O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shuhrat Orifning “Shom tovushi” nomli kitobi chop etildi. Yangi to‘plamda lirik qatralar, falsafiy fikrlar hamda hayotiy kuzatuvlar jamlangan. Kitobni o‘qigan adabiyot muhiblari o‘z yo‘liga ega shoir deya e’tirof etilgan muallifni hayot dolg‘alarida toblangan faylasuf o‘laroq kashf etsalar ajab emas. Quyida “Shom tovushi”da jamlangan falsafiy-lirik qatralardan namunalar chop etmoqdamiz.
Eslatib o‘tamiz, bu – Shuhrat Orifning ikkinchi kitobi. Bir muddat avval uning “Men asli odammas, yor edim” deb atalgan she’riy to‘plami nashr qilingan edi.
Oshiqlikda birlik bor, birgalik yo‘q.
***
Qalb savollar bilan yuksaladi.
Javoblarga shoshilmang.
Eng avval sizni yuksaltiradigan savollarni toping.
Sizni manzilga javoblar emas, savollar olib boradi.
***
Farzandingizga qanday yashashni emas, qanday his qilishni o‘rgating.
His qila olmasa, yashashning ham keragi yo‘q.
***
To‘zg‘imay turib, butun bo‘lolmaysiz.
Parchalana olganlargina butunlikni istaydilar…
***
Atrofingizga boqib xijolat chekmang.
Qayerda unishingiz sizning tanlovingiz emas.
***
Gul gulzorda, tuvakda yoki shisha idishda o‘ssa ham, baribir – gul!
Gulning qayerda o‘sgani uning qiymatini aslo tushirmas.
***
Qo‘l nur taftini his qilsa, titray boshlaydi.
Qalb nur taftini his qilsa, ingray boshlaydi…
***
Agar hayot tarzingiz boshqa birovlarnikiga ikki tomchi suvdek o‘xshasa, demak, siz hamma qatori odamsiz!
***
Har bir kunning sizga aytar so‘zi bor.
Siz yo eshita olmayapsiz, yoki tushunmayapsiz.
***
Xotirangizda nimalardir yashayaptimi, demak, siz o‘sha lahzalarda rosmana yashagansiz.
***
Bolalikda qanday yurishni o‘rgatishadi, balog‘atga yetganingizda esa qayerda yurishni…
***
Ayol kim uchundir huzur.
Kim uchundir qusur.
Kim uchundir nur…
***
Taqdir poyezdining temir izlari, ehtimol, avvaldan qurib chiqilgandir. Lekin unga bekatlarni o‘zimiz barpo etamiz.
***
Siz munosib bo‘lavering, sizga munosibi o‘zi keladi…
***
Yo‘qotishdan hech qachon qo‘rqmang.
Yo‘qotmasangiz – topmaysiz!
***
Dengizni ko‘rgan odamlar boshqacha bo‘ladi. Ular to‘lqinlar borligiga, o‘zlari ham to‘lqin bo‘la olishlariga ishonadi.
***
Tarozida shunday muvozanatni topingki, ikki dunyoda ham g‘oliblar safida bo‘ling.
***
Taqdirda tasodiflar bo‘lishi mumkin, lekin taqdirning tuhfalari tasodifiy emas.
***
Chiroyli keladiganlar ko‘p.
Chiroyli ketadiganlar kam…
***
Do‘st ko‘p bo‘lishi mumkin. Lek hamroh bitta bo‘ladi!
***
Hayot o‘z so‘zini aytmasidan avval siz o‘z so‘zingizni ayting!
***
Shoshmang.
Yugurmang.
Lekin Yo‘ldan qolmang.
***
Baxt beradigan dardlar bor.
Dard beradigan baxtlar bor…
***
Yorni yo‘ldan izlamang. Uni manzilda topasiz…
***
Sevgi dardlar olib kelmaydi.
Dardlar sevgi olib keladi…
***
Eng muhimi – Yo‘lga chiqqaningiz! Manzilga yetish-etmaslik keyingi masala.
***
Hammasini yolg‘izlikda topasiz. Yorni ham…
***
Manzilga yetgach, izlar yo‘qoladi…
***
O‘zingizni yo‘qotib qo‘ydingizmi, biling, sizni kimdir o‘zi bilan olib yuribdi.
