Tohir Malikning “Po‘rtanali ummonda suzar hayot qayig‘i” deya shoirona nomlangan kitobida asosan, ikki yo‘nalish, ikki mavzu ustuvor. Birinchisi – muallifning tarjimai holi, ko‘rgan-kechirganlari, zamondoshlari haqidagi xotiralari, ikkinchisi – yozuvchining so‘nggi yillardagi ko‘pgina asarlarida ko‘p va xo‘p qalamga olinayotgan mavzu – axloqiy qadriyatlar haqidagi fikr-mulohazalari.
Ma’lumki, didaktika Sharq mentaliteti, falsafasi va adabiyotining muhim tarkibiy qismidir. Bu mavzuda o‘lmas asarlar bitilgan. Asrlar sinovidan o‘tib, hali-hamon ta’lim-tarbiya borasida muhim qo‘llanma bo‘lib kelayotgan mashhur “Qobusnoma” ham didaktik asardir.
Mavridi kelganda yana bir mulohaza. Nazarimda, sermahsul, muxlislari behisob adib Tohir Malik ijodi negadir tanqidchi va adabiyotshunos olimlarning e’tiboridan chetda.
Adabiyotning o‘zgarmas qonuni – gap nima haqida yozishda emas, gap qanday yozishda! Jahon adabiyotining juda ko‘p durdona asarlari o‘sha detektiv-sarguzasht janrida yozilgani ayon bo‘ladi. Dostoyevskiyning mashhur “Jinoyat va jazo” romani ham sof detektiv asar. “O‘tkan kunlar”da ham detektiv lavhalar bor.
Tohir Malik axloqiy qadriyatlar haqida yozganda, shunchaki umumiy mulohazalar bilan cheklanmaydi. Hamisha qamrovni kengroq oladi. Mavzuni atroflicha teran yoritishga intiladi va aksar holatlarda maqsadga erishadi. Qalamga olingan mavzular hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydigan, har bir mo‘min-musulmon bilishi lozim bo‘lgan masalalardir. Adib o‘z fikr-mulohazalarini asoslash, quvvatlantirish, ta’sirchanligini oshirish maqsadida muqaddas “Qur’on” oyatlariga, madaniy merosga, turli rivoyatlar, hikmatlarga, mumtoz va zamonaviy adabiyot namunalariga murojaat etadi. Ayniqsa, muqaddas islom dinimizning mohiyati, asosiy qadriyatlarini sodda, ravon va izchil bayon etishga alohida ahamiyat beradi. Demak, ushbu kitobni ma’lum ma’noda diniy, ma’naviy va madaniy qadriyatlarimizning o‘ziga xos qomusi deyish mumkin. Shu asnoda adibning o‘ziga xos uslubi, betakror iste’dodi, qalbi, dunyoqarashi, bilim doirasi, salohiyati, donishmandligi ham namoyon bo‘ladi. Darvoqe, donishmandlar faqat o‘tmishda o‘tmagan. Bu so‘zni ikkilanmay Tohir Malikka nisbatan ham bemalol qo‘llash mumkin. Akademik Aziz Qayumov o‘zaro bir suhbatimizda “Tohir Malik bizning Tolstoyimiz” deya adib ijodiga yuksak baho berganki, samimiy bu e’tirofda jon bor, albatta…
Yuqorida eslatilgan kitobda tilga olingan masalalarga adib kuyib-yonib, astoydil munosabat bildiradi, shu bois “dardi”ni kitobxonga ham “yuqtira” oladi.
Kundalik hayotimizda “halol”, “harom” degan so‘zlarni ko‘p eshitamiz. O‘zbek kurashining dovrug‘i tufayli bu so‘zlar xalqaro miqyosda ham qo‘llanadigan bo‘ldi.
“Halolga harom aralashaversa, birovning haqidan qo‘rquv hissi tanamizni bir marta ham jimirlatib qo‘ymasa, eng yomoni – bu tirikchilik vositasiga aylanib ulgurgan bo‘lsa, biz qanday odam bo‘ldik?” deya ogohlantiradi adib.
