Qatag‘on davri tanqidchiligi istiqlol davri talqinida
Bugun Mustaqillik kunlarimizda xalqimizning o‘tmish va sovet davri tarixi kabi uning mumtoz adabiyoti va tanqidiy tafakkuri ham milliy istiqlol nuqtai nazaridan qayta o‘rganilmoqda, yangidan idrok etilmoqda. Sovet davrida bunga yo‘l qo‘yilmagan edi. Chunki Prezidentimiz Islom Karimov to‘g‘ri qayd qilganlaridek: “…Sho‘rolar zamonida tarixiy haqiqatni bilishga intilish rag‘batlantirilmas edi, hukm-ron mafkura manfaatlariga xizmat qilmaydigan manbalar xalq ko‘zidan iloji boricha yiroq saqlanardi.
Ahvol shu darajaga borgan ediki, o‘z tariximizni o‘zimiz yozish huquqidan mahrum bo‘lib qoldik. Endi Mustaqillik tufayli yaqqol namoyon bo‘layotgan tarixiy haqiqatni bilishga, o‘zligini anglashga chanqoqlikning tub sabablari mana shunda, deb o‘ylayman”. Shuning uchun ham 1991 yilda O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishgandan so‘ng bu borada sho‘ro davrida kommunistik mafkura ta’siri va tazyiqi ostida yaratilgan asarlardan tamomila farqli o‘laroq milliy istiqlol g‘oyalari ruhidagi asarlar maydonga keldi. Ayniqsa, XX asrning 30–50-yillaridagi mash’um qatag‘on siyosati davrida tarixshunoslik, adabiyotshunoslik va adabiy tanqidda ro‘y bergan noxush oqibatlar ham qayta ko‘rib chiqila boshlandi. Bu sohada adabiyotshunoslardan akademik Izzat Sulton, Salohiddin Mamajonov, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov, professorlardan Naim Karimov, Ahmad Aliyev, Sobir Mirvaliyev, Begali Qosimov, Hamidulla Boltaboyev, Shuhrat Rizayev, filologiya fanlari nomzodlari Sirojiddin Ahmad, Ortiqboy Abdullayev, Boybo‘ta Do‘stqorayev, tarixchi olimlardan akademik Bo‘riboy Ahmedov, professorlar Hamid Ziyayev, Dilorom Alimova, Fayzulla Ishoqov, Rustam Shamsiddinov, Baxtiyor Hasanov, Qahramon Rajabov va boshqalar faol ish olib bordilar. Natijada yangi tal-qindagi uch jildlik O‘zbekistonning yangi tarixi (ularning birinchi va ikkinchi jildlari Turkiston va O‘zbekistonning Chor hamda Sovet mustamlakachilik davridagi tarixiga bag‘ishlandi) hamda qator darslik va qo‘llanmalar yaratildi, dissertatsiyalar yoqlandi, risola va maqolalar e’lon qilindi. O‘zbek adabiyotining eng qadimgi davridan boshlab mustaqillikkacha va undan keyingi rivoji haqida ham oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari uchun qo‘llanma va darsliklar paydo bo‘ldi, tadqiqotlar yaratildi, kitob va maqolalar bosilib chiqdi. Qatag‘on davri fojialarini aks ettiruvchi bir qancha she’riy, nasriy asarlar, hujjatli filmlar maydonga keldi (Masalan, dramaturg Izzat Sultonning “Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlari”, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimovning “Kunduzsiz kechalar” sahna asarlari, O‘zbekiston xalq shoirlari Shukrulloning “Tirik ruhlar”, “Kafansiz ko‘milganlar” romanlari, Jamol Kamolning “Otash”, “Fayzulla Xo‘jayev ko‘zlari” she’rlari, adib Xayriddin Sultonovning “Ular Germaniyada o‘qigan edilar” nomli ikki seriyali hujjatli filmi stsenariysi va boshqalar). Yurtboshimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2000 yilda mustamlakachilik davrida begunoh mahv etilgan xalqimizning asl farzandlari ko‘milgan Bo‘zsuv sohilida “Shahidlar xotirasi xiyoboni” va “Qatag‘on qurbonlari muzeyi” tashkil qilindi. 2001 yil 31 avgustdan boshlab yurtimizda qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni nishonlanadigan bo‘ldi. Muzeyda qariyb 130 yilcha davom etgan mustamlakachilik siyosatining noxush oqibatlarini va keyingi yillarda mustaqilligimiz sharofati tufayli tiklangan tarixiy haqiqatni xolis ko‘rsatib turuvchi boy va rang-barang arxiv hujjatlari, fotorasmlar, ilmiy va badiiy asarlar davrlar bo‘yicha joylashtirilgan.
