Shodmon Otabek. Hammasi havasdan boshlangan

http://n.ziyouz.com/images/shodmon-otabek.jpgAksariyat ijod ahlida adabiyotga, ijodga havas kitobga, kitobxonlikka havasdan boshlanadi. Kaminada ham shunday bo‘lgan. Qishlog‘imizda mo‘jazgina kutubxona bo‘lardi. U yerga ilk bor katta yoshli bolalarga ergashib, ularga havas qilib borganman. Kutubxonachi Donoxon ayaning yaxshi bir odati bor edi. Yosh kitobxonlar olgan kitobini o‘qigan yoki o‘qimaganini so‘rab-surishtirardi. Mashhur bolalar yozuvchisi Arkadiy Gaydarning bir kitobini o‘qiganim yodimda. O‘sha kitobning ilk jumlasi haliyam esimda qolgan: “Qishda odam juda zerikadi”…

Maktab kutubxonasidagi pichoqqa ilinadigan yoki maktabdoshlarimning qo‘lida ko‘rib qolgan hamma kitoblarni o‘qib chiqqanman. Tanlab, saralab o‘qish malakasi hali shakllanmagandi. Yanglishmasam, beshinchi yoki oltinchi sinflarda o‘qiyotganimda Voynichning “So‘na” romani qo‘limga tushib qoldi. Bir-ikki sahifa o‘qib, zerikib ketdim va o‘qigim kelmay tashlab qo‘y­dim. Keyinchalik bilsam, bu asar o‘shanda yoshimga mos emas ekan. Yuqori sinfga o‘tganimda shu ro­manni qayta qo‘lga oldim. Kitobni bosh ko‘tarmay, hayajon va hayrat bilan o‘qib chiqdim. So‘naning oti­lishi voqeasi va sevgilisi Jemmaga yozgan so‘nggi maktubini o‘qiyotib yum-yum yig‘ladim. Kitobdan bi­rinchi bor shu qadar ta’sirlanishim edi. Birinchi bor adabiyot deb atalmish mo‘jizaning sehru jodusi bilan yuzma-yuz bo‘lishim edi. Keyinchalik Oybekning mashhur “Qutlug‘ qon” romani ham ongu shuurimni shunday alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. Adabiyotga astoydil ixlos qo‘yishim balki o‘shandan boshlangandir. O‘z vaqtida o‘qilgan kerakli kitoblar odamning taqdirini, hayot yo‘lini belgilashi mumkin ekan.

Yaxshi kitoblar bilan bir qatorda qanchadan-qancha keraksiz, sayoz kitoblarni ham vaqt sarflab o‘qib chiqqanimni alam bilan eslayman. “Yashirin obkom harakatda” degan yostiqdek bir kitobni (urush yillaridagi partizanlik harakati haqida) uch oylik ta’til davrida erinmay o‘qib chiqqanman. Buning o‘rniga xalq dostonlarini o‘qisang bo‘lmaydimi, deydigan odam bo‘lmagan-da!

Keyingi vaqtlarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatining pasayib ketayotgani haqida ko‘p ga­pi­rilmoqda. Bunday tashvishda jon bor, albatta. Men ham bu haqda ko‘p o‘ylayman. Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Ota-ona avvalo o‘zi kitobxon bo‘lishi kerak deymiz. Ammo o‘zi kitobxon bo‘lgan ota-onalarning farzandlari ham kitobga qiziqmayotganini tushunolmayman. Yoshlarni qo‘ya turaylik, kuzatishimcha, ba’zan o‘zimiz ham kitobni kamroq o‘qi­yotganga o‘xshaymiz. Jahonga mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatovdan muxbir “Siz ko‘p yozasizmi?” deb so‘raganda, adib “Yo‘q, men ko‘p o‘qiyman” deb javob bergan ekan. Sho‘rolar davrida xalqaro Nobel mukofotiga sazovor bo‘lib, ana o‘sha “shakkokligi” uchun tazyiqlarga uchragan mashhur shoir Boris Pasternakning “Buyuk kitobxonlar paydo bo‘lgandagina buyuk adabiyot paydo bo‘ladi” degan ibratli gapi bejiz aytilmagan.

