qaysari shahrini emas, Hirot yaqinidagi Qaysari, deya ta’kidlamoqda. Ozarbayjonlik tarjimon qaysi mamlakatdagi Qaysari ekanligini aniq bildirmagan. Tuyuqning o‘zbekcha nashrlarida esa Qaysari shahriga ishora yo‘q. (o‘zbekcha qomuslardan Afg‘onistondagi Qaysari haqida belgi topolmagach, Toshkentda ishlayotgan afg‘onistonlik tarixchi Hamidulla Tavochi bilan bu xususda suhbatlashdim. Uning aytishicha, Qaysari-Balx va Hirot o‘rtasida joylashgan bir tuman. Tumanda Sulton Sanjarning mashhur qasri bor; Qaysaridan 10 kilometr uzoqdagi bu qal’ada S.Sanjarning saroyi bo‘lgan. Shu qal’a yaqinida “ashobi kahf” g‘ori ham bor.
Har qanday, adabiy asarning, xususan she’rning badiiy qimmati shundaki, o‘quvchi o‘z darajasiga ko‘ra uni o‘qiydi va anglaydi; matn va so‘zlar ortidagi aytilmagan ma’nolarni, ishora etilgan fikrlarni tuyish, sezish esa nozik ta’b o‘quvchiga o‘zgacha zavq beradi.
Bizningcha, 1982 yilgi nashrda yanada sayqallab tabdil qilingan bu tuyuqdagi ilk satrni turlicha anglash mumkin: 1) o‘sha qaysar – o‘jar jononga ko‘ngil berdim; 2) Qaysarilik go‘zalga ko‘ngil berdim. Ikkinchi satrdagi “qay sarig‘a” ning qayga, qayerga degandan boshqa ma’nosi yo‘q. To‘rtinchi satrdagi “qaysarig‘a” so‘zini qaysar (kayzer), podshoh va o‘jar oshiq kabi ikki ma’noda tushunish mumkin.
Shu o‘rinda shoirning “norin” so‘ziga asosan bitilgan yana bir tuyug‘i va tarjimasiga oid fikrimizni ham aytib o‘taylik.
Jong‘a soldi dahr g‘urbat norini,
Ko‘z yoshim bo‘ldi mo‘g‘ulning norini,
Bu aroda men degandek bo‘lmasa,
Ko‘zlay Issiq ko‘lu undin norini.
Bu tuyuq 1965 yilgi nashrda shunday berilgan, 1982 yildagisida ham shunday, faqat to‘rtinchi satr “Ko‘zlay Issiq ko‘lu andin norini”, 1996 yilgi bosmasida “Ko‘zlar Issiq ko‘lu andin norini” shaklida bosilgan. Ozarbayjonchada bu asar shunday berilgan:
Cana saldı dahr gürbət narını,
Gözyaşım keçdi moğolun narını,
Bu arada mən deyən tək olmasa,
Gözlər İssıq gölü ondan narını.
R. Askar 2-satrni “ko‘z yoshim mo‘g‘uldan ham nariga toshib o‘tdi” deya (aslida, bizningcha, “ko‘zyoshim mo‘g‘ulning norini – sho‘rvasiday qaynadi” deyilmoqda, tarjimon esa narigi taraf deya izohlagan), 4-satrni esa “agar vaziyat men o‘ylagandek bo‘lmasa, Issiqko‘lni, uning anorini ko‘zlayin” deya noto‘g‘ri o‘girgan (225 b.). O‘zbekchasida “agar vaziyat men o‘ylagandek bo‘lmasa, Issiqko‘lni, so‘ngra undan ham nariga ketishni (undan narini) ko‘zlayin” ma’nosidan tashqari, bizningcha, “Issiqko‘lga, undan Noringa o‘tayin” (Norin daryo va tuman nomi sifatida bugungi O‘zbekistonda va Qirg‘izistonda mavud) kabi talqini ham bor.
