Sirli bir muhabbat (Shota Rustaveli va Malika Tamar)

1. Ulug‘ Shota Rustaveli haqida afsona

Gruzin shoiri Shota Rustavelining hayoti haqida ishonchli ma’lumotlar juda kam. Hatto, uning tug‘ilgan va vafot etgan sanasi ham ma’lum emas. Aslida Shota Rustaveli chindan ham bo‘lganmi-yo‘qmi, degan shubhali qarashlar ham yo‘q emas.

Shoir haqidagi asosiy manba – malika Tamar va uning eri hukmdor David Soslanga bag‘ishlangan dostonidir. Doston 1180-yildan keyin, 1210-yildan avvalroq yaratilgan. Shundan Rustaveli 1160–1170 yillar oralig‘ida tug‘ilgan, degan taxmin yuzaga keladi.

Bu davrlar gruzin davlatining qudrati oshgan, madaniy hayoti gullab-yashnagan payt edi. Podsho David Bunyodkor davrida boshlanib, yuz yildan beri davom etib kelayotgan chegaralarni mustahkamlash va kengaytirish, davlat xo‘jalik holatini yaxshilash ishlari malika Tamar hukmronligi davrida nihoyasiga yetdi. Salb yurishlari natijasida g‘ayridin dunyosining hujumlaridan qutilib olgan Gruziya XII asrlarda o‘zi yurish boshlab, qo‘shni davlatlar hisobiga sharqu g‘arb xududlarini kengaytirdi.

Malikaning ikkinchi eri David Soslan juda tashabbuskor odam edi. Tamar va Davidning birgalikdagi boshqaruvi davrida Gruziya yuksak darajada farovonlikka erishdi. Qishloq xo‘jaligi rivojlandi, yo‘llar va ko‘priklar qurildi, ibodatxonalar va qal’alar qad ko‘tardi, san’at sohasi qo‘llab-quvvatlandi. G‘alabali yurishlarda orttirilgan boyliklar hukmron sinf vakillarining dabdabali hayot uchun intilishlarini kuchaytirdi. “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostoni xuddi shunday sharoitlarda paydo bo‘ldi.

Dostonning muqaddimasida ikki marta uning muallifi – Rustaveli (Rustveli) tilga olinadi, u “Rustavidagi mulk egasi” yoki “Rustavilik” degan ma’noni anglatadi. Bunday nomlanuvchi joylar Kavkazda bir qancha. Rasmiy adabiyotlarda Shotaning vatani Mesxeti yonidagi Rustavi manzili deb yuritiladi va buning dalili sifatida dostondan quyidagi jumla keltiriladi: “Var vinme Mesxi Melekse, Me Rustavelisad Amisa”. Boshqa birovlar Shotaning vatanini Sxinvali yaqinidagi Rustav qishlog‘i deydi. Biroq mutaxassislar buni ham, Tbilisidan sharqda joylashgan Ereti manzilidagi Rustavini ham buyuk shoirning vatani ekanini rad etishadi.

Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, shoir boshlang‘ich ta’limni dastavval vatani Gruziyada, Gelat yoki Ikalto akademiyasida olgan, keyinchalik ko‘plab gruzinlar tahsil olgan Yunonistonda – Afina yoki Olimp tog‘laridagi o‘quv dargohlarida davom ettirgan.

Shota Rustaveli malika Tamar davlatida saroy xazinaboni bo‘lgan, deb hisoblanadi (1190 yilga tegishli bir hujjatga uning qo‘ygan imzosi saqlanib qolgan).

Shota Rustaveli dunyo bo‘ylab ko‘p sayohat qilgan, degan taxminlar bor. Bu uning dostonidagi voqealardan sezilib turadi.

