XX asr yapon adabiyotining yirik vakili. Dunyo adabiyotida hikoya janrini yangi bosqichga olib chiqqan novator adib. Asarlari yapon yozuvchilari orasida dunyoda eng ko‘p tarjima qilingan va chop etilgan. Tiriklik paytida «adabiyot klassigi» deb tan olingan. 1927 yili vafot etgan.
Ryunoske Akutagava 1892 yil 1 mart kuni, Yaponiya taqvimi bo‘yicha ajdarho yili ajdarho kuni ajdarho soatida, Tokio yaqinidagi sut mahsulotlari sotuvchisi xonadonida dunyoga keldi. «Ryunoske» ismining birinchi iyeroglifi ham «ajdarho» belgisini bildiradi. U dunyoga kelganda onasi 30 yoshdan oshgan, otasi esa 40 dan o‘tgandi. Ayol kishining 30 yoshdan o‘tib farzand ko‘rishi o‘sha davr yapon urf-odatlariga ko‘ra xosiyatsizlikdan darak berardi. Aynan shu qarash tufayli ota-onasining munosabati Ryunoskega nisbatan hamisha sovuq bo‘ldi. 10 yoshiga yetganda onasi asab kasalligidan qazo qildi. Bolani farzandsiz tog‘asi asrab oldi va uni endi Ryunoske Niixara emas, tog‘asining ismi-sharifidan kelib chiqib Akutagava deb atay boshlashdi, hujjatlarda ham shu nomda rasmiylashtirildi. Akutagavalar xonadoni madaniyatli, ziyoli oila edi. Bu yerda qadim nasriy va nazmiy kitoblar, yapon mumtoz musavvirlarining suratlari, Xitoydan keltirilgan kutubxona, nafis san’at namunalari bor edi, bu yerda hali-hanuz qadimiy an’analar saqlanib qolgandi va unga qat’iy amal qilinar, kitobxonlik, qiroatxonlik kechalari o‘tkazilardi. Ryunoske ana shu muhitda tarbiya oldi va ulg‘aydi. Tog‘asining uyida o‘qigan va o‘rganganlari uning yozuvchi bo‘lib yetishishida muhim omil vazifasini o‘tadi. 14 yoshida u Anatol Frans va Ibsen asarlarini o‘qib, ular haqidagi bahslarda fikr bildiradigan bo‘ldi. G‘arb tadqiqotchilari aynan shu dalilni keltirishib Akutagava Anatol Fransning tarixiy hikmatlaridan ta’sirlanib qadim yapon syujetlarini asarlariga olib kirdi deyishadi.
1913 yili Tokio universitetining ingliz filologiyasi fakultetiga qabul qilindi. Talabalik yillari uning dastlabki «Qariya» hikoyasi bosilib chiqdi. Bu hikoya yozuvchi va adabiyotshunoslarning e’tiborini tortdi. Ammo 1915 yildan so‘ng e’lon qilingan «Rasyomon darvozasi», «Burun», «Do‘zax azobi» hikoyalari Akutagavaga katta shuhrat keltirdi, ayni shu hikoyalari uni yapon yozuvchilari safiga qo‘shdi.
