Ivan Aleksandrovich Goncharov 1812 yil 18 iyunda Simbirskda tug‘ildi. Uning otasi o‘ziga to‘q rus savdogarlaridan bo‘lib, bolasi endigina uch yoshga to‘lganida u olamdan o‘tdi. Go‘dak onasi bilan qoldi. Onasi, garchi o‘qimagan bo‘lishiga qaramay, bolaning sog‘lom, bilimli, ziyrak bo‘lib o‘sishi uchun har narsaga tayyor, aqlli ayol edi. Bolani cho‘qintirgan qarindoshlari – iste’foga chiqqan mo‘ysafid dengizchi ham yosh Vanyaning keng fikrli, savodli bola bo‘lib o‘sishida yaqindan yordam ko‘rsatadi. U Vanyaga dengizda bo‘lib turadigan turli hodisalar, sarguzashtlar, kemadagi sayohatlar haqida gapirib berar, bolada dengiz ilmi, sayohat va sarguzashtlarga rag‘bat uyg‘otar, o‘z navbatida bolaning ham kundan-kunga o‘qib-o‘rganishiga, tabiat bilan do‘stlashishiga, yiroq mamlakatlar va xalqlar hayotiga qiziqishi ortib borishiga sabab bo‘lar edi.
Yana bir jihat – Goncharovlar oilasi oliyjanob, ziyoli va ruhoniy odamlar bilan qo‘shni turar, ular esa yosh Ivanning kitob o‘qishi, til o‘rganishi, ilmli bo‘lishida qo‘llaridan kelgan yordamlarini ayamasdilar. Masalan, qo‘shni ayollarning biri frantsuz bo‘lib, pansionda shu tildan dars berar, Ivan esa undan frantsuz tilini o‘rganib olgan edi. O‘n ikki yoshga to‘lganda Ivan onasi, qarindoshi va qo‘shnilarining yordami bilan Moskvaga jo‘naydi. Bu yerda u o‘rta o‘quv yurtiga qabul qilinadi, nemis, ingliz tillarini o‘rganib oladi, mutolaaga chin ixlos qo‘yib, o‘zi ham yozish-chizish bilan mashg‘ul bo‘la boshlaydi. 1831 yilda u Moskva universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kiradi va shu yerda o‘z davrining mashhur pedagoglari – professorlar Nadejdin, Sheviryov, Davidovlardan saboq olib, ma’ruzalar tinglashga muvaffaq bo‘ladi, qadimgi yunon va rim adiblarining hayoti, asarlari bilan tanishadi. Goncharov talaba paytida yoshlar o‘rtasida Pushkin dahosi juda ardoqlanar edi. Qolaversa, keyinchalik rus adabiyotining faxri bo‘lib qolgan Belinskiy, Lermontov, Stankevichlar ham Goncharov bilan oldinma-ketin kurslarda o‘qishar, ular bilan ko‘rishib turish, munozara qilish, badiiy asarlarni almashlab o‘qish, o‘zlari yozgan mashqlarni bir-birlariga o‘qitib olishlar ham uning adib sifatida shakllanishida ijobiy rol o‘ynagani shubhasiz.
O‘qish va tahsillar muddatini tugatgan Ivan Aleksandrovich Simbirskka qaytib keladi. Darvoqe, ko‘p tillarni mukammal biladigan poliglot yigit qaysi mahkamaga kerak emas deysiz?! Tez orada uni Peterburgga – Moliya vazirligiga tarjimonlik vazifasiga ishga chaqirishadi. Moliya vazirligida ish ko‘p edi, lekin yosh va g‘ayratli tarjimon shuncha ish orasida ham o‘zining sevimli mashg‘uloti – adabiy asar yaratish mashg‘ulotlariga ham vaqt topa oladi. Bundan tashqari Goncharov shu shaharda yashovchi mashhur rassom N.A. Maykovning uyiga ham qatnab, uning o‘g‘liga til va adabiyot darslarini o‘tar, o‘zi ham shu uyda bo‘ladigan adabiyot, san’at, madaniyat yig‘inlarida ishtirok etardi. Rassomning uyida o‘z davrining mashhur adiblari, adabiyotshunoslari, rassom va aktyorlari, turli arboblar ko‘plab yig‘ilib turishar, munozaralar, muhokamalar avjiga chiqar, bu esa yosh ijodkorning dunyoqarashi, tafakkuri, adabiy-estetik qarashlari rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatardi. Natijada Goncharovning yozuvchilik mahorati charxlana bordi, u dars bergan yosh Maykov esa keyinchalik rus she’riyatining yorqin yulduzlaridan biriga aylandi. Shu tariqa, Goncharov yaratgan yangi asar – (“Oddiy voqea” romani) ham Maykovlar xonadonida ilk bor muhokamadan o‘tib, Nekrasov muharrirlik qilayotgan “Sovremennik” jurnalida chop etiladi. Bu roman tufayli yosh adib avval “Maykov to‘garagi”da, asar chop etilganidan so‘ng esa butun Rossiyada katta shuhrat qozondi. Bundan ilhomlangan Goncharov o‘zining ikkinchi yirik asari – “Oblomov” romanini yozishga kirishdi.
