Tohir Malik. Qiyomat qarz

«Bunchalar shirinsan, hayot!»
O‘lmas Umarbekovning asarlarini o‘qiy turib shunday deb hayqirging keladi.
«Bunchalar beshafqatsan, hayot!»
O‘lmas Umarbekovning qalbida tug‘ilib, qog‘ozga ko‘chgan asarlarni o‘qib bo‘lgach, beixtiyor shunday deb yuborging keladi.
«Bunchalar makkorsan, hayot!»
O‘lmas Umarbekovning hayot so‘qmoqlarida adashgan qahramonlari bilan tanishgach, «makr va muhabbatning ildizlari qayda ekan?» deb o‘ylay boshlaysan.
Yozuvchining ellik yil muqaddam yozgan ilk hikoyasidan boshlab to so‘nggi satrlarigacha – hamma-hammasini oddiy asar emas, balki avlodlarga vasiyatnoma sifatida qabul qilmoq durust. Yozuvchi hayot haqidagi mulohazalarini o‘nlab qahramonlarining taqdirini bayon qilish bahonasida o‘quvchi diqqatiga havola etgan.
O‘lmas Umarbekov qalamiga mansub asarlarning qahramonlari – turli fe’l-atvorga, turli taqdirga ega turli davrlarning kishilari. Lekin adibning qalbi ularni bir nurli nuqtada birlashtirib turadi. Bu qahramonlar – ezgulik izlovchilar, ezgulik istovchilar, sog‘inuvchilar, zulm yoki beshafqatlik qarshisida bo‘yin egmovchilar – bularning barcha-barchasi yozuvchi yuragida tug‘ilgandir. Yozuvchining bu qahramonlari xuddi o‘ziga o‘xshaydi, deyilsa mubolag‘a bo‘lmas. O‘lmas Umarbekov hamma qatori hayotning achchiq-chuchugini tatigan, xiyonatni, shafqatsizlikni, munofiqlikni ham ko‘rgan. Ammo bu kabi illatlar qarshisida ojiz qolmagan, yaxshilikka ishongan, haqiqatga suyangan edi. Ezgulikka, ozod hayotga faqat to‘g‘rilik yo‘li bilan bormoqlik mumkin – O‘lmas Umarbekovning barcha asarlariga ana shunday shior munosib.
Gulzorda har bir gulning isi o‘zgacha bo‘lgani kabi, adabiyot olamidagi har bir adibning faqat o‘ziga xos ovozi mavjuddir. Tepasiga adibning nomlari yozib qo‘yilmasa ham bu hikoyani yoki romanni aynan O‘lmas Umarbekov yozganligini zukko kitobxon darrov biladi. O‘lmas aka ijodining boshqalardan farqlantirib turadigan jihati – samimiylikda ko‘rinadi.
O‘lmas aka hayotda samimiy bo‘lganlar, atrofdagilarga ishonganlar, odamlarni toifalarga, navlarga ajratmaganlar. U kishining eng sevgan so‘zlari – «AZIZIM» edi. O‘lmas aka yoqtirmagan, g‘ashlarini keltiruvchi odamga ham «azizim» deb murojaat qilardilar. Bu xislatni asarlaridagi qahramonlariga munosabatda ham ko‘ramiz. Yozuvchi o‘zlari sevgan qahramonlarga ham, asardagi serillat odamlarga ham «azizim» deyayotganday tuyuladi. Yozuvchi yomon odamga la’nat yog‘dirmaydi, nafratini bayon qilavermaydi, balki yomonlikning oxir-oqibatini ko‘rsatib qo‘ya qoladi. Yozuvchining bunday asarlarini o‘qigan odam hayotdan bezmaydi, balki yaxshilikka umid qilib yashamoq lozim ekan, degan haqiqatni anglab yetadi.
Adabiyotda turli yo‘nalishlar mavjud. Ba’zilar badiiy asar hayotning beshafqatligini quyuq bo‘yoqlarda tasvir etmog‘i kerak, toki o‘quvchi o‘zini bu ko‘rguliklarga tayyorlasin, noxushliklarga duch kelganda dovdirab qolmasin, deyishadi va shu yo‘sinda yozishadi. Oqibatda hayotga muhabbat o‘rniga nafrat uyg‘otib qo‘yishadi. Shu o‘rinda adabiyot o‘zining asosiy vazifasidan chekinadi.
Yana bir yo‘nalish tarafdorlari «adabiyotda eng muhimi – jiddiy gap aytish, dolzarb muammoni kun tartibiga qo‘yish» degan talab bilan yashadi. Oqibatda adabiy asar qahramonlarining oyoqlari yerdan uzildi.
