Sherali Turdiyev. Iztirobli xotiralar

Marhum ustoz, professor Homil Yoqubov domlaning adabiyotshunoslikka oid asarlarini talabalik davrimdayoq o‘qigan bo‘lsam-da, u kishi bilan 1957 yili O‘rta Osiyo davlat universitetining(hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini bitirish arafasida ko‘rishdim. Shu vaqtdagi domlam Subutoy Dolimov rahbarligida tayyorlagan “Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani” mavzusidagi diplom ishimga kafedrada endigina ish boshlagan Homil Yoqubov taqrizchi qilib tayinlangan ekan.

Diplom ishimni domla o‘qib chiqib, unda mavzu imkon qadar yaxshi yoritilganligi, Abdulla Qodiriy romanidan tashqari boshqa ko‘plab kichik asarlari, adib ijodi haqidagi tanqidiy maqolalar, yozuvchi biografiyasiga oid manbalar ham ko‘zdan kechirilganligini qayd etib o‘tdi.

Til va adabiyot institutida ishlayotgan paytimda institutning yangi direktori Aziz Qayumov mening asosiy mutaxassisligim bilan qiziqib, «Ciz Homil Islomovich bo‘limiga o‘tib ishlang», dedi.

1960 yili Abdulla Qodiriy ijtimoiy biografiyasi va adib asarlarining izohli bibliografiyasini to‘ldirib, universitet va institut to‘plamlarida nashr ettirishda qatnashdim. Maqolalarning tahriri va e’lon qilinishida Homil akaning yordami bo‘ldi. So‘ngra akademik Izzat Sultonov rahbarligida “20-yillar o‘zbek hikoyachiligi” mavzusida tayyorlagan dissertatsiyamning qo‘lyozmasini o‘qib, qimmatli maslahatlar bergan ham professor Homil Yoqubov, Mahmudali Yunusov, Mashhura Sultonova, Naim Karimov bo‘ldilar. Domlaning ko‘magida Bois Qoriev(Oltoy) bilan hamkorlikda tuzilgan “O‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligi bibliografiyasi(1918-1941 yillar)”, “O‘zbek adabiyotida kichik epik janrning shakllanishi”(1978) kitoblarim dunyo yuzini ko‘rdi.

Homil akaning samimiy yordamlaridan birgina men emas, balki institutdagi boshqa yosh adabiyot tadqiqotchilari ham bahramand bo‘lardi. Domla o‘z mulohaza va fikrlarini biz – yoshlarga nihoyatda andisha bilan aytar, dilimizga ozor bermasdilar.

U kishi institutda Hodi Zarifov, Porso Shamsiev, Shonazar Shoabdurahmonov, Zokir Ma’rupov va boshqalar bilan yaqin suhbatdosh edilar. Biz yoshlar ularning samimiy suhbatlari, hazil-mutoyibalarini havas bilan kuzatar, ibrat olishga harakat qilardik. Professor G‘ulom Karimov Homil akaning nihoyatda halimligini nazarda tutib, u kishiga “Domlayi beozor” deb murojaat etganligining bir necha marta guvohi bo‘lganman.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan paytda Homil aka ancha keksayib qolgan bo‘lsa-da, fikrlari hamon teran, g‘ayratlari yo‘qolmagan edi. Domla bilan ba’zan uylarida, ba’zan Yozuvchilar uyushmasining Do‘rmondagi ijod bog‘ida bo‘lganimizda u kishidan ba’zi xotiralarni so‘rardim. Homil aka o‘tmish o‘zbek klassik adabiyoti, 20-30-yillar adabiyoti va tanqidchiligi tarixiga doir ayrim xotiralar, mulohazalar, bu masalalarga bugungi kundagi munosabat qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi fikrlarini ham aytib qolardi.

