Ashurali Zohiriy XX asrning boshlari va 20-yillarda Turkistondagi madaniy va ma’rifiy hayotning taniqli namoyandalaridan biri edi. Lekin u 30-yillar oxirida qatag‘onga uchrab, hayoti va faoliyati, merosi uzoq yillar o‘rganilmay kelindi. 50-yillar oxirlarida rasman oqlangandan keyingina Ashurali Zohiriy biografiyasiga doir ma’lumotlar ko‘rina boshladi.
Ashurali Zohiriy 1885 yilda Muqimiy, Furqat, Hamza, Zavqiy kabi mashhur shoirlar vatani – Qo‘qon shahri yaqinidagi Oyim qishlog‘ida tavallud topadi. U dastlab shu yerdagi eski usuldagi maktabda, so‘ng Madalixon madrasasida o‘qiydi. Bu yerda u arab, fors tili, sharq klassik va ayniqsa o‘zbek klassik adabiyotining buyuk namoyandalari asarlarini muhabbat bilan o‘rgana boshlaydi. 1908-1913 yillarda o‘zi dars bergan “Yangi usul” maktabida ularning asarlaridan ma’naviy-ma’rifiy tarbiya quroli sifatida foydalanadi.
Mazkur davrda Alisher Navoiyning mashhur “Muhokamat-ul lug‘atayn” va “Vaqfiya” asarlarini, shuningdek, Boburning “Boburnoma”sini nashr ettiradi. 1914 yilda “Ona tili” degan maxsus maqola yozib, unda Alisher Navoiyning “Muhokamat-ul lug‘atayn” asarini o‘zbek tili tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidlab ko‘rsatadi. “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining 1914 yil 1-sonida ( 3 aprel) yozgan “So‘zboshi”sida milliy hayot va millatning taraqqiysida milliy matbuot va adabiyotning roli haqida qizg‘in fikr yuritadi, yangi adabiyot va matbuotning milliy ong va hislarni uyg‘otishda ma’naviy-ruhiy tarbiya sohasida muhim qudratli qurol ekanligini ko‘rsatib o‘tadi. Jumladan, u bu haqda alohida to‘xtab shunday deb yozadi: “Gazeta har bir millatning tarjimonidirki, bilmagan narsalarini bildirar va ham millatning muddaosini boshqalarga bildirar. Yana boshqa bir so‘z bilan aytilsa, gazeta har bir millatning tilidir. Gazetasiz millat tilsizdir. Zero, tili va adabiyoti yo‘q millat millat emasdir. Har kimning dunyoda tirik turmog‘i uchun havo bilan suv qanday lozim bo‘lsa, har qavmning hayoti saodati uchun ul millatning adabiyoti va matbuoti bo‘lmog‘i lozim” (“Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914 yil, № 1).
