Yurtimiz mustaqillikka erishgach, zaminimizda yashab, ijod etgan buyuk allomalar faoliyatini o‘rganishga kirishildi. Mamlakatimiz hududida yashab, o‘z ilmi bilan jahon ahlini hayratga solgan shayx Abubakr Shibliy ham o‘z davrining tengi yo‘q ilm ahllaridan biri hisoblangan. Alloma Junayd Bag‘dodiyning shogirdi Mansur Xalloj bilan bir davrda yashab, hamfikr do‘st bo‘lgani va avliyolik darajasiga yetgani tarixiy bitiklarda qayd etilgan.
Qarshi shahrining sharqiy-janubiy qismida joylashgan Shilvi qishlog‘i shayx Shibliy hazratlari yashagan manzilgoh sanaladi. Qishloqning sharqiy tomonida shayx Shibliyning ziyoratgohi joylashgan. Shu yerdagi qadimiy qabr esa u kishiga nisbat beriladi. Qabr yaqinida ulkan masjid ham qad rostlab turibdi. Masjid tomi yog‘och me’morchiligi uslubida yopilgan. O‘rtadagi yolg‘iz ustunga sifatli ishlov, shakl berilgan. Yog‘ochlar to‘rt tomondan ushbu ustunga birlashtirilgan. Vassalar ham did bilan ishlanib, juftlashtirib terilgan. Tom vassalari va yog‘ochlari o‘z davrida tabiiy rang-bo‘yoqlar bilan naqshlangan. Masjidning uch tarafi ayvon bilan o‘ralgan. Ayvonlarni to‘qqizta ulkan ustunlar ko‘tarib turibdi. Masjid binosi tarxining tuzilishi, uni o‘z davrida shu atrofdagi asosiy sajdagohlardan biri bo‘lganidan darak beradi.
O‘rta asrda yashab ijod etgan olimu ulamolar, shoiru tarixnavislar o‘z ismiga tavallud topgan shahar yoki qishloqlari nomini nisba sifatida qabul qilganlar. Demak, bu Shilvi qishlog‘i shayx Shibliy tavallud topganiga qadar ham mavjud bo‘lganini bildiradi. Sababi shayx Abubakr Muhammad ham o‘ziga “Shibliy” nisbasini qabul qilib olganki, bu bilan Shibli qishlog‘ilik ekanini anglatadi.
Xalqaro Firdavsiy mukofoti sohibi Shoislom Shomuhamedov fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan buyuk mutafakkir shoir Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston” asari so‘ngida tuzgan izohida Shibliy haqida so‘z yuritib, “Shibliy — Abubakr Muhammad ibn Xalaf arab tilida ijod qilgan tasavvuf shoiri. O‘zi O‘rta Osiyodan chiqqan (Buxoro). 945 yilda Bag‘dodda vafot etgan” deydi. Shundan ham ko‘rinib turibdiki, bu qishloq o‘tgan asr boshlarigacha Buxoro amirligi tasarrufida bo‘lgan. Bundan o‘n asrlar avval ham o‘z o‘rniga ega ekan.
Shayx Shibliy umr bo‘yi safarlarda bo‘lib, ilm-ma’rifat tarqatgan va ko‘plab shogirdlarga ustozlik qilgan. Ba’zi manzilgoh — robotlarda uzoq muddat yashaganlari sabab, o‘sha yerlar qadamjo sifatida u kishining hurmati yuzasidan “Shibli”, “Shilvi” deb nomlangan. Professor Hamidjon Homidiyning “Tasavvuf allomalari” nomli asarida bitilgan shayx Shibliy haqidagi maqolasida Xo‘jand atrofi, O‘ratepada va Toshkent viloyatida ham Shibliy nomidagi qishlog‘u guzarlar, mavzelar uchrashi keltirilgan. Muallif Qarshi shahri yaqinidagi Shilvi qishlog‘i va ziyoratgohi haqida eshitmagan bo‘lsalar kerakki, bu manzilgohni qalamga olmaganlar.
Shayx Abubakr Shibliy hayoti, faoliyati haqida ko‘plab tarixchilar, tazkiranavislar, olimlar baholi qudrat o‘z asarlarida tasvirlashga harakat qilishgan. Ularda allomaning ilm salohiyati, karomatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Hatto buyuk Alisher Navoiy hazratlari ham mashhur “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” asarida 77 ta shayx-avliyolarning hayoti va faoliyati haqida qisqa ma’lumot berar ekan, shayx Abubakr Shibliyga ham ma’lum o‘rin ajratgan.
Shayx Shibliyning ta’kidlashicha, yigirma yil turli roviylar (hadis rivoyat qiluvchilar)dan hadis yozib olish va yigirma yil fikh asoslarini (fikh — islom huquqshunosligi) o‘rganishga umrini sarflagan. Abdurahmon Sulamiy, Abulqosim Kashiriy singari donishmandlar ham shayx Shibliyning noyob fazilati, xislatlari haqida g‘aroyib hikoyalar yozib qoldirganlar.
