Yangi hisob bilan 1905 yilning 10 yanvarida tavallud topgan Oybek domla haqida so‘z aytish uning ijodidan bahramand muhiblari uchun juda hayajonli, ayni chog‘da sharafli va mas’uliyatlidir.
Adib haqida xorijlik va o‘zbe-kistonlik do‘stlari, olimlar, boshqa atoqli ijodkorlar o‘z xotiralarida bir fikrni bot-bot ta’kidlaydilar: “Oybek zamonamizning, XX asrning Navoiysidur”.
Insoniy tiynatining pokizaligiga, ijodiy merosining miqyosi va teranligiga ko‘ra Hazrat Alisher Navoiy va Oybek domlaning qay bir darajada qiyoslanishiga asos bor, albatta, yoki kami bu fikrga xayrixoh bo‘lishimiz aniq.
Uning isboti Yurtboshimizning O‘zbekiston adibu shoirlariga murojaatlarida ham o‘z ifodasini topdi. Murojaatda “shoir deganda, Alisher Navoiydek benazir zotlarni, yozuvchi deganda, Abdulla Qodiriy va Oybek…ni tasavvur etamiz”, deya ular bir doirada tilga olindilar. “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” nomli ana shu murojaat – risoladagi yana bir fikr aynan Oybek domlani nazarda tutib aytilgandek tuyuladi: “Mustabid tuzum davrida vijdon azobini kim ko‘proq tortgan, desa, men, doimo bu hayotning ma’no-mazmuni, insonning qadr-qimmati, el-yurt taqdiri haqida qayg‘urib yashaydigan odamlar va ularning oldingi qatorida bo‘lgan ijod ahli, deb aytgan bo‘lardim”.
Darhaqiqat, taqdir taqozosi bilan o‘tgan asrning eng murakkab, noinsoniy jamiyatida yashab, ijod etgan talantli o‘zbek shoiru adiblari qatori Oybek ham nihoyatda og‘ir ijtimoiy muhit iskanjasida bo‘ldi. Atrofida kechayotgan adolatsizliklarni ko‘rib vijdonan qiynaldi, ruhan azob chekdi. Ammo ma’nan sinmaslikka, haqiqat yalovini baland tutishga harakat qildi. Nohaqliklarga o‘ziga xos e’tiroz – ijodiy isyonlari bilan vijdon pokligini saqlashga intildi.
O‘tgan asrning 20-yillari, Oybek-lar avlodi ayni ijodiy shakllanish pallasida yosh shoir Muso Oybek mafkura tazyiqida qoralanayotgan Cho‘lpon shoirni yoqlab maqolalar yozdi. “Cho‘lpon o‘qiladi, ruslarning Pushkini kabi Cho‘lpon ham yuksak badiiyati bilan xalqqa kerak”, deb aytadi. Bu uning o‘ziga ham o‘zi belgilagan ilk hukmi, vijdon tazyiqidagi ilk isyoni edi. Keyinroq Cho‘lpon nomini tilga olish ham qat’iy taqiqlanganda, Oybek buyuk salafining she’riyatiga o‘z she’rlari bilan sadoqat ko‘rsatib, o‘zbek adabiyotida Cho‘lpon ruhini tirik saqladi. Ramzlar, ishoralar dunyosidagi inja obrazlari, tasviri bilan “sof” lirikaning go‘zal namunalarini yaratdi, ayni chog‘da “vahshiy” qoyalarni yorib chiqib, “shamol belanchagida” “nafis chayqalayotgan bir tup na’matak” misolida isyon, erk, ozodlik tuyg‘ularini ulug‘lab, ustozining an’analarini bezavol davom ettirdi.
Shu kezlar yana Abdulla Qodiriy ijodini olimlik rutbasida tahlil etib, nelarnidir inkor etib, bahslashib, nelarnidir Qodiriyona betakror iste’dod namunasi deya tasdiq etib, o‘z millatdoshlari ongu tafakkurida Abdulla Qodiriy nomini barqaror qilishga sa’y etdi. Bular Oybekning yuragidagi chandiqlar, jarohatlar edi. Buyuk salaflari mahv etilib, xalqning qalbi milliy chashmalardan bebahra qolayotganini teran his etgan adib, endi o‘zi bu tashnalikni qator xalqona dostonlar va “Qutlug‘ qon”, “Navoiy” kabi sof milliy romanlar bilan qondirmoqqa qodir bo‘la oldi.
