Saxiylik — hammaga ma’lumki, xasislik illatining aksi, aniqrog‘i, kishining o‘zida borini birovdan ayamasligiga asoslangan fazilat. Lekin bu juda umumiy, o‘ta mavhum tushuncha. Axir, bunda kursisidan foydalanib, yaqinlariga mansab ulashayotgan to‘ra, “Bir davru davronim kelsa kelibdi-da”, deb urug‘-aymog‘ini g‘alla bilan siylayotgan ombor mudiri, savodsiz bo‘lsa ham, “jiyancha”sini o‘qishga joylab qo‘yish ketidan yelib-yugurib yurgan mudarris, boringki, ko‘ngli bo‘shligini bahona qilib, jismini erkaklardan darig‘ tutmayotgan ayol saxovatli bo‘lib chiqmaydimi?
Demak, “yaxshilik” tushunchasi ham o‘ta nisbiy, uning tarkibiga kiruvchi “saxovat” degan kalimaning ham bir ilmiy, xolis ta’rifi bo‘lishi kerak ekan. Toki biz oqni qoraga qorishtirib tashlamaylig-u, gumrohligimizga chek qo‘yaylik. Chunki ezgulikning millati yo‘q. “Menga yaxshimi — yaxshi, menga yomonmi — yomon”, degan xavfli tasavvur shu qadar ommalashib boryaptiki, shu ketishda, Xudo ko‘rsatmasin, o‘z manfaatimizga xizmat qiladigan har qanday yomonlikni ham ezgulik sanab qolmasak edi…
Shuning uchun ham islomda har bir masalaga o‘ta aniq va muayyan ta’rif berilgan. Insonning sharoit tarozisida tortib bo‘lmaydigan biron-bir faoliyati, a’moli, xatti-harakati yo‘q. Bu tarozining nomi “amru nahy”. Amr — Ollohning buyruqlarini bajarish, nahy esa Tangri taqiqlagan ishlarga qo‘l urmaslik. Jo‘ja kuzda sanalgani kabi, bu tarozining aniq hisob-kitobi qiyomat kuni ma’lum bo‘ladi. Demak, ko‘nglida iymoni bor banda o‘tkinchi bu dunyodagi har bir qadamini bilib bosishga hukm etilgan. Buni unutganlarda esa, gunohga botish xavfi ko‘payadi.
Ollohning amru nahyiga amal qilgan zotlarda ko‘p fazilatlar kamol topadi. Saxovat ham ana shunday — insonning insonligini baland ko‘taradigan, chin odamga yarashadigan xislat.
Insoniy barkamollikning boshqa barcha belgilari kabi, saxovat ham o‘tmish adabiyotimizda bosh axloqiy mavzulardan biri bo‘lib kelgan. Xususan, Alisher Navoiy ijodida buning mukammal badiiy talqinlariga duch kelamiz. Eng muhimi, shoir saxovatni islomiy yo‘lda tushuntirib beradi, uni bevosita iymon bilan bog‘laydi.
“Hayrat ul-abror” dostonining yigirma maqolatidan biri — beshinchisi aynan ana shu karam vasfi va saxo ta’rifiga bag‘ishlangan. “Karam” va “saxo” , ya’ni “saxovat” yoxud “saxiylik” o‘zaro ma’nodosh so‘zlar hisoblanadi.
Navoiy nazdida saxovat ham — avvalo, Ollohga shukronalik qilishning bir belgisi. Modomiki, karam bilan saxoni Egamning o‘zi bandasiga ravo ko‘ribdimi, buning shukronasi bo‘lishi, ya’ni baxillik qilmaslik kerak-da.
Biroq saxovat shunday nozik narsaki, kishi hushyor bo‘lmasa, saxiylik deb qilgan a’moli baxillik hisobiga o‘tib ketishi hech gap emas. Shoir saxovatni yaltiroq dur, ya’ni duri serobga o‘xshatadi. O‘quvchilariga uni xor qilib, baxillar safiga o‘tib qolmaslikni uqtiradi. Navoiyning fikricha, saxiylik deb, isrofga yo‘l qo‘yishning baxillikdan hech farqi yo‘q:
Necha saxo ashrafi avsofdur,
Mufti agar aylasang isrofdur.
Xo‘sh, isrof deganda nima ko‘zda tutilyapti?
Xudo senga saxiylik qilish uchun imkon yaratib berdimi, endi sen aynan kim himmat aylashingga muhtoj ekanini yaxshi bilishing kerak.
Agar kimki nom qozonish uchungina gavhar sochayotgan bo‘lsa, undan baxillik yaxshiroq, chunki bu yo mast-alast kishining yo bir aqldan ozgan jinnining ishi.
Binobarin, Navoiy nazarida ham oltin — ko‘p aziz narsa, lekin undan oyoqni band qilish uchun kishan yasalgan bo‘lsa, kimga keragi bor?!
