XX asr tongi yangi o‘zbek adabiyotining tug‘ilishida bir qator ma’rifatparvar, jadid bobokalonlarimiz qatorida Abdulla Avloniyning ham tabarruk nomi keladi. Jadidchilik harakati va harakat namoyondalari ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy faoliyatning barcha turlari bilan bevosita shug‘ullanganlari kabi Abdulla Avloniy ham ijtimoiy ong sohalarining ta’lim-tarbiya, badiiy ijod, matbuot, teatr, xayriya jamiyatlari, ijtimoiy-siyosiy yo‘nalish kabi qator turlari bilan qiziqdi va baholi qudrat shug‘ullanib keldi. Shu jumladan, tarjimonlik sohasi bilan ham.
Abdulla Avloniy 1878 yilning 12 iyulida Toshkentning Mergancha mahallasi (hozirda televideniye binosi atroflari)da tug‘ilib, balog‘atga yetgach Mirobod mahallasidan hovli joy qilib, 1934 yil hayotining so‘nggigacha umrining barcha yaxshi yomon, baland past kechmishlari shu javonibda o‘tdi. U XIX asrning so‘nggida Turkistonda ildiz otib, shakllana boshlagan jadidchilik harakatiga qo‘shilib, umri poyoniga qadar shu harakat g‘oyalarini turli jabhalarda amalga oshirib, targ‘ib etib keldi. Bu harakat avvalo va asosan Turkiston xalqlari uchun hurlik, ozodlik maslaklarini ilgari surgan, siyosiy g‘oyalarni ko‘tarib chiqqan harakat ekani bugun hech kimga sir emas. Lekin qariyb bir yarim asrdan avvalgi tarixda siyosiy harakat va maslaklar uchun ishni nimadan boshlamoq lozimligi masalasi tarix sahnida ko‘ndalang bo‘lgan edi. Harakatning otasi va bosh nazariyotchisi qrimlik Ismoilbek Gaspirali Rossiya mustamlakasidagi musulmon xalqlarining kelajak hurriyati uchun dastlabki harakatni ma’rifatdan boshlash, xususan, maktab, maorif tizimini eskicha sharqona usullardan yangicha, ovro‘pacha yo‘nalishga o‘tkazish masalasini asoslab bergan edi va uning tarafdorlari butun Turkiston bo‘ylab ana shu g‘oyaning amaliy yo‘sin kasb etishi uchun sa’y ko‘rsatmoqda edilar. Abdulla Avloniy shular ta’sirida harakatga qo‘shildi va u ham bu jabhadagi asosiy faoliyatini yangi usuldagi maktablar ochishda ko‘rdi. Miroboddagi uyida bir necha da’fa yangi usul – usuli savtiya maktablari ochib, millat bolalarini o‘qita boshladi. Har qanday o‘qituv uchun lozim narsalar yangi usul maktablari uchun ham zarur edi albatta. Bu birinchi navbatda maktab o‘quv adabiyotlari bilan bog‘liq. Shu kezlar jadid maktablari darsliklari o‘laroq Saidrasul Aziziyning “Ustozi avval” hamda Munavvarqori Abdurashidxonovning “Adibi avval” alifbo kitoblari dunyo yuzini ko‘rgandi. Ular qatoriga Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim” nomli alifbo darsligi ham qo‘shiladi. “Birinchi muallim” to 1917 yilgi oktyabr voqealariga qadar to‘rt marta nashr etiladi.
Taraddud birla maktabda o‘qing o‘g‘lonlar, o‘g‘lonlar,
Bo‘lursiz bir kun olamda zo‘r insonlar, o‘g‘lonlar
satrlarini shior qilib olgan bu darslik inqilobdan keyingi yillarda ham milliy maktablarning ibtidoiy – boshlang‘ich sinflari uchun eng maqbul darsliklardan bo‘lib qolaverdi. 1912 yili “Alifbodan so‘ng o‘qitmak uchun” uqtiruvi bilan o‘sha dastlabki darslikning davomi bo‘lgan “Ikkinchi muallim” darsligi chop etiladi. Bu kitobcha ham qayta qayta nashr etilib, yangi milliy o‘zbek pedagogikasining tug‘ilishi va tarqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Axloqiy hikoyalar, adabiy she’rlar ila ziynatlangan mazkur to‘plamda Abdulla Avloniyning tarjimonlik iqtidori va mahoratiga dalolat bo‘luvchi namunalar uchraydi.
