Shavkat Karimov. Erta so‘ngan yulduz shu’lasi

(Volfgang Borxert hayoti va ijodiga chizgilar)

Urushdan keyingi olmon adabiyotining eng yorqin va iqtidorli namoyandalaridan biri Volfgang Borxertdir. U qisqa umri mobaynida (26 yoshida vafot etgan) o‘sha davrga, urushga bo‘lgan nafratini yorqin chizgilarda ko‘rsata olgan, antifashistik, insonparvarlik pozitsiyasida sobit tura bilgan ijodkor sifatida e’tirof etiladi.

1921 yilning 20 mayida Hamburg shahrida dunyoga kelgan Volfgangning otasi o‘qituvchi, onasi yozuvchi bo‘lganligidan oilada doim ijodiy muhit hukm surgan. Bo‘lajak yozuvchi Hamburg shahrida maktabni tamomlagach, otasining maslahatiga ko‘ra, kitob savdosi bilim yurtida tahsil oladi. Shu bilan birga uydagilardan yashirincha teatr bilim yurtini tugallab, bir muddat Lyuneburg teatrida aktyorlik ham qiladi.

1941 yilning may oyida Borxert armiya safiga chaqiriladi, uni Sharqiy frontga urushga jo‘natmoqchi edilar. O‘z hayotini san’at va adabiyotga bag‘ishlamoqchi bo‘lgan V.Borxert ruhiyatiga bu yangilik qattiq ta’sir qiladi, ammo, baribir, hukmron mafkura va urush girdobi qalbdagi pinhon orzularni amalga oshirishga imkon bermas, mavjud siyosat oqimiga qarshi suzib bo‘lmas edi. Va qirg‘inbarotda qatnashmaslik yigirma yoshdagi ijodkor yigit qaltis yo‘l tutadi, ya’ni barmog‘iga o‘q uzib, boshliqlariga go‘yo rus soldati bilan olishuvda miltiq otilib ketib, shu ahvolga tushganini aytadi. Ammo Volfgangning siri fosh bo‘ladi va rahbariyat uni o‘ziga qasddan ziyon yetkazishda ayblab, Nyurenberg turmasiga jo‘natadi.

Sud jarayoni bir kishilik kameradagi uch oylik avaxtadan so‘nggina boshlanadi. Harbiy prokuror o‘lim jazosi so‘raydi, ammo sud rahm-shafqat qiladi, o‘z aybini qon bilan yuvish uchun uni Sharqiy frontga yuboradi.

1943 yilda Volfgang Borxert chaquv tufayli ikkinchi bor qamoqqa olinadi. Ijodkor to‘qqiz oy Berlin shahrida joylashgan Maobit turmasining rutubat to‘la achchiq va zax havosidan nafas olishga majbur bo‘ladi. Natijada og‘ir jigar xastaligiga yo‘liqadi. Sud 1944 yil avgustda uni yana frontga  jo‘natadi.

1945 yil boshlarida adib frantsuz askarlariga asir tushadi, keyin amerikaliklarga topshiriladi. Tinka-madori qurigan shoir uzoq va mashaqqatli yo‘l bosib, nihoyat 1945 yilning may oyida ona shahri Hamburgga qaytadi. Bu shaharda Borxert o‘zi yoqtirgan kasb – aktyorlik bilan mashg‘ul bo‘lishni xohlaydi. Hatto G.E.Lessingning “Donishmand Natan” asarini sahnalashtirishda rejissyor assistenti lavozimiga taklif ham qilinadi. Ammo turmada orttirilgan kasallik tufayli 1945 yil kuzida to‘shakka mixlanib qoladi.

