To‘xtasin Jalolov XX asrda yashagan, davrining fojialarini bir umr ruhida tashigan adib edi. U umid bilan qalam tutgandi, biroq zamon uning yoshligini Stalinning Uzoq Sharqdagi qatag‘on zindonlarida chiritdi, yigit yuragiga qattol davronning xo‘rlik va haqoratlari og‘usini to‘ldirdi… ammo qalamini sindirolmadi.
Zotan, To‘xtasin Jalolov 1909 yilda Marg‘ilonning Qoratepasida – bosqinchilarga qarshi o‘chli isyonlari bilan tarixiy shon qozongan Farg‘ona vodiysida tug‘ilib, yurtdoshlaridek sabotli va matonatli bo‘lib tarbiya topgan edi. U ilk saboqni maktabdor otasi mulla Jaloldan olgan, Yassaviy va Hofiz devonlarini o‘qib, adabiyotga havasmand bo‘lib ulg‘aygan. Oiladagi yetishmovchilik bois uni onasining yurti Shahrixonga, bobosining uyiga olib ketishadi va bolalik yillari shu yerda kechadi. Besh yil eski maktabda o‘qiydi. 1925 yilda Farg‘onadagi pedkursni bitirib, besh yil Shahrixon tumanida o‘qituvchilik qiladi. 1930–1933 yillarda Samarqanddagi pedakademiyada tahsil oladi. 1936 yilda Maorif komissarligi tomonidan Toshkentga chaqiriladi, maorif sohasida ishlaydi, kechki institutni ham bitiradi va oliy ta’lim o‘quv yurtlarida dars beradi. Navoiy yubileyiga tayyorgarlik ishlariga va so‘ngra “Qizil O‘zbekiston” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasiga taklif etiladi, 1938 yildan 1941 yil 5 iyulgacha shu yerda xizmat qiladi…
Adibning 1941–1955 yillar orasidagi turmushi to‘g‘risida na o‘zi, na boshqalar mustaqillik davrigacha hech narsa demagan. Sababini endi aytish mumkin, albatta.
Men 1979 yilda, adib yetmish yoshga to‘lganida, O‘zbekiston radiosi adabiy-dramatik eshittirishlar tahririyatning muharriri sifatida adib bilan bir necha bor suhbatlashib, unga bag‘ishlangan eshittirish tayyorlagan edim. O‘sha yillarda qatag‘on qilingan shaxslar haqida matbuotda “tortinibroq” fikr yuritilardi, chunki “Sibirda o‘rmon kesgan” ijodkor xususida yozilarkan, istab-istamay uning umridagi muhim davrlar, boshidan kechirgan mojarolari borasida nimalardir deyish lozim bo‘lardi va ana shu “nimalardir” ba’zilarga yoqmasdi. Dorilfunundagi ustozlarim “jurnalist hayot haqiqatini aks ettirishi kerak” deya uqtirishgani uchun men ham shunga amal qilishga, kimlardir xush ko‘rmasa-da, haqsiz surgun azobini tortgan yurtdoshlarim to‘g‘risida yozishga tirishardim. To‘xtasin Jalolov yetmishga kirgani munosabati bilan eshittirish tayyorlash jarayonida adib bilan Eski Jo‘va bozori yuqorisidagi mahallaning tor ko‘chasida joylashgan yiqilay deb turgan uyida, so‘ngra ko‘chib o‘tgani – bozor pastidagi, shahar hokimiyati bergan to‘qqiz qavatli binodagi yangi xonadonida ham bir necha bor uchrashib, suhbatlashib, ovozini yozib oldim. Suhbat O‘zbekiston radiosida berildi, tinglovchilardan bir necha nafari, xususan, To‘xtasin Jalolov bilan nashriyotlarda birga ishlagan, uning fojiali hayotidan xabardor kasbdoshlari, taniqli tarjimon-muharrirlar bizga telefon qilib, eshittirishdan mamnun bo‘lganliklarini bildirib, rahmat aytishdi. Afsuski, matbuotda ularning qamalgani va bu mavzuga oid faktlarni yoritish keskin taqiqlangandi. Shaxsning qamoqdagi jahannamiy yillari – go‘yo u bu davrni yashamaganday – tarjimai holida aks etmasdi, uni istibdodning ko‘rinmas qora qo‘li o‘chirib tashlagandi. Shu bois To‘xtasin Jalolov haqidagi barcha yozuvlarda, hatto uning o‘zi yozgan “Hayotim yilnomasi”da ham 1940–1955 yillar orasidagi o‘n besh yillik zamon bo‘sh qoldirilgan.
