Turkiylar tamadduni, ya’ni turkiy tsivilizatsiya kishilik jamiyati taraqqiyotiga, dunyo ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan jahonshumul tsivilizatsiyadir. Sharqda Buyuk Xitoy devoridan boshlab, g‘arbda to O‘rtayer dengizi-yu, Qora dengiz sohillarigacha, shimolda Baykal – Boyko‘l qirg‘oqlaridan janubda Hind okeani bo‘ylarigacha bo‘lgan g‘oyatda keng hududda turkiy tsivilizatsiya tengsiz o‘zligini, benazir salohiyatini namoyon etganligi barchaga ma’lum. Ushbu tsivilizatsiya silsilasida esa temuriylar sulolasining hamda mazkur sulola davomi bo‘lmish boburiylar saltanatining alohida o‘rni muzayyan ekanligi shubhasiz.
XVI asrda buyuk ajdodimiz, shohu shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan asos solingan buyuk saltanat Sharq xalqlari tarixida mangu iz qoldirdi. Agrada qad ko‘targan ma’lumu mashhur Toj-Mahal maqbarasi turkiy tsivilizatsiya go‘zalligining oliy timsoli, betakror me’morchilik durdonasi sifatida butun jahon xalqlari tomonidan boburiylar sha’niga olqishu ofarinlar aytilishiga sabab bo‘lib kelmoqda. Boburiylar sulolasiga tegishli yana bir durdona mavjudki, uning ovozasi nafaqat Osiyoda, balki Yevropada ham dovruqlidir. So‘z Boburning beshinchi avlodi bo‘lmish mashhur Avrangzeb Olamgir I ning qizi, otashnafas shoira Zebunnisobegim haqida borayotir. Ijodi asrlar osha millionlab muxlislarni maftunu mahliyo qilib kelayotgan tengsiz ijodkor Zebunniso hayoti va faoliyati Hindiston, Pokiston, Eron, Afg‘oniston, Tojikiston va albatta O‘zbekiston xalqlari uchun nihoyatda qadrli, alohida ahamiyatlidir.
“Ayollar Zebosi” ma’nosidagi ismga sazovor etilgan Zebunnisoning hayoti va ijodi o‘ziga xos sinoatlaru tilsimlarga boyligi bois nafaqat tadqiqotchi olimlarning, balki ko‘plab yozuvchilarning diqqat-e’tiborini jalb etib, turli asarlar yaratishga ilhom berganligi bejiz emas. Jumladan, “bengal adabiyotining Valter Skotti” deya sharaflangan taniqli adib Bonkimchondor Chottopadxay (1838–1894) o‘zining “Raj Singx” nomli tarixiy romanida Zebunnisobegim hayoti lavhalarini aks ettirgan. Shuningdek, farang adibasi Enni Kriger-Krinitski tomonidan yaratilgan “Tutqunlikdagi malika yoki Zebunniso Avrangzeb qizi” romani ham 1990 yili Parijda chop etilgach, 2006 yili ingliz tiliga tarjima qilinib, Oksfordda nashr etilgan. Bu borada o‘zbek dramaturgi Uyg‘unning “Zebunniso” dramasini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Shoira hayoti va ijodiga doir turli ma’lumotlar Fazliyning “Majmuai shoiron” (“Shoirlar majmuasi”), Hakimxon To‘raning “Muntaxab ut-tavorix” (“Saylangan tarixlar”) asarlarida va boshqa tazkiralarda qayd etilgan. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida e’lon qilingan o‘zbek olimlari To‘xtasin Jalolovning “O‘zbek shoiralari”, Turg‘un Fayziyevning “Temuriy malikalar” kitoblarida ham Zebunniso hayoti va ijodiga alohida o‘rin ajratilganini ta’kidlash joiz. 1982 yili esa hassos olima Mahbuba Qodirovaning “Shoira Zebunniso” tadqiqoti “Fan” nashriyotida chop etilgan. Shoiraning she’rlari Erkin Vohidov, M.Muinzoda kabi ijodkorlar tomonidan o‘zbekchalashtirilib, bir necha bor kitob holida nashr etilgan.