“Kitob o‘qimaydigan hamkasblarni tanqid qilyap­siz, xo‘sh, o‘zingiz ularning kitoblarini o‘qib bo­­­­ra­sizmi?” degan tabiiy savol tug‘iladi. Ilgari yozuvchiman degan odam adabiyotdan orqada qolmaslik uchun chop etilayotgan hamma yaxshi-yomon asarlarni o‘qib borishi kerak, degan fikrda edim va bu aqidamga uzoq yillar amal qilganman. Ammo keyinchalik ang­lab yetdimki, buning iloji yo‘q va bunday qoidaning keragi ham yo‘q ekan. Menimcha, ustoz Abdulla Qahhorning “Kitob shavq bilan o‘qilishi kerak” degan talabi hech qachon eskirmaydi. Axir har qanday asar avvalo o‘qish uchun yoziladi-da! Masalaga shu nuqtai nazardan qarasak, hozirgi davrda modern adabiyoti namunasi sifatida chop etilayotgan aksariyat asarlarni oddiy kitobxon o‘qimaydi, o‘qiy olmaydi, o‘zini majburlab o‘qisa ham tushunmaydi. Tushunarli bo‘lmagan asar esa o‘ziga tortmaydi.

Xullas, adabiyotda yangicha uslub, yangicha tasviriy vositalar zarurligini mutlaqo inkor qilmagan holda, modern masalasida ancha konservativman. Kimdir meni qoloqlikda ayblashi mumkin, o‘z fik­rimni aytyapman, xolos. Nazarimda, nasrimizdagi an’anaviy tasvir uslubining imkoniyatlari cheksiz, u hech qachon yo‘qolmaydi. Ushbu uslubda umrboqiy, shoh asarlar yaratilgan va shubhasiz, yana yaratiladi. Shu o‘rinda Lev Tolstoyning “Sodda va ravon yoza bilmoqlik chinakam iste’doddir” degan o‘giti yodga tushadi. Endilikda balki kimlargadir sodda yozish jo‘nlikday tuyular. Ammo modern degani iste’dodsizlikni, tayinli g‘oyaviy niyatning yo‘qligini xaspo‘shlaydigan bir niqob bo‘lmasligi kerak!

Kitob do‘konlariga kirsangiz, chiroyli, qalin, yaltiroq muqovadagi kitoblarga ko‘zingiz tushadi. Adabiyotdan ancha-muncha xabardor kitobxon ham bu kitob­larning mualliflari nomini birinchi marta ko‘rib turgan bo‘ladi.

Bozor iqtisodiyoti degani pul bo‘lsa changalda sho‘rva degani emas! Agar shunday bo‘lsa, shahar bedarvoza bo‘lib qoladi. Endilikda yomon, saviyasiz kitoblarning yo‘liga g‘ov qo‘yishdan tashqari, ularning zarari haqida ham baralla gapirish fursati keldi. Shu o‘rinda jiddiy adabiyotga e’tibor yanada kuchaytirilishi kerak. (Yozuvchi asarini o‘z mablag‘i hisobiga chop ettirsa, kitobini o‘zi targ‘ib qilib, sotish masalasi bilan ham o‘zi shug‘ullansa, qachon xotirjam ijod qiladi?..) Adabiyot barcha san’atlar ichida eng muhim, eng murakkab, eng kerakli san’at. Muqaddas kitobda zikr etilganidek, “Avval so‘z bo‘lgan”. Hozircha jiddiy adabiyot sariq matbuot va sariq adabiyotning soyasida qolayotgandek tuyulmoqda. Yaxshi asar bilan yomon asar aralash-quralash bo‘lib ketganday… Asosiy vazifasi haqiqiy iste’dodlarni kashf etish, yaxshi asarlarni targ‘ib qilish bo‘lgan tanqidchilik juda ham susaygan, uning bor-yo‘qligi deyarli bilinmaydi. Bu sohada aravaning yukini haliyam eski avlod vakillari baholi qudrat tortib kelmoqda. Umuman, adabiyotda avlodlar almashinuvi juda murakkab, og‘riqli bir tarzda kechmoqda…

