Metafora murakkab, aniqrog‘i, qisqargan o‘xshatishdir. Unda ikki narsa-hodisaning qiyosi yanada intensivroq, yanada qiziqarliroqdir. Metafora o‘xshashlik asosida yuzaga kelgan esa-da, ayrim jihatlari bilan o‘xshatishdan farq qiladi. Xususan, “o‘xshatishda hamma vaqt ikki yoki uch komponent ishtirok etib, u xohlagancha kengayishi mumkin bo‘lsa, metaforada ko‘chma ma’no tashuvchi bir komponentgina ishtirok etadi”. (Hotamom N., Sarimsoqov B. Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘ati. 308-bet).
Qizig‘i shundaki, metaforada narsa yoki uning ma’nolari nafaqat o‘xshashlik, balki zidlik asosida ham muqoyasaga kirishadi. Zidlik o‘xshashlik bilan bir qatorda metaforani yuzaga keltiruvchi omillardan biri hisoblanadi. Ushbu jihati bilan ham metafora qiyosiy adabiyotshunoslik printsiplariga yaqin keladi.
Biz quyida atoqli shoira Zulfiya she’riyatining obrazlar sistemasiga bir qur nazar tashlaymiz. Bunda adabiyotshunoslikda deyarli o‘rganilmagan “Qo‘shiq” she’riga e’tibor qaratamiz.
“Men… har bir she’r uchun, agar ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga yarasha istioralar mikroiqlimini yaratib, uni mavzuning shu she’rdagi yo‘nalishi, shu she’rdagi hissiy kayfiyat bilan bog‘lashga intilgan edim”. Bu Zulfiyaning shoir va tarjimon Aleksandr Naumov bilan qilgan suhbatida aytgan fikrlari.
Ushbu iqtibosdagi tayanch tushunchalar: “istioralar mikroiqlimi” va “she’rdagi hissiy kayfiyat” nuqtai nazaridan “Qo‘shiq” she’riga nazar tashlasak. She’r xalqimizning qilqalam rassomi Chingiz Ahmarovga bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu zot ijodi timsolida buyuk va suyuk musavvirning quyma poetik obrazi yaratilgan.
She’r poetik ritm jihatidan bir-biridan farqlanuvchi ikki qismdan iborat. Dastlabki uch band “Go‘zallik haqida she’r yozish mushkul” deb boshlanib, bunda sohir bo‘yoqlar qarshisida hayratda qolgan shoira o‘z ojizligini oshkora tan oladi: “Qo‘ymadi yozmoqqa jur’at qilgali, Sizdagi mahorat, yoniq mo‘yqalam!..”. Lekin bu ijodiy kurashga chog‘langan kuch ojizligidir.
Bu qism she’rga kirish, ya’ni poetik axborot. Uning vazifasi tayin: u she’rxonni ko‘tarilajak she’riy yuksaklikka tayyorlaydi. She’rning asl vujudi to‘rtinchi banddan boshlanadi. She’rning ritmi ham tamom o‘zgaradi:
Bugun ham qo‘shiqqa sololmay halakman,
Aftidan joduli Siz qayda, men qayda.
Zakovat sehridan bir mastu alastman,
Tuyg‘usiz tosh dil ham kayf topar bu maydan.
Ketdi… Bu yog‘i suyuk musavvir chizgan suratlarning so‘zdagi suratlari chizila boradi. Shu yerdagi “Siz qayda. Men qayda” she’rning leytmotivi bo‘lib, u sal o‘zgargan shaklda uch bor qaytalanadi va she’rning alohida iqlimi, mikroiqlimini yaratadi.
“Siz qayda, men (biz) qayda” asar leytmotivi sifatida va undagi qiyos printsipi “Qo‘shiq” she’rining struktur va semantik qiyofasini belgilaydi, hatto boshqaradi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, she’r yalpi qiyos asosida bunyod etilgan.
Endi she’rdagi ayrim misra va bandlarni, rangtasvir suratga boqqandek, kuzatamiz:
Shaftoli yonoqda qotgan yosh do‘lini,
Qaynoq bir sukutda mehrli kiprik-la tarayman.
Muazzam she’r, qo‘shiq shunday yakunlanadi:
Tasanno, mahliyo, tashakkur so‘zlarin yozishga nur bilan
O, suyuk musavvir –
Bizdayin kamina muxlisda kuch qayda,
Siz qayda!?
