Shuhrat Hayitov. Turkiy xalqlar adabiyotida Bobur ijodi

Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur yashagan davr, uning hayot hamda ijod yo‘li haqidagi dastlabki ma’lumotlar o‘sha zamon va undan keyingi yillarda yozilgan manbalarda uchrasa-da,ijodini ilmiy tomondan tadqiq etish, asarlarini nashr ettirish ishlari, asosan, XX asr boshlaridan amalga oshirila boshlangan.

Zahiriddin Muhammad Bobur yashagan davr va o‘sha paytdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning turkiy xalqlar adabiyotida ifoda etilishi haqida so‘z yuritilganda, dastavval, Sayfi Chalabiy (1582-1583 yillarda vafot etgan) “Sayohatnoma”sini qayd etish lozim. Hindiston, Xitoy bo‘ylab qilgan safar taassurotlari asosida bitilgan “Sayohatnoma”Turkiya sultoni ­Murod III ga bag‘ishlagan. Asarda, asosan, XVI asrning birinchi yarmida Bobur va Shayboniylar o‘rtasida kechgan urush harakatlari, shuningdek, Boburning Shayboniy  Ubaydullaxonga yo‘llagan maktubi hamda uning Hindistonni egallashidan to Humoyun davrigacha bo‘lgan Hindiston tarixi tasvirlanadi. Ammo Bobur  ijodi haqida “Sayohatnoma”da  fikr yuritilmaydi.

Qardosh xalqlar adabiyotida Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini  o‘rganish, ilmiy akademik va ommaviy nashrlarini e’lon qilish 1915 yillarga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib turkiy xalqlar adabiyoti tarixida Bobur Mirzo ijodiga doir dastlabki ilmiy noshirlik ishlari turkiya­lik olim F.Ko‘prulu tomonidan amalga oshirilgan. Istanbulda shoir asarlari qo‘lyozma nusxasini topishga musharraf bo‘lgan olim bu qo‘lyozma haqida ma’lumot beradi, shu asosda 1915 yilda “Milliy tatabbular” majmuasining 2, 3 va 5-sonlarida “Boburshohning she’rlari” nomi bilan shoirning ayni davrga qadar ma’lum bo‘lmagan she’rlarini chop ettirib, Turkiyada boburshunoslik ilmiga asos soladi. F.Ko‘pruluning ushbu ishlari boburshunoslik tarixida ingliz sharqshunosi D.Rossning shoir she’riyati borasida amalga oshirgan ilk izlanishlaridan keyingi o‘ziga xos tadqiqot hisoblanadi.

F.Ko‘prulu Istanbulda topilgan Bobur kulliyotida “Risolai volidiya” asari, shuningdek, o‘zbek, fors tilida yozilgan she’rlar to‘plami, o‘zbek tilida nasr va nazmda bitilgan bir maktub, fors tilida yozilgan maktubdan parcha hamda “Aruz risolasi” borligini qayd etadi. U Bobur she’riyatini Husayn Boyqaro ijodi bilan qiyoslash orqali ustunlik jihatini ham ko‘rsatib o‘tishga harakat qiladi. Bu haqda esa olmoniyalik olima A.Shimmel “Boburshoh va oilaviy iste’dod haqida” nomli  tadqiqotida to‘xtaladi.

F.Ko‘prulu Bobur she’riyati, shuningdek, “Boburnoma”, “Aruz risolasi”, “Mubayyin” kabi asarlariga doir ham chuqur ilmiy izlanishlar olib borgan. Olimning Bobur va uning betakror ijodi borasida amalga oshirgan katta hajmdagi ilmiy asarlari shoir adabiy merosini o‘rganishdagi dastlabki qadamlardan sanaladi va ushbu tadqiqotlar keyinchalik yurtdoshlari Yu.Bilol, T.Seyhan, A.Bilkan, A.Alparslon kabi turkiyalik olimlar tomonidan davom ettirildi. Ammo u shoir she’riyatining badiiy xususiyatlari va undagi badiiy san’atlar haqida u qadar to‘xtalmaydi. Ayni xulosa keyingi turkiyalik boburshunoslarga ham tegishlidir. Ular asarlarning ko‘proq matn xususiyatiga, tiliga e’tibor qaratib, Boburshohning iztirobli armonlarga to‘la mahzun siymosini gavdalantirishga harakat qiladi.

F.Ko‘pruluning izdoshi bo‘lgan yana bir turkiyalik olim Rizo Nur tomonidan 1925 yilda Anqarada chop etilgan “Turk yurti” jurnalida “Bobur” nomli tadqiqot e’lon qilingan. Unda Boburning hayoti va ijodi, asarlari, xususan, “Boburnoma”ga oid ma’lumotlar kitobxonlar e’tiboriga havola qilinadi.