U keksaygan chog‘ida malika Tamarning ko‘rsatmasi bilan Falastinga yo‘l oladi va o‘sha yerda olamdan o‘tadi. Rustaveli Quddusi Sharifdagi Sulton Salohiddin tomonidan buzib tashlangan “muqaddas Xoch” monastirini tiklashda ishtirok etadi. Monastirga V asrdayoq gruzinlar tomonidan asos solingan bo‘lib, bir necha asrlar davomida Yaqin Sharqdagi ma’rifat markazlaridan biri hisoblangan. Monastir ustunlarining birida minnatdorlik ramzi sifatida Shotaning qizil kiyimdagi surati tasvirlangan, oldida eski gruzin tilida “Rustaveli” degan yozuvi ham bor. Aynan mana shu tasvir buyuk shoir shu yerda yashagan va dafn etilgan, degan taxminga sabab bo‘lgan.

Xalq xotirasida saqlanib qolgan afsonalarda esa Rustaveli hayotining so‘nggi yillari boshqacha talqin qilinadi. Afsonaga ko‘ra, malikani sevib qolgan shoir o‘z xohishi bilan Quddusga ketadi, “muqaddas Xoch” monastirining hujralaridan biriga joylashib yashab qoladi, vaqt o‘tib, o‘sha yerda vafot etadi.

Aytganday, Shota Rustavelining kelib chiqishi, hayoti va taqdirining osetincha talqini ham mavjud. Gruzinlar bu talqinni qat’iyan rad etishadi va uni ilmiy asosga ega emas, deb hisoblaydilar.

Osetinlarning ta’kidlashicha, go‘yo “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” poemasining muallifi – Tamarning ikkinchi eri, osetin David Soslandir.

Soslanning kelib chiqishiga oid bahs-munozaralar, asosan, gruzin tarixchilari tomonidan hanuzgacha davom etib kelmoqda, ular malika Tamarning turmush o‘rtog‘i podsholar urug‘idan emasligiga sira toqat qilolmaydilar. Gap shundaki, u zamonlarda osetinlarda umuman podsho bo‘lmagan.

Ba’zan, bu borada o‘zaro murosa yo‘llarini ham izlashgan. Ba’zi tadqiqotchilar go‘yo Tamarning ikkinchi eri bo‘lg‘usi malikaning ota­si, podsho Georgiyning saroyida tarbiyalangan, degan fikrni ilgari sursa, boshqalari Soslan osetin podshosining o‘g‘li, Osetiyada til o‘rgangan, ilm olgan, chunki u paytlar Osetiya Kavkazning madaniy va ilmiy markazi bo‘lgan, degan xulosani isbotlamoqchi bo‘ladilar. Undan tashqari, Rustaveli tug‘ilishidan ancha oldin, Osetiyaga Bagrationlar oila a’zolari ko‘chib o‘tishgan, David Soslan aynan o‘shalarning avlodidan, degan mulohazalar ham mavjud.

Shota degan ism Rustaveligacha Gruziyada bo‘lmagan. Shunga asoslangan osetin tadqiqotchilari Shota ismi taxallusdir, u Soslan (Shoshlan) va Tamar ismlarining bosh bo‘g‘inidan kelib chiqqan: ShO + TA = ShOTA degan fikrni ilgari suradilar. Soslan ismi hozir ham Shimoliy Osetiyada “Sh” bilan talaffuz qilinadi. Rustaveli familiyasini esa yanada ajoyib talqin qilishadi. Malikaning birinchi turmush o‘rtog‘i Andrey Bogolyubskiyning o‘g‘li knyaz Georgiy bo‘lgan. Gruziyada uni Rus Georgiysi deb atashgan. U mamlakatdan badarg‘a qilingan bo‘lsa-da, taxtni qayta egallash uchun harakat qilgan. Go‘yo, ayni taxt uchun kurash pallasida ushbu doston dunyoga kelgan va shuning uchun familiya-taxallus quyidagicha talqin qilinishi kerak: rust (rusebs, ya’ni “ruslarni”) + velit ( velodebit, ya’ni “kutayapmiz”). Ushbu so‘zlar birikkanda “Soslan va Tamara Gruziyaga bostirib kelayotgan ruslarni kutishyapti, dushman esa jazolanadi”, degan ma’noni anglatar emish.

