Shomirza Turdimov. Poygada o‘zadi o‘zbekning oti…

2000 yil 14 martda “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni ta’sis etildi

Inson ham daraxtga o‘xshaydi. Faqat uning ildizi daraxt kabi yer ostiga singishib ketmagan. Insonning ildizi butun borliqqa – o‘n sakkiz ming olamga ko‘z ilg‘amas quvvat rishtalari bilan ulanib ketgan. Rishtalar nafaqat ayni dam, balki o‘tmish ajdodlar, kelajak avlodlarlarga ham bog‘lana biladi. Bu o‘rinda ruhning pok, imonning but bo‘lishi bir butinlik darajasini belgilaydi.

Ma’naviy qadriyatlar inson ruhiyatidagi o‘q ildizdir. O‘q ildiz ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan bitmas-tuganmas xazinadan bahra oladi. O‘q ildizdan ajralgan jon hayotdan uziladi. Ma’naviy xazinaning qaynoq ko‘zidan bebahra qoladi. Zamon tebranishlariga dosh bera olmay darbadar sang‘iydi. Daraxtdagi kurtaklar barg yozib, gul ochib, meva tugib hosil berish imkonidan mosuvo qoladi.

Qaysi avlod — bo‘g‘in, bo‘g‘im… o‘z merosini asrab, qadrlab, uni bugunning butunligiga ishlatib, yangilay bilsa, o‘zligini namoyon etsa, bu zahira quvvat ishlaydi, faollashadi, bun­yodkor kuchga madad bo‘ladi. Ana shunda tanazzullar eshigi bekilib, quvvat yuksalish pillapoyalariga ulanadi. Aks holda meros muzeydagi ko‘rgazma, arxivdagi inventar holida ­mudrab turaveradi.

Mustaqillik bizning avlodga shunday ­imkoniyatlar eshiklarini ochdiki, jamiyatning har bir a’zosidan faqat harakat va faollik talab etilmoqda, xolos.

Folklor o‘zbek xalqining ma’naviy merosida alohida o‘rin tutadi. Biz bu boyligimizning xilma-xilligi, son va sifati bilan har qancha faxrlansak arziydi. E’tiborli jihat folklor bugungi kunda faqat meros shaklida qolgan emas, aksincha, zamon bilan mos ijro jarayonida yashab kelmoqda. Xususan, mavsumiy marosimga tegishli Navro‘zning umumxalq bayrami sifatida tantana qilinayotgani, Navro‘z bilan bog‘liq folklor namunalarining qayta jonlanib, kuylanayotgani fikrimizni tasdiqlaydi.

Folklorning alp janri bo‘lmish dostonlarga va xalq eposining ijrochilari — baxshi shoirlarga bo‘lgan e’tibor ham alohida diqqatga sazovor. Bu o‘rinda “O‘zbekiston xalq baxshisi” unvonining ta’sis etilib munosib egalarini topayotganligi, yosh umidli baxshilarning “Nihol” mukofoti bilan taqdirlanib kelinayotganligi ushbu san’atning yanada rivoj topishiga qo‘l-qanot bo‘lmoqda.

Xalq: “Baxshilik el — botir”, deb aytgan. Bu shunchaki kelingan xulosa emas. Qadim-qadimdan baxshining jamiyatda tutgan o‘rni, xalqning ma’naviy, ijtimoiy hayotidagi mavqeidan kelib chiqib berilgan bahodir. Baxshilik san’atining paydo bo‘lishini xalq shoirlari:

Soz bilan suhbatni yolg‘on demanglar,
Odam Ato bino bo‘lgandan bordir.
Hobil bilan Qobil Momo qornida,
Ular yer yuziga kelgandan bordir —

deya, odamzod ibtidosi bilan bog‘lab talqin etishadi. Bu fikr qanchalik mubolag‘ali tuyulmasin, bir haqiqatni qo‘njida saqlagan. U ham bo‘lsa badiiy so‘z va kuyning odam nasli o‘zini anglagan davrdan beri borligi va baxshilik san’ati ham bilvosita unga daxldor ekanligidir.