Demak, saxiylik qilaman deb isrofga yo‘l qo‘yish — gunoh. Chunki, axir, garchi boylik sizning qo‘lingizda, inon-ixtiyoringizda bo‘lsa ham, unga umumbashariyatning, ochiqroq aytganda, Ollohning insonlar uchun in’om etgan mulki, deb qarash kerak. Shu sabab nom chiqarish uchun pala-partish xarajat qilish, noo‘rin isrofga yo‘l qo‘yishdan ko‘ra baxillik foydaliroq, chunki, hatto, baxilning qo‘lidagi boylikdan hali boshqalarga foydasi tegishini umid qilsa bo‘ladi. Isrof etilgan boylik esa havoga sovrilib bo‘ldi.
Shu tariqa shoir hayotdagi o‘zini saxiy sanagan birinchi toifani ta’riflab, ular yo‘lining xatoligini ko‘rsatib berdi.
O‘zini saxiy sanagan ikkinchi toifa ham bor. Ular isrofchi ham emas. Lekin bundaylar o‘zi shundoq ham qorni to‘q bo‘lganlarga dasturxon yozadilar, to‘nga zor yupun-yalang‘ochlar qolib, boylarga chopon kiydiradi, yuz yilqisi borga — ot, yuz ziragi borga — kumush taqdim etadi:
Oni dog‘i dema saxokim, kishi –
Nechaki isrof emasdur ishi.
…Yoyar anga supraki, ul och emas,
Berur anga to‘nki, yalang‘och emas.
Ot anga tortarki, yuz ilqisi bor,
Siym anga berurki, yuz ilg‘isi bor.
Bundaylar xuddi la’lning koni bo‘lmish Badaxshonga — la’l, ziraning makoni bo‘lmish — Kirmonga zira yuborgandek, quyosh nuriga foydasi tegsin deb, kuppa-kunduz kuni sham yoqqandek, qurib-qaqshab yotgan boqqa yog‘may, suvni shundoq ham qor bag‘rida yotgan toqqa to‘kkan bulutdek ish qiladi.
Demak, och qolib to‘qqa, muhtoj qolib boyga qayishadigan saxiyning himmati ham himmat emas!
O‘zini saxiy sanaydigan uchinchi guruh kishilar ham bor. Ular saxovat qilib, birovga, aytaylik, elga to‘y-tomosha qilib berish uchun nuqul tamagirlik payida bo‘ladilar. Ular xalqning qo‘lidagi boylikka ko‘z olaytirgan kimsalar. Bundaylar nimaiki ko‘rsa, undan xomtama, o‘sha o‘ljani qo‘lga kiritish uchun ming maqomga tushadi — zulmu zo‘ravonlik ham qiladi, boshqa birovlarni o‘rtaga qo‘yadi, shirin va’dalar beradi, turli dalillar keltiradi, xullas, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, birovdan nimadir undirish dardida yonadi.
Bu qanday saxovat bo‘lsinki, birovga himmat qilaman deb ikkinchi birovning moliga ko‘z olaytirilsa! Faqat elu ulus molini qo‘lga kiritish yo‘li bilan boylik to‘plab, uni xalqqa bermoqdan ne ma’ni. Bunday odam xuddi bir quduq qazib, uning tuprog‘ini qayerga tashlashni bilmay, yana ikkinchi quduq qazayotgan beaql kishiga o‘xshaydi. Isrofchining, och qolib to‘qqa berganning “saxovat”i qanchalik bema’ni bo‘lsa, Navoiy nazdida birovga berish uchun boshqadan olishga mukkasidan ketgan “saxovatchi” ham jamiyatning bir marazi hisoblanadi:
Olmoq erur qasd anga bermak g‘araz,
Bu ham ul ikkidek erur bir maraz.
Chunki bu yo‘l bilan mol-mulk yig‘ib, elga berish saxiylik hisobiga o‘tmaydi, uning olishi — koni ziyon, lekin, qiziqki, bermagidan ham biron foyda yo‘q.
O‘zini saxiy sanagan to‘rtinchi bir guruh kishilar ham borki, ular faqat birov yalinib so‘rasagina, himmat qiladilar:
Oni dog‘i dema saxiykim, kishi —
To tilamas, bermak emasdur ishi.
So‘ragan muhtojgagina yordam berish xuddi o‘tni majburlab, uning taftida temir bilan toshni mumdek eritishga o‘xshaydi.
So‘ramasa, birovga biror narsasini bermaydigan “saxiy”lar haqida xalq ham tilimizda boplab muhrlab qo‘yilgan hukmini aytgan: “So‘rab berguncha urib ber!”
Qiziq bir hol: u ham saxiy bo‘lmasa, bu ham saxiy bo‘lmasa, insof bilan ayting, kim saxiy o‘zi? Saxovatning bulardan boshqa turi ham bormi?
Shunday turi borki…
Eng qizig‘i, bunday saxiylik uchun mol-dunyoga ega bo‘lish sira shart emas! Bunday odam ahvoli qanday, ya’ni yaxshimi yo yomon, boymi yo kambag‘al bo‘lishidan qat’i nazar, u molu mansab ta’ma etishdan yiroq.
