Roviyajon Abdullayeva. Meni alqamagan kishi qolmadi…

O‘tgan yili adabiyot ahli o‘lmas asarlari bilan butun dunyo adabiyotining yirik namoyandalari qatoridan o‘rin olgan olmon shoiri Haynrix Hayne (1797–1856) tavalludining 220 yilligini keng nishonladi.
Ma’lumki, Germaniyadagi 1618–1648 yillarda bo‘lgan 30 yillik urush nemis xalqini arosatda qoldirdi. Vestfaliya sulhi (1648) bu urushga barham berdi. Sulh shartnomasiga ko‘ra, Germaniya hududiy jihatdan mayda bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Natijada, bir necha kichik mamlakatlar paydo bo‘ldi. Bu davrda Germaniya tarqoq mamlakat bo‘lib, iqtisodiy-siyosiy jihatdan mushkul ahvolga tushib qolgan edi. Germaniya shunday bir qaro tun qo‘yniga cho‘mgan ediki, “hatto nemis xalqining eng yaxshi va eng kuchli donishmandlari ham o‘z mamlakatlarining kelajagiga mutloq ishonchini yo‘qotib qo‘ygan edilar”. Shunga qaramasdan, o‘lkada adabiy muhit ancha jonlandi. Mamlakatdagi madaniy hayot rivojiga ta’sir qiluvchi adabiy kuchlar paydo bo‘la boshladi.
Haynening ota-onasi uning harbiy bo‘lishini orzu qilgan edilar. Biroq Napoleonning urushdagi mag‘lubiyati ularni ikkilantirib qo‘yadi. Hayneni, maktabni bitirgach, Hamburgdagi boy savdogar amakisi Salomonlar oilasiga jo‘natishadi. Salomon Hayneni savdo ishlari bilan shug‘ullanishga undaydi. Hayneda bu kasbga moyillik yo‘qligini sezgach, uni huquqshunoslikka yo‘naltiradi va moddiy jihatdan ta’minlab turadi. Ammo yosh shoir na huquqshunoslik, na tijorat sohasini suymas, uning ma’naviy dunyosini qoniqtirmasdi. Shunga qaramasdan, Gyottengen shahrida huquqshunoslikdan tahsil olib, doktorlik unvonini oladi. Ruhiyatidagi romantikaga moyillik sabab, she’rlar mashq qila boshladi.
Hayne 1819–1825 yillarda Bonn, Berlin va Gyottengen shaharlarida tahsil olgan chog‘lari nemis romantizm maktabining nazariyotchisi, professor A.V.Shlegel bilan do‘stlashadi. Bu do‘stlashuv uning she’riyatga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytiradi. A.V.Shlegel uning mashqlarini ko‘zdan kechirib, she’riyat sirlaridan boxabar qilib boradi. Shoir bir vaqtning o‘zida faylasuf Gegelning ma’ruzalariga ham qatnaydi. Shu tariqa adabiyot va falsafa Hayne hayotining asosiy mazmuniga aylanadi. Uning inson ruhiyatidagi og‘riqli nuqtalar, jo‘shqin hislar yorqin ifodalangan kichik janrlardagi sodda, ta’sirchan she’rlari ohangdorligi, musiqiyligi bilan xalq orasida keng tarqalgan, qo‘shiqqa aylangan. Shulardan eng mashhuri tabiat manzaralari go‘zal ifodalangan “Bilmam nedan beradi darak” deb boshlanuvchi afsonaviy olmon xalq qo‘shig‘i “Loreleya”dir. Bu qo‘shiq turli davrlarda, turli munosabatlar bilan o‘zbek tiliga o‘girildi va vaqtli matbuotda she’rning bir necha tarjima variantlari paydo bo‘ldi. She’rning birinchi bandi shunday jaranglaydi:

Bilmam nedan beradi darak
G‘am o‘tida yonaman chandon
Bir ertakkim qadim-qadimdan
Tinchlik bermas biror lahza, on.

Sekin-asta uning ijodida lirik va epik elementlarga boy romantik kayfiyat yuzaga kela boshladi. Hayne o‘zini romantizmning yetakchi vakili sifatida namoyon qildi. Bu yo‘nalishda qalam tebratgan barcha ijodkorlar, ular san’atning qaysi turiga daxldor bo‘lmasin, asarlarida qahramonlarining o‘tmish voqea hodisalaridan hayratlanishiga, tabiat go‘zalliklaridan ta’sirlanishiga, inson tuyg‘ularining rangin ohanglarini romantik ruhda akslantirishga urg‘u berganlar. Bu yo‘l Haynega ham tegishli edi.
Uning she’riyatida yurak qa’rida yashiringan oshiqona ehtiroslar, siru sinoatlar, inja tuyg‘ular, rad etilgan sevgi, afsonaviy ishq yuksak pardalarda kuylanadi. Ishq iztiroblarini boshidan kechirayotgan shoir tuyg‘ulariga quloq tutamiz:

Bila turib chekkan azobim
Qanday qilib uxlaysan beg‘am?
Gar qo‘zg‘alsa eski g‘azabim
Parchalagum kishanlarni ham.