Umuman, Abdulla Avloniyni tarjimon sifatida o‘rganar ekanmiz, mavzuni tizimli tartibda ifoda etish uchun uni ikki yo‘nalishda mahrajlantirmoq maqsadga muvofiq bo‘ladi:
- Maktab o‘quv darsliklaridagi aksar ijodiy jihatdan qayta ishlanib amalga oshirilgan tarjimalar;
- Teatr sahnalarida namoyish etish uchun qardosh ozabayjon, tatar va usmonli turk tillaridan o‘zbekchaga o‘girilgan pesalar.
Ayrim tarjima asarlari haqida kengroq fikr yuritishdan avval bir faktni qayt etmoq kerak, Abdulla Avloniy tarjimonlik faoliyatining salmoqli qismini tashkil etadigan dramaturgiya tarjimalari bilan bog‘liq yo‘nalish jiddiy tadqiqotchilarini talab qilib turibdi. Sababi bu yo‘nalishda A.Avloniy ozar tatar, turk dramaturgiyasidan “Qotili Karima”, “Uy tarbiyasining bir shakli”, “Xiyonatkor oilasi”, “Badbaxt kelin”, “Xo‘r-xo‘r”, “Jaholat”, “O‘liklar” kabi o‘nga yaqin asarlarni tarjima qilib, ularning sahnalashtirilishida bosh-qosh bo‘lgan. O‘zi asoschilarida hisoblangan bo‘lgan “Turon” teatr truppasining repertuaridan joy olgan mazkur asarlar afsuski nashr etilmagan va tabiiyki, bizning davrimizgacha yetib kelmagan yoki hozircha topilgan emas. Faqat qo‘shimcha ravishda shunday faktni keltirish mumkin: 1916 yili Toshkentda bo‘lgan rus sharqshunosi A. Samoylovich “Kolizey” teatrida ozarboyjon dramaturgi Jalil Mamatqulizodaning Abdulla Avloniy tarjimasidagi “O‘liklar” spektaklini tomosha qilib, o‘z taassurotlarini quyidagicha yozib qoldiradi: “Toshkentning ulkan Kolizey teatrida ozarboyjonchadan sart tiliga tarjima qilingan “O‘liklar” pesasi qo‘yildi. Ijro juda yaxshi edi…”
Mana shu faktlarning o‘zi Avloniy tarjimachiligining teatr yo‘nalishidagi izlanishlari naqadar barakali va muvaffaqiyatli bo‘lganligini anglatib turibdi.
Buyuk ma’rifatparvarning tarjimonlik mahorati borasida hozircha asosan, uning darslik va boshqa o‘quv adabiyotlaridagi tarjimalariga suyanib, muayyan fikrlar aytish mumkin.
Ma’lumki, Abdulla Avloniyning o‘z tarjimai holida yozishicha, 1904 yildan mustaqil ravishda Miroboddagi hovlisida maktabdorlik bilan shug‘ullanib kelgan. Bu va boshqa usuli savtiya maktablari uchun 1909-17 yillar davomida 10 dan ortiq darslik-qo‘llanmalar yaratgan. Bular yuqorida qayd etilgan “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”dan tashqari “Turkiy guliston yoxud axloq”, “Maktab gulistoni ” kabi darsliklar hamda “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” nomli bir necha juz she’riy to‘plamlardir. Ulardan tashqari Avloniyning nashr etilmagan “Uchinchi muallim”, “Maktab jo‘g‘rofiyasi”, “Hisob masalalari” kabi darslik kitoblari ham bo‘lganligi ma’lum. Mazkur kitoblarning deyarli barchasida Avloniyning original ijodi bilan birga tarjimonligidan ham dalolat beruvchi namunalar uchraydi. Masalan, Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston” asarlariga taqlidan yaratilgan “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida muallif Sa’diyning asaridagi ko‘pgina hikoyatlarni o‘z zamonasiga moslashtirgan holda tarjima qilganligi yoki Alisher Navoiyning “Hayratul abror”, Poshshoxo‘janing “Miftohul adl” (“Adolat kaliti”), “Gulzor to‘plamlaridan” mashhur hikoyalarni olib qayta ishlaganligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Bulardan tashqari Avloniy Lev Tolstoy va Krilov asarlaridan o‘quvchilarni bahramand etishning o‘ziga xos usullarini ham joriy etganki, bular barchasi “Avloniy – tarjimon” mavzusi doirasida atroflicha tadqiq etilishi mumkin.