Tushkunlikka tushib, qo‘l siltab qo‘yish Borxert tabiatiga yot edi. To‘shakda yotarkan, yozishdan, ijod qilishdan to‘xtamadi. U bolalikdan she’r yozar, ilk mashqlarida Xyolderlin va Rilke ta’sirini sezish qiyin emasdi. 17 yoshidayoq ekspressionizm uslubida she’rlar yozgan Volfgangning o‘z ohangi, o‘ziga xos qobiliyati bir qarashda ko‘zga tashlanmas edi. Ijodkor suronli urush yillari ham ijoddan to‘xtamadi — jang maydonlarida yozgan asarlarini uyiga yuborar edi. Urushdan qaytgach esa mazkur asarlarni to‘ldirib, yanada mukammallashtirdi.

V.Borxert urushdan keyin ikki yilgina yashadi, ammo uning asarlari hozirgacha olmon adabiyotining sara namunalari hisoblanadi. Borxert boshidan o‘tgan sarguzashtlar, urush taassurotlari va turfa iztiroblarni so‘zga solib, XX asr olmon adabiyotida o‘z avlodi badiiy qiyofasini aks ettirdi. Xaynrix Byoll bu haqida “U o‘lim bilan bellashuvda g‘olib chiqish ilinji bilan ijod qilgan”, deb yozgan edi. Qisqa muddat ichida bitilgan she’r va nasriy asarlari adibga katta shuhrat keltirdi. 1946 yilda uning keyingi besh yillik ijodi “Chiroq, tun va yulduzlar” nomi bilan chop etiladi.

Borxertning takrorlanmas ijodiy muhri yaqqol ko‘rinib turadigan hajman qisqa, mazmunan keng qamrovli hikoyalarida syujet, personajlar xronotop nuqtai nazaridan chegaralangan. Voqealar, asosan, urush va urushdan keyingi og‘ir kunlarda, qamoqxonada, qahraton qishda va ziddiyatlarga boy, ammo qadrdon Hamburg shahrida sodir bo‘ladi.

Volfgang Borxert — qismat kulib boqmaganlarning adibi. Uning qahramonlari erkka, yashashga va baxtga tashna odamlar. Ijodkor asarlarida fojiali taqdirlar, omadsizlik, turli baxtsizliklar sabab o‘z kelajagini yo‘qotgan minglab insonlar qismatini badiiy aks ettiradi. Uning ustozi — hayotning o‘zi edi. “Agar qamoqqa tushmaganimda “Momoqaymoq”ni yoza olmagan bo‘lar edim”, degan edi yozuvchi o‘zining ilk hikoyasi haqida. “Momoqaymoq” bir kunda, 1946 yil 27 yanvarida yozib tugallangan.

Uning ikkinchi “Shu seshanbada” nomli to‘plami 1947 yilning noyabrida, adib vafotidan so‘ng dunyo yuzini ko‘rgan.

V. Borxert asarlarida qo‘llangan shafqatsiz parodiya, kompozitsion ko‘chimlar, antiteza, paradoks, grotesk, kishini hayratga soluvchi neologizmlar va boshqa ifoda vositalari tilning shirali, asarning o‘qishli bo‘lishini ta’minlovchi omillardir.

Nyurenberg, Berlin qamoqlarida ijodkor chekkan azoblar u yoki bu tarzda uning she’riyati, nasri va dramaturgiyasida aks etgan. El nazaridan qolgan odamlar, tanholik, do‘stlik va o‘lim turli ko‘rinishlarda gavdalantirilgan mazkur asarlarda bor go‘zalliklar — daryo uzra qanot qoqayotgan baliqchi qushlar, tuman ichra yaltirayotgan chiroqlar – barchasi odamlarga tegishli bo‘lmog‘i lozim degan badiiy g‘oya ilgari suriladi.

V.Borxert hikoyalarini jozibali qiluvchi xususiyat o‘ziga xos tarzda takrorlanib turuvchi motivlar, doimiy xavf-xatar, quvg‘in va musibat, darbadarlik, kindik qoni to‘kilgan go‘shani qo‘msash kabi tuyg‘ularning samimiy tasviridir. Hikoya qahramonlari uchun tinch-osoyishta muhitda yashash qo‘l yetmas orzu, o‘zlari tug‘ilib-o‘sgan maskanga qaytib borish esa cheksiz armon tarzida ko‘rsatiladi. Tug‘ilgan uy har bir kishining intilib yashaydigan, yo‘qotilgan jannati deb hisoblaydi adib.

