O‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur umrining ko‘p qismini ot ustida, jangu jadallarda kechirgan bo‘lsa-da, asarlarida ilm-fanning ko‘plab yo‘nalishlari: ijtimoiy-tabiiy fanlar, adabiyot, tarix, falsafa, fiqh, din ta’limoti, tilshunoslik, jo‘g‘rofiya, tabiatshunoslik, ma’danshunoslik, dehqonchilik, bog‘dorchilik va boshqa sohalarga oid hanuzgacha o‘z tarixiy hamda ilmiy ahamiyatini yo‘qotmagan ma’lumotlarni meros qilib qoldirgan. Masalan, “Boburnoma”da bir yarim mingdan ziyod shaxslar nomi zikr etilgan bo‘lsa, shundan, yetti yuz nafarga yaqini shohlar, hokimlar, amir-amaldorlar, din ulamolari, ilm-fan, san’at va adabiyot ahillari, dehqonlar, hunarmand va boshqa kasb egalaridir.
Bu shoh asarda, ayniqsa, ilm-fan, san’at va adabiyot ahillariga katta o‘rin berilgani alohida e’tiborga molik. Navoiy, Jomiy, Binoiy, Muhammad Solih, Hiloliy, Sayfi Buxoriy, Mir Husayn Muammoiy, Shayxim Suhayliy, Yusuf Badeniy, Ahmad Hojibek, Behzod, Sulton Ali, Xoja Abdullo Marvoriy, Shoh Muzaffar, G‘ulom Shodiy, Husayn Udiy kabi bir qator shoirlar va san’tkorlar haqida qiziqarli faktlarning mavjudligi bugungi kunda o‘sha davrni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Asarda shuningdek, 180 ga yaqin umurtqali hayvon nomlari, 150 dan ziyod o‘simliklar haqida qimmatli ma’lumotlar uchraydi. Shu bois ham Bobur Mirzo qoldirgan boy meros, ayniqsa, “Boburnoma” mana necha asrlardan buyon o‘zbek va dunyo olimlarining doimiy diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar dunyo olimlari tomonidan shoir hayoti va ijodiga daxldor 10 mingdan ziyod ilmiy asarlar yozilgan bo‘lib, keyingi yillarda ushbu tadqiqotlar bilan o‘zbek kitobxonlari ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu xayrli ishlarda Bobur xalqaro jamoat fondi va uning tasarrufida faoliyat olib borayotgan Bobur hayoti va merosini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning o‘rni beqiyosdir. Shu kunga qadar ekspeditsiya tomonidan 20 marotaba safar uyushtirilgan va bu safarlarning har biri Bobur hamda uning izdoshlari, shuningdek, boshqa tarixiy shaxslar hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganish, ularning tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosini aniqlab tadqiqot doirasiga kiritishda benihoya katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Andijondagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi esa bugun shoir hayoti va ijodini o‘rganishda asosiy ahamiyatga ega bo‘lgan manbalar maskani, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Noyob qo‘lyozmalar, kitoblar va tarixiy ashyolar o‘rin olgan ushbu maskanga Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning 2 iyun kundagi tashrifi xalqimiz, ayniqsa, boburshunoslik ilmi sohiblarini benihoya xursand qildi. Davlatimiz rahbari: “Har bir hududga borganda o‘sha yerning tarixini o‘rganish va tiklashga e’tibor qaratmoqdamiz. Bobur Mirzo xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, ma’rifat nuqtai nazaridan u hamon yashayapti. Bu maskanni yanada obod qilib, tarbiya o‘chog‘iga aylantirish zarur. O‘zligimizni anglab, buyuk tariximizni yoshlarga tushuntirsak, ilm-ma’rifatni rivojlantirsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz”, deya ta’kidlab o‘tgan edi. Bugun “Bog‘ishamol” nomi bilan mashhur mazkur istirohat bog‘i yanada obod qilinmoqda. Xususan, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi ta’mirlanib, faoliyati kengaytirilmoqda. Boburshunoslik sohasining galdagi vazifasi esa ushbu e’tibor va g‘amxo‘rlikka munosib bo‘lish, bobokalonimiz Bobur Mirzo hayoti va ijodining ochilmagan qirralari haqida mukammal ilmiy asarlar yaratishdan iboratdir.