Adib surgundan qaytgach, 1955–1972 yillarda juda sermahsul ijod qildi. “O‘zbek shoiralari” (1959), “Xamsa” talqinlari” (1960),”Pahlavon Mahmud” (1961), “Oltin qafas” (1962), “Bonu” (1963), “Yashasin tabassum” (1966) kabi kitoblari nashr bo‘ldi. Bu asarlar uning ilmiy va adabiy salohiyatini ko‘rsatgani kabi, shu yillarda bosilgan o‘nlarcha tarjima kitobi (ularning yettitasi roman) To‘xtasin Jalolovning zukko va mohir mutarjim ekanini namoyish etdi. Uning tarjimalari orasida Rabindranat Tagorning 28 asari – 23 ta hikoyasi, ikki she’ri, “Halokat”, “Ko‘zga tushgan cho‘p”, “Bibha sohili”, “Donishmand roja” romanlari, Sotim Ulug‘zodaning “Yoshligimiz tongi”, “Vose’” kabi ikki romani, “Gavhari shamchiroq” komediyasi, Sadriddin Ayniy “Esdaliklar”i (3-qismi), Vera Smirnova-Rakitinaning “Abu Ali ibn Sino qissasi” romani, “To‘tinoma”, Pahlavon Mahmud va Lohutiy ruboiylarining tarjimalari alohida o‘rin tutadi.
Bulardan tashqari, 1961 yilda nafaqaga chiqquniga qadar uning oltmishdan ortiq ilmiy maqolasi bosildi; o‘ttizdan ziyod kitobga muharrirlik qildi; Xorazmiy, Navoiy, Fuzuliy dostonlari uning so‘zboshisi bilan nashr etildi.
Qarang, birgina qalam egasi 1941–1955 yillar orasida o‘n besh yil surgunda yurib, nohaq azoblandi, erkidan va ijodidan mahrum etildi va qamoqdan qaytib, yurtida yashagan keyingi o‘n besh yil ichida o‘zbek adabiyotini boyitgan, xalqimiz ma’naviyatining yuksalishiga hissa qo‘shgan shuncha ilmiy, adabiy ishlarni amalga oshiribdi.
Domla uzun, tik bo‘yli, xipcha, qoracha yuzli, tiniq qora ko‘zlarining boqishidan, tovushidan mehribonligi va donishmandligi sezilib turadigan inson edi. Bugungi o‘quvchiga uning kimligini yanada yorqinroq tasavvur qilish uchun 1979 yilda O‘zbekiston radiosida eshittirilgan “Adib ijodxonasida” suhbatimiz yordam beradi deb o‘ylayman. Undan ayrim parchalar:
“O‘zbek kitobxonlari To‘xtasin Jalolovni adib va adabiyotshunos olim, o‘tmish g‘ubori ostida qolib ketgan o‘ttizdan ortiq o‘zbek shoiralarining kashfiyotchisi, mohir tarjimon va noshir sifatida yaxshi taniydilar. Men To‘xtasin Jalolov xonadonida bo‘lib, domlaning hayoti va ijodiga oid juda ko‘p manba bilan tanishdim. Agar mendan, bu odam kim, deb so‘ralsa, domla o‘zbek adabiyotining tolmas fidoyisi, professor Fitrat va Olim Sharafiddinovlarning sodiq shogirdi, o‘zbek shoiralarining eng birinchi, eng katta, eng bilimdon muxlisi va tadqiqotchisi, kamtarin adib, mohir tarjimon, sobit fikrli insondir, deb javob berardim.
