Axir, Tilak Jo‘rasiz qanday dor ul-tarjima bo‘lsin?!
G‘aybulla as-Salom
Tilak Jo‘ra 1947 yilning 26 mayida Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Sayyod qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilganlar. Hayot bo‘lganlarida 70 yoshga to‘lar edilar.
1972 yili hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakulteti sirtqi bo‘limini tugatganlar. 1978 – 1981 yillarda universitet aspiranturasida ta’lim olganlar. 1986 yili “Nozim Hikmat va o‘zbek adabiyoti” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi yoqlaganlar.
Bir muddat Qorako‘l tumani gazetasida ishlaganlar. 1970 yildan to umrlarining oxiriga qadar o‘zlari o‘qigan universitetning “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasida yosh avlodga dars berganlar. 1994 yilning 21 aprelida Toshkent shahrida vafot etganlar. O‘zlari tug‘ilib-o‘sgan Sayyod qishlog‘i qabristoniga dafn etilganlar.
“Rayhon” (1977), “Olam ostonasi” (1980), “Yulduzlar tabassumi” (1981), “Chorrahadagi uy” (1983), “Sanduvoch” (1988), “Ruhiyat” (1990), “Saraton” (1991), “Saylanma” (2011) she’riy kitoblari chiqqan, turk, ozarboyjon, arman, frantsuz, tojik, uyg‘ur, qrim-tatar, turkman she’riyatidan tarjimalar qilganlar, adabiy aloqalar va tarjima nazariyasiga oid ilmiy maqolalar bitganlar.
Bular – rasmiy ma’lumotlar, xolos.
Xo‘sh, Tilak Jo‘ra kim edilar?
Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor G‘aybulla as-Salomdan oshirib javob berish – qiyin: “Men beshta Tilak Jo‘rani bilardim, – deb yozadilar ustoz: – odamoxun, shoir, olim, tarjimon, murabbiy”[1].
Tilak akaning odamoxunliklari shundan iborat ediki, u kishi xuddiki bu dunyoning vakili emasdek edilar: xayollarida hamma narsa hazrati Inson uchun, hamma narsa Ezgulik asosiga qurilishi kerakday edi. Biroq hayot bunday emas-ku! Ana shunisini tan olmas edilar. Keyin yuraklarining tub-tubida kelishtirib bo‘lmas bir qarama-qarshilik, kutilmagan bir g‘alayon paydo bo‘lar edi.
Istarali odam edilar. Ham zohiran, ham botinan. Bu ikkalasi qo‘shilib, kamdan-kam kishida uchraydigan ajib bir yoqimtoylik paydo qilar edi. Bu haqda ustozimiz, atoqli sharqshunos, professor Najmiddin Komilov: “Tilakjonni yaxshi ko‘rmaslik mumkin emasdi. …Yaxshi odamning farishtasi bor, deb shuni aytsalar kerak. U, haqiqatan ham, farishtali, Xudo yarlaqagan inson edi”[2], – deb yozgan edilar.
Ana shu odamoxunlik atroflariga odam yig‘ar edi. Hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida u kishi hamisha ijodkor talabalar qurshovida yurar edilar. Shogirdlari e’zozida edilar.
Har doim uylari odamga to‘la bo‘lar edi. Hovli qancha tor bo‘lsa, sohibi xonadonning ko‘ngli shuncha keng edi.
O‘zi, uydagi iqtisodiy ahvol aytarli emas edi. Ayollari ishlamas, uch farzandlari bor edi. Universitet muallimining qo‘liga oladigan 100 so‘mdan sal oshiqroq maoshi besh kishiga nima bo‘ladi?!
She’rlariga gazeta, jurnal yoki radiodanmi qalam haqi tegib qolsa, bo‘ldi, Tilak Jo‘radan saxiy kimsani topa olmas edingiz. Albatta, to‘rt-besh ulfatlarini yig‘ib, qalam haqi olganlarini “yuvib” bermasalar, ko‘ngillari tinchimas edi.
