Har kim ham xotira yozolmaydi yoki yozganda ham qiziq, ya’ni e’tiborga loyiq hamda haqqoniy chiqara olmaydi. Xotira ong-shuurning javhari, inson ishtirokchi va guvoh bo‘lgan son-sanoqsiz voqealardan yodda muhrlanib qoladigan nurli nuqtalardir. Ilmiy til bilan aytganda, xotira – muayyan maqsad va g‘oya asosida qayta hosil qilingan, qayta tiklangan voqelikdir.
Buyuk rus adibi A. I. Gertsen o‘zining esdaliklarini “Kechmish va o‘ylar” deb atagan ediki, bunda xotiranavislikning azaliy qonuniyatlaridan biri aks etadi. Kechmishni eslash, xotirlash, tafakkur qilish bilan birga kechadi. Tafakkur qilmaydigan odam xotira yozolmaydi yoki u yozgan xotira qiymati arzimas bo‘ladi. Bir holda xotira muayyan fikrni uyg‘otsa, boshqa o‘rinda muayyan fikr esning bir puchmog‘ida harakatsiz yotgan xotirani tiklab, tiriltirib yuboradi. Xotirlanayotgan odamni xuddi ko‘rgandek bo‘lasiz. “Xotirami, endi bizga eng shirin diydor?” (B. Nazarov, Sabrgul).
Xotira odatda yosh ulg‘ayganda yoziladi. O‘tgan umrni sarhisob qilish, ko‘rgan, muloqotga kirishgan odamlar qiyofasini qayta tiklash ehtiyoji, dav’ati odatda nuroniy odam ko‘nglida tug‘iladi. Zero uzoq yashash, ko‘pni ko‘rish ham Yaratganning ne’matidir.
Akademik Matyoqub Qo‘shjonov umrining so‘nggi yigirma yilida butun bir xotiranoma yaratdi. Bular – “Dagish” o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt odamlari, o‘zi guvoh bo‘lgan tarixiy davr haqida, “Alam” Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, qonli va shonli damlari haqida, “Diydor” poytaxtga kelib, ijtimoiy hayotga sho‘ng‘igan paytlari o‘zi uchrashgan, suhbatlashgan, birga ishlashgan va xalqimiz hayotida muayyan nurli iz qoldirgan ustoz va hamkasb, hamkor zamondoshlari haqida. Ushbu uch asarni o‘ziga xos memuar-trilogiya deyish mumkinki, unda Olim va Adibning bolalikdan to nuroniy keksalikgacha bo‘lgan butun hayoti qamrab olingan. Bularning yonida o‘zi uzoq yillar samarali rahbarlik qilgan O‘z FA Til va adabiyot instituti (hozir O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti)ga bag‘ishlangan va muallif vafotidan keyin nashr etilgan “Armon” kitobi va hozir nashrga tayyorlanayotgan urush esdaliklarini qo‘shsak, yirik adabiyotshunos olim yoniga yirik xotiranavis adib qo‘shilajagiga guvoh bo‘lamiz.
Mumtoz adabiyotimizga oid lug‘atda xotira so‘zining o‘zagi bo‘lmish “xotir” so‘ziga shunday izoh beriladi: “1. o‘y, fikr, xayol; es. 2. ko‘ngil” (O‘zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at. T., 1953. 378-bet). Biz “xotira” so‘zini eslash, yodga olish kabi ma’nolarda ishlatganimiz bilan, uning tagzamirida yuqorida sanalgan ma’nolar g‘ayrishuuriy tarzda ishlab turgan bo‘ladi. Xotira, xotirlash – o‘ylash, fikrlash, xayol surish demakdir, o‘tgan-ketganni eslash demakdir. Bularning barchasi voqe bo‘ladigan joy esa ko‘ngildir. Mana bizga xotira zamirini, qonuniyatini ochguvchi kalit.
Xotira bitayotgan odam birovni eslaganda nimani eslaydi-yu nimani qog‘ozga tushiradi – bu endi uning ko‘nglida, qalbida ja’m bo‘lgan ilm va muhabbatga bog‘liq. Bu ayricha muhabbat, avliyo shoir bobomiz aytganidek, “Muhabbatdan muhabbat bo‘ldi paydo, Muhabbatsiz kishidan qoch, Huvaydo”.
Yozuvda muhrlangan xotira xotiranavis qarshisida qo‘yilgan ko‘zgu kabidir, u nimani eslaydi-yu, qay taxlit qog‘ozga tushiradi – bari ushbu ko‘zguda ayon ko‘rinib turadi.