Yana bir toifa hayotni tanqid qilishga ko‘proq e’tibor berish tarafdori bo‘ldi, oqibatda nasrda ham, nazmda ham asabiy, baqiroq asarlar vujudga keldi.
Boshqa bir toifa esa ramziylik bilan mav-humlikni farqlamay, aralashtirib yubordi. Asarlariga odamlar tushunishmasa, «bu yerda aqlli gap bor, kelajak avlod anglaydi», deb izoh berishdi.
Bu yo‘nalishlarni rad etmay yoki pastga urmay, ularni izlanishlar samarasi deb baholash mumkin. Hozirgi avlodga, bizningcha, sodda, ravon yozilgan asarlar yoqadi. O‘lmas Umarbekov asarlarining soddaligi, ravonligi jiddiy masalalarni chetlab o‘tish yoki rad etish evaziga emas. Ma’lum hodisalarga nisbatan tanqid yo‘q, deb ham bo‘lmaydi. Bu yerda gap bayon etish uslubining samimiyligida. «Yor yonganda», «Mening o‘g‘il bola jiyanim», «Oyning oltin o‘rog‘i»ni eslasak, fikrimiz o‘z dalilini topgan bo‘lar.
«Fotima va Zuhra» romani yozilganida O‘lmas aka og‘ir xasta edilar. Shunga qaramay, qo‘lyozmani «Sharq yulduzi» jurnali tahririyatiga o‘zlari olib keldilar. Nashrga tayyorladik. Dastlabki qismi e’lon qilingach, jurnalni ko‘tarib, shifoxonaga bordim. O‘lmas aka gapirolmay qolgandilar. Ammo xastalik azobini, tushkunlik uchqunini sira-sira sezdirmasdilar. Lablarining qimirlashidan «azizim» demoqchi ekanliklarini anglash mumkin edi. Asar bilan tabriklaganimdan so‘ng daftarchalariga bir nima yozib, uzatdilar: «Rahmat, endi asarni himoya qilasizlarmi?» «Bu asar himoyaga muhtoj emas», dedim. Yozuv daftari yordamida ancha gaplashdik. Yozmoqchi bo‘lgan asarlaridan ham so‘z ochdilar.
O‘lim har kuni, har soat eshik qoqib turgan damda ham yozuvchi hayotga muhabbat va ishonch bilan yashardi. Bu kabi sabotli va irodali odamlar haqida yozilgan asarlarni jahon adabiyotida kam uchratamiz. Balki qachondir O‘lmas Umarbekovning hayoti ham biron asarga asos bo‘lar…
Men O‘lmas akaning «asarni himoya qilasizlarmi?» degan tashvishlarini ko‘p o‘ylayman. O‘lmas akaning do‘stga ham, dushmanga ham samimiy munosabatda bo‘lishlari zamirida qalb og‘riqlari mavjud ekanini endi-endi tushunib yetganday bo‘laman. O‘lmas aka hammaga birday ishonar edilar. Bu – yuqori maqomdagi fazilat. Ammo ayni choqda shaxsning ozmi-ko‘pmi fojiasi ham edi. Albatta, odamlarga ishonib yashagan yaxshi, biroq bu ishonchni suiiste’mol qiladiganlar mavjud ekan, ehtiyotkorlikni unutmaslik kerak. O‘lmas akada shu ehtiyotkorlik yo‘q edi. Bundan ezilgan bo‘lishlari shubhasiz, lekin buni boshqalarga sezdirmaganlar.
Etmishinchi yillar boshlarida O‘lmas aka O‘zbekiston radiosida adabiy-dramatik eshittirishlar tahririyatiga boshliq edilar. Bir kuni quvonib keldilar: yangi asarga so‘nggi nuqta qo‘yibdilar. Eshitganlar tabriklashdi. Bir necha soatdan so‘ng esa bu asar izsiz yo‘qoldi. Kimdir xonalariga kirib, O‘lmas akaning port fellarini ko‘tarib chiqib ketibdi. Tasavvur qiling-a: bir necha yillik mehnat yo‘q bo‘ldi. Atrofdagilar tashvishlana boshlashganda ham O‘lmas akaning ko‘zlaridagi muloyimlik o‘zgarmadi. Voqeaning katta shov-shuvga aylanishiga yo‘l qo‘ymadilar. «Falonchi olgandir» degan gumonlarni ham rad etdilar. Buning o‘rniga yana necha tunlarni bedor o‘tkazib, asarni qaytadan yozdilar.