Jumladan, marhum akademik Izzat Sulton o‘zining “Bahouddin Naqshband abadiyati” (1994), “Ulkan adib saboqlari” (1997), “Qayta tug‘ilish arafasida”, “Jadidchilik istiqlol ko‘zgusida” (1999) kabi maqolalarida sovetlarning nosog‘lom kommunistik siyosati oqibatida o‘tmishda yashagan Amir Temur, Mirzo Bobur kabi buyuk davlat va jamoat arboblari shoh va hukmdor bo‘lganligi uchun, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband kabi halol, pok tariqat targ‘ibotchilari tasavvufiy qarashlari uchun, Turkistondagi jadidchilik harakatining peshvolari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va boshqa ijodkorlarni elni ma’rifatga va istiqlolga chorlaganliklari uchun nohaq qoralab, xalq ongi va mehridan chiqarib tashlashga uringanliklarini asosli dalillar asosida ko‘rsatib berdi.
“Biz tariqat namoyandalarining merosini jiddiy ravishda o‘rganishimiz va unda o‘tmishga mansub tomonlarni ham, bizning zamonamiz uchun foydali tomonlarni ham aniqlashimiz va ularga munosib baho berishimiz zarur…
…Keyingi yetmish yillik hayotimizda yo‘l qo‘yilgan xatolardan biri – insoniyat taraqqiyotining har bosqichida dinning mafkuraviy negiz sifatida o‘ynagan katta ijobiy rolini inkor etish bo‘ldi”, deb afsuslanib yozadi olim. Shuningdek, u “Jadidchilik istiqlol ko‘zgusida” nomli taqriz (“Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash” (Maqolalar to‘plami, T., 1999) maqolasida jadidlarning xayrli faoliyati va bugungi istiqlol davri uchun ibratli saboqlari haqida haqqoniy fikrlarni o‘rtaga tashladi: “…Jadidchilik harakatiga sovetlar davrida qanchalik noto‘g‘ri va nohaq baho berilgan bo‘lmasin, jadidlarning ham iqtisodiy, ham maktab va maorifni, ham san’at va adabiyotni, ham matbuotni qamrab olgan faoliyat doirasi nihoyatda keng va ular qoldirgan ilmiy, adabiy va publitsistik meros fav-qulodda kattadir. Uni mukammal o‘rganmay turib, na jadidchilik harakati tarixini mukammal tasavvur etish, na Behbudiy, Munavvar qori, Ubaydulla Xo‘jayev, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy singari jadidlarning o‘zbek xalqi tarixi taqdiridagi rolini teran his etish, na bugun respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tarixiy zarurat ekanini tushunish mumkin emas” (“Jahon adabiyoti” jurnali, 1999, № 9, 170-171-betlar).
