Zamondoshlarining guvohlik berishicha, Vissarion Belinskiy nihoyatda sarkash, o‘z qarashlarini nihoyatda qat’iyat bilan himoya qiladigan, bo‘ysunmas inson bo‘lib, oddiy so‘zlashuvda biroz tutilib, qiynalib gapirar ekan. Ammo biror jiddiy adabiy-estetik hodisa xususida so‘z ketsa ko‘zlari yonib, ehtiros bilan sira tutilmasdan soatlab ma’ruza qilishi mumkin ekan. Bu shundan dalolatki, u o‘zini hayoti mazmuniga aylangan adabiyot va san’at dunyosida mutloq hur va ozod his etgan…
Vissarion Grigorevich Belinskiy umumjahon badiiy-estetik tafakkuri taraqqiyotida hech mubolag‘asiz o‘ziga xos o‘rin tutadigan mutafakkirdir. Garchi uni sho‘ro davri qizil mafkura andozalariga solib, revolyutsion demokrat sifatida taqdim etib kelgan bo‘lsa-da, tarix Belinskiyni otashin munaqqid, mutafakkir sifatida baholash haqiqatini aytadi. Balki shu boisdir, bundan ikki yil muqaddam, ya’ni 2011 yilning iyun oyida butun Rossiya va dunyo ijtimoiy-adabiy jamoatchiligi Vissarion Belinskiyning 200 yillik tavallud sanasini keng nishonladi.
U 1811 yili harbiy flot vrachi bo‘lib ishlagan Grigoriy Belinskiy xonadonida tavallud topdi. Otasi xizmatdan iste’foga chiqqach, oilasini Penza guberniyasiga ko‘chirib keladi. Vissarionning yoshligi va dastlabki o‘qish yillari ana shu guberniyada kechadi. 1829 – 1832 yillari u Moskva universitetida o‘qiydi. Biroq dorilfununni yakunlamasdan “sog‘lig‘ining yomonligi va layoqatining cheklanganligi” sababli o‘qishdan haydaladi. Aslida esa Belinskiy Moskva tsenzura qo‘mitasiga o‘zining 1830 yilda yozgan “Dmitriy Kalinin” nomli romantik dramasini taqdim etganidan keyin shunday ahvol yuz bergan edi. Qo‘mita Moskva universitetining rektori boshchiligidagi professorlardan tarkib topgan bo‘lib, krepostnoy ziyolining achchiq qismatidan hikoya qiluvchi asar ularga mutlaqo ma’qul bo‘lmagan va uning muallifi o‘z talabalari bo‘lganligi uchun hech ikkilanib o‘tirmay, uni talabalik safidan chiqarib yuborgan edilar. Shundan so‘ng Belinskiy o‘sha davrda chiqib turgan “Teleskop” nomli jurnal tahririyati bilan hamkorlik qila boshlaydi. Mazkur jurnalda 1834 yili uning “Adabiy o‘ylar” nomli birinchi tanqidiy maqolasi chop etiladi. Ana shu dastlabki maqoladayoq bo‘lg‘usi tanqidchining eng muhim fazilatlari: tahlilga tortilayotgan asarlarga nisbatan talabchanlik, kontseptuallik, har tomonlama asoslangan dadil fikr aytish xususiyati ko‘rina boshlagan edi. Belinskiy uchun har qanday asarning qadr-qimmati avvalo, uning xalqchilligi bilan belgilanar edi. Bu aynan oddiy xalq hayotini tasvirlashni emas, balki “xalq g‘oyasi”ni ifodalashni taqozo etardi. “Xalq g‘oyasi” esa bu nimani va qanday tasvirlashdan qat’i nazar birinchi navbatda oddiy xalq manfaatini nazarda tutish va uning kelajagi, ozodligi, farovonligi uchun kuyunish maslaklariga qaratilgan edi.
Belinskiyning dastlabki davrdagi tanqidiy metodi romantik, ma’lum ma’noda, idealistik metod edi. Masalan, u o‘z davri rus she’riyatining atoqli namoyandalari Jukovskiy, Batyushkov ijodini tahlil qilar ekan, bu shoirlarga munosabat bildirish bilan bir qatorda ularni ulug‘ Pushkin she’riyatidagi ilk romantik bosqichni tayyorlagan shoir salaflari sifatida baholaydi.
1835 yili Belinskiyning “Rus qissalari va Gogolning povestlari haqida” (“Arabeski”, “Mirgorod”) nomli katta maqolasi e’lon qilinadi. Bu munaqqid ijodidagi yangi bosqich edi. Agar avvalgi bosqichda xalqchillik g‘oyasi ilgari surilgan bo‘lsa, keyingisida fikr hayotiy haqqoniylik g‘oyasiga qaratiladi. U endi “tasvir haqqoniy bo‘lsa, demak xalqchildir” degan qat’iy qarashdan kelib chiqadi. Shularga binoan Belinskiy adabiyotni ikki turga bo‘ladi. Xayoliy poeziya, ya’ni hayotni o‘z xayoliy ideallaridan kelib chiqib aks ettirish, va ikkinchisi, haqqoniy poeziya, ya’ni hayotni barcha murakkabligi va mohiyati bilan boricha aks ettirish. Aynan mana shu o‘rinda Belinskiy romantik metod bilan realistik metodning eng asosiy farqini belgilab beradi.
