Ustoz xotirasi
Hech chidab bo‘lmayapti… Kechagina bor odam bugun jismonan yo‘q. Garchi borligida kunda-shunda yo‘qlab, rosmana oqibat ko‘rsatavergan bo‘lmasak-da, borligi, yashayotganligining o‘zi ko‘ngilga taskin, tasalli edi. Endi esa yo‘q, taskinu tasalliga ham, ojiz bo‘lsa-da, imkon qolmadi.
Janoza kuni safar tadorigida edik. Tong saharlab yo‘lga tushamiz degan mo‘ljallarni tumandek tarqatib, sovuq xabar keldi. Eshitdimu yaqinlarim o‘limi haqidagi xabardan ilk da’fada vujudimda paydo bo‘ladigan larzavor holat yana takrorlandi. Ichimdan nedir shuvillab to‘kilgandek bo‘ldi. Daf’atan xabarning o‘ziyoq esankiratdimi, harqalay yig‘i kelmadi. Ko‘z yoshlar keyin, yuz bergan hodisaning bor mohiyati asta-asta idrok etila boshlagach keldi. Ustiga-ustak janozani o‘tkazib, mayitni qabrga qo‘ygach, safar yo‘liga tushib ketar ekanmiz, haydovchi yigit atay qilgandek, mashhur hofiz ijrosidagi “O‘zbegim”, “Inson o‘zing” qo‘shiqlarini magnitofonda qo‘yib yubordi… – mana endi qalbdagi mung vulqondek otilib faryodga aylandi, chekka-chekkada ko‘zlarni, yuzlarni burib, yashirib to‘kilayotgan unsiz ko‘z yoshlar, uvvos po‘rtanasiga evrilib, quyilib-quyilib keldi. Yurakni mislsiz azob, alam, yo‘qotish, yo‘qsizlik iztirobi tamomila egalladi. Ha, … sira chidab bo‘lmayapti… Ayniqsa, “O‘zbegim”ning ilk satri – “Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon” so‘zlari ohang bilan quyilganida toqat qolmadi…
Yo Xudoyo, na otang, na akang, birodaring, na-da bir qondosh-qarindoshing bo‘lmagan, o‘ttiz bir millionlik vatandoshlaring orasida biri bo‘lgan insonning vafoti shunchalar ham musibatli kechadimi odam qalbida? Olloh…, Olloh…, sabr ber, sobir et biz bandalaringni!
Alhazar…, alhazar…, nega, nega endi qonim, qondoshim, qarindoshim bo‘lmasin bu zot?! Ko‘zim usti qoshim bilan qabog‘im orasidagi bir azizim, yaqinim-yaqinlardan yaqinim, dilimdagi tuyg‘um, tomirdagi qonim edi-ku, axir!… Yurtdoshlarim qatori kaminaga ham Vatanni sevishni, millatga xizmat qilishni o‘rgatgan, el oru nomusi va vijdoni, demakki mening, uning – bizning ma’naviy padarlarimizdan edi-ku bu ulug‘ zot. U men va men kabi ne-ne vatandoshlariga fuqarolik saboqlarini berib o‘tdi bir umr. Ha, shunday cho‘ng saboqlarki, uni so‘z bilan aytib, adog‘iga yetish qiyin.
Erkin Vohidov… – endi bu nom “rahmatli”, “marhum”, “go‘ring nurga to‘lgur”, “joying jannatlarda bo‘lgur” degan sifatlashlar, duolar bilan ta’riflanib, yod etilib, o‘tgan zamonning “edi” fe’li bilan tilga olinadi. Umr degan Odamatodan kelayotgan ko‘hna ne’matning bori bisoti, xulosa – yakuni shu – xotira, xotira, xotira…!
