(Ustoz Abdulla Oripovni yod etib)
Bundan olti oy avval “Vido” deb yozgan edim, ikki oy avval esa “Sovuq nafas indi – ko‘z tegdi…” deb. Endi ne deb yozay, ne debon bo‘zlay… yana bir tomirim ketdi-ey… yana bir botirim o‘tdi-ey… Voy, bu o‘limning dastidan kun bormi-ey, yoronlar, eranlar, emanlar…
Astag‘firulloh, astag‘firulloh… Olloh, O‘zing kechir, O‘zing hidoyatingga, mag‘firatingga boshla, xato-yu sahvimni, zaifimni kechir…
Nima qilayki, “vido” so‘zini aytaverishdan yurak bezillab qoldi. Qaydadir xunuk nafas essa, “yana kim?” deya javdirab qolyapman. Qalbim pora, yurak xun…
Bundan o‘n ikki sana burun benazir ustozimiz, og‘amiz Begali domla (Qosimov) o‘tganlarida qabrlari uzra:
Tonglarim tiyradir, oqshomlar purg‘am,
Bir-bir ketayotir jo‘ralarim ham, –
deya Abdulla aka bo‘zlab so‘z aytgan edi. Navbat o‘zlariga ham yetayotganini, hadigu xavotir bilan o‘tayotgan kunlarini qalbdan his etib, faryod chekkan edilar, sassiz-sadosiz…
Garchi ortig‘i bilan o‘ttiz yillar chamasi salom-alik qilgan esak-da, so‘nggi yigirma yillar ancha yaqin bo‘lib, turli safarlarda birga yurdik, majlis-izdihomlarda, to‘y-tantanalarda uchrashdik, gurunglar qildik. O‘ziga yaqin olib ulfatchilikka chorlagan pallalari ham kam emas…
1985 yil – Oybek domlaning 80 yillik xotira tantanalarini o‘tkazamiz deb vodiy viloyatlarida bo‘ldik. Biz Oybek uy-muzeyining O‘tkir Yormuhammad boshliq bir-ikki xodimi Yozuvchilar uyushmasining Abdulla Oripov yetakchiligidagi delegatsiyasiga ko‘chma ko‘rgazmamiz bilan qo‘shilib, Andijonu Farg‘ona, Namanganning qishlog‘u shaharlarini kezib, ko‘rgazma-uchrashuvlar o‘tkazib yuribmiz. Tabiiy, har yig‘inda uloq Abdulla akada ketadi. Asli tadbirga xalq Abdulla Oripov nomini ham eshitib keladi. Garchi oramizda boshqa shoiru nomdor hofizlar bo‘lsa-da, Abdulla akaning mavqei bo‘lak – xaloyiqning rostmana gurillab, qarsak urganini, olqishu alyorlarga ko‘mib, hissiyotlari jo‘sh urganini dastlab o‘shanda, so‘ngroq og‘amiz bilan bog‘liq deyarli barcha safarlar – Qashqadaryoda Begali akaning 50 yillik, Surxondaryoda Erkin A’zam va Usmon Azimning 60 yillik sanalarini nishonlaganda va yana shu damda xotiramga kelib-kelmayotgan o‘nlab tadbirlarda ko‘rdim – guvohi bo‘ldim. Xalqi ayricha harorat bilan suyib, alqaydigan shoirni, bu qadar muhabbat va e’zozni umrim davomida Abdulla aka misolida ko‘rdim, bildim.
Bu-ku – bir tomoni, tashqi shakl-belgisi. Ammo bu izdihomlar mazmuni-chi, eh-he… Undan-da o‘tib safar chog‘i tantana-ziyofatlardan so‘ng mehmonxona yotoqlarida rasmiylikdan xoli bo‘lib, tongotar gurunglarning shukuhi, ma’rifati, ilmini aytib, adog‘iga yetib bo‘larmikan… Abdulla akaning gurunglari o‘shanday chog‘larda favqulodda fikrga boy, tafakkur puchmoqlarini yoritib yuboradigan, betakror suhbatlar edi. O‘zbek mumtoz she’riyati, jahon adabiyoti, katta-kichik zamondosh ustoz va do‘st-birodar ham og‘a-ini qalamkashlar haqidagi mushohadalari, tushuncha va bilimlarining teranligi, cho‘ng ham injaligi, xulosa ham umumlashmalarining ohoru mahobati eshitguvchini shoshirib, taraddudga solib qo‘yardi.