* * *

Universitetda astoydil, a’lo baholarga o‘qi­dim. Bizga adabiyotdan saboq bergan domlalar – G‘ulom Karimov, Ozod Sharafiddinov, Norboy Xu­­doyberganov (Alloh ularni o‘z rahmatiga olgan bo‘l­sin) va Umarali Normatovlarning nomlarini zo‘r hurmat-ehtirom bilan eslayman. Ularning be­min­nat saboqlari, o‘gitlari hayot yo‘limda ko‘p va xo‘p asqotdi. Kursimizdan yaxshi, taniqli ijodkorlar yetishib chiqdi. Afsuski, Asqar Qosimov bilan Amir­qul Po‘lkanovning umri qisqa bo‘ldi. Taniqli adib Qam­chibek Kenjaning nomi kitobxonlarga yaxshi tanish.

Oltin davr – talabalik yillarini eslarkanman, ko‘z oldimda yurakni orziqtiruvchi, ajib manzaralar namoyon bo‘ladi. Biz adabiyotning, adabiy muhitning jo‘shqin, qizg‘in bir pallasiga guvoh bo‘lgan avlodmiz. O‘sha betakror davrlarni ko‘p eslayman, ko‘p qo‘msayman. Ajabo, o‘sha kezlar yosh ijodkor bir-ikkitagina she’ri yoki birgina hikoyasi bilan tilga tushib, tanilishi mumkin edi. Uchqun Nazarov “Odamlar” degan hikoyasi, Shukur Xolmirzayev “To‘lqinlar”, O‘tkir Hoshimov “Cho‘l havosi” qissalari bilan tanilib, Abdulla Qahhordek tirik klassikning nazariga tushgan edilar. Yozuvchilar uyushmasida bo‘ladigan nasr, poeziya, dramaturgiyaning yillik muhokamalari bir necha kunlar davom etar, o‘sha kunlari darslardan ozod qilingan biz talabalar muhokamalarda bo‘lgan qizg‘in bahs-munozaralardan ko‘p saboq olardik. Bunday adabiy muhit har qanday ijodkor uchun katta maktab edi.

“Bir yozuvchining adabiyot dargohiga kirib, undan o‘z o‘rnini topishi uchun ming bir shartu sharoitning tajassumi kerak, – deb yozadi ustoz Erkin Vo­hidov. – O‘sha ming birning biri – adabiy muhit va bu muhitdagi odamlarning xayrixohligidir”. (“Sharq yulduzi”, 1987, 9-son, 165-bet)

Biz ilk mashqlarimizni hammaga ko‘rsatavermas, negadir bundan tortinar edik. Tahririyatlarning os­­­tonasiga qadam qo‘yishga esa jur’at qayda, bu dar­gohda ishlaydiganlar nihoyatda martabasi ulug‘, katta odamlardek tuyulardi. Biz hatto shunday joyda tanishi bo‘lgan kursdoshlarimizga havas qilardik.

Hayot yo‘limda yaxshi, saxovatli odamlarga yo‘­liqqanimni shukronalik bilan eslayman. “Gulis­ton” jurnali yangitdan tashkil etilgan yillar edi. Hamqishlog‘im, taniqli jurnalist va yozuvchi Rustam Rahmon o‘sha jurnalda sarkotib (shunday atalardi) edi. (Rahmatli “Temur tuzuklari”ning tarjimasini Alixonto‘ra Sog‘uniy og‘zidan yozib olib, jurnalda chop ettirgan, sho‘ro mafkurachilarining tazyiqi bilan bu xayrli ish nihoyasiga yetmay qolgan edi). Adabiy mu­hitning sehru jozibasi ta’siridami yoki ko‘ngildagi ezgu istaklar tufaylimi, o‘qishni bitirgach, poytaxtda ishlab qolmoqchi bo‘ldim. Maslahat so‘rab Rustam akaning oldiga bordim. U kishi res­publika radiosining “Yoshlik” tahririyatidagi shogirdiga (o‘zi o‘sha tahririyatni tashkil etgandi) meni ishga olish haqida iltimos qilib telefon qildi. Xullas, “Yoshlik”da besh-olti yil ishlash nasib etdi. U yerda Jonrid Abdullaxonov, Maksim Karimov, To‘lagan To‘xtayev kabi ijodkorlar bilan yelkadosh bo‘lib xizmat qildim. Respublikaning hamma viloyatlarini kezib chiqdim. Jonrid aka bir qancha romanlar muallifi bo‘lgan taniqli yozuvchi edi. U kishidan ko‘p narsa o‘rgandim. Odatda, radioda matn­ga, tahrir madaniyatiga e’tibor gazeta yoki jurnal tahririyatlaridagiday emas. Jonrid aka tayyorlagan eshittirishlarimni qanday tahrir qilganini sinchik­lab ko‘rib chiqardim. Shu odatim menga ko‘p foyda berganini sezganman.

