Bo‘lishi mumkin emas!
Erkak adib ayol qalbining nozik kechinmalarini bunchalik his qila olishi, uning tabiatini bu qadar yaxshi bilishi aqlga sig‘maydi! XIX asr birinchi yarmida frantsuz kitobxonlarini bu hol qanchalik lol qoldirgan bo‘lsa, XX asr oxirlarida biz, Jorj Sandning “Konsuelo” asarini talashib-tortishib o‘qigan tolibalar ham ulardan kam hayratga tushmaganmiz. Aslida, ushbu taxallus ostida ijod qilgan adiba har bir qahramonida o‘z qismati, o‘z qalbini ifoda etgan ekan. Ammo ancha vaqtgacha badbaxt Konsuelo iztiroblari ta’siridan chiqolmay yurgan, hali o‘zlarini-da ayollikning qanday kechmishlari kutayotganidan bexabar biz g‘o‘r qizlar buni bilmasdik…
Jahon adabiyoti tarixida Jorj Sand nomi bilan tanilgan Amandina Avrora Lyusil 1804 yil 1 iyulda Parijda, kelib chiqishi qirollar avlodiga mansub Moris Dyupen xonadonida tavallud topadi. Oddiy parranda sotuvchining qizi, yosh raqqosa Sofiya-Viktoriya Delabord husnu malohati bilan janob Dyupenni maftun etgandi. Morisning onasi anchagacha “zoti past” kelinini tan olishni istamaydi, hatto oilada qizaloqning dunyoga kelishi ham qaynona-kelin munosabatlariga iliqlik kiritolmaydi. Adabiyot va musiqaga salohiyati borligiga qaramay, Dyupen harbiy sohani tanlab, frantsuz inqilobchilari armiyasi safiga qo‘shiladi. 1808 yilda harbiy yurishlardan Noanga, ota uyiga qaytgan Moris Dyupen tungi sayr chog‘ida otdan yiqilib, hayotdan ko‘z yumadi. Mash’um voqeadan keyin buvisi Avrorani o‘z qaramog‘iga olishni ixtiyor etadi – Dyupen xonim qizaloq tarbiyasini “omi” keliniga ishonib topshirolmasdi, axir! Avroraning ulkan merosdan mahrum bo‘lishidan cho‘chigan ona uzoq ikkilanishlardan so‘ng uni Noanda qoldirib, o‘zi Parijga ketadi. “Onam bilan buvim meni talashganlarida bag‘rim tilka-pora bo‘lardi”, – yozgandi keyinchalik adiba o‘z xotiralarida. Qattiqqo‘l, biroq ma’rifatparvar Dyupen xonim nabirasi ko‘nglida adabiyotga mehr uyg‘otadi, ayniqsa, o‘zining sevimli yozuvchisi Jan-Jak Russo g‘oyalarini Avroraga ham singdirishga intiladi. Xat-savodini chiqarish barobarida qizga pianino chalish va qo‘shiq ijrochiligi mahoratidan saboq beradi.
Ulg‘ayib qolgan qiz qaynona-kelinni yarashtirishga ko‘p bora urinadi, onasiga talpinadi, u bilan yashash istagini bildiradi. Afsuski, bu vaqtda yana turmush qurgan, boshqa farzandlarining tarbiyasi bilan ovora bo‘lib qolgan Sofiya-Viktoriya qizi bilan muloqotga rag‘bat ko‘rsatmaydi, o‘zini undan tortadi. Nabirasining “nonko‘rligi”dan ranjigan Dyupen xonim esa Avrorani ayollar monastiriga jo‘natishga qaror qiladi.
O‘limi oldidan buvi nabirasini uyiga qaytarib, oilaviy mol-mulkni, yiqqan-terganining barchasini unga vasiyat qiladi, xususiy yer boshqaruvini ham 17 yashar qizga qo‘shqo‘llab topshiradi. Shunday qilib, kattagina merosu xonadon tashvishlari yoshiga nisbatan ancha aqlli Avroraning zimmasiga tushadi.
