Sharqda dovruq taratgan ikki muazzam asar — Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviy “Xamsa”lari XIV—XV asrlar va keyinchalik ham shunday yakka so‘z bilan nomlangan. Hazrat Navoiy o‘z “Xamsa”sining so‘nggi dostonida yozganidek, «Ki bo‘ldi ko‘ngul moyili “Xamsatayn”. So‘zning lug‘aviy ma’nosi esa ikki “Xamsa” deganidir.
Bundan besh-olti yil burun ushbu haftalik sahifasida xamsachilik mohiyatan turkiy hodisa ekani, ilk xamsanavis Nizomiy ozar turklaridan, ikkinchi xamsanavis Xusrav Dehlaviy esa o‘zimizning shahrisabzlik o‘zbeklardan bo‘lib, hind zaminida nash’u namo topgani va har ikkalasi ham sharoit taqozosi bilan o‘z “Xamsa”larini ona tilida yoza olmay, fors tilida yozishgani haqida kamina chiqish qilgan va bizning Alisherimiz o‘z “Xamsa”sini ona tilida yozish bilan hodisaning asl o‘zani — turkiy til bag‘riga qaytargani ta’kidlangan edi.
Xamsachilik nafaqat Sharq, balki butun jahon adabiyotida noyob hodisa. Shu darajada noyobki, uning haqiqiy mohiyati jahonning man-man degan adabiyotshunoslari tomonidan ham to‘liq anglab yetilgan emas. Ayrimlarining nazdida go‘yo birinchi “Xamsa”ni yozgan Nizomiy diqqat-e’tiborga loyig‘u, qolgan xamsachilar, ayniqsa, keyingi ikki buyuk xamsanavis, Xusrav Dehlaviy va Alisher Navoiy shunchaki nazirago‘ylar, xolos. Bu xato nuqtai nazar bo‘lib, uning to‘riga bizdagi ayrim tadqiqotchilar ham ba’zan ilinib turadi. Bunday xato fikrni aytuvchilar yo Nizomiy “Xamsa”si bilan mutlaqo tanish emaslar yoki unga shunchaki ko‘z yugurtirganlar, xolos. Gap shundaki, ulug‘ Abdurahmon Jomiy o‘zining “Bahoriston” asarida turkiy “Xamsa” haqida fikr yuritib, «Dar muqobilai “Xamsa”i Nizomiy” jumlasini ishlatadi. Bu yerdagi “muqobila”, lug‘atlarda ko‘rsatilganidek, bir-biriga yaqin ikki: biri — qarshi chiqish, ro‘baro‘ kelish, ikkinchisi — teng turib aytish ma’nolarini anglatadi. Yana hazrat Jomiyning bir so‘ziga tayanadigan bo‘lsak, keyingi “Xamsa”larni javobiya tariqasida bitilgan asarlar deyish mumkin. Zero, xamsachilik Sharqda ulkan badiiy musobaqa maydoni hisoblangan. Daho shoirimizning:
Oson ermas bu maydon ichra turmoq, Nizomiy panjasig‘a panja urmoq —bayti mazkur fikrning quyma badiiy isbotidir.
Masalaga ilmiy uzil-kesil nuqta qo‘yish uchun, avvalo, uch buyuk «Xamsa»ning fors tilidagi dastlabki ikkisi to‘liq holda o‘zbek tiliga o‘girilishi, ya’ni ular o‘zbekcha so‘zlashi, Navoiy tilida gapirishi lozim. Shundan keyin har uchchala “Xamsa” qiyosiy-tipologik yo‘sinda jiddiy tadqiq etilishi kerak. Buning ustiga, ne baxtki hazrat Navoiyning o‘zi “Xamsa”dagi kirish va chiqish boblarida shunday tadqiqot yo‘sini kalitlarini aniq-ravshan belgilab ketganlar. Ularni ilmiy tadqiq qilish qolgan, xolos.
Qolaversa, “Xamsatayn” mohiyatan xalqimizning milliy-etnik badiiy merosidir.
Forsiy “Xamsa”larni tarjima qilish an’anasi bizda azaldan mavjud. Bu borada Qutb, Haydar Xorazmiy va Ogahiyni ehtirom bilan eslash lozim. Keyingi davrda Sh.Shomuhamedov, J.Subhon va O. Bo‘riyev tarjimalarini qayd etish lozim. Bu sohada ham yosh tarjimonlar yetishib chiqishiga umid qilib, hozircha ijod va tarjimada qalami ancha charxlanib qolgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash lozim. Gap shundaki, shu paytgacha Nizomiy “Xamsa”sidagi ikki doston “Xisrav va Shirin” hamda “Layli va Majnun” O.Bo‘riyev tomonidan ona tilimizga tarjima qilinib, nashr etildi. Lekin qolgan uch doston hali tilimizga o‘girilgan emas. Buning ustiga, tarjimonning guvohlik berishicha, chop etilgan kitobda “Xisrav va Shirin”ning ibtido bobidan o‘n uch bayt va “Alloh taoloning tavhidida” bobidan yetti bayt, jami yigirma bayt, qirq misra negadir tushirib qoldirilgan.
Albatta, qilinajak tarjimalar buyuk xamsalar bo‘y-bastiga munosib yuksak saviyada bo‘lishi, Navoiy “Xamsa”si tiliga xos salobat bilan jaranglashi shart.
Xullas, tarjima sohasida mavjud kuchlardan samarali foydalanish, yangi iste’dodli tarjimonlarni tarbiyalash yuksak ma’naviyat uchun zarurdir.
Suvon Meli
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 11-sonidan olindi.