Klassik va zamonaviy o‘zbek adabiyotining barcha davrlari endi tamomila yangicha, milliy istiqlol mafkurasi nuqtai nazaridan qayta o‘rganilishi kerak, boisi, mustaqillikkacha bo‘lgan adabiyotshunosligimiz va tanqidchiligimizda bu masalalarni yoritishda, xohlaysizmi-yo‘qmi, sinfiylik nuqtai nazaridan yondashuvning ta’siri bo‘lgan. Bu, ayniqsa, 30-50-yillarda kuchli edi. Masalan, 30-yillari ba’zi ishlarning muhokamasida, yozgan maqolalarimizda shunday kamchiliklar ko‘proq bo‘lgandi. 1934 yil boshida Til va adabiyot institutida Oybek adabiyot bo‘limi boshlig‘i edi. Bo‘limda Fitrat, Hamid Olimjon, Uyg‘un va boshqalar ishlardi. Professor Fitrat aspirant va yosh ilmiy xodimlarga o‘zbek klassik adabiyotidan, fors tilidan dars berardi. Men ham Fitrat domlaning darsida va yozgan ishlarining muhokamasida qatnashganman. Institutda Fitratning o‘zbek adabiyoti tarixiga oid yangi bir asari qo‘lyozmasini o‘qib, o‘z munosabatimni bildirgandim. Biz o‘sha vaqtda tarixga sinfiy kurash nuqtai nazaridan yondashish kerak degan g‘oyaning ta’sirida edik, ishga shu asosda noto‘g‘ri yondashib, ba’zi «kamchiliklari»ni ham aytgan edim. Bu, albatta, bugungi kun nuqtai nazaridan Fitratga nisbatan adolatli emas edi. Lekin domlaning o‘tmish tariximiz, adabiyotimiz va tilimizning nihoyatda chuqur bilimdoni, ulkan alloma ekanligini ichdan his qilardik. Muhokamada aspirant Islom Ahmedov ham mazkur asar qo‘lyozmasini o‘qib, ancha salbiy fikrlar aytgandi. Keyinchalik u kishi bir muddat institut direktori o‘rinbosari bo‘lib ishladi. 40-yillar oxirimi, 50-yillar boshimi, hozir aniq esimda yo‘q, Islom Ahmedovning oliy o‘quv yurtlari filologiya fakultetlari sirtqi bo‘lim talabalari uchun “O‘zbek adabiyoti tarixi” degan kitobini o‘qib qoldim. Unda biz 30-yillar o‘rtalarida muhokama qilgan professor Fitratning “O‘zbek adabiyoti tarixi” asaridagi ko‘p fikrlari qayta esimga tusha boshladi. Bilmadim, Fitrat qamalgach, o‘sha asar qo‘lyozmasi bosilmasdan Islom Ahmedovda qolib ketganmi, yo bu asarni, ehtimol, maxsus maxfiy siyosiy tashkilotlar unga o‘qib, fikr berishini so‘raganmi, har holda, Fitratning mazkur asari qo‘lyozmasi hozirgacha topilgani yo‘q.

1937 yili institut rahbari va ko‘pchilik olimlar ta’qibga uchragach, ko‘p o‘tmay Islom Ahmedov buyrug‘i bilan Oybek, men, Hodi Zarifov vazifasini eplolmaydigan xodimlar sifatida ishdan bo‘shatilib, ishsiz qoldik. I.Ahmedov professor Fitratning aspiranti bo‘la turib, 1937 yil 31 avgust-4 tsentyabr kunlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi plenumida domlasini va boshqalarni, shu jumladan, meni ham siyosiy-g‘oyaviy zararli yozuvchilarni targ‘ib qilgan ishonchsiz adabiyotshunos sifatida qoralab chiqqan edi. Mana, uning o‘sha kungi plenum majlisidagi nutqidan ayrim namunalar:

“Institut adabiy tanqidchiligimizda katta rol o‘ynashi, demak, adabiy harakatchanlikni oldinga surishda katta vazifalar bajarishi kerak edi…

Lekin institut amalda nima ish qildi? Planga kirgizilgan narsalar Botu, Cho‘lponlarning ijodi, bular sovet voqeligiga qarshi fikrlarni o‘tkazmoqchi bo‘lgan edilar. Botu haqida yozilgan Homil Yoqubovning narsasi Botuni tanqid qiluv o‘rniga, uni populyarlashtirishga urinishdir. Yoxud Otajon Hoshimovning bosilmagan asarlarini olsak, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Cho‘lpon, Botudan va boshqalardan xarakterli narsalarni to‘plab, populyarlashtirmoqchi edi…

O‘zbek sovet adabiyoti to‘g‘risida yozgan narsalari haqida gapirmoqchiman…

Unda Hoshimov o‘zbek sovet adabiyotining gullab yotganini inkor qiladi. Unda asosiy qism qilib Oybekni oladi. U yozadi: “Oybek 26-yillarda sovet platformasiga o‘tgan”. Holbuki, bu yerda Oybekning o‘zi «30-yilgacha millatchi edim, 30-yildan keyin o‘tdim” deydi”. (Qarang: O‘zbekiston Markaziy davlat arxivi R-2356-jamg‘armasi,
1-ro‘yxat, 159-160-betlar.)