Xalqning tasavvuriga ko‘ra baxshi ham tanlangan shaxs sanaladi. Jumanbulbul, Po‘lkan va bosh­qa ko‘plab baxshi shoirlar tushida Xizrni ko‘rib baxshi bo‘lganlari haqidagi naqllarning ildizi ana shu ishonchlarga borib bog‘lanadi. Baxshi xalq dilining tili, u shunchaki qo‘shiq, terma, doston kuylamaydi. Baxshi odamlarni ezgu amallarga chorlaydi, yaxshini ibrat qilib yovuzlik lashkari sari kurashga undaydi. Qiyin sharoitda el ko‘ngliga dalda bo‘ladi. Befarqlik botqog‘iga botib, cho‘kkan ruhlarni uyg‘otib, xalqni haqiqat va oriyat manzillariga yo‘llaydi. Chinakam baxshi elning dono maslahatgo‘yi hisoblanadi. Afsonaviy Qo‘rqit ota ana shunday baxshi shoirlarning timsoli hisoblanadi. Qo‘rqit ota haqidagi afsonalarda u baxshilik sozi — qo‘bizni yasagan kishi, yurtning oqil maslahatchisi, marosim to‘ylarining yo‘riqchisi sifatida tasvirlangan.

Har bir kasbning ibratli timsollari, piru ustozlari bor. Baxshilik san’ati ham bundan mustasno emas. Ergash shoir o‘z ijodi haqida kuylar ekan:

Qariganda ko‘p dostonni
Men yubordim elga yoyib:
Avval “Xolbeka”ni aytdim,
Mening ustozim ko‘r G‘oyib —

deb Bobo Qambar, Oshiq Oydin kabi baxshilik timsoliga aylangan Ko‘r G‘oyibni tilga olgan. El orasida Ovul patta, Jiyron chechan kabi afsonaviy baxshilar Ollabergan Olchinbek misoli tarixi dostonga aylangan shoirlar qanchadan-qancha. Epik merosda “Oshiq Oydin”, “Ko‘r G‘oyib”, “Ollabergan Olchinbek” kabi baxshilar hayotini kuylagan dostonlarda baxshi-shoirning missiyasi, estetik printsiplari, uning shaxs sifatidagi jamiyatdagi o‘rni, so‘z va sozning qadr-qimmati badiiy shaklda ifoda qilingan. Folklorshunos Sh.Qahhorova “Ollabergan Olchinbek” dostonida baxshilikning ijodkor va shaxs sifatida amal qilishi lozim bo‘lgan burchlarni ustozning shogirdiga bergan o‘gitlari asosida quyidagi shaklda yaxlitlashtirgan.

“I. Baxshining shaxs sifatidagi burchlari, ya’ni axloqiy printsiplari: 1.Nomardning xizmatini qilma. 2.Avval elingni rozi qilib, mehnatingni minnat qilma. 3.Bemorlar ko‘nglini ovla. ­4.Mayga berilma. 5.To‘yga aytishsa borgin. ­6.Va’dangdan qaytma. 7.Nafsingni tiyib, yomonga qo‘shilma. 8. Ko‘p bilan o‘ynashma. 9.O‘g‘ri va g‘arga hamroh bo‘lma. 10. Kamtar bo‘l, o‘zingni ko‘z-ko‘z qilma. 11.Ulug‘lar nomini kamsitma. 12.O‘zingni bozorga solma, ya’ni manman bo‘lma. 13.Xudoni ulug‘ bilib, Qur’onni unutma. 14.Xizmatingni qadrlashmasa, aytma, ya’ni izzattalab bo‘lma. 15.Salomatligingning qadriga yet. 16.Qiz-juvonga berilma, ya’ni maishiy buzuq bo‘lma.

II. Baxshining ijodkor sifatidagi burchlari, ya’ni bevosita so‘z san’ati va ijrochilikka doir printsiplar: 1. “So‘z bilan odamlar qalbini jovla…”, ya’ni ovla. 2. “Do‘mbira, qo‘shiqni muqaddas bil”. 3. “Doston aytganingda chala tashlama, har joyidan kemirib, chaynab loshlama, Bilmasang, dostonni buzib boshlama…”. 4. “Shogirding o‘zganda dushmanlik qilma…”, ya’ni hasadgo‘y bo‘lma. 5. “Kasbdoshlaringni hech joyda sotma”, ya’ni yomonlama, kasbingga xiyonat qilma. 6. “Yaxshi kunda sayrat chechan tilingni”. 7. “Sozingni almashib, qalloblik qilma”. 8. “Har doim ustozing boshingga ko‘tar, Hech qachon ustozga yomonlik qilma”.

Bu printsip va burchlarni boshqa dostonchilik maktablari vakillari aytgan terma, dostonlar asosida yanada to‘ldirish mumkin. Asosiysi shuki, ayni aqida, qoidalar xalqimizda baxshilikning mukammal san’at sifatida to‘liq kamol topganligini, o‘z falsafasi, adabiy-estetik qarashlari, olami mavjudligini dalillab bermoqda.