Eslaysanmi, ko‘hna qo‘shiqda
Ellar shuni naql etganin:
Murda yigit tunda yorini
Qora go‘rga olib ketganin.

Chiroyligim, seni deganman,
So‘zlarimga ishon, ko‘nik, san.
Men hayotda tirik ekanman.
Kuchliroqman barcha o‘likdan.
(Xayriddin Saloh tarjimasi).

Hayne asarlarida ohang va ranglar garmoniyasi o‘zaro birlashib, singishib ketganki, ohori to‘kilmagan satrlar shuurimizga, idrokimizga bexosdan oqib kirib kelganini sezmay qolamiz. Bu holat, aytish mumkinki, uning butun nazmi uchun xos xususiyat sanaladi. Hayne qanchalik romantik bo‘lmasin, shu qadar realist ham edi. Uning she’riyatida romantizm bilan realizm ijodiy usuli omuxta bo‘lib ketgan, deyish mumkin. Bu holatga uning “Germaniya. Qish ertagi” poemasi, “Sileziya to‘quvchilari”, “Madhiya” kabi ozodlik, erkinlik va haqiqat mavzui kuylangan siyosiy qo‘shiqlarini o‘qiganimizda guvoh bo‘lamiz.
Demak, Hayne romantik shoir sifatida hayot haqiqatlarini tahlil qilishga harakat qilar ekan, bir vaqtning o‘zida romantik tuyg‘ularini jilovlab, realist sifatida siyosiy ozodlik va milliy erk, baxt-saodat uchun kurashayotgan hujumkor nafosatshunosga aylanadi. U o‘zi haqida: “Nemis lirika maktabi men bilan tugaydi va ayni paytda yangi, zamonaviy lirika maktabi boshlanadi”, – degan edi. U nemis yozuvchilari orasida birinchilardan bo‘lib, nemis romantizm maktabining yemirilayotganini tan olgan, XIX asr nemis adabiyotida endigina paydo bo‘layotgan tanqidiy realizm adabiy yo‘nalishi uchun kurashgan shoirdir. Demak, shu nuqtai nazardan qaraganda uni tanqidiy realizm adabiy yo‘nalishining asoschisi ham deyish mumkin.
Hayne adabiy merosi nemis adabiyotshunosligida uch davrga bo‘lib o‘rganiladi. Birinchi davr 1817–1830 yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda uning ilk she’rlari turli xil gazeta va jurnallarda chop etilgan.
1827 yilda “Yoshlik iztiroblari”, “Lirik intermetstso”, “Vatanga qaytish”, “Shimoliy dengiz” kabi qismlardan iborat lirik to‘plami – “Qo‘shiqlar kitobi” nashr bo‘ldi. Bu asar olmon lirikasida Gyotedan keyingi muhim hodisa ekanligini ko‘plab olmon hayneshunoslari, munaqqidlari ta’kidlaydilar. Mashhur nemis xalq qo‘shig‘i “Loreleya” ham shu to‘plamdan joy olgan.
Shoir ijodining ikkinchi davri (1831–1846) emigratsiya yillariga to‘g‘ri keladi. “Germaniyada falsafa va din tarixi” (1834), “Romantizm maktabi” singari asarlarida ijtimoiy-tarixiy, adabiy, diniy va falsafiy intilishlar aks etadi. Maqolalarida nemis adabiy tili va adabiyotiga asos solgan M. Lyuter, Lessing, Kant, Fihte kabi nemis faylasuflari portretini yaratadi.
Ijodining uchinchi davri (1846–1856) da falsafiy va siyosiy qarashlarining yorqin ifodasi bo‘lgan asarlar yaratdi. “Germaniya. Qish ertagi” poemasi buning misolidir.
Shoir hayoti iztirob va mashaqqatlarga to‘la kechgan. Hayne davlat xizmatchisi bo‘lib ishlashni xohlardi. Ammo davlat ishlariga joylasha olmaydi, chunki uning erkinlikka, ozodlikka da’vat etuvchi, aristokratlar, katta yer egalariga berilgan siyosiy huquqlar barchaga berilishini talab qilib yozilgan asarlari yuqori idoralarga yoqmas edi. Natijada, shoir ijodiy taqiqqa uchrab, qo‘lyozmalarini chop qilish man qilindi.
Bu yillar ichida shoir har tomonlama ruhan eziladi, o‘zini yolg‘iz his qila boshlaydi. Ta’qiblardan tinkasi qurib, 1831 yilda Parijga ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi.
Hayne 1841–1846 yillarda Parijda yashagan. Bu davrda Frantsiyada ijtimoiy-siyosiy muhit birmuncha shaffof bo‘lib, ozodlik g‘oyalari hukmron edi. 1843 yil Hayne Parijda paytida Balzak, List, Berlioz, G. Zand, Gyugo, Mendelson, Shopen singari ma’rifatparvar ijodkorlar bilan tanishadi. Frantsuz adabiy-madaniy hayotida faol qatnashib, siyosiy voqealardan, ijtimoiy oqimlardan olmonlarni xabardor qilib turadi. Matbuot xodimi sifatida ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirishga, ular o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini bog‘lashga harakat qiladi. Nemis munaqqidi va tarixchisi F.Mering: “U o‘zini Parijda xuddi baliq suvda suzganday his qildi, begona o‘lkada yashasa ham u joyni o‘z yeridek ko‘rdi va o‘zligini yo‘qotmadi”, degan edi. Ammo shoir Parijda ham bir umr vatani Germaniyani qo‘msab, sog‘inib yashadi. Uning “Endi u bir tush” she’rida shunday mazmundagi misralar bor: Ajib Vatan bor edi menda, Dub o‘sardi azamat, ulkan /Binafshalar mudrardi nafis, Endi u bir tush/ Vatan suyar edi nemischa, Va nemischa o‘pardi meni.
She’rda umuminsoniy tuyg‘ular kuyga solingan. Sog‘inch tasviridagi badiiy bo‘yoqlar quyuq. Shoir “Vatan suyar edi nemischa, Va nemischa o‘pardi meni” der ekan, tug‘ilgan yurti Germaniyaga ishora qilmoqda, uning kelajagiga katta umid bog‘lamoqda. She’rdagi “binafsha” esa erk, ozodlik majoziy ma’nolariga ega. Shoir asarini bejizga “Germaniya. Qish ertagi” deb nomlamagan. Biz bu timsolni Cho‘lponning ijodida ham ko‘rishimiz mumkin. Cho‘lponda ham “binafsha” erk, ozodlik timsoli sifatida berilgan. Ikkala shoirda ham motiv, g‘oya, maqsad binafsha obrazi orqali erk va ozodlikka bo‘lgan intilishni badiiy ifoda ettirishdan iborat.
Cho‘lpon Hayneni o‘qigan, tarjima qilgan, undan ta’sirlangan. Shoirning:

Hamma esnab turdi, quloq solmadi,
Qayg‘umni gapirib bergan vaqtimda.
Meni alqamagan kishi qolmadi,
Qayg‘umni nazmga tergan vaqtimda.

misralarini o‘zbekchalashtirgan. Shu ma’noda, Cho‘lponni Haynening ilk o‘zbek tarjimoni deyish mumkin.
Bundan tashqari, Haynening “Sileziya to‘quvchilari” she’ri 30-yillarda buyuk shoir Oybek, “Go‘zal baliqchi qiz”, “May oyida” lirik she’r­lari Amin Umariy, “Germaniya. Qish ertagi” dostonidan parchalar ustoz tarjimon Mirtemir tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan.
Oybek va Mirtemir tarjimalari jamlanib, 1941 yilda “Lirika” nomli to‘plam bosmadan chiqdi. Shundan so‘ng Hayne asarlarining umumiy g‘oyasi, qahramonlari ijodkorlarimiz ma’naviy dunyosiga chuqur kira boshladi. Haynening o‘zbek tarjimonlari safiga Maqsud Shayxzoda, G‘afur G‘ulom, Jumaniyoz Jabbor, Xayriddin Saloh, Abdulla Sher, Muhammadali Qo‘shmoqov, Olimjon Xoldor, Sadriddin Salim Buxoriy kabi shoirlar kelib qo‘shildilar.
“Germaniya. Qish ertagi”dostoni XIX asr jahon she’riyatining eng yaxshi namunalaridan hisoblanib, uning rus tilida o‘n to‘qqizta tarjima varianti bor. Doston to‘liq holda iste’dodli shoir Abdulla Sher tomonidan tarjima qilindi. Abdulla Sher tarjima jarayonida asarning ruscha varianti bilan birgalikda jahon hayneshunoslarining tadqiqotlaridan ham keng foydalandi.
Haynedan o‘qib o‘rganish, tarjimalar qilish ijodkorlarimiz hayotida beiz, besamar qolmadi, uning badiiy mahoratidan ijodiy ta’sirlandilar. Xususan, atoqli shoir Abdulla Oripov, Pushkin, Gyote, Bayron qatori Hayne ijodini mehr bilan o‘rgandi, uning yoniq qalbini, ilohiy muhabbatini chuqur his qildi. Undan ilhom oldi.
Chunonchi,

Reyn bo‘ylaridan Hayne ham shunda,
Go‘zal Loreleya tinglar sirini
Bir qo‘li inqilob nog‘orasida
Amaliya tomon cho‘zgan birini,
desa, yana bir joyda:

Sen Pushkinning sevgan malagi,
Sen Gyote orzu etgan qiz.
Sen Bayronning qalbin sadafi,
Sen Hayneni yondirgan yulduz,
deydi.

Xulosa qilib aytganda, Hayne talqinidagi ezgulik g‘oyalari xalqimiz qalbida ham aks-sado berib, ijodkorlarni ilhomlantiruvchi ijod gulshani, tadqiqotchilar uchun boy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 1-son