Biz – oilasi bilan ijarada yashab yurganlar Tilak akaning kaftdakkina keladigan ana shu hovlichalariga havas qilar edik. Ikki xonasida oila istiqomat qilar edi. Tepada kichkinagina ayvonchali bir boloxonasi ham bor edi. Shoir shu yerda ijod qilar edilar. Viloyatlardan kelib, Toshkentda dissertatsiya yoqlaydigan, kitob chiqarayotgan ayrim ijodkorlar ham shu boloxonaga joylashib olib, ishlar edi. Tokchalarida kitoblar tartib bilan terilgan bo‘lar edi. O‘rtasida shoirimizning portretlari ham turardi. Ish stolida esa Sergey Yesenin portreti bo‘lardi.
Hovliga kirganingizda o‘ng qo‘lda yarim yerto‘la bir alohida xonacha ham bor edi. O‘ylashimcha, bu uy o‘rnidagi xona adoyi tamom bo‘lib, qiyshayib ketganidan keyin oldingi egasi uni buzib, yangidan qurishga kirishgan. Biroq, qarasa, yog‘ochlarining ikki chekkasi yaroqsiz holga kelib qolgan. O‘sha chekkalari kesib tashlanganda esa yog‘ochlar kalta bo‘lib qolgan. Boshqa yog‘och yo‘q. Nima qilish kerak? Chorasi topilgan: yerto‘la qazilib, kalta yog‘ochlardan uyning tepa qismi devorlari tiklangan. Shu tariqa yarim yerto‘la uy paydo bo‘lgan.
Uni “darveshxona” deb atar edik. Chunki aynan shu xonaga qanchadan-qancha olimu shoiru adib yig‘ilganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. To‘rt-besh shoir “xalfana” qilib, bir osh yemoqchi bo‘lsa ham, kimningdir kitobi chiqqanini nishonlamoqchi bo‘lsa ham, boringki, ijod ahlidan kimdir bir necha kunga xotinidan arazlab qolgan bo‘lsa ham, shu “darveshxona” tanlanar edi.
Keyin davlat Al-Xorazmiy mavzesidan besh xonali uy berdi. Bir xonasini ijodxona qilib oldilar. Kitoblar xuddi o‘sha boloxonadagiday qilib terib qo‘yildi. O‘rtada – o‘zlarining portretlari. (2009 yili Vazirlar Mahkamasi kaminani ikki oyga Buxoro viloyatining aynan Tilak aka tug‘ilib o‘sgan, umrining oxirgi kunlarini o‘tkazgan Qorako‘l tumaniga vakil qilib yubordi. Qadrdon akamizning bola-chaqalaridan hol-ahvol so‘ragani ota hovlilariga bordim. Mehmonxonaga kirib, o‘zimni xuddi o‘sha Eski Jo‘vadagi boloxonaga kirib qolgandek his etdim. Chunki kitoblar xuddi o‘shanday qilib terib qo‘yilgan, o‘rtada esa Tilak Jo‘raning o‘sha-o‘sha portretlari…)
G‘aybulla as-Salom ustozimiz doktorlik dissertatsiyasini yoqladilar-u, Moskvadagi Oliy Attestatsiya Komissiyasidan tasdiqlanishi yomon cho‘zildi. Ishni OAKda muhokama qilish uchun dissertantning o‘zlarini chaqirishdi. Qanchalar asabiy holat ekanini tasavvuringizga keltiring.
Tilak Jo‘ra ustozga shogirdday emas, o‘g‘ilday edilar. Birga otlandilar. Sinovli kunda yonlarida bo‘ldilar.
Shoirliklari shunchalar ediki, nazarimda, u kishini she’rdan boshqa hech narsa qiziqtirmas edi. Ustoz Najmiddin Komilov ta’birlari bilan aytganda: “U dehqon bolasi, sodda, afandinamo, ammo qalbi gavharday pokiza shoir edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u rus shoiri Sergey Yeseninni juda sevar, Yesenin obrazlariga mahliyo edi. Yesenin portreti ish stoli ustida ro‘parasida turardi. Tilakning tabiati Yesenin tabiatiga o‘xshardi, ijodi ham ruhan yaqin edi”[3].
