Herta Myuller Germaniyaning nufuzli Genrix fon Klayst mukofoti (1994), Yevropa Ittifoqining “Aristeyon” mukofoti (1995), Xalqaro IMPAC Dublin adabiy mukofoti (1998), Frants Kafka nomidagi (1999), Yozef Broybaxt (2003), Konrad Adenauer (2004) nomidagi mukofotlar va nihoyat Xalqaro Nobel (2009) mukofoti sovrindori, Germaniya til va adabiyot akademiyasi a’zosi (1995), she’rlari, romanlari, hikoya va esselari xitoy, yapon, ingliz, shved, polyak, rus, frantsuz, ispan singari dunyoning yigirmadan ziyod tillariga o‘girilgan.
Jahon adabiy jamoatchiligining bu qadar e’tiroflariga sazovor bo‘lgan bu yozuvchi ayol kim ekan deb bir o‘zbek kitobxoni sifatida qiziqib qolishingiz tabiiy. Chunki hali uning biror asari o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan.
Herta Myuller 1953 yil 17 avgustda Ruminiya g‘arbidagi Banat hududining Nitskidorf qishlog‘ida tavallud topgan. Besh yuz xonadon istiqomat qiladigan bu qishloqda bir necha asr oldin bo‘lib o‘tgan Avstriya-Vengriya urushidan so‘ng qolib ketgan nemislarning avlodlari yashardi. Hertaning bobosi fermer, otasi yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi davrida qishloqning asosiy qismi natsistlar tarafida bo‘lib, Hertaning otasi ham SSda xizmat qilgan. Sovet qo‘shinlari tomonidan Ruminiya egallangach, Hertaning onasi Katarina 19 yoshida Ukrainaga, mehnat lageriga surgun qilingan. Besh yildan so‘ng qaytib kelgach, majburiyat yuzasidan Myuller bilan nikohga rozi bo‘lgan. U qiziga doim: “Agar urush bo‘lmaganda hech qachon otangga turmushga chiqmagan bo‘lar edim”, deb ta’kidlar edi. Herta maktabni tugatganida onasi uning tikuvchi bo‘lishini xohlab, gimnaziyada o‘qishiga qarshilik qiladi, chunki u gimnaziya kitob o‘qitib odamlarni buzadi deb hisoblardi.
Herta nafaqat gimnaziyada, balki Timishoardagi universitetda ham o‘qidi, nemis va rumin tillari, adabiyoti bo‘yicha mutaxassis bo‘ldi. Talabalik davrida nemiszabon adabiyotchi yoshlarning “Banat aktsiya guruhi” deb nomlangan norasmiy to‘garagiga a’zo bo‘ladi. Bu to‘garak faollari orasida uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i, yozuvchi Rixard Vagner ham bor edi. Ushbu guruh mavjud sotsialistik tuzimga fitna uyushtirishda ayblanadi va 1975 yilda taqiqlanadi. Herta Myullerning rus tiliga tarjimonlaridan biri Mark Belorusetsning yozishicha, guruh a’zolari Mandelshtam va Svetayevani g‘oyaviy maslakdoshlari sifatida sevib o‘qishgan.
1977-1979 yillarda H.Myuller “Texnometall” traktor zavodida tarjimonlik qiladi. GDR, Avstriya, Shvetsariyadan keladigan dastgohlar va texnik jihozlar yo‘riqnomalarining tarjimasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. O‘sha paytda Ruminiya rahbari bo‘lgan N.Chausheskuning maxfiy politsiyasi – sekuritate uni hamkorlik qilishga yollamoqchi bo‘ladi. Herta rad etadi va uni dushmanlar ro‘yxatiga kiritib, ishdan bo‘shatishadi. Uzoq yillar davom etgan ta’qib va tahdidlar boshlanadi. Bu davrdagi ruhiy terror haqida Herta Myullerning o‘zi shunday xotirlaydi:
– Biz yo‘q paytimizda maxfiy politsiya uyimizga kirar, o‘zining shu yerda bo‘lganini bildirib ataylab izlar qoldirib ketardi – sigaret qoldiqlari, ag‘darilgan stullar, devordan ko‘chirib olingan fotografiyalar… Eng dahshatlisi – polda yotgan tulki terisini marhumnikiga o‘xshatib oyoq-qo‘lini chalishtirib ketishardi. Timishoarda men o‘zimni xavfsiz sezadigan biror joy yo‘q edi. Tunda o‘rnimda yotib liftning ko‘tarilayotgan ovozini eshitsam, meni olib ketishga kelishyapti deb uxlamay chiqardim. Olib ketishgan paytlari esa uyga qaytib kelamanmi-yo‘qmi, bilmasdim.
