Dilbar Qambarova. O‘rta Osiyo A.S.Pushkin nazdida

http://n.ziyouz.com/images/pushkin1.jpg

XIX asr rus adabiyotining buyuk shoiri Pushkin sharqshunoslikka, sharq adabiyotiga oid asarlarni o‘qib o‘rgangani, ulardan ta’sirlanib asarlar yozgani bizga ma’lum. Bu asarlar shoir turli ilmiy va adabiy manbalar orqali O‘rta Osiyo haqida ma’lum bir tasavvurga ega bo‘lgan degan xulosaga olib keladi. O‘rta Osiyo xalqlari haqidagi ma’lumotlar shoir ijodining dastlabki davrlaridayoq uchraydi.

Mana shoirning 1819 yil iyul oyida yozilgan “Orlovga” she’ri (u birinchi marta “Severnaya zvezda” almanaxida 1829 yilda e’lon qilingan).

Pushkin bu she’rda:

“V buxarskoy shapke i v xalate
Ya budu pet moix bogov”

deb yozadi. Demak, shoirga 20 yoshidayoq Buxoro, buxoroliklar, ularning ki-yinish tarzi ma’lum bo‘lgan va u o‘zini buxoroliklar libosida tasavvur qila olgan. Pushkin bu davrda buxoroliklar deganda O‘rta osiyolik savdogarlarni tushungan, ular olib kelgan savdo mollari orqali ularning kiyinish tarzini tasavvur qilgan deb taxmin qilish mumkin. Pushkinning buxoroliklar haqidagi tasavvuri tobora mukammallashib borgan. Shoir “Evgeniy Onegin” (asar ustida 1823-1830 yillarda ish olib borgan) da ham buxoroliklarni eslatib o‘tadi. Pushkin dostonda Peterburg manzarasini chizar ekan “Buxoroliklarning ko‘k polizlari” degan iborani ishlatadi. “Orlovga” she’rida buxoroliklar savdogar sifatida ko‘ringan bo‘lsa, “Evgeniy Onegin”da bobodehqon qiyofasida namoyon bo‘ladilar.

Pushkin buxoroliklar haqida tasavvurgagina ega bo‘lib qolmay, ularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Qaysidir baxtiyor buxorolik – tujjor vatandoshimiz buyuk shoir bilan yuzma-yuz gaplashgani sezilib turibdi.

Pushkinning 1830 yil 12-13 maylariga mansub o‘z hayotiga bog‘liq qoralamalarida mana shu buxorolik savdogar tilga olinadi. Ma’lumki, shoir 1830 yil 6 mayda Natalya Nikolayevna Goncharova bilan unashtiriladi.

“Taqdirim hal bo‘ldi, uylanayapman” deb boshlanadigan yuqoridagi qoralamada: “Barcha mening baxtimdan mamnun, barcha meni muborakbod qilmoqda, barcha menga mehr bilan qaraydi. Hamma menga o‘z xizmati bilan iltifot ko‘rsatish istagida: birov uyini taklif qilmoqda, birov qarz berib turmoqchi, birov shohi ro‘mollar, birov buxorolik tanishini olib kelgan”, – deb yozadi. Peterburgday markazda kimnidir boshqani emas, aynan buxorolik savdogarni olib kelib, Pushkinga iltifot ko‘rsatmoqchi bo‘lishgan ekan, bu hol buxoroliklarning mavqei qanchalik yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi, albatta. Buxoroliklar faqat Peterburgda emas, Rossiyaning boshqa shaharlarida ham shunday obro‘ga ega edilar.

Rossiya bilan O‘rta Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning asosiy markazi bo‘lgan Tobolsk, Orenburgda ham buxoroliklar nihoyatda faol bo‘lishgan.

Abdulg‘ozi Bohodirxonning “Shajarai turk” asarini nemis tiliga tarjima qilgan F.I.Stralenberg ham bu asarni Tobolskda Buxoro savdogarlaridan sotib olgan.

