O‘zbekiston xalq shoiri Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Habibiyning betakror g‘azallari, she’rlari qo‘shiqqa aylanib kirib bormagan o‘zbek xonadoni bo‘lmasa kerak. Lutfiy, Navoiy, Bobur, Ogahiy, Furqat, Muqimiy, Zavqiylar an’anasini davom ettirib, o‘zbek adabiyotida mumtoz shakllarni yangi mazmun bilan boyitishda Habibiy ham o‘z ijodi bilan munosib hissa qo‘shdi. “Xalq dur teruvchidir”, deganlaridek, mavlono Habibiy durdona g‘azallari bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi.
Ozoda, go‘zal o‘lkam, hurmatli diyorimsan, Ko‘p zahmat ila topgan baxtimsanu borimsan. Jonim kabi asrayman, nomus ila orimsan, Ko‘nglim ochilur boqsam, oromu qarorimsan, Har yerda madadkorim, har ishda madorimsan.Vatan haqidagi bu muxammas hammamizning yodimizga muhrlangan. Habibiy mumtoz adabiyotimizning, aruzning qonun-qoidalarini, sir-asrorini yaxshi bilgan, ularni o‘z ijodida katta mahorat bilan qo‘llay olgan ardoqli shoirlarimizdan biri.
Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Habibiy 1890 yili Andijonning Qo‘qonqishlog‘ida o‘rtahol dehqon oilasida tavallud topdi. U Hamza, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Majidiy, Muhammadsharif So‘fizoda, G‘ayratiy, Ayniy, Sayfiy kabi zabardast adiblar bilan deyarli tengdosh edi. Dastlab eski usul maktabida, so‘ngra madrasada tahsil ko‘rdi. Otasi Xolmuhammad aka tab’i nazm kishi, onasi esa mahalla-ko‘yda “muallim xola” nomini olgan ma’rifatli ayol bo‘lgan. Ular o‘g‘lining ilmli bo‘lishi uchun sharoit yaratishga urinadilar va Zokirjonni Andijon madrasasiga, so‘ngra Qo‘qon madrasasiga jo‘natdilar. Xususan, bu haqda Habibiy o‘z tarjimai holida shunday yozadi: “Yosh havaskor bo‘lganim uchun darslarim orasida Navoiy, Fuzuliy, Furqat, Muqimiy va boshqa ustozlarning she’rlarini juda sevib, ravon o‘qiydigan bo‘ldim… Bora-bora yigirma yoshlarimda she’r yozishga kirishdim. Asarlarda uchraydigan arab, fors so‘zlarini kuchim yetgancha o‘rganib, aruz vaznining turli bahrlarini bilish uchun diqqat bilan ko‘p o‘qidim, yozdim”.
Habibiyning she’riyatdagi birinchi muallimlari madrasadagi tolib do‘stlari shoirlar Muhammadxon Mahjuriy va Zokir qori (Zokiriy)lar edi. Shuningdek, u andijonlik hamqalam do‘stlari Sayfiy, Ulfat, Anisiylarga ham dastlabki g‘azallarini ko‘rsatadi. “Bularning maslahatli yordamlari bilan tetapoya bo‘lib yozib yurdim”, deb eslagandi Habibiy yoshlik davrini.
Otasining bevaqt vafotidan so‘ng ro‘zg‘orni tebratish yosh Zokirjon zimmasida qolgach, u ota kasbi — dehqonchilik bilan shug‘ullana boshlaydi. Biroq shunda ham u she’r mashq qilishdan, mustaqil o‘qib-o‘rganishdan to‘xtamadi. Yigitlik qalbiga she’r dardi uchqun solgan, to‘yg‘ulari ummondek jo‘shgan Zokirjon Habibiy o‘zi tavallud topgan Qo‘qonqishloqda shoir Zokiriy boshchiligidagi yosh shoirlar anjumanlarida faol ishtirok etar, Mahjuriy, Mushtoq, Anisiy, Sayfiy kabi ijodkor do‘stlari qatori o‘z davrining ijtimoiy hodisalarini anglashga intilar, ozodlik, tenglik haqidagi orzularini g‘azallarida aks ettirishga harakat qilar edi.