Bu dargohda yana bir kamchiligimdan qutulganman. Tabiatimdagi o‘ta tortinchoqlik, uyatchanlik hatto kasallik darajasiga borib yetgandi. Talabaligimda bil­ganlarimni auditoriyaga yuzlanib gapirishdan iymanar, bu fe’limdan ko‘p azob chekar edim. Radioda ishlab, turli odamlar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan intervyu olish asnosida shu nuqsonimdan asta-sekin xalos bo‘ldim. Ilk hikoyalarim, ocherklarim garchi radioda e’lon qilingan bo‘lsa-da, ular “havoga uchib ketgani” uchun jiddiy ijod deb hisoblamayman.

“Yosh gvardiya” nashriyotida “Guldasta” degan to‘p­lam tayyorlanayotgan emish, unda yoshlarning she’r, hikoyalari bosilarmish degan gapni eshitib, ikkita hikoyamni topshirdim. To‘plam chop etilganda bittasini sotib olib, mundoq varaqlab ko‘rsam, ikkala hikoyam ham bosilib chiqibdi. Quvonchimning cheki yo‘q, bir necha kungacha o‘zimga kelolmay hovliqib yurdim. Ijod quvonchi nima ekanini birinchi bor o‘shanda ilg‘adim, shekilli…

Taniqli munaqqid Ibrohim G‘afurov “Guldasta”­ga yozgan taqrizida mening o‘sha hikoyalarimni ijobiy baholab, “Shodmonbek muhabbat nafasini bera oladi” deb yozibdi. O‘zimga ishonch uyg‘ongandek bo‘ldi, “Demak, yozaversam bo‘lar ekan” deb o‘yladim.

Qadrdon do‘stim Qamchibek Kenja “O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi)da ishlardi. Ijodiy mashqlarimizni o‘qishib, o‘zaro muhokama qilib turardik. Bir kuni Qamchibek “Yaproqdagi nur” degan, sevgi haqidagi lirik hikoyamning qo‘lyozmasini o‘qib, olib ketdi va bir necha oydan so‘ng o‘zi ishlayotgan gazetada chop ettirdi.

Ayrim ijodkorlar ilk muvaffaqiyatlardan ruh­­lanib, yanada g‘ayrat bilan otni qamchilaydilar. Menda esa buning aksi bo‘ldi. Uzoq vaqtgacha yozmay ketdim. O‘sha kezlar turish-turmushimda halovat yo‘q, uysizlikdan qiynalib, ijaraxonalarda sarson bo‘­lib yurardim. Lekin bular yozmasligimga bahona bo‘lolmasligini anglardim. Rus va jahon adabiyotini yanada chuqur o‘rganmay, o‘zlashtirmay turib yozmasligim kerak, degan tushuncha miyamga o‘rnashib qoluvdi. Boshim bilan qayta mutolaaga sho‘ng‘ib ketdim. Goho yozgim kelsa ham yozmay yuraverdim. Murod Muhammad Do‘st (universitetda o‘qishni tashlagan, hali Moskvaga ketmagan edi) bilan o‘sha kezlar juda yaqin edik, deyarli har kuni ko‘rishardik. U bir kuni hayron bo‘­lib gapirib qoldi: ”Nega o‘zingizni cheklaysiz? Chek­lamang, yozgingiz kelsa yozavering!” Bir kuni Ibrohim G‘afurov ham uchrashib qol­ganimizda iddao bilan shunday degani yodimda: “Nega bir-ikkita hikoyadan keyin jimib ketdingiz? Alloh ayrim odamlarga iste’dod berish bilan bir qatorda shu iste’dodga yarasha yalqovlik ham berarkan…”