Matyoqub Qo‘shjonov o‘zining “Diydor: Ulug‘lar bilan o‘tgan onlarim…” kitobiga kirgan O‘zbekiston xalq rassomi Abdulhaq Abdullayev haqidagi “Asrlarni payvasta qilgan musavvir” yodnomasini yozar ekan, hayotiy holatdan kelib chiqib bir usul qo‘llaydi. Asarda yozilishicha, rassom, olim va jamoat arbobi bo‘lgan M. Qo‘shjonov o‘zining portretini chizish jarayonida bir necha kun qatnab, musavvir uchun naturachi bo‘lib turgan. Odatda rassom qiyofa chizar ekan, qarshisida turgan odamni sinchkov kuzatgan holda ishlaydi, ya’ni kuzatish bir tomonlama yo‘nalishda – rassomdan naturachiga, lekin bu yerda, ya’ni xotirada kuzatish yo‘nalishi qo‘shtomonlama – rassom naturachini, naturachi rassomni kuzatadi.
Xotiranavis rassomning chizish paytidagi holatini tasvirlash qiyin, desa-da, shunga urinadi:
“Qo‘lida mo‘yqalam, goh olg‘a bosib, goh orqaga tisarilib, to‘xtovsiz ishlayotgan rassom bir zum haykaldek qotib qoldi, portret tomon yo‘nalgan qo‘l mo‘yqalam ushlagancha muallaq to‘xtadi. Shiddat bilan goh menga, goh portretga tikiladigan o‘tkir ko‘zlari ma’yuslanib, mujmal holatda jonsizlanib qolganday bo‘ldi. U endi men ikki-uch oy davomida kuzatgan mohir rassom emas, kasb-kori noma’lum bir kimsa qiyofasida edi” (“Diydor: Ulug‘lar bilan kechgan onlarim…”, T.: Sharq, 2004. 22-bet. Bundan keyingi o‘rinlarda faqat kitobning qisqa nomi va sahifalari ko‘rsatiladi).
Bu ham portret, faqat moybo‘yoq bilan emas, so‘z bilan chizilgan portret, xolos.
Bu anchayin noyob holat – chunki hamma naturachilar ham o‘zini chizgan rassom haqida yozavermaydilar – asar, ya’ni xotiraga o‘zgacha ruh bag‘ishlab, uni o‘ziga xos badiiy hodisaga aylantiradi. Aytmoq joizki, bizda hali xotirani badiiy asar sifatida (xotira asosida yozilgan badiiy asarlar, S. Ayniyning “Esdaliklar”, Oybekning “Bolalik” kabi asarlari bundan mustasno, albatta) baholash hozircha urf bo‘lgan emas. Lekin adabiyotimizda yaratilgan talay xotiralar borki, ular bemalol badiiy asar sifatida baholanishi mumkin. Jumladan, Matyoqub Qo‘shjonovning bir qator xotiralari ham.
Yana musavvir haqidagi xotiralarga qaytsak. Xotiranavis o‘z jabhasi shaxsiga nazar tashlaydi. Uning o‘ziga xosligi yodlovchi qalbida zavq-shavq uyg‘otadi, zero g‘ayrioddiylik, favquloddalik chinakam iste’dod belgisi emasmi? Binobarin musavvir gap-so‘zi bilan o‘zini-o‘zi tavsif etadi.
“– Men o‘zimga nisbatan beshafqat odamman, – deydi u doim.
Darhaqiqat, u o‘zida qanchalik fazilat ko‘rsa, shuncha kamchilik ham ko‘radi va bu haqda oshkor aytishdan tortinmaydi. Hatto shu xususiyati bilan faxrlanadi” (“Diydor…”, 15-bet).
Mustabid tuzum davridagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidovga bag‘ishlangan “So‘nggi imzo” xotirasida erk haqida, aniqrog‘i markazga qaram respublikaning oliy rahbari erki haqida chuqur va g‘amli mulohazalar mavjud, bular aniq uchrashuvlarda tug‘ilganligi, ishonchliligi bois ayricha qiymatga ega. Avval o‘zbek nasrining mumtoz namunasi Gulxaniy boboning “Zarbulmasal” asaridagi “Tuya bilan bo‘taloq” masalidan to‘rt misra keltiriladi:
Aydi onasi bolasiga boqib,
Ko‘zlarining yoshlari suvdek oqib.
