1906 yil 13 aprelda Irlandiyada tug‘ilgan. Shoir, adib, dramaturg. J.Joys bilan Frantsiyaga kelib bir umr qolib ketgan. Absurd teatri nazariyotchisi va asoschilaridan. Adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun 1969 yili Nobel mukofoti berilgan. XX asr ingliz-frantsuz adabiyotining yirik vakili. 1989 yil 22 dekabrda vafot etgan.
Hayot xilma-xil bo‘lgani kabi, adabiyotdagi uslublar, an’analar va insonga munosabat ham xilma-xildir. Ayniqsa, XX asrga kelib adabiyot yana ham rangbaranglashdi. Insonning murakkab ruhiyatiga mos ravishda badiiy tafakkurning ifoda usullari-da murakkablashdi. Bu esa adabiyotni ma’lum ma’noda keng o‘quvchilar ommasidan ajratib qo‘ydi. Lekin badiiy tafakkurdagi izlanishlar to‘xtagani yo‘q. O‘zlarini xoh simvolist, xoh syurrealist, xoh dadaist, xoh ultraist deb atamasin, baribir, bu adabiy oqimlar yaratgan asarlar inson va uning qalbi haqidadir. XX asr jahon adabiyotidagi barcha yangi oqimlar, uslubiy izlanishlar, eng avvalo, frantsuz adabiyotida yuz berdiki, bu adabiyot tom ma’nodagi yangi badiiy tafakkurning markazi bo‘lib qoldi.
XX asr badiiy tafakkurida keskin burilish yasagan, yangi oqim sifatida butun dunyoda shov-shuv ko‘targan Bekket mansub «absurd teatri» buyuk yangilik edi. Bekket tomoshabinning hislariga emas, zakovatiga murojaat etadi va ana o‘sha yerda sahna – tasavvur sahnasini yaratadi. Tasavvur qilishga zakovati yetmaganlar uchun Bekket asarlari shunchaki cho‘pchak bo‘lib tuyuladi.
U XX asr ifoda uslubiga yangi yo‘nalish olib kirdi. Bekket asarlari 50-yillar boshida butun dunyoga tarqalgan, muhokama qilingan esa-da, sobiq Ittifoq mafkurasi 80-yillargacha uni zararli yozuvchilar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘ydi. Keyin esa Bekket asarlarini chiriyotgan kapitalistik hayotning in’ikosi sifatida baholashdi. Aslini olganda, Bekket asarlarini XX asr ma’naviyatining timsoli sifatida qabul qilish haqiqatga yaqinroqdir. 50-yillardayoq u ko‘targan muammolarga insoniyat 80-yillarda duch keldi. Bu yozuvchining inson psixologiyasini chuqur bilishini hamda insoniyat Bekket ko‘targan muammolardan qochib qutulolmasligini ko‘rsatdi.
«Godoni kutishyapti» asari Bekket nomini butun dunyoga mashhur qilib yubordi. Asarda hech qanday voqea yo‘q, ikki kishi katta yo‘l yoqasida, qurigan daraxt ostida o‘tirishadi, so‘ng ularga yana ikki kishi qo‘shiladi. Godoning kimligi ham noma’lum. Uning kimligini yoki nimaligini hech kim bilmaydi. Biroq hammasi: «Hozir Godo keladi», – deb kutib turishaveradi. Godo sahna oxirigacha noma’lum bo‘lib qoladi, u kelmaydi. Bekket bu asarida G‘arb kishisining ruhiy dunyosini ochadi, ya’ni odamning hayoti noma’lum va hech qachon tashrif buyurmaydigan Godoni kutish kabi bema’nidir. Odam hayotdan nima kutayotganini o‘zi bilmaydi. Hayotlari ham o‘zlari kabi, Godo kabi bema’ni kutish, yolg‘on umid bilan o‘tib ketadi, hayotning absurdligi ana shu yerda deydi adib. Godo asarda umrning timsoli, inson hayotining, to‘g‘rirog‘i, inson mahkumligining timsoli. Boshqa tomondan, bu G‘arb kishisining bo‘shab qolgan ko‘ngil oynasi. G‘arb aqli ilohiy itoatni inkor qildi. Inkor qilingan iloh va ishonch o‘rnini sarob egalladi. Sarob bu – Godo. Sarobga qanchalik yaqinlashsangiz, shunchalik qochadi. Inson mohiyati o‘tgan asrning boshlaridan beri insoniyatdan ana shunday qochib yuribdi. G‘arb aqli «Godo», ya’ni «ma’no» deb bilgani sarob bo‘lib, endi faqat uni kutish va abadiy sarsonlikka mahkum etilgan. Bu asar ana shu mahkumlikning