Bundan tashqari u mazkur yilda buyuk qrim-tatar ma’rifatchisi va islohotchisi bo‘lgan Ismoilbek Gaspiralining bevaqt vafoti bilan “Marhum Ismoilbek qanday ishlar qilgan?” degan yana bir muhim maqola e’lon qiladi. Maqolada Ismoil Gaspiralining Boqchasaroydagi yoshlik va o‘qish yillari, ish faoliyati va keyinchalik Moskva, Parijdagi o‘qishlari, askariy xizmatlari, Qrimga qaytib, yangi usul maktab ochishi va “Tarjumon” (1883) nomli gazeta chiqarib, darsliklar yozishi, bularni keyinchalik butun Rossiya musulmon matbuoti va maktablarining rivojiga ko‘rsatgan hayotbaxsh ta’siri haqida fikr yuritadi. Ayniqsa, “Rusiya musulmonlari” kitobiga katta baho berib, bu haqda shunday deb yozadi: “Ismoilbek janoblarining “Rusiya musulmonlari” asari 30-40 sahifadan iborat bo‘lsa ham “Ismoilbek” deganda hamma turk, tatar birdan Boqchasaroyg‘a qarab ta’zim qilmoqqa loyiq va sazovor etgan xizmatlarining bundan necha yil muqaddam (butun turk-tatar olamini qorong‘ulik o‘rab olg‘on vaqtda) tuzgan programmani istiqbolda tasavvur etgan ishlarining loyihasidir. “Rusiya musulmonlari” asaridan turk va tatar millati ilm va hunardan mahrumdirlar, agar shul ketishda davom etsalar, oxiri yutulib, munqaruz bo‘lurlar. Endi alarning bu zaif, bunday keyinda qolmoqlarig‘a sabab nima? Turk-tatar millatini mahv va inqirozdan qutqarmoq uchun nima qilmoq lozim? degan savollar berib, bunga javoban qayd etadi: bizning bu zaifligimizga sabab jahlimiz, Ovro‘pa ilm va maorifidan bahrasizligimizdir. Bundan qutulmoq uchun o‘qimog‘imiz lozim, Ovro‘pa ilm afkorini oramizg‘a suqmaqlig‘imiz lozimdir. Lekin, Ovro‘pa ilm va maorifini turk-tatarlar orasig‘a faqat o‘z maktab va madrasalarida o‘z tillari bilan idhol etmoq mumkindir. Bu jihatlar birla Rusiyada yashag‘uvchi turkiylarning o‘z adabiyotlari bo‘lur, – degan fikrini, avval turk-tatar mutafakkirlarining yuqori tabaqalarig‘a ruscha asari bilan bildirdi. Umumiyroq suratda bildirmoq qasdi birla 1883 yilda “Tarjumon” gazetasini chiqarmoqqa ruxsat oldi ham shu yil 10 apreldan nashrg‘a boshlab, o‘ylag‘on fikrini yozmoqg‘a boshladi.
“Tarjumon” chiqmog‘i bilan bolalarg‘a qirq kun ichida turkcha o‘qib, yozmoq mumkin ekanligini ko‘rsatmoq uchun Boqchasaroyning “Qaytmaz og‘a” mahallasining bir-ikki maktabini tuzatib, madrasa shogirdidan Bakir afandi talabaga usuli savtiya ta’limlarini o‘rgatib, bo‘ladurg‘on birinchi muallimning ham tadorkini etdi” (Qarang: “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914 yil, 17 sentyabr, № 60, 1-2 betlar).
Ashurali Zohiriyning mazkur maqolasi ushbu yilda Ismoilbek vafoti munosabati bilan yozilgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Ismoilbek ila musohaba”, Hamzaning “Yavmul vafot” (1914) kabi maqolalari va S.Ayniy, Tavallolarning marsiyalariga g‘oyaviy jihatdan hamohang edi.
Ashurali Zohiriy bu bilan cheklanib qolmadi. Zamondoshlarining xotiralariga qaraganda u 1912-1913 yillarda ichki Rossiyadagi tatar musulmonlarining yangi maktab va maorif sohasidagi tajribalarini o‘rganish maqsadida Qozonga ham boradi, u yerdagi muallimlar va ularning o‘qitish metodlari bilan tanishadi. Qosimiya madrasasida turk-tatar tarixidan dars beruvchi Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on bilan uchrashadi, uning 1912 yilda bosilgan “Turk-tatar tarixi” kitobi bilan qiziqadi. Kitob muallifiga ko‘pdan Farg‘ona xonlari tarixini o‘rganib yurganligi, lekin ularning Turkiston umumiy tarixi jarayonidagi o‘rnini belgilashda qiynalib turganini aytadi. Qo‘qonga qaytgach, mazkur sayohat taassurotlari ostida bu yerdagi taraqqiyparvar do‘stlari bilan birga “G‘ayrat” nomli kutubxona ochadi.