“O‘zbek adabiyotining fidoyisi” degan iborani uning qalamiga mansub birgina kitobning o‘zi isbotlashi mumkin. Mana, “O‘zbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi” degan bu majmua 1941 yilda muhtaram Oybek domla va Porso Shamsiyevlar tahririda va muharrirligida nashr etilgan. Bir necha o‘n yil davomida oliy o‘quv yurtlarida adabiyot darsligi sifatida xizmat qilgan bu kitobga To‘xtasin Jalolovning O‘rxun yozuvlaridan tortib to Alisher Navoiy va Husayn Boyqarogacha bo‘lgan shoirlar xususidagi tadqiqotlari jamlangan. Avval o‘zbek adabiyoti tarixiga oid faqat professor Fitratning “O‘zbek adabiyoti namunalari” degan asari bo‘lib, unda asarlardan parchalar va shoirlarning she’rlaridan namunalargina bo‘lgan, xolos. Bu kitobdagi tadqiqotlar esa, bizni VIII asrdan XV asrgacha kechgan davr orasida yashagan ijodkorlarning adabiy merosi va hayoti bilan tanishtiradi.
Keyinroq bu kitobning ikkinchi jildini – o‘zbek adabiyoti tarixining XVI – XX asrlardagi davrini aks ettiruvchi qismini adabiyotshunos Olim Sharafiddinov yozdi. Har ikkala asar xalqimizga o‘z madaniyati va adabiyotini o‘rganishda juda katta xizmat qildi.
Domlaning kutubxonasida uning qalamiga mansub qirqdan ortiq kitob bilan tanishib chiqarkanman, haqiqatan ham, bu kishining ijodini to‘rtta katta ustun ko‘tarib turishiga amin bo‘ldim. Birinchisi “Xamsa” talqinlari”dir.
(Muallifning aytishicha, bu risola 1938 yilda yozilgan, 1938–1941 yillarda “Guliston”, “Yosh kuch” jurnallarida bosilgan. Olim asar muqaddimasidagi uch jumla bilan Alisher Navoiyning jahon adabiyotida tutgan o‘rnini ta’kidlay olgan: “Ulug‘ yozuvchilarning ijodiyoti uchun xarakterli bo‘lgan bir-ikki muhim asari bo‘ladikim, shu asarni chuqur tahlil etish bilan yozuvchi ijodining butun mohiyatini bayon qilish mumkin. Masalan, Gomerning “Iliada”si, Firdavsiyning “Shohnoma”si, Dantening “Ilohiy komediya”si, Shekspirning “Gamlet”i, Gyotening “Faust”i, Tolstoyning “Urush va tinchlik” romani shu xildagi asarlardan sanaladi. Ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy ijodining asosiy mohiyatini bayon qiluvchi eng muhim asarlaridan deb uning “Xamsa”sini ko‘rsatish mumkin”. (T. Jalolov. Nafosat olamida. – T., 1974 y., 3-b.). Muallifning bu yuksak tadqiqotida bugunda ham asqotadigan o‘rinlar ko‘p, shulardan ikkitasini ta’kidlash bilan cheklanmoqchimiz. O‘tgan asrda jahon she’riyati va undan ruschaga, o‘zbekchaga tarjima etilgan asarlar ta’sirida, xususan, keyingi o‘ttiz-qirq yil ichida bizda ham qofiyasiz she’rlar paydo bo‘ldi. Aslida-ku, she’rning bosh xususiyatlaridan biri ohang va uni qofiyasiz yaratish mumkin emas. To‘xtasin Jalolov ham bu asarida “qofiya bo‘lmas ekan, to‘laqonli poeziya ham bo‘lmaydi. “Xamsa”ni tashkil etgan 50 mingdan ortiq misrani qofiyaning zarrin libosi bilan bezash yengil ish emas. Biroq Alisher Navoiy bu mushkul ishni zo‘r mahorat bilan bajargan” (o‘sha kitob, 92-b.) deydi va fikrining isboti uchun qator misollar keltiradi. Bu – birinchi; ikkinchisi bu: muallif “Saddi Iskandariy”ni tahlil etarkan, “Navoiyning Iskandari Aleksandr Makedonskiyning tarixiy portreti emas”ligini o‘quvchiga tushuntirishda Aristotelning tarixchi “bo‘lib o‘tgan narsalarni”, yozuvchi esa “bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsalarni” yozishiga oid juda qadimgi va nodir nazariy fikrini keltiradi. Aytmoqchimizki, o‘z ishining ustasi, arbobi bo‘lgan bundayin ijodkorlarning asarlarida barcha davrlarda xizmat qiladigan ibratli fazilatlar ko‘pdir. Shuning uchun ham bu asarni ustoz Maqsud Shayxzoda “jonli va kurashchan uslubi, da’volarining keskinligi va qo‘yilgan tezislarning izchilligi bilan kitobxonlar ommasining diqqatini jalb etadi” deya yuksak baholagan. Bu fikrlar suhbatga keyin, ushbu maqolani yozish jarayonida qo‘shildi – T. Q.).