Qiz falsafiy adabiyotlarga juda qiziqar, Shatobrian, Bossyue, Monteskyo, Arastu, Paskal asarlarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qirdi. Qadrdon bo‘lib qolgan Russo asarlari ta’sirida uning nafaqat adabiy, balki hayotiy qarashlari ham shakllanadi. 1822 yili Avrora o‘ziga o‘xshash zodagon oilaning yagona merosxo‘ri bo‘lgan Kazimir Dyudevan bilan tanishadi. Yigit uning boyligiga uchmayotganiga ishonch hosil qilgach, unga turmushga chiqishga rozi bo‘ladi. Yosh oila Noanda zodagonlarga xos hayot kechira boshlaydi. 1823 yilda ularning to‘ng‘ich farzandi Moris, 1828 yili qizaloqlari Solanj dunyoga keladi.
Er, bolalar, ro‘zg‘or – an’anaviy turmush, odatiy hayot… Dyudevan na kitob, na musiqaga qiziqar, vaqtini o‘ziga o‘xshagan bekorchi boyvachchalar davrasida, “mahalliy miqyosdagi siyosiy jarayonlar” haqidagi safsatalar bilan o‘tkazardi. Jufti halolidan kitoblardagidek, muhabbatga limmo-lim munosabatni kutgan juvon bunday turmushdan qattiq aziyat chekadi. Risoladagidek oila boshlig‘i, namunali ota hisoblanmish janob Dyudevan esa rafiqasi nimadan noroziligini sira tushunmaydi, ijodga moyil, biroz xayolchan ayolining ichki olamini idrok etolmaydi.
“Vaqti kelib, inson sevgiga, bor vujudni qamrab oluvchi muhabbatga ehtiyoj sezadi. Butun olam yolg‘iz sevgilisida jam bo‘lishini istab qoladi. O‘zini faqat va faqat yoriga bag‘ishlash ishtiyoqi uni chulg‘ab oladi. Ammo sen bularning hech birini his qilolmading. Tuyg‘ularimning, muhabbat haqida bilganlarimning keragi yo‘q edi senga…”
1830 yili Avrora erini tashlab, Parijga ko‘chib ketadi. U yerda o‘zi istagandek hayot kechira boshlaydi, ayni vaqtda ijod ummoniga sho‘ng‘iydi. Ilk mashqlaridan biri – “Eme” romanini mutaxassislar hukmiga havola etadi. Ular muallifni ushbu “xomgina” asarni chop ettirish fikridan qaytarishadi, ammo umidli qalamkash matbuot nashrlarining nazariga tushadi.
Avrora chinakam ijodini tajribali yozuvchi Jyul Sando bilan hamkorlikda boshlaydi. Jyulya Sand taxallusi ostida nashr etilgan “Komissioner” (1830) va, ayniqsa, undan keyingi hamkorlik mahsuli bo‘lgan “Roz va Blansh” (yoxud “Aktrisa va rohiba”) romanlari katta shuhrat qozonadi. Mazkur romanga adiba monastirda o‘tgan kunlari, onasidan eshitgan xotiralarni asos qilib olgan edi. Kitob qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. Nashriyotlardan muallif(lar)-ga yangi asarlar borasida takliflar tusha boshlaydi. Avroraning ilhomi qaynagan bir paytda, Sandoga bu ijodiy hamkorlik malol kelib qoladi, bundan keyingi kitoblarni o‘z nomidan chiqarishdan bosh tortadi. Noshirlarning esa talabi qat’iy: yangi asar tanilib ulgurgan muallifning nomidan ketishi shart; faqat shu yo‘l bilan asarning ommalashuvini ta’minlash mumkin, deb hisoblardi ular. Axiyri ikki ijodkor murosaga keladi – unga ko‘ra endilikda adiba o‘z asarlarini Jorj Sand taxallusi ostida chop etadigan bo‘ladi…
Avrora yoshligidan otda sayr qilishni yoqtirar, ovchilik bilan shug‘ullanardi. Bu paytlarda uning uchun eng qulay, eng ma’qul kiyim yigitlar libosi edi. Tarki odat – amri mahol. Eng nozikta’b xonimlar makoni – farang poytaxtiga kelib ham uning didi o‘zgarmaydi. Adiba egniga erkaklar kiyimini ilib, o‘zini hurmat qilgan ayollar qadamini ham bosmaydigan ko‘chalarda sayr qiladi, turfa odamlarni kuzatadi. Bunday yurishlarga ishtiyoqmand qalamkash uchun erkak muallif taxallusi ostida ijod qilish ayni muddao edi…