Men o‘zi qachon tanigandim Erkin akani? Bizdan bir ko‘cha naridagi 22-o‘rta maktabda Erkin Vohidov o‘qigan, degan iftixorga to‘liq ma’lumotni kimdir aytganida ikkinchi sinf bolasi – mening qulog‘imga o‘sha nom ilk bor eshitilganmidi?! Yoki xolamning o‘g‘li Fazliddin akam uylanganida “Suzik ota” mahallasida “ijarada yashab turgan bo‘ydor qotma student yigit rubob ko‘tarib chiqib, to‘yda ilk bor “O‘zbegim”ni aytganida Erkin Vohidov nomi takror xotiram bisotiga kirganmidi?! Balki bular ilk xabar – ma’lumotdir. Ammo dastlab idroklash darajasida his qilganim 1969 yil Shohista opamning to‘yida Taxtapuldagi hovlida osh berganimizda hofiz Umar Otayev asosiy mehmonlar oqimi kelib-ketib, o‘zimiz-xassakashlar qolganda ularga “O‘zbegim”ni o‘z talqin-ijrosida aytib berganida ro‘y bergandi, chamamda. Ha, ha, shunda. Eski toshkentliklar “O‘zbegim”ni ilk bor qo‘shiq qilib aytgan kim edi, degan bahslar ketganda, marhum Umar Otayevni tilga olib, bu hofizning keyingi taqdirida “O‘zbegim”ning ta’siri bo‘lganini naql-rivoyat qilib yurguvchi edilar, odatda. Demak, Erkin Vohidov nomini eshitganimga yarim asr, mashhuri olam – faxriyasini idrok eta boshlaganimga qariyb ellik yillar bo‘pti… Ha, Erkin aka ma’nan qarindoshimga aylanib borganiga yarim asr – ellik yil bo‘libdi! Bir insonga bog‘lanib, mehr qo‘yib, bitiklari ko‘ngil bisotingga aylanib ketmog‘i uchun keragidan mo‘lroq muddat bu. Oriy haq…, darhaqiqat, shunday!
“So‘z latofati” e’lon qilingach, “Kitob dunyosi” gazetasida tilimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan ziyolilarimiz orasida yaxshi ma’noda “shov-shuv” ko‘tarildi. Ko‘p o‘tmay bir turk tilshunos fan doktori, yana bir-ikki oy o‘tib andijonlik zabardast tilshunos, professor Abduhamid Nurmonovning munosabatlari matbuotda e’lon qilindi. Birlari xalqaro, ikkinchilari o‘z mamlakatimiz doirasida “So‘z latofati”ga jiddiy ilmiy-ommabop yo‘sinda deyarli bir xil ta’rif berdilar. Ya’ni, turkiy til, jumladan, o‘zbek tili qadri-qimmati, boyligi va ahamiyatiga har besh yuz yilda alohida e’tibor bilan yondashib, turkiy olamning eng nufuzli zotlari tom ma’noda xalq ma’naviy xotirasiga muhrlanguchi ilmiylik va ommaboplik mushtarakligida cho‘ng bir risolalar yaratib qoldirgan ekanlar. X asrda Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk”, XV asrda hazrat Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn”, XXI asr avvalida Erkin Vohidov “So‘z latofati” nomlari bilan. Boshqa tafsilotlariga berilmay, birgina besh yuz yil, besh asrlik raqamlar muqoyasasini mushohada etsak, demak, Erkin Vohidov salaflari asarlari har besh yuz yilda jamiyatda ehtiyoj paydo bo‘lib, g‘aybning inoyati bilan turkiy tilimiz qadru qimmati, boyligu darajoti haqida cho‘ng bir risola o‘laroq yaratilayotgan ekan, bilfaraz zamondosh shoirimiz, mutafakkirimiz risolasi ham besh asrga xizmat qilar ekan-da, inshoolloh. Binobarin, Erkin akaning “So‘z latofati” kamida besh yuz yil yashamog‘iga ishonging keladi. Modomiki, Olloh bergan iste’dodi nazm – she’riyat bo‘lgan zotning kichik bir risola – tafakkur mahsullari besh asrga yetgulik ekan, ijodining gultoji bo‘lmish she’riyati, badiiy so‘zining umri qancha bo‘lar ekan? Hoynahoy, besh yuzni o‘nga, yuzga… ko‘paytirib, hatto shaxd etib, o‘zbek bor ekan, u turguncha turadi, yashaydi, deya baralla aytsak, mubolag‘aga yo‘yilmas, inshoolloh. Hech bo‘lmasa, shunday faraz, taxmin qilmoqqa, entikib, orzulab, o‘zimizcha bashorat qilmoqqa jilla qursa kamina faqirning haqqim bordir?!