Ba’zi shoirlarni bilamiz, ikki-uch satrni o‘zaro juftlashtirsa, bo‘ldi, o‘zini alohida iste’dod sohibi sanab qoladi, ijodini ilohiydan olib, ilohiyga soladi. Tilak aka bunaqalar sirasidan emas edilar. Yana Najmiddin Komilovga quloq tutamiz: “U she’rni ko‘z-ko‘z qilmas, neki yuragi buyursa, shuni yozardi”[4].
Yuqorida sanalganidek, sakkizta she’riy to‘plamlari nashr yuzini ko‘rdi.
“Olam ostonasi” degan ikkinchi to‘plamlariga mashinkada bor-yo‘g‘i ikki betgina keladigan ixcham taqriz yozgan edim. “Tabiiylik” sarlavhasi bilan avval “Yosh leninchi”da, keyin Qorako‘l tumani gazetasida bosildi.
Shoirning hayajonlari shu qadar ediki, ana shu kichkinagina taqriz bosilgan kuni kechasi ertalabgacha, umuman, uxlamabdilar.
– O‘zi, uch-to‘rt marta ovoz chiqarib o‘qib, keyin uxlash uchun yotdim, – deb hikoya qilib bergan edilar keyin o‘zlari. – Hech uyqum kelmadi. Turib, chiroqni yoqib, yana bir karra o‘qidim. Yana chiroqni o‘chirib, yotdim. Uyqu kelmadi. Yana turib, o‘qidim. Xullas, ertalabgacha o‘n-o‘n besh marta shu holat takrorlandi. Nimaga bunaqa odamni hayajonga solib qo‘yadigan qilib yozasiz-ey?!
Buning sababi bor edi. Tilak Jo‘rani she’riyatdan boshqa hech narsa birlamchi darajada qiziqtirmas edi. Men ijoddan boshqa hamma narsani bu qadar unutgan boshqa bunday odamni ko‘rmaganman.
Tilak Jo‘raning:
Bedazorda bedana
Bo‘lib-bo‘lib sayraydi, –
deb boshlanadigan mashhur bir she’rlari bor. Undagi bedazorda bo‘lib-bo‘lib sayragan qush bedana emas, balki bir kampirga oshiq bo‘lgan chol. U bedana bo‘lib sayrash orqali ma’shuqasini chorlaydi.
Endi Muhammad Yusufning “Manzara” she’ri qanday boshlanganiga diqqat qilaylik:
Bedapoya to‘ridagi juftin qidirib,
Sayray-sayray jimib qoldi bedana dilgir[5].
Hech kim: “Bu misollarda ustoz-shogirdlik yo‘q”, – deb ayta olmasa kerak…
Aslida, bu yerda fikr dalili uchun shu birgina misol bilan cheklansa bo‘lar edi. Ammo Muhammad Yusufning “Tilak Jo‘ra” degan maxsus she’ri ham bor-da:
U: “Xo‘p!” – deydi, demas: “Menga ham kerak”,
Ishonmasang, borib o‘zidan so‘ra.
“Joningni prokatga ber”, – desang, Tilak
Ikki qo‘llab tutar: “Marhamat, jo‘ra!”
Men uni tug‘ilmay turib bilardim,
Murg‘ak chog‘ jannatda yuzin ko‘rganman.
Tegirmonchilikni orzu qilardim,
Unga havas qilib, shoir bo‘lganman (97).
Oxirgi misrada ifodalangan e’tirof katta mardlikdan ham dalolat beradi. Chunki lirik qahramon Tilak Jo‘raga havasni aynan shoir bo‘lishining sababi qilib ko‘rsatyapti.
Muhammad Yusuf “Ma’ruf Jalil” degan she’r ham yozgan. U:
Xokisorligim ham ko‘rolmaslar bor,
Goho rahmim kelar dushmanlarimga, –
misralari bilan boshlanib:
O‘zim raqibimning uyiga borib,
Kechirim so‘ragim kelar, qiynalsa! (145) –
degan satrlar bilan yakunlanadi.