Tasavvuf ahlining peshvo pirlaridan biri, sharq adabiyotining yorqin namoyondasi shayx Ibrohim Muhammad Farididdin Attor Nishopuriy ham o‘zining “Ilohiynoma” kitobida shayx Shibliy haqida quyidagi hikoyatni keltiradi: bir shaharda novvoy yashar ekan. U Abubakr Shibliyning shuhratini eshitib, shayxning o‘zini ko‘rmay, unga ko‘ngil bog‘lagan ekan. Ammo shayxni bir ko‘rsam degan ishtiyoq bilan yurarkan. U ko‘rib oshiq bo‘lmagan, balki eshitib oshiq bo‘lgani sababli shayxning qiyofasini xayolida gavdalantirar, har xil odamlarni ko‘z oldiga keltirib ko‘rar ekan. Nima bo‘libdi-yu, kunlarning birida shayx Abubakr Shibliy novvoy yashaydigan shaharga kirib kelibdi. Shayx shaharni aylanib, haligi novvoy do‘koni yonidan o‘tib qolibdi va bitta kulchani olib yeya boshlabdi. Shu payt novvoy buni ko‘rib, nonni shayxning qo‘lidan tortib olibdi va qattiq dashnom beribdi. Shayx Shibliy noumid bo‘lib, o‘tib ketibdi. Novvoyning yonidagi kishi unga qarab:
— Bu odam Abubakr Shibliy bo‘ladi. Shayx Shibliyga shuncha e’tiqoding bor-u, lekin bir burda nonni ravo ko‘rmay, qo‘lidan tortib olding, — debdi.
Novvoy attang qilib, Shibliyning orqasidan yuguribdi. Shibliy allaqachon shahardan chiqib, cho‘lga ravona bo‘lgan ekan. Novvoy uning orqasidan yetib borib, uzr so‘rab, sadoqati va muhabbatini aytibdi. Shunda Abubakr Shibliy unga:
— Bo‘lmasa bir ziyofat majlisini tashkil qilgin. Meni ziyofatga chaqirgin, — debdi.
Novvoy bu so‘zdan xursand bo‘lib, darhol shayxning aytganlarini bajaribdi. Shohona ziyofat uyushtirib, shaharning kazo-kazolari, turli toifalardan mehmonlar taklif etibdi. Ular anvoyi taomlar qo‘yilgan dasturxon atrofiga yig‘ilishibdi. Shibliy duoga qo‘l ko‘tarib, barchaga yaxshiliklar tilabdi. Mehmonlar endi taomga qo‘l uzatayotganda o‘tirgan azizlardan biri Shibliyga murojaat qilib so‘rabdi:
— Ey shayxi murshid, ayting-chi, do‘zaxiy kim va jannatiy kim?
Shibliy hazratlari javob beribdilar:
— Agar do‘zaxiyni ko‘rmoqchi bo‘lsang, shu ziyofatning sohibiga nazar sol. Shuhrat uchun shuncha pul sarflab bizni chaqirtirdi, ammo Alloh yo‘lida bir nonni darveshga bermadi. Agar u muhtoj darveshga saxovat, himmat ko‘rsatib, nonni berganida edi jannatiy bo‘lardi.
Shayx Shibliy har qancha ilmli bo‘lib, avliyolik pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, uning atrofida ko‘ngli qora, ilmi o‘zidan yuqori kishilarni ko‘rolmaydigan dushmanlari ham kam emasdi. Ularning bo‘htonlari sababli alloma o‘z qishlog‘ini tark etib, olis safarlarga otlangani to‘g‘risidagi rivoyatlar hozir ham Shilvi, Saroy va Dasht qishloq ahli orasida ma’lum. Shayx Shibliy haqida Alisher Navoiy o‘zining “Nasoyim ul-muhabbat” asarida “Otasi xalifaning sohib ul-hijobi erdi, Sulamiy taboqatida “Xurosoniyul asl va Bag‘dodul mavlid valmaisha’” bitibdur.
Asardagi “Xurosaniyul asl” — “Asl xurosonlikdir…” mazmunini anglatadi. Alloma yashagan davrlarda hozirgi Qashqa vohasi hududlari ham Xuroson noibligiga qaragan va Xuroson zamini deb yuritilgan. Asarda “Umri sakson yettiga yetishdi. 334 yilda (milod.945-946y) Zulhijja oyida dunyodin o‘tdi. Va ham Junayd debdurki: “Har bir qavmning toji bor. Bu qavmning toji esa Shibliydir”. Ul debdurki: “Hurriyat — qalb hurriyatidir, boshqa narsa emasdir”. Yuqorida keltirilgan rivoyat va hikoyatlardan ko‘rinadiki, allomaning farz va sunnat amallariga to‘liq rioya qilib yashagan umri mo‘min insonlar uchun dasturilamal bo‘lib qolgan.
Xulosa qilib shuni aytmoqchimizki, biz yashayotgan yurtning har bir qarich yerini muqaddas atasa arziydi. Biz yuqorida shayx Shibliy hazratlari haqida baholi qudrat so‘z yuritdik. Allomaning Shilvi qishlog‘idagi muborak qabriga to‘xtaladigan bo‘lsak, azaldan el mehrini qozonib, e’tiqodiga sazovor bo‘lgan ulug‘ shaxslarning qabr — maqbaralari va qadamjolari bir nechta joyda bo‘lganini bilamiz. Masalan, hazrat Ali ibn Abu Tolib, Molikajdar, Hofiz Sheroziy, Beruniy singari shaxslarning ramziy qabrlari shular jumlasidandir.
Olim Shoislom Shomuhamedovning izohicha shayx Shibliyning O‘rta Osiyolik (Buxoro) ekanini va Bag‘dodda vafot etganini hisobga oladigan bo‘lsak, o‘z davrida qishloqdoshlari shayx Shibliyning hokini Shilviga keltirib dafn etishgan bo‘lsalar ne ajab? Buni kelgusi izlanishlarimiz albatta oydinlashtiradi, deb o‘ylaymiz.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).