U kishim galstuk taqib, kostyum-shimda yurmaydi, lekin domlalarga xos katta ko‘zoynakni burniga qo‘ndirib, zambilday zil portfelni ko‘tarib, o‘ng tomonga xiyol egilib yuradi. Ko‘ylagining old cho‘ntagida taroqchasi bo‘ladi. Suhbatdoshi bilan gaplasha-gaplasha, ahyon-ahyonda o‘sha taroqcha bilan sochini bir tomonga silliq tarab qo‘yadi. Yaqinlarini ko‘ngilga tegmaydigan-u, lekin yuki juda og‘ir laqablar bilan chaqiradi. Bu chorlovdan sergak tortasan, o‘zingni tuzatishga kirishasan. O‘shanday “unvon” olganlardan biri men – Mulla Sevara. Har gal xonasidan yo bir savolga javob topolmay, “Shoirmisan?” va yo yonidagi suhbatdoshiga: “Bu kishim – ustoz, biz – shogird” qabilidagi dakkiyu pisandalarni eshitib, qizarib-bo‘zarib, mulzam bo‘lib chiqaman. Ammo bu safar…
Vaqt peshindan oqqanda, domlaning ish vaqti – soat uch-to‘rtlarga qarab “Ma’rifat” gazetasi tahririyatiga bordim. Eshikni taqillatib kirishim bilan quyuq so‘rashib, g‘aladonlarini titkilay ketdi. Odatdagi “teshikquloq”likka ul-bul bo‘lsa kerak-da, deb taxmin qilib o‘tiribman. Titkilay-titkilay, qappaygan bir papkani oldi. Ustiga “Sevara” deb yozilgan. Talabaligimdan beri chiqarilmagan, “chiqarib bo‘lmaydigan” materiallarim yig‘ilgan jild. Ichidan bir varaqni tanladi-yu, bolalarcha soddalik bilan, xuddi hayitlik berayotgandek suyunib menga tutqazdi. “Qara, esingdami?”. Sakkiz yil avval, birinchi kurs paytimda saralangan guruhga o‘tish uchun yozilgan insho. Nima ekan, debman. “Domla, nega saqlab yuribsiz? Bu axir tutantiriqqayam yaramaydi-ku!”. “Olib ketasanmi?” – qandaydir ilinj bilan so‘radi domla. “Nima qilaman buni? Kerak emas!” dedim behafsalalik bilan. “Senga kerak bo‘lmasa, menga kerak! Ber bu yoqqa!” – domlaning jahli chiqqanini kech tushundim. Yoshiga yarashmaydigan chaqqonlik bilan varaqni papkaga solib, yana qayta g‘aladoniga tashlab qo‘ydi-da, jahlini sezdirmaslikka urinib: “Xo‘sh, nimaga kelding?” dedi. “Domlaning xayoli o‘zida emas, shekilli?” degan fikr lop etib miyamdan o‘tdi-yu, “O‘zingiz chaqirdingiz-ku! Joan Didionning essesi bo‘yicha”, deya ming‘irlagan bo‘ldim. “Ma, o‘qi!” deb stoli ustidagi esseni qo‘limga tutqazdi. “Sevarajon, qimmatli vaqtingni bekorga sovuribsan” degan yozuvga ko‘zim tushdi. Tuyqus alamim keldi. “Mayli, bo‘lmasa bo‘lmapti-da. Men ketdim, domla”, deb, ustozning so‘ziniyam eshitmay chiqib ketdim.
Barcha sezimlar ko‘ngildan chiqadiku-ya, eng og‘iri – og‘riq bo‘lsa kerak. Vujuding selday oqadi, dunyoi dun o‘sha og‘riqqa sig‘may toshayotgandek tuyulaveradi. Dardi dunyong qorong‘i tortib, tongni qayta ko‘rmaydigandek bo‘laverasan. Axir, bu og‘riq faqat o‘zingda emas, boshqa insonda ham kechayotganini sezib turasan-da. Men bugun domlaning ko‘ngliga o‘sha og‘riqni solib qo‘ydim. Necha yildan beri asrab-avaylab kelayotgani shu bir parcha qog‘ozni g‘ijimlab uloqtirganday mehri va sevinchini ko‘z o‘ngida oyog‘im bilan tepkilab tashladim. Yo‘l-yo‘lakay xotiralar lip-lip o‘taverdi.