Turkiy xalqlar adabiyotida shoir asarlari, jumladan, “Boburnoma”ga oid navbatdagi tadqiqotlar O‘zbekistonda professor A.Fitrat tomonidan davom ettirildi. 1928 yilda asardan ayrim parchalar e’lon qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, F.Ko‘prulu, R.Nur va A.Fitrat tomonidan olib borilgan tadqiqotlar turkiy xalqlar adabiyotida Bobur ijodiga doir izlanishlarning ilk debochasi sanaladi.Ulardan to bugungi kunga qadar esa Boburning ko‘p qirrali shaxsiyati, “Boburnoma” va boshqa asarlariga oid ko‘plab ilmiy nashrlar yuzaga keldi. Turk, qozoq, ozarbayjon, turkman, uyg‘ur kabi qardosh xalqlar vakillari tomonidan Boburning “Boburnoma”, “Bobur devoni”, “Mubayyin”, “Risolai volidiya” asarlari tarjima nashr­lari tayyorlanib chop etildi.  Masalan, turkiyalik olimlar Yujel Bilol “Bobur devoni”ni (1995),  Tanju Seyhan “Mubayyin”ni (2004), Ali Fuot Bilkan “Risolai volidiya”ni (2001) turkchaga tarjima qilishgan bo‘lsa, turkmanistonlik olim Rahimmamat Ko‘rinov “Bobur devoni”ni va “Risolai volidiya”ni (2005) turkmanchaga, ozarbayjonlik professor Ramiz Asker “Boburnoma”va “Bobur devoni”ni (2011) ozarboyjon tiliga o‘girdi.

Turkiy xalqlar adabiyotida Bobur asarlarining tarjima nashrlaridan tashqari turli yillarda shoir asarlari, xususan, “Boburnoma”ning sohalar rivoji, fanlar taraqqiyotidagi o‘rni borasida ham qator ilmiy asarlar, dissertatsiya va risolalar yozildi. Ularda Boburning ilmiy, adabiy merosi va jahon madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi borasida keng mushohadalar yuritildi. Jumladan, Ali Alp Arslonning “Xatti Boburiy va unda yozilgan Qur’on”(1976), Mas’ud Shenning “Boburnoma”ning Kobul va Hindiston bo‘limlariga oid” (1993), Vohid Turkning “Bobur devonining til xususiyatlari”(2012), Ne’mat Jeylanning “Bobur asarlarida qo‘shma so‘zlar” (2007) mavzularidagi dissertatsiya­lari, Mehmet Turgutning “Boburnoma”da hayvonlar va ovchilik” (2008), Murat Yurdako‘kning “Boburning tibbiyotga oid qarashlari” (2008), Husayn Baydemirning “Boburnoma”da folklorizm va etnografik unsurlar” (2010) nomli monografiyalari, Munavvat Tekjanning “Turkiyada Bobur ijodining o‘rganilishiga doir” (2012), Olmos Ulvining “Bobur ijodi va uning ozarbayjon adabiyotida o‘rganilishiga doir” (2012), Islom Jeminiy va Abdulla Askariyning “Boburning jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasi” (2011), Asilbek Aliyevning “Bobur va uning farzandlari xususida” (2012)kabi qator tadqiqotlari yaratildi.

Ma’lumki, qardosh xalqlar adabiyotida “Boburnoma”ni ilk bor turkiya­lik olim Rashid Rahmati Arat tarjima qildi va ilmiy matnini tayyorlaydi (olim “Qutadg‘u bilig”, “Hibat ul-haqoyiq” asarlari tarjimoni hamdir). U payt asarning o‘zbek tilidagi birinchi nashri hali dunyo yuzini ko‘rmagan edi. Tarjimon asarni “Vaqoye” (Bobur xotiroti) nomi bilan 1943–1946 yillarda ikki jild holida nashr ettiradi va “So‘zboshi” qismida shunday yozadi: “Tilimizga tarjima qilinayotgan ushbu asar turkiy adabiyot tarixida o‘zining yetuk badiiy asar ekanligi bilan o‘ziga xos o‘rin tutadi. Uning uslubi oddiy va mardona, jonli va obrazli. Shu jihatdan bu asar Osiyoda yagona, chinakam tarixiy tasvir namunasidir”. Bu satrlar vatandoshimizga bo‘lgan yuksak hurmat-e’tibor namunasidir.