Akutagava adabiyotga kirib kelgan pallada butun yapon adabiyotida o‘ziga xos turg‘unlik va soxta adabiyotbozlik avj olgandi. XIX asr oxirida Yaponiya Yevropa bilan yaqinlashdi, uning taraqqiyot an’analarini qabul qildi. Hatto oddiy bosh kiyimgacha G‘arbdan andoza olinib, butun mamlakatni bir xil kiyinishga unday boshlashdi. Xitoyni, keyin Rossiyani urushda yenggandan so‘ng imperiyaning nafsi hakalak otdi: endi boshqa mamlakatlarni ham bosib olish uchun o‘z xalqini betinim urushga tayyorlay boshladi. Bu davrda o‘z azaliy ildizlaridan uzilish, an’analarni mensimaslik, unga eskilik deb qarash, yevropacha yashashga intilish kuchaygandi. Bunday paytda adabiyot ham o‘z boshidan murakkab o‘tish davrini kechirayotgandi. Bir tomondan, Yevropa san’atini yapon san’atiga to‘liq tatbiq etish, eski ifoda usullarini siqib chiqarish, san’atga yevropacha ko‘z bilan qarash, baho berish boshlangandi. Seyo Subouti «Roman mohiyati» risolasida adabiyotda yapon an’analaridan butunlay voz kechib, yevropacha tasvir uslubiga o‘tishni san’atning birdan-bir taraqqiyot yo‘li deb baholadi va da’vatni aksariyat ijodkorlar xayrixohlik bilan qabul qilishdi. Boshqa tomondan, imperiya yapon xalqining jangovar ruhini, samuraychilikni, harbiy qudratni, millatning imperiya bilan bir tan, bir jon ekanini targ‘ib etuvchi adabiyotga buyurtma berishga o‘tdi, umuman, o‘zining bosqinchilik mafkurasini ulug‘lovchi asarlarga imtiyozlar bera boshladi, shunday asarlarni yangi davr nashrlari va tanqidchilari «yapon adabiyotining yuksak namunasi» sifatida e’tirof etishga kirishdi. Boshqa tomondan, G‘arb belletristikasidan ta’sirlangan tuppa-tuzuk yozuvchilar tijorat izidan quvishga tushdi: ular detektiv va ko‘ngilochar kitoblarni fabrika kabi ishlab chiqara boshladilar. Yuksak ideallar, tub maqsadlar, nafosat va go‘zallik, qadriyat va an’analar soyada qolib, unut holiga keldi. Chunki bu paytda adabiyotga aloqasi yo‘q, uning bosh vazifasini tushunmagan, o‘zlarini yozuvchi, adib deb bilgan, asarlarini soxta g‘oyalar bilan to‘ldirgan avlod adabiyotning boshida turardi. Yevropa an’analarini ko‘r-ko‘rona qabul qilishga o‘tgan bu xil adiblar yapon qalbini tushunishdan mahrum edi, yozganlari rasmiy mafkura buyurtma bergan mavzular, yapon harbiy salohiyatini ilohiylashtirishdan boshqa narsa emasdi. Qon ichida yurgan, qon to‘kishni, o‘ldirishni sharaf deb bilgan samuraylar, ritsarlar, lashkarboshilar, harbiylar haqidagi afsonalashtirilgan qahramonlar bilan to‘lib-toshgan bu xil asarlarning bozori chaqqon edi. Ana shunday paytda Akutagavaning asarlari misli ko‘rilmagan qahramonlik namunasi sifatida paydo bo‘ldi. Akutagava yapon xalqining qiyofasi urush, harbiylik bilan emas, qalbi, ko‘ngli va botini bilan belgilanishini, adabiyot hamisha insonparvarlik, hayotsevarlik g‘oyalarini kuylashi shartligini birma-bir bosilib chiqayotgan hikoyalari orqali isbotlab, ko‘rsatib berdi. U bu hikoyalarni adabiyotni yengil-elpi g‘oyalar, turli manfaatlar quroli qilib olganlarga qarama-qarshi yaratayotganday edi. U aynan xalqining kamsitilgan, tahqirlangan, eskilik qoldig‘i sifatida baho berilgan, chetga surilgan fazilat va an’analarini ko‘z-ko‘z qilish, ulug‘lash bilan o‘z adabiy yo‘lini mustahkamlab borardi. Bu hikoyalarda bir narsa aniq ko‘rinardi: dovruq solishayotganidek Yaponiyaning qudrati uning jangovarligida ham, Yevropa tamaddunini ko‘r-ko‘rona qabul qilishida ham emas, balki ezgulik va go‘zallik bilan uyg‘un yashayotganida, aynan ana shu fazilatlarni asrlar davomida hayot tarziga aylantira olganidadir. Xalqning qudrati uning azaliy ildizlarida, sarchashmalarida. Ehtimol, aynan shuning uchun adib VIII – IX asrlarga xos qadim syujetlarni asarlariga olib kirgandir. Yozuvchi bu syujetga tayangan holda asarlarida o‘z davrining hikmatlarini yarata boshladi.
