O‘zga xalqlar madaniy merosidan o‘z jamiyati rivoji uchun zarur tomonlarni tanlashda milliy adabiyotning yetukligi katta ahamiyat kasb etadi. “Haqiqiy milliy adabiyot faqat boshqa xalqlar adabiyotlari bilan samarali o‘zaro aloqaga kirishgandagina tuzilishi va shakllanishi mumkin” (I.R.Bexer). Shu bois, har bir milliy adabiyot o‘z taraqqiyoti jarayonida o‘zga xalqlar adabiyotlari bilan aloqada bo‘lib, ularning tajribasini o‘rganib, o‘z milliy an’analariga muqoyasa qilib boyiydi va kamolot bosqichlari tomon odimlaydi.
O‘zbek adabiyotining xalqaro aloqalarini rivojlantirishda millat va adabiyot fidoyisi Abdulla Qahhordek zabardast so‘z san’atkorlarining iste’dod va qobiliyati katta ko‘mak berganligi adabiyot va adabiyotshunoslik tarixidan ma’lum.
Abdulla Qahhorning jahon adabiyotidan o‘girgan tarjimalarini ta’kidlaganimizda ham u adabiyotimiz tarixida mahoratli tarjimon sifatida faxrli o‘ringa ega bo‘lar edi.
XX asrning birinchi yarmida jahon adabiyotidan Abdulla Qahhordek birinchi avlodga mansub ijodkorlar tomonidan qilingan tarjimalar, o‘zga xalqlar madaniyati, an’analari badiiy mahorati bilan o‘zbek adabiyoti rivojiga samarali ta’sir ko‘rsatganligi adabiyotimiz tarixida alohida qayd etilgan. O‘zbek kitobxoni A.S.Pushkin, L.Tolstoy, A.P.Chexovni buyuk so‘z sehrgarlari sifatida tanigan bo‘lsa, bunga Abdulla Qahhor va ko‘plab tarjimonlarimiz hissasi beqiyos.
I.Borolinaning xotirlashicha, Abdulla Qahhor o‘tgan asrning 50-yillarida Kibriyoxonim bilan “Urush va tinchlik”ni tarjima qilishga kirishgan paytlarda Tolstoy qahramonlari bilan baqamti yashash niyatida Moskvadagi Arbat ko‘chasida yashaydigan tanishlarining uyida turgan va roman qahramonlari ruhiyatiga kirishga intilgan.
Abdulla Qahhor o‘zga xalq adabiyotida voqea bo‘lishga ulgurgan umrboqiy asar nufuziga sazovor bo‘lgan qissa, roman yoki hikoyani tarjimada o‘rtamiyona asar holiga tushmasligi uchun kurashar va boshqa hamkasblaridan ham buni qat’iy talab qilar edi. Ayni paytda o‘z asarlarining boshqa tillarda asliyatdagi darajasini saqlab qolishni tarjima mezoni deb qarashlarini uqtirar edi.
Abdulla Qahhor asarlari so‘zlarining mag‘zi butunligi, ortiqchalik va bejamadan xoliligi bois, ularni boshqa tilga o‘girish tarjimonga mushkullik tug‘dirishi tabiiy hol edi. Bir gal hikoyasi tarjimada qariyb ikki hissa ko‘payib ketganini ko‘rib, tarjimonni koyib berganligini yozishgan. Shunda tarjimon adibga e’tiroz bildirib:
– To‘g‘ri, siz ajoyib hikoya yozgansiz. Lekin tarjima qilgan odam uni jindek bo‘lsa ham kengaytirgisi, jindek unga qo‘shib qo‘ygisi kelaveradi. Bunday holida esa u o‘ta siqiq, havo yetishmayotgandek… – degan edi.
Qahhor baribir ko‘nmasdan:
– Mayli, yomonligicha, ammo-lekin meniki bo‘lib qolsin. Men yozgan narsani “yaxshilashingiz” shart emas, – degan.