– Shu gaplardan keyin sizlarga zarar bo‘lmadimi? – deb so‘radim.

– Nega zarari tegmas ekan, katta zarari tegdi, – dedi Homil aka. – Otajon Hoshimov, Fitrat qamalib ketdi. Oybek, men, Hodi akalar institutdan bo‘shatilib, hech qaerga ishga kirolmadik. Men ayrim o‘rtoqlarimning nomiga har xil tarjimalar olib, kun ko‘rib yurdim. Qamalish xavotiridan qo‘rqib, bir-birimiznikiga ham bormasdik, eng yomoni, Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy asarlari ta’qiqlangach, ularning asarlarini qo‘rqib bir o‘raga ko‘mib tashlagan edim, keyinchalik qarasam, o‘raga suv to‘lib, hammasi chirib ketibdi. Bugungi kunda ular menga kerak vaqtda, afsuski, birortasini ham topolmay qiynalib yuribman.

Institutda Fitrat, Otajon Hoshimov, G‘ozi Olim Yunusov, Elbek va boshqalarning o‘zbek adabiyoti, folklori, lug‘atchiligi va shevalariga doir yozgan ba’zi ilmiy ishlari, S.Palastrovning 1905-1917 yillardagi o‘zbek matbuoti va adabiyoti bo‘yicha tuzgan bibliografiyasi ham bosilmasdan qolib ketdi. Bundan tashqari, o‘sha
davrdagi ayrim matbuot sahifalarida professor Fitratning Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘atini tuzgani, arabchadan “Ming bir kecha”ni, fors tilidan Shayx Sa’diyning “Guliston”ini tarjima qilganligi haqida ham xabar berilgan edi. Lekin ular ham bosilmay qolib ketdi.

– Domla, Fitratni institutga kelgunicha ham ko‘rgan edingizmi? – deb so‘radim.

– Ha, ko‘rganman. Bu voqea shunday bo‘lgan edi: 1919-yillar bo‘lsa kerak, men Toshkentdagi “Namuna” maktabida o‘qib yurardim. Bizga til va adabiyotdan bir turk domlasi saboq berardi. Shu vaqtda ancha vaqt kasal bo‘lib, bir necha oy maktabga qatnay olmadim. Biroz tuzalgach, darmonsizlanib, maktabga bormayman, dedim. Otam qattiq urishib, majburan o‘qishga yubordi. Darsga kelsam, adabiyot darsiga avvalgi turk domlasi o‘rniga Fitrat domla kirayotgan ekanlar. (U kishi shu davrda Fayzulla Xo‘jaev va boshqalar qatori Buxoro amiri Amir Olimxon ta’qibidan qochib, Toshkentda yashayotgan ekanlar.) U kishi bizlarga adabiyot darsini nihoyatda zavqli qilib, obrazga kirib o‘ta boshladi. Shulardan domla bizga aytib bergan bir hikoya hamon xotiramdan chiqmaydi. Domlaning hikoya qilishicha: bir bahaybat ho‘kiz bo‘lgan ekan. U bir kuni chanqab, suv ichgani bir quduq oldiga boribdi. Quduqning ichiga qarasa, o‘ziga o‘xshagan boshqa bir ho‘kizni ko‘ribdi, bu yerda mendan boshqa ho‘kiz nima qilib yuribdi, deb uni suzishga intilib, o‘zini quduqqa otibdi va u yerda darhol halok bo‘libdi, dedilar. Bizlar bundan nihoyatda dahshatga tushib, hayajonlanib, ho‘kizning ahvoliga achinib yurdik. Keyinchalik bilsak, domla Fitrat bu hikoyasi orqali Buxoro amirining ho‘kiztabiat johil va zolim bo‘lganligini, uning o‘zi kabi o‘zbek xonlari bilan bema’ni urushlar qilib, oxir-oqibatda, o‘zini ham halok qilgan edi, degan g‘oyani bizga obrazli qilib singdirmoqchi bo‘lgan ekanlar. Shu vaqtlari maktabimizdagi harbiy darsimizda ham Fitrat domlaning turk harbiy mashqlari ohangida bitgan she’rlarini yodlab aytib yurgan edik.