Qo‘qondagi rus-tuzem maktabi o‘qituvchisi Serkiboy Oqayev bilan hamkorlikda “Turkiy xrestomatiya yoxud terma kitob” (1912)ini yozib, unga yangi usul maktablarida o‘qiydigan talabalarni ma’naviy-ahloqiy va ruhiy jihatdan tarbiyalash uchun oson bo‘lgan turli badiiy, didaktik namunalarni beradi, ularni imlo, xat-savod jihatdan to‘g‘ri tarbiyalash uchun 1916 yilda ko‘rgazmali “Imlo” risolasini nashr ettiradi. Asta-sekin u, ma’rifatchilik, matbuotchilik ishlari bilan birga, o‘lkadagi milliy istiqlolchilik ishlariga ham aralashib, “El bayrog‘i” (1917) gazetasi va “Yurt” jurnalida faol ishtirok etadi. Jumladan, 1917 yil rus fevral inqilobidan keyin mazkur yilning 1 iyunidan Qo‘qonda o‘zi chiqara boshlagan “Yurt” jurnalida Cho‘lpon, Shokir Muxtoriy va boshqalarning Turkiston muxtoriyati g‘oyasi uchun kurash ruhidagi she’r va maqolalarini e’lon qiladi. “El bayrog‘i” gazetasida Cho‘lponning muxtoriyat g‘alabasidan cheksiz quvonib yozgan “Ozod turk bayrami” she’rini bosadi.
Ko‘z oching, boqing har yon, Qardoshlar qanday zamon, Shodliklar bo‘ldi jahon, Fido bu kunlarga Hurriyat bayrog‘imiz, Adolat o‘rtog‘imiz, Xursand bo‘lgan chog‘imiz, Mevalasin bog‘imiz.1913-1914 yillarda ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Farg‘onada bo‘lib, keyin (1917 yil rus fevral inqilobidan so‘ng) Turkistondagi milliy istiqlolchilik kurashida faol qatnashgan mashhur turkiyshunos olim Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on ham 1969 yilda Istanbulda bosilgan turkcha “Xotiralar” kitobida 1913-1914 yillarda Qozon universiteti professori Katonov yo‘llanmasi bilan Farg‘onada bo‘lganligi, bu yerda Cho‘lpon, N.To‘raqulov va A.Zohiriy boshqalar bilan tanishganligi, Ashurali Zohiriy uyida yashab, u bilan hamkorlikda birmuncha madaniy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirganligini eslaydi. 1917 yilda ikkinchi bor Turkistonga kelib, bu yerda muxtoriyat g‘oyasi g‘alabasi uchun kurashda rus unitarist millatchilarining qarshiligini yengishda, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ubaydulla Xo‘jayev bilan birga, Ashurali Zohiriy ham yordam berganini yozadi.
Shu bilan birga Ashurali Zohiriy bu yillarda ham pedogogik faoliyatini to‘xtatmaydi. 1917 yil sentyabridan e’tiboran Farg‘ona viloyati ma’rifatparvarlari va maorif jamiyati a’zolari yordamida tashkil bo‘lgan maktablar uchun muallimlar tayyorlovchi dorilmualliminda Bulat Soliyev, Hodi Fayzi, Qori Niyoziy kabi pedagoglar bilan birga ishlaydi, u yerda o‘zbek tili va adabiyotidan dars beradi. Dorilmuallimin keyinchalik Farg‘ona viloyat ta’lim-tarbiya texnikumdan mashhur o‘n uch qaldirg‘och – Rahim Otajonov, Faxriddin Shamsuddinov, Tesha Zohidov, Fattoh Rahmonov, Ulug‘ Tursunov kabi mashhur olim, muhandis va muharrirlar yetishib chiqadi va ular o‘lkamizning turli oliy, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, ilmiy muassasa va nashriyotlarida ishlab, fan va madaniyatimizni yuksaltirishga munosib hissa qo‘shadilar.