Yoki boshqa bir misol. Abdulla Qahhorning o‘sha paytlarda “Shohi so‘zana” komediyasini Moskvaning mashhur “Mossovet” teatri “Yangi yerda” nomi bilan qo‘ymoqchi bo‘lganida, muallif e’tiroz bildiradi. Bu nom Qahhorga jo‘nroq, publitsistik nomdek tuyuladi. Uning ustiga milliy bo‘yoq, milliy ruh yo‘qolishi mumkin. Abdulla Qahhorning so‘zida turib olishi natijasida asar “Shohi so‘zana” nomi bilan namoyish etiladi.
Turli millat vakillari bo‘lgan ijodkorlarning o‘zaro do‘stligi nafaqat ularning o‘zlariga, balki ular mansub bo‘lgan adabiyotlarga ham naf keltirishi tabiiydir.
Abdulla Qahhor va Konstantin Simonovlarning do‘stona aloqalari ibratli va manfaatli adabiy hamkorlik namunasidir. Ustoz adib Odil Yoqubovning xotirlashicha, K.Simonov 1959 yil kuzagida Abdulla Qahhorning “Sinchalak” qissasining taglama (so‘zma-so‘z) tarjimasini o‘qib chiqqan, qissa unga ma’qul bo‘lganidan so‘ng tarjima qilishga kirishgan ekan.
Qahhor zamondoshlari o‘sha yillari K.Simonovni ko‘p bora Abdulla aka xonadonida bo‘lganini eslashadi. K.Simonov Abdulla Qahhor qissasining har bir jumlasiga, so‘ziga ehtiyotkorlik bilan yondoshib, muallif fikriga diqqat bilan quloq solib, har bir jumla ma’nosiga chuqur kirib borishdan tashqari, uning nimaga sha’ma qilayotganini, yozuvchining o‘ziga xos yumorini ilg‘ab olishga va aniq berishga harakat qilgan. Ruschaga qilingan yaxshi tarjima tufayli “Sinchalak” ko‘pgina xorijiy tillarga o‘girildi. Vositachi tildan “Sinchalak” tarjimon E.Bryumler tomonidan nemischaga o‘girildi. Tabiiyki, K.Simonov erishgan yutuqlar va yo‘l qo‘ygan qusurlar nemischa tarjimada ham o‘z ifodasini topgan.
Abdulla Qahhor asarlarini o‘zbek milliy turmush tarzining badiiy entsiklopediyasi deyish mumkin. Bir so‘z bilan nishonga tegadigan detallar, imo-ishora orqali o‘zbeklarga xos turmush tarzini ifodalash Abdulla Qahhorga xos. O‘zbek hayoti va turmush tarzini bilmaydigan tarjimon buni tarjimada ifodalay olmasligi aniq. Natijada, asarning badiiy o‘ziga xosligi yo‘qoladi. Shu bois, u yoki bu milliy adabiyotga daxldor asarni tarjima qilishdan oldin o‘sha xalq hayotini yaxshi o‘rganish maqsadga muvofiq.
Abdulla Qahhor asarlarida xalqona iboralarni badiiy qayta ishlash hollari tez-tez uchrab turadi. Natijada, frazeologizm ma’nosi yangilanadi, iboralar tarkibidagi ifoda o‘zgaradi, jozibadorlik kasb etadi. Ayni zamonda, siqiqligi va ifodaliligi xalqona birliklarga yaqin yangi iboralar paydo bo‘ladi. O‘zbekcha, ruscha va nemischa iboralarni muqoyasa qilganimizda har uchala tilda ham tabiiy jaranglagan iboralarga guvoh bo‘lamiz.