A.S.Pushkin asarlari sahifalarida Buxoro savdogarlari qayta-qayta uchrab turadi. “Pugachyov tarixi” asarida Orenburg yo‘llarida biz yana buxoroliklar bilan duch kelamiz. Mazkur asarning uchinchi bobida Pushkin Pugachyovning boshqird oqsoqollariga buxoroliklardan tortib olingan tuyalar va savdo mollarini taqdim qilganligi haqida xabar beradi.

A.S.Pushkinning bu ma’lumoti asosida real tarixiy fakt yotadi. Chunonchi, 1773 yili Orenburg Pugachyov tomonidan qamal qilinganda talon-taroj bo‘lgan Buxoro savdo karvoni buxorolik elchi orqali graf N.P.Paninga shikoyat qilgan. Pushkin Pugachyov tomonidan talangan buxorolik savdogarlar haqida ancha batafsil ma’lumotga ega bo‘lgan ko‘rinadi. U o‘zining “Kapitan qizi” qissasida Pugachyovning “Oltin saroyi”ni ta’riflaydi. Bu saroy aslida kazak Konstantin Sitnikovning uyi bo‘lgan. Pushkin 1833 yil “Pugachyov tarixi”ga materiallar to‘plash maqsadida Orenburgda bo‘lgan vaqtida uning o‘g‘li Karp Sitnikov bilan uchrashib, Pugachyov haqida ma’lumotlar olgan. Karp Sitnikov Pushkinga Pugachyovning oltin devorli qarorgohi haqida so‘zlab bergan. Pushkin “mana shu ma’lumotlardan “Kapitan qizi” qissasida samarali foydalanadi.”

Pushkinshunos R.V.Ovchinnikov yuqoridagi qarorgohni pugachevchilar saroyi deb atashgan, deydi. Aslida butun anjomlari nihoyatda oddiy bo‘lgan bu uyning devorlari zarhal qog‘oz bilan qoplangan, xolos. Pugachyov qarorgohi yupqa zarhal qog‘oz bilan qoplangani va xalq orasida “oltin saroy” nomi bilan shuhrat qozonganligi haqida ma’lumotlar bor. Shuningdek, R.V.Ovchinnikov zarhal qog‘ozlar qayerdan paydo bo‘lganligini ham aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Olimning arxiv materiallari asosida bayon qilishicha, 1778 yil oktyabrining oxirlarida Orsk qal’asi yonida pugachevchilar buxorolik savdo karvonini to‘sib uni Berdagacha haydab borishgan. Bosib olingan mollar ichida 20 quti Buxoroning zarhal qog‘ozlari bo‘lgan. Shundan uch qutisini Pugachyov o‘z qarorgohini bezash uchun ishlatgan va qolganini 2300 so‘mga Musa Uleev degan tatar savdogariga sotgan.

Demak, A.S.Pushkin “Kapitan qizi”da Pugachyovning zarhal qog‘oz yopishtirilgan qarorgohi haqida fikr yuritar ekan, Buxoro savdo karvoni bilan bog‘liq real tarixiy faktga asoslangan.

Pushkinga Orenburgda faqat buxoroliklar emas, umuman O‘rta Osiyo xalqlari juda katta savdo ishlarini olib borishlari ham ma’lum bo‘lgan. U “Pugachyov tarixi”ga sharhlar yozar ekan, Orenburgdagi savdo saroyiga P.I.Richkovning “Orenburg topografiyasi” asaridan keltirilgan parchalar orqali izoh beradi. Bu parcha P.I.Richkov savdo saroyini har tomonlama ta’riflab bergan edi. Richkovning yozishicha, bu savdo saroyida maxsus ajratilgan doimiy joyga ega bo‘lib, 98 ta do‘kon va 8 ta omborni egallagan osiyoliklar erta bahordan to kech kuzgacha savdo ishlari bilan mashg‘ul bo‘lganlar.