1920 yili Buxoro amirligi ag‘darilgach, Fitrat domla u yerga ishga ketib, domlani boshqa ko‘rmadik. 1926 yili Samarqandda Pedakademiya ochilibdi, Fitrat domla o‘sha yerda adabiyot tarixidan dars berayotgan emishlar, degan xabarni eshitdik. Domlaning “O‘zbek adabiyoti namunalari”( Samarqand-Toshkent, 1927) kitobini o‘qib, domla bilan g‘oyibona ko‘rishgandek bo‘lib yurdik. Keyin Navoiy nomidagi bilim yurtiga kirib, uni Oybek, Mirkarim Osim, Subutoy Dolimov bilan birga bitirgach, biroz ishladim. Oybek Leningradga ketgach, o‘sha yerda o‘qishni orzu qilib yurganimda, shu vaqtlari maorif sohasida rahbarlik vazifalarida ishlab turgan Shokirjon Rahimiy men bilan birga o‘qigan ukasiga qo‘shib respublika poytaxti Samarqandga olib bordi va har ikkalamizga Leningraddagi Gertsen nomidagi pedagogika institutiga yo‘llanma olib berdi. Lekin u yerda biroz o‘qigach, og‘ir ob-havo tufayli sog‘lig‘im yomonlashib qaytib keldim. Oybek va boshqalar o‘qishni bitirib qaytdilar. Men maktabda ishlab yurdim, so‘ng universitetning ijtimoiy fakultetida o‘qidim. 1934 yil boshlarida O‘zbekiston Fan Komiteti qoshida Til va adabiyot instituti ochilgach, Oybek meni shu yerga ishga taklif qildi, men institutga kirish uchun Uyg‘un ijodi bo‘yicha referat yozib topshirdim. Referat bilan tanishib chiqishgach, ishga qabul qilindim. Shundan so‘ng Fitrat domlani ikkinchi bor shu yerda ko‘rdim, u kishi bu yerda professor sifatida ilmiy ishlardan tashqari, yosh ilmiy xodim va aspirant-larga rahbarlik qilish barobarida, o‘zbek klassik adabiyoti va fors tilidan dars ham berar edilar. U kishining darsiga biz – adabiyotshunoslardan tashqari tilshunoslar ham qatnashar edi.

– Siz Navoiy nomidagi bilim yurtida o‘qigan yillaringiz Oybek, Mirkarim Osim, Subutoy Dolimov, Eson afandi Musaev, Shorasul Zunnun va boshqalardan saboq olgan edingizlar. Albatta, u domlalar xalq dushmani degan tuhmat bilan qamalib ketgach, sizlarga ham xavf-xatar kelmadimi?

– Ta’siri bo‘lganda ham qandoq. 1937 yil oxirlarida Oybek bilan meni ham, o‘sha domlalarda o‘qiganimiz sababli, panturkistlar, millatchilarda o‘qigan, degan ayb bilan i?dan haydab, matbuotda ura boshladilar.

Eson afandi Turkiyada o‘qib kelgach, bilim yurtimizda ham mudir, ham o‘qituvchi bo‘lib ishlay boshladi. U kishining faqat bilim yurtidagina emas, umuman, Toshkent shahar maorifi rahbariyatidagilar ichida ham obro‘yi baland edi. Bizga o‘zbek klassik va zamonaviy adabiyoti bilan birga, turk adabiyoti, Yevropa tarixidan ham dars berardi. Darsni qat’iy dasturiga yopishib olmay, erkin, o‘zi tuzgan reja asosida zavqli qilib o‘tardi. Ayniqsa, Oybek, Mirkarim Osim uning barcha darslarini sistemali ravishda yozib olishardi, ularning keyinchalik tarix va adabiyotga bo‘lgan kuchli qiziqishlari ham shundan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Domlamiz Eson afandi, negadir, sovet siyosiy organlari(GPU)dan qattiq xavfsirab yurardi, ehtimol, u o‘zining orqasidan bo‘layotgan kuzatuvlarni o‘sha vaqtdayoq seza boshlagan bo‘lsa kerak. Bilim yurtini bitirishimiz nihoyatda tantanali bo‘ldi. Eson afandi domlamiz hammamizga bir xil formada bosh-oyoq kiyim tiktirdilar, bitirish marosimiga respublikaning taniqli maorif va madaniyat arboblari ham taklif qilindi, bizning kelajagimizga yaxshi niyatlar bildirishdi. So‘ng biroz vaqt o‘tgach, domlamiz Eson afandi qamalipti, degan gapni eshitdim. Domla bir-ikki yil qamoqda bo‘lib, so‘ng oqlanib, u yer, bu yerda ishlab yurdilar. 1937 yili u kishini yana olib ketishdi. Keyingi taqdirlari nima bo‘ldi, bilmadim.