O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov Cho‘lponning “Yana oldim sozimni” (1993) nomli tanlangan asarlariga yozgan so‘zboshisi, “Cho‘lponni anglash” (1994) risolasi, “Istiqlol fidoyilari” ruknida nashr etilgan Mustafo Cho‘qayev, Otajon Hoshim, Cho‘lpon nomli adabiy portretlarida XX asr boshi va 20-yillarda Turkistonda ijtimoiy-siyosiy, adabiy va ma’rifiy hayotda faol ishtirok etgan mazkur istiqlol fidoyilari haqida fikr yuritadi. Ayniqsa, “Cho‘lponni anglash” risolasida munaqqid bu borada keng to‘xtalib, uning zamonaviy o‘zbek adabiyotida yaratgan yuksak g‘oyaviy-badiiy asarlari, rus va jahon adabiyotidan qilgan go‘zal tarjimalariga yuqori baho beradi, unga o‘z vaqtida ijobiy munosabatda bo‘lgan professor Abdurahmon Sa’diy, Oybek, Zarif Bashir kabi xolis munaqqidlar bilan birga, “Ayn” (Olim Sharafiddinov), Sh.Tuyg‘un kabi nosog‘lom pozitsiyada turgan tanqidchilarning Cho‘lponga qarshi tuhmatkorona hujumlari keyinchalik qatag‘onga “xolis xizmat” qilganliklarini ham ochiq yozadi: “30-yillarning o‘rtalaridan boshlab, Cho‘lponni qoralovchi maqolalar oqimi yanada kuchaydi. Tabiiyki, ularda Cho‘lponni anglashga intilishdan asar ham yo‘q edi. Aksincha, mash’um 37-yil yaqinlashgani sari bunday maqolalardan har qanday andisha va insoniylik yo‘qoladi. Maqolalar go‘yo muayyan bir tashkilotning buyurtmasi bilan yozilganday bir-biriga juda o‘xshardi. Ularda dalil-isbot keltirilmagan holda “Cho‘lpon – millatchi” degan ayb qayta-qayta takrorlanaverardi. Shunday taqrizlardan biri Tuyg‘unning qalamiga mansub bo‘lib, Cho‘lponning hibsga olinishi arafasida, ya’ni 1937 yil 22 may kuni “O‘sh leninchi” gazetasida bosilgan.
Tuyg‘unning maqolasi e’lon qilingandan so‘ng Cho‘lpon qamoqqa olindi. Hech shubha yo‘qki, bunday maqolalar xalqning ongiga adiblar va shoirlar haqidagi tuhmat va bo‘htonlarni, yolg‘on-yashiq gaplarni singdirib, qatag‘on tegirmoniga suv quydi. Stalin jallodlarining ishini osonlashtirdi. Muallifi va rejissyori Sho‘ro hukumati hamda bolsheviklar bo‘lgan, ijrochilari ma’muriy jazo organlari, mahalliy adabiyotshunos va munaqqidlar bo‘lgan dahshatli fojianing ikkinchi pardasi shunday kechdi va bu gal Cho‘lponni mahv qilish bilan yakunlandi”.
Atoqli adabiyotshunos olim, professor Naim Karimov uzoq yillar davomida XX asr o‘zbek adabiyoti va ayniqsa – uning 30–50-yillardagi siyosiy qatag‘on davri tarixiga oid turli nodir manba va materiallar, arxiv hujjatlarini izchil o‘rganish asosida o‘zining bir qancha jiddiy ilmiy maqolalar turkumi va kitoblarini e’lon qildi. (Masalan, “Narkompros ishi”, “Cho‘lpon uchun kishan”, “Bitta o‘zim bilaman”, “Alpomish”ning qatl etilishi”, “Tosh ekan boshim” (1991-1992), “Xufiyalar izg‘igan zamon” (2000) kabi maqolalari, “XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyotining o‘ziga xos xususiyatlari va milliy istiqlol mafkurasi” (1994) mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasi, “Cho‘lpon” (2004) ma’rifiy romani. Ularda olim XX asr boshlaridan tortib, to mustaqilligimizgacha bo‘lgan davrdagi o‘zbek adabiyoti taraqqiyotining bosib o‘tgan asosiy yo‘llari va o‘ziga xos xususiyatlari, bu borada M.Behbudiy, Fitrat, A.Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, M.Shayxzoda, Mirtemir va boshqalarning g‘oyaviy-badiiy hissalarini milliy istiqlol g‘oyalari nuqtai nazaridan xolis ko‘rsatib o‘tdi. Shu bilan birga, chor va sovet mustamlakachilik davrida, ayniqsa, 30–50-yillar siyosiy qatag‘on davridagi kommunis-tik mafkura yugurdaklari bo‘lgan ba’zi bir tanqidchilarning qatli om mashinasiga suv quyib turganligini ham ro‘yi-rost ochib tashlaydi. Bular haqida u “Cho‘lpon” asarida shunday dalillarni keltirib o‘tadi: ”Komil Aliyevning “Aqlli jinni” degan tahqirnomasi mustabid tuzumning mahalliy malaylariga ma’qul tushdi.