Shota Rustaveli qalamiga mansub bo‘lgan asar aynan hozirgi kundagi shaklda bo‘lganmi-yo‘qmi, degan shubhalar ham mavjud. Asar voqealari dastlab nasrda yoki jo‘n she’riy shakl­da yozilgan, keyinchalik uni Soslan saroy shoiri Mesxi Meleksga topshirib, mukammal holga keltirishni buyurgan, degan taxminlar ham bor. Mesxi mohir qalam sohibi bo‘lib, falsafani o‘rgangan, shuningdek u go‘zal dostonlar yaratilgan musulmon dunyosi she’riyatidan ham xabardor edi.

David Soslan Gruziyada vafot etgan, qabri esa Osetiyada, Nuzal qishlog‘ida.

Malika Tamar eri vafotidan so‘ng yetti yil umr ko‘rgan. U 1213 yilda olamdan o‘tadi. Malika o‘zini Gruziyadagi qaysidir biror monastirga dafn etishlarini istamasdi. U qachonlardir, ba’zi gruzin didebulilari (mansabdorlar) uning qabrini ochib, tahqirlashlari mumkinligini bilardi. Shuning uchun ham malikani yashirincha ko‘mishadi, uning qabri qayerda joylashganligi shu kungacha noma’lum.

“Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostoni o‘rta asrlardagi Kavkazning eng mashhur asarlaridan bo‘lgan. Poemaning bizgacha faqat keyingi asrlarda ko‘chirilgan nusxalari yetib kelgan, uning alohida bandlari XIV–XV asr qo‘lyozmalarida uchraydi, ikki to‘rtligi Janubiy Gruziyadagi Vani monastiri devorlariga ham yozilgan. Asarning birinchi to‘liq shakli 1646 yil sanasi bilan belgilangan. Dostonning noma’lum muallif tomonidan yozilgan “Omaniani” deb nomlangan davomi o‘rta asrlarda yozilgan.

“Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostonining qadimiy nusxalari yo‘q. Bu Gruziya tashqi bosqinchilarning ko‘plab hujumiga muntazam uchrab kelgani, ko‘p savodli odamlarning nobud bo‘lganligi, mol-mulklar talon-taroj qilinganligi bilan izohlanadi. Bundan tashqari, Rustavelining buyuk asari gruzin dindorlari tomonidan nasroniy diniga qarshi asar sifatida ta’qib qilingan. Shu bois, asarning matn­lari ataylab izlab topilib, qo‘lga kiritilib, yoqib yuborilgan.

Rustaveli o‘z zamonasida mashhur shaxslardan bo‘lmagan, bu o‘z-o‘zidan ayon. Aks holda, uning nomi o‘sha davrning tarixiy solnomalarida qayd etilgan bo‘lardi. Chinakam shon-shuhrat shoirga o‘limidan ko‘p yillar o‘tib keldi.

Yaqinda Quddusi Sharifdagi “Muqaddas Xoch” monastirida buyuk shoirning tasviri tushirilgan noyob freska butunlay barbod bo‘ldi. Ushbu surat va yozuv Gruziyadan keladigan ziyoratchilar va sayohatchilarga ma’lum edi. 1960 yilda gruzin ilmiy ekspeditsiyasi tomonidan monastirdagi bo‘yoq surtilgan surat tozalandi va restavratsiya qilingan edi. Endi Rustavelining siymosi faqatgina arxiv videomateriallaridagina saqlanib qoldi…

2. Ulug‘ Malika Tamar haqida afsona

Gruziyaning buyuk malikasi Tamarning aniq tug‘ilgan yili noma’lum. Tarixchilarning taxminiga ko‘ra, u 1165 yilda dunyoga kelgan.

Bo‘lg‘usi malikaning onasi erta olamdan o‘tib, yosh qizcha xolasi Rusudan qo‘lida tarbiyalangan. U yaxshi ta’lim-tarbiya olgan, ayollik fazilatlarini egallashga, kuchli va sabr-toqatli bo‘lishga intilgan.

U hali yigirma yoshga to‘lmasdan otasi – podsho Georgiy III, o‘limi yaqinlashib qolganini oldindan sezib, yolg‘iz qiziga saltanat tojini kiydiradi. Bu Gruziya tarixida taxtga chiqqan birinchi ayol podsho edi.