Mirzo Bobur qalamiga mansub asarlarning bugunga qadar aniqlangan qo‘lyozma nusxalari asosan Frantsiya, Turkiya, Hindiston, Eron kabi mamlakatlar kitob fondlarida saqlanmoqda va ularning faksimelisi turli davrlarda zahmatkash olimlarimiz tomonidan yurtimizga keltirilgan. Masalan, ayni paytga qadar “Boburnoma”ning 17 ta qo‘lyozma nusxasi, “Bobur devoni”ning esa 9 ta qo‘lyozmasi topilgan bo‘lib, keyingi tadqiqotlarga ko‘ra shoir Devonining hali ilm ahliga ma’lum bo‘lmagan yana bir qo‘lyozma nusxasi ham mavjudligi aytilmoqda.
Ta’kidlash joiz, sharqshunos olimlar tomonidan boburshunoslik ilmiga ma’lum bo‘lgan qo‘lyozma manbalar asosida shoir hayoti va ijodining barcha qirralari qamrab olingan minglab ilmiy asarlar, risola va monografiyalar nashr etilib, ilmiy tadqiqotlar olib borilgan va bu ishlar bugun ham muntazam davom ettirilmoqda. Biroq, qancha ko‘p ilmiy izlanishlar olib borilmasin, boburshunoslik ilmida hamon ochilmay turgan qirralar ko‘p. Biz shu paytga qadar Bobur Mirzo hayoti va ijodiga oid amalga oshirilgan jamiki ishlarni e’tirof etgan holda bu borada hali yechimini kutayotgan ayrim masalalar haqida to‘xtalmoqchimiz.
E’tibor bersak, tengqurlarimiz va yoshlar orasida mumtoz adabiyotga, xususan, qo‘lyozmalar bilan ishlashga bo‘lgan qiziqish kam. Bu borada mutaxassis kadrlarning yetishmasligi, bo‘lsa ham sanoqli ekanligi afsuslanarli. Balki shuning uchundirki, boshqa ko‘plab nodir qo‘lyozmalar qatori Bobur Mirzo asarlari qo‘lyozmalariga ham kam e’tibor qaratilmoqda. To‘g‘rirog‘i, bugun matn bilan ishlash amaliyoti deyarli yo‘qqa chiqyapti. Qo‘lyozmalar tabdili va tavsifi bilan bog‘liq mavjud kamchiliklarni bartaraf etgan holda yagona bir ilmiy xulosalar beruvchi ilmiy tadqiqotlar juda oz. Masalan, Bobur asarlarining Parij, Istanbul, Tehron va boshqa qo‘lyozma nusxalari haqida maktab, kollej, akademik litsey va yana qator darslik hamda o‘quv qo‘llanmalarida “Ulug‘ shoir 1519 yilda Kobulda, 1528–1529 yillarda Hindistonda she’rlar to‘plamini tuzgan. Bu ikki to‘plam o‘sha joylar nomi bilan “Kobul devoni”, va “Hind devoni” deb ataladi. Ammo bugunga qadar “Kobul devoni” topilgan emas” tarzidagi ma’lumotlarga duch kelamiz. Vaholanki, shoir aslida bitta devon tartib etganligini bilmaymiz. Haliyam ming shukrki, keyingi yillarda “Bobur entsiklopediyasi”ning tayyorlanib, keng omma va ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etilishi bu kabi yuzlab xato va chalkash fikrlarga oydinlik kiritdi.
Bugunga qadar “Boburnoma” dunyoning 17 ta tiliga o‘sha millat vakillari tomonidan tarjima qilingan (Vaholanki, bu ma’lumot ham turli manbalarda har xil keladi. Masalan, dunyoning 22 ta, 31 ta, 41 ta tiliga tarzida. Aslida “Bobur entsiklopidiyasi”dagi eng oxirgi ma’lumotga ko‘ra, asar dunyoning 17 ta tiliga tarjima qilingan va ayrim tarjimalarning qo‘lyozma nusxalari bor. Masalan, birgina forscha tarjimasining 20 ta qo‘lyozma nusxasi mavjud. 17 ta tilga qilingan har bir tarjima esa turli davrda qayta-qayta nashr etilgan). “Boburnoma”ga mana necha asrlarkim katta qiziqish bilan qaralib kelinayotganini, xorijiy tillarga qilingan tarjimalari qayta-qayta nashr qilinayotganligini ko‘p bora iftixor bilan tilga olamiz. Aslida ham shunday. Bu bizning kimligimizni, qanday bir ajdodlar avlodi ekanligimizni yaqqol ko‘rsatadi. Ammo shu bilan birga tarjimalardan son-sanoqsiz kamchiliklar topamiz. Manbani qiyosiy tahlil qilish, kamchiliklarni ko‘rsatish, to‘g‘rilash ham bir ilm. “Boburnoma”ning ingliz, frantsuz, rus va turk tillariga qilingan tarjimalari ayniqsa, kamchiliklardan xoli emas.