Ayrim misollarga murojaat qilamiz. “Aflotunning qizi bo‘lsangiz ham gapni tonnalab oling-u, grammlab soting” (“Sinchalak”, 30-bet). “Daje mudretsam sovetuyut pokupat slova pudami, a prodavat zolotinkami” (“Ptichka-nevelichka”, 42), “Auch dem Weizen rat man die Worte pfundweise eunkaufen, aber grammveise zu verkaufen” (Sekräter Saida, 41). “To‘g‘ri, juda to‘g‘ri: igna bilan bitadigan ishga juvoldiz tiqib o‘tirmasag-u, sizning o‘rningizga o‘sha odamlarimizdan birini kirgizsak” (“Sinchalak”, 41-bet). “Vot i mne kajetsya, chto nechego lezt s shilom tuda, gde mojet i igolka spravitsya!” (“Ptichka-nevelichka”, 58). “…daβ man die Ahle nicht dort aussetzen soll, Wo die Nadel genugt!” ((Sekräter Saida, 65). “Aflotunning qizi”, “gapni tonnalab ol, grammlab sot”, “igna bilan bitadigan ishga juvoldiz tiqma” kabi frazeologik birliklar har ikki tilda ham asliyatdagidek o‘girilgan. Originallik va ifodaning tabiiyligi saqlangani muallif individual uslubini ifodalashda muhimdir.
Har ikki tarjimada ham so‘zma-so‘z tarjima usuliga tarjimonlar tez-tez va muvaffaqiyatli ravishda murojaat etganlar. Qissada Mehri Saida huzuriga kelib, o‘zining Zulfiqorov bilan munosabatlari haqida alam bilan so‘zlaydi:
– Men bu itga qanaqa qilib ikkinchi xotin bo‘lib qolganimni o‘zim ham bilmayman, – dedi Mehri o‘pkasini tutolmay. Saida uning silliq qilib taralgan va yiltillab turgan sochiga, o‘z ahvolini idrok etib, musibatdan birpasda so‘ligan cho‘tirroq, to‘la yuziga qaradi va o‘zicha gapirganday, o‘ychan:
– It ochiq qolgan qozonni yalaydi, – dedi (“Sinchalak”, 71-bet).
Bu parchada “it” so‘zi bilan bog‘liq so‘z o‘yinini o‘quvchi sezmasligi mumkin emas. Mehri bepisandlik bilan Zulfiqorovni it deb ataydi. Saida unga javoban “It ochiq qolgan qozonni yalaydi”, – deb javob qaytaradi.
Mazkur ibora ham rus va nemis tillariga so‘zma-so‘z tarjima qilingan. Lekin katta ma’noviy yuk, obrazlilik va lo‘ndalik saqlab qolingan.
Yillar o‘tib, tarjimonlarda Abdulla Qahhor ijodi bilan xorijiy kitobxonlarni kengroq tanishtirish istagi paydo bo‘lganligi uning asarlari barcha davrlarda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganligidan dalolatdir. Yosh mutarjim Oybek Ostonov nemis shoiri Xaynts Erxardning “Yana bir she’r…” kitobining tarjimasi orqali mashaqqatli tarjima amaliyoti aziyatlarini o‘zida sinab ko‘rdi. So‘ngra Sharq donishmandligi rivoyatlarini to‘plab, “Buyuk ipak yo‘li hikoyatlari” nomi bilan nemischaga o‘girib, nemis o‘quvchilari e’tiboriga tushdi. Bu rag‘bat unga Abdulla Qahhorning yigirmata hikoyasini saralab, nemis tiliga o‘girish jur’atini berdi. Natijada “Der Granatapfel” (“Anor”) dunyo yuzini ko‘rdi. Tarjimashunoslikda o‘z tilidan o‘zga tilga o‘girish hamma vaqt ham ijobiy natija beravermasligini ta’kidlaydilar. Darhaqiqat, tarjimada faqat til bilish kifoya qilmaydi, uni his qilish, o‘sha tilda yashash, dunyoni o‘z tilingda idrok etish darajasida fahmlash zarur.
Oybek Ostonovning o‘zbekchadan nemischaga tarjima qilish mayli va xohishini oqlaydigan jihatlar bor. Birinchidan, o‘zbeklarning xalqchil, zabardast adibi asarlarini nemislarga tanishtirish istagining kuchliligi bo‘lsa, ikkinchidan, Abdulla Qahhor hikoyalari orqali xalqning fe’l-atvori, urf-odati, mentalitetini namoyon etish imkoniyatining kengligida. Uchinchidan, tarjima jarayonida Oybek X.Birkli, G.Frich, D.Klen, Yu.Varles kabi nemis mutaxassislar bilan baqamti ishlagani, shuningdek, o‘zbek germanist filolog-tarjimonlar H.Qo‘chqorova, Ya.Egamovalarning xolis maslahatlaridan samarali foydalanishga intilgani Abdulla Qahhor asliyatiga yaqin matnlarni yaratish imkoniyatini berganligini ham aytib o‘tish joiz.