Ko‘p yillar ilm bilan shug‘ullansammikin yoki ijod qilsammikin deya ikkilanib yurdim. Nazarimda, bu ishning biri ikkinchisiga xalaqit beradigandek, shu bois ulardan bittasini tanlashim lozimdek tuyulardi. Do‘stim Qamchibek har gal ko‘rishganimizda ijodga da’vat etar, badiiy ijod qo‘lidan kelmaydiganlar keyinchalik o‘zini ilmga urib ketadi der edi. Keyinchalik anglab yetdimki, aslida ilm bilan ijod o‘rtasiga xitoy devori qo‘yish shart emas ekan. Ko‘pgina adiblar badiiy ijod bilan bir qatorda ilm, adabiy tanqid bilan ham jiddiy shug‘ullanishgan ekan. Tayyor dissertatsiyadan voz kechganimdan keyin ham baholi qudrat ilmiy, tanqidiy (ko‘proq esse janrida) mavzuda qalam tebratib turdim. Ko‘proq o‘zim bilgan, ijodi ko‘nglimga yaqin bo‘lgan adiblar – Odil Yoqubov, Ibrohim G‘afurov, Yo‘ldosh Solijonov, Shukur Xolmirzayev, Rauf Parfi, Tohir Malik, Rustam Rahmon, Mirpo‘lat Mirzo, Qamchibek Kenja, Habib Temirov, Nosir Muhammad, Ashurali Jo‘rayevlar ijodi haqida yozdim. Ushbu bitiklar asosida «Adabiyot qismatdir» degan kitob chop ettirdim.

Yozuvchi asarining qiyomiga yetib, mukammallashuvida malakali, tajribali muharrirlarning xizmati ham katta deb o‘ylayman. Gazeta, jurnal va nashriyot tahririyatlarida saviyasi, savodi, tahrir madaniyati talabga javob beradigan muharrirlarning tobora kamayib ketayotgani tufayli nashrlarning g‘ij-g‘ij xatoliklar bilan chop etilayotgani meni ko‘p o‘ylantiradi. Hamma narsani oxir-oqibat kadr­lar hal qiladi degan qoida – nazariya hech qachon eskirmas ekan. Taniqli yozuvchi Erkin A’zam (uni til va uslubi eng mukammal yozuvchi deb hisoblayman) bir vaqtlar “Yoshlik” jurnalining nasr bo‘limini boshqarganda ikkita hikoyamni ma’qullab, chop etgandi. Muallif bilan muharrir muloqotining oliy namunasini ana o‘shanda ko‘rganman.

* * *

Ilgari yozuvchilarning Do‘rmondagi ijod uyi ju­da gavjum bo‘lardi. Yozuvchilar ijoddan bo‘shagan vaqt­­larda, oshxonada tamaddi qilishayotganda yoki tash­­­qarida aylanib yurishganda o‘zaro bir-bir­la­­riga hazil-mutoyibalar qilishar, qiziq-qiziq han­­­­gomalardan aytishib, zavqlanishar edi. O‘zim be­­­­­vosita guvoh bo‘lgan ana o‘sha ajoyib, betakror gu­rung­­lar keyin­chalik qayta-qayta nashr etilgan va ancha-muncha tilga tushgan “Do‘rmon hangomalari” degan ki­tobimning yozilishiga turtki bo‘ldi.

“Do‘rmon hangomalari”ni yozishdan maqsad – yo‘q joy­dan kulgu qidirish, ayrim ijodkorlarni ulug‘­lash, maqtash yoki qah-qah urib kuldirish emas, balki turfa kulgulardan kitobxonni baholi qudrat bahramand qilish, uning ruhini poklash va shu kulgu vositasida nomlari tilga olingan ijodkorlarning jonli siymosini kitobxon ko‘ngliga yaqin qilishdir.