R.Arat tomonidan amalga oshirilgan ushbu tarjimaga professor Hikmat Boyir so‘zboshi yozgan. Unda “Boburnoma”ning o‘rganilishi, tarjimalari to‘g‘risida muxtasar ma’lumot beriladi. Olim, shuningdek, asar nomlanishi xususida ham bahs yuritadi. Bu borada o‘zigacha  bildirilgan fikrlarni tahlil etadi. Asar nomining turk tiliga “Vaqoyi” nomi bilan tarjima qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi va asarning asl nomi “Vaqoyi” ekanligini isbotlovchi  dalillarni keltiradi.  Bobur  asarning ikki o‘rnida “Vaqoyi” so‘zini qo‘llaganini aytib, quyidagi mulohazalarni yozadi: “Qo‘limizdagi qadimiy nusxalarda asarning nomi yozilmagan. Boburga oid bo‘lganligi sabab “Boburnoma” deb yuritiladi. Ushbu asarga berilgan turli nomlar A.S.Beverij xonim nashri so‘zboshisida qalamga olingan. Tilimizga o‘girilayotgan asarga Boburning o‘zi va Mirzo Haydar Mahmud qo‘llagan “Vaqoyi” nomini qo‘yishni eng to‘g‘ri deb bildik”. H.Boyir Boburning Hindistondagi faoliyatiga doir ham ma’lumotlar keltirib, “Boburnoma” voqealarining uzilib qolgan davrlariga ham diqqat qaratadi. U buning asosiy sababini ayni o‘sha yillarda kechgan hodisalardan izlaydi. Uningcha, hijriy 908–909 (milodiy 1503–1504) yil voqealari haqiqatdan ham yozilmagan, bunga jangu jadallar bilan band bo‘lgan Boburning vaqti bo‘lmagani sabab qilib keltiriladi. 1509 yilning mayidan 1519 yilning ikkinchi yarmiga qadar kechgan voqealar yozilgan bo‘lishi kerak, faqat turli sabablar bilan bizgacha yetib kelmagan, degan fikrni ilgari surish barobarida H.Mirzo, A.Beverij va D.Ross fikrlaridan iqtiboslar keltiradi. Olim 1520–1525 yil tarixi“Boburnoma”da to‘la aks etmagan, buni to‘ldirish lozim, degan xulosaga keladi. 1529–1530 yillar orasida kechgan o‘n olti oylik voqealar Boburshohning kasalligi tufayli yozilmay qolib ketgan, degan fikr ham Hikmat Boyirga tegishlidir. H.Boyir tomonidan bildirilgan bu izohlar keyinchalik turkiy xalqlar adabiyotidagi boburshunoslikka oid qator ishlarda ham uchraydi.H.Boyirning boburshunoslik ilmiga qo‘shgan hissasi tarjima so‘zboshisi hamda “Tarixiy ma’lumotlar” bobini yozganligi bilan baholanadi. U ayni bobda Amir Temur sulolasi, xususan, boburiylar davlati, ularning fan va adabiyot sohasida tutgan o‘rni haqida to‘xtaladi. Bunda olim “Boburnoma”ning Haydarobod nusxasi hamda “Akbarnoma” va  “Humoyunnoma” asarlariga tayanadi. Olimning Bobur hayoti va ijodiga doir bergan ma’lumotlari asar tarjimasining ikki yuz sahifadan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Ma’lumki, “Boburnoma”ning ilmiy nashrlari 1857 yilda N.Ilminskiy tomonidan e’lon qilingan Qozon bosmasi (Kir qo‘lyozmasi) hamda 1905 yilda A.Beverij tomonidan chop qilingan London nashri (Haydarobod qo‘lyozmasi) asosida tayyorlangan. Ta’kidlanganidek, O‘zbekistondagi ilk nashr professor Fitrat tomonidan 1928 yil asardan parchalar e’lon qilish orqali bajarilgan. Undan so‘ng “Boburnoma”ning o‘zbek tilidagi  birinchi nashri bilan S.Mirzayev, P.Shamsiyev va Ya.G‘ulomovlar shug‘ullanishdi.

Shubhasiz, Bobur asarlari ichida “Boburnoma” keng o‘rganilgan.  Asarni Mirzaxon ibn Bayramxon fors tiliga (1586;ayni paytda asarning fors tilidagi tarjimalari qo‘lyozma nusxalari soni 20 tani tashkil etdi), Vitsen golland tiliga(1705), J.Leyden, V.Erskin va A.Beverij, U.Tekston ingliz tiliga (1826; 1922; 1996), Pave de Kurteyl, Jon Lui Bakiye Grammon frantsuz tiliga (1871; 1980), Mirzo Haydar Ko‘ragoniy, Rashid Attor Navdiy urduchaga (1924,1962; 1965,1991), Rashit Rahmati Arat turkchaga (1946), Mixail Sale ruschaga (1958), Yugjit Navalpuriy hindiy tiliga (1974) tarjima qilganlar. Asar keyinchalik yapon, xitoy, arab tillariga ham o‘girildi.

