
“Sen yetim emassan” she’ri poetikasiga doir
Mashhur she’rlar nafaqat o‘zining ma’no-mazmuni, balki yozilish shakl-shamoyili bilan ham ongimizda muhrlanib qoladi. San’atshunoslikda vizual xotira degan tushuncha borki, u ongimizda muhrlanib qolgan shaklning (bizda, she’riy shakl) proyeketsiyasi, aksi, tasvirini anglatadi. Ushbu buyuk she’rni odatlanib qolgan shakl, aytaylik, shoirning mashhur she’rlari “Sog‘inish” yoki “Vaqt” kabi yoyib, tekis yozilgan tarzda tasavvur qila olmaymiz. Chunki she’r 6 va 5 hijoli qisqa misralar, o‘rni-o‘rni bilan Mayakovskiy usulidagi zinapoya satrlardan iboratki, ular ongimizda xuddi shu tarzda o‘rnashib qolgan.
She’rning nomi “Sen yetim emassan” – ham xitob, ham nido bo‘lib, shu gapning o‘ziyoq magik qudratga ega. Ma’lumki, urushning dastlabki yilida nemislar vaqtincha bosib olgan yurtlardan ming-minglab aholi, xususan, ota-onasiz qolgan bolalar mamlakatning urushdan olis go‘shalariga evakuatsiya qilindi, ya’ni ko‘chirildi. Ular, jumladan, Markaziy Osiyodagi besh jumhuriyatdan boshpana topdilar.
Shu yerda haqli ikki savol tug‘iladi.
1. Nega aynan o‘zbek shoiri shunday she’r yozdi?
2. Nega bu she’rni aynan G‘afur G‘ulom yozdi?
Savollar bir-biriga bog‘liq, biri umumiy, ikkinchisi xususiy. Birinchi holda millatning qalb-sajiyasi, o‘zbekning mushfiq qalbi haqida gapirishga to‘g‘ri keladi. Mehmondo‘stlik, hamdardlik, musofirga rahm-shafqat – xalqimizning qon-qoniga singgan fazilatlardir. Ikkinchi savolga kelsak, G‘afur G‘ulom shu xalqning farzandi. Uning ich-ichidan chiqqan dilbandi edi. Buning ustiga, u, she’rda aytilganidek, yetim o‘tgandi. Va Alloh izmida bo‘lgan taqdir uni yigirmanchi yillardayoq yana yetimlarga ro‘baro‘ qildi. Shoirning “Kechmish va kechirmishlarimdan” deb nomlangan tarjimai holida yozilishicha, “1923 yillarda Maorif komissarligi bolalar boqimsizligi bilan kurash jamiyati bilan birlikda bolalar uyi – internatlar ochishini menga topshirdi. O‘rdada “Urfon” o‘rta maktabini tashkil qilishda ishtirok etdim. Uning yonida 150 bolalik internat – boqimsiz bolalar uyi ham ochildi”. Ushbu dargohda ishlash paytida Shoir o‘zining ilk she’ri “Feliks bolalari”ni yozdi. U shunday boshlanadi:
Biz odam bolasimiz,
Odamning donasimiz,
Biz o‘sib ulg‘ayamiz,
Olim bo‘lish g‘oyamiz.
Bu yetimning arz-dodi, bir paytning o‘zida, faxr so‘zlari edi. Bundan kelajakdagi “Men odam edim-ku, inson farzandi” satri o‘sib chiqqan bo‘lsa, ajabmas. Bular tashqi hayotiy voqealar, she’r yaratilishida ularning ta’siri shaksiz. Lekin eng muhim omil bu – G‘afur G‘ulom buyuk qalb sohibi ekanida. Demak, G‘afur G‘ulomning qalb-ruhoniyati buyuk she’rning shakl-shamoyilini vujudga keltirgan, uning ta’sir kuchi va magik quvvatini tayin etgan. Zero, “Haqiqiy shoirning qalb tuzilishi tinish belgilaridan tortib hamma narsada aks etadi”, deb yozgan edi buyuk rus shoiri Aleksandr Blok.