Yaponiyalik olim Eji Mano yozadi: “Dunyo olimlari “Boburnoma”ning faqatgina ikki e’tiborli manba – 1857 yilda N. I. Ilminskiyning Qozonda va 1905 yilda A. Beverij xonimning Londonda amalga oshirgan nashrlarini tiklashga intilganlar. Ularning kamchiligi asliyatni arab alifbosida ko‘rmaganliklaridandir”. Bu o‘rinda yaponiyalik olim fikrlarini to‘g‘ri deb bilamiz. Chunki haqiqatdan ham “Boburnoma”ning deyarli barcha ilmiy nashrlari asosida Qozon va London nashrlari turadi. Shu jumladan, turk olimi Rashid Rahmati Arat tomonidan qilingan tarjima ham aynan shular asosida yaratilgan. Bu yerda eng katta nuqson ikkala asos nashr ham arab alifbosida yozilmaganligida namoyon bo‘ladi. Barcha tarjimalarda kishi ismlari, jo‘g‘rofiy nomlar ko‘rsatkichi, ayniqsa, Bobur Mirzoning farmonlari to‘laligicha keltirilmagan. Matnda ko‘plab uzilishlar bor.
E’tibor qilinsa, har qaysi tarjimalarda uchraydigan umumiy kamchiliklardan biri matn va so‘zni ilg‘amaslik, noto‘g‘ri tushunish, u so‘zning o‘sha tilda muqobili yo‘qligi bilan bog‘liq holda ko‘rinadi. Bu fikr asarning barcha tillarga qilingan tarjimalarga xosdir. Aslida bu kabi nuqsonlarni ko‘p aytamiz. Biroq savol bermaymiz: xo‘sh shuncha kamchilik bor ekan, nega biz o‘zimiz ularga nuqsonsiz tarjima qilib taqdim eta olmaymiz? Nega endi, Bobur asarlarining orasida faqat “Boburnoma”gina xorijiy tillarga tarjima qilingan? Demak chet ellik sharqshunos olimlar bu asarga katta qiziqish bilan qaramaganida, mayli kamchiliklarga yo‘l qo‘ysada tarjima qilmaganida, nashr ettirmaganida shu kunga qadar bu buyuk asarni dunyo ommasi bilmas ekan-da? Bundan tashqari, shoirning boshqa asarlari, deylik, she’riy asarlarini xorijiy tillarga mukammal holda nega tarjima qilmaymiz? Bu kabi savollar ko‘p.
Tan olish kerak, olimlarimizning keksa avlodi boburshunoslik sohasida qator salmoqli ishlarni bajardi va bugun ham ular tomonidan muayyan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Masalan, zahmatkash olimlarimiz: Hamid Sulaymonov, Porso Shamsiyev, Sabohat Azimjanova, Abdurasul Abdug‘afurov, Aziz Qayumov, Saidbek Hasanov, Zokirjon Mashrabov, Hasan Qudratullayev, Abdulla A’zamov, Vahob Rahmonov, Hamidulla Boltaboyev, Ne’matullo Otajonov, Ergash Ochilov kabi ko‘plab adabiyotshunoslar Bobur Mirzo hayoti va ijodini o‘rganish, qo‘lyozma nusxalarini qidirib topish va ularni ilmiy iste’fodaga kiritish yuzasidan qator tadqiqot ishlari amalga oshirgani, mazkur ishlar keyingi bu boradagi ilmiy izlanishlarga ham asos bo‘lib xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlash joiz.