Zebunniso xususidagi turli ma’lumotlarni Eron, Afg‘oniston, Pokiston adabiyotshunosligi namunalarida ham uchratish mumkin. Xususan, Sherxoni Ludiy “Mirot ul-xayol” (“Xayol ko‘zgusi”), Bareliy “Tazkirai shoiroti urdu” (“Urdu shoirlari tazkirasi”), “Tazkirat ul-havotun” kabi asarlarida, “Olami Islom”, “Qobul”, “Hunar va mardum” singari to‘plamlarda bu borada qimmatli fikrlar bayon etilgan.
Zebunnisobegim Sohiba 1639 yilning fevral oyida Shohjahonobodda tavallud topgan. U boburiy hukmdor Shohjahon hamda Mumtozmahal farzandi – Avrangzebning to‘ng‘ich zurriyodi edi. Bo‘lg‘usi shoiraning onasi – Dilrasobonu Eron shohlari sulolasi – Safaviylarga mansub edi. Silsila bo‘yicha Boburning qizi Gulbadanbegim Zebunnisoning katta momosi sanaladi.
Ma’lumki, Avrangzeb Olamgir, ya’ni Zebunnisoning padari buzrukvori boburiylar saltanatining buyuk hukmdorlaridan biridir. Uning davrida boburiylar imperiyasi hududi shu qadar kengayganki, Avrangzebgacha va undan keyin taxtga o‘tirgan boburiyzodalar ham saltanatni bu qadar yuksaltira olishmagan.
Avrangzebning besh o‘g‘li va besh qizi ichida Zebunniso bolaligidanoq o‘z iqtidori bilan ajralib turardi. U o‘z davrining yetuk ustozlari – Maryam Otin hamda Mullo Javondan, shuningdek, shoir va alloma Mulla Muhammad Ashraf Isfahoniydan saboq oladi, falsafa, adabiyot, falakiyot kabi turli ijtimoiy va aniq fanlarni teran o‘rgana boshlaydi. Zebunniso xattotlik san’ati sirlarini o‘rganishga ham astoydil bel bog‘lab, o‘z husnixati bilan ko‘plarni lol qoldirgan. Keyinchalik mohir xattotlarni yollab, ko‘plab nodir asarlar ko‘chirilishiga boshchilik qildi.
Zebunniso qadim o‘zbek tili bilan birgalikda fors, arab, urdu tillarini chuqur o‘rganib bordi. Manbalarda aytilishicha, u yetti yoshidayoq Qur’onni yod bilgan. Bolaligidan she’riyatda ham o‘z qobiliyatini namoyon eta boshlagan. Ehtimol, otasi Avrangzeb she’riyatga moyil emasligini bilgani bois o‘sha paytda o‘ziga “Maxfiy” taxallusini olgan bo‘lishi mumkin. Shoiraning vafotidan so‘ng tartib berilgan va olti yuzga yaqin she’rlarni o‘z ichiga olgan to‘plamga ham “Devoni Maxfiy” nomi berilganligi bejiz emas.
Zebunniso umrining katta qismini ijodga, adabiyot va san’atga baxshida etdi. Asosan fors tilida asarlar yaratgan Zebunnisoning ijodiy merosi sakkiz ming misradan ziyod bo‘lib, g‘azallar, yetti qasida, besh tarjiband, bir muxammas va boshqalardan iborat. Shuningdek, u Qur’onga sharhlar sifatida “Zeb ut-tafosir” (“Tafsirlar ziynati”) nomli asar ham yaratgan. Shoiraning “Zeb un-nashot” (“Nash’allar ziynati”) va tasavvuf falsafasiga doir “Munis ul-arvoh” (“Ruhlarning sodiq do‘sti”) kabi risolalar yaratganligi haqida ma’lumotlar mavjud.
“Zebunnisobegimning uncha katta bo‘lmagan devonidan birgina “Samarqand ushshog‘i”day o‘lmas va ohanrabo qo‘shiqqa asos bo‘lgan g‘azal yetib kelganda ham uning benazir shoira ekanligidan dalolat berardi”, deb yozadi O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron. Darhaqiqat, Zebunniso she’riyati o‘ziga xos go‘zalligi, ma’nodorligi bilan turli millat vakillari qalbida ehtirom uyg‘otishi shubhasiz. Uning rus tiliga tarjima qilingan she’rlaridan iborat “Ogon i slyozы” kitobi Rossiyada bir necha bor chop etilgan. XX asr boshlarida esa Zebunnisoning ingliz tiliga ikki variantda o‘girilgan “Devon”i alohida-alohida nashr qilingan. Bu tarjimalarning birinchisi Magan Lal va Jessi D.Uestbruk, ikkinchisi esa Pol Uelley tomonidan amalga oshirilgan edi.