Shularni o‘ylayman-u, «Qiyomat qarz»ni, «Shoshma, quyosh»ni yoki «Fotima va Zuhra»ni birov emas, balki aynan pokiza, mard odamgina yozishi mumkin edi, degan xulosaga kelaman.
Yozuvchi O‘lmas Umarbekov bilan birinchi uchrashuvim ko‘p qatori, e’lon qilingan asarlari orqali g‘oyibona tarzda bo‘lgan edi. Ta’kidlash joizki, O‘lmas aka dastlabki hikoyalarini elliginchi yillarning boshlarida yozgan edilar. «Ziddiyatsizlik nazariyasi» hali amalda bo‘lgan paytda adabiyotga dastlabki qadamlarini qo‘ygan yosh yozuvchi bu nazariyani qabul qilmadi. O‘sha davrda yoki undan sal ilgariroq adabiyotga kirib kelgan bir qator yozuvchilar orasida bu nazariyadan uzilib chiqib keta olmaganlar ham bo‘ldi. O‘lmas aka bu nazariyaning kasalligini o‘zlariga yuqtirmaganliklarining boisi: u kishi an’anaviylikdan, ya’ni ko‘p kishi bosib o‘tgan yo‘ldan yurishni yoqtirmay, o‘zlarining so‘qmoqlarini ochishga harakat qilar edilar. O‘sha «Shirinsoy oqshomlari» deysizmi yoki «Boboyong‘oq»mi, «Hayot qo‘shig‘i»mi… barchasida uslubiy yangilikka intilish mavjud edi.
Oltmish to‘qqizinchi yilning kuz oylarida radioda ishlash havasi bilan O‘lmas akaga uchrashdim. Matbuotda uch-to‘rt yil ishlaganim, besh-o‘n hikoya e’lon qilganim bilan O‘lmas aka oldida men hech kim emasdim. Kelajakda qo‘limdan biron ish kelish-kelmasligi ham aniq emasdi. Shunga qaramay, O‘lmas aka xuddi o‘z tengqurlari bilan gaplashganday suhbatlashdilar. Gaplashganda ham bozordagi narx-navolar emas, adabiyot muammolari bo‘yicha fikr yuritdilar. Adabiyotga, xususan, ayrim asarlarga bo‘lgan munosabatim bilan qiziqdilar. Savollar meni sinash maqsadida berilmagan edi. Gap maromi xuddi ikki ijodkor do‘stning suhbati kabi edi. Bundan men biroz xijolat ham bo‘lardim. O‘lmas aka xijolatligimni sezib, yanada soddaroq tarzda gaplashmoqqa urinardilar. Bir mahal kutilmaganda:
–Hozirgi zamon romani qanday bo‘lishi kerak ? – deb so‘rab qoldilar. Hozir, yoshim ellik beshga yetib, hali ham roman yozmaganligim inobatga olinsa, u damda mazkur savolga tayinli javob bermog‘imning naqadar mushkul bo‘lganini tasavvur etmoq mumkin. O‘shanda O‘lmas akaning o‘zlari meni bu qiyin ahvoldan qutqarib, yangicha romanga munosabatlarini bildirdilar:
–Hozir yostiqday-yostiqday «semiz» kitoblar yozish vaqti emas, bunaqa kitoblarni o‘qishga hozirgilarning toqati yetishmaydi. Endi kitobxonga ixcham, mag‘zi to‘q romanlar kerak. Tez o‘qishsin, ammo ko‘pgina ma’no durlarini terishsin…
O‘lmas akaning o‘shanda «Odam bo‘lish qiyin» deb nomlangan birinchi romanlarini yozayotganlarini keyinroq bildim. Suhbatdan bir necha oy o‘tgach, harbiy xizmatga chaqirildim. Xizmatimning adog‘iga yaqin do‘stim Abdujalil Zokirovdan bir kitob oldim. Qarasam, O‘lmas akaning yangi ki- toblari. O‘zlari aytganday, ixcham, o‘zlari aytganday, bosh ko‘tarmasdan bir zarbda o‘qib chiqiladigan asar, mag‘zi to‘q asar. Askar yigitlar kitobni qo‘lma-qo‘l o‘qishdi. Asar qahramonlarining taqdiri ularni befarq qoldirmadi. Ayniqsa, Gulchehraning taqdiri sevgi yoshidagi askar yigitlarning dilini poralab yuborgan edi.