2008 yil. Bahor. Darsga borsam, ikki-uch kursdoshim birin-ketin: “Sizni Mahmud Sa’diy qidirayapti, borib uchrar ekansiz”, deyishdi. Birinchi marta eshitayotganim bu odamning kim ekanini tushunib-tushunmay: “Qayoqqa boraman?” deb so‘radim hayron bo‘lib. “Ma’rifat” gazetasiga boring. O‘sha yerda ishlaydilar. Bo‘lim muharriri”. U binoni topib borgunimcha ham bir-ikkita yuqori kurs talabalarining: “Siz Sevara Alijonovamisiz? Domla sizni maqtadilar”; “Qaysi domla maqtaydi?”; “Mahmud Sa’diy”, degan so‘zlaridan hayratim yana oshib, iymanibgina notanish eshikni taqillatdim. Ichkaridagi oq aralash sochi bir tomonga silliq taralgan, yelkasi xiyol egik, oltmish yoshlar atrofidagi kishi bugungidek tabassum bilan “Sevaramisan?” dedi…
“…Kelganingda quruq kelmay, u-bu narsa yozib kel”. Mana, necha yildirki, ketar oldi shu gapni eshitaman. Bir kuni: “Eh, domla, domla, shu-uncha yozdim, baribir chiqarmaysiz-ku”, deya o‘pka-gina qilgan bo‘ldim. “Nima yozsang, yoz. Chiqsa-chiqmasa, yoz! Keyin chiqmayapti, deb araz-gina qilma. Ana, 80-yillari bittasi “Shajarai turk” haqida maqola bergandi. Ko‘chirmalari xato bo‘lgani uchun bosilmay yotdi. O‘n besh yilcha vaqt o‘tib kitob chiqdi. Iqtiboslarini tekshirib, keyin e’lon qildim. Senga hali uncha bo‘lmadi, shekilli?!” – domla qitmirligini boshlaydi… Kimning qachon, nima haqda yozganidan o‘sha paytda nima deganigacha esida turadi bu kishimning. Mahmud Sa’diy deganlari shunaqa odam.
…ko‘p o‘qiydi. O‘qimagani yo‘q hisobi. Lekin yilda yo bir, yo ikki qog‘oz qoralaydi, xolos. Men domlaning bu ishini ko‘p o‘qishning kasriga yo‘yardim. Bunday odamning o‘ziga, so‘ziga talabi nihoyat darajada baland bo‘lsa kerak, deb bilardim. Lekin he-ech shu savolni berishga jazm etolmasdim. Nimagadir domlani ayagim kelardi. Ko‘pyillik yarasini tirnab qo‘ymayin, deb qo‘rqardim. Ammo ne bo‘ldi-yu, har turli davralarda Mahmud Sa’diydan so‘z ochildi deguncha, kaltagida obdan savalangan, haq so‘zining achchiq ta’mini hanuz tuyib yurganlardan: “Bir iste’dodni topib olib, undan “daho” yasashga urinadi”;“Qo‘lidan qancha-qancha kitob o‘tdi-yu, o‘zi bir kitob yozmadi. Mahmud Sa’diydan nima qoladi?..” qabilidagi kinoyalarni eshitaverib, fig‘onim chiqdi. Qani endi, iloji bo‘lsa, o‘shalarning yoqasidan tutib: “Hamma sen kabi o‘zini o‘ylayversa, sen kabi “kitobcha”sini chiqaraversa, nima bo‘ladi? Aybingni yashirguvchi, “kitobcha”ngni odambashara qilib kitob holiga keltiruvchi “mardikor”lar ham kerak-da!” deb yuziga aytib-aytib olsang! Zarur o‘rinlarda aytilgani aytildi ham, eshitgani eshitdi ham. Nohaqliklardan zada bo‘lib, bir kuni oxiri so‘radim: “Domla, yozishingizga nima xalal beradi? Yozsangiz, ancha-muncha “yozuvchi”lardan yaxshi yozasiz-ku! Nega yozmaysiz?”. “Bir umr burch yoqamdan tutdi. Avvaliga singlim bir yarim yashar, men to‘rt yoshligimda onadan yetim qoldik. 8 yoshga o‘tganimda otamdan ayrildik. Akalik burchi sabab ofitserlik maktabiga o‘qishga kirmay Samarqanddan qishloqqa qaytib ketdim. O‘shanda ko‘nglimga qarshi bormaganimda, hozir oldingda harbiy Mahmud Sa’dinov o‘tirgan bo‘lardi. So‘ng otalik, grajdanlik burchi…”. “Axir, bularning ijodga nima daxli bor?”. “Bor! Men hayotim mazmunini tahrir san’atidan topdim. “Guliston” jurnalida ishlab yurgan kezlarida ham, hozir ham men uchun nom chiqarish emas, ijtimoiy hayotda voqea bo‘ladigan maqola-material chiqarish muhim edi. Bunday maqolalar e’lon qilish uchun muallif albatta o‘zim bo‘lishim shart emas-ku, to‘g‘rimi? Odam ba’zan yozmay, fikri – tafakkuri, ijtimoiy faoliyati halol, xolis mehnati bilan ham adabiyotga xizmat qilishi mumkin. Qilgan ishlarimdan hech afsuslanmayman. Kim nima desa desin, men o‘z vazifamni, muharrirlik ishini chin ko‘ngildan bajardim. Muharrirlikning o‘zi bir umrga yetgulik kasb”.
Yoshligidan Makarenkoni qo‘ldan qo‘ymay o‘qigan Domlaning qulog‘iga ilk ustozining so‘zlari qo‘rg‘oshinday quyilib qolgan ekanmi, deyman: “Burch – odamlarga yaxshilik sog‘inish. Oldin ularning yaxshi tomonlarini ko‘r, nuqsonlari sekin chiqib kelaveradi”. So‘zi keskir bo‘lsa ham, hech bu kishining birovga yomonlik tilaganini eslolmadim.