Zamondoshlarining ta’riflashicha, Jorj Sand bo‘yi pastakkina, suyagi yo‘g‘on, ko‘zlari kirtaygan, xullas, ayollik malohatidan yiroq, ko‘rinishidan erkakshoda bir juvon bo‘lgan. (Otasidan erta yetim qolgani yetmagandek, ona mehridan ham mosuvo bo‘lib voyaga yetgan ayolga bunday ayb qo‘yish qanchalik to‘g‘riykin?..) Tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lmasin, Sand ayol qalbi torlaridan taraluvchi har bir nozik ohangni ilg‘ay olgan. Ilg‘abgina qolmay, uni kitobxonlarga yetkazib berishning ham uddasidan chiqqan, buni adibaning har bir asarida kuzatish mumkin. Mashhur romanlaridan biri “Indiana”da Jorj Sand nafsiga tobe, manman erkak bilan bir umr pokiza sevgiga mushtoq yashagan ayolning ko‘ngil kechinmalari o‘rtasidagi ziddiyatni qalamga oladi. Keyinroq kitobxonlar hukmiga havola etilgan “Leliya” asari ham ko‘plab munozaralarga sabab bo‘ladi. Asar bosh qahramoni (uning prototipi – muallifning o‘zi) baxt izlab, atrofdagilarga mehr-muhabbat ulashib yuradi. Aksariyat kitobxonlar “suyuq” qahramonining ishqiy sarguzashtlari tufayli Sandni e’tirozlarga ko‘mib tashlaydilar. Muallif keyinchalik romanga o‘zgartirishlar kiritib, uni “epaqaga keltirishga” majbur bo‘ladi.
O‘sha davrlarda kimdir Jorj Sand asarlarida ahloqsiz hayotni targ‘ib qiluvchi sahnalarning ko‘pligidan shikoyat qilsa-da, biroq ularda ayol qalbining unsiz faryodini eshitadiganlar ham topiladi. Jumladan, adabiyotshunos Sent-Byovni shunday munaqqidlar qatoriga qo‘shish mumkin:
“Ermakka biror kitob o‘qimoqchi bo‘lgan keng omma bu asarlarni rad etishi tayin. Ammo ularda inson qalbining tub-tubida yashiringan va o‘ta nafis chizgilarda ifodalangan tuyg‘ularni ilg‘ay olgan ziyrak o‘quvchi muallifga yuqori baho berishi shubhasiz… O‘ttiz yoshni ham qoralamagan, ko‘rinishidan hali go‘dak bu adibaning bunchalik nozik qalb kechinmalarini qachon o‘rganib ulgurgani, inson tabiatini qanday qilib shu qadar mufassal tahlil qila olgani, boshqalarning sochini oqartirgan bu bilimlarni nechog‘lik mahorat bilan, zo‘riqmay aks ettira olganidan hayratga tushasan kishi…”
Adibaning zamondoshlaridan biri faylasuf Per Leru jinslar tengligi g‘oyasini targ‘ib qilib, ayollarning erki uchun kurashib taniladi. Undan, o‘zi aytmoqchi, “xotirjamlik, kuch, umid va ishonch” olgan Jorj Sand o‘n besh yil davomida Leruni qo‘llab, imkon qadar ta’minlab ham turadi. Uning g‘oyaviy qarashlaridan ilhomlanib “Spiridion”, “Liraning yetti tori” asarlarini yozadi. XIX asr o‘rtalarida dunyo yuzini ko‘rgan “Oras”, “Konsuelo” va “Grafinya Rudolshtadt” asarlarining asosiy qahramonlari ham, tabiiyki, ayollar edi.
Jorj Sand mamlakatning siyosiy jarayonlaridan ham chetda qolmaydi, inqilobchi-proletar shoirlar (Savinen Lapuent, Sharl Mag, Sharl Ponsi kabilar) ijodini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. “Darbadar shogird”, “Anjibolik tegirmonchi” asarlarida mehnatkash halq va baxil aslzodalar o‘rtasidagi kurashni aks ettiradi. 1848 yil may oyida avom xalq qo‘zg‘olon ko‘tarib, Milliy kengash binosini zabt etishga urinadi. Frantsuz matbuoti bu ishlarda Jorj Sandning ham qo‘li borligi haqida bong uradi. Yozuvchining hibsga olingani yo endi olinishi haqida gap-so‘zlar tarqaladi.