Sekuritate Hertani ruhan sindirish uchun u haqda turli xil tuhmatlar tarqatadi, josus deb e’lon qiladi. Herta tishini tishiga bosishga, muttasil sukut saqlashga, qo‘rquvda yashashga ko‘nikadi. Maxfiy politsiya agentlari o‘zlarining bu tahdid va siquvlari bilan katta bir yozuvchini dunyoga keltirayotganliklarini bilmas edilar.
Shunday qilib Herta Myuller qalam va qog‘ozga murojaat qila boshladi. U ovozini chiqarib erkin gapira oladigan dargoh – adabiyot dunyosi bo‘lib qoldi.
1979 yili H.Myuller “Tubanliklar” nomli 14 miniatyura va qissadan iborat nasriy asari qo‘lyozmasini nihoyasiga yetkazadi. Asarning qaychilangan va “tahrir qilingan” nusxasi 1982 yilda Buxarestda nashr etiladi. Unda unutilgan va umidsiz Nitseldorf qishlog‘ining hayoti syurrealistik nigoh ila tasvirlanadi. Nashrdan ko‘ngli to‘lmagan adiba kitobning asl nusxasini maxfiy ravishda Germaniyaga yuboradi va u 1984 yilda to‘la holicha chop etiladi. Jamoatchilik va tanqidchilik tomonidan iliq kutib olinadi. Ona qishlog‘ida esa uydagi janjalni ko‘chaga olib chiqqani uchun uning yuziga tupurishadi. Sekuritate ham g‘azab otiga minadi. Herta Myuller ustidan to‘plangan ma’lumotlarda bu kitob haqida “Birorta ham nekbin obraz yo‘q, birorta ham ijobiy jumla yo‘q” – deb yozishadi. “Tubanliklar” Germaniyada chop etilgach, Hertaga Ruminiyadan chiqishni taqiqlab qo‘yishdi, so‘ngra kitob mukofotlar bilan taqdirlanganini ko‘rib, taqiq bekor qilinadi va ular ta’qibning boshqa usullariga o‘tishadi.
Herta Myuller bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlaydi, nemis tilidan xususiy dars berib tirikchilik qiladi. Nihoyat, turmush o‘rtog‘i R.Vagner bilan birgalikda 1987 yili Germaniyaga doimiy yashash uchun muhojir sifatida chiqib ketishga majbur bo‘ladi.
1989 yili Chaushesku rejimi tanazzulga yuz tutib, diktator shoshilinch tarzda rafiqasi bilan birgalikda qatl qilinadi.
Shunga qaramasdan, oradan 20 yil o‘tib, Ruminiyaga tashrif buyurgan adibaga uni kuzatishlar davom etayotganligi, u hali ham maxfiy xizmatlar e’tiborida ekanligi ayon bo‘ladi.
Nobel mukofotini olish arafasida Herta Myuller maxfiy politsiya tomonidan o‘zi haqida to‘plangan ma’lumotlarni ko‘rishga muyassar bo‘ladi. Ta’qiblar va kuzatuvlarning hisobotlari, telefonda so‘zlashganlarining protokollari, yaqinlari, tanishlari haqidagi ma’lumotnomalar jamlangan uch jild – 914 sahifalik xufiyanomada dahshatli tazyiqlar va so‘roqlar haqida hech gap yo‘q edi.