Belinskiy o‘z zamonasida garchi o‘nlab va balki yuzlab ijodkorlar qalam tebratayotgan bo‘lsa-da, ularning orasida davrning eng muhim xususiyatlarini o‘zida mujassam etib, uni yuksak badiiyat bilan tasvirlay bilgan alohida asarlar va adiblarga e’tiborini qaratadi. Shu ma’noda Belinskiy uchun XIX asrning 20-yillarida Pushkin, 30-yillarida Gogol shunday hodisa bo‘lib tuyuladi va tahlil qilinadi. 40-yillarning boshlarida u Lermontovni, 40-yillarning o‘rtalarida esa yana Pushkin ijodini ana shunday tom ma’nodagi ibrat namunasi sifatida talqin qiladi. Hayotining so‘nggi yillarida u yana Gogol ijodiga qaytadi. Yangi rus adabiyoti realistik yo‘nalishda rivojlanayotganligini, binobarin, Gogol barcha zamondoshlaridan ko‘ra hayotni haqqoniy, teran va badiiy mukammal tarzda tasvir eta olganini isbotlashga urinadi. Belinskiy uchun badiiyatning to‘rtta asosiy belgisi bor edi. Birinchisi – soddalik; ikkinchisi – hayotning mutlaq haqqoniyati; uchinchisi –xalqchillik; to‘rtinchisi – o‘ziga xoslik (originallik). Munaqqid fikricha, ana shu fazilatlarning barchasi boshqalardan ko‘ra ko‘proq Gogol ijodida mujassam bo‘lgan edi. Ayni chog‘da u Gogolga xos bo‘lgan yana shunday bir xususiyatni qayd etgan edi: “Chuqur qayg‘u va achinish ruhi bilan sug‘orilgan komik jonlilik”.
O‘z vaqtida Belinskiy yorqin ehtirosli tanqidchi o‘laroq Pushkinning, Gogolning va zamonasining boshqa atoqli zotlari nazariga tushgan edi. Pushkin uning dastlabki maqolalarini o‘qib e’tirof etgan va hatto munaqqidni o‘zining “Sovremennik” (“Zamondosh”) jurnaliga taklif etmoqchi ham bo‘lgan ekan. 1838 – 39 yillarda Belinskiy “Moskovskiy nablyudatel” (“Moskva kuzatuvchisi”) jurnalida hamkorlik qiladi. 1839 yilning kuzida u Peterburgga ko‘chib kelib, “Otechestvennыe zapiski”, (“Vatan bitiklari”) jurnalining tanqid bo‘limini boshqara boshlaydi. Shu yerda uning “Borodino sanasi” (1839), “Mentsel Gyote tanqidchisi” (1840), “Griboyedovning aqllilik balosi” (1840) maqolalari e’lon qilinadi. M.Yu.Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” romani hamda “She’rlar to‘plami” chop etilgach, munaqqid ikkita maqola – taqriz e’lon qilib, yosh Lermontov ijodini teran va miqyosli tahlil etadi. U Lermontovga baho berar ekan, shoirni rus jamiyatining yorqin ijtimoiy-tarixiy sahifalari badiiy ifodasini topgan yangi she’riyat ijodkori sifatida ulug‘laydi. Uni Pushkindan keyingi ulkan badiiy-estetik hodisa sifatida ta’riflaydi. Belinskiy 1841 yilda “Rus adabiyoti 1840 yilda” nomli maqolasini chop etadi. Va shundan boshlab har yili yillik adabiy-tanqidiy obzor maqolalar berish an’anasini yaratadi. Munaqqidning eng katta tadqiqoti bu Pushkin ijodiga bag‘ishlangan “Aleksandr Pushkin asarlari” (1843– 1846) nomli 11 maqoladan iborat turkum bo‘lib, unda rus adabiyotining Lomonosovdan boshlab, to Pushkingacha bo‘lgan butun taraqqiyot jarayonlari tahlil etilib, so‘ngra Aleksandr Sergeevich Pushkin ijodining eng buyuk namunalari, ayniqsa, “Evgeniy Onegin” she’riy romani batafsil tahlilga tortiladi.
Sho‘ro davri Belinskiyni estet munaqqiddan ko‘ra ko‘proq faqat ijtimoiy g‘oyaviylikni bosh maqsad qilgan g‘oyabozga aylantirib qo‘ygan edi. Vaholanki, u Pushkin ijodini baholab yakuniy xulosa chiqarar ekan, shunday fikrni ilgari suradi: “Nafosat va insoniylik tuyg‘usini rivojlantirish orqali insonni inson sifatida sharaflash Pushkin she’riyatining alohida o‘ziga xos xususiyatlari hisoblanadi”.
Belinskiy “Otechestvennыe zapiski” jurnalidan bo‘shagach, 1847 yildan boshlab “Sovremennik” jurnalining rahbarlaridan biriga aylanadi. Shu yerda u yuqorida eslatilgan adabiy obzorlarini, jumladan, “1847 yilgi rus adabiyotiga nazar” nomli ikki katta maqolasini e’lon qiladi. Ana shu maqolalari misolida munaqqid o‘zi ehtiros bilan yoqlagan realistik va tarixiy metodning yuksak namunalarini yaratadi.
V.G.Belinskiy 1848 yili 37 yoshida sil kasalidan vafot etadi. U hech mubolag‘asiz o‘z davrida ham, undan keyin ham adabiy-estetik tafakkur rivojidagi eng e’tiborli siymolardan biri bo‘lib qoldi.
Iroda Vahobova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son