Borxert asarlari poetikasini bayonning lo‘ndaligi va assotsiativ – ohangdosh emasligi ta’minlagan (“May oyida kakkular kukulaganda” hikoyasi)[1] . Borxert asarlarida takror doimiy uslubiy vosita hisoblanadi. Bu, birinchidan, hamburgliklarning so‘zamolligini ko‘rsatsa, ikkinchidan, hissiyotlarning qizg‘inligini ham gavdalantiradi.

Borxert odamlarning o‘zaro bir-birlaridan qalban uzoqlashib ketayotganidan tashvishga tushadi va o‘z tengqurlarini “oqibatsiz avlod” deya ataydi.

Borxertning ko‘plab hikoyalarini shafqatsiz realizm uslubida yaratilgan hikoyalar deyish mumkin, chunki ularda urush va urushdan keyingi hayotning achchiq haqiqati ro‘y-rost ko‘rsatilgan. Ammo yozuvchi dunyoda nafaqat shafqatsizlik, ayni paytda yaxshilik, ezgulik urug‘lari odamlar qonida borligi va insoniyatni faqatgina tinchlik taraqqiyot yo‘liga olib chiqishini ta’kidlaydi. Eng asosiysi, hikoya qahramonlari eng og‘ir sharoitlarda ham inson ekanliklarini unutmaydilar. Adibning “Non”, “Rojdectvo sovg‘alari” kabi hikoyalari ham xuddi shunday shafqatsiz, ayni paytda rivoyat janriga xos falsafiy va ko‘p ma’no kasb etadi.

Hayotining so‘nggi yilida Borxert urushni kimlar nima uchun va qay tarzda o‘ylab chiqishlari ustida ko‘p bosh qotiradi. U bu savollarga o‘zi kashf etgan alohida janr – “xrestomatik hikoyalar” orqali javob bermoqchi bo‘ladi. Bunday nom urushning sabablari barchaga ayon bo‘lgandagina uning oldini olish mumkinligiga ishora qiladi.

1947 yil yanvarida sakkiz kun ichida hayot va xayol qorishiq tasvirlangan “Eshik ortida” nomli pesa yaratadi. Fantastik unsurlarga boy pesa qahramoni – urush qatnashchisi Bekman. Yoshi yigirma beshda, shundan olti yilini urush taloto‘plarida o‘tkazgan. Uning bir yoshli o‘g‘li bombardimon paytida halok bo‘lgan, xotini esa o‘zgaga turmushga chiqib ketgan. Bekmanning ota-onasi jonlariga qasd qilib olamdan o‘tgan. Uyi­ga betayin frau Kramer degan ayol surbetlarcha joylashib olgan. Oyog‘i nogiron, ko‘zlari ham xiralashgan Bekman urushda bo‘lgan insonlarga xos kayfiyatda loqayd, dunyoga shubha va savollar bilan qarovchi pessimist shaxs. Faqat “Bu ko‘rgiliklarga kim javobgar?” degan so‘roqqina uni bezovtalantiradi. Xuddi mana shu savol Borxert ijodining leytmotivini tashkil etadi. Yozuvchining o‘zi mansub bo‘lgan zamondoshlari fe’l-atvori asarlardagi bezovta, sargardon qahramonlarda mujassamlashgan. Bekman o‘tmishdan, urush dahshatlaridan hech qachon xalos bo‘la olmaydi. U tinch, farovon jamiyatga singib ketolmaydi, nimadir uni ta’qib qilib, fikru zikri, botini-yu zohiriga daxl qilayotgandek tuyulaveradi. Kelajak uning uchun mavhum, qorong‘i, o‘tmish esa fojialarga to‘la. Unga qaytishning o‘zi dahshat.