O‘zbek nashriyotida, o‘zbek tarjimoni tomonidan o‘girilgan asar nemis o‘quvchisini toparmikan, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Shu o‘rinda tarjimon Oybek Ostonovning mamlakatimizda ravnaq topib borayotgan sayyohlik sanoatiga daxldorligini aytib o‘tish o‘rinli. U Germaniya, Avstriya, Shveytsariya, Lyuksemburg, Lixtenshteyn kabi nemis tilli mamlakatlardan kelgan sayyohlarga yurtimiz osori atiqalari, diqqatga sazovor tarixiy, me’moriy va madaniy yodgorliklarini ko‘rsatadi, ular haqida so‘zlab, mehmonlarni mamlakatimiz haqida ko‘p va xo‘b manbalar bilan oshno qiladi. Sayyohlar olimlar, shoirlar, san’at ahllari qadamjolarini ziyorat qilganlarida tarjima qilingan asarlar qo‘l keladi.
Evropa turizm sanoati tajribasida mashhur shaxslar nomlari bilan bog‘liq joylardan sayyohlar qadami uzilmaydi. V.Motsart, I.Bax, S.Betxoven, Y.Gyote, F.Shiller, X.Xesse, M.Lyuter va boshqalarning qadamjolari chinakam ziyoratgohga aylangan. Avstriyada sakkiz million aholi istiqomat qiladi, ammo har yili o‘n sakkiz milliondan ziyod sayyohga xizmat ko‘rsatiladi. Bu tabiiyki, mamlakat daromadining katta ulushi sayyohlikdan tushadi, degani.
– Qirg‘izistonda “Chingiz Aytmatov manzillari bo‘ylab” turistik yo‘nalishi mavjud, – deydi tarjimon Oybek Ostonov. – Shu ma’noda mashhur adiblarimiz asarlari orqali dunyo ahlini yurtimiz va uning odamlari bilan tanishtirish ishtiyoqi bois men ham Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, O‘tkir Hoshimov asarlarini, Sharq rivoyatlarini nemischaga o‘girishga qaror qildim. Germaniya turizm sanoatida ishlaydigan hamkasblarim bilan hamkorlikda Germaniyaning o‘n to‘rtta katta-kichik shaharlarida kitob taqdimotlarini o‘tkazdik. Natija kutilganidan ziyoda bo‘ldi. Tadbirlarimizda mingdan ziyod muxlislar qatnashdi. Nemischaga o‘girilgan kitoblar bilan bir qatorda yig‘ilganlarda O‘zbekiston bilan tanishish istagi ham paydo bo‘lganligi tahsinga loyiqdir.
O‘zbek tilining ko‘rki – nafosatini, shiradorligini, milliy o‘ziga xosligini o‘zida mujassamlantirgan hikoyalarni asliyatdagidek o‘girish ulkan bilim, tajriba va malaka talab qilishini Oybek Ostonov yaxshi biladi, tarjimani me’yoriga yetkazish bo‘yicha ijodiy ishlar davom etayotganini nazarda tutsak, qilingan ishlar xamir uchidan patir ekanligi ayon bo‘ladi.
Abdulla Qahhor asarlarining turli mintaqalarda sevib o‘qilishining boisi, yozuvchining o‘z iborasi bilan aytganda “xalqning tili uchida” turgan gaplarni aytganligi va umumbashariy muammolarni ko‘targanligidadir.
Abdulla Qahhorning “Shohi so‘zana” komediyasi ingliz, ispan, nemis, polyak, frantsuz, yunon, vetnam tillariga tarjima qilingan. Abdulla Qahhorning Osloda norveg tilida “Hikmat bobo”, Stokgolmda shved tilida “Anor”, chex tilida “Dahshat”, polyak tilida “Adabiyot muallimi” asarlari e’lon qilingan.