Shu ma’noda uning «Dastro‘mol» hikoyasi xarakterlidir. Hikoya Tokio universiteti professorining o‘z xonasida shved yozuvchisi Strindbergning drama nazariyasiga oid maqolasini o‘qib, hayratlanib, ayni paytda, chuqur mulohozaga berilib o‘tirgani bilan boshlanadi. Maqoladan mutaassir bo‘lgan professor xuddi o‘sha davr yangi yaponlari hamda nazariyachilari kabi o‘z xalqining taqdiri haqida chuqur o‘yga beriladi. Ellik yil oldin bunaqa universitet qayerda edi, yana o‘zining mutaxassisligi – kolonial nazariya qayerda edi? Ellik yil ichida Yaponiya tasavvur qilib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Mana, Susimida pushkalar o‘q otib dunyoni larzaga solyapti, dunyo Yaponiya bilan hisoblashyapti, unga tan beryapti. Bundan g‘ururlangan professor hammasi Yevropa bilan hamkorlikda, ularning taraqqiyot yo‘lini tanlaganimizda degan xulosaga keladi. Ammo ma’naviy jihatdan ishlar qoniqarli emas. Professorning nazdida, yaponlar Strindbergning maqolasidagi fikrlardan ancha orqada qolganday, fikr va ma’naviyati o‘ta tarqoqdek. Professor xalqni tarqoqlik botqog‘idan olib chiqadigan yo‘llar va usullar haqida o‘zicha mushohada ham qiladi. Shunday yo‘llardan biri samuraychilik – harbiy tartib, harbiy intizom. Harbiy intizomgina bu xalqni ma’naviy tarqoqlikdan xalos qila oladi. Harbiy intizomgina yaponlarni yevropaliklarga tenglashtira biladi, bu xalqni harbiy intizom bilan tarbiyalash kerak degan xulosaga keladi. Shu payt uning qabuliga talabasining onasi kelganini xabar qilishadi. Ayolni qabul qilgan professor kasal talabasining ahvolini so‘raydi. Ayol sovuqqina qilib, yuz ifodalarini o‘zgartirmay o‘g‘lining vafot etganini, shuni bildirish uchun oldiga kelganini aytadi. Xabarni ayol shu darajada xotirjam, xuddi oddiy gapdek aytadiki, professor taajjubda qoladi. Boyagi maqola ta’sirida yaponlarning qanchalar qoloq va ma’naviy tarqoq ekani haqidagi xulosasi to‘g‘riligiga yana bir karra ishonadi. Bolasining o‘limini ham oddiy hodisadek qabul qilyapti va bildiryapti. Professor ayolning yuziga, ko‘zlariga qarab ham hech qanday o‘zgarish sezmaydi. Bu holdan yana bir marta xalqning ma’naviyatini isloh qilish kerakligi haqida o‘ylaydi. Ammo shu payt qo‘lidan tushib ketgan yelpig‘ichni olish uchun stol tagiga egiladi va tasodifan ko‘zi ayol ikki qo‘li bilan ushlab turgan dastro‘molga tushadi: ayol ro‘molchani barmoqlariga o‘rab shunday tarang tortib turibdiki, go‘yo ro‘molchani qo‘yib yuborsa, birdan portlab ketadigandek, barmoqlar ichki azobni boshqarolmay qaltirab ketmoqda edi. Professor shu daf’a hammasini tushunadi: ayol yot odamga ojizligini oshkor qilmaslik uchun o‘zini ro‘molcha yordamida zo‘rg‘a ushlab turibdi, ayni damda, o‘zini ulug‘ millatga xos tarzda o‘ta ulug‘vor tutyapti. Aslida, ayolning ichida uqubatning bo‘roni aylanib yuribdi. Professor o‘zi o‘ylagan harbiy intizom yaponlarning botinida bor degan xulosaga keladi. Shu yerda davrning mafkurasi bilan xalqini baholagan professorning bor qiyofasi fosh bo‘lib qoladi. Xalqni qayta tarbiyalashga hech qanday hojat yo‘q. Aksincha, har qanday taraqqiyot xalq botinidagi, xalq shuuridagi fazilatlarni, uning ulug‘vor qudratini, kuchini topa olishi shart va o‘shalarga suyanish kerak.