To‘xtasin Jalolov ijodining ikkinchi ustuni “O‘zbek shoiralari” kitobidir. Uchinchisi – Pahlavon Mahmud ruboiylari tarjimasi va uning hayotiga, asarlariga oid tadqiqotlar. To‘rtinchisi – Rabindranat Tagor asarlarining tarjimalaridir. Domladan mashhur “O‘zbek shoiralari” kitobining qanday yozilgani haqida so‘raganimizda, shunday javob bergan edi:
– O‘zbek shoiralari ijodi haqida ilmiy tadqiqot olib borish zarurati va shu xususda biror narsa yozish g‘oyasi dastlab marhuma adibamiz Oydin opada paydo bo‘lib, bu orzuni ro‘yobga chiqarishni u kishi bizdan iltimos qilgan edilar. 1939 yil oxirida Oydin opa bizga murojaat etib: “Siz o‘zbek adabiyoti tarixi bilan yaxshi tanishsiz. Navoiy va boshqa klassiklar ijodi ustida anchagina ishlar qildingiz, bir g‘ayrat ko‘rsatib, o‘tmishdagi shoiralar haqida bir kitob yozing. Agar siz shu muhim ishni boshlasangiz, men kitobingizni jurnalda peshma-pesh bosib borishga va’da beraman”, dedilar. Biz bu taklifga rozi bo‘lib, ko‘pdan buyon mehrimiz tushib yurgan Zebinisobegim haqida maqola yozib berdik. Bu orada urush boshlanib, boshqa muhim sabablar ro‘y bergani uchun shoiralar ijodi ustidagi ishimiz chala qolgan edi. (Jo‘ngina qilib “boshqa muhim sabablar ro‘y bergani uchun” deb qo‘ya qolgan-a bechora adib o‘n besh yilga nohaqdan, tuhmat bilan qamalgan davri to‘g‘risida; na nolish, na la’natlash bor, go‘yo o‘n besh yilni yashamaganday. Qattol bir jimlik!.. Bu suhbat chog‘ida yigirma olti yoshli bir jurnalist edim, o‘zi hech narsa demagani uchun, “qamalganman” so‘zini tilga ham olmagani bois olimning fojiasini deyarli his etmaganimni bugun anglayapman, o‘sha qattol jimlik faryodini ruhimda tuymoqdaman – T.Q.). Oradan ko‘p vaqt o‘tib, 1956 yilda yana shu masala qo‘zg‘aldi. Bu muhim masalani filologiya fanlari doktori Izzat Sultonov o‘rtaga qo‘yib, chala qolgan ishimizni bitirishga da’vat qildi. Biz yana tarix va tazkiralarni qidira boshladik. Bu izlanishlarning mahsuli o‘laroq shu risola maydonga keldi.
