Suhbat adabiy tanqidning eng qiziqarli janrlaridan biridir. Bu janr ko‘p asrlik an’analarga ega bo‘lib, uning ildizlari Suqrot, Aflotun suhbatlari rivojlangan qadimgi yunon adabiyotiga borib taqaladi. G‘arbda ham bu janrga e’tibor bilan qarashgan.
Farang faylasufi Deni Didro ijodini kuzatganda, unda suhbatlarning turli xillari uchrashi va bu faylasufning estetikasida katta o‘rin tutishini ko‘ramiz. Uning “Nikohsiz tug‘ilgan o‘g‘il” haqida suhbatlar”, “Suhbatlar” hamda “Dorval bilan suhbatlar” asarlari o‘z davrida juda mashhur bo‘lgan va yuqori baho olgan[1]. Ular “Nikohsiz tug‘ilgan o‘g‘il” nomli dramasi bilan birga nashr etilgan.
“Suhbatlar” Didro uchun sevimli bo‘lgan shakl – dialogda yozilgan. Dialogdagi ikki ovoz Didroning falsafiy-estetik qarashlari – uning ichki dialektika (harakat va rivojlanish)sidagi muhim o‘ziga xoslikni aks ettiradi. Ba’zan bir-birini rad etib, ba’zan murosaga kelib, “suhbatdoshlar” ma’rifiy realizmning ahamiyatli xususiyatlarini – masalan, xarakterlar va vaziyatlarning haqqoniyligi hamda o‘zaro bog‘liqligi; shaxsiy hayotdagi kundalik voqealarga qiziqish; san’atning odamlarga axloqiy ta’siri zarurligi kabilarni ma’qullaydilar.
Mazkur suhbatda estetika, dramaturgiya, sahna asarlari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari haqida fikr yuritiladi. Suhbat D.Didro va uning suhbatdoshi Dorval ishtirokida olib boriladi. Bir qancha tadqiqotchilar Dorvalning prototipi J.J.Russo bo‘lgan deb hisoblaydilar[2]. Ana shuning o‘zi bu suhbatlarning adabiy-tanqidiy xarakterga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Suhbatlardagi Dorval, albatta, Didroning qarashlarini ifodalaydi, ma’lum darajada – uning ikkinchi qiyofadoshi sifatida yetuk Didroning estetikasi namoyon bo‘lgan o‘sha polifonik dialogdagi ovozlardan faqat bittasi hisoblanadi. Ikkinchi ovoz “Suhbatlar”da hatto yashirincha ishtirok etadi.
Didro tomoshabin va tanqidchi sifatida Dorval aniq hayotiy haqiqatlar deb hisoblagan hodisalarning sahnada hayot haqiqatiga mos kelmasligiga e’tibor qaratadi. Demak, san’atdagi haqiqat bilan hayot haqiqati bir-biriga mos kelmaydi, shuning uchun ham ularni badiiy aks ettirishning o‘z qonunlari bor. Keyinchalik Didro o‘zining “Suhbatlar”idagi bosh vazifa haqida to‘xtalar ekan: “Haqiqiy dalil bilan to‘qib chiqarilganlari orasidagi, haqqoniy personajlar bilan to‘qima obrazlar orasidagi, haqiqatan ham aytilgan fikrlar bilan tasavvur qilingan nutq orasidagi farqlarni ko‘rsatib berishdan iborat edi”, deb aytgan edi[3]. (Tarjima bizniki – Sh.A.).
Shuni ham qayd etib o‘tish kerakki, “Suhbatlar”da zo‘rg‘a eshitilgan ikkinchi ovoz Didroning keyingi “Dramatik poeziya haqida” traktatida to‘la kuch bilan yangraydi. Bu asarda Didro “Suhbatlar”da aytilgan fikrlarni davom ettiradi va rivojlantiradi.
Boshqa obzor xarakteridagi asarida bir kartina haqida fikr yuritar ekan, unda ham suhbat usulidan foydalanadi. Yosh ijodkor Nejon bilan uchrashuvi, san’at haqidagi suhbatlari, munozaralari tasvirlanadi. Obzor ichida suhbatning berilishi asarga samimiylik, tabiiylik baxsh etgan. Didro bilan shogirdi o‘rtasidagi dialog haqiqatan ham 1767 yil badiiy ko‘rgazmalar zalida ro‘y berganligi haqida Nejonning o‘zi guvohlik bergan ekan[4].
Uning “Aktyor haqida paradoks” asari esa suhbat-dialog shaklida yozilgan. Birinchi suhbatdosh ikkinchi suhbatdosh bilan teatr, aktyorlik mahorati haqida bahslashadi. Unda bir-birining fikrini rad etish, munozara yo‘sini ustuvor.
Umuman olganda, faylasuf Didroning ko‘pchilik asarlari qurilishining turli-tumanligi bilan ajralib turadi. Masalan, “Salonlarda” asarida xat shaklidan, dialog, suhbat va ocherklardan foydalanilgan. Aslini olganda, o‘zining “Salonlarda” asari bilan D.Didro yangi ma’rifiy adabiyotda yangi janr – davrning ilg‘or estetik qarashlari, o‘zining realistik demokratik san’at uchun kurashi hamda yuqori sotsial va axloqiy pafosini aniq aks ettira olgan badiiy tanqid janrini yaratgan.
Ingliz yozuvchisi va tanqidchisi Robert Penn Uorrenning “Shoir qanday ishlaydi” kitobi maqolalar, intervyular va suhbatlardan tashkil topgan. Bular “Xarvi Brayt bilan suhbat” (1950), “Avtointervyu” (1953), “Qochoqlar bilan uchrashuv”. “Vander Bilt universitetidagi suhbat” (1956), “Badiiy adabiyot haqida suhbat” (1957), “Nyu-York shtatidagi Yunion kolleji talabalari bilan suhbat” kabilardan iborat.
R.Uorren suhbatlarining o‘ziga xosligi shundaki, ularda bitta tanqidchi emas, ikki va undan ortiq tanqidchilar ishtirok etishadi. Masalan, “Qochoqlar uchrashuvi”dagi suhbatda Uorren, Teyt, Renson, Eliot kabilar qatnashadilar. Ammo suhbatda ko‘proq Uorren yetakchilik qiladi.
Yozuvchining “Badiiy nasr san’ati haqida suhbat”ida uch tanqidchi qatnashadi:
Ellison: Siz, shoir, dramaturg, yozuvchi, shu bilan birga bir necha tanqidiy ishlarning ham muallifisiz. Ba’zan tanqid bilan shug‘ullanish ijod uchun zarar deyishadi. Siz bunga qanday qaraysiz?
Uorren: Adabiy-tanqidiy faoliyatni adabiy ijod impulsiga qarshi qo‘yishdek bir vaqtlar keng tus olgan g‘oyalar meni dahshatga soladi. Ba’zan uni biror bir yozuvchining ijodiga yoki to‘la davr adabiy jarayoniga qarshi qo‘yishadi. Shubhasiz, tanqid qopqon rolini o‘ynashi mumkin, ba’zan ijodiy uyg‘onishni vayron qilishi mumkin, biroq u spirtli ichimliklar, pul yoki shuhrat kabi xavflilik tug‘dirmaydi.
– Shunga qaramay, tanqid – deydi Uorren, – insoniy faoliyatning to‘liq, mo‘tadil ko‘rinishidir. Hatto tanqidning eng zerikarli qirrasi – adabiy texnikani tadqiq etish ham – shaxsiy ijodning gullab-yashnashi bilan to‘liq murosa qilishga qodir[5] (Tarjima bizniki – Sh.A.).
Uorrenning bu so‘zlari tanqidni himoya qilibgina qolmay, olimning tanqidga munosabatini ham ochib beradi.
Suhbat erkin, samimiy tarzda olib boriladi. Suhbatda faqat Uorrenga savol berish bilan cheklanilmaydi. Uorrenning o‘zi ham ularni suhbatga chorlaydi.
Suhbatda yumor elementlari yaqqol ko‘rinib turadi. Xuddi shu suhbat orqali suhbatdoshlarning xarakteri, tilga olingan muhim g‘oyalar ham namoyon bo‘ladi. Demak, ma’rifiy, ilmiy-nazariy xarakterdagi bunday suhbatlar ijodkorlarning qiyofasini ochibgina qolmay, ularning tafakkur darajasini ham namoyon etadi.
Rus adabiyoti va adabiyotshunosligida ham suhbat janridan foydalanib kelingan. Rus tanqidchisi V.G.Belinskiy ijodida janrga tez-tez murojaat qilinganini ko‘rish mumkin. U boshida bu janrni juda yoqtirgan, uning ko‘p maqolalari suhbat shaklida yozilgan. Masalan, “Rus adabiyoti 1814 yilda” yillik obzorini yozishda undan foydalangan. Tanqidchi va shoir Koltsov esa Belinskiyning suhbat shaklidan foydalanganiga qarshi chiqadi. “Tanqid to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir shaxs tomonidan aytilishi kerak va u buyruq kabi ta’sir qilishi lozim”, deb hisoblaydi[6].
Belinskiy bir maqolasida “munaqqid va xalq – ikki suhbatdosh”, deydi. “U deyarli barcha maqolasini – ikkinchi shaxsga – xalqqa murojaat qilib turib yozadi; shuning uchun ularda murojaat, bahs, fikr lashish, mushohada qilish, suhbat ohangi ustun, shuning uchun undov, savol, murojaat, tasdiq ohanglari bilan almashinib turadi”[7], – deb yozadi S.Mamajonov Belinskiy ijodiga bag‘ishlangan “Ulug‘ tanqidchi saboqlari” maqolasida. Bu mulohazalardan ulug‘ tanqidchining haqiqatan ham suhbat janridan emas, unsurlaridan foydalanib, asarlarini o‘qishli qilishga intilganini ko‘rish mumkin.
Buyuk rus shoiri A.S.Pushkin esa bu janrga katta e’tibor bilan qaraydi. O‘z davrida A.S.Pushkin adabiy tanqidga yuqori baho berib, uning o‘rnini ko‘rsatgan edi: “Tanqid – san’at va adabiyot asarlaridagi kamchiliklar va go‘zalliklarni ochib berish san’ati”. Adabiy tanqidning bir janri bo‘lgan adabiy-tanqidiy suhbatda ham badiiy asarning go‘zalliklari va nuqsonlariga diqqat qaratiladiki, shu jihatdan Pushkinning so‘zlarini unga ham tatbiq etish mumkin.
A.S.Pushkin qayerda san’atga muhabbat bo‘lmasa, u yerda tanqid ham bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Adabiy-tanqidiy suhbatlarning asosida ham adabiyotga muhabbat, uni qadrlash xususiyati birinchi o‘rinda turadi.
Pushkinning buyuk shoir bo‘lish bilan birga zukko tanqidchiligini namoyon eta oladigan “Tanqid haqida suhbat” asari adabiy-tanqidiy suhbat janrining eng yorqin namunalaridandir.
Pushkin suhbatdoshlarining nomini birini A, birini V deb belgilaydi. Suhbat savol-javob bilan boshlanadi.
A. Siz “Galotey”ning oxirgi sonida NN ning tanqidini o‘qidingizmi?
V. Yo‘q, men rus tanqidini o‘qimayman.
A. Behuda qilasiz. Boshqa hech narsa sizga bizning adabiyotning ahvoli haqida tushuncha berolmaydi.
Shu tariqa suhbatdoshlar o‘sha davr tanqidchiligiga baho beradilar. Bu suhbatda bir-birlarining qarashlarini inkor etish ruhi kuchli ekanini ko‘ramiz. V tomon ko‘proq A ga qarshi borib, uning fikrini rad etishga harakat qiladi. A esa tanqidning himoyachisi sifatida uni qo‘llab-quvvatlaydi.