Bu kunlardan uch yilcha avval Erkin aka bilan hukumat kasalxonasida bir paytda davolanib qoldik. Muolajalargacha tongda bir qur, keyin oqshom payti kasalxonani bor bo‘yi uch-to‘rt aylanamiz. Eh-ha… Bu suhbatlar… ajib dildorliklar..! Hazrat Navoiy satri yo bayti bilan boshlanib, shu alfoz tugaydi. Har safar ustoz bir fikrni bot-bot takrorlaydilar: “Hazrat bu dunyoning odami emas. Bu bitiklar odam bolasining qo‘lidan kelmaydi”. So‘ngsiz hayrat va cheksiz oshuftalikning iqrorlari edi bu so‘zlar. Bandai ojiz, g‘iybatnamo biror gap aralashib qolsa, darhol yana she’r, badiiyat olamiga shoti tiklanar, shu arzimas umrga mayda-chuyda gaplar ne kerak, Yaratganning mo‘jizalariga boqsangiz-chi, deya biror gul, daraxt va yana nedir nabotot olamiga doxil yaratiqlardan bahonai sabab so‘ylab ketar, suhbatdosh e’tiborini nuqul o‘zi kabi yuksak materiyalarga tortishga urinardi. Mustaqillik yillarining sinovlaridan, uning naqadar tansiq ne’mat o‘laroq kutilgani, orzulanganiyu hamma ham ko‘p-da bilavermaydigan o‘ta nozik diplomatik “o‘yin”lar, “protokol” deb ataluvchi saroy tartibotlari, shu tartibotlar ichra yurtimiz rahnamosining ne-ne murakkab vaziyatlarda g‘urur va sharaf bilan mamlakatimiz mavqeini poydor etgani, nufuzini oshirgani borasida vazmin, mushohadakorlik bilan hikoya qilardilar. Shunday damlarda ijikilab, kerak-nokerak savollar beraversak, “Xirad ahli rostdin o‘zgani demas, Vale har rost ham degulik emas”, deya Hazrat bayti bilan besabr hovurimizga mulohaza suvini sepib qo‘yardilar. Tanballik qilib, qog‘ozga solib qo‘ymaganimiz o‘sha dilkash lahzalar naqadar totli va farahli edi… Gapu gashtak, turli izdihomlardagi o‘shanday fayziyob suhbatlar-chi? Eh-he, nafaqat kamina, o‘sha doiralarda ishtirok etib qolgan yana qancha qalam ahli o‘z vaqtida qog‘ozga tushmagan xotiralar uchun hozir armon qilayotgandir. Fursati yetar, kelgusida xotiralar yozilar. Kamina ham Erkin akaning so‘nggi bir yildagi umrguzaronliklariga doir bir-ikki xotiralarni qog‘ozga tushirib, ular haqidagi “Zamondoshlar nigohi” kitobiga berdim. Qo‘lyozma holida o‘qibdilar, o‘zlari va o‘g‘il-qiz, jami oilalari nomidan minnatdorlik bildirdilar. Mana o‘sha bitiklar.
Yo‘l iztirobi
Ustoz Erkin Vohidov haqida so‘z aytish ularni bilgan, tanigan, binobarin, tom ma’nodagi muxlisiga aylangan odam uchun o‘ta mas’uliyatli ishdir. Chunki allaqachonlar millatning faxri-g‘ururi bo‘lib, hayotligidayoq afsonavash ta’riflarga ko‘milgan inson haqida gapirish oddiy yumush emas. Shu bois, qo‘rqa-qo‘rqa qo‘limga qalam olib, qanday ta’rif bersam o‘zgalarnikidan farqli, yangi fikr ayta olaman deb, bir necha haftadan beri urinib-surinib yotibman… qani biror osmoniy tavsifu ohorli kalom kelsa. Xayollarimga qanot, turtki berarmikan deb bot-bot kitoblarini varaqlayman. Suydigim – 2006 yili 70 yilliklariga o‘zlari saralab tayyorlagan “O‘zbegim” to‘plami qo‘limda.