“Yolg‘iz otning dong‘i chiqmas, dong‘i chiqsa ham changi chiqmas”. Qachonki an’analar irmoqlarini harakatga keltirib, ularning boshini qo‘shib katta daryoga aylantiruvchi maktab bo‘lmasa, bir talant, ijodkorning harakati ulkan epik meros yukini ko‘tara olmaydi. Folklorshunoslikda “dos­tonchilik maktabi” atamasi bilan ataluvchi hoadisa aynan ana shunday kuch hisoblanadi. Biz bilgan “Qo‘rg‘on”, “Bulung‘ur”, “Narpay”, “Sherobod”, “Boysun”, “Shahrisabz-Kitob”, “Xiva” va yana o‘nlab dostonchilik maktablari, ularning minglab vakillari ijod qilib o‘tdilarki, o‘zbekning epik merosi ma’naviy xazinamizning durdonalari bo‘lib turibdi.

“O‘nta bo‘lsa o‘rni, qirqta bo‘lsa qilig‘i boshqa”. Baxshi an’analar izidan boradi. Lekin har bir ijodkorning o‘ziga xos betakror ijro usuli, bayoni bor. Ijodkor, avvalo, odam. Hayotda har bir odamning taqdir yo‘li betakror. Baxshi ­“eskilar izidan” borar ekan, voqelikni o‘z qalb ­daryosidan oqizib o‘tadi. Qo‘rg‘on dostonchilik maktabining go‘zal dostoni “Ravshan”ni xalq ­“Jumanbulbulning uch haydagan shudgori”, deb ta’riflaydi.

Oting Xumor, o‘zing Xumor, Xumorsan,
Chir atrofi uchburch isli tumorsan,
Oshiqlarni ko‘zing bilan jo‘morsan,
Yor aylanay qalpoq tikkan qo‘lingdan.

Jumanbulbulning Anorxol degan ayolga bo‘lgan muhabbati bu dostonni o‘zgacha zavq-shavq bilan ishq-muhabbat iqlimida kuylashiga sabab bo‘lgan. Ergash shoirning achchiq qismati “buzuq doston”(tragik) “Kuntug‘mish”ning yanada teran mazmunda kuylanishiga, yangilanishiga zamin yaratdi.

Men seni shahzoda dedim, mard dedim,
Sen qanday siynama qo‘ygan dard eding,
Chiqsin ko‘zing, tanimading bolangni,
Ne tilingman buni dorga tort, deding,
Avval oxir meni muncha kuydirding,
G‘am bilan ko‘zimning yoshin quydirding.
Chiqsin ko‘zing, tanimading bolangni,
Podsho bo‘lib, o‘z bolangni so‘ydirding.
Armon bilan bilmaganim bildirding,
Zor yig‘latib, ko‘zim yoshga to‘ldirding,
Ne tilingman buni dorga tort, deding,
Podsho bo‘lib, o‘z bolangni o‘ldirding.
Yura bilmay yurar yo‘ldan toyrildim,
Ucha bilmay qanotimdan qayrildim,
Chiqsin ko‘zing, tanimading bolangni,
Armon bilan men bolamdan ayrildim.
Men seni shahzoda dedim, mard dedim,
Sen qanday siynama qo‘ygan dard eding.

Dostondan olingan ushbu parcha har qanday o‘lchamdagi she’r talablariga javob bera oladi. Shoir ruhining ilhomiy lahzadagi yuksak parvozigina bu xil quyma satrlarni yarata oladi.

“Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” kabi mumtoz dostonlarimiz baxshi-shoir bobolarimizning ana shunday ilhomiy parvozlarining mevalaridir.

Yilqichinda o‘zi kelgan sinlidir,
To‘bishqon tuyoqli, marol bellidir,
Arosat kunida ajab hollidir,
Qimmat baho ekan o‘zbekning oti…
…Bedov minib, ot abzalni shaylasang,
Poyga qilib ko‘p shumlikni o‘ylasang,
Poyganing boshida tortib boylasang,
O‘n besh kun ilgari berman haydasang,
Bo‘shalsa o‘zadi o‘zbekning oti…

Xalqning ruhini, fe’lini baxshi kabi yaqindan bilguvchi yo‘q. Baxshi borini rost so‘zlaydi. O‘zbekning oti o‘zishini bildi, ­aytdi, shunday bo‘ldi.

Ot dostonlarimizda ulkan timsol. Baxshi shoirlarimiz qoldirgan ulkan xazina ham ­ilhom tulporining yolida ko‘pirib turibdi. Biz bu meros jilovini qo‘lga ­olsak, haq yo‘liga solsak, o‘zbekning ma’naviyat tulpori marraga avval ­etishiga shak-shubha yo‘q.

Shomirza Turdimov,

filologiya fanlari doktori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 11-sonidan olindi.