Adib xayolga toldi. So‘ngra asarning keyingi taqdirini ham so‘zlab berdi. “O‘zbek shoiralari” kitobi bitgach, qo‘lyozmani Oybek domla o‘qib chiqqan va muallifga qimmatli mulohazalarini bildirgan. Kitobning ayrim o‘rinlari Oybekning maslahatlariga asosan to‘ldirilgan. Shundan keyin Oybek domla katta marhamat ko‘rsatib, nashriyotga olib kelib, bosishga tavsiya qilganlar, unga so‘zboshi yozib berganlar. 1958 yilning 17 noyabrida bitilgan ana shu so‘zboshida tadqiqotchining ishini yuksak baholab, “To‘xtasin Jalolov… o‘zbek shoiralari to‘g‘risida g‘oyat muhim asar yozdi. Bu huquqsiz, cheksiz jafo ko‘rgan mazluma shoiralarning asarlari ularning baxtsiz taqdirlari bo‘ronida yo‘q bo‘lib, unutilib ketgan. To‘xtasin Jalolov tarix varaqlarini axtara-axtara o‘zbek shoiralari haqida qimmatli talay ma’lumotlar to‘pladi. O‘zining katta, sinchikli tekshirishlari natijasida o‘ttizga yaqin o‘zbek shoirasini topdi. Bu g‘oyat ajoyib voqeadir”.
Haqiqatan ham, 1917 yilgacha yashagan 32 ta o‘zbek shoirasi asarlarini topish, to‘plash, ular to‘g‘risida badiiy esselar yozish va kitob holida nashr ettirish – xayrli va ulug‘ ish. To‘xtasin domla bu ishni davom ettirib, yigirmanchi yillardan keyingi o‘zbek shoiralarining 45 tasi haqidagi “Qizlar qasidasi” kitobini nashr qildirdi. Bu tadqiqotlar qanday olib borilganini tasavvur etish niyatida, olimdan “O‘zbek shoiralari”ga kirgan Samarbonu haqida so‘zlab berishini so‘raganimizda, shunday javob qaytargandi:
– O‘tgan zamon yozuvchilarining asarlari, u vaqtda gazeta-jurnal bo‘lmagani uchun, bir nusxada qolib ketgan. Asarni o‘zi ko‘rgan, yaqin bir do‘sti yoki birodari yo opasi yo singlisi ko‘rgan, xolos. Hech kimning nazari tushmagan. Kitob holida nashr etilmagan. Mana shu nuqtai nazardan mening Samarbonu ijodiy merosini topish sohasidagi qidirishlarim bu mashaqqatning nechog‘lik ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib turadi. Samarbonuni men 58-yildan qidira boshladim. Bir necha martaba Andijonga bordim. Bir necha bor O‘shga bordim. Aravonga bordim. Lekin hech joydan o‘sha kitobni topmadim. Daragini eshitdim. Biri falonchida desa, ikkinchisi pistonchida deydi. Biri bu rayonda desa, ikkinchisi falon rayonda deydi. Men noumid bo‘lmasdan, hamma rayonga, hamma qishloqqa borib, aytilgan adreslar bo‘yicha Bonu avlodlaridan shunday kitobni saqlashi mumkin bo‘lgan hamma xonadonlarga kirib chiqdim. Lekin hech narsa topolmadim. Shu qidirishlarimni “O‘zbek shoiralari”ning birinchi nashrida, 1959 yili hikoya qilib chiqardim. Kitob chiqqandan keyin qarindoshlari, bu odam yaxshi niyat bilan qidirib yurgan ekan-ku, bechora ko‘p ovora bo‘pti-ku, deb o‘zlari insofga kelib, menga xat yozib yuborishdi, o‘sha kitob bizda bor, keling, deb. Birinchi borganimda uylariga eshikdan kiritmagan odamlar bu gal oyog‘imga poyandoz solishib, o‘zlari chaqirib, boshdan-oyoq sarpo qilib kiydirishib, siz shunday savob ish qilib yurgan ekansiz-ku, biz bilmagan ekanmiz; mana o‘sha kitob, deb, mening qo‘limga o‘sha kitobni topshirishdi. Hammasi bo‘lib bitta Bonu haqidagi izlanishlarim sakkiz yilga cho‘zildi…
Ha, 1959 yilda nashr etilgan “O‘zbek shoiralari” kitobi olim nomini xalqqa yana-da tanitdi.