She’r kompozitsiyasi va strukturasi (bu ikki atama o‘zaro yaqin, faqat biri xususiy, ikkinchisi umumiy) mutlaqo o‘ziga xos. U olti struktur qismdan iborat, ularni she’rda yetti karra takrorlanuvchi poetik formula –
Sen yetim emassan,
Tinchlan, jigarim.
Sen yetim emassan,
Uxla, jigarim.
Sen yetim emassan,
Mening jigarim –
asar badiiy vujudini ajratib, chegaralab, bir paytning o‘zida, birlashtirib, kavsharlab turadi. Aytilganidek, poetik formula dastlab “Tinchlan, jigarim”, o‘rta qismlarda “Uxla, jigarim” (besh karra), oxirda “Mening jigarim” shaklini oladi. Bundagi o‘zgarish aniq badiiy mantiqqa ega. Ota-onasiz qolgan go‘daklarni avvalo tinchlantirmoq, shundan keyingina orom uyqusiga chorlamoq mumkin edi. Asar so‘ngida to‘kib solingan shuncha mehr-shafqat so‘zlaridan keyin ular – “etim emas” go‘daklar Shoirning, O‘zbekistonning o‘z farzandiga aylanadi. Ular endi “Mening jigarim”dir.
Endi she’rdagi syujet bekatlari – struktur qismlar haqida fikr yuritsak.
Shunday qilib, poetik formula she’rni olti struktur qismga ajratadi. “Sen yetim emassan, Tinchlan, jigarim” deb boshlangan she’r “Sen yetim emassan, Mening jigarim” deya tugallanadi. Yana qizig‘i shundaki, she’rning barcha o‘rta qismida poetik formula ikki jabhada ishlaydi, ya’ni ham pastga, ham tepaga birday xizmat qiladi.
Birinchi struktur qism begona joyga kelib qolgan ota-onasiz go‘daklarni tinchlantirishni maqsad qiladi, butun ifoda kuchi shu vazifaga yo‘naltiriladi: “Cho‘chima jigarim, O‘z uyingdasan” degancha shoir qisqa zinapoya misralarni tizadi. Undan avval “ota-onasiz qolgan go‘daklarga” ota-onaning o‘rnini bosuvchi narsa zarur edi, shu bois – “Quyoshday mehribon Vataning – onang” va “Zaminday vazminu Mehnatkash, mushfiq… Xalq bor – otang bor” misralari maydonga chiqadi.
Birinchi struktur qism – tekis yozilgan misra – “Va mehnat nonini ko‘ramiz baham” bilan yakunlanadi. Shundan keyin yangragan poetik formula, yuqorida aytilganidek, birinchi qismga shu’la tashlab, ikkinchi struktur qismni boshlab beradi. Birinchi qism zinapoyalardagi qisqa satrlar bilan hisoblaganda 17 misradan iborat.
Ikkinchi struktur qismda tazod usuli davom etadi. Bolalar boshidan kechirgan dahshatli voqealar tasviri hamda ular endi ortda qolganligi haqidagi taskin misralar –
Bu yerda muzlagan
Ajdar halqumli
Vahshat to‘plarining
Qahqahasi yo‘q –
va shundan so‘ng yana zinapoya usuli qo‘llanadi. Yuqoridagi qisqa misralar zinapoyali uzun misralar bilan almashadi. She’rning vizual qiyofasida o‘zgarish – ritmda keskin silkinish sodir bo‘ladi:
Bu yerda –
odamzod shaklida yurgan
la’nati devlarning
Manfur, yuqumli,
maraz namoyishi
topolmas huquq.
Bu she’rdagi nafrat tuyg‘usining birinchi portlashi, ikkinchi portlash beshinchi struktur qismda, Gitler haqidagi keskir misralarda yangraydiki, o‘z o‘rnida uni ham ko‘rib o‘tamiz. Shundan so‘ng yana sokin, taskin misralar tiziladi:
Ulug‘ jang kunidir,
Jangki, beomon.
Lashkar degan axir
Bexatar bo‘lmas
Otang o‘lgan bo‘lsa…
Shu yerda she’rda ikki bora takrorlanuvchi mashhur misralar yangraydi:
Qayg‘irma, qo‘zim,
Ko‘zim usti
Minnating boshimga durra.