Yozuvchining to‘g‘rilik, rostlik haqidagi mulohazalari ham diqqatga sazovor.
“Insondagi ajoyib xulqlardan biri rostlik – to‘g‘rilikdir. To‘g‘rilik odamdagi barcha ishlarning tartib va maromda ketishini ta’minlaydi. To‘g‘rilik izdan chiqdimi, demak, hamma ishlarning tartibi buziladi. Xoh katta va ulug‘ ishlar bo‘lsin, xoh kichkina va arzimas amallar bo‘lsin, agar diqqat ko‘zi bilan qaralsa, ularda to‘g‘rilik yo‘q ekan, hammasi xarob bo‘ladi. Barcha turdagi ishlarning bari to‘g‘rilik bilan barqaror, shu ishlarni amalga oshiruvchilar esa to‘g‘rilik bilan bardam va ustuvordirlar. Hayotda odamning uzoq yashashi emas, to‘g‘ri yashamog‘i muhimroq”.
Mundoq qaraganda juda oddiy, ammo xuddi hikmatday jaranglaydigan bu dono so‘zlarning ma’nosi naqadar haqqoniy va naqadar hayotiy! Darvoqe, adib ilmiga o‘zi amal qilgani uchun ham hayotda, adabiyotda o‘z o‘rnini topib, muvaffaqiyatga erishdi.
Sir emas, hayotdagi juda ko‘p muammolar tarbiyadagi noqisliklar tufayli yuz beradi. Kitobda ushbu muhim mavzu yuzasidan ham atroflicha, asosli mulohazalar bildirilganki, ularni befarq o‘qish mumkin emas. Adib go‘yo kitobxonga ko‘zgu tutadi, mavridi kelganda achchiq haqiqatlarni esga soladi.
“Ilmga intilgan kishi eng yaxshi insondir. ILMDAN YuZ O‘GIRISh – INSONIYLIKDAN YuZ O‘GIRISh demak. Chunki ILM – INSONIYLIK TOJI hisoblanadi.
…MA’RIFAT – DUNYoNING O‘ZIDA JANNATGA ERIShISh demakdir” (Ta’kidlar muallifniki).
Bu hikmatmonand so‘zlarni har bir o‘quv dargohi peshtoqiga, har bir xonadonga shior yanglig‘ yozib qo‘ysa bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Ilmu ma’rifat borasidagi mulohazalarida yozuvchi noiloj chiqargan ushbu hukm-xulosaga, afsuski, qo‘shilmay iloj yo‘q.
“…men o‘zim uchun haqiqat bo‘lib tuyulayotgan gapni aytishga majburman: bolalarimizga bo‘lgan munosabatimiz yaxshi emas. Biz bu munosabatni tubdan o‘zgartirmas ekanmiz, kelajakda buyuk davlat martabasiga yetishimiz cho‘zilib ketadi”.
Do‘ppini mundoq olib qo‘yib fikrlasak, yozuvchining gaplarida jon bor deymiz. Men hayotda bolalarining ta’lim-tarbiyasi bilan mutlaqo shug‘ullanmasligi, bu ishni xotiniga yuklab qo‘yganini aytib, maqtanadigan kimsalarni bilaman. Gumrohlik shu darajada!.. Beixtiyor Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun hayot-mamot masalasidir” deb aytgan purhikmat so‘zlari esga tushadi.
Ma’rifatli kitobxon, ta’lim-tarbiyaga daxldor har bir odam yozuvchi kuyunchaklik bilan aytgan so‘zlarning mag‘zini chaqadi va tegishli xulosa chiqaradi.
Tarbiyachilar, muallimlar yoshlarga Vatan haqida gapirganlarida ko‘pincha umumiy, kitobiy gaplarni aytadilar, shu bois so‘zlarining ta’siri, salmog‘i bo‘lmaydi. Yozuvchi bu borada ham ibratli mulohazalar bildirgan.
“Biz Vatanni tinmay madh etishni vatanparvarlik deb o‘ylaymiz. To‘g‘ri, madh etmoq ham lozim, ammo bu bir zarradir, xolos… Donolar aytadilarki: “Vatanparvarlik – nomusli va nazokatli tuyg‘udir. Muqaddas so‘zlarni ehtiyot qil, shamolga sovurma. Vatanga muhabbat xususida duch kelgan yerda og‘iz ko‘pirtirma, yaxshisi uning farovonligi va qudrati yo‘lida indamaygina mehnat qil”.
