Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning “RusTO” gazetasiga muharrir bo‘lganligi ayrim manbalarda qayd etilgan bo‘lsa-da, mualliflar bu haqda mufassalroq ma’lumot bermaganlar. “Ishtirokiyun” gazetasining 1920 yil 4 yanvar sonida shunday xabar uchraydi: “Rusiya teleg‘rof ojentasining Turkiston sho‘basi tarafindan Toshkandda “RusTO” nomida kundalik devoriy gazetasi chiqarila boshladi. Bu gazetada har kun Maskavdan oling‘an teleg‘rof xabarlarining xulosasi yozilub turadir. Gazetaning muharriri “Ishtirokiyun” gazetasining hay’ati tahririyasi a’zolaridan Abdulhamid Sulaymon o‘rtoqdir”.
O‘zbek matbuoti tarixining ilk tad qiqotchilaridan biri Ziyo Said 1927 yili chiqqan “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870 – 1927)” nomli kitobida “RusTO” haqida shunday yozadi: “Bu gazeta 1919 yilda Toshkentda chiqa boshladi. Har vaqt bir bet bo‘lib, devorlarga yopishtirilar edi. O‘zi telegrammaga maxsus bo‘lsa ham, Toshkent va o‘lkaning ba’zi xabar, hodisalari bosilib turdi; pulsiz, har kun chiqar edi… Bunda G‘ozi Yunus, Mirmulla, Sanjar, Cho‘lpon, Erkatoy Hasanov (ko‘pincha telegramma tarjima qiluvchi), Elbek, Shokirjon Rahimiy, A.Ayyub va boshqalar qatnashar va ba’zi joylarida “Bog‘bon”, “Nayzador” va “Mix”lar tomonidan kulgi narsalar yozilar edi”.
Tarix fanlari nomzodi Tohir Fidoyi 1993 yili nashr qilingan “Matbuotimiz fidoyilari” to‘plamidagi “Cho‘lponning jurnalistik faoliyatiga bir nazar” sarlavhali maqolasida Cho‘lpon “Rusiya axborot agentligining Turkiston bo‘limi tomonidan 1919 – 1921 yillarda milliy tillarda nashr etilgan bosma devoriy gazetalarni tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yishda faol ishtirok qilgan. Uning jonkuyarligi tufayli 1919 yilning 16 dekabr kuni Toshkent ning Eski shahar qismida o‘zbek tilida “RusTO” nomli devoriy gazetaning birinchi soni chiqdi”, deb yozadi.
Biz ana shu qisqagina ma’lumotlardan “RusTO”ning qanday gazeta bo‘lganligi, chiqqan yillari, muharriri kimligi, unda qanday jurnalist lar qatnashganligi to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lamiz. Afsuski, mazkur gazeta haqida bundan ortiq ma’lumot deyarli uchramaydi. Biz Cho‘lponning “RusTO” bilan bog‘liq faoliyatini o‘rganish maqsadida mamlakatimizdagi kutubxonalarda ushbu gazetaning bor-yo‘qligini, bo‘lsa – qancha soni saqlanib qolganligini aniqlashga urindik. Harakatimiz beiz ketmadi. Cho‘lpon muharrirlik qilgan “RusTO”ning Alisher Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasi va boshqa zahiralarda 38 soni saqlanayotganligini aniqladik. Gazetaning mavjud sonlari Cho‘lponning muharrirlik faoliyati haqida to‘liq bo‘lmasa-da, bir qadar fikr yuritishga imkon beradi.
“RusTO” – “Rusiya teleg‘rof ojentasi” degan atamaning qisqartirilgani. (O‘sha paytlari “agentlik” so‘zi “ojenta” deb yozilgani uchun gazeta nomi oxirida “a” emas, “o” ko‘llanilgan). “RusTO” hozirgi A—2 bichimdagi gazetalarning bir sahifasi hajmida bo‘lib, devorga yopishtirilgani uchun bir tomoniga yozilgan. Gazetaning maqsad va maslagi haqida quyidagilarni o‘qiymiz: “RusTO” gazetasi o‘zbek mehnatkashlariga yaqinlashuv uchun ko‘proq viloyatdagi mehnatkashlarning holidan, dala dehqon va chorvachilari hayotidan, Eski shahar mehnatkashlari va ularning oliy mahkamalari bo‘lgan firqa qo‘mitasi bilan ijroqo‘m va boshqa mahkamalarning ishlaridan keng ma’lumot beruv ustiga, viloyat, uyezd va shaharlarda bo‘lgan xiyonat, buzg‘unliklarga qarshi bizning gazeta shu kundan boshlab jihodi akbar (katta jang) qiladir. Bizning “RusTO” bir-ikki kishining moli emas, butun mehnatkashlarniki…”
Ko‘rinadiki, vazifasi, asosan, Moskvadan – Rossiya telegraf agentligidan kelgan telegrammalarning xulosasini o‘zbek tilida berish bo‘lsa ham, muharrir Cho‘lpon devoriy gazetada mahalliy xalqning, xususan, mehnatkashlarning manfaatini himoya qilishga mo‘ljallangan materiallarni ham ko‘plab yoritishni rejalashtirgan, “viloyat, uyezd (tuman) va shaharlarda bo‘layotgan xiyonat va buzg‘unliklarga qarshi” qattiq jang boshlashni gazetaning dastlabki sonlaridanoq yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan. Ana shu faktning o‘ziyoq Cho‘lponning oddiy xalq manfaatini o‘ylaydigan, shu yo‘lda jon kuydiradigan muharrir bo‘lganligini anglatib turibdi. Darhaqiqat, gazetaning bir qancha sonlarida oddiy kishilarning haq-huquqini himoya qiluvchi korrespondentsiya (fiqra) va boshqa janrlarda materiallar bosilgan. Jumladan, gazetaning 1920 yil 18 may sonida “Kambag‘allarga yordam puli” sarlavhali xabar yoritilgan. Xabarda Toshkentning Eski shahar mehnat va ijtimoiy ta’minot sho‘basi shahar ijroiya qo‘mitasidan moddiy yordamga muhtojlar uchun beriladigan mablag‘ni ko‘paytirishni so‘ragani bildiriladi.