Bevosita quyida keltirilayotgan Krilov masallaridan qilingan tarjimalar Avloniyning “Maktab gulistoni” deb nomlangan beshinchi juz she’rlar to‘plamidan olingan bo‘lib, ularda tarjimonning shunchaki badiiy zavq olish ma’nosida tarjimaga yondoshmaganligi, balki, milliy ta’lim-tarbiya nuqtai nazaridan ish tutganligi yaqqol seziladi. Masalan, Krilovning “Lebed, Shuka i Rak”, “Lisa i Kozyol”, “Martishka i ochki”, “Proxojiye i Sobaki” kabi mashhur masallari tarjima qilib berilar ekan, Avloniyning o‘z ta’biri bilan aytganda “ularni eng oson usul ila”, “ochuq til va oson tarkib ila” taqdim etish niyati yo‘lidagi harakat ekanligini tushunasiz. Xususan, Krilovning “Lebed, Shuka i Rak” masalini Abdulla Avloniy “G‘ayrijins ittifoq” nomi bilan to‘plamga kiritgan. E’tiborli jihati shundaki, tarjimon originaldagi Lebed ya’ni Oqqushni O‘rdak deb, Rakni Qisqichbaqa deb emas, Toshbaqa deya ijodiy o‘zgartirib taqdim etadi. Bizningcha, buning sababi shundaki, o‘zbek bolalari dengiz hududlarida yashamagani uchun qisqichbaqa va oqqushning qanday jonzot ekanligini bilmasliklari mumkin edi. Toshbaqa va o‘rdak kabi hayvonlar esa bizning jug‘rofiy hududlarda kattayu kichik barchaga ma’lum. Avloniy “oson usul ila” deganda xuddi shuni nazarda tutib, rus muallifi asarlarini o‘zbek bolalariga mo‘ljallab to‘liq qayta ishlaydi. Asarga ma’lum maqsad yuzasidan ijodiy erkin murojaat qilganligi uchun uning nomini muvofiq ravishda o‘zgartiradi. Ya’ni bir tur bo‘lmagan yoki bir maqsad yo‘lida bir tomonga bir xil harakat qilmagan kishilarning intilishlari zoye, ittifoqsizlik hech qachon niyatni yuzaga chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi, degan ibratli fikr ilgari suriladi. Tarjimonning Krilov asarlariga ijodiy yondoshgani yana har bir masalning originalidan bir necha satr ortiqroq ekanligi va bu satrlarda Avloniy masala mohiyatini bolalarga batafsil tushuntirishga uringanida ko‘rinadi. Undan tashqari har bir masalning so‘ngida tarjima bo‘lishiga qaramay tarjimon Hijron deya o‘z taxallusini qo‘llashida ijodiylik yana ham yaqqol bilinib turadi. Tarjimalarda Avloniyning ijodiy yondoshuvi “Ulay”, “Bulay”, “Vermayur”, “Do‘z” kabi tatar, ozar, turk tillaridagi so‘z oborotlariga murojaat qilishlari ham yana bir bora ijodiy yondoshuvi samaralaridir. Ayni chog‘da bu kabi ijodiy yodoshuvlar Avloniyning tarjima qilinayotgan asar ruhiga teran kirib borishi va ibratli g‘oyani yosh o‘quvchilarga ham to‘la singdirishga intilganini namoyon etadi. Avloniyning mumtoz fors shoiri Hofizdan qilingan tarjimalarida ham shunday ijodiylik va ruhiyatni to‘laqonli his qilish va berishga intilish fazilati ayon ko‘rinib turadi.
Xulosa shulki, Abdulla Avloniy XX asr tongida yangi davr adabiy-pedagogik tarjima san’atining o‘ziga xos usul va yo‘llarini amalda namoyish etib, sohaning tamal toshini qo‘ygan yangi davr tarjimachiligimizning kashshoflaridan deyishga haqli bir siymo bo‘lib qoldi.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son