O‘shanda O‘lmas aka roman yozishlari bilan ikki tomonlama sinovga duch kelgan edilar: birinchisi – o‘ttiz besh yoshga kirgan adib o‘sha davr qarichi bilan o‘lchanganida «yosh yozuvchi» hisoblanardi. «Yosh yozuvchi»ning esa roman yozishi ko‘pchilikka g‘alati tuyulardi. U damda yosh yozuvchilarning «romanchilik dovonini» oshib o‘tmoqlari oson emasdi. Chunki roman yozgan adib endi yetuk ijodkorlar safiga o‘tardi. Ikkinchisi – «yosh yozuvchi» yozgan romanning hajmi kichik. Boshqalarniki kabi «semiz» emas. Boshqalar kabi sinalgan yo‘ldan yurmagan.
Romandagi bayon uslubining ravonligi, qahramonlar ruhiyatining atroflicha tahlil etilganligi, hayot falsafasining teran aks ettirilishi har ikki sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishni ta’minlagan.
O‘lmas aka faqat ijodda emas, xizmatda ham rang-baranglikka intilar edilar. Radioda to hozirgacha davom etib kelayotgan «Tabassum», «Dugonalar», «Gulshan» kabi radiojurnallarning paydo bo‘lishida u kishining ham xizmatlari bor. O‘lmas aka radioda ishlaganlarida tahririyat adabiyot darsxonasiga o‘xshab ketardi. Yozuvchilar, aktyorlar ko‘p kelishardi, ishlari bitgach, darrov izlariga qaytmay, tahririyat xonasida gurung qilishardi. Biron eshittirish tayyorlash lozim bo‘lganida u kishi boshliq sifatida biror xodimni huzurlariga chaqirtirib «falon ishni qiling», deb buyurmasdilar. Balki o‘zlari muharrirlar huzuriga chiqib, gurunglashib o‘tirib «Shunday eshittirish qilsak, qanday bo‘larkan?» deb vazifa yuklanayotgan odamga qarab qo‘yardilar. Buyruq taklif tarzida berilibgina qolmay, maslahat, yo‘l-yo‘riq ham ko‘rsatilardi.
«O‘zbekfilm»ni boshqargan paytlarida o‘zbek kinosiga milliy ruh berishga ancha urindilar. Yozuvchilarni o‘zbek tilida stsenariy yozishga jalb etish maqsadida maxsus «stsenariy studiyasi» tashkil etdilar. Yozuvchilarga maosh ham tayin etdilar. Ammo yozuvchilar bu rag‘batga befarq qaraganlari sababli studiya deyarli ijobiy samara, ijodiy meva bermadi. O‘zbek kinosi bilan xorij kinosi ustalarining birgalikdagi hamkorligida ham O‘lmas akaning hissalari bor. Hindiston kinochilari bilan birgalikda ishlangan «Alibobo va qirq qaroqchi», Yugoslaviya kinochilari bilan hamkorlik shular jumlasiga kiradi. Yozuvchilar uyushmasida ishlaganlarida ham ustoz yozuvchilarning mahorat maktablarini ochishga urindilar.
Dunyoda tasodiflar ko‘p bo‘ladi. Shulardan biri – O‘lmas aka 1934 yilda, ulug‘ shoir, alloma, siyosiy arbob, diplomat, o‘zbek teatrining asoschisi Abdulla Avloniy vafot etgan yili tug‘ilganlar. Mirobod mahallasida Abdulla Avloniy asos solgan maktabda o‘qiganlar. Xuddi ustoz kabi o‘zbek dramaturgiyasiga xizmat qildilar.
O‘lmas akaning bolaliklari og‘ir urush yillariga, nohaqlik avjga chiqqan zamonlarga to‘g‘ri kelgan. Bir burda nonga muhtojlik, ayriliqlar, motamlar… bularning barchasini ko‘rdi.
Dunyoni charxpalak deydilar. Chindan ham ko‘p voqealar oradan yillar o‘tib yangi shaklda, ko‘rinishda takrorlanadi. Stalin davri vahshati saksoninchi yillarda O‘zbekistonda qayta tirildi. O‘rmonga o‘t ketganday bo‘lib, ho‘lu quruq baravar yondi, gunohkoru begunohlarni baravar qamadilar. Bu ayanchli tadbirga yozuvchilardan birinchi bo‘lib O‘lmas Umarbekov munosabat bildirdilar. Bildirganda ham zamonni xolis tarzda tahlil qildilar.