Zebunniso ma’rifat, madaniyat, ayniqsa adabiyot va san’at ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga intilgan. O‘z davrining yetuk ulamolarini, xususan shoiru olimlarni maosh bilan ta’minlab turganligi manbalardan ma’lum. Hindiston musulmonlari orasida o‘ziga xos dasturulamal vazifasini o‘tagan “Fatvoyi olamgiriy” (“Shariat qonunlari majmuasi”) asari Zebunniso bosh-qoshligida fors tiliga tarjima qildirilgan. “Olami Islom” tazkirasida “Zebunnisobegim otasi hukmdorlik bilan egallay olmagan shuhratni ilm va odobi tufayli egalladi” deya ta’kidlanadi. Uning shoiri zamon, “Ma’nolar otasi” deya ulug‘langan Mirzo Abdulqodir Bedil bilan qilgan mushoiralari tarix ichra ma’lumu mashhurdir. Bedil o‘z qizi tarbiyasini Zebunnisobegimga ishonib topshirgani, u qiz shoira bo‘lib yetishgani haqida manbalarda qayd etilgan.
Ta’kidlash joizki, 1702 yili vafot etgan shoira Dehlidagi “Zarzariy” qabristoniga, Nizomiddin Avliyo, Amir Xusrav Dehlaviy kabi ulug‘ zotlar yoniga dafn etilgan.
Husnu nazokatda va fazlu malohatda benaziru betakror Zebunniso umr bo‘yi yolg‘iz yashab o‘tgan. Bu borada ham qator taxminlar mavjud. Biriga ko‘ra, Buyuk Akbar taxtga talabgorlar soni kamroq bo‘lishini ta’minlash maqsadida voris malikalarga oila qurishni taqiqlagan. Yana bir taxminga ko‘ra, Shohjahonning istagi bo‘yicha Zebunniso shahzoda Sulaymon Sikox bilan unashtirib qo‘yiladi. Lekin keyinchalik shahzoda Avrangzeb farmoniga ko‘ra zaharlab o‘ldiriladi. Ayrim manbalarga ko‘ra esa, Zebunniso yoshligida Oqilxon Roziy nomli yigit bilan sevishib qolgan. Biroq bundan xabar topgan Avrangzeb yigitni qatl etgan va shundan so‘ng Zebunniso o‘z yuragida boshqa yor uchun o‘rin qoldirmagan. Umuman olganda, Zebunnisobegim va uning otasi Avrangzeb o‘rtasidagi munosabatlar masalasida ham talay taxminlar mavjud.
Boburiylar Osiyo, butun Sharq tarixidagina emas, jahon tamadduni taraqqiyotida ham alohida mavqega, o‘ziga xos o‘ringa ega buyuk suloladir. Ezgu ideallar kuychisi, otashzabon shoira, boburiyzoda Zebunnisobegim to‘g‘risida ko‘plab manbalar asosida serqirra tadqiqotlar, uning o‘ziga xos go‘zal obrazi mujassam badiiy asarlar yaratish davrning dolzarb talabi, kelgusi avlodlar oldidagi muhim ahamiyatli vazifadir.
Hindiston, Pokiston, Eron, Afg‘oniston, Tojikiston, Turkiya va O‘zbekistonda Zebunnisobegim hayoti va ijodiga doir tadqiqotlar olib borish, bu boradagi tarixiy manbalarni aniqlash, jamlash va chop etish shoira haqidagi bizga noma’lum tafsilotlarni aniqlashga imkon beradi. Shuningdek, Zebunnisobegimning turli yillarda o‘zbek tiliga o‘girilgan she’rlarini to‘plab, tarjima qilinmaganlarini o‘girish va alohida kitob holida chop etish ham shoira ijodiy merosini boyitishda juda muhim. Zero, Zebunnisobegim Sohiba nafaqat o‘z zamonasining, balki barcha zamonlarning ziynati bo‘la olguvchi buyuk ijodkordir.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 12-son