Mana shu kichkina hikoya Akutagavaning yapon xalqiga, o‘z davri qarashlariga nisbatan bir istehzosi edi. Jikkakkina, oddiy yapon ayolini u kichkina hikoya bilan yapon xalqining ko‘ngli, botini, qudrati timsoliga aylantirdi. Bu va boshqa hikoyalar adibning o‘sha davrdagi xalqni tushunmay, uni mensimay turib Yaponiya uchun yangi taraqqiyot yo‘llarini izlayotganlarga javobi edi.
Akutagava ijodini tahlil qilgan tadqiqotchilar uning «Rasyomon darvozasi» hikoyasini ijodining gultoji deb baholaydilar va adib merosini undan ijtimoiy mazmun izlovchilar o‘zicha, diniy hikmat izlovchilar o‘zicha, yangi novella an’analarini izlaganlar o‘zicha, milliylik birlamchi deyuvchilar o‘zicha sharhlaydilar, tabiiyki, har biri ko‘rpani o‘z tomoniga tortadi. Fikrlar, talqinlar qanchalik rang-barang bo‘lsa, xilma-xil tus olsa, Akutagava ijodi shunchalik yuksaladi, shunchalik ulug‘vorlashadi. Uning yapon mifologik qatlami ustiga qurilgan asarlarida sof yapon xarakteri, dunyoqarashi, psixologiyasi aks etdi, shu sababli bu hikoyalar o‘lmasdir, ya’ni asar qancha milliy bo‘lsa, shuncha umuminsoniy bo‘lishi isbotlandi.
Biroq Akutagavaning buyukligi ijodining faqat milliyligidagina emas, balki XX asr badiiy tafakkurini yangilashga qo‘shgan hissasidadir. Akutagava o‘z xalqi sarchashmalarini yangi nigoh, dunyoning eng ilg‘or adabiy an’analari va uslublari asosida o‘rgandi. U bu paytda dunyo adabiyoti va uslublaridan to‘la xabardor, A.Frans, Bodler, Edgar Po, Nitsshe, Shopengauer, Gogol, Chexov, Tolstoy, Dostoyevskiy kabi so‘z san’atkorlarini o‘zining ustozi deb bilardi, G‘arbning yangi adabiy an’analari va shakllarini milliy adabiyotga ustalik bilan olib kirdi. Aynan shu ma’noda uning hayrat va uqubat bilan aytilgan: «Butun dunyo Bodlerning bir satriga arzimaydi!» – degan aforizmi mashhur bo‘lib ketgan.
«Rasyomon darvozasi» hikoyasi uning ijodiy dunyosini to‘liq tahlil qilish imkonini beradi. Adib Rasyomon darvozasini, ya’ni ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi darvozani faqat IX asrga xos miflar va cho‘pchaklarda qoldirmaydi. Xuddi G‘arbdagi adabiy maslakdoshi Kafka kabi bu kichik, mavjud asotirni XX asr yapon kishisi ma’naviy dunyosi va yapon jamiyatini tahlil etuvchi vositaga aylantiradi. Aql bovar qilmas yovuzlik faqat miflarda mavjudmas. Inson insonga yotligi faqat miflarda qolib ketmagan. Mif o‘tmish, ya’ni ibtidoiy insonlar dunyoqarashigina emas. Mif inson ongida, qalbida, shuurida yashaydi. Jamiyat va ijtimoiy munosabatlarning o‘zi mif. Odamzod miflardan – yovuz ma’budlardan, ajina, alvasti va yovuzlik kuchlaridan qutulgani yo‘q. Ular faqat boshqacha ko‘rinish olgan. Har bir kirish va chiqish darvozasida marhumlar hisobiga kun ko‘ruvchi kampir qiyofasida o‘z qurbonini poylab turadi. Bu «mif»ni his etish va ko‘rish uchun Akutagavaning ko‘zi bilan dunyoga, hayotga qarash kerak. Demak, Rasyomon darvozasi insonning o‘zida, uning ongida. Yovuzlik va ezgulik, ko‘pgina tadqiqotchilar yozayotgandek, qadim yapon bitiklariyu afsonalarida emas, inson qalbida kurashadi. Akutagava o‘zining hikoyalari orqali inson ongidagi Rasyomon, inson ongidagi changalzorlar, qotilliklar, xudbinliklar, yovuzlik haqida gapiradi. Bu hikoya mif emas, XX asr kishisi psixologiyasi, hayoti, yashash tarzi haqidagi badiiy hujjatdir. Hikoyadagi insonning insonga yotligi, dushmanligi, kuchlining kuchsiz hisobiga yashashi shakli o‘zgarsa ham, o‘sha miflardagi kabi o‘z mohiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Akutagava shunday degan: «…Qadimgi va zamonaviy inson qalbi deyarli bir xil, zamonlar o‘zgargan, ammo u o‘zgarmagan. Bor haqiqat shu».