“Qutlug‘ qon”ning katta miqyos-larini qo‘ya turib, shunday kichik bir lavhaga e’tibor qilsak-da, uning milliy tabiati namoyon bo‘laveradi.
Peterburgdan Toshkentga kelgan rus chor amaldori, shu yerdagi boshqa bir chinovnik millatdoshi bilan restoranda suhbat qilar ekan, suhbatdoshidan quyidagi bir e’tirofini yashirolmaydi: “Bu osiyoliklar vahshiy bo‘lsalar ham, ba’zi bir fazilatlarga ega ekanlar: mana boy “sart” o‘z xizmatkori, balki quli bilan birga ichishadi. Demokratiya! “Suhbatdoshi unga javoban aytadi: “Sart”lar irq jihatidan, albatta past… Lekin bunga qaramay, ba’zi xususiyatlarini ko‘rsatadilarki, … ularda badiiy sezgi ancha o‘sgan. Ular gulni sevadilar. Kiyimlari chirkin bo‘lsa ham chakkasiga gul qistirib yuradilar. …Boy bo‘lsin, kambag‘al bo‘lsin, baribir, “sart”ning uyida bitta piyolasi bo‘ladi. Ikkita qilsa, odat buziladi…”
Ana shu kichkina lavhadayoq Oybek katta mahorat ko‘rsatib, mahalliy xalqning tabiatida nafosat hissi, oqibat, birdamlik, jamoaviylik tuyg‘usi zo‘rligini, ma’naviyati ne qadar yuksakligini ko‘rsatyapti. Xalq hayotining epik manzaralaridan-da o‘tib, jajji lavha bilan ham milliy tuyg‘ularni yolqinlantiryapti.
Keyingi bosqichda adib o‘z nigoh-larini olis moziyga qaratib, millatning besh yuz yillik tarixiga yorqin nur tarata olgan ulug‘ bobokalonimiz hazrat Alisher Navoiy siymosini xalq qalbida qayta tiklamoq ishtiyoqi bilan yashadi. Ilmiy tadqiqotlar, doston yaratib, “Asrlarning titib chokini, goho yorqin ko‘raman cholni” deya yuragimizga nihoyatda yaqin, samimiy bir qiyofani tasavvurlarimizga muhrladi. Xalq unutilishga mahkum milliy g‘ururni ilkis qayta tuydi. O‘zini, o‘z buyukligini tanimoq sari odimladi. Navoiy timsolida tilini, dinini, o‘z qadriyatlarini, insoniy sha’ni-shukuhini va pok aqidalarini har qanday vaziyatda ham asramoq saboqlarini uqdi. Bu-da, Oybekning isyoni, vijdon oldidagi pokiza amali edi.
Ikkinchi jahon urushi boshlanib, bir guruh san’at ahli bilan ulkan jangohlarni kezgan adib, shundan ham milliy g‘urur, milliyat degan o‘sha so‘nmas tuyg‘ularni yana olovlantirish ehtiyojini tuydi.
Xaltasidagi bir parcha qotgan qora nonni bloknotga almashtirib, urush haqida, bu dahshatli muxorabada o‘zbekning ezgulik uchun kurashlarga kirgan asl o‘g‘lonlari haqida “Quyosh qoraymas” romanining ilk sahifalarini yozishga kirishdi. Jangohlarda o‘z millatdoshlarining jasoratini kuzatar ekan, bu fazilatlar ularga kecha singdirilgan “haybaraka” sifatlar emasligini, matonatning ildizlari chuqurroq ekanini anglashiga turtki berdi va ijodiy niyatni qalbida, vijdonida cho‘kindi bo‘lib turgan o‘sha quvg‘in isyon ruhi bilan omuxta etish istagini uyg‘otdi. Bilhaq, katta niyat va xolis intilish katta yechim, miqyosli qiyosu topilmalarga yo‘l ochar ekan. Oybek urush haqidagi romanining bosh qahramoniga Bektemir deb ism beradi. Xalqi xotirasida sohibqiron Temurbekning ruhini uyg‘otmoqni shu tariqa hal etmakchi bo‘ladi. Bu haqiqat ham Ozod domla aytmoqchi, Oybekning tom ma’noda “Millatni uyg‘otgan adib” ekaniga yana bir shohidlikdir.