Afsuslanarlisi, bugun yoshlarga keng imkoniyat berilayotgan bir paytda, kamida 2–3 ta tilni mukammal biladigan yosh mutaxassislarimiz mavjud bo‘lgan bir sharoitda bu kabi sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganimizni hech bir bahona bilan oqlab bo‘lmaydi. Takror bo‘lsa ham aytish kerakki, matnni o‘rganish, uni qiyosiy tahlil qilish va shu asosida haqiqiy ilmiy fikrlar, mukammal asarlar, shu jumladan, Bobur to‘la asarlari to‘plamini yaratish borasida qilinadigan ishlar juda ko‘p. Boburshunos olimlarimiz tomonidan bir paytlar bajarilgan ishlardan ilhom olib ko‘chirmakashlikka berilib yuraveramizmi? Agar ularda ham nomukammallik bo‘lsa-chi, biz yaxshi, eng e’tiborli deb bilgan ilmiy tadqiqot, yo bo‘lmasa biz bilgan va o‘qigan adabiyotlarimizda ma’lumotlar xato ketgan bo‘lsa-chi, unda kimdir bu ma’lumotlarning aniq ilmiy faktini topib ilmiy iste’molga kiritishi kerak-ku? Jumladan, shu kunga qadar jamiki adabiyotlarda Bobur she’riyatining hajmi, janr xususiyatlari haqida turlicha fikrlar ilgari surib kelingan. Jumladan, shoir 400 dan oshiq she’riy asarlar yozgan deyiladi. Vaholanki, “Bobur devoni” turkcha tarjimasini kuzatar ekansiz, ular soni 600 dan oshishi ma’lum bo‘ladi. Balki bu fikrga ko‘pchilik qo‘shilmas. Biroq, eng muhimi ikki xil ma’lumot berilayotganligida. Xo‘sh, qaybiri to‘g‘ri? Harqalay bu yana o‘sha fikr, ya’ni qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmamiz yo‘qligi evaziga sodir bo‘lmayaptimikin? Bizningcha, shunday. Agar mavjud 9 ta qo‘lyozmani allaqachon qiyosiy o‘rganib shu asosda Bobur she’riy asarlarining mukammal to‘plamini yaratganimizda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmasdi balki, shoir she’riyati xususida yagona bir xulosa chiqarilgan bo‘lar edi.
Shunday holat, ya’ni Bobur hayoti va uning ijodi, asarlari qo‘lyozma nusxalari tabdili va tavsifi haqidagi ma’lumotlarda ham uchraydi. Demak, ko‘rinadiki, Bobur asarlari qo‘lyozma nusxalarining tadqiq etilishida farqlar bor va ular bugungi kun nuqtai nazaridan qayta o‘rganilishga muhtoj. Masalan, birgina “Bobur devoni”ning Parij nusxasini bir paytlar Aleksandr Samoylovich XVI–XVII asrlarga mansub deb qaragan bo‘lsa, Bloщe bu nusxa Kobulda 1515 yillarda ko‘chirilgan degan taxminni ilgari suradi. Turk olimi Yujel Bilol tadqiqotlarida ushbu qo‘lyozmada 87 g‘azal, 2 masnaviy, 65 ruboiy, 28 muammo (2 ruboiy, 26 musarra’ bayt), 1 qit’a, 9 tuyuq, 15 matla’, 3 masnu’ she’r, 2 tugallanmagan g‘azal, 1 nazm, 5 musarra’ bayt, 1 mufrad borligi aytilsa, professor Saidbek Hasanov qo‘lyozma, 51 varaq, (102 betdan) iborat. 89 tugal g‘azal, bir tugallanmagan g‘azal, 13 ruboiy, 1 masnaviy, 11 tuyuq, 1 qit’a, 29 muammo, 21 fardni qamrab olganligini aytadi. Ko‘rinadiki, Saidbek Hasanovning Parij nusxasi haqidagi tavsifi turk olimi Yujel Bilolnikidan farq qiladi. Xo‘sh, qaysi fikr to‘g‘ri? Demak, Bobur asarlarini o‘rganishdagi mavjud qarashlarda chalkashliklar bor. Ular nimalardan iboratu yechimi qanday bo‘ladi. Holbuki, bunday misollar yana ko‘plab kuzatiladi. Yo‘q, biz bu borada boburshunoslikdagi avvalgi tadqiqotlarni inkor etmoqchi emasmiz, aslo. Biroq vaqtning o‘tishi ilm-fanga oid yangicha qarash va ma’lumotlarning yuzaga kelishi, topilishi ba’zan eskilarini inkor etadi va ularga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritishga olib keladi, demoqchimiz. Masalan, afg‘onistonlik