Akutagavaning «Chakalakzorda», «General», «Ma’budlar istehzosi», «Ezgulik uchun to‘lov», «Avliyo», «Bog‘», «Rokunomiya xonim», «O-Tomining muruvvati», «Uch xazina», «Zulmatdagi dialog», «Tishli g‘ildirak», «Telbaning hayoti» kabi o‘nlab asarlari jahon adabiyotining o‘lmas xazinasiga aylandi. U har bir detalda davrning ko‘z ilg‘amas fojiasi va adashishini, xato va xudbinligini, yolg‘on va soxtaligini aks ettirar, fosh qilardi. Oxir-oqibat u novellalari, esselari, «Pigmey bitiklari» kabi aforizmlari bilan san’at, adabiyot o‘z xalqining, o‘z davrining vijdoni va urib turgan qalbi bo‘lishi kerakligini isbotladi.
O‘limidan so‘ng sakson yildan ortiq vaqt o‘tgan va zamonlar evrilib ketgan bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i 35 yil umr ko‘rgan, shundan ham nari borsa o‘n yilini tom ma’noda adabiyotga bag‘ishlay olgan, XX asr yapon adabiyotining klassigi Ryunoske Akutagavaning adabiy merosi hozirgacha nafaqat Yaponiyada, balki butun dunyoda bahs-munozaralar markazida. Zero, tadqiqotchilar, san’atshunoslar Akutagava novellalaridan so‘ng yapon adabiyotida realizm imkoniyati tugadi, undan keyin nasrda yozishning zarurati qolmadi deb da’vo qilishganda adibning o‘zi hali tirik edi va u bu maqtovlarga istehzo to‘la sukutli nigohi bilan javob berardi.
Akutagava umr bo‘yi onasidan o‘tgan asab kasalligidan azob chekdi. Bu kasallikni, uning zil-zambil bosimini unutish uchun bor kuchini adabiyotga sarfladi. Ba’zi yillar to‘qqiz oy ichida 20 ta novella va esse, maqolalar e’lon qilgan paytlari ham bo‘ldi. U kasallikni unutish uchun o‘zini san’atga urdi, bu olamda bir oz orom olganday his etdi. Aynan adabiyot va ijod zavqi tufayli kasallik bilan qariyb o‘n besh yil olishdi. Akutagava o‘z davrida yozuvchi uchun kerak bo‘lgan hamma narsaga: shon-shuhratga, moddiy ta’minotga, ustma-ust nashr etilayotgan kitoblarga ega bo‘ldi. Dunyo adabiyotida kamdan-kam shaxslarga nasib qiladigan e’tirof – hayotligi davrida «tirik klassik» degan maqomga erishdi.