Muallif asarida faqat fazilatlar xususida emas, xiyonat, lafzsizlik, yalqovlik, yolg‘onchilik kabi qusurlar borasida ham batafsil so‘z yuritadi.
Kitobda diqqatni jalb qiladigan yana bir fazilat ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Har kuni, hamma yerda eshitib yurganimiz maqol, hikmatlar zamiridagi teran ma’nolarni adib kitobxonga sodda tilda, mag‘zini chaqib, qaytadan “tarjima” qilib berayotgandek tuyuladi. Asarni varaqlashda davom etamiz:
“Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat”, degan maqol oddiy gapga o‘xshaydi, biroq shu hikmatning zamirida ulug‘ bir haqiqat mavjud: xalqning fasodga berilishi buyuklarga hurmat, kichiklarga muhabbat ko‘rsatmaslikdan boshlanadi”.
Tohir Malik kitobida tilga olingan masalalarni bevosita hayot yo‘lida kuzatgan yoki o‘z boshidan kechirgan voqealar misolida jonli, qiziqarli tarzda bayon etgani asarning muhim fazilatlaridan biridir
Endi, kitobdagi ikkinchi yo‘nalish xususida kengroq to‘xtalish joiz. Asardagi didaktik yo‘nalishni mutlaqo kamsitmagan holda aytish mumkinki, muallifning bevosita tarjimai holi bilan bog‘liq bo‘lgan ikkinchi yo‘nalish kitobxonni yanada ko‘proq qiziqtirishi tabiiydir.
Mashhur kishilar hayoti, turish-turmushi hamisha ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgan.
Memuar adabiyotga qiziqish hamisha kuchli bo‘lgan. Bizda bu janrda so‘nggi yillarda birmuncha jonlanish kuzatilmoqda. To‘g‘ri, medalning ikki tomoni bo‘lganidek, yelib-yugurib, o‘zi haqida kitob yozishni, aniqrog‘i, yozdirishni uddalayotgan olg‘irlar ham yo‘q emas.
Tohir Malikning kitobi avvalo samimiyligi, voqea-hodisalarga xolis yondashgani va ulardan ibratli ma’no chiqara bilgani bilan e’tiborga molikdir.
Adibning sevikli ustozi, rahmatli Asqad Muxtorning “Yozuvchining tarjimai holi qanchalik boy bo‘lsa, shunchalik yaxshi” degan ibratli bir o‘giti bor. Sir emas, yozuvchi asosan o‘zini, ko‘rgan-kechirganlarini yozadi.
Tohir Malikning otasi Abdumalik aka va onasi Sanobar ayalar (Olloh ularni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin) halol, imon-e’tiqodi butun insonlar edi. Ular oilaning kenjasi Tohirni ham o‘zlariday halol inson qilib tarbiyalaydilar. Bo‘lajak adib kichikligidan mehnatdan bo‘yin tovlamay, astoydil hunar o‘rganadi, oilasiga baholi qudrat yordam berishga tirishadi, kitobga, badiiy ijodga mehr qo‘yadi. Yozuvchi kitobda o‘z oilasi, ota-onasi, katta bobosi Ismoilxo‘ja shajarasi haqida yuksak hurmat-ehtirom bilan yozadi.
Elliginchi yillarda maktab o‘quvchisi bo‘lgan yosh Tohirning “Gulxan” jurnalida kichik bir hikoyasi chiqadi. Har bir qalamkash uchun birinchi asarning quvonchi, zavqi, nash’u namosi beqiyosdir.
“Hikoyaning chiqishi men uchun ulug‘ shodlik edi, hozir katta-katta kitoblarim chiqsa ham o‘shanday quvonmayman” deya eslaydi adib.