“Aziz va muhtaram Shuhratilla Rizayevga yuksak ehtirom, samimiy mehr va minnatdorlik tuyg‘ulari ila muallifdan. Erkin Vohidov 28 dekabr, 2006 yil”.
Ana shu dastxat bilan qirmizi muqovalik “O‘zbegim” to‘plamini Erkin aka tavallud sanalari nishonlangan kunlarda tuhfa etgan edilar.
Gap shundaki, Yurtboshimizning ko‘rsatmalari bilan shu kezlar Erkin Vohidov yubileyini o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar belgilanib, Vazirlar Mahkamasining bayonnomasi qabul qilindi. Respublika bo‘ylab bu qutlug‘ sanani nishonlash, yakunida Milliy teatr binosida tantanali kecha o‘tkazish rejalashtirildi. Kamina shu ishlarga jalb etilib, yakuniy kecha bilan bog‘liq masalalarga mas’ul edim. Tabiiyki, yubilyar bilan kechani o‘tkazish, so‘zga chiquvchilar, kontsert dasturi kabi qator masalalarda mashatlashib olish uchun tez-tez uchrashib turishga to‘g‘ri keldi. Har safar ko‘rishganimizda Ustozni birinchi gaplari shu bo‘lardi: “Nima bo‘lsa ham kamtarona bo‘lsin. Ortiqcha dabdaba, sharaflashlar sira kerakmas. Shuhratjon, bilsangiz mening ilk she’rim kamtarlik haqida bo‘lgan:
Garchi shuncha mag‘rur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak.
Shunday ekan, manmanlik nechun,
Kibru havo nimaga kerak?
Kamtarin bo‘l, hatto bir qadam
O‘tma g‘urur ostonasidan.
Piyolani inson shuning – chun
O‘par doim peshonasidan.”
Shu satrlarni o‘qib, qayta-qayta ta’kidlab, taomil bo‘yicha ayollari bilan sahnada yaslanib o‘tirib, qutlovlar qabul qilishni, to‘nvozlik, sovg‘a-salomlar taqdim etish kabi holatlarni keskin rad etdilar. “Abdullajon (Oripov) – uyushmamiz raisi, lozim topsalar, ikki og‘iz so‘z aytib boshlab bersalar, Ibrohimjonmi (G‘afurov) yoki Umarali aka (Normatov) 5-10 daqiqalik olimona chiqish qilsalar bas, u yog‘iga go‘zal qo‘shiqlar, raqslardan iborat kontsert dasturi bo‘lsa, odamlar maza qilib tinglab, tomosha qilib huzurlansalar, shu kifoya. Bundan boshqasini qo‘yinglar… ”
Yubileydan yubileygacha yashaydigan adiblar bor. Qilgan-qilmagan ishlari uchun alyorlar eshitib, sahnada yalpayib o‘tirishni, raqqosayu xonandalar ta’zim qilib, hurmat bajo etishlariga yanada havolanib, zaldagi do‘st-dushmanlariga kibrlanib qarab qo‘yishni xush ko‘radigan va bu mashg‘ulotning obdon hadisini olgan kimsalar bor. Boshlab, viloyatlarga borib, “o‘lpon” yig‘ib kelib, tuman yo viloyat hokimlaridan bir nimalar undirib, so‘ngra poytaxtda as’asayu dabdaba uyushtirishga odatlangan “uchar” yozg‘uvchilar ular. Qarangki, o‘zbekning buyuk zamondosh shoiri har qanday dabdabaga qarshi borib, hatto sahnaga chiqishdan ham tortinib tursa. Yana bunga azbaroyi mamlakat rahbarining ko‘rsatmasi bo‘lgani uchun rozilik berib, shunda ham kamtarona tadbir o‘tkazilishini uqdirib, talab qilsa…
“O‘zbegim” to‘plami, yuqorida qayd etganimizdek, Erkin Vohidov yetmish yoshiga qadar e’lon qilgan she’rlarining eng saralari jamlangan tabarruk, ustoz Shayxzoda ta’biricha “nuroniy hosil” xirmoni. Biror sahifasini qoldirib o‘qib bo‘lmaydi. Hayotlarining bu kabi donishga to‘lgan nuroniy pallalarida Oybek domla “Quyoshli qalam”, Mirtemir “Izlaganim” to‘plamlarini o‘z qo‘llariyu qalb qo‘ri bilan bitta-bitta ajratib tartiblagan edilar. Bular muxlislariga o‘ziga xos hisobotlari, hatto vasiyatlaridek edi go‘yo. Erkin aka buni ochiq e’tirof etib, kitobni “qalb sarhisobi” deb nomlagani quyidagi satrlar bilan boshlaydi:
Ey sen, latif do‘st, bu senga
Umrim kitobidir,
Balki kitob emas, umru
Qalb sarhisobidir.