olima Shafiqa Yorqin tomonidan 2004 yilda tayyorlangan “Devon” bir muddat o‘z davriga qadar tayyorlangan nashrlar orasida mukammal deb hisoblangan. Bobur she’riyati, uning qo‘lyozmalari borasida olib borilgan chuqur tadqiqotlar, ilmiy-akademik nashrlar, jumladan, adabiyotshunos olim Ergash Ochilov tomonidan 2007 yil “Sharq” nashriyotida chop etilgan “Sochining savdosi tushti” deb nomlangan to‘plam va boburshunos olim Vahob Rahmonov tomonidan 2008 yil shoir tavalludining 525 yilligi munosabati bilan chop etilgan “G‘aribing andijoniydur” nomli nashrlar 2004 yilgi nashrda ham kamchiliklar borligini ko‘rsatdi. “Bobur devoni”ning Istanbul qo‘lyozmasi asosida tayyorlangan turkcha ilmiy matnni Abdurasul Abdug‘afurov tomonidan 1994 yilda tayyorlangan nashr va Ergash Ochilov hamda Vahob Rahmonov nashrlari bilan o‘zaro qiyoslashimiz natijasida bir qancha farqli jihatlar aniqlandi. “Bobur devoni”ning turkcha matnida kelgan ayrim tuyuqlar Vahob Rahmonov nashrida uchramaydi. Turkcha nashr o‘zining qit’alar soni ko‘pligi bilan ham ushbu nashrlardan farq qiladi. Abdurasul Abdug‘afurov va Vahob Rahmonov nashrida shoirning 13 ta qit’asi berilgan bo‘lsa, Yu. Bilol nashrida ular soni 19 ta, E. Ochilov nashrida bu ko‘rsatkich 22 ta ekanligi qayd etiladi. Xo‘sh, o‘quvchi uchun qaybiri to‘g‘ri? Xullas adabiyotlarda Bobur Mirzoning deyarli barcha asarlari bilan bog‘liq fikrlarda har xilliklar kuzatiladi. Demak, ba’zan boburshunoslikda biz bilgan, o‘qib-o‘rganib kelgan ayrim ma’lumotlar mutloq haqiqat emas, noto‘g‘ri ekanligini ham ko‘rsatadi va eng muhimi bu haqdagi eng to‘g‘ri xulosa qanday ekan degan savolga javob izlashni taqozo etadi. Bir so‘z bilan aytganda, davrning o‘tishi, boburshunoslik ilmining tabora rivojlanib borishi, yangidan-yangi ma’lumotlar bilan boyishi bu borada yangi bir qarashlarni yuzaga keltiradi. Natijada esa biz to‘g‘ri deb bilgan Bobur hayoti va ijodiga doir ayrim ma’lumotlar noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi yoki uni inkor etuvchi fikrlar paydo bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 22 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida bugungi kunda mamlakatimiz kitob fondlarida 100 mingdan ziyod qo‘lyozmalar saqlanayotgani aytib o‘tildi va ushbu qo‘lyozmalarni tadqiq etish vazifasi belgiladi. Murojatnomadagi topshiriqlarning ijrosini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tamonidan “Yo‘l xaritasi” dasturi ishlab chiqildi va faol ishlash tizimi joriy etildi. Sir emas, biz ana shunday noyob meros vorislari, shunday boylik egalari bo‘la turib, ularni har tomonlama o‘qib-o‘rganish, xalqimiz, avvalo unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizga, jahon hamjamiyatiga yetkazish bo‘yicha yetarli ish qilmaganimizni ochiq tan olishimiz kerak. Darhaqiqat, buni birgina Bobur asarlari qo‘lyozmalarini o‘rganish misolida ham ko‘rishimiz mumkin. O‘ylaymizki, “Yo‘l xaritasi” dasturi ko‘plab sohalardagi masalalar qatori adabiyot, jumladan, mamlakatimiz va dunyo kitob fondlarida saqlanayotgan hali to‘liq o‘rganilmagan nodir kitoblarni, qo‘lyozma manbalarni tadqiq etishda, jumladan, Bobur asarlari qo‘lyozma nusxalarining chuqur o‘rganilishi va shu asosda shoirning mukammal asarlari to‘plami jildligining yuzaga kelishiga mustahkam asos bo‘ladi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 2-son