Maktabni bitirgan yosh Tohir universitetning jurnalistika fakulteti, kechki bo‘limiga o‘qishga kirib, kunduzi qurilishda ishlaydi. Duradgorlik va quruvchilik kasbining sir-asrorlarini yanada puxtaroq egallaydi. Keyinchalik, yozuvchi sifatida tanilib, turli tahririyatlarda ishlab yurganida ham mabodo ishdan ketsam, tirikchiligim nima bo‘ladi, deya ortiqcha tashvishlanmagan. Indamay, randa, teshasini olib, hunari orqasidan ro‘zg‘orini tebrata olish imkoniyati borligidan xotirjam edi.
Jurnalistika fakultetining kechki bo‘limida adabiy uchrashuvlar deyarli o‘tkazilmasdi. Yosh qalamkash e’lonlar taxtasini kuzatib, kunduzgi bo‘limda uyushtiriladigan tadbirlarga borgan, taniqli, nomdor adiblarni ko‘rgan, suhbatlaridan bahramand bo‘lgan.
Yozuvchi harbiy xizmatda yurganida Toshkentning Navoiy ko‘chasidagi tanish imorat surati qo‘liga tushib qoladi. Shunda u suratning tagiga “Navoiy ko‘chasi – 30-uy” – men tug‘ilgan uy” deb yozib qo‘yadi. Darhaqiqat, ko‘pchilik ijodkorlar uchun tanish va qadrdon bo‘lgan bu qutlug‘ maskanda Tohir Malik yozuvchi sifatida tug‘ilgan, u ko‘p yillar xizmat qilgan “Lenin uchquni” gazetasi (hozirgi “Tong yulduzi”), G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, “Cho‘lpon” nashriyoti, Madaniyat vazirligi shu binoda joylashgan edi. Bu tabarruk dargoh har bir ijodkor hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi adabiy muhitning qaynoq o‘chog‘i edi.
Tohir Malik tarjimai holida ko‘zga yaqqol tashlanadigan yana bir holatga alohida to‘xtalish joiz. Ma’lumki, mustaqillikdan ilgari gazeta, jurnallar sanoqli bo‘lgani bois tahririyatlarga ishga kirish oson bo‘lmagan. Ayniqsa, shoirlarni ishga mas’uliyatsiz bo‘lishadi deya ishga olishmasdi. Tohir Malik esa yozuvchi sifatida ancha-muncha tanilgani va ishga mas’uliyat bilan yondashgani uchun xaridorlari ko‘p bo‘lgan. Ammo bir joyda uzoq ishlamagan. Radioning o‘ziga uch marta, “Sharq yulduzi” jurnaliga ham uch marta qayta-qayta ishga borgan. Shunday mahalda men uni uchratib qolsam, (biz u bilan tengdoshmiz) “Mavlono, mehnat daftarchangiz necha tom bo‘ldi o‘zi?” deya hazillashib qo‘yardim.
Yozuvchining tez-tez ishini o‘zgartirishi – ishni eplolmasligi yoki odamlar bilan chiqishmasligi tufayli emas edi. Xotiralar kitobida to‘g‘riso‘z adib o‘zining ayrim kamchiliklarini ham ochiq yozadi. Uning ko‘ngli nozik edi, birontasi bir og‘iz nojo‘ya gapirsa yoki nohaq xafa qilsa, hamma narsadan hafsalasi pir bo‘lib, ol ishingni deya ketvorardi. Adolatni tiklash uchun kurashmasdi, irodasizlik qilardi. Bu ishi yaxshi emasligini kitobda o‘zi ham e’tirof etadi. Umuman, yozuvchi kitobida ayrim xotiralarda bo‘lganidek, o‘zini ideallashtirmaydi, farishta qilib ko‘rsatmaydi.
“O‘smirlik chog‘im farishta emas edim, to shu yoshga yetgunimga qadar ham bu martabaga da’vo qilmaganman. Boshqalarda bor kamchilik kaminada ham ozmi-ko‘pmi bo‘lgan, hozir ham mavjud” deya e’tirof etgan muallif o‘z kamchiliklariga tanqidiy nazar bilan qaray olgan va ulardan qutulishga harakat qilgan.