Men Cho‘lponning 1935 yili nashr etilgan “Soz” to‘plamiga qisqa bir taqriz yozib, unda Cho‘lpon uzoq bir muddat tanaffusdan so‘ng avvalgi g‘oyaviy qusurlaridan asta-sekin, qiyinlik bilan bo‘lsa ham, qutulib sovet tomoniga o‘ta boshladi, deb, uning:
Bir necha yil qantarg‘ach,
Yana oldim sozimni,
Endi aytib yig‘lamas,
Ko‘ngildagi rozimni.
Ko‘nglimdagi kudurat
Ko‘tarildi nihoyat,
Endi ilhom manbai –
Qaynab yotgan shu hayot, –

degan misralarini misol qilib keltirganim uchun o‘sha vaqtda matbuotda Homil Yoqubov millatchi shoir Cho‘lponni sovet pozitsiyasiga o‘tgan deb, uni hatto sotsializm kuychisi darajasiga olib kelib, pastkashlikka bordi, deb ayuhannos solgan edilar. (Qarang: Sh.Tuyg‘un, “Razoblachit do kontsa”. Jurnal “Literaturn?y Uzbekistan”, 1937, ? 4-5, str.96.)

Bunday ishlar keyinchalik urushdan keyingi yillari ham tinchimadi. 1946 yildagi VKP(b)ning “Zvezda” va “Leningrad” jurnallari haqidagi qarori, 1949 yili mamlakatda boshlangan kosmopolitizmga qarshi kurash kampaniyasi davrida ham har xil g‘oyaviy chalkashliklar bo‘lib o‘tdi. Shu davrda mening ba’zi maqolalarimda(jumladan, Abdurahmon Alimuhamedov haqidagi maqolamda) ham o‘sha davr siyosati tasirida xatolar bo‘ldi, – dedilar Homil aka.

– Domla men o‘sha maqolangizni qayta o‘qib chiqdim. Maqolangiz “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1949 yil 16, 19 mart sonlarida “Adabiyotimizda estet kosmopolitlarni oxirigacha fosh qilaylik” nomi bilan qattiq yozilibdi. Homil aka, maqolaning sarlavhasini nega shunchalik siyosiy keskin qilib qo‘ygansiz? – deb so‘radim.

Domla:

– Men maqolaning nomini “Adabiyotda mazmun va shakl birligi uchun kurashaylik” deb, unda Abdurahmon Alimuhamedovning ba’zi maqolalarida (jumladan, “Abdulla Qahhor hikoyalarida psixologik tasvir”(1947) maqolasida) adabiyotda mazmun va shaklning birligi buzilib, tahlil qilingan, deb yozgan edim. Lekin redaktsiya rahbariyati maqolaning nomini menga aytmasdan, siyosiy keskin tarzdagi sarlavha bilan e’lon qilipti, hatto o‘zlaridan ba’zi siyosiy tanqidlarni qo‘shib ham yuboribdilar. Maqolani o‘qigan Oybek aka: Homil, sen ancha katta ketibsan, deb ranjib gapirdilar. U kishi Abdurahmon Alimuhamedovni hurmat qilar edilar. NKVD tinch yotmadi. U 1938-yillardayoq allaqachon otilib ketgan domlamiz marhum Eson afandining, hozir go‘yo «uzoq Sibirda iqtisodiy ahvoli og‘irlashib qolibdi», degan xabar tarqatishdi. Biz – Oybek, Mirkarim Osim, men va boshqa shogirdlar bunga laqqa ishonib, pul to‘plab ro‘yxat bilan qamoqdan kelgan(keyinchalik bilsak, uni tazyiq ostida maxsus topshiriq bilan bizni qo‘lga olish uchun qamoqdan bo‘shatib, oldimizga yuborgan ekanlar) bir kishi orqali yuborgan edik. Keyinchalik bu yordam uchun ham ancha tazyiqlar va tergovlarga giriftor bo‘la boshladik. Shundan keyin Oybekning “Navoiy”, “Oltin vodiydan shabadalar”ida kamchiliklar bor, meni esa “Turdi va uning muhiti” degan dissertatsiyam, maktablar uchun tuzilgan darslik – adabiyot xrestomatiyasidagi ishlarimda o‘tmishni ideallashtirgan, kitobda sovet davriga oid asarlarga kam o‘rin ajratgan kabi siyosiy ayblar bilan ura boshlashdi. “Pravda Vostoka” gazetasida Malikovmi, Melkiyantsmi degan bir kishi Turdi haqidagi dissertatsiyamni xon davrining kuychisi deb urib chiqdi. Bu maqoladan keyin Mixail Sheverdin, Vladimir Milchakov kabi Yozuvchilar uyushmasi rahbarlari maqolada aytilgan ayblarni bo‘yningizga olasiz, deb turib olishdi. Men maqola mualliflarining kamchiliklar haqidagi fikrlariga qo‘shilmay turib oldim.

Shundan keyin “Pravda Vostoka” gazetasining 1951 yil 21 avgust sonida M.Ivanov, V.Lavrov, F.Iskenderov degan uch muallifning “O‘zbek sovet adabiyoti vazifalaridan chetda” degan maqolasi chiqdi. Unda Oybek, Izzat Sultonov kabi men ham katta siyosiy ayblar bilan tanqid qilinganligimning guvohi bo‘ldim. Jumladan, maqolada bu haqda shunday yozilgan ekan:

“Til va adabiyot institutida uzoq vaqtlardan buyon burjua millatchilik elementlari hukm surib kelmoqda, ular o‘zbek sovet adabiyoti yutuqlaridan ataylab ko‘z yumib, asosan o‘tmish davr adabiyoti bilan shug‘ullanadilar, o‘z tadqiqotlarida kosmopolitizm, panturkizm, panislomizm va paneronizm qarashlarini targ‘ib qilib kelmoqdalar…

O‘zbek sovet adabiyoti sektori mudiri Homil Yoqubovning ba’zi ishlarida jiddiy g‘oyaviy kamchiliklar mavjud. U tarixiy hodisalarni buzib talqin qiladi, Qo‘qon xonlarini ideallashtiradi. Jumladan, qonxo‘r va mustabid bo‘lgan Umarxonni XIX asr boshlaridagi Qo‘qon adabiy muhiti rahnamosi qilib ko‘rsatishga harakat qiladi…

Oybek, Homil Yoqubov, Izzat Sulton va boshqalarning ishlaridagi mavjud kamchilik va buzuqliklarni ko‘ra turib, institut xodimlari bu haqda lom-mim demay keladi”. (Qarang: M.Ivanov, V.Lavrov, F.Iskenderov, “V storone
ot zadach uzbekskoy sovetskoy literatur?”, “Pravda Vostoka”, 21 avgusta 1951 g.)

* * *

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng domla 20-30-yillar o‘zbek adabiyoti, ba’zan Navoiy davri adabiyoti va u haqdagi ishlarini qayta ko‘ra boshladilar. Bizning adabiyotimiz Navoiy davri va undan keyingi asrlarda, XX asr boshlari va 20-yillarda o‘zining tabiiy rivojlanish o‘zanida davom etayotgan davrda sovet siyosati shu o‘zanni o‘z yo‘lidan tamomila o‘zgartirib yuborgan ekan, bularning hammasini endi yangi istiqlol g‘oyasi nuqtai nazaridan tamomila qayta o‘rganish kerak ekan, dedilar.

Domla umrlarining oxirlarida kelgan mazkur qat’iy ishonch va e’tiqodlari ta’siri ostida “Cho‘lpon va Navoiy” (1997) nomli risola yozib olamdan o‘tdilar…

«Ma’rifat» gazetasidan olindi.