Bugungi kundagi mukammal ilmiy-tanqidiy matnlar yaponiyalik olim E.Mano (1995) va S.Hasanov (2002) nashrlari hisoblanadi. “Boburnoma”ning tarjima va qo‘lyozmalari haqida “Bobur entsiklopediyasi”da aniq va batafsil ma’lumotlar keltiriladi. Unga ko‘ra asarning bugungi kunda o‘n yettita qo‘lyozmasi mavjud bo‘lib, asar shu kunga qadar o‘n yettita tilga tarjima qilingan (vaholanki, boshqa ko‘plab manbalarda bu borada turli tuman chalkash ma’lumotlar keltirilgan).Tarjimalarning esa turli yillarda qayta-qayta nashrlari amalga oshirilgan. Masalan, asarning birgina turkcha nashri shu kunga qadar o‘n martalab qayta chop etilgan, oxirgi nashrlar juz’iy tuzatishlar bilan e’lon qilingan.

Bobur ijodiga oid ayrim tadqiqotlarga alohida to‘xtalib o‘tsak. Bunda Ali Fuad Bilkan tadqiqotlari ham e’tiborga molik. Olim Bobur she’riyati haqida tadqiqot olib borgan, shuningdek, “Risolayi volidiya”ni turk tiliga (2001) tarjima qilgan. A.F.Bilkan Hindiston kutubxonalarida turkcha qo‘lyozmalar katalogini tayyorlagan. Uning shoir she’riyati haqidagi qarashlari “Bobur devoni” va “Boburnoma”da Hindiston hayotining ifodalanishi”, “Hindistondan keltirilgan turk adabiyoti” (1998), “Boburning “Risolayi volidiya” asari” (1999) nomli maqolalarida o‘z ifodasini topgan. Yana bir turk olimi A.Kabakli tomonidan tayyorlangan “Turk adabiyoti” xrestomatiyasining 2002 yildagi nashrida o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandalaridan Lutfiy, Alisher Navoiy,  Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Abulg‘ozi Bahodirxon hayoti va ijodiga doir ma’lumotlar beriladi. Aytish mumkinki, ushbu tadqiqotning yuzaga kelishida F.Ko‘prulu, R.Arat tadqiqotlarining ahamiyati katta bo‘lgan.

Yuqoridagi tarjima va tadqiqotlar orasida turkmanistonlik olim  R.Kurinovning ham alohida o‘rni bor. Tarjima Turkmanistonning o‘sha paytdagi Prezidenti – Saparmurat turkmanboshining bevosita tashabbusi bilan Turkmaniston milliy madaniyati “Meros” markazi va Turkmaniston milliy qo‘lyozmalar instituti ko‘magida olim R.Kurinov tamonidan 2005 yilda amalga oshirilgan. “Devon”ning tarjima nashridan turkmanboshining kirish so‘zi,“Devon”, “Risolai volidiya”hamda tarjimonning Boburning adabiy merosi haqidagi ma’lumotlari va Lug‘at bo‘limi o‘rin olgan.

Tarjimon Boburning adabiy merosi haqida to‘xtalar ekan, XIII-XV asrdagi siyosiy ahvol, ijtimoiy hayot, Boburshoh zamoniga oid muhim tarixiy voqealar, Bobur hayoti va ijodi, shajarasi, ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga doir jihatlar haqida to‘xtaladi. Bobur Mirzoning siyosiy mahorati, dinga munosabati, til va adabiyot sohasidagi yuksak bilimini e’tirof etadi. Buyuk sarkardaning Movarounnahr, Afg‘oniston va Hindiston o‘lkalaridagi faoliyati haqida qisqacha bayon qiladi. “Boburnoma”, “Aruz risolasi”, “Mubayyin”, “Risolai volidiya”, “Bobur Devoni”  va  ularning nashri, turkiy xalqlar adabiyotidagi o‘rni, o‘rganilish tarixi; shoir “Devon”ining yozilish tarixi hamda qo‘lyozma nusxalari, shuningdek, shoir kulliyotining Istanbul, Parij, Rampur, Tehron qo‘lyozma nusxalari haqida ma’lumotlar keltiradi.

Yuqoridagi fikrlardan ma’lum bo‘ldiki, turkiy xalqlar adabiyotida Bobur hayoti va ijodining o‘rganilishi boburshunoslik ilmida muhim o‘rinni egalaydi. Amalga oshirilgan tadqiqotlarda har tomonlama yondashish amaliyoti kuzatiladi. Bu kabi ishlar kelgusidagi tadqiqotlarda katta ahamiyat kasb etadi, albatta. Nazarimizda, bugungi kunda Bobur Mirzo ijodi yuzasidan qilingan bu kabi ishlarni bir tizimga solib tahlil va tavsif etish boburshunoslik ilmidagidolzarb masalalardan hisoblanadi.

 «Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 2-son