Qo‘qonqishloqdagi adabiy davra o‘tgan asrning 20-yillarda ham mavjud edi. Shoir Zokirjon Habibiy o‘sha muhit doirasida shakllandi, toblandi. Uning dastlabki g‘azallaridayoq oddiy kishilarning halol mehnati, ona-tabiat, sof muhabbat mavzulari ustuvor. Biroq o‘sha yillardagi el-yurt boshiga tushgan ommaviy besaranjomliklar, mustabid tuzumning xalqqa o‘tkazayotgan zug‘umi tufayli adabiy yig‘ilish tarqalib ketdi.
“Kambag‘alchilik, mashaqqatli kunlar bizning xonadonimizni to‘zitib yubordi, — deb xotirlaydi shoir Habibiy. — Dastlabki she’riy mashqlarim yo‘qolib ketgan”. Shoir tirikchilik g‘amida Andijonning Bo‘taqora qishlog‘iga kelib qoladi. O‘sha paytda bu yerda istiqomat qilayotgan qo‘qonqishloqlik shoir Sayfiy darhol Habibiyni yo‘qlatadi. Habibiy o‘z ahvolini bayon etib, Sayfiyga she’riy maktub yozib yuboradi. She’riy maktubda, jumladan, shunday misralar bor:
Zohirda agarchi navjuvonman, Botinda vale qaddi kamonman… Qoshingga borolmay endi, Sayfiy, Uzr etgani lolu bezabonman. Sizlarning panohingizga qochdim, O‘z yurtiga sig‘magan yomonman… Baxtim qushi ham kelar, Habibiy, Bu kunlar o‘tar, bo‘lay omon man.Sayfiy she’riy maktubni o‘qigach, Habibiyni ko‘rgani boradi. Shundan so‘ng ularning birodarligi Sayfiyning vafotigacha davom etadi. Sayfiyning o‘g‘li Irfon Otajon otasi vafotidan so‘ng domla Habibiy bilan do‘stlik rishtalarini davom ettirgan.
1936 yili shoir G‘afur G‘ulom o‘rtog‘i Sayfiyni ko‘rish uchun Andijonga keladi. Sayfiy Habibiyni mehmonga tanishtirish maqsadida uni darhol chaqirtiradi. Bu haqda Habibiy shunday yozgan: “Andijon shahridagi istirohat bog‘ida do‘stim Sayfiy bilan birgalikda azamat shoirimiz G‘afur G‘ulom bilan birinchi bor tanishib, u kishini ziyorat qildim, tongotar gurunglashdik”. O‘shanda G‘afur G‘ulom Habibiy g‘azallarini tinglagach: “Toshkentga borib, matbuotlarda qatnashib tursangiz yaxshi bo‘lardi”, deb maslahat beradi.
1938 yili Alisher Navoiyning 1941 yilda o‘tkazilishi mo‘ljallangan 500 yillik yubileyi qo‘mitasi tuzilib, unga taniqli adabiyotshunos olimlar bilan bir qatorda madrasa ta’limini olgan, arab, fors tillarini yaxshi biladigan ijodkorlar — Andijondan Habibiy, Sayfiy, Anisiy, Ulfat, Mahjuriy, Rishtondan Boqiylar taklif qilinadilar. Mazkur qo‘mitaning ish jarayonlari bu ijodkorlar uchun o‘ziga xos adabiy maktab bo‘lgan. Ular ulug‘ shoir Alisher Navoiy ijodi ruhiga kirib borib, beixtiyor o‘zlarining ma’naviy, ijodiy kamolotida yuksalish sezganlar. Habibiy Navoiy va Fuzuliyning “Layli va Majnun” dostonlarini sinchkovlik bilan chog‘ishtirib o‘rganadi, “Xazoyin ul-maoniy” asarini esa arabcha nusxasidan kirill alifbosiga o‘girib, nashrga tayyorlaydi.