Ko‘p o‘tmay otasi olamdan o‘tadi va Malika Tamar mamlakatni mustaqil boshqara boshlaydi. Tamar buni shijoat va adolat bilan amalga oshirib, o‘z xalqining hurmatini qozonadi. Tez orada yosh va oqila malikaning ovozasi qo‘shni davlatlarga ham tarqaladi.

Tamar go‘zal va latofatli qiz edi. Qaddi-qomati tik, bo‘y-basti kelishgan, qora ko‘zlari ma’noga to‘la, mag‘rur va viqorli ko‘rinardi. Malika haqida, “hukmdorlarga xos o‘tkir mushohadali, shirinsuhan, quvnoq va andishali”, degan gaplar yurardi.

Yosh malikaning fazilatlari haqida olamda turli gap-so‘zlar yurar, Vizantiya shahzodalari, Suriya sultonlari va Fors shohlari uning qo‘lini so‘rab odam yuborardi. Unga sevgi izhor qilgan va o‘z boyliklarini oyoq ostiga tashlashga tayyor oshiqlarning son-sanog‘i yo‘q edi. Ammo, u ulug‘ rus knyazi Andrey Bogolyubskiyning o‘g‘liga turmushga chiqishga rozilik beradi. Bu nikoh faqat siyosiy maqsadlarni ko‘zlab tuzilgani uchun malika umr yo‘ldoshiga nisbatan hech qanday his-tuyg‘uni sezmagan edi. To‘y 1188 yilda bo‘lib o‘tdi, ammo bu nikoh yosh malika uchun ro‘shnolik keltirmadi. Ikki yil mobaynida u erining mayxo‘rligi, buzuqliklariga, hatto kaltaklariga ham chidab keldi. Oxir-oqibat, eri bilan ajrashishga qaror qilib, uni Gruziyani tark etishga majbur qiladi. Haqoratlangan va g‘azabi qo‘zigan knyaz Quddusi Sharif tomon yo‘l oladi va katta qo‘shin to‘plab Gruziya Malikasiga qarshi urush e’lon qiladi. Biroq Yuriy muhorabada yengilib, sharmanda bo‘ladi.

Malika Tamar davrida Gruziya davlati gullab-yashnadi va o‘z davrining eng boy mamlakatlaridan biriga aylandi. Hukmdor ayol haqida odamlar afsonalar to‘qishardi, uning go‘zalligi, oliyhimmatliligi va donoligini madh etishardi. Zamondoshlari uni malika (“dedopali”) deb emas, podsho (“mepe”) deb atashardi. U ko‘plab qal’alar, yo‘llar, kemalar va maktablar qurdirdi. Eng mashhur olimlar, shoirlar, faylasuf, tarixchi va din peshvolarini o‘z saroyida to‘plardi. Shu zaylda, kunlardan bir kun uning saroyiga buyuk Shota Rustaveli kirib keladi.

Shoir Rustavida tug‘ilgan va dastlab Gruziya monastirlarida, so‘ngra Afinada taxsil olgandi. Aytishlaricha, u malikani ko‘rgan zahotiyoq oshiq bo‘lib qolgan. Ba’zilar Malika Tamar shoirning muhabbatiga javoban uning ma’shuqasiga aylangan, degan fikrga ham kelishgan. Biroq, boshqa manbalarda, uning muhabbatiga erisha olmagan shoir o‘z malikasini yashirincha sevib-ardoqlagan, deyiladi.

Shota saroyda malikaning shaxsiy xazinaboniga aylandi. Lekin shoir moliyaviy masalalardan ham ko‘ra ko‘proq malika Tamarni o‘z dostonida madh etish istagi bilan yonardi. Shu tariqa, uning qalamiga mansub “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostoni o‘rta asrlar adabiyotining asl durdona asarlari qatoridan joy oldi. Dostonda oshiq Shota muhabbat, do‘stlik, olijanob­lik va saxovatning yuksak namunalarini tarannum etdi. Ushbu yuksak fazilatlarning barchasini shoir o‘zining buyuk malikasida ko‘rardi.