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, bu ikki asarda shu ikki shoirimizdagi xokisorlik va rahmdillik ulug‘lanyapti ham. Ana shundan Muhammad Yusuf Sergey Yeseninga yaqin bu ikki shoirni bunchalar qadrlagani sirini topganday ham bo‘lamiz.
Muhammad Yusuf ustozi Tilak Jo‘ra haqida “Xokisor yulduzlar turkumi bor”[6] sarlavhali xotira ham yozgan.
Olimliklari shundan iborat ediki, ustoz G‘aybulla as-Salom rahbarliklarida 1986 yili “Nozim Hikmat va o‘zbek adabiyoti” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi yoqladilar. Moskvadan opponentlik qilish uchun kimsan – atoqli sharqshunos, Jaloliddin Rumiy haqida ilmiy roman yozgan Radiy Fish keldilar. Bu kun hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetida filologlarning bayramiga aylanib ketdi. Dissertant yoqlash marosimida ham she’r o‘qidilar.
“Nozim Hikmat izdoshlari”, “Nozim Hikmat va O‘zbekiston”, “Hozirgi turk she’riyati”, “Nozim Hikmat va o‘zbek she’riyati” degan maqolalar yozdilar, Nozim Hikmatning “Inson manzaralari” degan ma’lum va mashhur asari tahliliga bag‘ishlangan “Asr ovozi” degan maqolalari bosildi.
Nozim Hikmatning “Bir sevgi afsonasi” degan dramasi bor. Ustoz G‘aybulla as-Salom: “Modomiki, “Nozim Hikmat va o‘zbek adabiyoti” masalasini o‘rganar ekansiz, shu asarni ham tahlilga tortmasangiz, uning o‘zbek adabiyoti bilan aloqasini ochib bermasangiz, bo‘lmaydi”, – deb turib olibdilar. Tilak aka kuchlari yetmaydigan, o‘zlarini birlamchi darajada qiziqtirmagan masalaga bosh suqavermas, o‘zlaricha qaysargina odam edilar. “Men Nozim Hikmat ijodining o‘zbek adabiyotiga ta’sirini o‘rganmoqchiman, Nozim Hikmat ijodiga o‘zbek adabiyotining ta’sirini yoritishga kuchim yetmaydi”, – debdilar. “Yomon ham soddasiz-da, Tilakjon. Axir, shundoqqina qo‘shningiz aynan Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin”i bo‘yicha dissertatsiya yozayotgan bo‘lsa, boring, maslahatlashing, yordam so‘rang”, – debdilar.
Noiloj, ustozning zug‘umlari bilan bir kuni Tilak aka rus tilida Nozim Hikmatning ana shu dramasi bosilgan kitobni ko‘tarib kirib keldilar. Dramada Farhod timsoli asosiy o‘ringa ko‘tarilgan. Shunga asoslanib, kamina Tilak Jo‘raga bir g‘oya aytdim: “Nozim Hikmat bu asarini yozishda Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin”idan emas, aynan Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin”idan ta’sirlangan, shuni ko‘tarib chiqish kerak!”
Drama shunday talqin qilindi. Dissertatsiya himoyasi oldidan bir kuni Tilak aka yana uyga chiqdilar: “Ana, Radiy Fish opponentlik taqrizida aynan shu fikrga e’tiroz qilibdi. Men tayyorlagan javobni ham ko‘rib berasiz endi”. G‘aybulla as-Salom, Najmidin Komilovlar hamma shogirdlariga opponentga qanday tarzda silliq, izzat-hurmatni joyiga qo‘ygan holda javob qaytarishni yaxshi o‘rgatishar edi. Tilak aka ham shunday diplomatik bir javob tayyorlab, amalda o‘z fikrlarida qat’iy qoldilar. Radiy Fish ham bu noziklikni ilg‘ab, kulib qo‘ydilar.
Himoyadan keyin oradan besh yil o‘tdi. 1991 yili O‘zbekistonimizda “Navoiy yili” bo‘ldi. Bir kuni qo‘ng‘iroq qilib qoldilar: “Nozim Hikmatga Alisher Navoiyning ta’siri g‘oyasi sizdan chiqqan edi. Dissertatsiyaning o‘sha qismini tayyorladim, bir ustidan ishlab, u-bu yangilik qo‘shib bersangiz, ikkalamizning nomimizdan chiqsa”. Shu tariqa “Alisher Navoiy va Nozim Hikmat” degan maqolamiz chop etildi.
1970 yili G‘aybulla as-Salom tashabbuslari bilan hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi tashkil etilganda, dastlab bor-yo‘g‘i uch kishi ishlagan: kafedra mudiri, ya’ni domlaning o‘zlari, yaqindagina “Muhammad Rizo Ogahiyning tarjimonlik mahorati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan yoqlagan Najmiddin Komilov hamda fakultetda sirtdan ta’lim olayotgan Tilak Jo‘ra. Bu “uch og‘ayni botirlar” shunday o‘ziga xos hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdiki, matbuotda ko‘p-ko‘p maqola va taqrizlar aynan shu uch imzo bilan chop etiladigan ham bo‘ldi. Kafedra Tilak akani tarjimashunosga aylantirdi.
Ikkinchi ilmiy yo‘nalishlari – adabiy ta’sir qonuniyatlarini o‘rganish edi. O‘zbek adabiyotida sarbast she’rning yuzaga kelishini olimlar, bu faqat Vladimir Mayakovskiyning ta’sirida yuz bergan, deb hisoblab kelar edi. Tilak Jo‘ra bu fikrning xato ekanini aytib, bunda Nozim Hikmat she’riyatining ham katta ta’siri bo‘lganini isbotlab berdilar.
Tarjimonliklari – alohida masala. Buni ustoz G‘aybulla as-Salom zo‘r qilib aytib qo‘yganlar: “Axir, Tilak Jo‘rasiz qanday dor ul-tarjima bo‘lsin?!”[7]
Tarjima – savobli ijod turi. Biroq sho‘ro davrining so‘nggi o‘n yilliklarida u adabiyotda zimdan targ‘ib etib kelinayotgan milliy ozodlik harakatining zo‘r bir targ‘ibot quroliga aylanib ulgurgan edi. Shoirlar ochiq-oshkor aytolmaydigan dardini o‘zga tillardagi she’riyatdan izlar, topsa, o‘shani tarjima qilishga urinib qolar edi. Tarjimani chop etish – osonroq. Qaysidir gap “qitmirroq” tarzda aytilgan bo‘lsa ham, axir, buni boshqa xalq shoiri, tamoman boshqa makon va zamonda turib aytgan-ku. Aynan tarjima qilmasang, yana bo‘lmaydi. Lekin tarjimonning dardi o‘sha fikrni o‘z xalqiga yetkazish, odamlarning ko‘zini ochish bo‘lgani bugun hech kimga sir emas.
Mahmud Sa’diy degan akamiz, hatto o‘sha paytlarda “proletariat dohiylari” asarlaridan dono-dono, lekin o‘sha paytdagi hayotga solishtirganda, tamoman teskarisi qilinayotgan g‘oyalarni topib, tarjima qilar va gazetada bostirar edi. O‘qigan kishi, tabiiyki, bu tuzumda so‘z boshqa-yu, amal boshqa ekan-da, degan xulosa chiqarar edi. Senzura “g‘ing” deya olmas edi, tarjima asliga to‘g‘ri bo‘lsa, bas-da.
Tilak Jo‘ra biron-bir she’rni qalam haqi olish uchun tarjima qilmagan. Turk shoiri Oshiq Vaysalning “Hammamiz ham bir yurtning avlodlarimiz” she’ri amalda Turkiya turklariga mo‘ljallab yozilgan. Lekin mustamlaka iskanjasida azob chekayotgan bir millatning vakili bo‘lib o‘qib ko‘rsangiz, uning, loaqal:
Birlashaylik bir bayroqning ostida,
Biz turklarning ikkilik yo‘q zotida.