A.S.Pushkinning Buxoro va buxoroliklar haqidagi fikrlari uning “Pyotr tarixi” asarida ham o‘z ifodasini topgan.

Biz A.S.Pushkin ijodini, ayniqsa, tarixiy asarlarini kuzatsak, u O‘rta Osiyo tarixi haqida yozilgan asarlar hamda ba’zi tarixiy shaxslar hayoti bilan tanish bo‘lgan, degan xulosaga kelamiz.

Pushkin Amir Temurning g‘olibona janglari va Rossiyaga yurishi haqida ma’lumot beradi. Shoir jahongirning hayoti va harbiy yurishlari tarixini shunchalik chuqur o‘rganganki, “Pugachyov tarixi”da Amir Temurning Rossiyaga yurishi haqidagi afsonalari xronologik chalkashliklarga ega ekanligini ko‘rsatib o‘tadi. Pushkin ijodini sinchiklab kuzatib, u o‘z davrida Amir Temur haqida Yevropa Rossiyada ma’lum bo‘lgan manbalarning barchasidan xabardor bo‘lgan degan xulosaga kelamiz. Eng avvalo, Pushkin Amir Temur haqidagi xalq afsonalari bilan tanish bo‘lgan. U afsonalardagi ba’zi jiddiy xatolarni to‘g‘rilab, “Pugachyov tarixi” asarida foydalangan. Pushkin Amir Temur haqidagi ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun xalq afsonalarini N.M.Karamzinning “Rossiya davlati tarixi” asari bilan qiyoslaydi va uning Amir Temur Rossiyaga 1395 yilda yurish boshlaganligi haqidagi ma’lumotlariga asoslanadi. Shuningdek, Pushkin Ural kazaklarining Don kazaklaridan kelib chiqqanligi haqidagi afsona (bu afsonani Pushkin Uralsk va Gurevda o‘zi eshitgan edi – D.K.) noto‘g‘riligi haqida fikr yuritar ekan: “Temurlang davrida Don kazaklari hali mavjud bo‘lmagan va tarixda biz ular haqidagi ma’lumotlarni XVI asrgacha uchratmaymiz. Ular Azov kazaklari bilan bitta xalq bo‘lgan degan fikrga qo‘shilgan taqdirda ham, janob Karamzinning yozishicha, ular haqidagi birinchi ma’lumot solnomalarda dastlab 1489 yil, ya’ni Temurlang yurishidan yuz yil keyin eslatib o‘tiladi”, – deb yozadi.

Amir Temur, umuman, o‘zbek xal-qi tarixiga oid ma’lumotlar N.M.Karamzinning “Rossiya davlati tarixi” asarida juda batafsil berilgan.A.S. Pushkinning O‘rta Osiyo haqida bilim olishi uchun asosiy manbalardan biri bo‘lgan bu asar faktik materiallarga boyligi, tarixiy aniqligi va ilmiy teranligi bilan ajralib turadi. Bu xususiyatlar uning Amir Temur tarixini bayon etuvchi bilimlariga ham xosdir. Amir Temur haqida fikr yuritar ekan: “Chig‘atoy” mo‘g‘ullari imperiyasidagi nochorgina bekning o‘g‘li bo‘laturib, 35 yoshida Chig‘atoy davlatining yakka hukmdori va sohibqiron yoki jahongir bo‘lib shuhrat qozondi… dunyoning uchdan bir qismidagi 26 davlatning hukmdoriga aylandi”, – deb yozadi N.M.Karamzin.