Aytishlaricha, dostonning asosiy qahramoni – Nestan Darijanning prototipi aslida malika Tamardir. O‘z hissiyotini sir tutish va sevgisini shubha ostiga qo‘ymaslik uchun Rustaveli doston voqealarini Hindiston va Arabiston zaminiga ko‘chiradi. Ammo shoh asarning har bir satrida maftunkor malika Tamarning obrazi va baxtsiz shoirning javobsiz sevgiga bo‘lgan his-tuyg‘ulari ko‘zga tashlanib turadi.

Tamar uchun esa mamlakatni boshqaradigan voris to‘g‘risida o‘ylaydigan vaqt kelgandi. U sinalgan va bolalikdan tanish bo‘lgan odamga turmushga chiqishga qaror qiladi. Uning ikkinchi eri – jasur lashkarboshi, osetin knyazi Soslani bo‘lib, Gruziyada u David ismini olgandi. Olijanobligi va otashin muhabbati bilan u Tamarni baxtli qila oldi. To‘ydan bir yil o‘tib, malika o‘g‘il ko‘radi va unga Georgiy deb ism qo‘yadi. Yana bir yil o‘tib, qizi Rusudan tug‘iladi.

Shota Rustaveli endi Tamarni orzu qila olmasdi, shu sababli Gruziyani butunlay tark etishga qaror qiladi va Quddusi Sharifga yo‘l olib, Muqaddas Xoch monastirining rohibiga aylanadi.

Tamar 1212 yilning 18-yanvarida og‘ir xastalikdan vafot etadi. (Ba’zi manbalarda 1213 yil deb beriladi).Uni Gelatidagi shohlarning oilaviy xilxonasiga dafn qilishdi. Bir necha asrdan so‘ng, qiziquvchan odamlar uning sag‘anasini ochib ko‘radilar, lekin u yerdan malikaning xoki chiqmaydi.

Rivoyatlarga ko‘ra, buyuk xukmdor umrining so‘nggi kunlarida uni dafn etiladigan qabrni sir saqlashlarini buyurgan. Ko‘p yillar davomida uni mavh eta olmagan dushmanlari Tamarning qabrini tahqirlashlarini malika istamagan. Aftidan, uning xokini yashirincha monastirdan olib chiqib ketganlar va qayerga qo‘milganligi hozirgacha sir bo‘lib qolmoqda.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, malika Quddusi Sharifdagi qadimiy gruzin monastirida dafn etilgan, degan fikr­lar mavjud. Go‘yo malika hayotligida o‘sha monastirga borishni juda-juda istagan, ammo ko‘plab urushlar sababli bora olmagan, o‘limidan so‘ng xokini shu yoqqa olib borib, dafn qilishlarini vasiyat qilgan. “Tamar keyingi hayotida sadoqatli shoiri bilan birga bo‘lishni istagandir”, degan rivoyatlar ham bor.

Rustavelining o‘limi ham sirliligicha qolmoqda. Monastirning kichik hujrasida gruzin shoirining jasadi topilgan, uning o‘limiga sabab bo‘lgan qotil esa aniqlanmagan. Zamonlar o‘tib, Falastinda bir qariyaning surati tushirilgan freska topilgan. Taxminlarga ko‘ra, aynan shu suratda buyuk shoir Shota Rustaveli tasvirlangan. U bilan yonma-yon malika Tamar ham dafn etilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar ham mavjud.

Tamarning vafotidan so‘ng, Gruziyaning qudrati yo‘qola boshladi. Taraqqiyot davri tugab, mo‘g‘ul-tatar bosqinchilari zulmi boshlandi. Ke­yinchalik mamlakatni Turkiya egallab oladi.

Hozirgi kun xalq tasavvurida malika Tamar avliyolar qatoridan joy olgan. U haqida ko‘plab afsonalar to‘qilgan. Shularning birida aytilishicha, u tunda uchib kelib, bemorlarni og‘ir xastaliklardan davolar emish…

Abror Umarov tarjimasi

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 4-son

O‘xshash maqolalar: