O‘tmish ajdodlarning hikoyalariga ko‘ra, Firdavsiy “Shohnoma”ni 40 yoshida boshlagan. Bu milodiy 980 yillarga to‘g‘ri keladi. Unga o‘sha paytdagi Tus viloyatining hokimi Qutayba kitob yozish uchun barcha sharoitni muhayyo qilib beradi. Uni barcha soliqlardan ozod qilib qo‘yadi. Firdavsiy “Shohnoma”ni yozayotganda uning yonida hamisha Abu Do‘laf degan kishi roviylik qilib turadi.
Abu Do‘laf Eron shohlari sulolasi rivoyatlarining mukammal bilimdoni edi. Buni Firdavsiyning o‘zi ham minnatdorlik bilan eslaydi. Abu Daylam degan shaxs esa Firdavsiyga kotiblik qilardi. Firdavsiy kitobning birinchi tahriri qoralamasini 994 yilda qo‘ldan chiqaradi. Lekin undan ko‘ngli to‘lmaydi. Yana 16 yil uning ustida ishlaydi va 1010 yilda shoh asarini mukammal tugatib, Abu Do‘laf bilan G‘aznaga Sulton Mahmud G‘aznaviy huzuriga jo‘naydi. “Shohnoma” Sulton Mahmud G‘aznaviyga bag‘ishlangan, 7 jild nusxada ko‘chirilgan edi. Firdavsiy katta mukofotga loyiq kitob yozganligini bilar, yakkayu yolg‘iz qizi uchun seplikka katta pul undirish umidida edi.
Ular G‘aznaga yetib kelib, Sulton Mahmudning ko‘kaldoshi, vazir Xoja Hasan Maymandiyga tugallangan “Shohnoma” xabarini yetkazadi. Xoja Hasan zukko kishi edi, she’riyatni yaxshi ko‘rardi. Buning ustiga sultonning ham Firdavsiyga moyilligi bor edi. Ammo saroyda Xojaning dushmanlari ham talaygina edi. “Shohnoma” xabari Sultonga yetgach, u saroyda mashvarat o‘tkazib, “Firdavsiyga nima beramiz?” deb ayonlaridan so‘raydi. Bu yig‘inda, afsuski, Xojaning muxoliflari ko‘pchilikni tashkil qilardi, Xoja yolg‘izlanib qoladi. Muxoliflar bir ovozdan: “Unga o‘n-o‘n besh ming dirham ham yetadi”, deyishadi.
Sulton Mahmud ko‘pchilikning ra’yiga qarshi borolmaydi. Firdavsiyga yigirma ming dirham yubortiradi. Vazir Xoja Hasan Maymandiy esa til tishlab qoladi. Firdavsiy bundan qattiq ranjiydi. Hammomga tushib rosa bo‘zaxo‘rlik qiladi-da, pulning yarmini hammomchiga, yarmini bo‘zachiga berib, kechasi G‘aznani tark etdi. Olti oy hech kimga ko‘rinmadi. Yuz bayt “Shohnoma”ga debocha yozib, Sulton Mahmudni hajv qildi. Keyin kitobni ko‘tarib o‘zining viloyatdoshi Tabaron hokimi Shahriyor huzuriga bordi va hajviyasini o‘qib berdi. Shahriyorga “Men kitobni Mahmudga emas, senga bag‘ishlayman”, dedi. Hokim unga: “Ey ustod! Mahmudni aldashgan. Kitobingni buzib ko‘rsatishgan, senga tuhmat qilishgan. Bundan tashqari Mahmud mening hukmdorim, kitobni uning nomida qoldiraver! Hajviyani esa menga ber, men uni yirtib tashlay, senga esa evaziga biror narsa beraman.
Ertasiga Firdavsiyga yuz ming dirham bilan quyidagi nomani yuboradi: “Har bir baytingga ming dirhamdan to‘ladim, o‘sha yuz baytingni menga yubor va ko‘nglingni Mahmudga bo‘lgan ginadan pok qil”. Firdavsiyga Shahriyorning donoligi va himmati ma’qul tushdi. Mahmudni badnom qiluvchi hajviya shu yo‘sin
barham topdi.
Oradan o‘n yil o‘tib, Sulton Mahmud Hind istilosidan qaytib kelayotganda bir bo‘ysunmagan qal’aga duch keladi. Qal’aga Sulton noma jo‘natish uchun yozdirdi: “Ertasiga hadyalar bilan huzurimizga kel, qabulimizga noil bo‘l, xizmatimizni qil, in’omlar bilan libosimizni kiyib, qaytib ketasan!” Agar xohlamasa, nima bo‘lishini qanday aytamiz, deb Sulton Mahmud yonida o‘tirgan Xoja Hasanga qaradi. O‘shanda Xoja quyidagi baytni o‘qidi:
Sulton Mahmud: “Kishida mardlik uyg‘otadigan bu bayt kimniki?” deb Xojadan so‘radi. Xoja esa dilidan tugib yurgan asl muddaosini to‘kib soldi: “Abulqosim Firdavsiyniki, shuncha yil ranj tortdi-yu, kitobni tugatib samarasini ko‘rmadi”, dedi. Shunda Mahmud: “Bu haqda eslatib yaxshi qilding, o‘zim ham bu ishimdan pushaymonman, ul olijanob zotni haqdan behuda mahrum qildim. G‘aznada yodimga sol, men unga biror nima yuboraman”, dedi.
G‘aznaga kelgach, Sulton Xojaga: “Firdavsiy uchun yigirma ming dinor oltin pul ajratishni buyur, mening tuyalarimda Tusga olib borib topshirishsin va mening nomimdan salom aytishsin”, dedi. Buyruqni Maymandiy aytilganidan ham ziyoda qilib bajardi.
Lekin karvon Rudbor darvozasidan kirib kelganda, Firdavsiyning tobutini Razon darvozasidan olib chiqishayotgan edi. Shu kuni Firdavsiyning jasadini qabristonga olib borishda ham katta janjal chiqdi. Tabaronlik ruhoniylar boshlig‘i: “Uning murdasini musulmonlar qabristoniga qo‘ydirmayman, u rofiziy”, deb turib oldi. Oxir uni shahar tashqarisidagi o‘zining kichkinagina chorbog‘iga dafn qilishdi. Hayron bo‘lgan elchilar qalam haqini Firdavsiyning qiziga bermoqchi bo‘lishdi. U pulni olishdan bosh tortdi. Bu voqealar bor tafsilotlari bilan Sulton Mahmud va Xojaga chopar orqali yetkaziladi.
Sulton Mahmuddan shunday farmon bo‘ladi: “Firdavsiyni haqoratlagan ruhoniy mamlakatdan chiqarib yuborilsin. Firdavsiyga hadya qilingan pulga Nishopur-Marv yo‘li boshida Raboti Choha masjidi qurish Xoja Abu Bakr Karromiyga topshirilsin”.
Bu farmon to‘lig‘icha amalga oshiriladi. Firdavsiyning qalam haqiga Raboti Choha masjidi quriladi.
Manbalar asosida Shafoat Rahmatullo Termiziy tayyorladi.
“Hurriyat” gazetasidan olindi.