Vodiydagi oybekxonlik – o‘sha dastlabki yaqinlashuv chizgilari paydo bo‘lgan kunlarda, xossatan, Namangandagi mehmonxonada tongotar suhbat qurarkanmiz, Abdulla aka ne bir sabab bilan bori mumtoz adabiyotimizga ekskurs qilib, mushohadalarini so‘ylarkan, birdan Zokirjon Furqatga to‘xtab, uzoq gapirdi. Furqatga ayricha muhabbat, zavq-shavq bilan yondashib, shoirga bag‘ishlangan mashhur she’rini, uning tarixini aytib berdi. Furqatning g‘urbati faqat Vatandan ayro tushganida emas, balki zamonga sig‘maganida, o‘z yurtida ham musofir bo‘lib, qalbiga malham yoru vafodor, g‘amgusor topolmaganida, yaqinlari ichra mehr ko‘rmay, saydu sayyora holida umr o‘tkazganida ekanin alamlanib, ezilib so‘yladi. Ko‘z qarog‘i suvga to‘lib, piyoladagi “oq suv”dan ho‘plab-ho‘plab, uzoq gapirdi. Garchi Furqat ijodini universitetda maxsus o‘rganib, uning uslubi, o‘ziga xosligi haqida ilmiy tadqiqot olib borayotgan esam-da, Abdulla akaning aksariyat fikrlari meni nihoyatda mutaassir etdi. Shoirning shoir haqidagi o‘ylari o‘zi bir zo‘r maqola edi…
Gapiraversa, gapning adog‘i yo‘q. 1997 yil kuzida Germaniyada o‘zbek madaniyati kunlarini o‘tkazib yuribmiz. Berlin ko‘chalarida laylakqor mayin ukpar kabi obi rahmatdek yog‘ib turganda, Ovruponing yuragida ikkovlon yayov kezindik. Kattagina gavjum maydonning bir chekkasida xitoyliklar o‘zlarining qandaydir xos mazali achchiq sho‘rvalarini ochiq osmon ostida baqirib-chaqirib maqtab sotib turibdilar. Yelim tovoqlarda shu taomdan olib, tik turgancha ukpar yog‘dulari ostida og‘zimizni kuydirib, xo‘rillatib ichib oldik. Sho‘rvasidan tashqari tovuq qaylali lag‘monsifat quyug‘ini yeyolmay, zarqog‘ozga o‘ratib oldik. Abdulla aka: “So‘rang-chi, bunday mazali taomining nomi nima ekan?” deb qoldi. Xitoylik oshpazdan imo bilan so‘rasam, Abdulla akaga ishora qilib, nimalarnidir so‘ylab ketdi. Men uncha anglamadim. Shunda Abdulla akaning o‘zi yonimga keldi-da: “Bu meni xitoylik deb o‘ylayapti, o‘zidan so‘ra deyapti”, dedi kulib. So‘ng Moskvada Ozod domla, shoir Otayor bilan birga yurganlarida uchovlarini xitoy, vetnam va indoneziyaliklar deb o‘ylaganlarini xandon otib so‘ylab berdi va: “Ko‘rdingizmi, inim, shoirni hamma xalq o‘zidan deb o‘ylaydi”, deya beg‘ubor lutf qildi… Ha, shoirni o‘z xalqi ham, o‘zga xalqlar ham qalbiga yaqin olib munosabat ko‘rsatadi. Chunki u yaxshilik, ezgulik elchisi, Ollohdan insoniyatga tinchlik, omonlik, farovonlik, baxtu iqbol tilaguvchi zot. O‘zining ana shu pokiza niyati va beg‘ubor o‘ylari bilan elda ham, o‘zga ellarda ham ardoqli va suyumli inson.
Germaniya safaridan uch-to‘rt sana o‘tib, Abdulla aka, kamina va Behzod ismli yigit Qozog‘istonga – Olmaota shahriga safar qildik. U yerda Umumjahon intellektual mulk tashkilotining xalqaro yig‘ilishi o‘tkazilar ekan. Abdulla aka O‘zbekiston Mualliflik huquqi agentligining rahbari, Behzod – huquqshunos, kamina esa Vazirlar Mahkamasi vakili sifatida ishtirok etdik. Uch kunlik anjumanning birinchi kuni – birinchi yig‘ilishidayoq xalqaro tashkilotning mutasaddi vakillaridan biri Abdulla akani O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgani bilan qizg‘in tabrikladi va butun tadbir davomida hurmatini oshkora namoyon etib yurdi, shunday nufuzli tashkilotda Abdulla Oripovdek baland rutbali insonning borligi o‘zlari uchun sharaf ekanini qayta-qayta ta’kidlab turdi. Men shoir zoti barcha xalqu elatlarning “o‘ziniki”dek ekanini, u jahon elchisi, tinchlik elchisi ekanligini yana bir marta dildan his etdim.