Habibiy shu yillarda Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Oybek, Sadriddin Ayniy, Vohid Zohidov, Maqsud Shayxzoda, Olim Sharafiddinov, Hodi Zarif kabi olim va shoirlar bilan tanishadi. Poytaxt ijodiy muhiti uning dunyoqarashi yuksalishiga, adabiyot, she’riyat olamini yanada teran anglashiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqda Habibiy bir g‘azalida shunday yozadi:
Bu kun qildim ajoyib yangi-yangi oshino suhbat, Nechuk suhbat, siniq dillarga go‘yo mo‘miyo suhbat… Raso ta’bu, raso fahmu, raso so‘zli bilimdonlar, Munosib bir-biriga barchasi bo‘ldi raso suhbat… Muyassar bo‘ldi harna istagim, hech qolmadi armon, Ko‘ngil ko‘zgusi zanglashgan edi, berdi jilo suhbat.Bu yillarda Habibiy ijodining mavzulari ancha kengaydi, shoir turli janrlarda qalam tebratdi. 1939 yili shoir Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi. Uning asarlari respublikamizning nufuzli gazeta va jurnallarida, adabiy bayozlarda chop etildi.
1941 yili boshlangan ikkinchi jahon urushi tufayli Navoiy qo‘mitasining ishi to‘xtatilib, a’zolar tarqatib yuborilgach, Habibiy Yangiyo‘l shahrida tashkil etilgan yangi musiqali drama va komediya teatriga adabiy emakdosh vazifasiga tavsiya etildi va 1946 yilgacha shu vazifada ishladi. Bu san’at dargohida ishlash jarayonida u Yunus Rajabiy, To‘xtasin Jalilov, Komiljon Jabborov, Qori Yoqubov, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Halima Nosirova singari atoqli san’atkorlar bilan ijodiy hamkorlik qildi.
1949 yili shoir hayotida quvonchli voqea yuz berdi: uning “Mehnat qo‘shiqlari” va “Yangi yallalar” nomli kitoblari nashr etildi, g‘azallari qo‘shiqqa aylanib, shuhrati nafaqat mamlakatimizga, balki qo‘shni respublikalarga ham yoyildi. Keyinroq qator-qator she’riy to‘plamlari, 1971 yilda “Devon”i bosmadan chiqdi.
Zamonaviy ruhni mumtoz adabiyotimizning barhayot an’analari bilan bog‘lashda katta zahmat bilan ijod qilib, o‘zbek she’riyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan ijodkor Zokirjon Habibiy 1974 yili “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. Ikki asrning tahlikali va murakkab yillarida yashab ijod qilgan shoir 1980 yili 12 aprelda 90 yoshida Toshkentda vafot etdi.
Habibiyning o‘ttiz ming misradan ziyod she’rlari va dostonlari avlodlarga meros bo‘lib qolgan. Bir yuz yigirmadan ziyod g‘azaliga kuy bastalangan. Bugungi kunda bu qo‘shiqlarni xalqimiz sevib tinglamoqda. Bunday baxt hamma shoirlarga ham nasib etavermaydi.
Habibiyning g‘azallari mazmundor, o‘ynoqi va ravon musiqiy ifodalardan, jarangdor qofiyalardan tarkib topgani uchun ham bastakorlar va xonandalarning diqqatini hamisha o‘ziga tortgan.
Kimki, yuksalmoq tilar, avvalda birlashmoq kerak, Etmagay maqsadga el intilmasa to birlashib.Habibiy Vatan ozodligi, yurt obodligini orzulab, kuylab o‘tdi. Uning betakror she’rlari, g‘azallari hamon xalqning dilida, tilida.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 3-sonidan olindi.