Endi ular Cho‘lponni rusiyzabon aholi va ziyolilar o‘rtasida ham shunday sharmanda qilmoqchi bo‘ldilar. Bu “sharafli” vazifani “Pravda Vostoka” gazetasining faol mualliflaridan biri El-Registon o‘z zimmasiga oldi. U gazetaning 1929 yil 17 aprel sonida “Qo‘qon xoni zanjirlangan itlarining uvlashi” (“Lay tsepnыx sobak Kokandskogo xana”) degan fel-eton e’lon qilib, Cho‘lpon va uning maslakdoshlarini zanjirlangan itlarga, ular qalamidan chiqqan asarlarni esa shu itlarning uvlashiga qiyos qildi. Keyinchalik SSSR Davlat gimnining mualliflaridan biri bo‘lmish bu muallif uchun ulug‘ bir insonni itga qiyos qilish hech gap emas edi. Negaki, shovinizm zahri bilan zaharlangan kishilar mahalliy millatlarni istagancha haqoratlab, tahqirlashi mumkin edi.
Agar 20-yillarning o‘rtalarida sobiq sovetlar mamlakatida ro‘y bergan harakatni tarixchilar yaqin-yaqingacha “madaniy inqilob” deb kelgan bo‘lsalar, El-Registonning1 bu “itnomasi” madaniy inqilob deb atalgan navbatdagi bolsheviklar inqilobining mevasi edi” (Qarang: Naim Karimov. “Cho‘lpon”, T., 2004, 425-426-betlar).
Olim, ayniqsa, “Alpomish”ning qatl etilishi” maqolasida bu borada 50-yillar boshlarida qayta boshlangan siyosiy qatag‘on davrida SSSRdagi barcha respublikalarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham milliy ruhdagi yozuvchilarga, ayniqsa, o‘tmish adabiy-madaniy merosi, Alpomish kabi milliy eposlariga boshlangan hujumlar, ularning rejissyorlari va amalga oshiruvchi mahalliy malaylarining basharasini ochiq ko‘rsatib beradi. Muallif ana shu yillarda V.Jirmunskiy, H.Zaripov, Oybek, M.Shayxzoda kabi mashhur olim va yozuvchilarga qarshi yozilgan maqolalar ilmiy jihatdan asossiz va puchligini, ular faqat siyosiy qatag‘on maqsadida uyushtirilganligini boy dalillar va mulohazalar asosida ko‘rsatadi.
“O‘sha yillarda aspirant bo‘lgan A.Abdunabiyev tarix sahnasida bir lahza bo‘lsa-da ko‘rinish uchun qulay vaziyat kelganini tushundi”, – deydi olim.