Shuningdek, To‘xtasin Jalolov ijodining katta bir nuqtasi tadqiqotchi tomonidan Pahlavon Mahmudning shoir sifatida kashf etilishi bo‘ldi. Domla 1959 yilda Xivaga boradi. Bir tasodif tufayli, to‘g‘rirog‘i, o‘zining o‘ta sinchkovligi bois Pahlavon Mahmud shaxsiga qiziqib qoladi, uning qo‘lyozmalarini qo‘lga kiritadi, tadqiqotlar olib boradi. Shoirning asarlarini forsiydan turkiyga ag‘darib, hayoti va ijodi xususidagi tadqiqoti bilan 46 ruboiysini nashr ettiradi. 1974 yilda shoirning 56 ruboiysi bilan asar qayta bosiladi. 1975 yilda esa, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti “Pahlavon Mahmud ruboiylari” maxsus nashrini o‘zbek va rus tillarida chiqaradi va bu nashr kitobat san’atining yuksak namunasi sifatida ko‘rgazmada faxrli o‘rin oladi. Bu nashrlar To‘xtasin Jalolovning she’r ilmidan xabardor, shoirtabiat tarjimon ekanligini anglatishi bilan ajralib turadi.
To‘xtasin Jalolovning adabiy-ilmiy faoliyatini, tarjimonlik mahoratini ko‘plab atoqli zamondoshlari loyig‘icha qadrlashgan. Masalan, Mirtemir “Men To‘xtasin Jalolovni yaxshi, insofli, bilgich tarjimon sifatida hurmat qilaman. U tarjimaga olgan har bir asarga savod bilan, maroq bilan, mas’uliyat bilan yondoshadi, tarjimaning haqiqiy ijodiy mehnat ekanini chuqur tushunadi”, degan edi.
To‘xtasin Jalolov haqida aytilgan bundayin yaxshi so‘zlar, biz o‘sha radiosuhbatda foydalana olmagan bo‘lsak-da, anchagina ekanini ta’kidlashimiz lozim. Shu o‘rindan ulardan ba’zilarini eslash o‘rinlidir.
“O‘zbek shoiralari” bir umrga arzigulik asar. Tarixda qolish uchun roman yozish shart emas ekan, endi To‘xtasin Jalolovni adabiyot tarixidan o‘chirib bo‘lmaydi”. (Abdulla Qahhor)
“Zulfiya haqidagi maqola zo‘r ilhom bilan yozilgan. Bu narsa Belinskiy va Dobrolyubovni eslatadi”. (Azizxon Qayumov)
“To‘xtasin Jalolov o‘zbek adabiiyotining arxeologidir”. (Amin Turdiyev)
“Muhtaram To‘xtasin og‘a! Men sizning tilingizga, uslubingizga mahliyoman. Bizning nazarimizda begonaroq tuyilgan so‘zlar sizning jumlalaringizda o‘z bo‘lib ketadi; arabcha va forscha so‘zlar sizda o‘zbek libosi kiyib, o‘zbekcha raqsga tushadi”. (Saodat Shamsiyeva, kitobxon)
To‘xtasin Jalolov chor hukumati tomonidan Turkistonning mustamlaka etilishi va Qo‘qon xonligidagi yog‘iyga qarshi kurashu isyonlar, Qurbonjon dodxoh mavzusida “Oloy malikasi” nomli tarixiy roman boshlagan edi. Vaqtli matbuotda asardan parchalar ham bosilgandi. Shu va shunga o‘xshash ayrim niyatlari amalga oshmay qoldi: adib 1984 yilda Toshkentda vafot etdi. Ba’zi adabiy va ilmiy asarlari bitmay qolgan bo‘lsa ham, bizningcha, bu matonatli inson o‘z umrini xalqimizga va vatanimizga sidqidildan xizmat qilib, sharaf bilan tugatdi. Yuqorida aytilganiday, uning nomini “adabiyot tarixidan o‘chirib bo‘lmaydi”, uning savobli ijodi ko‘ngillarda mangu yashayveradi.
Tohir Qahhor
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 1-son