Suhbatda o‘z fikrini ochiq-oydin aytish, bir-biriga qarshi fikr yuritish ruhi kuchli bo‘lsa-da, Pushkinning o‘sha davr adabiy tanqidchiligiga bergan bahosini aniq bilib olish mumkin. Ammo zamondoshlarining fikricha, Pushkinning bu suhbati tugallanmay qolgan.
Rus klassik adabiyoti namoyandasi B.Sumarokov ijodida bu janr faolligini ko‘rish mumkin. Uning ijodi shu jihatdan turli-tumanlik kasb etadi. Unda suhbatlarning ko‘pligi, albatta, “adabiy-tanqidchilik” belgisidir.
XVIII asrning publitsistikasi va tanqidining xususiyati – chegaralari buzilgan janrlar va asarlarning ko‘pligi adabiy nasr bilan birikishida ko‘rinadi. Lekin tasvirlanganlarning muallif tomonidan baholanishi nuqtai nazaridan variantlarning turli-tumanligi – klassitsizmga begona ta’sirlarning natijasidir. Ehtimol, Sumarokov asr o‘rtalarida oynomalarda keng o‘rin olgan Lukiandan qilingan tarjimalariga suyangan. Balki unga hozirjavob farang an’analari ta’sir etgandir, ammo o‘sha davr ijodkorlaridan faqatgina Sumarokov suhbatlarni (u dialoglar deb atagan) juda yaxshi ko‘rgan va ulardan yigirmaga yaqinini bostirib chiqargan. Shulardan bir nechtasi tanqidiy. Suhbatlarning ba’zisida klassimonolog usuli ustunligi ko‘rinib turadi. Ularda muallif personajlarning biri tomonida mustahkam turadi. Bularga “Kasandra va Irsinkus” suhbati misol bo‘ladi.
Ba’zi dialoglar Lukianning satirik usulida yozilgan. Ularda ikkala personaj ham “yomon” tarzida tasvirlanadi. “O‘liklar saltanatida buyuk Aleksandr va Gerostrat suhbati”. Bu suhbatda Gerostratning pastkashligini alohida tasvirlashning hojati yo‘q, bu o‘z-o‘zidan ma’lum. Shuning uchun suhbat Aleksandr atrofida aylanadi.
Sumarokovning eng noyob suhbatlaridan biri “Olim va qari kampir o‘rtasidagi suhbat”dir. Unda, ko‘rinishidan, Trediakovskiy ustidan kuladi, chunki u o‘z bilimlari bilan maqtanardi. Suhbat shunday boshlanadi:
“Olim. Sen aqlli, zehnli bo‘lib, o‘z o‘g‘lingni aytarli hech narsaga o‘rgatmabsan. Qo‘shning esa o‘zining aqli past o‘g‘lini ham savodli qilibdi. Sening o‘g‘ling ham u kabi yigirma beshga kiribdi; sening o‘g‘ling faqat ruschani biladi, u esa lotin, frantsuz, nemis, italyan va inglizchani biladi. Sening o‘g‘ling xatni zo‘rg‘a o‘qiydi, u esa she’rlar yozadi. Buning sababi nimada?
Kampir. Aqli pastlarga ma’rifat ko‘proq kerak; sadaqani boylarga emas, kambag‘allarga berishadi.
Olim. Ma’rifatli onglar qo‘llab-quvvatlanadi; o‘g‘ling yana ham aqlliroq bo‘lsa, qanday yaxshi.
Kampir. Ortiqcha aqllilik qonundan chetlashtiradi; eshitishimcha, olimlar xristianlikdan qaytgan, chala olimlarning hammasi ham Xudojo‘y.
Olim. Men senga yetkazsam, Xudo to‘g‘risidagi fan yetarli tushuncha beradi.
Kampir. Xudodan qaytaradi va bid’atga olib keladi”[8].
Falsafiy va Xudojo‘ylik bahslari birmuncha davom etadi, lekin kutilmaganda munozara boshqacha tus oladi. Suhbat mavzui o‘zgarib, hayotiy mohiyat kasb etadi.
Sumarokov ilm-ma’rifat tarafdori bo‘lish bilan birga kampirning fikrlariga berilib ketadi, suhbat uning so‘zlari bilan tugayotib, mafkuraviy va axloqiy tus oladi. Lekin olimning ham fikrlari to‘g‘ri bo‘lib, Sumarokovning dunyoqarashiga zid kelmasligi tufayli haqiqiy dialog-suhbat yuzaga chiqadi.
Ikki, umuman, turli kishilarning suhbatida muallif ularning har biriga o‘zicha xayrixoh, lekin uzil-kesil bittasi tomoniga o‘tmaydi. Sumarokovdan so‘ng suhbat janrini romantiklar ham keng qo‘llay boshladilar. Lekin romantik tanqidda globallik, murakkablik emas, romantik-sub’ektivlik yuqori turadi.
XIX asr rus tanqidchiligida suhbat yozuvchi V.Jukovskiy asarlarida uchraydi. Jukovskiyning “Tanqid to‘g‘risida” maqolasi esa to‘liq dialog-suhbat shaklida yozilgan. Muallif xuddi begona kishidek, ikki bahslashayotgan kishini tanishtiradi: “Eski zamon odami”, aqlli, lekin chet tillarini bilmaydigan, “ishonuvchan” va “umumiy tanishimiz”, aqlli va juda ma’lumotli kishi.
Ma’lumki, eskicha fikr yurituvchi adabiyot va tanqidga bo‘lgan eski qarashlarni ifodalaydi, “tanish” esa muallifning ikkinchi “o‘zi”, suhbat shu tarzda davom etadi[9].
O‘zbek adabiyoti va adabiyotshunosligida ham suhbat janrining paydo bo‘lishi uzoq tarixga ega. “Avesto”dagi suhbatlar, “Qutadg‘u bilig”dagi Kuntug‘di bilan Oyto‘ldining suhbatlari uning badiiy ijoddagi namunasi hisoblanadi. Adabiyotda badiiy asarlarda uchraydigan suhbat asarning mohiyatini, qahramonlar xarakterini yoritishga xizmat qiladi.
Adabiy tanqid, eng avvalo, xalq og‘zaki ijodida paydo bo‘ldi, xalqning dostonlarga munosabat bildirishi tanqidning og‘zaki ko‘rinishi edi. Yozma adabiyot namoyandalari ham o‘z mushoira va adabiy anjumanlarida xalqning badiiy asarlarga og‘zaki tarzda munosabat bildirish an’anasidan foydalandilar. Bunday holatning mavjudligi yozma yodgorliklarda ham qayd qilingan. Jumladan, Alisher Navoiyning “Xamsatul-mutahayyirin”, “Majolisun-nafois”, Ali Safiy ibn Husayn Voiz Koshifiyning “Latoif at tavoif”, Xondamirning “Makorimul-axloq”, Vosifiyning “Badoye ul-vaqoye’” kabi asarlarida mazkur masalaga doir qimmatli dalillar keltiriladi. Masalan, Salmon Sovajiy va Ubayd Zakoniy o‘rtasidagi mutoyiba, o‘zbek shoiri mavlono Lutfiy va Abdurahmon Jomiy orasidagi musohabalar, mavlono Lutfiy va yosh Alisher Navoiy o‘rtasidagi suhbatlarning tasviri va hokozo[10].