N.M.Karamzin Amir Temurning Rossiyaga yurishi haqida hikoya qilar ekan, to‘satdan orqaga qaytib ketganligi haqida shunday fikr yuritadi: “Temurlang o‘z yurishini kuzning yog‘ingarchilik kunlarida davom ettirishni istamadi. Shuningdek, Rossiya Misr va Suriya singari hashamatli bo‘lib ko‘rinmadi”. Jahongir o‘z rejasini nima sababdan o‘zgartirganligini izohlovchi bu fikr mantiqiy asosga ega. N.M.Karamzin Amir Temurni “sohib karam”, “jahongir”deb ataydi. “Sohib karam” so‘zi aynan ishlatilgan va Amir Temur haqidagi ma’lumotlar Sharq tarixchilari asarlaridan olinganini aniq ko‘rsatib o‘tadi. Yozuvchi o‘z asariga yozgan sharhlarida bu manbani ham ko‘rsatib o‘tgan. N.M.Karamzinning Amir Temur haqidagi hikoyalari Erbelotning Sharqiy kutubxonasidagi: “Temur tarixi” bo‘lib, bu asar Peti Dela Krua tomonidan frantsuz tiliga tarjima qilingan Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si edi.

N.M.Karamzin asari orqali A.S. Pushkin faqatgina Amir Temur emas, temuriylar sulolasi va uning yirik namoyandalaridan biri bo‘lgan Bobur taqdiri haqidagi ma’lumotlar bilan ham tanishgan deyish mumkin. Chunki Pushkin N.M.Karamzinning mazkur asarini juda diqqat bilan o‘rgangan. Karamzin haqidagi xotiralarida Pushkin “Rus tarixining dastlabki sakkiz tomi paydo bo‘ldi, men ularni chaqqonlik va diqqat bilan to‘shakdayoq (chunki Pushkin bu paytda betob edi – D.K.) o‘qib chiqdim”, – deb yozadi.

N.M.Karamzin asarida O‘rta Osiyo xalqlari tarixiga oid ma’lumotlar nihoyatda ko‘p, ular aniq va batafsil sharhlangan. A.S.Pushkin esa bularning barchasini chuqur o‘rganib chiqqan edi. Hamma tarixchilar ham Pushkinning bunchalik ishonchiga sazovor bo‘lishmagan. Masalan, Pushkin Abdulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarai turk” asari sharhlovchisi ilgari surgan Ural kazaklari qadimiy qipchoq urug‘laridan kelib chiqqan degan ma’lumotlarni shubha ostiga oladi. N.M.Karamzin asariga esa e’tiqod bilan qaraydi va o‘z fikrlarini asoslash uchun “Rossiya davlati tarixi”ga qayta-qayta marojaat qiladi.

Shuningdek, Pushkin odessalik olim, adabiyotchi, davlat arbobi A.I.Levshinning asarlarini ham diqqat bilan o‘rgangan. A.I.Levshin asarlari esa O‘rta Osiyo xalqlarining tarixi, geografiyasi, etnografiyasi va madaniyatiga oid, ma’dumotlar qomusi hisoblanardi.

A.S.Pushkinning shaxsiy kutubxonasida A.I.Levshin yozgan “Qirg‘iz-qozoq yoki qirg‘iz-qaysak o‘rda va cho‘llarining tavsifi” nomli uch jilddan iborat salmoqli asar saqlanadi. Mazkur asar 1832 yilda nashr etilgan. Pushkin bu asarni diqqat bilan o‘rgangan. U “Pugachyov tarixi”da juda ko‘p martalab Levshin asariga murojaat qiladi, tarixiy faktlarni izohlashda unga asoslanadi.

Qozoq xalqi tarixi, geografiyasi va etnografiyasini yoritishga bag‘ishlangan mazkur asarda, o‘zbek xalqining tarixi, kelib chiqishi, o‘zbek xonlari hukmronlik qilgan viloyatlar haqida ham ma’lumotlar beriladi. “Jo‘ji va Chig‘atoy hukmronligining zaiflanishi va yemirilishi natijasida Chingizxon o‘g‘illariga va avlodlariga mansub qabilalar o‘rtasida o‘zaro urushlar avj oldi. Xorazm va Movarounnahrni egallagan o‘zbeklar hukmronligi hammadan ko‘ra mustahkamroq bo‘lib oldi”.