kichik bir ko‘rinishi. Asarda Bekket Vladimir va Estragon obrazlari orqali mohiyatan hech qanday ma’noga ega bo‘lmagan, lekin inson o‘zi uchun yasab olgan psixologik qoliplarni, ya’ni ezuvchi va eziluvchini, qullik va sohiblikni, soddaroq aytganda, qul va xo‘jayinni timsollashtirgan. Qahramonlar shu darajadaki, ular mohiyat, ya’ni asl kimliklari haqida hatto o‘ylagisi ham kelmaydi. Asarda hech narsa sodir bo‘lmaydi. Voqea yo‘q. Syujet yo‘q. Godoni kutib-kutib, yana ertaga kutish uchun tarqalishadi. Bu abadiy mahkumlik («Godo» so‘zi ingliz tilidagi «xudo» so‘ziga ma’nodosh va shakldosh). Bekket bu yerda XX asrning mustabid tuzumi insonning jismi tugul, uning xayoli, fikri, aqli, kechinmalariga ham kishan solgan, uni ham mafkurasiga qul qilib olgan, inkor etgan Xudoning o‘rniga mustabidning o‘zi chiqib o‘tiribdi demoqchi bo‘lgandir? Bu asar timsolini hali-hanuz sharhlashyapti, hali-hanuz bir to‘xtamga kelingani yo‘q, hali-hanuz Godoni kutishganday bu asardan ma’no izlashyapti, insoniyat haligacha Godoning kimligini aniqlagani va xulosa chiqargani yo‘q.
«Qadam tovushlari» pesasida Mey kasal onasiga qarab turadi. Biz sahnada uning onasini ko‘rmaymiz, faqat tovushini eshitamiz. Ona va qiz o‘rtasidagi javob asosan kasallik haqida bo‘ladi. Biroq pesa davomida gap jismoniy kasallik haqidamas, ma’naviy majruhlik haqida ketayotgani ayon bo‘ladi, to‘g‘rirog‘i, kasal ona – majruh ma’naviyatning timsoli. Ona va qiz o‘rtasidagi suhbatdan shu narsa ayon bo‘ladiki, ular bir-birini mutlaqo bilishmaydi, ya’ni mutlaqo bir-biriga begona. Xuddi sahna kabi ularning ongi, oqibatlari ham, ona-bolaliklari ham, qondosh ekanliklari ham zulmatga g‘arq bo‘lgan. Pesa oxirida shu narsa oydinlashadiki, pesa boshida ona va qizdek ko‘ringan qahramonlar bir-biriga mutlaqo yot kishilar bo‘lib chiqadi, demak, ular hech qachon ona-bola bo‘lishmagan, demak, Mey hali tug‘ilmagan, hali dunyoga kelmagan, ya’ni ularning hayotida insonga xos hech qanday ma’noning, izning o‘zi yo‘q: ular izsiz g‘oyib bo‘lish, qarshisidagi zulmatga singib ketish arafasida. Bu odamlarning hayoti shunchalik mazmunsizki, bunday umrdan qadam tovushlari mazmunliroq, chunki qadam tovushlari, har qalay, harakat qiladi va tovush beradi. Inson umri esa ana shu qadam tovushidan ham qadrsizroq va ahamiyatsizroqdir. Insonni ma’nan qashshoq qilib qo‘ygan jamiyatda inson umri ana shunday bo‘lishga mahkum. Chunki inson faqat ma’naviyat va ishonch bilan birga hayvondan farq qiladi. Ana shu xususiyat bo‘lmasa, insonning hayoti hayvonnikidan battarroq.
Nomini butun dunyoga mashhur qilgan «Merfi», «Molloy», «Malonning o‘limi», «Ismsiz» kabi romanlari, «Teatr I», «Teatr II», «Falokat», «Elefteriya», «O‘yin», «O‘yinning oxiri» pesalarida (jami 11 ta roman, 20 ta dramatik asarlarida) Bekket insonning mavhumlik bilan yuzma-yuz turgan holatdagi ichki dunyosini ko‘rsatdi. Xuddi Kafka asarlari kabi bu pesalarda ham inson umrini beadad sarobga, mavhumotga, o‘zligi, o‘z qiyofasidan, insoniy xislatlaridan yotlashtirishga xizmat etuvchi, uni mute va qul qiluvchi jamiyat bilan qarama-qarshi turgan inson fojiasi qalamga olinadi. XX asr G‘arb kishisi ma’naviy qadriyatlar xarobasi ustida o‘tiribdi, unda o‘z hurligiga intilishdan ko‘ra qullikka, mutelikka moyillik kuchli. U o‘tmishdan ayro qilingan, kelajakka ishonmaydi. Bekket bu holni shunday ifodalaydi: kelajak zulmat ichida, o‘tmish esa olisda. Shu sababli uning asarlarida zulmat, olislik, yotlashuv ramzlari qayta-qayta bo‘y ko‘rsatadi.