Bunday safarlar, birga-birga yurishlar, suhbatlar, uchrashuvlar, aytganimdek, ko‘p bo‘ldi. Biri-biridan ma’nili, serzavq, yoqimli… Aytaversang, adog‘i yo‘q. Balki hozirgi kori-a’molim taqozosimi, asosan xalqaro safarlarga doirlari qog‘ozga tushdi. Bundan bo‘laklari qancha, men kabi u kishining suhbatidan zavq olganlar qancha…
Ammo ko‘plab uchrashuvlar, suhbatlar ichra yana bir suhbat borki, uni eslamaslik mumkin emas. Yanglishmasam, bu bafurja o‘ltirib gurunglashgan so‘nggi uchrashuvimiz bo‘lsa kerak.
O‘tgan yil, kuz boshlarimidi, Abdulla aka bir necha oy Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib, davolanib qaytdilar. O‘rtog‘im Bobur (Alimov), shifokor do‘stimiz Anvar (Rajabov), “Ijod uyi” direktori Abdusattor aka va kamina – to‘rtovlon peshin paytlar akaning hovlisiga kirib bordik. Darvoza ochiq, ichkarida hech kim yo‘qdek. Bilsak, pastki uyning ikkinchi qavatida-ishxonasida Abdulla aka qandaydir xususiy kinostudiyaga Amerikada yozib kelgan yangi she’rlarini o‘qib berayotgan, ular esa kameraga yozib olayotgan ekan. Mehmonxonaga kirdik. Biroz o‘tib yuqoridan Abdulla aka tushib keldi. Bizni ko‘rib suyundi, bag‘riga bosib so‘rashdi. Hol-ahvol so‘rash asnosi gurung boshlanib ketib, o‘n besh-yigirma daqiqalik mo‘ljalimiz uch-uch yarim soat davom etdi. Orada kelinoyi kelib, osh ham damlab ulgurdilar. Abdulla aka esa bizni qo‘yib yuborgisi kelmas, qaysidir ishonganlaridan ko‘ngli ranjib, biroz ginaxonlik ham qilar, bu bilan bizga samimiyatini sezdirar, ochiq dil izhor etar edi. Mavzu, tabiiy, safar, muolaja, shuning natijasi o‘laroq yangi she’rlar haqida bo‘ldi. Abdulla aka jo‘shib ketdi. “Ukalar, ishoninglar, to‘rt-besh ko‘ylakni ortiq yirtgan og‘alaring gapiga ishoninglar, bizning hali bilmaganlarimiz juda ko‘p ekan, bilmaymiz. O‘zi G‘allaoroldan nariga o‘tmay, “Nima bizga – Amerika?” deya yozgan ustozlarning gapi bilan “Sariq iblis mamlakati”ni so‘kib yuraveribmiz. Uning qudrati, quvvati, mahobati shunchaki gaplarga sig‘maydi. Ko‘rib, bilib, tanib, yuzdan ortiq she’r yozib keldim. Lekin bu bilan kimlarningdir ashulasini aytib, nag‘masiga o‘ynaganim yo‘q. Agar yurtda “Vatan!” deb jonini tikkan ikkita odam bo‘lsa, biri menman. Yurtni bemisl suyganimdan o‘zgalarning qudratiga havas qildim, nelarigadir qiyos qildim. O‘sha buyuk Amerikaning beadoq boyligi, qudrati negizida Xorazmiy, Beruniy kabi bobolarimizning zakosi yotganini, o‘shalardan quvvat olib banibashar ilmi ravnaq topganini angladim, ne-ne shohidliklar ko‘rdim. G‘ururim oshdiki, o‘shalarga havas qildim. Yurtimning ham odimlari hali undan kam bo‘lmasligini tiladim, ertangi kunimga-da ishondim, imon keltirdim. Ukalar, o‘zlaringni ehtiyot qilinglar, chin bilan soxtaning, yaxshi bilan yomonning farqiga boringlar. O‘tkinchi shamollardan o‘zlaringni asranglar!”