Ashurali Zohiriy bu davrda faqat bilim yurtida adabiyotdan dars beribgina qolmay, o‘lka bilim yurtlari uchun Cho‘lpon bilan hamkorlikda “Adabiyot parchalari” (1925) nomli maxsus xrestomatiya ham tuzdi. Kitobda muallif o‘zbek klassik adabiyotining ulug‘ namoyandalari Alisher Navoiy, Bobur, Muqimiylardan tortib, XX asr boshlari va 20-yillardagi yangi o‘zbek adabiyotining Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Elbek, Botu, Rafiq Mo‘min kabi vakillarigacha bo‘lgan ijodkorlarning turli janrlardagi asarlaridan namunalar berdi.
Ashurali Zohiriy 1921-1930 yillarda Qo‘qonda “Yangi Farg‘ona” (1921-1926 yillarda “Farg‘ona” nomi bilan chiqqan) gazetasida Cho‘lpon, Hamza, Nazir To‘raqulov, Lutfulla Olimiy, Botu, Abdulla Qahhor va boshqalar bilan birga ishlab, yangi o‘zbek adabiyoti va matbuoti, maorifi va madaniyati, uning yutuq va kamchiliklari haqida ilmiy publitsistik maqolalari bilan faol qatnasha boshlaydi. 20-yillarda Turkistonda kuchaya boshlagan til va imlo masalalari, adabiy merosga munosabat bahslariga faol aralashib, bu borada milliy adabiy tilimizning qonun va qoidalari, klassik adabiyot va folklor merosimiz haqida qimmatli fikr va mulohaza bildirdi.
Ashurali Zohiriy bu davrlarda, o‘zbek klassik adabiyoti va uning mashhur namoyandalari Alisher Navoiy, Bobur, Muqimiy bilan birga, boy o‘tmish madaniy va ma’naviy merosimiz bo‘lgan folklor asarlariga ham shunday katta ehtirom va hurmat bilan qaradi, ularda xalqimizning o‘tmish tarixi, urf-odatlari, maishiy hayoti, orzu-umidlari va armonlari, kechinmalari yorqin aks etganligini chuqur his qildi, bu borada ko‘plab manba va materiallar (ertak, maqol, qo‘shiq, yor-yor va boshqalar) to‘pladi, maxsus maqolalar yozdi. Ayniqsa, xalq orasida keng tarqalib, asrlar davomida kelin-kuyov to‘ylarimizda aytilib kelingan yor-yor qo‘shiqlari (o‘lanlari)ni to‘plab, so‘zboshi bilan e’lon qildi. Kirish maqolasida yor-yor qo‘shiqlarining haqiqiy mohiyati, dardli ohanglarini chuqur tahlil qilib beradi: “O‘zbek xotin-qizlarining yor-yor kuylarining o‘ynoq ohanglari ichida qanchalik mung, qanchalik huzn borligini kim bilmaydi? Qiz hayotining eng saodatli va umrda tug‘ilish va o‘lish kabi bir marta bo‘ladigan kun, to‘y kuni, o‘zbek qizi uchun qanday falokatli, qanday qaro bir kun bo‘lar edi.
Ko‘ngil istagidan mahrum, sevgi lazzatidan benasib, umr savdosi yuzasidan umrbod g‘amgin, shikasta dil, shikasta xotir, o‘zbek qizlari o‘z uyini naqadar g‘amchinlik bilan tark etadi:
Oq miltiqqa qora qilib otgan otam, O‘z qizini yot qilib sotgan otam. Hay-hay o‘lan jon o‘lan, Mis panjara yor-yor. Har jafoga ko‘nadi, qiz bechora yor-yor.Eski hayotning buzg‘un sharoiti, qadimgi muhitning chirik qonunlari, hammadan ko‘ra ko‘proq xotin-qizlar boshiga kulfat bo‘lib tushgan edi. Insonlik huquqidan mahrum etilgan o‘zbek xotini uchun butun dunyo qorong‘i edi. Bechora dunyoda baxt degan narsa borligiga ishonmaydigan bo‘lib qolgan edi:
Andijonda o‘t yoqsam, O‘shda tutun, Bu dunyoda bormikan bag‘ri butun.Ashurali Zohiriy e’lon qilgan ushbu laparlar va unga yozilgan so‘zboshi shu davrlarda bosilgan Elbekning “Laparlar” (1992), “Ashulalar” (1935), Rafiq Mo‘minning “Qo‘shiqlarimiz”, Shokir Sulaymonning “Xalq adabiyoti” (1923), G‘ozi Olim Yunusovning “Alla to‘g‘risida bir necha so‘z” (1926) kabi maqolalari qatori muhim g‘oyaviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Lekin, afsuski, shunga qaramay, 20-yillarning oxirlarida Ashurali Zohiriy, Qo‘qondagi bir guruh taniqli ziyolilar qatori, “Botir gapchilar” nomli maxfiy millatchilik tashkilotining a’zosi bo‘lgan degan siyosiy tuhmat bilan begunoh qamaladi.