Bu shoirga xos sof g‘afurona misralar bo‘lib, uni mantiq va ma’no jihatdan sharhlash qiyin, balki samarasiz. Lekin unda mehr-shafqat oliy darajada ifoda etilayotgani ko‘ngil ko‘zi bilan seziladi – “Ko‘zim usti Minnating boshimga durra”. Boshga durra kabi tang‘ilgan mehr-shafqat. U qism oxiridagi “Kiprigingga ilinmas Yig‘idan zarra” misralari bilan qofiyaviy munosabatga kirishadi: durra – zarra. Bunda yana birinchi misra yakunidagi “qo‘zim” keyingi misradagi “ko‘zim” bilan qofiyadoshligi ham totli bir ohang yasaydi.
Bu qism ham zinapoya satrlar hisobi bilan 26 misradan iborat.
Uchinchi struktur qism retro, ortga, o‘tmishga qaytish tarzda bitilgan. U asar syujetida vaqtincha to‘xtash bo‘lib, Shoirning bolalik yetim o‘tmishiga bir sayohat kabidir. 18 misradan tashkil topgan mazkur qism she’r tarkibidagi mustaqil asarga o‘xshaydi va shu holida she’rdagi asosiy “voqea”, urushning ota-onasiz qolgan go‘daklari qalbiga taskin malhamini qo‘yadi:
O‘ninchi yillarning
Sargardonligi;
Isitma aralash
Qo‘rqinch tush kabi
Xayol ko‘zgusidan
O‘chmaydi sira.
Men yetim o‘tganman,
Oh u yetimlik…
Qizig‘i shundaki, bu parchadagi “Men yetim o‘tganman” misrasi ilk variantda “Men yetim o‘sganman” bo‘lgan ekan. Bir harf (“s” o‘rniga “t”) o‘zgarishi bilan ma’no qanday kuchayganiga guvoh bo‘lamiz shu o‘rinda. “O‘sganman” oddiy axborot, “o‘tganman”da esa – aql bilan ilg‘ab bo‘lmas ma’nolar tarami. Lirik chekinish davom etadi:
Voy bechora jonim,
Desam arziydi.
Boshimni silashga
Bir mehribon qo‘l,
Bir og‘iz shirin so‘z
Nondek arzanda.
“Nondek arzanda” o‘xshatishi G‘afur G‘ulom kashfiyoti bo‘lib, keyinchalik u boshqa asarlarga, o‘xshatish haqidagi maxsus lug‘atga “Nonday aziz, arzanda” tarzda kirgan. “Nonday aziz” avvaldan ma’lum va mashhur ibora, “nonday arzanda” esa oxori to‘kilmagan yangi badiiy tasvir vositasi, ya’ni o‘xshatishdir.
Qism so‘ngida butun she’rning emotsional cho‘qqisi bo‘lmish misralar yangraydi:
Men odam edim-ku,
Inson farzandi…
Bu so‘zlardan barcha yetimlarning achchiq faryodi, alami ko‘zyosh kabi sizib turadi. G‘afur G‘ulomning xalafi, atoqli shoir Abdulla Oripov mashhur “Malomat toshlari” she’rida ushbu so‘zlarni keltirib, “Bu – yetim G‘afurning malomat bandi” deb yozadiki, biz bunda alamli misralarning yangi ma’no tovlanishlariga guvoh bo‘lamiz.
To‘rtinchi struktur qismga kelibgina she’rdagi “voqea” sodir bo‘lish joyi va poetik roviyning payt-holati aniqlashadi. Shunda bot-bot takrorlanayotgan “uxla” so‘zining sababi ham ma’lum bo‘ladi. Ya’ni bu shoir, lirik sub’ektning yetim bolalar uyida, ularning orom olish damlaridagi holatidir:
Otalik hissining
Bebaho, laziz
To‘lqinlari ichra
G‘arq bo‘lib ketib,
Aziz boshing ustida
Telmurmakdaman.