Bular ichida Xondamirning “Makorimul-axloq” asariga kiritilgan hikoya o‘sha davrdayoq mashhur bo‘lib ketgan. Mavlono Lutfiyning o‘n-o‘n ikki ming misra forsiy va turkiy baytini yosh Alisherning bir g‘azaliga almashtirmoqchi bo‘lganligi haqidagi lavha mavlono Lutfiy va Alisher Navoiyning bizga ma’lum asarlarida qayd qilinmagan. Bir suhbatda og‘zaki tarzda bayon qilingan mulohaza og‘izdan-og‘izga Xondamirgacha yetib borgan. U muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu musohabani o‘z asariga kiritib, uning bizgacha yetib kelishida katta xizmat qilgan. Ana shu tufayligina Alisher Navoiyning yigitlikka qadam qo‘ygan vaqtlardayoq zamonasining mashhur shoirlari e’tiborini jalb etib, tahsinga sazovor bo‘lgani oydinlashadi. Demak, yozma adabiyot vakillarining u yoki bu asar, she’r va bayt to‘g‘risida mushoira va anjumanlarda, suhbat va uchrashuvlarda og‘zaki bayon etgan mulohazalari ancha asosli va foydali ekani ma’lum bo‘ladi. Afsuski, bunday mushoira va suhbatlar hamma vaqt ham qog‘ozga tushirilib, tarix va avlodlar uchun saqlangan emas. Shuning uchun bu masalaga daxldor har bir dalil qimmatli va mo‘tabardir.
Yozma manbalarda adabiy-tanqidiy qarashlar ko‘pincha qorishiq tarzda ifodalanganini nazarda tutadigan bo‘lsak, o‘tmishda adabiy-tanqidiy qarashlar, she’r va shoirlik haqidagi mulohazalar tarixiy yodnomalarda, esdalik tipidagi asarlarda, devonlarga yozilgan debochalarda, manoqib-holotlarda, kichik lirik janrdagi asarlarda, dostonlarning maxsus boblarida, tazkiralarda, aruz, qofiya, bado’ va sanoye’ga doir risolalarda, ba’zan esa, umuman, ilmi adab deb atalgan ilmlar turkumiga bag‘ishlangan kitob va lug‘atlarda bayon etilganini ko‘ramiz.
Yozuvchi bilan tanqidchi, tanqidchi bilan shoir, tanqidchi bilan olim o‘rtasidagi suhbat adabiyotning yuksakligi, rivoji, adabiy asar, adabiy jarayon haqida borar ekan, adabiy-tanqidiy xarakterga ega bo‘ladi. Shunday ekan, adabiy-tanqidiy suhbat adabiy tanqidchilikning alohida bir janri sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, suhbatlarda, suhbatdoshlarning adabiyot haqidagi qarashlari, fikrlashlari, badiiy va ilmiy tafakkur tarzi, adabiy jarayon, badiiy asar, adabiy muammolarga munosabati yorqin namoyon bo‘lib turadi.
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 11-son
[1]* Shoira Ahmedova – filologiya fanlari doktori. Deni Didro. Estetika i literaturnaya kritika. – M.: «Xud-naya lit-ra». 1980. S. 599.
[2] O‘sha manba. S. 600.
[3] Baxmutskiy V. Estetika Didro. V kn.: Deni Didro. Estetika i lit-naya kritika. – M.: «Xud-naya lit-ra». 1980. S. 18.
[4] O‘sha manba. S. 618.
[5] Uorren Robert Penn. «Kak rabotayet poet». – M.: «Raduga», 1988. S. 359.
[6] Yegorov B. O masterstve literaturnoy kritiki. – Leningrad, «Sovetskiy pisatel», 1980. S. 176.
[7] Mamajonov S. Teranlik. – Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987. 19-bet.
[8] Ma’lumotlar B. Yegorovning yuqorida eslatilgan kitobidan olingan. 178-bet.
[9] Qarang: Yegorov B. O masterstve literaturnoy kritiki. – Leningrad: «Sovetskaya pisatel» 1980, S. 182-183.
[10] Bu haqda qarang: Valixo‘jayev B. O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi. Toshkent: “O‘zbekiston”, 1993. 8-bet.