Kitobda diqqatga sazovor yana bir muhim holat haqida to‘xtalmoqchiman. Tohir Malik “Yoshlarimiz tarixni yaxshi bilmasalar kerak” deya yaqin va uzoq o‘tmishdagi ayrim voqealarga o‘z munosabatini bildirib o‘tadiki, bu ham juda muhimdir. Sobiq sho‘ro davridagi adolatsizliklar, qusurlar haqida yozarkan, o‘z davrida ko‘p tilga olingan “qayta qurish” siyosatini istehzo bilan “qayta buzish” deb ataydi. 1966 yili bo‘lgan Toshkent zilzilasi munosabati bilan yuzaga chiqqan o‘zgarishlar, qizil imperiyaning ayrim nayranglari haqidagi asosli mulohazalar ham kitobxonning yaqin o‘tmish haqidagi tasavvur, tushunchasini boyitadi.
Kitobda muhim tarixiy voqealar, buyuk siymolar haqida muxtasar ma’lumotlar berilgan. Stalinning qatag‘on siyosati qurboni bo‘lgan jadidlar – Munavvarqori, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Usmon Nosirlarning ayanchli hayot yo‘li, tortgan azob-uqubatlari haqida qon yutib yozilgan bitiklarni o‘qigan kitobxon qalbi larzaga keladi. Adib jadidlar faoliyatiga alohida ixlos bilan qaraydi, ular haqida kattaroq asar yozishni rejalashtirganini bayon qiladi.
Tohir Malik ibratli hayot yo‘lida yaxshiga ham, yomonga ham ko‘p yo‘liqadi. Mehribon ustozlari – Mirzakalon Ismoiliy (adibning tug‘ishgan tog‘asi), Quddus Muhammadiy, Asqad Muxtor, Nosir Fozilov, zamondosh ijodkorlar – Omon Muxtor, Shukur Xolmirzayev, Mashrab Boboyev, Rauf Parfilar haqida, ularning betakror ijodi, insoniy fazilatlari haqida samimiyat va xolislik bilan hikoya qiladi, “Ijod olamida topgan akalarim haqidagi xotiralarni men “U tirik!” degan ishonch bilan yozaman” deydi adib. Balki ana o‘sha ishonch mehr, sog‘inch tuyg‘usi bilan omuxta bo‘lgani bois muallif hamnafas bo‘lib yashagan zamondoshlarining siymosini usta musavvir yanglig‘ bir-ikki chizgi bilan yorqin gavdalantira olgan.
“Asqad aka (Asqad Muxtor – Sh. O.) yarim asrdan ortiqroq umrlarini adabiyotga berdilar. Asqad aka va u kishining tengdoshlari ijodi haqida gapirilganda muhim bir haqiqatni chetlab o‘tmaslik kerak. Ular adabiyotga havas qo‘yib, ijod sirlarini o‘rganaman deb ahd qilishganda bu olam chaman emas edi, bo‘ston emas edi. Bo‘stonga ayamajuz oralab, chamanlarning joniga qasd qilgan davrlar edi”.
“Yozuvchilar orasida Shukur akaday (Sh. Xolmirzayev – Sh.O) injiq odam yo‘q. Muharrir sifatida boshqalarning asarlariga qanday injiqlik bilan talab qo‘ysalar, o‘zlarining romanlariga qo‘yadigan talablari yanada ko‘proq edi”.
“Qisman to‘g‘ri gapirish haqiqat emas… Ne baxtki, Rauf Parfi qisman to‘g‘ri gapiradiganlardan emas”.
“Mashrab Boboyevga unvonning eng zo‘ri berilgan, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yaxshi odam” degan unvon sizni qoniqtiradimi?”
“O‘lmas aka (O‘. Umarbekov – Sh. O.) hayotda samimiy bo‘lganlar, atrofdagilarga ishonganlar, odamlarni toifalarga, navlarga ajratmaganlar. U kishining eng sevgan so‘zlari – “AZIZIM” edi”.
“Guliston”da (“Guliston” jurnalida – Sh. O.) Anvar Eshonov bilan ishladim. Anvar aka nazmda emas, publitsistikada ham mahoratli edilar. Agar yalqovliklarini yenga olganlarida adabiyotimizning sardorlaridan biri bo‘lishlari aniq edi”.