Shundan so‘ng qamoqda biror yil qiynoqda yotgach, oxiri 1931 yil 25 aprelda OGPUning sud komissiyasi majlisi uni millatchilik tashkiloti “Botir gapchilar”ning faol a’zosi degan aybnoma bilan Lutfilla Olimiy, Yoqub Omon, Abdulla Rahmatzoda, Nosir Erkin, Nuriddin Ermatov, Abdulla Qahhorlar bilan turli muddatga qamoq va surgun jazosiga hukm qiladi. (Bular ichida faqat Abdulla Qahhor gunohsiz topilib, tezda hibsdan ozod etiladi). Ashurali Zohiriy g‘oyaviy rahbar bo‘lgan degan aybda o‘n yilga surgun bo‘ladi. Oila a’zolari (33 yoshli rafiqasi Malikaxon, 15 yoshli o‘quvchi qizi Mohira, 4 yoshli o‘g‘li Marat, 2 yoshli Najib va boshqalar) ko‘ngillari vayron bo‘lgan holda og‘ir ahvolda qoladilar. U boshqa o‘ziga o‘xshagan baxtsiz, erksiz mahbuslar qatori uzoq surgunda og‘ir jismoniy mehnat azoblarini boshdan kechiradi. Oxiri 1936 yilda mehnat lageridan qaytadi, lekin u siyosiy ta’qib va kuzatuvlardan qutila olmaydi. 1937 yil 5 sentyabrda uyi tintuv qilinib, o‘zi yana qamoqqa olib ketiladi. 1937 yil 4 sentyabrda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qarori bilan unga “Milliy ittihod” tashkilotining asosi bo‘lgan va so‘nggi vaqtgacha uning topshirig‘i bilan sovet hokimiyati va kommunistik partiyaga qarshi kurash olib borgan, 1936 yil surgundan qaytgach ham bu faoliyatini to‘xtatmagan va aksilinqilobiy millatchilardan Sulaymonov (Cho‘lpon – Sh.T), G‘ozi Yunusovlar bilan aloqa bog‘lab, ig‘vogarona millatchilik fikrlarini tarqatib yurgan” – degan katta siyosiy ayb qo‘yiladi. Shu aybnoma asosida O‘zbekiston Ichki ishlar xalq komissarlari qoshidagi uchlik komissiyasining 1937 yil 4 dekabrdagi majlisi qarori bilan oliy jazo – otuvga hukm qilinadi. Hukm mazkur yilning 28 dekabrida ijro etiladi.
Ashurali Zohiriy 1937 yilgi boshqa siyosiy qatag‘on qurbonlari kabi faqat Stalin vafotidan keyin bir necha yil o‘tgach, 1958 yil 15 sentyabrdagina oqlandi. Lekin haqiqiy ma’noda faqat Mustaqillikdan keyingina qadrini topdi. Umr bo‘yi Vatan hurligini orzu qilgan va bu yo‘lda fidokorona kurashgan ma’rifat va istiqlol fidoyisi nomi dillarda mangu yashaydi.
«Sharq yulduzi» jurnalining 2010 yil 10-sonidan olindi.