She’rdagi sub’ekt (shoira) va ob’ekt (suratlar va musavvir) orasidagi ko‘zqarash munosabatiga razm solsak, bu pastdan tepaga — Siz qayda, men yoki biz qayda — yo‘nalganini ko‘ramiz. Buning ustiga, surat balandda, tomoshabin pastda bo‘ladi, odatda. Bu yo‘nalish she’r oxirigacha shunday qolgandek tuyuladi. Ammo bu yolg‘on tasavvur. Muallifning badiiy niyati shunday poetik yolg‘onga asoslangan. Lekin she’r tugab, biroz tin olingach poetik evrilish, metamorfoza sodir bo‘ladi va endi Siz va men (biz) tenglashadi; har ikkalasi yuksak masnadga, suyuk musavvir masnadiga ko‘tarilishadi. Mardona kamtarlik bilan poetik viqor birlashib, asarda oliymaqom salobat, bayramona kayfiyatni ustuvor qiladi.
Aksar shoirlar she’r orqali fikr yuritishga intilishadi. Zulfiya fikr yuritmaydi, uning she’riyatida donishmandona fikrlar deyarli yo‘q. Shoira fikrga befarqdek, uni chetlab o‘tayotgandek tuyuladi. U hissiy manzaralar chizadi, tizadi, ularga o‘z ichki, intim munosabatini bildiradi.
Zulfiya she’riyati poetikasini o‘rganish qiyinligi balki shundandir.
Yuqorida tilga olganimiz suhbatda shoira deydi: “Ammo, ikkinchi tomondan, she’riyat shunchaki so‘zlardan tuziladigan to‘rt amal, arifmetika emasligini, she’riy aljabr — obrazlilik (ta’kid bizniki — S.M.) uning negizini tashkil etishini yillar o‘tgan sayin tobora chuqurroq anglab boraverasan…”.
Aljabr, algebraning arifmetikadan qanday farqi, qanday tub afzalligi bor? Arifmetikada barcha sonlar aniq, 2 x 2 = 4 vassalom. Al-jabrda sonlar o‘rniga harfiy belgilar: a, v, x, u deganday. Bunda arifmetik aniqlik yo‘q. Bunda noaniqlik qa’rida aniqlik, aniqlik qa’rida noaniqlik mavjud. Poetik tashbeh, obrazlilikning ham asosiy belgisi mohiyatan aniq noaniqlik yoki noaniq aniqlik emasmi?
Noaniq aniqlik poetik obraz va umuman obrazlilikning mohiyatidagi belgi, xossa deyish mumkin. Hikmatlar, aforizmlarga xos va yarashiqli aniqlik poetik obrazning sehr-sinoatiga soya tashlab, yalong‘ochlik hosil qilishi mumkin. Poetik obrazda makonlar, maydonlar o‘zgarib, beto‘xtov o‘rin almashib turadi. O‘rin almashinuv bir zumda, oniy lahzada sodir bo‘ladi. Lekin Ong (ya’ni o‘quvchi, she’rxon) o‘sha tutqich bermas lahzani tutmog‘i, ya’ni poetik ma’noning mohiyatiga yetib, undan zavq tuyishi zarur. Aks holda chiroq yonmaydi, ya’ni poetik kontakt, tutashuv ishlamagan bo‘lib chiqadi. Shu paytgacha, ya’ni poetik kontaktgacha noaniqlik hukm surgan bo‘lsa, endi aniqlik ishga tushadi.
Shu o‘rinda yana bir bor badiiy adabiyotda, xususan, badiiy asar sezimida aniqlik va noaniqlik nisbati borasida fikr yuritish lozimga o‘xshaydi. Badiiy so‘z — sehrga burkangan so‘z. Uning butun nozikligini, nazokatini birdan anglash qiyin, hatto oxirigacha anglash mumkin ham emas. Binobarin, 2 x 2 = 4 qabilidagi aniqlik chin badiiy so‘zga xos emas. Badiiylik aniq-noaniq his-tuyg‘u va jozib fikrlar majmuidan tuziladigan sehrli quvvat, energiyadir. Aynan aniqlik chiroqning yonishiga, ya’ni poetik obrazning ongda qayta tiklanishi (nega qayta, chunki u avval ijodkor shuurida tiklangan edi) bois bo‘ladi. Lekin bu ham arifmetik aniqlik emas, sirli shu’laga burkangan noaniqlikka esh aniqlikdir.
Shu o‘rinda yuqorida keltirganimiz ikki misraga sinchiklab boqib, unga jo bo‘lgan badiiyat, poetik aljabrni bevosita kuzatsak:
Shaftoli yonoqda qotgan yosh do‘lini,
Qaynoq bir sukutda mehrli kiprik-la tarayman.