Shundan so‘ng she’rni yagona ohang va ma’no mehvarida tutib turuvchi takror – “Sen yetim emassan, Uxla, jigarim” ham to‘rtinchi qismni yakunlaydi, ham navbatdagi, beshinchi qismga debocha bo‘ladi. Umuman olganda, poetik formula har bir struktur qismni chambarak kabi halqaga olib, o‘rab turadi. Ushbu halqa tufayli muazzam she’rning ritmik va ma’no aurasi shakllanadi, real badiiy kuch va voqelikka aylanadi. Asar badiiy yaxlitlik kasb etadi.
Beshinchi struktur qism hajman eng katta, 44 misradan iborat bo‘lib, butun she’rning choragidan ortig‘rog‘ini tashkil qiladi. Bu qism o‘z navbatida ikkiga, go‘dak xayolidagi “murg‘ak tasavvur”ning shakl-shamoyili, fojialari ochilishi (dastlabki 20 misra) bo‘lsa, keyingi 24 misrada “ota-onasining tayini ham yo‘q… Gitler oqpadar”ning satirik tavsifi hamda uning muhaqqaq halokati bashorat qilinadi. Esdan chiqarmang, she’r urushning dastlabki yili, 1941 yilning dekabrida yozilmoqda, hali 45 yilning mayigacha ancha muddat bor. Lekin hozirdanoq shoir “qonli intiqom” haqida bong urmoqda.
Keyingi tasvir-ifodalarda Gitler nomi qayta tilga olinmaydi, u oddiy bir matoh, “mundir” darajasiga tushiriladi. Bundagi uch qisqa misrada nemis diktatorining quyma satirik portreti yaratiladi:
Bir qo‘ng‘iz mo‘ylovli,
Baroq soch mal’un,
Jigarrang bir mundir
Istagi uchun.
Xuddi shu yerda satr oralatib uch karra “Nahotki” bilan boshlanadigan misralar emotsional portlashni hosil qiladi:
Nahotki yerimiz
Chappa aylanib,
Nahotki daryolar
Oqar teskari,
Nahotki odamlar
Kezar darbadar?..
So‘roq va taajjub-shubha ma’nosini anglatuvchi “Nahotki”lar ortida va zimnida bu narsalar hech qachon bo‘lmaydi, degan qat’iy ishonch yotadi. Mazkur parchada uch tayanch tushuncha – Yer, daryolar va odamlar – mavjud. Yer hech qachon chappa aylanmaydi, daryolar teskari oqmaydi. Demak, tagmatnda xulosa qiladi shoir, odamlar ham darbadar kezmaydi. Borliqdagi ilohiy intizomga qarshi kim daxl qilsa, uni buzmoqchi bo‘lsa qasos, “qonli intiqom” muqarrardir. Shu bois ham “Axir, juda yaqin qonli intiqom” misralaridan keyin she’rda uchinchi marta portlash effekti sodir bo‘ladi.
Shundan so‘ng poetik formula qismni yakunlaydi va bir paytning o‘zida, oltinchi struktur qismni boshlab beradi. Qism hajman kattagina bo‘lib (35 misra), faqat oldingi qismdan qisqaroqdir. Bunda asar syujeti to‘rtinchi qism “voqealari”ga qaytadi, ya’ni u “Aziz boshing ustida Telmurmakdaman”ning bevosita davomi sifatida voqe bo‘ladi:
Sen kulayotibsan,
Balki bu kulgi
So‘nggi oylar ichra
Birinchi chechak…
Va bunda aks etar
Porloq kelajak.
Yana Shoirning tarjimai holiga murojaat qilamiz: “Bir kuni bolalar bog‘chasidagi yetim bolalardan 15tasini bizning internatga o‘tkazdilar. Men bu go‘daklar bilan birga tunab qoldim. Kechasi uxlamay, kuzatuvchilik qilib chiqdim. Shu kecha o‘z yetimligim, boshimdan kechirganlarim va shu yetim bolalar ahvoli… to‘g‘risida she’r yozdim”. She’r yaralish jarayonida salkam yigirma yillik xotiralar tiklanadi va mehr-shafqat inja lirika bilan uyg‘unlashgan yuqoridagi misralar qog‘ozga tushadi. Shundan so‘ng tong haqidagi zinapoya misralar yangraydi:
Tong yaqin,
tong yaqin,
oppoq tong yaqin.