Qalb sarhisobi – bu o‘tgan yillarning oddiy solnomasi emas. Yoki qilingan ishlarning mazmun – salmog‘ini ko‘rsatish, umr kechmishlarini qayd etib xulosa yasash, jo‘yali falsafa, kerak ibrat aytish emas. Bu fanoyu baqo nisbatlarini anglab, kelmakdin murod neku, ketmakdin muddao ne, tiriklik, hayot atalmish manzil-maskanning ikki eshigi oralig‘ida “Sen kim eding, kim bo‘lding, ey dil” degan so‘roqlariga iztirob ila javob izlamoqdir.
Bir shahr nomi Ibtido,
Bir shahr Intiho.
Jonimda ikki shahr aro,
Yo‘l iztirobidir.
Shu yil 2015 yil 22 sentyabr kuni ustozning solih farzandlari Xurshidbek o‘g‘lini uyladi. To‘y oqshomi va nihoyat bir necha oy sirtdan holu ahvol so‘rab yurishliklardan so‘ng, shukurki, Erkin akani yuzma-yuz ko‘rib, ziyorat qilish imkoniyati tug‘ildi. Oldilariga yaqinlashar ekanman, o‘sha “ikki shahr oralig‘idagi yo‘l iztirobi”ni ko‘rgan, tuygandek bo‘ldim. Ustoz bilan davralarda, avvallar muntazam, keyinroq biroz betoblanganlari bois, unda-bunda imkon qadar ko‘rishib turamiz. Hamisha bir xil – tetik, mulozamatli, ozoda, ziyoli nigoh, salobat va shahdda ko‘rib ko‘nikib qolgan ekanmanmi, bu safar jussalari biroz chog‘roq, rang qiyofalarida surunkali muolajalarining asorati ifoda topgan edi. Ha, bu o‘sha Ibtido va Intiho otliq shaharlar orasida bosib o‘tilgan yo‘llarning iztirobi edi. Nazarimda, shoir yetmish yoshida emas, endi – orada qariyb o‘n yil o‘tib – sakson arafasida yo‘l azoblarining zaxmini yuzaga chiqargandek tuyuldi. Yelkalaridan quchib, tavof etarkanman, qalbimdagi titroq, fikratimdagi mung diltang ahvolga soldi meni, beixtiyor ko‘z qaroqlarim yiltilladi. Shu kayfiyatda to‘yxona to‘ridagi chekkaroq ziyofat dasturxoniga borib o‘ltirdigu, hamma jim, barchaning nigohi goh oshkora, goh zimdan ustozda. To‘yxona bo‘ylab esa shovqin-suron, kelin-kuyov tashrifi arafasidagi kuy, raqs, qo‘shiqlar. Yonginamda mashhuri zamon sozanda, bastakor Abduhoshim Ismoilov. Baraka topgur, ne bir hunar ko‘rsatib davradagi huzunni ko‘tarsam deydi. Baxtimizga Zulayho (Boyxonova)ning ustoz g‘azali bilan aytadigani sho‘x-sha’n “Bir qadam” qo‘shig‘i yangrab qoldi:
Ikkimizning o‘rtamizda
Yo‘l, diloro bir qadam,
Shunchalar mushkulmi qo‘ymoq
Senga, zebo, bir qadam.