A.Abdunabiyev “Alpomish”ni majaqlab tashlovchi maqola yozdi. Keyinchalik bu maqolaga “Pravda Vostoka” gazetasining xodimi A.Stepanov ham sherik bo‘lib, Sho‘ro Sharqining adabiy hayotida “inqilob yasovchi” bu maqolani Moskvadagi nufuzli nashrlarga yubordi. Ammo bu yosh Neronning umidi zoye ketdi. Moskva gazetalari bu shubhali ishga bosh qo‘shmadilar. A.Abdunabiyev va A.Stepanovlarning Moskva gazetalaridan qaytgan maqolalaridan biri “Xalqchillik bayrog‘i ostida” degan nom bilan “Zvezda Vostoka” oynomasining o‘sha yilgi 2-sonida bosilib chiqdi. Unda shunday jumlalarni o‘qiymiz: “Alpomish”ning mundarijasi qanday? O‘zining g‘oyaviy yo‘nalishiga ko‘ra reaktsion Dada Qo‘rqut eposi bilan “Alpomish” o‘rtasida juda ko‘p umumiylik bor. Unisida ham, bunisida ham mehnat ahliga yot g‘oya va intilishlar targ‘ib qilinadi”. Shundan keyin adabiyotshunos 1952 yil 28–31 mart kunlari O‘zbekiston O‘zuvchilar uyushmasida “Alpomish”ning muhokamasida Yusuf Sultonov, Stanishevskiy, A.Abdunabiyevlarning chiqishlari nihoyatda haqoratomuz bo‘lganligini ko‘rsatib beradi. Ayniqsa, soxta kommunistik mafkura tarbiyasida manqurtlashayotgan yosh tarixchi Abdulla Abdunabiyevning Hodi Zarif, Maqsud Shayxzoda, Sobir Abdulla kabi mo‘tabar zotlarga nisbatan o‘ta andishasizlik va hurmatsizlik qilganligini uning o‘z so‘zlari orqali fosh etadi: “Bu shaxslar mazkur reaktsion eposni qaysi maqsadda targ‘ib etganlarini to‘la va har tomonlama tushuntirib bersinlar! Ular “Alpomish”ni baholashda siyosiy savodsiz, siyosiy ko‘r bo‘lganlarini yoxud uni atayin targ‘ib qilib kelganlarini oshkora aytib bersinlar!
Zaripov (zaldan) – Men aytdim.
Abdunabiyev – Yo‘q, siz hech narsa aytganingiz yo‘q! Men Maqsud Shayxzoda va Sobir Abdulladan so‘rayman: – Partiyamiz va jonajon hukumatimizning g‘amxo‘rligiga nisbatan bunday nonko‘rligingiz sababi nimada? O‘zbek xalqiga tuhmat qilishdan uyalmadingizmi? Maqsud Shayxzoda! Men sizdan so‘rayman va talab qilaman: V.V.Mayakovskiyning “Vladimir Ilich Lenin” dostonini rus tilidan o‘zbek tiliga o‘girib, millatchilik chizig‘ini o‘tkazganingizda qanday maqsadni ko‘zlagansiz?” (“Sharq yulduzi” jurnali, 1992, № 12, 164-bet). Afsuski, bu mash’um chiqishlar ko‘p o‘tmay bir guruh fidoyi o‘zbek ziyolilarining qamoqqa olinishi bilan yakun topdi.
Taniqli adabiyotshunos olim va publitsist Ortiqboy Abdullayev ham shu yillarda turli arxiv hujjatlari va matbuot materiallari, shuningdek, bir qator keksa kishilarning xotiralarini o‘rganish asosida “Turkistonning qora kunlari”, “Achchiq mevalar”, “Oshoba fojiasi” (1992), “Elim deb yongan shoir” (1999) kabi bir turkum jiddiy ilmiy-publitsistik maqolalar e’lon qildi. Muallif ularda chorizm va sovet bosqinchiligi siyosati Turkis-tonning iqtisodiy-siyosiy va madaniy hayotida mash’um rol o‘ynagani, xalqqa qirg‘inbarot keltirgan vahshiyliklari haqida boy hujjatlar tili bilan so‘zlaydi. Shu bilan birga, olim bu bos-qinchilik va kolonial siyosatni amalga oshirgan M.D.Skobelev kabi yovuz generallarning rus xalqining haqiqiy milliy qahramoni edi, uning nomi yetarli e’zozlanmayapti, deb yozayotgan M.Popov, M.Kostin, V.Pikul kabi ba’zi yozuvchilarning shovinistik fikr-lari ham asossizligini boy tarixiy faktlar asosida isbotlab beradi.