1851 yilda amalga oshgan dekabr qo‘zg‘olonidan keyin Jorj Sand shaxsan imperator Lui-Napoleon huzurida bo‘lib, siyosiy raqiblarga nisbatan tazyiqqa chek qo‘yish to‘g‘risida bayonnoma taqdim etadi. Hukumat rahbarlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida bir qator respublikachilarga berilgan jazoni yumshatishga muvaffaq bo‘linadi.
Xullas, adabiyot olamida ham, siyosiy maydonda ham Jorj Sandning mavqei, obro‘yi ko‘tarila bordi. Shaxsiy hayotda esa… Husni havas qilgulik bo‘lmasa-da, Avrora bilan yaqindan tanishganlar, ayniqsa ijod ahli, uning boy, go‘zal ichki olamiga, aql-farosatiga maftun bo‘lardi. Jamoatchilik orasida esa bot-bot ayolning goho biror yozuvchi, yo haykaltarosh, yoki musavvir, gohida musiqachi bilan yaqinligi haqida mish-mishlar bolalab turardi. Biroq, negadir, bu munosabatlar uzoqqa cho‘zilmas, adiba o‘zi istagan, o‘zi kutganchalik ulkan, haqiqiy baxtini hech kimdan topolmasdi. Shu o‘rinda bir istisno tarixi…
Buyuk bastakor Frederik Shopen Jorj Sandni ilk marotaba uchratganida uni umuman nazariga ilmaydi. Ammo oradan vaqt o‘tib, ehtiroslarga chanqoq, ta’sirchan san’atkor tabiatan o‘zining aksi bo‘lgan vazmin adibaga oshiqu beqaror bo‘lib qoladi. Ular rasman bo‘lmasa-da, bir oila bo‘lib yashay boshlaydilar. Har qaysisi o‘zicha bir olam, biroq, nihoyat, ikki yorti bir butunini topgandek, nazm bilan navo uyg‘un kelgandek…
Ijod ahli o‘zi injiq bo‘ladi, dard kelganda esa, inchunun. Og‘ir xastalikka chalingan Shopenni ayoli avvaliga mehr bilan parvarishlaydi, imkon qadar ko‘nglini ko‘tarishga urinadi. Lekin bemorning ahvoliga qo‘shilib, fe’li ham kun sayin og‘irlashib boradi. Oxiri Jorj Sand bu sinovga dosh berolmay qoladi, bastakorning yalinib-yolvorishlariga qaramay, o‘n yillik munosabatlarga nuqta qo‘yadi. Garchi adiba buni ochiq-oydin tan olmagan bo‘lsa ham, Jorj Sand va Frederik Shopen munosabatlari uning “Lukretsiya Floriani” romanida qisman o‘z aksini topgan. Unda yorini o‘ta xudbin, ojizu notavon qilib tasvirlagan ayol o‘zini oqlashga urinadi go‘yo… Qarang-ki, oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, dard chekinadi, bastakor oyoqqa turib ketadi. Sobiq juftlik bir davrada to‘qnash kelib qoladi. Mehr tuyg‘ulari yana junbushga kelgan Sand munosabatlarni tiklamoqchi bo‘ladi, biroq Shopen lom-mim demay, eshikni qarsillatgancha davrani tark etadi…
Jorj Sand umrining so‘nggi yillarini oilaviy mulki – Noanda, ko‘plab xayriya ishlarini amalga oshirib, mahalliy aholi hurmatini qozongan holda va, shak-shubhasiz, kitobxonlar ardog‘ida o‘tkazadi. Adiba 1876 yil 8 iyunda ota uyida hayotdan ko‘z yumadi.
O‘ttizdan ortiq roman muallifi Jorj Sand vafotidan xabar topgan Viktor Gyugo shunday yozgan edi: “Marhuma bilan vidolashar ekanman, uning timsolida boqiy ijodkorni olqishlab qolaman!”
Yulduz Hoshimova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son