Yonib yondiraylik ona Vatanda,
Hammamiz bir xalqning avlodlarimiz, –
degan satrlari zimdan nimaga chorlayotganini anglab olasiz.
Yoki Tavfiq Fikratning “Millat qo‘shig‘i” she’rini olaylik.
Millat yo‘lidir, haq yo‘lidir biz boshlagan yo‘l,
Ey, haq, yasha, ey sevikli millat, yasha, bor bo‘l! –
satrlari takrorlanib kelgan bu she’rning: “Borlig‘imiz jabru jafodan bo‘ldi ming pora, Sanchildi muqaddas Vatanning bag‘riga bigiz”, “Har onda go‘zal siynaga xanjar sancharlar, Topmasak chorasin, yurtni butkul yancharlar!”, “Kel, ey do‘sti aziz, mushfiq onang meni chorlar, Qutqar, u sho‘rlikni nochorlik, zo‘rlik zulmidan”, “Mangu meros bo‘lsa ham ajdodlardan bu chaman, Och-yalang‘och yashaysan, cho‘chib hatto ko‘lkangdan”, “Ne-ne haqsizlikni ko‘rding… Hayhot, bumi qonun! Behad qashshoqlanib qolding… Hayhot, bumi davlat?” – kabi satrlari bomba kabi portlayotganini tasavvur qilsak, bu ifodalarda aks etgan tarjimonning dardi shoirning dardidan kam emasligidan dalolat ekaniga hech qanday shubha qolmaydi.
Bu so‘z ustasi turk, rus, qoraqalpoq, Lotin Amerikasi shoirlaridan tarjimalar qildi. Ular matbuot sahifalarida sochilib yotibdi. Ularning hammasini yig‘sa, bir ajib to‘plam bo‘ladi, albatta.
Tilak Jo‘raning murabbiyligini ham aytib o‘tmasak, bo‘lmas. Bu jihatdan u kishi universitet yoki institutlarning biz bilgan risoladagidek muallimlariga aslo o‘xshamas edi.
Mana, bu borada G‘aybulla as-Salomning qarashlari: “Tilakjon yetmishinchi yillarning o‘rtalarida aspiranturaga kirdi. Bu salohiyatli yigitning siymosida bir-biriga zid ikki oqim duchlashganday bo‘ldi. Shoirona hurfikrlik bilan mirzaquruq olimlik aqidaparastligi. Qanchalik tirishmaylik, majnunvash shoirga olimlikning sipo fikrlash yo‘rig‘ini yuqtira olmadik. U shoir bo‘lib qanday tafakkur qilsa, darslarda domla, ma’ruzachi maqomida ham shunday “sayrab” yuborardi…”[8]
Najmiddin Komilov esa bunday deb yozadilar: “Oddiy muloqotda andak duduqlanib, tez-tez gapiradigan Tilak ma’ruzada yayrab gapirar, ajabtovur bir yengillik bilan tinglovchilarga murakkab ilmiy muammolarni tushuntirib berardi”[9].
…Bir kuni mahallada ko‘rishib qoldik.
– “Shaqu”da she’rlarim chiqdi, o‘qidizmi? – dedilar.
– She’rlaringiz qayerda chiqdi? – deb so‘radim.
– “Shaqu”da!
– “Shaqu”da? – deb qaytarib so‘radim.
– Hovva, “Shaqu”da, “Sharq yulduzi”da-da…
Tilak aka ko‘ngil odami edilar. Bu ko‘ngil ko‘p ezgu narsalarni istar edi. Shoirning G‘aybulla as-Salomga bag‘ishlangan “She’riyat” sarlavhali she’rida:
Ikki dunyo yetolmas ko‘ngildagi tilakka, –
degan ajib misra bor. Bu sohibi qalam ijodi bilan to‘liq tanishgan kishi uning ko‘nglidagi bu tilak aynan nimalardan iborat ekanini bilib oladi, albatta.