Shuningdek, A.I.Levshin Boburning qozoq xonlaridan Arslon bilan qarindosh ekanligi, uning nihoyatda qudratli hukmdor bo‘lganligidan shaxsan xabardorligi va bu haqda o‘z asarida yozganligi haqida hikoya qiladi.

Agar Pushkin Levshinning mazkur asarini diqqat bilan o‘rganganligini, “Pugachyov tarixi”da asosiy manba sifatida foydalanganini e’tiborga olsak, ulug‘ shoir Boburni Buyuk imperiya asoschisi sifatidagina emas, “Boburnoma” muallifi – zabardast yozuvchi sifatida ham bilganligi ma’lum bo‘ladi.

A.S.Pushkinning O‘rta Osiyo, o‘zbek xalqi tarixi, Amir Temur, Bobur singari tarixiy shaxslar haqidagi bilimlarni “Pyotr tarixi” asari ustida ishlayotgan paytda yanada kengaygan.

Pushkin Pyotr davrini yorituvchi arxiv materiallari, solnomalar, tarixiy asarlarni o‘rganar ekan, O‘rta Osiyo, xususan, o‘zbek xalqi tarixiga, O‘rta Osiyoning Rossiya bilan aloqalariga oid faktlarga duch keladi. Chunki bu davrda Rossiyaning O‘rta Osiyo bilan munosabatlarini rivojlantirish Pyotrning xalqaro siyosatdagi asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan. Pyotr O‘rta Osiyoga katta qiziqish bilan qaragan. Uni Buxoroda, Amudaryo qirg‘oqlarida oltin qum borligi to‘g‘risidagi taxminlar, ayniqsa, qiziqtirgan. Shuning uchun u bizning yurtimizni o‘rganishga intilgan, turli ekspeditsiyalar uyushtirgan.

Pushkin “Pyotr tarixi”da bu fakt-ni qayd etib o‘tadi. “Sibir gubernatori knyaz Gagarin kichik Buxariyadagi qalmiq viloyatiga qarashli Erketi shahri yaqinida oltin qum borligi haqida xabar qildi. Pyotr bu haqda shu paytda Peterburgda bo‘lgan Xiva elchisidan so‘radi. U mazkur ma’lumotni tasdiqladi va Katta Buxariyada Amudaryo qirg‘oqlarida ham xuddi shunday oltin qum borligini aytdi.

Bu o‘sha o‘lkalarni o‘rganishga bahona bo‘ldi, keyinchalik esa Hindiston bilan savdo aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risidagi fikrni tug‘dirdi”.

Shundan so‘ng Pyotr Xivaga ekspeditsiya yuborgan. Uning bu ekspeditsiyasidan maqsadi bir tomondan oltin qum topish bo‘lsa, ikkinchi tomondan O‘rta Osiyo orqali Hindistonga suv yo‘li ochish edi. Pushkin bu voqealarning barchasini yilma-yil bayon qiladi. U 1716 yil voqealarini hikoya qilar ekan, “Libavaga Petr yoniga cherkas knyazi Bekovich keldi. U 1714 yil Astraxan va Kaspiy dengiziga Amudaryo qirg‘oqlaridagi oltin qumni aniqlash uchun yuborilgan edi. Petr gvardiya kapitani Bekovichni Xivaga yo‘lladi va uning yoniga poruchik Kojinni qo‘shdi”, – deb yozadi.

Biz Pushkinning tarixiy asarlarini kuzatar ekanmiz, uning siyosiy va tarixiy voqealarni, Pyotr faoliyatini yetuk tarixchi sifatida bayon etganligini ko‘ramiz. Pushkin Pyotrning faoliyati tarixini o‘rganar ekan, o‘z asarida Pyotrning hayoti va faoliyatiga oid barcha hodisalarni emas, uning siyosiy qarashlarini, iqtisodiy va madaniy qiziqishlarini o‘zida ifoda etuvchi eng muhim faktlarni bayon etishga harakat qiladi. Pyotrning O‘rta Osiyoga qiziqishlari, bu o‘lkani o‘rganish taraddudida bo‘lganligini ifoda etuvchi faktlar Pushkinning diqqat-e’tiborida bo‘lgan. O‘rta Osiyoga qiziqish va uni o‘rganishga bo‘lgan taraddud Pyotr faoliyatida muhim o‘rin tutadi deb hisoblagani uchun ham Pushkin ularning birortasini e’tibordan chetda qoldirmaslikka intilgan.