Bundan oldingi misra “Besh asr yo‘l o‘tgan jinsimga qarayman” bo‘lib, shoira, lirik qahramon o‘z ko‘zqarashi, poetik ilg‘amini obrazlar silsilasida ifodalaydi. Oftobda pishib yetilgan shaftoli rangtasvirdagi go‘zalning yonog‘iga qiyoslanadi, yo‘q-yo‘q, qiyoslanmaydi, balki quyosh nuri bilan rang talashgan shaftoli va go‘zalning yonog‘i yonma-yon qo‘yilganda ikki narsadan yagona qiyofa yaraladi: shaftoli yanoq. Lekin bu go‘zal qiyofa baxtiyor emas, u ko‘z yosh to‘kmoqda. Dard shu qadar cho‘ngki, uning moddiy izhori ko‘z yosh shiddat bilan yerga enadigan do‘l kabi. Yana xato qildik, dul kabi emas, aynan ko‘z yosh-do‘ldir, ya’ni bunda ko‘z yosh va do‘l ayni bir narsadir. Buning ustiga bu ko‘z yosh — do‘l shaftoli yonoqda qotgan. Bu so‘zning ta’sir va tasvir doirasini kuzataylik. Biz tasvirini kuzatayotganimiz suratdagi go‘zal qiyofasi ekanini yana bir bor eslaymiz. Zero, rangtasvir ko‘z yosh — do‘lni harakatsiz, statik tarzda chizib, unga ichki harakat, jon bag‘ishlaydi. Ko‘z yosh ham, do‘l ham odatda pastga enadi. Bu enish bizning ong-shuurimizdagi qat’iy tushuncha. Tasvirda esa u harakatsiz, qotgan kabidir.
Ikkinchi misra oldingi misradagi tasvirga hissiy munosabatdir. Bu munosabat ham ikki qismdan iborat: 1) “qaynoq bir sukut…” — bu kuzatuvchining statik, turg‘un holati, lekin u ham unchalik turg‘un emas, sukut o‘z-o‘zicha turg‘un, lekin sukut qaynoq. Demak, harakatda. 2) “… mehrli kiprik-la tarayman”. Bu endi o‘zi yakunlanayotgan ikki misra, poetik kontekstning apofeozi, tantanavor xotimasi, shoirona zarbdir. Kiprik taroq emas, u taramaydi. Lekin mehrning kuchi ila u go‘zalning ko‘zyosh — do‘liga shu qadar mehrvar tiqiladiki, bu nigoh taroqning moddiy tarash quvvatidan qolishmaydi. Endi yuqorida aytganimiz kiprik taroq emas, degan fikrni rad etib, bunday jozib holatda, mehr jazbasida kiprik–taroq g‘amgusor qiyofani, “shaftoli yonoqda qotgan yosh do‘lini” naqd taraydi. Boshqa holatda, ya’ni u go‘zal yerda, yonida bo‘lsa edi, uni silardi, o‘pardi, tavob qilardi…
Anduhga qorishgan go‘zallik — ikki karra go‘zallikdir, deb bejiz aytmaydi ulug‘lar.
Mana sizga shoira o‘z suhbatida ko‘zda tutgan, she’riyatda ajib mohirlik bilan joriy etgan poetik aljabr, uning xususiy, xos namunasi.
Yana she’rga qaytsak. Undagi leytmotiv “Siz qayda, biz qayda” formulasida sirtdan “Siz” qanchalik yuksakka ko‘tarilib, “biz” shunga muqobil tarzda pasaytirilsa, poetik va lisoniy paradoksni qarangki, “Biz” ham “Siz” ko‘tarilgan masnadga ko‘tarilib boraveradi. To‘g‘ri-da, Sizning, asl san’atning buyukligini qalban anglagan, o‘z hayratini ajib so‘zlarda bayon etgan “Biz” (Men) ham buyukdir, albatta.
“Qo‘shiq” she’ri aynan go‘zallikni anglash haqida. Bu anglash esa yalpi qiyos vositasida amalga oshadi. Go‘zallik qa’ridagi samoviy quvvat esa she’rning umrboqiyligini, shohona salobatini ta’min etadi.
Yuqorida ikki misraning badiiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, o‘xshatish, ayniqsa, metafora ushbu she’r va umuman Zulfiya she’riyatining yetakchi tamoyillaridan biridir. Shoira obrazlilikka poetik aljabr deya ta’rif berar ekan, bu ta’rif zamirida obrazlilikning qon tomiridan o‘rin olgan yalpi qiyos printsipiga ham bilvosita ishora bor. Hech bir poetik obraz, timsol qiyossiz tug‘ilmaydi. Shunday ekan obraz botinidagi qiyosning rango-rang tovlanishlarini, nozikliklarini ilg‘ash va mantiq tilida bayon qilish, shubhasiz, har qanday badiiy asarning ma’no — estetik ko‘lamini kengaytiradi.
Suvon Meli, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 30-son