Abduhoshim aka, odatdagidek, o‘zi yaratgan ohangdan sarxushlanib, o‘ltirgan yerida beixtiyor qo‘llarini o‘ynatib, muqom qila boshladi. Qarshisidagi Erkin aka ham o‘ltirgan joylarida bu harakatga jo‘r bo‘ldilar. Va sozanda akamizning qistovi bilan o‘rinlaridan turib, tik turgancha, zavqlanib qo‘llarini raqsga muvofiqladilar. Shu tob yonimizdagi ayollar o‘tirgan stoldan ayollari Gulchehra opa zavjlarining ruhiyati yengillashib, zavqlanayotganlaridan zavqlanib, ular ham bir joyda turgancha o‘ynab berdilar. Qo‘l harakatlari asnosida Erkin akaga bori minnatdorliklarini izhor etib, go‘zal ishoralar qildilarki, bu ham zavqli shukronalik…, ham ne bir taraddud shavqidek edi go‘yo… Ha, garchi bu o‘rinda “shavq” tushunchasi g‘alat tuyulsa-da, ayni damda kamina anglagan holat-daqiqalar shunday edi. Erkin aka shu tobda ham benazir edi. O‘z borligi-holatidan davraga cho‘kayotgan mahzunlikni his etib, qulay imkoniyat tug‘ilishi bilan o‘ziga har qancha og‘ir kelsa-da, atrofidagilarga rosmana to‘y-tantana kayfiyatini bag‘ishladi, atrofni gulgun etdi. Gulchehra kelinoyidan tortib Xurshidbeku qizlari, kelinlar, qarindosh urug‘-yaqinlar, do‘st-yoron barcha yengil tortib, ulkan izdihomga singib ketdi.
Hozir, orada o‘n-o‘n besh kun o‘tib, shularni o‘ylasam, ustoz Erkin Vohidov nainki oilasi, do‘st-yaqinlari, balki bari millatni qariyb oltmish yildan beri shu yo‘sin uyg‘otib, jonlantirib, shavqlantirib kelayotgan ekan, garchi bu o‘ziga chandon og‘ir, dardli, iztirobli bo‘lsa ham…
* * *
…Janoza o‘qilishidan oldin vidolashuv so‘zlari aytildi. Yurtboshimiz shoir oilasi va biz – barcha muhibu muxlislarga taskin-ta’ziya yo‘llab, Erkin akani yuksak sifatlar bilan ta’riflab, yod etibdilar. Izdihomning barcha ishtirokchilari qalbida aks-sado bergan bu ta’riflardan to‘lqinlanib muftiy hazratlari “Azizlar, zamonamiz Navoiysini dorul baqoga kuzatayapmiz, duoga qo‘l ochaylik” deganida jamoa yana bir qalqdi, diydalar yana yumshab, ko‘zlarga yosh keldi…
Xayolan ustozni Hazrat xuzurlariga kirib borayotgandek tasavvur etdim. Ne derdilar, agar shunday imkon yaralsa? Siz bani bashar dunyosida o‘tkargan bori 60 yillik umringizni lahzayu daqiqalarigacha to‘liq nisor aylagan xalqingiz bugun O‘zbekiston degan hur mamlakatda o‘ttiz bir milliondan ortiq – el bo‘lib, millat bo‘lib, siz boshga ko‘targan, o‘lmas bitiklaringiz bilan bot-bot tasdiq etgan o‘zbek tilida so‘ylashib, ulug‘ shoiriga minnatdorlik rozini aytib yuribdi dermidingiz?! Nedandir kuyinib, nedandir suyinib, goho bor, goho dushvor tashbehu tamsillardan tob olib, dunyoyi bebaqoning chamanzorlarida chah-chahlab davron surayapti deya mujdalar yetkazarmidingiz… Biloishtiboh, bandalik bois, barchamiz uchun tazarru, istig‘forlar aytib rozi dil qilarmidingiz?!
Ustoz, bugun bor millat, mamlakatimiz xalqi Sizni arshi a’lolarga uzatarkan, oxiratingiz obod, ruhingiz shod bo‘lmog‘ini qalbdan istab vidolashadi. Zero Siz-da Hazrat bobomiz kabi umringizni shu o‘zbek deb atalgan el, yurt, millatga baxshida etib o‘tdingiz. Nomingiz, hassos so‘z va haroratli otash she’rlaringiz har birimiz bilan birga yashaydi. Bilhaq, mudom o‘zbek bor ekan, Erkin Vohidov nomi-da bor bo‘ladi!
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 5-son