«Jahannam azobi» hikoyasida xuddi o‘zining kasalligi bilan olishish jarayonini tasvirlaganday taassurot uyg‘onadi. Hikoyada hukmdor mashhur saroy rassomi Yosixidega do‘zax azobini tasvirlashni buyuradi. Yosixide shunchalik ulug‘ rassomki, u rasmida tasvirlagan voqea albatta sodir bo‘ladi. Ammo uning bitta aybi bor: ko‘rmagan narsasini chizolmaydi. Hukmdorning buyrug‘ini bajarish uchun rassom olti oy urinadi. Olti oydan so‘ng kareta ichida yonayotgan ayol suratini chizib keladi. Rassom men rasmni faqat xayolim kuchi bilan tasvirladim, ammo haqiqiy chiqmadi, ko‘nglim to‘lmadi, chunki do‘zax azobini ko‘rmaganman deydi. Hukmdor undan yashirib karetaga Yosixidening qizini bog‘lab yoqib yuborishni va o‘sha tasvirni rassom chizib berishini tayinlaydi. Yosixide yonayotgan karetaga qarab rasm chizishni boshlaydi. Faqat eng so‘nggi lahzalardagina kareta ichida yonayotgan o‘z qizi ekanini bilib qoladi. Dovdiraydi, hukmdorning maqsadini tushunadi. Shunda ham chizishdan to‘xtamaydi: bunday uqubatni rassom o‘tkazib yuborishi mumkin emas deb hisoblaydi va qizining yonishini bo‘yoqlar vositasida matoga muhrlaydi. Bu bilan unga azob bermoqchi bo‘lgan hukmdor ustidan g‘alaba qiladi: o‘z azobini mangulikka chizib qoldiradi. Endi uning chizgani insoniyat mulki sifatida hukmdordan ko‘proq yashaydi va undan ko‘proq shon-sharafga erishib, odamlarni asl hodisadan ogoh qiladi.
Akutagava o‘z hikoyasi qahramoni Yosixidening: «Har qanday qurbonlik, har qanday gunohni faqat san’atgina ko‘tara oladi», – degan gapini yaxshi ko‘rardi. U san’at uchun o‘zini qurbon qilganlardan edi. Faqat san’atgina unga bu dunyoda azob-uqubat bilan kurashishga kuch, quvvat bag‘ishlab turardi, faqat san’atgina insoniyatni aynib ketishdan, buzilishdan asrab qola oladi deb tushunardi. Akutagava shu e’tiqod bilan yashadi, shu e’tiqod bilan ijod qildi. Hikoyalari, ularda ko‘tarilgan fikr va g‘oyalar bilan o‘z davri qarashlarini tubdan o‘zgartira oldi, o‘z davri ijodiy jaryonining insonparvarlik tomon og‘ishmay borishini ta’minladi va boshqalarni ham shunga da’vat qildi.
Ammo oxir-oxibat kasallik uni yengdi. Uning ijodini, u intilgan va targ‘ib qilgan, ideallashtirgan g‘oyalarni tushunmay, san’at mohiyatini to‘liq anglamay turib uni «qadim yapon an’analariga yopishib olgan eski uslubdagi adib» deya ayyuhannos solgan, keyin «tirik klassik» deya atagan zamonasiga nisbatan o‘z umrini, o‘z tuyg‘ularini qizg‘andi va 35 yoshida o‘zini o‘zi o‘limga hukm etdi.
Akutagavadan katta hajmli adabiyot emas, balki boy, sermazmun, eskirmaydigan adabiy meros qoldi. U o‘z ijodida XX asr boshidagi Sharq va G‘arb an’analarini birlashtirdi – Sharqqa o‘qib bo‘lingan ertak, mif deya qarovchilarga Sharq abadiy va azaliy san’at sifatida insoniyat badiiy tafakkurining tayanchi bo‘lib qolaverishini isbotladi.
Akutagava qadim yapon bitiklarini, syujetlarini qayta ishlab XX asr bitiklariga, XX asr miflariga aylantirdi. 80 yildan oshdiki, butun dunyo bu bitiklarni, bu miflarni – o‘zi, ko‘ngli, orzu-armonlari haqidagi haqiqat-ertaklarni o‘qishda davom etmoqda.
Nazar Eshonqul