“Sinchalak” qissasi R.Trenkov tarjimasida bolgar tilida “Ptichka-mnichka” nomi bilan, Txu Xi Ong tarjimasida vetnam tilida, Edemtraud Bryummer tarjimasida ikki marta nemis tilida, “Saida” nomi bilan rumin tilida chop etilgan.
Abdulla Qahhor asarlari xususida germaniyalik yozuvchilar, tanqidchilar gazeta va jurnallar sahifalarida, ilmiy risolalar, ommaviy kitoblarda o‘z fikr va mulohazalarini bildirganlar, adib asarlari fazilatlarini yuksak baholaganlar. “Diye literaturen der Fyolker der Zovyetunion” (Leyptsig, 1967) to‘plamida adabiyotshunos Gerxard Dudekning o‘zbek adibi haqidagi fikrlari e’tiborlidir: “Qo‘qonlik chilangar o‘g‘li Abdulla Qahhorning otasi bilan Farg‘ona qishloqlarini kezganligi uning keyinchalik yozgan asarlarida haqqoniy ifodasini topdi. Abdulla Qahhorning ijodi ko‘p qirrali: u mohir satirik, yirik prozaik, atoqli dramaturg, rus hamda jahon adabiyotining mohir tarjimoni”, – deb tanishtiradi. Abdulla Qahhorning siqiq, lekin mavzu muhimligi bilan o‘quvchilarga manzur novellalari ko‘pgina mamlakatlarda sevilib o‘qilayotganligini yozib: “Qozoq Muxtor Avezov, o‘zbek Abdulla Qahhor, turkman Berdi Kerboboyev va qirg‘iz Chingiz Aytmatov xalqaro miqyosda e’tirof etilgan, ko‘pgina xalqlarning hurmatiga sazovor bo‘lgan san’atkorlardir”, – deb baholaydi “Diye multinatsionale Karakter der Literatur” (Berlin, 1969) deb nomlangan to‘plamda.
“Mohir hikoyanavis sifatida e’tibor qozongan Abdulla Qahhor adabiyotning vazifasini to‘g‘ri va chuqur tushunadi. Uning bu janrga tez-tez murojaat etganligining boisi davr hodisalariga munosabat bildirishda epik janrlarga nisbatan kichik janrlarning operativlik bilan farqlanishidir. Hayotning tezkor odimiga hamqadam bo‘lish, turmushda shakllanib borayotgan yangilik kurtaklarini ilg‘ash va ifodalash hikoya uchun xarakterlidir. Abdulla Qahhorning hikoyaga murojaat etishining yana bir sababini adibning ijodiga xos printsip – ixchamlikka intilish tendentsiyasi bilan izohlash o‘rinli bo‘lar. Lekin ixchamlikka intilish mayli, badiiy ifodaning qashshoqligini bildirmaydi, albatta. Aktuallikka, konkretlikka moyillik jamiyat hayoti va taraqqiyotidagi tipiklikni bosh masala qilib ko‘rsatishga monelik ko‘rsatmaydi, u, aksincha, mahoratni namoyon etadigan bir vositadir” – deb to‘g‘ri munosabat bildirilgan mazkur asarda.
Germaniyalik adabiyotshunoslarning xolis bahosi adabiyotimiz bilan tanish, jahon madaniyati taqdiriga aloqador mutaxassislarning nuqtai nazari hamdir.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 4-son
Shavkat Karimov 1940 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat chet tillari instituti (hozirgi O‘zDJTU) nemis filoligiyasi fakultetini tamomlagan. Respublika va xorijiy nashrlarda yuzdan ortiq maqolalari e’lon qilingan. “Dillardan dillarga”, “Tilshunoslikka kirish”, nemis tiliga ixtisoslashgan akademik litseylar uchun “Nemis tili”, “Nemischa-o‘zbekcha lug‘at”, “O‘zbekcha-nemischa lug‘at”, “Nemis adabiyoti tarixi” kabi o‘ndan ortiq kitob, monografiya, qo‘llanmalari chop etilgan.