Mazkur uch misra ikki jabhada ishlaydi. Esingizda bo‘lsa, muallif she’rini “otalik hissining bebaho laziz to‘lqinlari ichra” tong arafasida yozmoqda ediki, bu endi rostakam tongdir. Boshqa tarafdan “tong” ramziy ma’no kasb etib, kelajakdagi muqarrar g‘alabani bashorat qilmoqda. Bu tong subhi kozib, yolg‘onchi tong emas, haqiqiy tong, ya’ni subhi sodiq edi. Ham hayotda, ham ramziyotda.
She’rning xulosaviy bo‘lagi:
Ulug‘ oilaning
go‘dak farzandi,
bilib qo‘y endi –
zinapoya misralari bilan boshlanadi.
Sirtdan oddiy ko‘ringan bu uch misraning siri, badiiy sehri nimada? Ikki misra boshida turgan “ulug‘” va “go‘dak” so‘zlari ziddiy ma’noviy aloqaga kirishmoqda, ulug‘ – katta, go‘dak – kichik. Lekin ular bir tanu bir jondir. “Farzandi” keyingi misradagi “endi” bilan qofiyadoshlik munosabatiga kirishmoqda. Buning ustiga, ushbu murojaatdagi yuqorida to‘kib solingan mehrga zid tuyuladigan keskin ohang – “bilib qo‘y endi” iboraga o‘ziga xos joziba baxsh etadi.
Bundan keyin keladigan olti misra muazzam she’rning chinakam apofeozidir. Apofeoz – biror voqea yo hodisaning zo‘r tantana va hashamat bilan tugallanishini anglatadiki, ushbu misralar aynan shundaydir:
Butun yer yuzini
Qilur munavvar.
Haqorat yemrilur,
Zulm yanchilur,
Jahonda bo‘lurmiz
Ozod, muzaffar.
She’r poetik formulaning o‘zgacha tovlanishi bilan yakunlanadi:
Sen yetim emassan,
Mening jigarim!
Har bir badiiy asar, xususan, asl she’rning o‘z sir-sinoati, o‘z sirli eshigi bo‘ladi. Uni ochish uchun yolg‘iz o‘ziga mos keladigan kalitni topish lozimdir. “Sen yetim emasan” she’ri uchun, shunday kalit, nazarimizda, unga naqorat bo‘lib, boshlab, yakunlab, barcha tuyg‘u va fikrlarni o‘z mehr qurshovida tutib turgan poetik formula “Sen yetim emassan, Tinchlan (uxla, mening) jigarim”dir. Har bir yangrashi bilan u asardagi syujet bekatlarini belgilaydi, shu bilan struktura, shakl yaratuvchilik vazifasini bajaradi. Yanayam aniqroq aytganda “Sen yetim emassan” so‘zi va nomining o‘ziyoq asarning butun borlig‘ini qisqa, lo‘nda va o‘ktam tavsiflab turadi.
Ming afsuski, hayot va o‘lim bor ekan, yetimlik abadiy muammo. Insoniyat borki, yetimlik mavjud. Ushbu g‘amg‘usor holat she’rga mangulik baxsh etadi.
Muqaddas dinimizda mazlumlarga hamisha rahm-shafqat qilinadi. Yetimlar – taqdir hukmi bilan ota-onasidan ayrilgan mazlumlardir. Qur’oni karimda yetimlar haqida qator oyatlar borki, shulardan birida deyiladi: “Etimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va albatta, do‘zaxda kuygaylar” (“Niso” surasi, 10-oyat). Bu ilohiy kalomning zimnidan kelib chiqadiki, yetimlarga rahm-shafqat, mehr-muruvvat ko‘rsatganlar eng ulug‘ ajr – jannatga sazovor bo‘lgaylar. Boz ustiga, “Sen yetim emassan”day shohona mehrni olamga yoygan ham, o‘qib zavq olgan, she’rdagi mehrga oshno bo‘lib, o‘z hayotida amal qilganlar ham shunday ajrga munosibdirlar, inshoolloh!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 17-son