“Tog‘ay Murod bir necha yil ilgari e’lon qilgan dastlabki qissasida ham, hikoyalarida ham oddiy xalq hayotini yaxshi bilishini, urf-odatlar bilimdoni ekanini namoyish qilgan edi… U hech qaysi tengdoshiga xos bo‘lmagan bir uslubda yozadi”.
“Men shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf egallagan ilm darajasi ne qadar ulug‘ ekani xususida so‘z ayta olmayman… Ustoz Alouddin Mansur suhbatlarimizdan birida: “Agar bugungi Islom olamida o‘nta ulug‘ olim bo‘lsa, bittasi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, beshta bo‘lsa, shularning peshqadamlaridan, ikkita bo‘lsa, biridir”, – degandilar.
Asqad Muxtor bosh muharrir bo‘lgan “Guliston” jurnali tahririyatida bir guruh iste’dodli ijodkorlar mehnat qilgani, ularning ish uslubi, bu dargohda shakllangan ajoyib tahrir maktabi, jurnalning respublika ma’naviy hayotida nufuzli ahamiyat kasb etgani sog‘inch va ehtiros bilan hikoya qilinadi.
“Guliston” men uchun unutilmas, qiyoslab bo‘lmas bir maktab bo‘ldi. Hatto ko‘ngilni xira qiluvchi voqealar, gaplar ham ibrat maktabi edi” deb yozadi adib. Ayni chog‘da ushbu xotiralarda nima uchun endilikda mohir, zukko muharrirlar, noshirlar kam, nega ayrim nashrlarda xatoliklar ko‘p, tahrir madaniyati zaif degan dolzarb, muhim muammolarga ham javob aytilganday…
Oltmishinchi yillarda hukumatning yozuvchilarga qanday munosabatda bo‘lgani, teatr san’atidagi muhim voqealar (adib o‘sha kezlar Madaniyat vazirligida Bosh muharrir vazifasida xizmat qilgan – Sh. O.) haqida ma’lumot beradi. Shu asno o‘sha davrdagi adabiy muhiti borasida kitobxon tasavvurini boyitadi. Adabiyot ilmida allaqachon o‘z bahosini olgan ayrim siymolar haqida tanqidiy mulohazalar bildirishga jur’at etadi. Masalan, Abdulla Qahhorning yuksak san’atini tan olgan holda, ijodining ayrim qirralarini tanqid qiladi. To‘g‘ri, bunday “shartakilik” ayrim qahhorshunoslarga yoqmasligi mumkin. Ammo adolat yuzasidan aytganda, adabiy qarashlar dogma emas, har kim o‘z fikrini aytishga haqli.
Endilikda yaqin o‘tmishdagi, aniqrog‘i, XX asrdagi adabiy merosga munosabat jiddiy muammo bo‘lib turibdi. Eng yaxshi, xolis hakam – davr sinovi. Bu imtihondan o‘tolmagan asarlar unutilmoqda. Bunday asarlar o‘z davrida ham jiddiy tanqidlarga uchragan edi. Xo‘sh, unday bo‘lsa, nega ular chop etilgan? Bunday og‘riqli savollarga javob berarkan, muallif tanqid madaniyatini, nazokatni unutmaydi.
Yozuvchining nomini yanada mashhur qilgan, qisqa bir vaqtda qayta-qayta bosilgan asar – “Shaytanat”ning yozilish tarixi kitobxonlarni qiziqtirishi tabiiy edi. Adib xotiralar kitobida bu istaklarni hisobga olish barobarida, “Hikmat afandining o‘limi”, “Falak”, “Bir kecha, bir ko‘cha”, “Chorraha”, “Iblis devori”, “Odam ovi”, “Murdalar gapirmaydilar”, “Samum”, “Alvido, bolalik…” kabi asarlarining yaratilish tarixi haqida qiziqarli ma’lumotlarni bayon qiladi. Bu samimiy hikoyalar adibning adabiyotdan o‘z o‘rnini topish uchun astoydil intilgani, iste’dod intizomli mehnat bilan uyg‘unlashsa sa’y-harakatlar yaxshi samara berishini ko‘rsatadi.