Shuningdek, u shoir Elbekning “Mungli qo‘shig‘im” to‘plamiga yozgan “Elim deb yongan shoir” (1999) maqolasida Elbekning 20–30-yillarda yaratgan adabiy-badiiy, ilmiy asarlarining o‘sha davr madaniy va ma’rifiy hayotimiz hamda milliy istiqlolchilik uchun kurashdagi roli va ahamiyati haqida to‘lqinlanib yozdi. Maqolada shu yillardagi qatli om manzaralarini ochib beruvchi xarakterli bir lavhani o‘quvchilar e’tiboriga havola qiladi.
“1937 yilning 20 avgustida “O‘sh leninchi” gazetasida Jumaniyoz Sharipovning “Elbekning ijodi haqida” nomli “fosh qiluvchi” maqolasi bosilib chiqdi. Unda ijodkorga quyidagi dahshatli ayblar qo‘yilgandi: “Fitratning eng yaqin shogirdi Elbek aksilinqilobchilarning qonli lagerida turib, partiyaga va sovetlarga qarshi zaharli she’r, masal, maqolalar yozdi. Aksilinqilobchilarning gazeta, jurnallari ko‘pincha Elbekning she’rlarisiz chiqmas edi. Elbek o‘zining istar o‘tmishda, istar hozirgi ijodi bilan sovetlarga qarshi dushman tegirmoniga aktiv ravishda suv quyib keldi”. So‘ng maqolada Elbekning “Bobom Chingiz” she’ri va “Qaysi biri bo‘ri” masali tahlil qilinadi, ularga aksilinqilobiy asarlar degan yorliq yopishtiriladi.
Shu yilning iyul-avgust-sentyabrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston O‘zuvchilar soyuzining plenumida navbatdagi yirik siyosat “o‘yini” o‘ynaladi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Elbek, Usmon Nosir, Ziyo Said va boshqa ijodkorlar jiddiy chig‘iriqdan o‘tkaziladi. Tasavvur ravshan bo‘lishi uchun savol-javoblarning ba’zi sahifalarni o‘qib ko‘raylik:
“Shams: Usmon Nosir bilan Chimyon-da turgansiz. Shu vaqtda Usmon Nosirni Uyg‘un bilan aloqasi qanday edi?
Elbek: Uyg‘unning Usmon Nosir bilan aloqasi odatiy bizga o‘xshagan bo‘lgandi. Hech qanday narsani sezmadim.
Shams. Usmon Nosirning adabiyot to‘g‘risida yozgan biror narsasini bilasizmi?
Elbek: Yo‘q.
Anqaboy: Abdulla Qodiriyning uyiga necha marotaba bordingiz?
Elbek: Uch marotaba bordik.
Anqaboy: Nima to‘g‘risida so‘z bo‘ldi?
Elbek: U yerda so‘zlangan so‘zlar esimda yo‘q. Faqat Abdulla Qodiriy o‘zining yozgan asarlarini so‘zlab berdi”.
Xullas, “savol-javob” boshdan oxirigacha mana shu tarzda insonning izzat-nafsini yerga uruvchi, mazax qiluvchi ohangda davom etadi.
Yuqoridagi majlis chiqargan hukm qat’iy va shafqatsiz: “Bitsin bizning oramizdan haydalgan va bizning adabiyotimizni bo‘g‘ishga uringan xalq dushmanlari – trotskiychi, buxarinchi, millatchi, aksilinqilobchi Z.Said, Elbek, Cho‘lpon, Fitratlar”. Eng yomoni, mana shu dahshatli so‘zlar majlis ahli tomonidan gulduros olqishlar bilan kutib olingan.