Chunki banday odamda q a n o a t, demakki, Olloh amriga itoat qilish bor:
Har neki haq bersa, qanoat qilur,
Ham neki amr etmish itoat qilur.
Agar uning qo‘lida biror narsa bo‘lsa-yu, boshqa bir qo‘li qisqaning unga muhtojligini bilsa, undan borini ayamaydi.
Uning saxiyligi shundaki, dengizdek bir boylikka ko‘zi tushsa ham, undan biror tomchi xomtama bo‘lmaydi, qo‘lida malhami bo‘lsa-yu, yara ko‘rsa, uni ayab o‘tirmaydi. Muhimi, muhtojni ko‘rsa, u hali so‘rab ulgurmasidan o‘zida borini unga beradi. Chunki bunday kishining ongida bir zo‘r tushuncha bor — u qo‘lidagi molni o‘ziniki emas, Ollohniki deb biladi va shuning uchun uning eng kerakli o‘rnida ishlatilishini qonuniy hisoblaydi, boshqaning ahvolini oshufta ko‘rsa, bor-budini berib bo‘lsa ham, uning dardiga malham bo‘ladi:
Ulcha ko‘rar ilgida haq molini,
Anglag‘ach oshufta birov holini.
Sarf qilur sud ila sarmoyasin,
Toki qilur hosil aning voyasin.
Yana bir muhim jihat: bu odam yaxshiligini sira-sira minnat qilmaydi.
Shu tasvirlardan keyin shoir saxovat ko‘chasida adashib yurgan, baxillikdan beshbattar ishlarini ham saxiylik hisoblaydigan millatdoshlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etadi va aytadiki, bugun gulni g‘unchadek tugma, chunki qiyomat kuni, baribir, uni ochishga to‘g‘ri keladi, axir, sadaf ming baxillik qilgani bilan, uning ko‘ksini yorib, ichidagi durni oladilar-ku.
Charx oltindek porloq quyoshni berkitgani uchun ham kechqurun jahon uning yuzini qora qilib tashlaydi. Quyoshning o‘zini oling. U kunduzi yulduzlar tangachalarini berkitib turgani uchun osmon kechga borib uning o‘zini yerga ko‘madi.
Shunday ekanmi, bu dunyoda xasislik qilishning hech keragi yo‘q. Hatto ko‘milgan xazinani qo‘riqlab yotgan ajdaho bo‘lsang ham, deydi shoir, bilgilki, bu asraganning ganji xun bahosi bo‘lib ketmasin tag‘in. Falak Bahromi bir kuni kutilmaganda kelib, seni qatl etadi-yu, berkitganing boyligingni oladi.
Shuning uchun o‘z qoningga qo‘l yuvishning, o‘z joningga qasd qilishning ne ma’nosi bor?
Shunday ekan, xazinang eshigini och, boyliklaringni olib soch-u, lekin o‘z o‘rniga soch. Demak, boylikni o‘z o‘rniga mos ravishda sarflashgina — saxovat! Shu sabab, toki tirik ekansan, saxovat urug‘ini ek! Chunki bugun nima eksang, ertaga — tongla, ya’ni qiyomat kuni o‘sha ekkaningni o‘rasan:
Ne bu kun ekilsa, bu maqbul erur, —
Kim anga tongla kuni mahsul erur.
Lekin gap nimani ekishda. Ekinning ham turi ko‘p. Eng yaxshi ekin esa — judu saxovat. Saxovatning eng zo‘ri esa — ta’ma qilmaslik.
Xo‘sh, dunyodagi eng karamli, ya’ni saxovatli zot kim?
Karam duriga daryo bo‘lgan bu zotni odamlar “Asadulloh” der edilar. Otiga saxovu karam xatm bo‘lgan bu zot: “Karam diram, ya’ni pul berish emas, balki talab nimaligini bilmaslik, boshqacha aytganda, birovning qo‘lida pul ko‘rsa, undan ta’ma qilmaslikdan iborat”, — deb aytgan:
Xatm o‘lub otig‘a saxovu karam,
Dedi: “Karam — bermak emastur diram.
Anda karamdurki, talab bilmagay,
Kimda diram bilsa, tama’ qilmagay”.
Ana shu tasvirlardan keyin Navoiy mashhur hotami Toy va o‘tinchi chol haqidagi rivoyatni keltiradi. Bu hikoyatni esa bugun kamdan-kam kishigina bilmasligi mumkin, xolos.
Mazmuni shundan iboratki, o‘tinchi chol hotam Toyning tekin, lekin minnatli ziyofatidan halol mehnat qilib, o‘tin terib, uning puliga kun o‘tkazishni ming bora afzal biladi.
Bu hikmatning mohiyatiga yetish uchun inson chinakamiga inson bo‘lishi kerak.
“Mehr va muruvvat yili”da har kim bu hikmatning mag‘zini chaqsa, qani edi!..
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 5-sonidan olindi.