…talabalikning uchinchi kursida domla “Tahrir san’ati” fanidan darsga kira boshladi. Bu kishimga bitta tinglovchi ham kifoya edi. Shu sababmi, auditoriyaning “diplomsevar” qismi uyqusirab o‘tirardi. Domla tahrir san’atidan gapira-gapira, mutolaa san’ati, hayot san’ati kabi boshqa san’atlarga o‘tib ketardi-da. Mahmud Sa’diy auditoriyada boshqa odam, tahririyatda butkul boshqa odamga aylanardi. Domlaning ko‘p shogirdlari aynan tahririyatda savod chiqargan. Uni hamon yo‘qlaguvchilar ko‘p. Bu insonni uchratib, Vatanga, oilaga, ustozga sadoqat tushunchalari bilan birga, shogirdga sadoqat tuyg‘usini ham angladim. Domla shogirdlariga juda sadoqatli. Ammo, afsuski, ko‘plari mendayin bu sadoqatning qadriga yetavermaydi… Domlaning shu qadar fidoyiligi, jonkuyarligidan ba’zan jahlim ham chiqib ketadi. “Domla, sizga nima zaril? O‘zizni ham o‘ylasangiz-chi!” deganimga beparvo: “Hey, mayli”, deb qo‘l siltab qo‘yadi. “Bu odam boshqacha yasholmaydi!” deb xayolimdan o‘tkazaman qarab turib.
…bu kishimga Yaratgan didni balandroq qilib bergan. Shu sababmi, uncha-muncha maqtalgan asarlar ham yoqavermaydi, uncha-muncha odam ham… “Domla, sizga o‘zi inson zoti yoqadimi?” deyman, hali uni o‘poq, hali buni so‘poq deyishlaridan xunob bo‘lib. “Yoqadi, yoqadi, odam bo‘lsa yoqadi-da! Mana, Maqsud Shayxzoda, Asqad Muxtor, Matyoqub Qo‘shjonov…” deb sanay ketadi. Oxirida savolimdan og‘rinibmi, iymanibmi, “Ularning adabiyotni tanlaganlarining o‘zi – adabiyotga xizmat. Shunisi uchun ham hurmat qilsang, arziydi”, deya qo‘shib qo‘yadi. Domlaning har kimni ham tan olavermasligidan hayron bo‘laman-da, sababini mutolaadan keyi-in tushunib yetaman. Ko‘pincha domlaning haq ekaniga, xolis ekaniga amin bo‘laman.
… Mahmud Sa’diy tarjimasidagi Jan Koktoning “Inson ovozi” monodramasini eslayman. Aslida, o‘sha yolg‘izlik iskanjasida yashayotgan qahramon, qaysidir jihatlari bilan Mahmud Sa’diyga o‘xshab ketadi. U bejiz bu asarni tanlamadi tarjima uchun. Unda o‘ziniyam ko‘rdi, unda o‘zini topdi, unda yashadi…
…bir umr rost gapirib keladi. Yolg‘onni tan olmadi, yolg‘on gapirolmadi. Qorani oq deyolmadi. Shuning uchun mashaqqatli kunlari ham ko‘p bo‘ldi. Hammasi tilidan, fe’lidan. Ammo adabiyotni deb ekskavatorini tashlab kelgan bu kishimning vijdoni oldida hamisha yuzi yorug‘ bo‘ldi.
…“Sen menga o‘xshama! Menga o‘xshab o‘z ishingni orqaga tashlama!” Bu tilakning ortida og‘riq, iztirob va umid qorishib ketgan. U bir ota kabi shogirdlarining orzulariga qanot bag‘ishlaydigan, o‘z xatolarining ularda takrorlanmasligini istaydigan, yosh ko‘ngillarni har xil ko‘rguliklardan asrashga urinadigan USTOZ!..
Eslayapman-u, ko‘zimdan tirqirab yosh chiqib ketayapti. Yaxshilik jazosiz qolmaydi, deb goh piching qilasiz. Mana, domlajon, menga qilgan yaxshiliklaringizning jazosini tortavering. Siz istagan “daho” bo‘lolmadim, ishonchingizni oqlolmadim, umidingizni yana necha shogirdlaringiz qatori so‘ndirdim-qo‘ydim.
Domla o‘sha kungi so‘zlarimdan yaxshigina ranjigan ekan. Anchagacha qo‘ng‘iroq qilmadi, yo‘qlamadi. Boshqa shogirdlari “Domla sizni so‘radilar”, deb aytib turishdi. Men o‘zimni kechirolmay yurgan bir pallada, Mahmud Sa’diydek inson yosh bir qizning taqdiri, qalami borasida tinimsiz boxabar bo‘lib turishi battar vijdon azobiga solmaydimi!
Domla, mehringiz, jonkuyarligingiz va rostgo‘yligingiz qarshisida ta’zimdaman! Sizdan kitob qolmasa, maktab qoladi!
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 7-son