Groteks usulida yaratilgan bu asar syujeti takror va antiteza kabi tasviriy vositalardan tarkib topgan. Drama bir qahramon (aktyor) teatri, chunki barcha personajlar bosh qahramon g‘oyasini ochishga yo‘naltirilgan. Asar mag‘zini aybdorlik hissi tashkil etadi. Bu hissiyot o‘ziga to‘q, hayotda o‘rnini topgan katta avlod vakillarini hech qachon tashvishlantirmaydi. Aksincha, bu iztiroblar urush ishtirokchilari bo‘lmish yosh avlodni ko‘proq iztirobga soladi, u o‘zining “Eshik ortida” qolganligidan eziladi[2] . Pesaning nomi ramziylik kasb etgan. Yozuvchi ortga qaytmas yoshlik, tuzalmas qalb jarohatlari, ma’nisiz qurbonliklar uchun javob berishni qahramoni nomidan talab qiladi.

Asarini: “Eshik ortida” hech qaysi teatr sahnalashtirishni xohlamaydigan va hech qanday tomoshabin ko‘rishni istamaydigan pesa” degan ilova bilan yakunlagan V.Borxert yanglishgan edi. Uni 1947 yil fevralida radioda eshitgan tinglovchilar muallifni minnatdorlik maktublariga ko‘mib tashlashadi. Bu paytda Borxertning salomatligi tobora yomonlashayotgan edi. 1947 yil sentyabrda do‘stlari ko‘magida Bazeldagi (Shveytsariya) katoliklar gospitalida davolanadi. Taassufki, sakkiz haftalik muolaja yozuvchini oyoqqa turg‘iza olmadi. So‘nggi kunlarini yaqinlaridan ayriliqda o‘tkazgan Borxert 1947 yil 20 noyabrda shifoxonada olamdan o‘tdi. Qismatning o‘yinini qarangki, ertasi kuni — 21 noyabrda Hamburgda “Eshik ortida” pesasining premerasi bo‘lib o‘tadi, ammo muallifga bu olqish va e’tiroflarni ko‘rish nasib etmadi. Shuningdek, u hikoyalarining ko‘p adadli nashrlarda e’lon qilinganligini ham ko‘rolmadi. Borxert tirikligida uning sanoqli asarlari dunyo yuzini ko‘rgan bo‘lsa, vafotidan so‘ng Hamburgda ikki jildli ijod namunalari chop etildi. O‘limidan bir necha kun oldin u o‘zining so‘nggi adabiy matni — vasiyatini yozib qoldirdi. Vasiyatnoma da’vat ruhida edi: “Urushga “Yo‘q!” de, hayotni himoya qil”.

V.Borxertning butun ijodini “Urush haqidagi isyonsiz sukunatga qarshi portlash” tarzida baholash o‘rinlidir. U olmon adabiyotining urush mavzusini, uning dardu alami, asoratlarini kichik asarlarga joylay olgan yetakchi adibi edi. Borxert hech qachon adabiy namunalarga ergashish, ulardan andoza olishga intilmadi. Uning shaxsiy adabiy tajribasi asosida hayotdan o‘rganganlari, tengqurlari boshiga tushgan dahshatlardan chiqargan saboqlari yotadi. Adib o‘zidan keyingilarga ushbu mavzuni kengaytirish uchun so‘qmoq ochib berdi. Xaynrix Byollning “Adam, qayerda eding?” (1951), Volfgang Kenpenning “Egasiz uy” (1954), Zigfrid Lentsning “Nemischa saboq” (1968) asarlari fikrimiz dalilidir.

Xulosa qilib aytganda, Volfgang Borxert ijodi XX asr olmon adabiyotining rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. U asarlarida tasvirlagan, bir umr intilib yashagan haqiqat adabiyotning bosh a’moli bo‘lib kelmoqda.

“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 11-son

________________

[1] W-Borchert. Gesammtwerk. Hamburg. Rowohlt-Verlag. 1994. S. 241.

[2] Kindlers Neues Literaturlexikon in 20 Bänden. Bn 2. München Kindlers Verlag. 1991. S. 928.