Xullas, jazo mashinasi o‘z ishini qildi”. (Qarang: Elbek. “Mungli qushim”. T., 1999, 134–137-betlar).
Tarixchi olimlarimizdan professor Baxtiyor Hasanov o‘zining “Turkiston milliy ziyolilariga nisbatan sovet hukumatining siyosati”, “Siyosat, qatag‘on va madaniy inqilob” (1998), “Ziyolilar ahvoli: tarix va taqdir” (1999), “Mustabid tuzumning o‘zbek xalqining madaniy-ma’naviy merosiga bo‘lgan huquqini cheklash siyosati”, “20–30-yillarda O‘zbekiston ziyolilariga qarshi qatag‘on va uning oqibatlari” (2000), “40–50-yillarda madaniyat sohasida qatag‘on siyosatining davom etishi” (2002) singari bir turkum jiddiy ilmiy maqolalari, shuningdek, “1917–50-yillar boshidagi tarixiy jarayon va O‘zbekiston milliy ziyolilari” (Toshkent, 2000, rus tilida) monografiyasi, tarix fanlari nomzodi Valeriy Germanov “Professor Po‘lat Soliyev va uning davri” (Toshkent, 2002, ruscha) risolasida ham 1917 yil oktyabr to‘ntarishidan keyin Turkistonda sovetlarga qarshi bo‘lgan milliy istiqlolchi kuchlarni yo‘qotish, o‘lkada yangi kommunistik mafkuradagi tuzum o‘rnatish uchun kurash bahonasi bilan qanchadan-qancha xususiy mulkdorlar, diniy ulamolar, zamonaviy ma’rifat va taraqqiyot fidoyilari bo‘lgan mahalliy ziyolilar, davlat va jamoat arboblari begunoh qatag‘on etilganligi, bunga 30–50-yillarda avj olgan siyosiy qatag‘on mashinasiga xizmat qilgan ayrim tarixchilarning ham aybi bo‘lganligini boy arxiv va matbuot materiallari asosida ochib beriladi. Professor Baxtiyor Hasanov o‘z monografiyasida 1930–1950 yillarda bo‘lib o‘tgan bunday holatlar haqida batafsil to‘xtab, shunday yozadi: “40–50-yillar boshidagi ijtimoiy-gumanitar fanlarning ichida totalitar rejim va buyuk davlat millatchiligi bosimi ostida hammadan ko‘p tarix va adabiyot fanlari ta’qibga uchradi va buning oqibatida ularda qat’iy reglamentlanish rivojlana boshladi. 30-yillar oxirlarida O‘zbekiston mashhur o‘zbek olimlaridan tarixchi Po‘lat Soliyev, adabiyotshunos Abdurauf Fitrat kabi va boshqa olimlarning asossiz qatag‘on etilishi oqibatida ilmiy-tarixiy tadqiqotlar tobora belgilab berilgan temalarga bag‘ishlanib, sinfiy tus ola boshladi.