O‘lmas Umarbekovning hikoyalarida o‘z farzandiga mehri baland onalarni tez-tez uchratamiz. Biroq ularni bir-birlariga o‘xshatish mumkin emas. Ularning har birlari farzandlarini o‘zlaricha qadrlaydilar…
O‘lmas akaning barcha asarlarida keksalarning ichki dunyosi alohida mahorat bilan aks ettirilgan. Keksalar – dunyoni tashlab ketishga tayyorlanayotgan odamlar – avlodlariga nimalarni qoldirishyapti? Ularning qanday armonlari bor, umidlari qanday? G‘ulomqodir ota («Boboyong‘oq») qishloqning yangilanishiga qarshi emas, ammo o‘tmishdan yodgorlik daraxtni ko‘zi qiymaydi. Boboyong‘oq – o‘tmish qadriyatlari timsoli. Uni kesish o‘ziga xos fojia. G‘ulomqodir ota bilan nabira – o‘tmish va ertaning bog‘liqligini aks ettiruvchi bir timsol. Sulaymon otaning taqdiriga befarq qaramaydigan birodarlari Xolparang bilan Hakimbek otalar («Marusiya xolaning miltig‘i»), urush yillari tankning keskin burilishi natijasida uyining bir cheti shikastlangan ayolni qidirib borgan Nizomiddin aka («So‘nggi safar»), urushga ketgan Haydaralining qo‘ylarini boqib, ko‘paytirib, endi o‘z egasiga topshirish ilinjida yashayotgan Sulaymon ota («Qiyomat qarz») —bular betakror odamlardir! Bu soddalik, bu to‘g‘rilik hamma xalqlarda ham aynan shundaymasdir. Shuning uchun ham o‘zga adabiyotlarda bunday obrazlarni kam uchratamiz.
O‘lmas akaning ijodlariga xos yana bir narsa – nomus, hayo, iffat masalalari turli obrazlar yordamida turlicha yechiladi. Gulchehra («Odam bo‘lish qiyin»), professor Sabohat Qodirova (“Ota va o‘g‘il”), O‘g‘iloy («Mening O‘g‘il bola jiyanim»)ning taqdirlarida nomus borasida ozgina o‘xshashlik borday. Ularga nisbatan ota-onalarining munosabatlari ham turlicha. Sanobarni ota-onasi, qarindoshlari sira-sira kechirishmaydi. Holbuki, uning nomusi o‘zining xohishi bilan toptalmagan edi. O‘g‘iloyni esa ota-onalari kechirishadi. Hatto uning erini qidirib, Pokistonga borishi uchun otasi mashinasini sotib, pulini beradi.
Bu kabi asarlarni birlashtiruvchi yana bir g‘oya – ota-ona duosini olmaslik baribir yaxshilik bilan tugamaydi, degan haqiqatdir.
O‘lmas akaning so‘nggi hikoyalari – yozuvchining vasiyatlari ham o‘quvchini poklikka, to‘g‘ri yashamoqlikka undaydi. Nopoklik oqibatidan ogohlantiradi. O‘lmas aka so‘nggi nafaslarida ham qalamga xiyonat qilmadilar. Yuraklari to‘xtagunga qadar ham odamlarga yaxshilikni istadilar. So‘nggi nafasgacha odamlarni sevib yashadilar. Shu jihatdan qaraganda, O‘lmas aka o‘zlarini o‘qitgan, tarbiya qilgan, to‘ydirgan Ona-Vatan, Ona xalq oldidagi burchlarini sadoqat bilan ado etdilar. Yozgan asarlaridan kelib chiqib aytsak, qiyomat qarzlarini to‘lab ketdilar.
Inson pokiza mehnati bilan ulug‘, inson pokiza nomi bilan mangu yashaydi. Buloq suvi yerga singgani bilan yo‘q bo‘lib ketmaydi. U daraxt shoxlarida totli meva bo‘lib pishadi, ko‘katlar orasida gul bo‘lib ochiladi… Zero, umrboqiy asarlar muallifining umri ham boqiydir.
O‘lmas aka oltmish yoshga to‘lgan kunlari u kishiga bir tasbeh sovg‘a qildim-da, Makkai mukarramadan olib kelinganini aytdim. O‘shanda O‘lmas akaning ko‘zlari shodlikdan xuddi yosh bola kabi chaqnab ketdi. Tasbehni o‘pdilar – xuddi Ka’bada hajarul-asvadni – jannatning qora toshini o‘pgan kabi… Tasbehni dimoqlariga tutdilar– xuddi jannat havosidan to‘yib nafas olgan kabi…
O‘lmas akaning mehnatlarini qadrlash, pokiza umr kechirgan u zotni duo qilib o‘tmoq – bizga endi qiyomat qarz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 6-sonidan olindi.