Boburning ozarbayjonchada chiqqan yana bir tuyug‘i 1982 yilgi o‘zbekcha nashrda:
Ne balo biyikturur davlat bog‘i,
Ko‘hi g‘amni ne bilur davlat bog‘i,
Himmate tut dag‘i davlat istagil,
Himmating bo‘lsa bo‘lur davlat bog‘i
tarzida andak tushunarsiz berilgan edi. 1996 yilgi nashrda esa:
Ne balo biyik turur davlat tog‘i,
Ko‘hi g‘amni ne bilur davlattag‘i,
Himmate tut, dog‘i davlat istag‘il,
Himmating bo‘lsa bo‘lur davlat tog‘e
shaklida anchagina tuzatib bosilgan. Bizningcha, 4-satrdagi qofiyani buzib turgan “tog‘e” o‘rniga yana ma’nosidagi “tag‘i” yozilsa, to‘g‘riroq bo‘ladi (zero bu so‘z o‘tmishda Boburning otasi va o‘zi yashagan poytaxt Axsida, umuman To‘raqo‘rg‘on tomonlarda xalq tilida ko‘p ishlatilgani kabi bugunda ham tag‘i, dag‘i tarzida qo‘llaniladi – T.Q.). Bu tuyuq ozarbayjonchada shunday bosilgan:
Nə bəla böyük dürur dövlət tağı,
Kuhi gami nə bilər dövlət tağı,
Hümmati tut, dahi dövlət istəgil,
Hümmətin olsa olar dövlət tağı.
R. Askar tuyuqning mazmuni va shaklini muvaffaqiyat bilan ifodalagan, faqat ikkinchi satr ma’nosini to‘g‘ri aks ettirish bilan birga, undagi “davlattag‘i” iborasining izohida “Tağ – sahib” (tog‘ – sohib, ega) ma’nosidadir, deya biroz no‘noqlik qilgan xolos.
Odatda, o‘zbek adabiyotiga tegishli asarlar boshqa tillarga o‘girilib nashr etilganda, xorijlik mutaxassislar bizning ijodkorlarga qanday baho bergani adabiyotshunoslarni ham, oddiy muxlislarni ham qiziqtiradi, albatta. Bu jihatdan qaraganda, Bobur asarlari nashrlarida o‘zbek adabiyotining o‘ziga xos fazilatlari, ustunliklari qayd etilgan fikrlar anchagina. Bir-ikki misol keltiraylik. O‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari tadqiqotchilaridan biri, filologiya fanlari doktori Olmos Ulviy mumtoz adabiyotimizda Boburning buyuk o‘rni borligini ta’kidlarkan, mashhur turkolog olim M.F.Ko‘prilizodaning ayrim fikrlarini keltiradi, ya’ni “Bobur adabiy merosining eng go‘zal namunasi, hech shubhasiz, devonidir. Boburning barcha chig‘atoy shoirlaridan, hatto Navoiydan ham qolishmaydigan go‘zal lirikasi, she’riyati, toza adabiy tili, samimiy tuyg‘ulari bordir”.
Do‘stimiz Ramz Askar bu so‘zlardan ilhom olgandek, so‘zboshisida Boburning buyuk shaxs, buyuk ijodkor ekanini shunday ta’kidlagan: “Xulosa qilib aytganda, turkiy adabiyotlarning eng porloq siymolaridan biri bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur chig‘atoy adabiyoti tarixida Alisher Navoiydan keyingi ikkinchi eng yuksak cho‘qqidir. Nasr sohasida esa, birinchisi, hech kim zabt etolmagan cho‘qqidir. Uning hayoti, shaxsiyati, asarlarining tanitilishi va targ‘ib etilishi turkiy ziyolilarning birinchi darajali vazifasidir. Zero, yosh nasllarga turk dunyosi ulug‘larini tanishtirmasdan, tarixiy xotiramizni yangilamasdan-kuchaytirmasdan turib o‘tmish-bugun-kelajak orasida ko‘prik qurib bo‘lmaydi. Holbuki, bugungi globallashgan dunyomizda bunga katta extiyoj bor”.
Biz ham bu so‘zlarga qo‘shilgan holda jahonshumul inson, sarkarda va shoir Boburning ikki kitobini, Ozarbayjonda nashr etilishiga xizmat qilgan tarjimon va olim Ramz Askar bu ishlari bilan, bizningcha, yuqoridagi fikrini isbotlagan. So‘zi va amali bir bo‘lgan ozarbayjonlik do‘stimizning bu muvaffaqiyatlari uning o‘zbek muxlislarini ham sevintiradi, albatta.
Tohir Qahhor, O‘zDJTU dotsenti
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son