O‘rta Osiyo va ba’zi bir boshqa jumhuriyatlardagi ijtimoiy va gumanitar fanlari va madaniyati rivoji VKP (b) MQning 1946 yil 14 avgustda “Zvezda” va “Leningrad” jurnallari, shuningdek, 1946 yil 26 avgustda “Dramatik teatrlar repertuarlari va ularni yaxshilash choralari haqida”gi qarorlari ta’sirida boshlangan g‘oyaviy kompaniyalar oqibatida jiddiy qarshiliklarga uchray boshladi…
Faqat 1951–1952 yillar ichidagina respublika vaqtli matbuoti sahifalarida o‘zbek fani va madaniyatining eng ko‘zga ko‘ringan arboblariga qarshi ochiqchasiga shovinistik ruhdagi 20 dan ortiq “buyurtma” tanqidiy maqolalar e’lon etilgani buni ochiq ko‘rsatib turibdi. Bular ichida, ayniqsa, V.Kostirya, K.Fayzullinning “Ba’zi bir shoirlar ijodidagi g‘oyaviy buzuqliklar haqida” (“Pravda Vostoka”, 1951, 1 avgust), M.Ivanov, V.Lavrov, F.Iskandarovlarning “O‘zbek sovet adabiyoti vazifalaridan chetda” (“Pravda Vostoka”, 1951, 21 avgust), “O‘zbekiston O‘zuvchilari uyushmasi plenumi materiallari” (“Pravda Vostoka”, 1951, 28 avgust), A.Hamroyevning “Bir yaroqsiz dissertatsiya haqida” (“Pravda Vostoka”, 1952, 15 fevral), “O‘zSSR FA partiya majlisida” (1952 yil 29 mart) kabi maqolalar yaamaligi va bir tomonlamaligi bilan alohida ajralib turadi” (B.V.Hasanov. “Natsionalnaya intelligentsiya Uzbekistana i istoricheskiye protsessы 1917–nachala 50-x godov”. T., 2000, str.171-172).
Tarixshunos olim Valeriy Germanov o‘zining “Professor Po‘lat Soliyev va uning davri” (2002) nomli risolasida 30-yillarda ko‘plab begunoh ziyolilarning qamalishida o‘sha davrda faol “ijod” qilgan El-Registon, Abram Gureevich kabi tarixchi va publitsistlarning tuhmatomuz maqolalari ham mash’um rol o‘ynagani haqida qator dalillar keltiradi. Jumladan, A.Gureevich Po‘lat Soliyev, Ubaydullin, Fitrat, Otajon Hoshimlarning asarlari Bartold ta’sirida yozilgan deb kamsitadi. Ular ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar haqidagi marksistik ta’limotni inkor qilish, sinfiy tabaqalanish va kurashlarni bo‘yab ko‘rsatish va tarixiy jarayonda shaxslar va yirik bosqinchilarning ta’sirini oshirib yuborish”da qattiq ayblanadi. Bunday “siyosiy yorliq”larning natijasi esa hammaga ma’lum (Gureevich A. “O polojenii na istoricheskom fronte Sredney Azii”, “Revolyutsiya i kultura v Sredney Azii” Sbornik pervыy, T., 1934, str.3-18).
* * *
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Mustaqillikka erishgandan keyin respublikamizning adabiyotshunos va tarixchi olimlari, ijodkorlari qatag‘on davri haqida bir qator jiddiy ilmiy kitoblar va maqolalar, badiiy asarlar e’lon qildilar. Ular so‘nggi yillar ijtimoiy-siyosiy hayotimizda muhim g‘oyaviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ularda, ayniqsa, XX asrning 30–50-yillaridagi sovetlarning siyosiy qatag‘on siyosati oqibatida ro‘y bergan noxushliklarda kommunistik mafkura ta’sirida bo‘lgan ayrim adabiyotshunos va tarixshunoslar, publitsistlarning ham salbiy rol o‘ynaganligi milliy istiqlol mafkurasi nuqtai nazaridan yangicha xolis tahlil etib berildi. Buning oqibatida uzoq yillar davomida xalqimizning asl farzandlari haqida ommaviy ravishda singdirib kelingan noto‘g‘ri, tuhmatkorona salbiy tushuncha va tasavvurlar barham topdi. Natijada Turkistonning uzoq va yaqin o‘tmishida katta rol o‘ynagan Amir Temur, Mirzo Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi davlat arboblari va sarkardalari, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband kabi donishmand tasavvuf tariqatchilari, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Elbek kabi taraqqiyot va ma’rifat fidoyilari ijodiga, umuman, milliy istiqlolimizga bag‘ishlangan ilmiy, badiiy asarlar hamda boy muzey eksponatlari muhim g‘oyaviy-tarbiyaviy rol o‘ynab kelmoqda.
Sherali Turdiyev, filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil 9-son