Umrining so‘nggi kunlarida do‘stlari Toshkentdan borib, televideniye uchun she’r o‘qitishdi. She’r o‘qiy-o‘qiy, oxiri charchadilar, chog‘i, kutilmaganda: “Qolganini qirda aytaman”, – dedilar. Shu joyi ham efirga uzatildi.
Shoir tug‘ilib o‘sgan Sayot qishlog‘ida qabristonni “qir” deyishar ekan. Chunki temir yo‘lning narigi tomonidagi qirni mozor uchun tanlashgan ekan-da. Shuning ta’sirida 2009 yili “Tilak Jo‘raning so‘nggi tilagi” degan quyidagi to‘rtlik qog‘ozga tushgan edi:
Qirda – mozor, otam yotibdi,
Borsam, ortga qanday qaytaman?
She’r bo‘g‘zimga tiqildi oxir,
Qolganini qirda aytaman.
2015 yili esa Tilak Jo‘raning o‘g‘illari – Orifjonga bag‘ishlangan “Zurriyot” to‘rtligi bitildi:
Tilak Jo‘ra o‘lgan emas, o‘g‘li – Orifjon
Qo‘riqlaydi kitoblari – qo‘ralarini.
Buxoroda – jismi, ruhi doim – Toshkentda,
Zurriyoti so‘rab turar jo‘ralarini.
Kamina ham Tilak aka ishlagan ana shu Jurnalistika fakultetida o‘qiganman. Shu kafedraning shogirdiman. Dissertatsiyamga Najmiddin Komilov ilmiy rahbar, G‘aybulla as-Salom esa ilmiy maslahatchi bo‘lganlar. Shoir deganda dastlab ko‘z oldimga Tilak Jo‘ra keladilar. Chunki shoirlardan bu kishidan yaqinroq tanishim yo‘q edi.
Keyinchalik Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida bu foniy dunyo ne’matlaridan batamom voz kechgan ko‘p darveshlar haqida o‘qidim. O‘qish – boshqa, ko‘rish – boshqa. O‘sha buyuk shayxlarning dunyodan voz kechish darajasi bo‘lsa, Tilak Jo‘rachalik bo‘lgandir, deb o‘ylayman ba’zan. Axir, ijodda bir darajaga erishish uchun nimalardandir voz kechish kerak-da. Busiz hech imkoni yo‘q.
Tilak aka bu hayotning ustidan kulib yashadilar. Ming afsuski, ba’zan hayot ham u kishidan binoyigina o‘ch oldi, chamamda. O‘zlarining 47 yillik umrlari mobaynida u kishi bilganlar xotirasida abadiy qoldilar. Ko‘plab muxlislar orttirdilar. Hozir ham matbuotda u kishining she’r, maqola yoki tarjimalari bosilsa, katta qiziqish bilan o‘qiladi.
Bir ijodkor baxti bo‘lsa, shuncha bo‘lar-da.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 5-son
[1] As-Salom G‘.Tilak, Tilagim // “Buxoro mavjlari”, 2016 yil, 2–3-son. 12-bet.
[2] Komilov N. Umidlari ko‘p edi // “Buxoro mavjlari”, 2016 yil, 2–3-son. 14-bet.
[3] Komilov N. Eslatilgan maqola, 15-bet.
[4] Komilov N. Eslatilgan maqola, o‘sha bet.
[5] Yusuf M. Saylanma. –T.: “Sharq”, 2005. 95-bet. Bundan keyingi shu nashrdan olingan parchalarning sahifasi qavsda berib boriladi.
[6] Yusuf M. Xokisor yulduzlar turkumi bor // “Buxoro mavjlari”, 2016 yil, 2–3-son. 19-bet.
[7] As-Salom G‘. Eslatilgan maqola, 11-bet.
[8] As-Salom. Eslatilgan maqola, 9-bet.
[9] Komilov N. Eslatilgan maqola, 14-bet.