Bu orada (1852 yil) Goncharov Dengiz Vazirligidan xat oladi, maktubda u Yaponiya mamlakatiga jo‘nab ketayotgan savdo-tijorat ekspeditsiyasining rahbari admiral Putyatinning kotibi sifatida uzoq davom etadigan dengiz sayohatida ishtirok etishi so‘ralgan edi (mana sizga ko‘p tillarni bilishning sharofati!). Shunday qilib, Ivan Aleksandrovichning bolalik chog‘idagi orzulari amalga oshdi. Ikki yil davom etgan bu sayohat natijasi o‘laroq, adibning “Pallada” fregati” degan sayohatnoma asari dunyoga keldi. Bu kitob rus sayohatnomalarining ichida hamon tengi topilmaydigan kitob deb e’tirof etiladi, mazmunan boy va rang-barangligi, tabiat manzaralari, dengizchilar hayoti batafsil tasvirlanganligi bilan dunyo kitobsevarlarini qiziqtirib keladi.
Sayohatdan qaytganidan keyin Ivan Aleksandrovich Xalq maorifi vazirligining tsenzura qo‘mitasiga ishga chaqiriladi. 1857 yili u o‘zining eng mashhur romani – “Oblomov” asarini yozib tugatdi. Roman “Otechestvennыe zapiski” jurnalida chop etildi, keyinchalik kitob holida o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Oradan o‘n yillar o‘tib, 1868 yilda muallifning yana bir ulkan romani – “Jar” chop etildi. Rus adabiyotining mumtoz namoyandasi hisoblangan Goncharov qalamiga mansub asarlar asosan ana shulardan iborat. To‘g‘ri, adib qartaygan chog‘ida ham matbuot sahifalarida, adabiy jurnallarda maqolalari, xotira va esselari bilan ishtirok etib turdi.
O‘zining ulug‘ iste’dodi, badiiy salohiyatiga ko‘ra Goncharov rus adabiyotida haqli ravishda Pushkin va Gogollar bilan bir qatorda tilga olinadi. XIX asr rus hayotining birmuncha kulgili, tuban, illatlarga boy manzaralari Gogol qalamida qanchalik hajv qilingan bo‘lsa, Goncharov o‘z asarlarida bu xil kamchiliklar bilan birga ijobiy o‘zgarishlar ham bo‘layotganini, rus qishloq va viloyatlarida oqil, ezgu niyatli, sodda, samimiy, oliyjanob odamlar ham bor ekanligini ishonchli ko‘rsatib bera oldi.
Aytishlaricha, I.A.Goncharov juda sekin yozar ekan; shuning natijasimi, undan meros qolgan asarlar ham unchalik ko‘p emasdi. Chet ellarda uni faqat bittagina romanning muallifi sifatida bilishadi. Uning xizmat vazifasi davlat ishlari bilan bog‘liq bo‘lganligi tufayli, Goncharov shu ishlardan bo‘shagan paytlardagina badiiy ijod bilan shug‘ullanar edi. Uning romanlari badiiyat jihatidan ham, kompozitsion tuzilishi jihatidan ham, lingvistik xususiyatlari jihatidan ham pishiq-puxta chiqqanligining boisi ham shundadir, ehtimol.
Muzaffar Ahmad tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son