Abdulla aka bu gaplarni, bizga rostmana og‘a bo‘lib, bizni o‘ziga qadrdon bilib, yaqin tutib, dildan aytdi. Neki bizga, nazarimda, barchamizga, elimizga aytdi…
Shuni bugun, mash’um xabarni eshitgach, yaxshi bir insonning himmati ila kelib qolganim Germaniyaning Bavariya yerlari markazida turib, chog‘roqqina mehmonxonaning chog‘roqqina yotog‘ida kimsasiz ko‘ngil, dilgir kayfiyat bilan qog‘ozga tushirib o‘tiribman… “Kimsasiz” degan so‘zni ishlatib, shu so‘z va Abdulla aka bilan bog‘liq yana bir kichik xotira xayolimga kelyapti. Besh-olti sana avval, 9 aprel – Sohibqiron Amir Temur tavalludi kuni Toshkent markaziy xiyobonidagi haykal poyiga gullar qo‘yib qaytar ekanmiz, ittifoqo, Abdulla aka bilan uchrashib qoldik. Yonimda teatrshunos Omonulla (Rizayev) bor edi. Shu yerda Abdulla aka nima uchundir Tamaraxonimdan so‘z ochib, Opa bilan uchrashganida, u kimsasizlik haqida turkcha bir to‘rtlik aytganini esladi va yoddan o‘qib berdi. Omonulla qo‘l telefoniga darhol yozib oldi:
Hech kimsa yo‘qdur kimsasiz,
Har kimsaning bor kimsasi.
Kimsasiz bir kimsayam yo
Kimsasizlar kimsasi.
Ey, Olloh, dunyolaring qiziq, bandalaring g‘ofil… Tamaraxonimdek dovruqli san’atkor shuncha as’asayu dabdabasi bilan “kimsasizman” desa, o‘zbekning asrlarga tatigulik buyuk shoiri shonu shuhratining avju adosida “kimsasizlik” shevasini yod etib tursa, biz sho‘rliklarning yozug‘imizmu ekanki, Yaratgandan nuqul najot tilaymiz, sinovli damlarda tavallolar ila tiriklik ta’malarini qilamiz…
Shifokor dardimni eshitib, tekshirib, tashxis qo‘yib, jarrohlik amaliyotini qilmasa bo‘lmaydi deb turibdi. Yo‘qsa, qolgan umrim oqsoqlik bilan o‘tar ekan…
Bandai ojiz, hayotdan umidim bor… Yoshim umr fusulining kuzida ersa ham, saflarga yaragim, jabhalarda bo‘lgim kelyapti. Yurt uchun ne bir xizmatim singib, elimning ma’naviy to‘kisligini ko‘rgim, barkamollik qo‘rg‘onini qurmoqda ishtirok etgum bor; nelargadir yarashga haqliman deb o‘ylayman o‘zimni… Vaqti-soati yetib, o‘limni ham saodat bilib qabul qilmoqqa-da qurbim yetar, inshoolloh… Dunyoga kelib odamligimni anglab, yurtimni, ajdodim, ota-bobomni tanib, o‘zbekligimni bilib, endi esa shularni kimlargadir, jilla qursa, avlodlarimga, nabiralarimga bildirib ketmasam, bu olamga nega keldimu nega ketaman?!
Shifokorning jarrohlik amaliyoti oldidan “mabodo jarayonda biror kutilmagan kor-hol bo‘lib qolsa yoki yuragingiz urishdan to‘xtab qolsa ham rozimisiz?” deya turli qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirgani to‘lib turgan yuragimni qaqshatib yubordi. Ustiga-ustak, mash’um xabar… Bugun qayerdasan, erta qayon bo‘lursan… Xoliqi qudratning O‘zigagina ayon. Ammo bir haqiqat borki, buni kurash – hayot, tiriklik uchun mamot kurashi deydilar. Abdulla aka bu kurash yalovbardori edi. Xuddi Islom aka (Karimov), Erkin aka (Vohidov) kabi elimizni nurli manzillarga olib chiqib, shu yo‘lda tinim, halovat bilmagan ko‘ngli-vujudi nisor jon edi. Ularning tafakkuri umr bo‘yi to‘xtovsiz ishladi, yuraklari xalq, Vatan, millat deb urdi, yondi va shu so‘nmas yolqin-harorat bugun o‘ttiz ikki million xalqning qalbini isitib, hayotiga nur taratib turibdi.
Buyuklar o‘lmaydi, ular bir fursat tin olib, ma’naviy barhayotlikka ko‘chib, shu bilan jismoniy barhayotlarning tirikligini eslatib, odamligini bildirib turadi…
Joyingiz ravzayi rayhon, jannati naimlarda bo‘lsin, Abdulla og‘ajon! Buyuklar kahkashonida o‘rningiz va nomingiz mudom poydor bo‘lg‘ay!
Germaniya, Myunxen shahri, 6 noyabr
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 11-son