Xotiralarda kitobxonni andak ajablantirishi, hayratga solishi mumkin bo‘lgan ayrim tafsilotlar ham yo‘q emas. Sir emas, sodda kitobxon yozuvchi xalqini salkam farishta hisoblaydi, shunday hisoblashga haqli ham. Ammo hayot juda murakkab, yozuvchi xalqi ham xom sut emgan oddiy banda.
Tohir Malik turli tahririyatlarda nufuzli vazifalarda xizmat qilganida har xil toifadagi odamlar bilan ishlashiga to‘g‘ri kelgan. Bu haqda shunday yozadi:
“Maqtanishga yo‘ymang-u, kamina qayerda ishlamasin, xodimlarga mehr bilan muomalada bo‘lardim, faqat yaxshilik qilishni o‘ylardim. Lekin xizmat vazifasini bajarish bobida qattiqqo‘l edim”.
Tohir Malik Yozuvchilar uyushmasida va “Yoshlik” jurnalida ishlagan kezlar ushbu qutlug‘ dargohlarga tasodifan kelib qolgan, haqiqiy adabiyotdan yiroq bo‘lgan ayrim kishilarning tazyiqi – hujumiga duch kelgan. Ularning turli noqonuniy ishlariga, o‘g‘irliklariga izn bermagan. Natijada g‘alamislar turli yo‘llar bilan adibni ishdan ketkizmoqchi bo‘lishadi. Bu haqda afsus va iztirob bilan yozishga majbur bo‘lgan adib gap egasini topar deya g‘alamislarning asl ismi sharifini ochiq aytmaydi. Tafsilotlarni xolis, adolat bilan bayon qiladi.
“…hayotda noxush voqealarga duch kelgan yoshlarga ibrat bo‘larmikin, deb bir chimdimginasini qog‘ozga tushirdim. Agar chegaradan chiqqan bo‘lsam, uzrimni qabul eting” deydi. Kitob oxirida esa o‘ziga yomonlik qilgan kimsalarning gunohidan o‘tganini izhor etadiki, bu ham bir ibratdir.
Har qanday memuar asarda muallif istaydimi, yo‘qmi, o‘zining portretini, xarakterini ham yaratadi. Kitobxonlar shu mahalgacha Tohir Malikni barkamol asarlar yozgan mashhur adib sifatida bilishar edi. Mana endi ular adibning oilasi, shajarasi, shaxsiyati, fe’l-atvori, ijodxonasi, asarlarining yaratilish tarixi, u yashagan davrning muhim xususiyatlari, adabiy muhiti, zamondoshlari bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Asarning qimmati ham shundadir.
Tohir Malik asarlarini tahlil qilganda adib uslubining o‘ziga xosligi, betakror ohangi, samimiyati, ravonligi, tilining shiradorligi, beqiyos yumori haqida so‘zlamaslik mumkin emas. Ayniqsa, kitobxonga zavq-shavq beradigan ajoyib hazil-mutoyibalar (“Do‘rmon hangomalari”, “Tohir Malik bir kuni…” kitoblarimda bunday hangomalardan namunalar berilgan) asarga alohida joziba baxsh etgan.
Kitobda bahsli o‘rinlar ham yo‘q emas. Takrorlar uchraydi. Ikkinchi kitobning “Sarob” deb nomlanishi mantiqan to‘g‘ri emasday… Shuningdek, ayrim tafsilotlar haddan ziyod cho‘zilib ketgan. Adib buni o‘zi ham sezgan shekilli, ahyon-ahyon kitobxonni toliqtirib qo‘ygani uchun uzr so‘raydi. Bu kamchiliklar asarning umumiy qimmatini pasaytirolmaydi, albatta.
Ommaviy madaniyat niqobi ostida turli balo-qazolar har tomondan xuruj qilib kelayotgan bir davrda ma’naviyatimizning yanada barkamollashuviga xizmat qiladigan, tarbiyaviy ahamiyati yuksak maqomda bo‘lgan shunday kerakli kitobning yozilishi ayni muddaodir.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 3-son