Albatta bu isyonlar, goh Yo‘lchi, goh Navoiy, goh Bektemir va goho, yovvoyi tabiat mo‘jizasi na’matak misolidagi da’vatkor ruh qattol zamonaning gumashtalari nigohidan chetda qolishi mumkin emasdi. Xalq mehrini qozongan adibni jismoniy mahv etishdan ko‘ra majruh etish ma’qul topildi. Oybek ijodkor uchun so‘zlash va yozishdek tansiq ne’matdan, tiriklik tirgagidan mahrum etildi. Uni zamona qush tilida so‘zlashga mahkum etdi. Ammo bukolmadi, sindirolmadi. U so‘ngsiz sahrolarda yuksak parvozdagi sor misol sassiz, ammo o‘tkir nigohlari bilan “Nur qidirib” ko‘hna Osiyo sarhadlarini kezindi, gohi uzoq moziyga, gohi “Bolalik” beg‘uborliklariga yukindi, “Ulug‘ yo‘l”ni izladi. Bu yo‘l boshlarida gohi sohibqiron Temurbekni, sultoni g‘oziy Husayn Boyqaroni, Nizomiddin Alisherni, ozurda jon Zahiriddin Muhammad Boburni ko‘rmoqchi bo‘ldi. Gohi esa shahid og‘alari ma’rifatparvar Munavvar qorini, Sidqiy Xondayliqiyu Tavallo, Abdulla Avloniy, Mirmuxsin Shermuhamedovlarni topmoqchi bo‘ldi.
Hazrat Navoiy umr nihoyasida “Lison-ut tayr” atab, “qush tili”da o‘lmas doston yaratganidek, Oybek ham hayotining so‘nggi o‘n yetti yili davomi ilhom va tafakkur yolqinlarini qush tilida shivirlab, Zarifaxonim dasxatlari bilan yana qariyb o‘n jild asarlar yozdi. Biri-biridan tilsimli, mahobatli romanlar, qissalar tugallangan va yakunlab ulgurilmagan dostonlar, falsafiy she’rlar yaratdi. Bular ham aslida uning millat g‘amidagi zahmatlari, xalq xotirasini saqlash yo‘lidagi vijdon epkinlari edi.
Oybek hazrat Navoiy yoshiga borib zamona “o‘yin”laridan toliqdi, biroz tin oldi. Oltmish yillik hayot yo‘llarining yovuzligu ezgulikning, zulm va adolatning, tubanlik va yuksaklikning kurashlarida orttirgan bilim, tajribalarining, ko‘rgan-kechirganlarining sarhisobini qildi, barini ulug‘ donishmandlikka yetib angladi. Ular bari o‘zi uchun yon daftar qatlariga bitiladigan to‘rt qator misralarga jo bo‘lishi mumkinligini ham sezdi.
Haqiqat soqovdir zaifdir inson
Toshlar ham yig‘laydi – sir to‘la osmon
Haqiqiy olam ne? Javob yo‘q hayhot!
Faylasuf to‘qiydi hisobsiz yolg‘on.
Oybek ana shu istig‘for pallasida, piri komilining yoshlaridan ikki-uch sana o‘tib bu dunyodan ko‘z yumdi. O‘zidan qutlug‘ va munavvar xotira qoldirib, millatini uyg‘onmoqqa, tenglar ichra teng bo‘lib, vijdon va g‘urur bilan yashamoqqa da’vat etib, ibrat bo‘lib abadiyatga yuz tutdi. Minnatdor avlod esa buyuk kelajagini bunyod etish yo‘llarida buyuk ajdodini saflarda bilib, Oybekka muhtasham haykal tikladi.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son