Ayrim hangomalarning “siri” – ma’nosi o‘tmish yoki hozirgi davrdagi adabiy muhit bilan yaxshi tanish bo‘lganlargagina ayon bo‘ladi. Shu bois, bunday hangomalarni adabiy-madaniy merosimizdan yaxshiroq xabardor bo‘lgan kitobxonlar teranroq ang­laydilar. Hangomalarda nomlari tilga olingan adib­larni men nihoyatda hurmat qilaman, ularga ixlosim baland. Azbaroyi suyganimdan, haddim siq­qa­nidan ular haqidagi hangomalarni qalamga olganman. Bu beg‘araz hazil-mutoyibalardan kulgisevar xal­qimiz ham bahramand bo‘lishini, muxlislarning o‘zlari suygan ijodkorlar haqidagi tasavvuri yanada boyishini istayman. Ayni chog‘da bu hangomalar adabiyotimizning, madaniy-ma’naviy hayotimizning hazil-mutoyibalarga yo‘g‘rilgan bir tarixidir.

Darhaqiqat, ushbu kitob muttasil yozilib, to‘l­di­rib borilmoqda. Hozir kitobning to‘ldirilgan, be­shinchi nashrini tayyorlab qo‘ydim. “Do‘rmon han­go­ma­lari”ga qahramon bo‘lishni istayotgan adiblar soni esa tobora ko‘payib bormoqda. Ular menga hazil ila: “Mayli, yozavering, mabodo o‘z asarlarimiz bilan tarixda qolmasak, loaqal sizning hangomalaringiz orqali nomimiz qolar”, deyishadi. Qaydam, “kamtarlik” bilan aytganda, balki bu gaplarda jon bordir. Axir Bernard Shou, Mark Tven, Mixail Svetlov, o‘zimizning G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Adham Hamdam, Aziz Abdurazzoq, Rauf Parfi, Tohir Malik, Mirpo‘lat Mirzo haqidagi hangoma – hazillarni muxlislar o‘sha adiblarning asarlaridan kam sevishmaydi-ku!

Kulgu, hazil katta kuch. Hech narsa odamlarni bir-biriga samimiy, beozor kulgudek yaqin­lash­ti­rol­maydi. Oxunjon qiziq lutf etganidek, hammom odamning tanasini tozalasa, kulgu ruhini poklaydi.

Keyingi yillarda faqat hangoma yozish bilan chek­lanib qolayotganim yo‘q. Bir qancha jiddiy hi­koyalarim gazeta va jurnallarda chop etildi. Birinchi marta eng qiyin janr hisoblanmish dramaturgiyaga (Belinskiy ta’rifi) qo‘l urib, “Sen uchun yashayman” degan piyesa yozdim. “Sharq yulduzi”ning 2013 yil, 2-3 sonlarida bosildi. Ayrim teatrlarda sahnalashtirildi. Boshqa janrlardagi ijodim hangomalar soyasida qo­layotgandek tuyulgani menga biroz alam qiladi.” Baraka topgurlar, men boshqa narsalar ham yozib turaman” desam, ayrim qalamkash do‘stlarim “O‘zingiz ham xuddi qahramonlaringiz kabi hangomalar orqali tarixda qolasiz” deya ha­zillashishadi. Qaydam, balki bu gap­larda ham jon bordir… (Adabiyotda noming mutlaqo o‘chib ketgandan ko‘ra, loaqal birgina asaring VAQT va KITOBXON sinovidan o‘tib, yashab qolsa ham katta gap deb o‘ylayman).

Bu bo‘ston sahnida gul ko‘p, chaman ko‘p degandek, bunda “Har kim aytur neki bor imkonida”… Ko‘ngilda hali orzular, rejalar ko‘p. Alloh omonatini qis­tamasa, ularni qog‘ozga tushirish niyatim bor…

Do‘ppini olib, mundoq o‘ylab ko‘rsam, juda ko‘p qimmatli vaqtim zoye ketgan ekan. Bu yo‘qotishlar menga katta armon bo‘lib qoldi.

Inson boshiga tushishi mumkin bo‘lgan eng og‘ir yo‘qotish – vaqtni boy berish ekanini juda kech anglab yetganim alam qiladi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 11-son