– Ko‘rki, burunduq kishining qo‘lida,
Bu kishining ko‘zlari o‘z yo‘lida…
Bu gapning Sharof Rashidovga qanday aloqasi bor, dersiz. Bo‘lganda qandoq. Gap shundaki, M. Qo‘shjonov Til va adabiyot institutiga direktor bo‘lgan kezlarda ilmiy tashkilotni ketma-ket komissiyalar bosib, xotirjam ishlashga yo‘l qo‘yishmasdi. Hozir o‘ylaydigan bo‘lsak, o‘sha paytlari Mustaqillikdan o‘n yilcha ilgari istiqlol adabiy mafkurasi uchun kurash boshlangan va bu kurash markazida respublika adabiyotshunosligining yetakchi dargohi rahbari Matyoqub Qo‘shjonov turgan ekan. O‘zimizdan chiqqan mafkurachi olim va olimchalar institut faoliyatiga muttasil qarshilik ko‘rsatishar, totalitarizmning sinfiylik va partiyaviylik aqidalarini ro‘kach qilib, diniy-mistik deya qoralangan avliyo bobolarimiz, jadid adiblarimizni, Cho‘lpon va Fitrat ijodlarini o‘rganish, tadqiq etishni qoralab ilmiy jamoa boshiga ayblov toshlarini yog‘dirishdi. Bu toshlar esa birinchi navbatda rahbar boshiga yog‘ilardi. Masalaning yechimi oxir-oqibat Markazkom ixtiyorida, Sharof Rashidov qo‘lida bo‘lardi.
Shu tariqa biz u kishini respublika oliy rahbari qabulida ko‘ramiz.
“– Yo‘q! – dedi birinchi rahbar qat’iy ohangda. – Ishlaysiz, ishni bilasiz!
Uning so‘zlari qat’iy edi. Ularda qariyb buyruq ma’nosi mujassam etilgandi… Oliy rahbar ohangni biroz past olib:
– Ehtiyot bo‘lib ishlang! – deb qo‘shib qo‘ydi” (“Diydor…”, 153-bet).
Ayni shu yerda, balki xotiraning kulminatsion nuqtasi bo‘lgan gap aytiladi va bu gap rasmiy idora muhitiga insoniy ohang, qandaydir mung olib kiradi:
“Sharof Rashidov barmoqlari bilan stolni sekin bir necha bor chertib turib, o‘tkir nazarini menga qadadi-da:
– Bu yer do‘zax, oson emas bu yerda o‘tirish, – dedi.
Oxirgi so‘zning ohangi past edi, qariyb eshitilar-eshitilmas qulog‘imga chalindi. To‘g‘risini aytsam, shu payt oliy rahbarga rahmim keldi. Yana burunduq esga tushdi” (“Diydor…”, 153-bet).
Ohangi baland bo‘lsa, markaz o‘rnatgan ovozyozg‘ich uskunalar qayd etib qo‘yar, buning uchun ham hisob berish kerak edi. Buni, tabiiyki, Sharof Rashidov yaxshi bilardi.
Xuddi shunga o‘xshash gapni men domlam, ya’ni M. Qo‘shjonovdan eshitgan, uni “Domla” nomli xotira-maqolamda keltirgan edim. Sharof Rashidov Til va adabiyot institutiga tashrif buyurganda xodimlar maosh oladigan kassa tuynugiga o‘rnatilgan temir panjarani ko‘rib… “Men ham e’tibor qilmagan ekanman, – dedi Domla, – Rashidov direktor xonasidan chiqib, koridor bo‘ylab bir-ikki qadam tashlar ekan, sekin menga o‘girilib: “Matyoqub, shu panjarani oldirib tashlang” dedi siniq ovozda. Domla bu haqda eslar ekan, sobiq ittifoq tarkibidagi O‘zbekiston rahbarining ayni siniq ovozidan ta’sirlangani sezilardi” (Matyoqub Qo‘shjonov zamondoshlari xotirasida. T., 2012. 182-bet).
Burunduq va temir panjara. Bular o‘sha mustabid davrning simiotik ramzlari emasmi?