Evropa Herta Myullerni germaniyalik deb hisoblamaydi, ammo nemiszabon yozuvchi deb e’tirof etadi. Avlodlari va ona tili nemis bo‘lishiga qaramay, u ham o‘zini Germaniyada muhojir deb biladi. Garchi u Ruminiyadan ketgan bo‘lsa ham, bu mamlakatni tark etolmadi. Ruminiya bulutlari, daraxtlari, itlaru chorva mollari bilan, partiyaning malaylari, isyonchilari, makkajo‘xori dalalari, Timishoardagi asfalt ko‘chalari, shvablar qishlog‘ining o‘ziga xos nemischa tili bilan uning kitoblarida yashab qoldi.
Herta Myuller yozuvchilik bilan otasining o‘limidan so‘ng shug‘ullana boshlagandi. “Men ortga qaytishim va bolaligimni, otam, onamni, qishlog‘imizni qayta yaratishim lozim edi”, – degandi u. Uning asarlari ana shu zamin va tuzum tug‘dirgan ruhiy og‘riqlar haqida, yolg‘on va sotqinliklar ichra kechgan kunlar haqida, inson sha’ni, or-nomusining o‘z ma’nosini yo‘qotishi haqida, qo‘rquv va diktatura fikr va tafakkurni o‘ldirishi haqida. “Balki boshqa narsalar haqida ham yozishni istagan bo‘larmidim, ammo menga tanlash imkoniyatini qoldirishmadi”, – deydi Herta Myuller.
Darhaqiqat, urush, diktatura, qatag‘onlar ichidan o‘tgan yozuvchilar mavzuni emas, mavzular ularni tanlaydi. Herta Nobel ma’ruzasida:
– Adabiyot o‘tmishdagi yovuzliklarni o‘zgartira olmaydi, ammo ruhiy qadriyatlar tanazzulga yuz tutgan paytda bizning ichimizda, atrofimizda nimalar yuz bergani haqidagi haqiqatlarni til vositasida izlashi, ayon etishi mumkin, – degan edi.
“Tubanliklar”dan so‘ng uning “Vazmin tango” (1984), “Oyoqyalang fevral” (1987) nomli nasriy to‘plamlari nashr etiladi. Ma’naviy tanazzulga yuz tutgan Rumin qishlog‘ining bola nigohi ila tasviri, kamsonli nemislar turmushining satirik manzaralari, siyosiy rivoyatlar, syurrealistik hikoya va esselardan iborat bu to‘plamlarda asosan o‘z boshidan kechirgan hayot lavhalari aks etib turadi.
Shundan so‘ng birin-ketin uning romanlari e’lon qilina boshlaydi. Ularning ichida adabiy mukofotga sazovor bo‘lganlaridan biri “O‘lik pashshani sudragan chumoli” romanidir. Bu romandagi lupa orqali tasvirlangan hayot parchasida davlat terrori ta’sirida istiqbolning yo‘qqa chiqarilish xavfi aks ettiriladi.
“Bir oyoqlab sayohat” (1989) romanida 30 yoshli nemis-rumin muhojir qizi Iren duch kelgan muammolar orqali siyosiy fikr va g‘oyalarning qanday qilib shaxsiy g‘oyalarga evrilishi tasvirlangan.
“Tulki o‘shanda ham ovchi edi” (1992) romanida esa yuqorida tilga olingan to‘plamlaridagi Rumin qishlog‘i odamlarining ruhiy-ma’naviy hayotining yangi qirralariga duch kelasiz.