Pushkin Pyotr hayotidagi 1716 yilga doir voqealarni hikoya qila turib, uning Peterburgda bo‘lgan Buxoro elchisini to o‘zi yetib kelmaguncha ushlab turish haqidagi buyrug‘ini alohida ta’kidlaydi.

Shuningdek, Pushkin Bekovichning Xiva ekspeditsiyasini butun tafsilotlari bilan bayon qiladi. Bekovichning qaysi yo‘l bilan Xivaga yetib borganligi, ekspeditsiya tarkibi, Bekovich tomonidan Xiva xoniga elchilar yuborilganligi, ularning bedarak yo‘qolishi Pushkin tomonidan batafsil tasvirlangan. Bekovich ekspeditsiyaning yo‘l sarguzashtlari tasviridan so‘ng Pushkin uning Xivaga kirib borganligi va undan keyingi voqealar haqida batafsil hikoya qiladi.

Bu hikoyalar Pushkinning o‘zbek xalqi tarixiga oid faktlardan qanchalik xabardor ekanligini ko‘rsatadi: shuning uchun biz bu hikoyani batafsil keltirishni lozim topdik. “Bekovich Xivaga yetib bordi. Uni Xiva xoni Sherg‘ozi boshchiligida 24.000 askardan iborat qo‘shin qurshab oldi. Ularning muvaffaqiyatsiz hujumlari uch kun davom etdi. Bekovich ilgarilab boraverdi. Xiva aholisi shaharni tashlab keta boshladi. Shu paytda Bekovichga xotini (Boris Alekseevichning qizi knyajna Golitsina) ikki farzandi bilan Volgada cho‘kib ketganligi haqida xabar yetib keldi. U umidsizlikka tushib, es-hushini yo‘qotib qo‘ydi. Sherg‘ozi esa hiyla ishlata boshladi. U Bekovichni muzokara uchun o‘z oldiga chaqirib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Asir tushgan Bekovichning farmonlariga Frankenberg ham aldanib qoldi. Rossiyaliklarning barchasi tutib qatl qilindi. Bekovich va Frankenberg ham halok bo‘ldilar. Xiva xoni esa o‘zimni ham, sizlarni ham shunday xavfli dushmandan xalos qildim degan maqtanchoqlik bilan bechora Bekovichning kallasini Buxoro xoniga yubordi. Buxoro xoni esa Pyotrga xushomad qilib, Sherg‘ozini qahr-g‘azab bilan “odamxo‘r” deb atadi. Pyotr Buxoro xoni orqali o‘z ishlarini davom ettirishni o‘ylab, uning huzuriga chet elliklar kollegiyasining sekretari Florio Benevinni yubordi”.

Pushkin asaridan keltirilgan bu parchalar Xiva tarixining ayrim sahifalarini yoritadi. Lekin Pushkin Xiva to‘g‘risida o‘z asarida keltirgan faktlardan ko‘ra ko‘proq ma’lumotlarni bilgan.

Chunki Pushkinga P.Richkovning “Orenburg topografiyasi” asari yaxshi ma’lum edi. Pushkin bu asardan “Pugachyov tarixi”ni yozayotgan paytda foydalangan va birgalikda nashr ettirgan “Orenburg topografiyasi”da “Xiva xivaliklar haqida” degan maxsus bob bor. Bu bobda P.Richkov Xivaning geografik, etnografik va tarixiy tasvirini beradi. Mazkur asarning Pushkin shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi 73-78-sahifalar shoir tomonidan belgilab qo‘yilganligini ko‘ramiz. Bu sahifalarda esa Nechay va Shamayning Xiva yurishlari hikoya qilinadi. Pushkin bu hikoyani “Pugachyov tarixi” uchun yozgan sharhlarida to‘liq keltiradi.