“Uyg‘oq vijdon” deb nomlangan xotira-maqola ellik yoshga yetar-etmas juvonmarg etilgan jahonga mashhur ma’danshunos olim, o‘sha paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining prezidenti Habib Abdullayev haqida. Muallif shifoxonada davolanayotgan olimni Abdulla Qahhor bilan birga borib ko‘rishganini xotirlab, mashhur yozuvchining “Bu kunlar ham o‘tar, hech bir imperiya yetmish yildan oshmagan” gapini keltiradi. Aytish joizki, bu gap 1961 yilda aytilmoqda va u paytda “imperiya” deb atalgan Sovet Ittifoqi oyog‘ida mustahkam turgan, jahonning ikki superdavlatidan biri, mustabid mafkuraning ham hali qilichi qinida edi. Yemirilishini-ku qo‘ya turing, uni “imperiya” deb atashning o‘zi o‘ta xavfli gap edi. Biz bu yerda Abdulla Qahhor jasorati va bashoratiga qoyil qolamizmi yoki biz ham, xotiranavis ham bilmaydigan boshqa bir gap bormi? Nima bo‘lganda ham, muallif yozadi:
“Abdulla aka imperiyani tarqab ketishi haqidagi fikrni bildirganida Habib Abdullayevning holatini kuzatdim. Nazarimda, u biroz sergaklangandek bo‘ldi… Men uchun har bir jihati yangilik va muhim bo‘lgan suhbat qizigandan-qizidi. Gap aylanib, respublikamizdagi ahvol, uning boyliklaridan xalq to‘la foydalanmayotgani, ziyolilardagi erksizlik masalalariga ko‘chdi” (“Diydor…”, 46-bet).
Bunday siyosiy jihatdan o‘ta qaltis gaplar ikki yirik arbob va muallif ishtirokidagi qizg‘in suhbatda aytilar ekan, bunda, vaqt va zamon bosimi e’tiborga olinmayotganday, nazar-pisand qilinmayotganday tuyulmoqda. Shu bois xotira so‘ngidagi muallif “Biroq sobiq Ittifoq davrida uch-to‘rt xonali oddiygina dalahovli dovrug‘i butun dunyoga yoyilgan olimning umriga zomin bo‘lganini eslab, ezilasan kishi” (“Diydor…”, 47-bet) deb yozar ekan, endi biz “oddiygina dalahovli” shunchaki bir bahona, asl sabab esa ulug‘ olimning vatanparvarlik – millatparvarlik faoliyati va yuqoridagi kabi “maxfiy suhbatlar”da (“Diydor…”, 200-bet) ishtirok etgani-yu, unda o‘ylab-o‘ylamay aytgan va eshitgan gaplari bo‘lsa ajab emas, deb o‘ylaymiz.
Akademik Matyoqub Qo‘shjonovning xotiranavislik ijodiga to‘xtalar ekanmiz, asosan, u kishining “Diydor…” kitobiga kirgan ayrim xotiralariga to‘xtaldik. Ma’lumki, bu kitobda muallif umr yo‘lida uchragan, diydorlashgan, muloqotga kirishgan mashhur siymolar haqida xotira qalamini tebratgan (kitobning ikkinchi sarlavhasi bejiz “…Ulug‘lar bilan o‘tgan onlarim” emas). Har bir xotira markazida muayyan bir siymo turadi, ular misolida o‘zbek davlatchiligi, ilm-fan, san’at va adabiyotining o‘ziga xos solnomasi yaratiladi go‘yo.
Domlaning shogirdi va hamyurti professor Karimboy Quronboyev uning xotira kitoblari haqida shunday yozadi: “Kitoblarning hammasi ham tajribali bir adib qalamidan chiqqandek taassurot qoldiradi… Badiiyat qonuniyatlarini kashf etgan nazariyotchi bir munaqqidning badiiy asarlar yaratish bobida ham ko‘pchilikning hurmatini qozonishi adabiy jarayonda kamdan-kam uchraydigan hodisa” (Matyoqub Qo‘shjonov zamondoshlari xotirasida, 255-bet).
“Dagish” esdalik kitobi haqida maxsus maqola yozgan professor Bahodir Sarimsoqov asarga yuqori baho berar ekan, shu yerda memuar adabiyoti haqida samarali bir fikrni olg‘a suradi: “Nega memuarlarni, taniqli kishilarning yozishmalarini o‘qish maroqli? Chunki memuar orqali uning hayot yo‘li o‘rganiladi. Insonni o‘rganish esa, hech qachon zerikarli va ortiqcha mashg‘ulot bo‘lmaydi. Turli-tuman izmlarga ergashib, zerikarli roman va qissalar yozgandan ko‘ra jozibali kichik esdaliklar yaratish qiziqarli va ahamiyatlidir” (O‘sha kitob, 261–262-betlar). Xulosada olim “Dagish” kitobini o‘zbek memuar adabiyotining yutug‘i, deb baholaydi.
To‘g‘ri, akademik Matyoqub Qo‘shjonov birinchi navbatda yirik nazariyotchi olim va munaqqid. Shu bilan birga ul zot yirik xotiranavis adib ham. Ishonamizki, alloma meros qilib qoldirgan xotira kitoblari mamlakatimiz va ma’naviyatimiz rivojini yoritishda noyob tarixiy hujjat kabi asqotadi shu bilan birga o‘quvchiga ham badiiy-estetik, ham axboriy zavq beradi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 7-son