Gazetaning 1920 yil 10 dekabr soni. Unda “Eski shahar hangomalari” qaydi bilan “Talabnoma” sarlavhali tanqidiy material bosilgan. Unda oziq komitetidan mehnatkashlar uchun beriladigan ulushga komitet boshiga chiqib olgan turli guruhlar tomonidan xiyonat qilingani ochib tashlangan.
Yoxud gazetaning 1920 yil 29 sentyabr sonidagi “Musovotda (tenglikda) haqsizlik” sarlavhali xabarni olaylik. Unda yoziladi: “Xalq uchun Markaziy xalq xo‘jalig‘i sho‘rosi tomonidan tramvay vagunlari bilan tashilib turg‘on ko‘mirlarning eng yomoni (xokisi) Eski shaharga berilgan. Yonglishib bo‘lsa kerak, bir vagun katta ko‘mir tushirilgan ekan, qaytarib olib chiqib ketkanlar. Yangi shaharga berilmakda bo‘lg‘onlari katta ko‘mirlardir. Albatta, bu haqsizlikning o‘ziga ko‘ra “maqbul uzri” bor bo‘lg‘ondir”.
Bu gaplarning zamirida mahalliy aholiga nisbatan mustamlakachilik siyosati davom ettirilmoqda, degan mazmun bor. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Cho‘lpon bolsheviklar tomonidan tashkil etilgan “RusTO” gazetasiga muharrirlik qilgan bo‘lsa-da, uning sahifalarida “yangi mustamlakachilik”ning har qanday ko‘rinishini fosh etishga intilgan, chinakam tenglik, chinakam hurriyat, chinakam yo‘qsullar hokimiyati bo‘lishi uchun jon kuydirgan. Buni biz gazetaning juda ko‘p sonlaridagi materiallardan anglashimiz mumkin.
Cho‘lpon gazetada maorif va madaniyat masalalarining ham yoritilib borishiga e’tibor bergan. “RusTO”ning o‘sha yil 26 oktyabr sonida “Toshkentning Yangi shahar qismida “Mehnat saroyi” qurilishi rejalashtirilishi munosabati bilan 3 savol tug‘iladi”, deb yozilgan: 1) nima uchun u Eski shaharda qurilmaydi; 2) O‘rdaning u yoki bu yog‘iga qurilsa bo‘lmasmidi; 3) Eski shahar mehnatkashlari uchun havo va suvdek zarur bo‘lgan qishlik teatr qurishga material yo‘q, deyilgani holda, “Mehnat saroyi”ga qayerdan topildi?” Ko‘rinadiki, “RusTO” uzoq yillar mazlumlik azobini chekkan yerli xalq manfaatini dadil turib himoya qilgan.
Cho‘lpon, garchi devoriy gazeta deb ataluvchi, asosan kichik-kichik xabar va yangiliklarni yorituvchi “RusTO”ga muharrirlik qilarkan, xalq ommasi manfaatlarini himoya qilishni matbuotning bosh vazifasi deb hisoblagan. Gazetaning 1920 yil 17 dekabr sonida publitsist G‘ozi Yunusning “Miyada inqilob kerak” sarlavhali maqolasi e’lon qilingan. Unda mahalliy bolsheviklar qozi saylovi munosabati bilan kommunistlardan qozi tayinlash taklifini o‘rtaga tashlashganini eslab, bu ularning bolsheviklar partiyasining asosiy hujjatlaridan bexabarligini ko‘rsatadi, deyilgan hamda bolsheviklarning ruscha va o‘zbekcha “RusTO”ga nazorat o‘rnatishga harakat qilayotgani tanqid ostiga olingan.
Yuqoridagilardan shunday xulosaga kelish mumkinki, Cho‘lponning “RusTO”ga rahbarlik faoliyati uning muharrir sifatidagi muhim xislatlarini ancha ravshan ko‘rsatadi. Bular ichida eng asosiylari – oddiy xalq manfaatini himoya qilish, mahalliy aholining har jihatdan yevropalik aholi bilan tengligi uchun kurash, Turkistonning iqtisodiy, madaniy va maorif sohasida taraqqiy etishi uchun jon kuydirishdir. Fikrimizcha, bu jihatlar Cho‘lponning vatanparvar va millatparvar muharrir bo‘lganligidan dalolatdir.
Saida Yo‘ldoshbekova,
O‘zMU jurnalistika fakulteti o‘qituvchisi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 12-sonidan olindi.