Bekket iloji boricha asarlarni qisqa va lo‘nda yozishga urinardi. Bu borada ham yana barcha yozuvchilarni ortda qoldirdi. Uning «So‘nggi nafas» nomli pesasi bor-yo‘g‘i 30 soniya (sekund)ga mo‘ljallangan. Unda bir necha marta chaqaloq yig‘isi, yig‘idan so‘ng shuncha marta chuqur nafas olish va xo‘rsiniq eshitiladi, bu ikki marta takrorlanadi, xolos, shu bilan pesa tugaydi. Pesa uchta jumladan iborat. Ammo shu uchta jumlani 1969 yildan beri teatrshunoslar va adabiyotshunoslar turlicha sharhlab kelishadi. Bu sahna insonning hayotga kelishi va hayotning so‘nggi daqiqalaridagi umr xulosasini timsollashtirayotganday bo‘ladi. Ba’zi teatrlar chaqaloq yig‘isi o‘rniga inson faryodini qo‘yishadi va turli xil talqinlar qilishadi. Shu paytgacha asarga yozilgan sharhlarning hajmi asar hajmidan ming barobar oshib ketdi.
Bu asarlar insonning faqat fojialari haqida emas. Bu asarlar o‘zini o‘rganayotgan, fojiadan qutulish yo‘lini, xalos bo‘lish yo‘lini izlayotgan, kishanlarni va tafakkurga soya solgan zulmatni parchalayotgan aql-idrok haqidadir. O‘zini o‘rganayotgan, fojiasini taniyotgan mavhumlik yoki mazmunsizlik, aslida, insoniy qiyofasini tiklayotgan, o‘zini, «men»ini izlayotgan, «men»ini tahlil qilayotgan, uyg‘ona boshlagan idrokdir. Bekket asarlari – aql-idrok va tafakkurni hushyorlikka chaqiruvchi bir chorlov. Nima bo‘lganda ham, Bekket XX asr kishisiga o‘z asarlari bilan ko‘zgu qo‘yib ketdi. Bu ko‘zguga bot-bot qarab qo‘yish hech kimga ziyon qilmaydi. Qarab qo‘yganingizdan so‘ng o‘zingiz haqingizda xulosa chiqarib olasiz…
1969 yili Bekket adabiyotdagi xizmatlari uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Bu xabar unga Tunisda, G‘arb tamaddunining shovqinidan qochib sayohatda yurgan payti, yetkazildi. U xabarni o‘zining hayot tarzini buzadigan, adabiy olamiga aloqasi yo‘q bir voqea sifatida qabul qildi, xolos. Mukofot taqdimotiga ham kelmadi, an’anaviy nutq ham so‘zlamadi, mukofotning barcha mablag‘ini yetimlar va nogironlarga ulashish haqida ko‘rsatma berdi. Uni zohiriy mukofotlar zarracha qiziqtirmasdi, xuddi Sharqdagi so‘fiylar kabi yolg‘izlik va uzlatni yaxshi ko‘rardi. Hayoti davomida bor-yo‘g‘i ikki-uch marta jurnalistlarga intervyu bergan. Qolgan paytlari o‘zini barcha narsadan, shon-shuhrat, e’tirof, kibr, shovqin-surondan chetga tortib, kamsuqumgina yashadi. 1989 yil 22 dekabr kuni vafot etganda Frantsiyaning «Lir» jurnali shunday yozgandi: «Yozuvchi, dramaturg, ehtimol, yer yuzining so‘nggi avliyo odami bizni tashlab ketdi».
Bekket yosh, yigitlik paytlari g‘irt bekorchilikdan ko‘chalarda sang‘ib, kun uzog‘i xayol surib, kunini behuda o‘tkazib yurardi. Ijod qilish va ishlash uchun barcha sharoitni yaratib bergan yaqinlari uning bu xil yalqovligidan xavotirga tushib: «Senga o‘zi nima kerak, nima xohlaysan?» – deb so‘rashganda Bekket shunday deb javob bergandi: «Dante haqida o‘ylab, Dante bilan birga o‘lishni istayman. Boshqa hech narsani istamayman». U o‘z va’dasida turdi. Vafot etganda ham uning to‘shagidan Dantening «Ilohiy komediya»sini topishdi. Bekket so‘nggi nafasigacha insonni xalos qiladigan yo‘lni izladi. U Dante kitobini o‘qigancha jimgina jon bergandi. Ehtimol, bu xaloskorlikni insonni va ilohiyatni ulug‘lagan «Ilohiy komediya»dan izlab topgan, shunga ishora qilgandir?
Nazar Eshonqul