Herta Myullerning nomini jahonga mashhur qilgan “Yurakdagi maxluq” (1996) romani dunyoga kelguncha o‘tgan to‘qqiz yil mobaynida uning oltita kitobi nashr qilingan edi. Romanda Chaushesku hukmronlik qilgan yillardagi etnik yosh nemislarning – bir qiz va uch o‘spirinning hayoti aks ettirilgan. Yuliya Shtutina “Transilvaniya faxri” maqolasida shunday yozadi: “Myuller bu romanida dahshatli bir iqtibosni yorita olgan: diktaturadan xo‘rlangan, huquqsiz rumin nemislari Gitlerga beqiyos muhabbat bilan boshqa diktaturani orzu qilib tasalli topadilar”. Roman ramzlarga boy, bir qaraganda oyog‘i osmonda jumlalar bilan yozilganday tuyuladi, ammo sirli va shoirona tili maftun qiladi.
1997 yilda yozib tugallagan “Bugun o‘zimni uchratmasam yaxshi edi” romanida esa jamiyatdan ajralgan, tuzum va atrofdagilarning risoladagiday yashash me’yorlariga sig‘maydigan shaxsning ichki dunyosini, hissiyotlarini tasvirlaydi.
“Nafas arg‘imchoqlari” (2009) Herta Myuller ijodining cho‘qqisi, Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan asar. Romanda 1945 yilda SSSRga surgun qilingan o‘smir nemis yigitining hayoti qalamga olinadi. Asarni Herta Myuller yaqin do‘sti, yurtdoshi, shoir Oskar Pastior bilan hammualliflikda yozishni rejalashtirgan edi. U 2001 yildan boshlab Oskarning Donbassdagi mehnat lagerida o‘tkazgan besh yillik hayoti haqidagi xotiralarini yozib ola boshlaydi. 1945 yilda sovet qo‘shinlari Ruminiyani egallagach, Stalin buyrug‘i bilan 17 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan rumin nemislari tekin ishchi kuchi sifatida SSSRga jo‘natiladi, ularning safida 18 yoshli Oskar ham bo‘lgan. Bir yil davomida Herta Oskarning xotiralarini yozib oladi, so‘ngra ular birga Ukrainaga kelishadi, Oskar ishlagan tsement zavodini borib ko‘rishadi. Ammo 2006 yilda Oskar to‘satdan vafot etadi va Herta Myullerning romanni bir o‘zi yozishdan boshqa iloji qolmaydi. Nobel mukofoti ma’ruzasida Herta Myuller Oskarning nomini minnatdorchilik bilan to‘qqiz marta tilga oladi. Buni qarangki, 2010 yilda hatto Oskarning ham 1961-68 yillar davomida sekuritatening maxfiy xabarchisi bo‘lganligi fosh bo‘ladi. Jurnalistlar bu voqeani nemis madaniy hayotidagi bomba portlashiga qiyoslashadi, 1999 yilda Nobel mukofotini olgan yozuvchi Gyunter Grassning bir paytlar SS a’zosi bo‘lganligi ma’lum bo‘lib qolganligi voqeasi bilan tenglashtirishadi.
– Bu yangilikni tarsaki yeganday qabul qildim, – deydi Herta Myuller. – Baribir men uchun ikkita Oskar bor – biri men bilgan, biri – men bilmagan Oskar.
Ayni paytda Herta Myuller Berlinda yashaydi, universitetlarda adabiy ijod mahorati haqida ma’ruzalar o‘qiydi, maqola, esse va hikoyalari muntazam chop etiladi. Uning yozuvchilik mahorati haqidagi “Ko‘zgudagi shayton” ma’ruzalar majmuasi, “Ochlik va ipak”, “Qahva tutgan rangpar janoblar” singari qator kitoblari ko‘p tillarga tarjima qilingan.
Herta Myuller zamonaviy nemis adabiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkor sifatida qadrlanadi. Uning Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishi o‘sha vaqtda dunyo adabiy jamoatchiligini biroz hayron qoldirgan bo‘lsa-da, u hay’at a’zolarining “hamma narsadan bebahra kishilar hayotining nasrdagi ifodasi va badiiyati uchun” degan ta’rifiga munosib ekanligini o‘z asarlari bilan isbotladi.
Bibi Robi’a Saidova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 8-son