***
Yaponiyadagi vulqon qirg‘og‘ida sakura daraxti qiyg‘os gullabdi. Shundoqqina vulqonning yonida! Chinakam shoirning hayoti ham aslida shunday kechadi. Shoir har qanday sharoitda ana shu sakuradek gullashi kerak. Eng kamida o‘z so‘zini aytishi, dunyoga qanday chiroyli gullashi mumkinligini ko‘rsatib o‘tishi lozim.
***
Inson qalbini ranjitmang. Har bir qalbda Xudo bor, axir!
***
Yaxshi odamlarga intilib ularga yaqinroq yursangiz, hayot sizda yaxshi taassurotlar uyg‘otadi.
Hayot haqidagi taassurotlar, aslida, odamlar haqidagi taassurotlardir.
***
Kunduz – odamlarniki; kecha – oshiqlarniki; kecha va kunduz – oriflarniki.
***
Tonggi shabnamdek bo‘ling: yomg‘irmisiz, suvmisiz, ko‘zyoshmisiz – bilolmasinlar.
***
Siz haqiqatni izlamang, umringiz behuda o‘tib ketadi.
Siz o‘zingizni toping – haqiqat o‘z oyog‘i bilan keladi.
***
Qalb ko‘zi ochilmas ekan, juda ko‘p darvozalar ochilmaydi.
***
Ismimizni odamlar, maqomimizni oshiqlar, qiymatimizni oriflar bilur.
***
Kimlarnidir topib ranjiysiz,
Kimlarnidir yo‘qotib quvonasiz.
***
Qo‘lingizdan ketganga emas, dilingizdan ketganga achining.
Qo‘lingizdan ketganlar qaytadi, dilingizdan ketganlar minba’d qaytmaydi.
***
Har sohilga bosh uravermang.
O‘zingiz intilgan sohil bo‘lsin.
***
Ba’zan o‘ylar seni yuksaltiradi.
Ba’zan esa yuksalishlar seni o‘ylantiradi…
***
Yuksakda uchayotganlarga ko‘p ham havas qilavermang.
Balki ular qo‘nishga joy topa olmayotgandir…
***
O‘z olamingizni yarata olmasangiz, hechqursa, bir orolingiz bo‘lsin!
Qumdan bo‘lsa-da, o‘sha orolni quring!
Qaldirg‘ochdek og‘zingizda loy tashib bo‘lsa-da, quring!
Dunyoda yashaysiz, ul orolda esa nafas olasiz…
***
Qalbimizdagi gullar darddan ungan.
Ularni ko‘zyosh ila sug‘organmiz.
***
Ko‘p orzu qilavermang.
Yaxshisi, duo bilan yolvorib so‘rang.
Orzular – nafsning o‘gay bolalaridir…
***
Tomchi bo‘laturib dengizning shavqini beradiganlar ham bor!
***
Ayrim daraxtlar tabiatga kislorod tarqatgani kabi go‘zal qalblar ham atrof-javonibga yorug‘lik ulashadi. Shundaylarga yaqinroq yuring, birodar.
***
Oshiqlar – to‘lqinlar sohilga chiqarib tashlagan chig‘anoqlardir.
Ularning qalbida dunyodagi eng noyob marvaridlar yashirin.
***
Ko‘p o‘y surmang. Alhol, hammasi avvaldan o‘ylangan, o‘ylab bo‘lingan…
***
Umr bu – shovqin-suronli yillar emas, shivir-shivir lahzalardir.
Yillarni kuting va kuzating, lahzalarni esa seving.
***
Qalbingizda sabrdan sun’iy to‘g‘on tiklang. Ayrim hislarni to‘g‘on bilan to‘smasangiz, ular kutilmaganda toshib, hayotingizni ostin-ustun qilishi mumkin.
***
O‘ylaringizdan xijolat chekmasangiz, demak, siz yaxshi odamsiz!
***
Har bir inson – kimgadir atalgan maktub.
U juda muhim nimanidir yetkazishi kerak.
Har bir maktub albatta ochilishi va o‘qilishi lozim…
***
Kunlar – eshitilmayotgan unlardir.
***
Hissiyotlar ham qahvadek bir gap. Soviganda – yoqimsiz…
***
Umr – abadiy yo‘l!
Yo siz borasiz, yo sizga kelishadi.
***
Dunyo qiziq-da: tosh bo‘laturib jon bag‘ishlaydiganlar bor, gul bo‘lib jon oladiganlar…
***
Har bir kun – o‘zgarmoq uchun yangi imkondir!
***
Umrimiz – shunchaki xabar. Uni xushxabarga aylantirmoq lozim.