Xiva tarixidan tashqari Pushkin Buxoro va Samarqand haqida ham bir qancha ma’lumotlarga ega bo‘lgan. U Pyotr 1723 yilda bajargan ishlar to‘g‘risida fikr yuritganda uning O‘rta Osiyo, jumladan, Buxoro va Samarqand bilan savdo aloqalarini rivojlantirish to‘g‘risidagi rejalarini qayd qiladi. Pyotr Buxoro, Samarqand, Hindiston bilan aloqalarni mustahkamlash uchun Astrobodda pristan qurishni o‘ylagan. Pushkin Pyotrning mana shu tadbirlarini alohida ta’kidlab o‘tadi.

Pyotr davrida Buxoro va Samarqand Rossiyada ma’lum va mashhur bo‘lgan. Bu shaharlar bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan, savdo aloqalari rivojlangan. XIX asrga kelib Buxoro va Samarqand Rossiyadagi shuhrati yana ham oshgan. Pushkinning zamondoshi N.M.Karamzin o‘z asarida bu shaharlarni taraqqiy qilgan, madaniyat o‘chog‘i sifatida ta’riflaydi.

Yuqoridagi fikrlar asosida biz Pushkinning O‘rta Osiyoga qiziqishi, uni tanishi va o‘rganishi evolyutsiyasini kuzatishimiz mumkin.

A.S.Pushkin O‘rta Osiyo tarixi haqida O‘rta Osiyoga mansub tarixiy shaxslar va yozuvchilar (Amir Temur, Bobur, Sharafiddin Ali Yazdiy, Abulg‘ozi Bahodirxon) haqida ma’lumot beruvchi N.M.Karamzinning “Rossiya davlati tarixi” asarini 1818 yil fevralida o‘qigan. Demak, Pushkin 19 yoshidayoq O‘rta Osiyo to‘g‘risida ma’lum tasavvurga ega bo‘lgan, bu diyorga qiziqish bilan qaragan. Uning sharq mavzusidagi dostonlari bu qiziqishni aniq ko‘rsatadi. U 1820-1821 yillar mobaynida yozgan “Kavkaz asiri” dostoni:

Xayol do‘sti – muza tinmayin
Osiyoga otardi quloch,
Kavkazning yovvoyi chechagin
Uzar edi etgali gultoj, –

deb yozadi.

1824 yilda Pushkin A.I.Levshin bilan yaqin munosabatda bo‘ladi. Bu davrda Levshin O‘rta Osiyo xalqlari hayotiga oid materiallar ustida ishlayotgan edi. Shoir va olim o‘rtasidagi suhbatlarda ijodiy rejalar muhokama qilinishi tabiiy. Levshin bilan suhbatlar va uning “Qirg‘iz-qaysak o‘rda va cho‘llari tavsifi” asari bilan tanishuv Pushkinning O‘rta Osiyo haqidagi bilimlarini yana ham kengaytirdi. U Firdavsiy, Ulug‘bek, Bobur va uning buyuk imperiyaga asos solganligi, “Boburnoma” memuar asari muallifi ekanligi hamda boburiylar sulolasining tarixiy taqdiri to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Shoir 30-yillarning boshida “Pugachyov tarixi” asarini yaratish munosabati bilan P.Richkovning O‘rta Osiyo haqida mukammal ma’lumot beruvchi “Orenburg topografiyasi” asarini o‘rgandi. Bu asar O‘rta Osiyo xalqlarining tarixi, geografiyasi, etnografiyasiga oid qimmatli ma’lumotlarga boy edi. Pushkin bu ma’lumotlarni chuqur ilmiy o‘zlashtirganligi tarixiy asarlarida o‘z ifodasini topdi.

Dilbar Qambarova,

filologiya fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 6-son.